OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Suv (hikoya)

Ko‘pni ko‘rgan ota-bobolarimiz butun olam ham, bani odam ham to‘rt unsur – olov, havo, tuproq, suvdan tarkib topgan deydilar. Bu to‘rt unsurdan har birining o‘zigagina xos eng birlamchi sifatlari bor: olov – muqaddas, havo – beminnat, tuproq – tabarruk, suv esa, serob! Agar fors tilidagi “ob” ning o‘rniga turkiy tilimizdagi “suv”ni qo‘ysangiz, mazmun-mohiyat yana-da oydinlashadi: olam shu qadar sersuvki, u boshqa uch unsur, hatto eng beminnat ne’mati ilohiy – havodan ming karra serobroq! Zotan, inson jismining ham, yer kurrasining ham to‘qson foizi suvdan iborat! Buloq, quduq va hakozo yer osti suvlari, ummon, nahr, bahr, dengiz, daryo, soy, ariq va boshqa yer usti suvlari, qor, yomg‘ir, do‘ldek osmondan yog‘iluvchi suv – obi rahmatlar!.. Xullas, yer usti ham, yer osti ham, osmon ham suv, suv, suv! Oqar suv, ko‘lmak suv, qaynar suv, chuchuk suv, achchiq suv, sho‘r suv, jilg‘a, sharshara, shovva... Buyog‘i yana Qorasuv, Oqsuv, Bo‘zsuv!.. Yettisuvni ayting, Yettisuvni! Bu jahon ayvonida qadimiy Turonzaminimizdan boshqa biron joyda yana bir “Yettisuv” bormi ekan?! Bor bo‘lsa Panjob, ya’ni, Beshsuv bordir, lekin Yettisuv!.. Hoynahoy faqat bizning Ulug‘ Turkistonimiz – Buyuk Turonzaminimizda!..
Suvning o‘zidan uning xossalariga o‘tsangiz, har qadamda yana-da ajoyib-g‘aroyib manzaralarni ko‘raverasiz: qovun, tarvuz, o‘rik, uzum, anor, nok, olxo‘ri va hakozo “ho‘l mevalar” deb ataluvchi noz-ne’matlarning asl mohiyatiga qarasangiz, ularning barchasi shunchaki suvdan iboratligini ko‘rasiz! Bir xil chuchuk suvdan sarxil, sarxil bo‘lganda ham, shunchaki chuchuk emas, biri biridan shirin-shakar behad-behisob mevalarni yaratib qo‘ygan Parvardigori Olamning yaratuvchilik qudratiga qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q! Biz xom sut emgan bandalar-chi? Bu ko‘zimizga ayon ko‘rinib turgan ilohiy mo‘‘jizadan zig‘ircha ibrat olamizmi? Suvdan nima yarata olamiz-u suvning o‘zini nima qilamiz? Ko‘p hollarda tiniq suvni loyqalatish-u toza suvni bulg‘alashdan boshqa qo‘limizdan nima keladi, qani, ochig‘ini ayting! Bir tomchi suvdan, deylik, bir dona tut mevasini yarata olamizmi?! Qanchalik qudratli, qanchalik bunyodkor bo‘lmaylik, bir qarashda eng oddiydek tuyuluvchi ishlarda shunaqangi ojiz-notavonmizki, shuning uchun ham bizning eng birlamchi ta’rifimiz – “bandai ojiz”! Shu holimizga qaramay yana bir-birimizning boshimizdan mag‘zava ag‘darib, tagimizga suv quyishni xush ko‘rishimizga nima deysiz!
Hikoyamiz butun umr suvning sifatlari-yu hossalarini ilmiy o‘rganib yashagan bandai ojizlardan biri haqida, uning umri, ko‘rgiliklari, insoniy qismati haqida.
“Umr – oqar suv” deydi donishmand xalq. Ha, odam bolasining umri ne bir shovva-yu sharsharalardan ham jadalroq ravishda shunaqangi shiddat bilan shovillab-sharillab oquvchi suv ekanki, vaqti kelib shashtiga eng qudratli zoti oliylar ham tob berolmay qoladi. Axir, mana, qahramonimizning ham bolalik kezlarida Orol dengizi suvida cho‘milib yurgani kuni kechagina emasmidi?! Xolbuki ko‘z ochib yumguncha bo‘lmay payg‘ambar yoshini qoralab turibdi-ya, buni qarang! Oltmish ikki yillik umrini qanday yashab qo‘ydi o‘zi?! Namuncha tezoqar suv ekan odam bolasining umri?!.
Birovniki o‘tdan, birovniki suvdan deganlaridek, har bir inson o‘z umri, butun faoliyati, borlig‘i, xonumonini nimagadir bag‘ishlaydi-da, o‘z toleini ana o‘shandan ko‘raveradi. Bizning qahramonimizning yetti pushti qadimiy Xorazm vohasida ot surib o‘tgan mirob bo‘lganidan keyin, tabiiyki, u o‘z umrini o‘tga, tuproqqa, havoga emas, suvga bag‘ishladi. Yaxshilikni ham, yomonlikni ham – nimaiki ko‘rgan bo‘lsa – ana o‘sha suvdan ko‘rdi! Xudoga shukur, ham asli-nasliga mos, ham so‘zning tub lug‘aviy ma’nosidagi MIROB bo‘ldi. Ne bir mirlarning eng so‘nggisi, “kenja botir” desa bo‘ladigan mirob! Qirq yil mobaynida Orol dengizidan boshlab to Chorvoq suv omboriga qadar jamiki suv havzalaridagi ichimlik suv miqdorining xisob-kitoblari-yu uning aholi jon boshiga taqsimoti masalalari bilan muttasil shug‘ullanaverganidan keyin... To‘g‘ri, ulkan suvshunos olim atandi-yu, lekin... mana, suvdek oqib o‘tgan umrining ham sharti ketib parti qolib turibdi-da! Ana shunisi chatoq-da! Endi qolgan umrida mo‘ljallagan ishlarini amalga oshirib ulgursa edi! Ne bir hamkasb birodarlariga o‘xshab, naq arosatda yer tishlab ketmay, murod-maqsad manzillariga omon-eson yetib, paymonasi limo-lim to‘lib ketsa edi bu yorug‘ olamdan!..
O‘zingizdan qolar gap yo‘q, bugungi kunda suv bo‘yicha mutaxassis “mirob” deb atalmaydigan bo‘lib qoldi. So‘zning yarmi turkiylashib, ayni chog‘da, “mir” degan qadim turkiy so‘zdan yiroqlashib, “suvsoz” deb yurtiladigan bo‘ldi! Asli yunoncha “gidrolog” so‘zining hozirgi o‘zbek tiliga aynan tarjimasi shunaqa-da! Xolbuki bu so‘zni faqatgina “suvsoz” emas, “suvshunos” deya tarjima qilish ham mumkin. Tilimizning ifoda qudratini ko‘ringki, dalaga suv tarayotgan dehqon – “suvchi”, suv bilan ish ko‘rayotgan quruvchi – “suvoqchi”, ohorli buyum – “suv yangi”, olamdagi eng arzon ne’mat - suv tekin, suvni maxsus qurilmalar orqali kerakli joylarga yetkazib beruvchi mutaxassis – “suvsoz”, suvning tarkibi-yu suv havzalarining xossalarini ilmiy tadqiq qilayotgan olim esa, “suvshunos”, ruscha aytadigan bo‘lsak, “vodnik”!.. Bizning qahramonimiz, garchi asli-nasli mirob bo‘lsa-da, aslida suvning egasi emas, nihoyati suvshunosgina. Aniqroq aytganda, bugungi kunda mamlakat qishloq xo‘jaligining irrigatsiyasi va melioratsiyasi masalalari bilan mashg‘ul qishloq xo‘jalik fanlari doktori. Binobarin, bu suvshunosni istasangiz – suvchi, istasangiz – suvoqchi, istasangiz – suv yangi sohaning asoschisi deyverasiz. Shundaylikka shunday-u, lekin... “Suv oqar-u tosh qolar, o‘sma ketar, qosh qolar” deganlaridek, mana, keyingi yillarda naq yuragida bir toshdekkina tugun... nimagadir yechilmaydi, erimaydi, oqmaydi, tobora huvillab borayotgan bo‘m-bo‘shgina yuragining tub-tubida harsangdek turadi-qo‘yadi. Toshga aylangan ko‘nglini yumshatish yo‘llarini qidiradi. “Ko‘ngli qattiq dilozordan xudo bezor!” U-ku, hech qachon hech kimga dilozorlik qilmagan. Dilozorlik qiladiganlar boshqa! Bas shunday ekan, nega bag‘ritoshlar emas, aynan uning ko‘ngli tobora qattiqlashib, dilidagi mehr-muhabbat-u ko‘ngilchanlikning o‘rnini nafrat-u qahr-g‘azab hislari tobora mustahkamroq ishg‘ol qilib bormoqda?!.
Odatda ulkan shaharning qoq markazida yashab turgan aksariyat mardum istagan paytida jo‘mrakni burab, xohlasa – issiq suv, xohlasa – sovuq suvdan bahuzur-bamaylixotir foydalanaveradi. Lekin shu serobgina ne’matning qaerlarda qanday chig‘iriqlardan o‘tib, qanchalik uzoq yo‘l bosib, qo‘l ostiga qanday yetib kelayotgani bilan qiziqib o‘tirmaydi. Buni bilishni istamaydi ham! Xolbuki bu “obi hayot” – “tiriklik manbai” deb ataluvchi eng birlamchi ne’mat, ayniqsa, ulkan shaharda yashaydigan odamlar uchun... har bir tomchisi tilloga teng! Daryo sohilida yashab turgan odamlar uchun balki “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deganlari to‘g‘ri bo‘lsa to‘g‘ridir. Lekin millionlab odamlar g‘uj bo‘lib yashaydigan ulkan shaharda bu ne’mat shunaqangi qadrliki!.. E’tiboringiz uchun, bundan qariyb bir yarim asr avval chor Rossiyasining qudratli qo‘shini Toshkentdek shahri azimni qamal qilib, zabt etolmay boshi qotib turganida bir sotqin – o‘zingdan chiqqan baloning maslahati bilan bosqinchilar shaharga kirib kelayotgan Bo‘zsuvni boshqa o‘zanga burib yuborganlar! Qarabsizki, tiriklik manbaidan mahrum etilgan shahar ahli ko‘p o‘tmay “o‘z ixtiyori bilan” bosqinchiga taslim-u ozodlikdan mahrum bo‘lgan-qo‘ygan! “O‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asragil xudo!” degan hikmatli gapni ko‘pni ko‘rgan xalq bejiz yaratmagan, albatta. Bu jahon ayvonida o‘t balosi-yu suv balosidan ham dahshatliroq tuhmat balosi, suvdan ham o‘t chiqarishga ustasi farang o‘tyoqar-baloxo‘rlarning kirdikorlari!.. Oh, ular ozmunchami!.. Mana, uzoqqa bormay, shu bizning qahramonimizni oladigan bo‘lsak, uning ham oltmish ikki yillik umri, butun toat-ibodati, kuch-g‘ayrati, shiddat-shijoatining yarmidan ko‘pi, baayni shamol tegirmonining parragi bilan kurashayotgan Don Kixotdek, bunday kirdikorlarga qarshi kurashish, ularni imkon qadar “avra-astarini ag‘darib”, ko‘rar ko‘zlarga aniq-ravshan ochib ko‘rsatishga sarflandi – sarflanib bitayozdi!..
Esida, bundan o‘n yilcha avval baloxo‘rlar o‘zini sakkiz tarafdan qattiq iskanjaga olib qolganlarida suvshunoslik ilmiy tadqiqot institutining sobiq direktorlaridan birining oldida boshini changlallab o‘tirib shunday arzi hol qilgan edi: “Mana, o‘n olti yildan buyon shu dargohda kuch-quvvatimning yarmidan ko‘prog‘i boshimga qay tarafdan qanday balo yog‘ilar ekan deb, ulardan o‘zimni himoyalashga sarflayapman! Mendan nima istashadi anovi yangi paydo bo‘lgan navbatdagi baloxo‘rlar o‘zi, hech tushunmayapman?!.”
Xudoga shukur, o‘shandan buyon oradan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 62 yoshga kirdi! Shu beshafqat yillar mobaynida ham ozmuncha baloxo‘r ko‘rdimi! Endi biridan qutuldim deb yengil nafas olib turganida ikkinchisi paydo bo‘ladi. Undan ham qochib qutuldim deb turganida yana biri oldida ko‘ndalang bo‘ladi! “Ana, baloxo‘r!”, “Mana, baloxo‘r!”, “Hov ana, yana bittasi!” deya ko‘rar ko‘zlarga nuqib ko‘rsataverib, balodan qochib qutulish umidida halloslayverib holdan toydi, ochig‘i. Oqibat-natijada keyingi yillarda birdan qarib-munkillab qoldi, lekin... Bu atrof-javonibda o‘zingdan chiqqan balolar-u baloxo‘rlar soni... zig‘ircha bo‘lsa ham kamaydimi ekan?! Qaniydi ular tinchiga qo‘yib, o‘zi qarigan chog‘ida tinchgina “aravasini sudrab” yashay olsa!
U kompyuter ko‘zgusiga termulgan ko‘yi ishini davom ettirishga hafsalasi bo‘lmay, miskinona xayollarga cho‘mib o‘tirar ekan, bolalarining onasi navbatdagi “xushxabar”ni ko‘tarib xonaga kirdi:
−Hozirgina katta qizimiz qo‘limga qo‘ng‘iroq qildi, adasi! Nuroboddagi ikki xonali uyimizning Rafiq degan yangi oqsoqoli qo‘liga sim qoqib, “Qo‘shnilar bilan yo‘lak oldida turibmiz, uyingizdan birinchi qavatga suv oqyapti ekan. Agar tez kelib to‘xtatmasangiz sizlarni sudga beramiz. Keyin bizdan o‘pkalamay o‘zlaringizdan ko‘ringizlar!” depti. Qizimiz “Uyimizga qo‘ng‘iroq qilib, adam bilan gaplashing” degan ekan. Hali-zamon qo‘ng‘iroq qilib qolsa kerak, adasi, nima deyishingizni o‘ylab, tayyor bo‘lib turing!
Beixtiyor qoni qaynagan bo‘lsa-da, o‘zini o‘taketgan sovuqqon-boqibeg‘amdek tutdi. Go‘yo hech nima bo‘lmagandek xotiniga kulib qarab “Xo‘p, onasi, xo‘p!” dedi-yu yolg‘iz qolganida... tabassumi achchiq zaharxandaga aylandi. “Tayyor bo‘lib turing!” emish! Xuddi bir paytlar Lenin degan ustasi farang tarbiya qilgan pionerlardek, “doim tayyor”-ku u! O‘zi ham, so‘zi ham, asabi ham, butun xonumoni ham tap-tayyor! Mana, navbatdagi dilxiraligu dilozorlik, nainki oddiygina dilozorlik, oshkora dag‘dag‘a-po‘pisa, tahdid-taaddini da’f qilishga tap-tayyorgina bo‘lib shaylanib turibdi!
Yo falak! Bu tag‘in nimasi, a? O‘ttiz yildan buyon shahri azimning qoq markazidagi suvshunoslar uchun qurilgan maxsus uyda suvshunos qo‘shnilari bilan yonma-yon yashaydi. Mana, o‘ttiz yildirki, shundoqqina bosh ustida bir hamkasbi qulay payt poylab, kutilmaganda boshidan suv quyadi-turadi. O‘ttiz yil avval shu uyga endi ko‘chib kelib, uy to‘yi o‘tkazganidan keyin, yozgi ta’tildan qaytib kelsalar, to‘rt xonali uyning butun shipidan qaynoqqina shiptir suv tomchilab-sizib-jildirab turibdi. Uyning zah havosi bug‘ bilan shunaqangi to‘yinganki, naq hammomning bug‘xonasi deysiz! Chopqillab ustki qavatga chiqdi. Ma’lum bo‘ldiki, issiq suvning quvuri kutilmaganda yorilib ketibdi! O‘zlari ham kechroq bilib qolishibdi!.. Hali g‘ayrati taniga sig‘maydi, tog‘ni talqon qilgudek o‘ttiz uch yoshdagi erkak, ko‘nglida o‘zining porloq kelajagi-yu bitmas-tuganmasdek tuyuluvchi kuch-g‘ayratiga, qolaversa, odam bolasining tabiatan olijanobligiga ishonchi mustahkam! Qo‘shniga “Ha, endi shunaqasiyam bo‘lib turadi-da! Kutilmagan ofat-da bu, tabiiy ofat! Butun boshli odam o‘lib ketyapti-yu, temir quvur yorilmasinmi!” deya hazil-huzul qilib... bolalari bilan biror hafta chiroq yoqolmay sham yorug‘ida amal-taqal kun o‘tkazdi. Ship bilan devorlar qurigach, otning kallasidek pulga butun chiroq tizimini yangilatganidan keyingina bir muddat yengil tortdi.
Lekin “bir muddat”gina, xolos. Yillar o‘tishi bilan shunga tobora qat’iyroq amin bo‘ldiki, o‘qtin-o‘qtin boshidan suv quyilishi... aslini olib qaralganda, tasodif emas, o‘ziga xos qonuniyat ekan! Avval-boshda “Shuning boshidan suv quyib qaqshataverasan!” degan ko‘rsatma bilan ko‘chib kelganmi shu uyga bu qo‘shnisi, nima balo! Butun uyini ta’mirdan chiqarib bo‘lib, endigina yengil nafas olib turganida... Kunlardan bir kuni ertalab turib qaraydiki, butun shipdan baayni jilg‘a jildirab, yangi bo‘yoqlarni alvon ranglarga “bejab” turibdi! Boshidan suv quyish uchun ta’mirni tugatishini mushtoqlik bilan kutib turganmiding, hoy noinsof, deya so‘rab bo‘lsa koshki! Shaytonga hay berib, tishni tishga qo‘yib, qo‘shniga Xudodan insof tilagan ko‘yi uyini qayta ta’mirdan chiqarib, to‘y taraddudini ko‘rar ekan, “Ertaga mehmon kutamiz!” deb turganida... “Eski hammom, eski tos” deganlaridek, yana o‘sha ahvol! Bosh usti-yu to‘rt devor suv, suv, suv!.. Bunday “To‘fon suviga g‘arq qilish usuli”ning tasodif emas, qonuniyat ekaniga, jumladan, shu bir gapga qarab ishonch hosil qildiki, o‘sha bosh ustidagi qo‘shnisining xotini kunlardan bir kuni bolalarining onasiga og‘zidan gullabdi: “Eski uyimizda to‘qqizinchi qavatda yashaydigan bizning dastimizdan birinchi qavatda yashaydigan qo‘shnimiz axiyri qochib qutulgan!..”
Gap tagidagi gapni tushunyapsizmi?!. Nachora, uning qochib qutuladigan joyi yo‘q! Binobarin, qo‘shnisi bilan murosa-madora, yaxshi muomala qilib, yomonlikni yaxshilik bilan yengishdan o‘zga chorasi yo‘q! Lekin dam oshxonaning, dam hojatxonaning yo‘g‘on-ingichka quvurlari ustidan, dam hammomning shipidan o‘qtin-o‘qtin mag‘zava suv oqavergach… nima qilsa bo‘ladi?! “Jon qo‘shni” bilan qanday adi-badi aytishmay, haq-huquq talashmay, san-manga bormay, “masala”ni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkin?! Avvaliga “Suvshunos sifatida o‘zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak, qo‘shni, bu suv degan jonivor quvurning sirtidan emas, ichidan oqishi kerak, qoidasi shunaqa!” qabilidagi hazil-huzul gaplar qildi. Pastki qavatdagi qo‘shnilari shikoyat qilib chiqqanlarida ularga ham “Sizlarga oqib tushayotgan suvning bosh manbai, e’tiboringiz uchun, mening qo‘l ostimda emas, bosh ustimda, bir qavat yuqorida!” singari hazilomuz gaplar bilan “masala”ni aniqlashtirdi. Lekin… unisining boshidan suv quyishlari, bularining nihoyati shikoyat yo tanbeh emas, oshkora do‘q-po‘pisalari, dag‘dag‘a-malomatlari tobora kuchayib ham surunkali tus olavergach, boshqa qo‘ni-qo‘shnilar bilan mahalla faollarini uyiga boshlab kirib, ko‘zlariga ko‘rsatdi-da, yolvordi: “Iltimos, jon akalar, bir qo‘shnim – tepamda, bir qo‘shnim – pastimda yashab, ikkovi o‘zaro til biriktirib olib, ikki o‘rtada meni siquvga olishyapti: unisi boshimdan suv quyadi, bunisi ayblaydi, xullas, tinchgina yashagani qo‘ymaydi. Odam bolasini o‘z holiga qo‘yish shu-unchalik qiyinmi?! Meni shu balodan qutqaringizlar, jon akalar!..” Bari behuda! Yillar o‘tishi bilan dilozorliklar-u dilxiraliklar oshsa oshib bordiki, aslo kamaymadi. Bu g‘alvadan qanday qutulish mumkin?!.
Yetti yilcha avval – o‘zi roppa-rosa ellik besh yoshga to‘lganida horijda o‘qib kelgan o‘g‘lining sharofati bilan tog‘ ichkarisida joylashgan so‘lim bir maskandagi to‘rt qavatli uyning ikkinchi qavatidan yaxshi niyatlar bilan ikki xonali uy sotib oldi: shoyadki erta bir kun nafaqaga chiqqanida shahri azimning qoq markazidagi to‘rt xonali uyini o‘g‘liga butunlay topshirib, o‘zi bolalarining onasi bilan qarigan chog‘ida bahavo joyda sog‘ligiga qarab tinch-xotirjam, bahuzur-bamaylixotir, balodan ovloq yashasa! O‘ttiz yil mobaynida rosa qaqshagan, balki kimlardir – dasti uzun kimsalar tomonidan atayin qaqshatilgan asabini qarigan chog‘ida bamaylixotir tiniqtirsa!..
Mana, o‘shandan buyon, o‘zi oltmishdan oshib nafaqaga chiqdi, lekin, yo falak, shu vaqt ichida dilxiraliklar-u dilozorliklarning qoq yarmi shahri azim markazidan tog‘ning ichkarisiga ko‘chdi. Bir tashvishi ikki bo‘ldi! Ko‘pincha asabimni tiniqtirib bahuzur dam olib qaytaman degan umidda toqqa borib, asabi battar qaqshab qaytadigan bo‘lib qoldi. Xuddi atayin qilgandek, u yoqda ham o‘qtin-o‘qtin boshidan suv quyiladi-turadi, bunisiga nima deysiz! Go‘yo kimlardir – ana o‘sha dasti uzun kimsalar “Ovora bo‘lasan! Osmonga chiqsang – oyog‘ingdan, yerga kirsang – qulog‘ingdan tortib, qaqshaganni battar qaqshataverib adoyi tamom qilamiz!” deya qattiq qasdlanib tugandek. Hatto bir borganida, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, quvurlar ustidan sizib oqqan suv hojatxona devorini o‘pirib, pastki qavatga kattagina tuynuk ochib qo‘yibdi! “Tomchi toshni teshar” deganlari shu bo‘lsa kerak-da! Uncha-muncha kuch qo‘porolmaydigan tosh-metin devorni, agar ishqor bo‘lmasa, oddiygina suv qanday o‘yib tashlashi mumkin?! Oqar suvning kuchini qarang-a! Pastdagi qo‘shnisiga “Boshimizdan suv emas, tosh yog‘ilishga o‘tdimi endi?” deya o‘zicha kulib “askiya” qilgan bo‘ldi. Ustki qavatlardagi uy egalarini bazo‘r toptirib, oqar suvni to‘xtattirib xotirjam bo‘lgach, ikkovlon bahamjihat tuynukka yamoq soldilar. Shu bilan ham, ming afsuski, olam guliston bo‘lib qolmadi. “Tog‘ bag‘riga safar-sayohat”ning har ikkisidan birida bironta ishkal chiqadi-turadi! Mana, bir haftagina avval, azbaroyi o‘g‘il uylab-qiz chiqarish oldidan bu uyni bo‘shatish, u uyni tuzukroq jihozlash uchun bir yuk mashinasida liq to‘la temir eshik, panjara, yumshoq o‘rindiq va hakozo ashqol-dashqollarni oborib joylashtirib, chirog‘ini qayta yoqtirgach, birinchi qavatdagi qo‘shnisiga “tantanali e’lon qildi”: “Yoz chillasida biror oy shu uyimizda yashamoqchi bo‘lib turibmiz-da endi, qo‘shni!” Oradan uch kungina o‘tib yonida bir usta bilan temir eshikni o‘rnattirgani borsa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bu yerda ham tag‘in eski hammom-eski tos: quvurlar ustidan yana suv sizib boshlabdi! Temir eshik tashvishi bilan andarmon bo‘lib ketar chog‘idagina so‘rab-surishtirgan edi, na ostki qavat, na ustki qavatda qo‘shni yo‘q, uyning oqsoqoli ham! Nochor-noiloj shaharga qaytib ketdi. Mana, endi...
Mahallaning yangi oqsoqoli uyiga qo‘ng‘iroq qilganida imkon qadar shaytonga hay berib bosiqlik bilan ahvolini tushuntirdi-da, uning oldiga birgina savolni ko‘ndalang qo‘ydi: “Oqsoqol sifatida bosh ustimdan quyilayotgan suvni to‘xtatishga kuchingiz yetadimi, aka, toki men uyimni yana bir marta qayta ta’mirdan chiqarib, so‘ng tinch-xotirjam yashasam?,.” Oqsoqol xushmuomalagina ekan, qiziga qilgan dag‘dag‘alarini unga ham takrorlamadi, aksincha, “Harakat qilaman, aka!” deb ishontirdi.
Oqsoqolning va’dasiga ishonishga ishondi-yu lekin, baribir, xotirjam bo‘lolmadi. Kimlardir boshidan suv quyishga qanoat qilmay, temir eshikni o‘rnatib ulgurolmaganidan ustalik bilan foydalanib, “Ana endi o‘zingdan ko‘r!” deya oqayotgan suvni to‘xtatish bahonasida o‘z gumashtalarini uyiga bostirib kiritish, bir mashina yukini talon-taroj qildirib, o‘zlari zimdan holini tomosha qilish ishtiyoqida yonib turgan bo‘lsa-chi? “Kambag‘alni urma-so‘kma, choponini yirt” degan istehzoli gapni shularga o‘xshaganlar aytgan bo‘lsalar ehtimol, axir!.. Yaxshiyamki, ertasiga shanba – o‘g‘lining qo‘li bo‘sh edi! Onasi uchovlon mashinalariga o‘tirib, yurak hovuchlagan ko‘yi “so‘nggi manzil”ga yetib bordilar.
Xudoga shukur, uyda tinchlik-osoyishtalik! Yog‘och eshikning qulf-kaliti ham joyida! Ko‘ngli bir navi taskin topdi. Lekin ichkarida o‘sha-o‘sha manzara: hojatxonaning yo‘g‘on-u ingichka quvurlari ustidan bir maromda suv sizib turibdi! Oqsoqolning va’dasiga vafo qilishiga nechchi kun kerak?! O‘zi boshida turmagunicha bu la’nati quvurlar qurib, oqar suv balosidan qutulolmaydi, shekilli?.. Qo‘shnidan manzilini olib, o‘g‘li ikkovi yangi oqsoqolning uyini bazo‘r qidirib topib bordilar. Mashinalariga o‘tqazib olib kelib, pastdagi qo‘shni ikkovining ko‘zlariga yaxshigina ko‘rsatdilar: “Mana, ahvolimiz! Biz aybdor emas, pastdagi qo‘shnimizga o‘xshash jabrdiydamiz, xolos! O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib ishonch hosil qildingizmi?..” “Ishonch hosil qildim-u, lekin endi sizdan bir iltimos, uka! – dedi oqsoqol unga sinovchan tikilib. – Endi siz bir ariza yozib bering, biz aybdorni sudga berib jazolaganimiz bo‘lsin!”
Bu gapning zamiridagi asl muddaoni yaxshigina tushungan odamning asabi qanaqasiga qaqshamaslik mumkin?! Esida, bir paytlar o‘zi bilan bir tengdoshining nomzodlari baravariga bir unvonga qo‘yilgan edi, u o‘ziga emas, tengdoshiga ravo ko‘rildi. Bunisi yetmagandek, unvon beriladigan tantanali majlisga maxsus taklifnomani o‘sha tengdoshiga topshirish, odam qurigandek, kelib-kelib o‘ziga topshirilsa bo‘ladimi! Taklifnomani oborib bergan chog‘ida o‘sha tengdoshidan o‘zi eshitgan haqoratlar!.. Bu qanaqasi? Yaxshilikka yomonlik, xizmatga tuhmat bundan ortiq bo‘lmas!.. Eng qizig‘i keyinroq chiqdi: gap nimadaligi – nima gapligini rosa so‘rab-surishtirgan rahbari kutilmaganda taklif qilib qoldi: “O‘sha tengdoshingiz sizni nima deb haqorat qilganini bizga yozib bering, uning tanobini tortib qo‘yaylik!” Taklif zamiridagi pirovard maqsadni yaxshigina tushungani bois o‘shanda bo‘g‘ilib uqtirdi: “Siz nima bo‘lganini so‘radingiz, men javob berdim – shu bilan tamom. Men hech kimga hech kimning ustidan yozma shikoyat qilmoqchi emasman. Bir kami qadrdon birodarlarimdan biri bilan sudlashib yurishim qoluvdi! Qolaversa, shikoyatimni o‘qiganlar “U yeb, bu quruq qolgani uchun g‘ayirligi kelganidan yozibdi!” deb o‘ylashlari aniq!..”
Shunday tushuntirishlar bilan bir baloni endigina da’f qilib turganida yana bir balo chiqib qolsa bo‘ladimi: tag‘in bir hamkasb birodari yonida ish boshladi-da, oradan to‘rt-besh oy o‘tar-o‘tmas boshqa ishga “ko‘tarilib ketdi”. Keta turib unga aytdiki, “Manovi qo‘lyozmani sizga qoldirib ketyapman, egasi so‘rasa qaytarib berarsiz!” Iltimos zamiridagi shumlikni sezgani bois temirni qizig‘ida bosdi: “Qo‘lyozmani kimdan olgan bo‘lsangiz o‘shanga topshirib, orani ochiq qilib keting, do‘stim, maylimi, meni bu ishga aralashtirmashaningiz ma’qul!” Asli ishga kelish-ketishdan asosiy muddao shugina bo‘lganmi, qaydam, hamkasbi uning iltimosini inobatga olmay, xayr-ma’zurni nasya qilib ketib qolibdi! Oradan salgina o‘tib yuqori mahkamalarga yozilgan shikoyat xatlari birin-ketin kelaverdi, qo‘lyozma esa, uchdi-kuydi – yo‘q bo‘ldi! Uni ayblab boshlaganlarida yaxshigina tushuntirish berdi: “O‘sha hamkasbim boshqa qit’aga ko‘chib ketgani yo‘q, mana, telefon raqami, qo‘lyozmani nima qilganini marhamat qilib aniqlashtiravering-da! Mendan nima istaysizlar o‘zi, tushunmayapman?!.”
Oradan biror oy o‘tib, yo‘qolgan, balki atayin yo‘qotilgan qo‘lyozmaning egasi sudga shikoyat yozgan ekan, o‘sha hamkasbi bilan yana bir birodari ikkovlashib qistalang qilishdi: “Sud yig‘ilishiga ketyapmiz, masalaga daxldor mas’ul xodim sifatida, qani, siz ham birga yuring-da endi!” Taklifni eshitib kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmaysan kishi! “Dehlaviy bila Jomiy tutib ikki qo‘lum, Nizomiy sori boshladilar yo‘lum”. Bu ikkovi – Dehlaviy bilan Jomiy, “sud” deganlari – Nizomiy bo‘lsa ekanki, hazrat Navoiyga o‘xshab, xursand holda o‘rtaga tushib yo‘lga ravona bo‘laversang kishi! Nochor-noiloj kulib turib chap berdi: “Sizlar bemalol borib istagancha sudlashaveringizlar! Lekin mening yo‘qolgan qo‘lyozmaga ham, sudga ham hech bir aloqam yo‘q!..”
Bir amallab tupuklab bo‘lsa-da yopishtirishga qaratilgan “sud” degan balodan bir emas, ikki karra qochib qutulganida, endi... manovi yangi oqsoqol bilan eski qo‘shni “Seni jabrdiyda sifatida bo‘lsa ham sudga obormay qo‘ymaymiz!” deya o‘zlaricha qasdlanib turishibdimi, nima balo! O‘sha tengdoshi-yu qo‘lyozma egasi bilan sudlashtirmoqchi bo‘layotganlarning kimligi unga besh qo‘ldek ma’lum – tug‘ma baloxo‘rlar edi! Lekin endi... tepa qavatdagi kimligini hech qachon ko‘rmagan-bilmagan allaqanday mubham odam bilan sudlashishi qoluvdi! Janjalni pulga sotib olish uchun qulay payt poylab yotgan urishqoq kimsa bo‘lsa-chi?.. Beixtiyor asabi qaqshadi: “Shu gapni o‘ylab gapiryapsizmi, akajon?! Men hech kimning ustidan shikoyatbozlik qilgan emasman, bundan keyin ham qilmoqchi emasman! Nima, o‘zim tanimaydigan-bilmaydigan odamlar bilan pachakilashishdan boshqa ishim yo‘qmi mening?! Yo siz ham meni o‘tdek kuydirish uchun maxsus topshiriq bilan yangi ishga kelganmisiz? Ayb kimdaligini ko‘zingizga ko‘rsatdim – o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz, bo‘ldi-da, ikki o‘rtada ariza yozishga balo bormi endi! Oqsoqol sifatida aybdorni tartib-intizomga, murosa-madoraga chaqiravering-da! Sizning ishingiz murosasi kelishmay qolgan qo‘shnilarni yarashtirishmi, yo aksincha, ikki o‘rtada o‘t yoqib ularni urishtirishmi?!.”
Yangi oqsoqol bunday dangal gaplarni kutmagan, shekilli, birdan shashtidan tushib, “Bo‘pti, uka, endi buyog‘ini menga qo‘yib beravering, tepadagi qo‘shnilaringiz bilan o‘zim gaplashib, nohaqlikka chek qo‘yaman!” dedi.
Ikkovlon pastki qavatda yashaydigan qo‘shni bilan quyuq xayrlashib, birga-birga uydan chiqar ekanlar, ko‘ngli yorishdi. Mahalla oqsoqolini qo‘ltiqlagan ko‘yi unga minnatdorchilik bildirdi: “Shu oxirgi gapingiz asl erkaklarcha gap bo‘ldi, ochig‘ini aytsam, aka! “Er boshiga ish tushsa etik bilan suv kechar” deydilar. Bir umr etik bilan suv kechib yashayotgan fidoyining boshida yong‘oq chaqib, o‘qtin-o‘qtin boshidan suv quyib qaqshataverish... chinakam erkakning ishimi, umuman, shu ish insofdanmi, o‘zingiz haqligingizni ayting?! G‘alamislikning ham cheki-chegarasi bordir, axir?.. Nachora, siz meni asabi qaqshagan holatda ko‘rib-tanib turibsiz! Aslida men ham bu dunyoning ishlariga kuyinib emas, kulib qarashni juda-juda istayman, chunki tabiatan xushchaqchaq odamman! Axir, men Xo‘ja Nasriddin afandining qarindoshiman! Xohlasangiz, hali kayfiyatim yaxshi bo‘lganida uning latifalarini istaganingizcha aytib beraman, xo‘pmi? Endi bir-birimiz bilan xursand holda kulib ko‘rishib turaylik maylimi, akajon?..”

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.