OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oybek. Navoiy (roman)

Birinchi bob

Bahor quyoshi ko‘kning tiniq feruzasida Hirotning Gavharshod madrasasining haybatli gumbazi ustida porlar, gumbazning azamat peshtoqlarining naqshlari sho‘lalarda jonli, havoiy bir chamanzor kabi turli-tuman olov ranglar chaqnatar, kabutarlar dam uchib, dam sirpanib qo‘nib, gumbaz tevaragida quvonch bilan inoq o‘ynashar edi. Bir tomoni xonaqoh, uch tomoni katakcha-hujralar bilan o‘ralgan madrasaning keng, tekis, chorburchak sahnidan kecha shovdirab o‘tgan yomg‘ir ko‘zga ilinar-ilinmas bug‘ bo‘lib havoga ko‘tarilmoqda edi. Tolibi ilmlarning aksari bukun hovliga chiqishgan. Ular yapaloq g‘isht yotqizilgan yo‘lkalarga bo‘yralar solib dars tayyorlashadi. Ularning qay biri «Qofiya»da, qay bin «Hoshiya»da, qay biri «Shamsiya»da. Mana bunda biri kitobni tizzasiga qo‘yib katta sallali boshini uzluksiz chayqab, ko‘zlarini chirt yumgan holda g‘o‘ng‘illab «Arabiyot»ni yodlaydi. Nariroqda uch mullabachcha bir bo‘yra ustida o‘tirib, mushkul bir masalani bahslashadi. Ulardan biri — sersoqol, rangpar va oriq — o‘z mantiqining kuchini ko‘rsatishga va «haqiqat mezoni»ni o‘zicha ta'rif etishga astoydil tirishar, sheriklarining dalillarini rad etardi. Undan yoshroq, lekin o‘jarlikda undan aslo qolishmaydigan sheriklari qichqirib, yangi-yangi dalillar, mulohazalarning tilsimli qo‘rg‘onini bir zumda so‘z bilan yasab qo‘yardilar. Ba'zan asl mavzu-bahs g‘oyib bo‘lar, ular bahs asnosida kelib chiqqan yangi nuqtalarga berilib, so‘z changalzorining tikanli mushkilot bilan to‘la sohalarida urina-urina, yana asli masalaga qaytishadi. Bahslashuvchilar ba'zan munozara alangasida o‘zlarini unutib, bir-birlariga dag‘al iboralar aytishar, ba'zan burgutday hurpayib, bir-birlariga chang solmoqqa tayyorlanganday qiziq bir vaziyatda bir zumgina qotishardi. Bu hoi madrasa dunyosida juda oddiy va tabiiy hodisa bo‘lgani uchun ularning asabiy shovqiniga atrofdagilardan hech kim e'tibor qilmas edi.

Hujralar bo‘m-bo‘shdek ko‘rinsa ham, xonaqohning pinjiga tiqilgan, quyoshga ters bir hujrada to‘rt kishi g‘uj bo‘lib, odatdagicha, gurunglashib o‘tirishar edi. Hujra tor, zaxkash. Eshikchaning lang ochiq bo‘lishiga, bahor quyoshida ko‘z qamashtirib porlagan kunduzga qaramay, bu yerda nim qorong‘ilik hukm surardi. Bu narsa yolg‘iz bu hujraga xos sifat emas, albatta. Madrasa hujralari — tolibi ilmlar maskanla-rining keng, bahavo bo‘lishi go‘yo odatga, an'anaga, butun zehniyatga zid bo‘lgandek, Sharqda madrasa hujralari bir-biridan hech farq qilmaydi deyish mumkin... «Ilm igna bilan quduq qazish» degan qadimgi fikrga hujralarning andozasi yorqin bir misol bo‘lsin, deb bir zamonlar me'moriy san'atda1 tolibi ilmlar uchun shu andozani qabul qilgan bo‘lsalar ehtimol...

Nim qorong‘i, zaxkash hujrada ulfati chorning suhbati uzilmas edi. Bulardan uchi tolibi ilm bo‘lib, to‘rtinchisi bu hujra sohibining mehmoni edi. Bularning ilm darajalari, yoshlari, fe'1-huylari orasida katta tafovut, hatto ziddiyat bo‘lishiga qaramay, madrasaning eng qashshoqlari bolganlaridan, aksar vaqt to‘planib, «ikki yarim — bir butun», deganday ovqat tadorikini birga ko‘rishar edi. Bukun ham xuddi shu maqsadda yig‘ilishib, dekcha qaynatish g‘amida bosh og‘ritishardi. Yosh jihatdan eng kattasi — hujra sohibi Aloiddin Mashhadiy bo‘lib, chuvak yuzini dag‘al qora soqol bosgan, payvasta quyuq qoshli, har vaqt yarim yumuq xira ko‘zli, past bo‘yli, chamasi qirq yoshdagi kishi edi. U o‘n besh yildan buyon «Gavharshod» madrasasida, shu hujrada istiqomat qilar, bundan biron yoqqa qo‘zg‘alishi ham belgisiz edi. Aloiddin Mashhadiy o‘z zamonasining eng peshqadam mudarrislarida o‘n yillab dars olgan bo‘lsa ham, biron ilmda o‘zini yorqin ko‘rsata olmagan. Bir necha yildan buyon ilmlardan ko‘ngli sovib, darslarga ko‘pincha qatnashmaydi ham. Lekin zamonaning bir ko‘p odamlariga muyassar bo‘lgan shoirlik baxti yoki baxtsizligi uni ham benasib qoldirmagan. U she'rning turli navlarida qalam yuritadi. Tunlarni uyqusiz kechirib, devon ham tartib qilgan; muammo‘da o‘zini yagona bo‘lmasa-da, har holda eng chapdastlardan hisoblaydi. Ammo uning bu sohadagi mahorati ham xuddi devoni kabi hanuz she'r olamiga tanilgan emas, bu ahvolga u g‘oyat qayg‘uradi, dard uni ich-ichidan kemiradi. Umidsizlik, o‘ksiz rah uni bir zum ham tark etmaydi. Shuhrat, iltifot qidirgan shoir shohlarga bo‘lmasa-da, beklarga, vazirlarga, hatto bulardan quyiroqdagilarga ham qasidalar yozib taqdim etadi. Savodsiz bekni «Jomi ul-ulum», «Xazinai maoniy», «Fuzalo va shuaro homiysi» deb yuksaltiradi. Uning sultonlarga, hatto beklarga navkar bo‘lib o‘tgan ota-bobosini oftob olamtob yaratilgandan beri davlati, iqboli zavol ko‘rmagan oliy nasabli «saltanat spehrining xurshidi» va hokazo puchak, lekin ko‘z qamashtirgich yaltiroq so‘zlar bilan madh etmoqqa mohir. Aloiddin Mashhadiy asabiy, jizzaki, sezgir shaxs; arzimagan narsaga kishidan ko‘ngli qoladi. U kimdan ranjisa, o‘sha soatda bir hajv ila o‘z «dushman»ini so‘z balchig‘iga shunday bulg‘aydiki, o‘qir-kan, eng chirkin hid burqib turadi.

Ikkinchi mullabachcha hirotlik o‘rta hoi oilaga mansub Zayniddin, qaddi-qomati nozik, xushmuomala, xushsuhbat, havoyi tabiatli yigirma-yigirma bir yashar yigit edi. U to‘rt-besh yildan buyon tahsil ko‘rib, ba'zi ilmlarda ancha ilgarilagan. Arab va fors tillarini yaxshi egallagan. Lekin havoyi tabiatli bo‘lishi va hayotda ziynatni, xursandchilikni sevishi orqasida tahsilga uncha qunt qilmaydi. Ko‘proq vaqtini san'atlarga bag‘ishlaydi. Madrasa ahli orasida u o‘zining husnixati bilan mashhur. Bundan tashqari, yaxshi kuylaydi, g‘ijjakni go‘zal chaladi: keyingi vaqtlarda otasi bilan orasi buzilib qolgach, faqirlikka tushdi. Bu madrasada va o‘zga madrasalarda bo‘lgan asilzoda, sohibi davlat talabalarning va Hirotdagi bekzoda, vazirzodalaming kechki bazmlariga, yig‘inchoqlariga borib, kuyi, sozi bilan o‘ltirishni qizitib, qornini to‘ydirar edi.

Uchinchi talaba ikki yil burun Shahrisabzdan tah_sil uchun kelgan do‘ng peshonali, miqti gavdali, o‘tkir, yirik ko‘zli o‘n sakkiz yashar Sultonmurod edi. Bu yigit Shahrisabzda mashhur sangtarosh ustaning o‘g‘li edi. Usta Samarqandda ish vaqtida katta bir bino tepasidan yiqilib o‘lganda, Sultonmurod uch yashar bola edi. O‘qimishli, jonkash-jafokash onaning tarbiyasida ulg‘ayib, dastlab o‘z shahrida, so‘ngra Samarqandda tahsil ko‘rib, nihoyat, qarindoshlarining yordami bilan Hirotga kelib, bu madrasaga joylashgan edi. Uning iste'dodi madrasa ahligagina emas, balki Hirotning aksar olimlariga ma'lum. U barcha mavjud ilmlarni egallab, zamona olimlarining peshvosi, «saromadi» bo‘lishga tirishadi. Diniy ilmlardan tashqari, riyoziyot, ilmi nujum, mantiq, adabiyot va hokazolarda keng, pishiq ma'lumot kasb etgan edi. U o‘n to‘rt yashar vaqtida Samarqandda bir domlasi unga shunday degan edi: «Qadim zamonda bir olim o‘tgan ekan. U, agar rub'i maskundagi barcha olimlarning xotirlaridan barcha ulum va funun banogoh ko‘tarilsa, u ilmlarning hammasini asliday tirgizishga qodirman, der ekan. O'g‘lim, sizda o‘shanday zako va iste'dod ko‘raman, sa'y-g‘ayratni aslo qo‘ldan bermangiz!» Ilmlarda ana shu afsonaviy olimning darajasiga ko‘tarilish Sultonmurodning g‘oyasi edi.

To'liq: Oybek. Navoiy (roman) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.