OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Qasos (fantastik hikoya)

Hozirgi zamonda nima ko‘p, odamlarning bir-birlaridan qarzdorliklari ko‘p. Aytaylik, bir yigit tijoratchi. Unga kimdir to‘satdan arzon narxda xaridorgir mahsulot taklif qiladi. “Tez sotib ol, ertaga bo‘lmaydi. Bugun naqd to‘lab, uni qo‘lga kiritsang, ertaga ikki barobar qimmatiga pullaysan – zo‘r foyda qilasan! Egasiga pul zarur ekan...”, deydi. Xattoki, o‘sha mahsulotni ko‘rsatadi. Ammo, bu tijoratchi yigitda mablag‘ yo‘q. Hammasini boshqa ishlarga sarflab qo‘ygan. Shunda, u katta foydadan quruq qolmaslik umidida, zir yugurib, o‘zidan puldorroq do‘sti oldiga zing‘illab boradi. “Og‘ayni, menga palon million so‘m berib tur! Nari borsa uch kunda qaytaraman! Meni qandayligimni bilasan, hech qachon hech kimni aldamaganman. So‘zim – so‘z! Gapim – gap!..” Voqeaning bu yog‘ini tushungandirsiz. Tijoratchi qarz olib, pulni va’dabozning qo‘liga tutqizadi. Shundan so‘ng, na mahsulotni, na uning o‘zini topadi. Oqibatda o‘zi katta qarzdorga aylanadi. Yaqin og‘aynisining dushmaniga aylanadi.
 Yoki boshqa holatni olaylik. Bu hozirgi zamon ayrim do‘kondorlariga xos. Ular ishlab chiqaruvchidan, shartnoma tuzib, mahsulot olishadi. Keyin: ”Mening naqd harajatlarim ko‘p, hali o‘t o‘chiruvchilar, hali huquq posbonlari, hali sanitariya xodimlari – xullas ularning hammasini rozi qilmasa bo‘lmaydi, shuning uchun bir partiya mahsulotni naqdga bering, sotilgach, pulingizni beraman!” – deydi. Ishlab chiqaruvchida xuddi shunday muammolar mavjud. U darxol aytilganni bajo keltiradi. Uch-to‘rt marta shunday ishlangandan so‘ng, do‘kondor qiliq chiqaradi. “Ana molingiz turibdi, hammasi sotilmadi, tanish xaridor kelgandi, puli kamroq ekan, nasiyaga berib yubordim!” va hakozo bahonalar cheksiz vaqt to‘qib borilaveradi. Korxona egasi uni sudga berolmaydi – sababi ma’lum. Shunday qilib, u bir partiya mahsulotga “a’zo” bo‘ladi. Do‘kondor esa bu paytda boshqa ishlab chiqaruvchi bilan xuddi shunday muloqotga kirishgan bo‘ladi. Hozir kim ko‘p – ishlab chiqaruvchi ko‘p!
 Yana bir turdagi do‘kondorlar mavjud. Ular asosan xaridorlarni chuv tushirish bilan shug‘illanishadi. Ular sifatsiz va arzon mahsulotlarni maqtab-maqtab qimmatga sotadilar, narx-navolardan xabarlari yo‘q odamlarni laqillatib, bir so‘mlik molni yuz so‘mga pullaydilar. O‘zimizda chiqarilgan mahsulotlarga boshqa etiketka yopishtirib, chet eldan keltirilgan, sifatiga gap yo‘q, deb, katta foyda oladilar.
 Shuning uchun, shunday xildagi do‘kondorlar yangi-yangi mashinalarda yurishadi. Yangi uy-joylar qurishadi. Lekin, shunday “biznes”ning oqibati haqida ular o‘ylab ko‘rganmilar? Bilmaydilarki, mening tashkilotim xodimlari ular haqida barcha ma’lumotga egalar va har daqiqada jazolashga tayyor turadilar. Mening birgina ishoram bo‘lsa, kifoya.
 Ha, mening maxsus va mahviy tashkilotim xuddi shunday o‘zgalarning haqini aldov va tovlamachilik yo‘lllari bilan o‘zlashtiruvchi do‘kondorlar bilan shug‘illanadi. Ha, faqat do‘kondorlar bilan! Boshqa turli xildagi tovlamachi va firibgarlar boshqa tashkilot tomonidan kuzatiladi va vaqt kelganda qaqshatqich zarba oladilar. Mening, bu shaharda qancha bozor bo‘lsa, o‘shancha xodimim bor. Darvoqe, o‘zimni yaxshilab tanishtiray, tag‘in bu odam o‘zini kim deb faraz qilayapti, deb, boshimda yong‘oq chaqib yurmang!
 Men na militsiya, na prokuratura va na boshqa huquq idoralariga bo‘ysunmayman. Chunki, men va tashkilotim xodimlari o‘zga sayyoralikmiz. Biz bu ishni yashirin tadqiqot sifatida olib bormoqdamiz. Biz istagan qiyofaga kira olamiz, xohlasak, ko‘rinmas bo‘lib ham yura olamiz. Biz hamma odamlarni ko‘ramiz, bizning mavjudligimizni hech kim sezmaydi. “Unda, Yer yuzidagi odamlarni qilmishlari uchun jazolashga nima haqqingiz bor? O‘z tadqiqotingizni o‘tkazing-da, sayyorangizga jo‘nab qoling!”, deyishingiz mumkin. Va-ha-ha... Axir, hech kim bu olg‘irlarning mushugini pisht demasa, aksincha, ular o‘z pulini so‘rab borgan odam ustidan militsiyaga tuhmatona arz qilib, qamatib yuborayotgan bo‘lsalar, natijada bechora jabrdiydaning hayoti sinayotgan bo‘lsa, kimdir ularni jazolashi kerakmi, yo‘qmi? Xullas, mening mantiqim shunday. Bilasizmi, qasos juda foydali narsa. Ayniqsa, har kim birovga qilgan jabri uchun qasos olinishi muqarrarligini bilsa, o‘ta foydali. Kimga foydali?.. Jamiyat rivojlanishi uchun-da! Men ham ongli mavjudotman, menda ham qalb bor. Menda ham haqiqat sari intilish bor. Men ham chorasiz qolganlarga achinaman. Va ular uchun o‘ch olishni sevaman. Yomonlarni jazolash imkoniyatim bor ekan, nega bunday ishdan bo‘yin tovlay?..
 Endi, sizga bir voqeani aytib beraman. Diqqat bilan tinglang.
 Har kuni kechqurun o‘tkaziladigan xulosaviy yig‘ilishimizda xodimlarimning biri o‘z bozori hududidagi bir insoniyat vakili to‘g‘risida ma’lumot berdi.
 – Komandor! Bir odam bor. Olg‘irlarning olg‘iri! Pastkashlarning pastkashi! Uni zudlik bilan jazolamasak bo‘lmaydi! – dedi u.
 – Sabab? – so‘radim men. – Odatda, biz arqonni uzun tashlaymiz-ku!
 – Uni nafaqat jazolash, balki undan qasos olish darkor! – xitob qildi u.
 – Nega, axir? – savolimni qaytardim men. – Sababini bilishim shart!
 – O‘zingizga ma’lumki, biz iloji boricha qasos olishni kechiktiramiz. Avval, uning tushiga kirib ogohlantiramiz. Shunda ham es-hushini yig‘ib olmasa, bolasiga kasallik yuqtiramiz. Bu vosita ta’sir qilmasa, do‘koniga ochko‘z tekshiruvchilarni yuborishni tashkillashtiramiz, toki ular uning bor-yo‘g‘ini shilib olsinlar va u chuqur o‘yga to‘lsin, qilmishlarini tahlil qilsin deb.
 – O‘sha odaming bu bosqichlardan o‘tdimi?
 – Ha, allaqachon o‘tgan.
 – Nima, baribir, o‘z qora ishlarini bekam-u ko‘st bajarib yuribdimi?
 – Ha! U yoshligidan shunaqa. Mana, yangilari. Bir necha oy ilgari yoshlikda birga o‘sgan og‘aynisini hamkorlikka chorladi. Birga savdo korxonasi ochaylik, sen qonun-qoidalarni yaxshi bilasan, men rahbar bo‘lsam ham barcha ishni o‘zing yuritasan, foydani qoq o‘rtasidan bo‘lib ishlaymiz, deb taklif qildi. Do‘sti ishonib, rozi bo‘ldi. U barcha murakkab ishlarni og‘aynisiga topshirib, o‘zi faqat tushgan pullarni taqsimlash majburiyatini oldi. Ochko‘zligidan, xattoki, soliq kodeksining qonun-qoidalariga bo‘ysunmay, mablag‘larni cho‘ntakka ura boshladi. Sherigiga-yu onda-sonda, mana sani ulushing deb, ozroq pul tashlab qo‘ya boshladi. Hammadan e’tiborlisi, biz ularning korxonasiga tekshiruvchilar yuborganimizda ko‘zga ko‘rindi. Topilgan kamchiliklardan u darhol bo‘yin tovladi va korxonamning ish yurituvchisi mana bu yigit, men nomigagina direktorman, uning chizgan chizig‘idan chiqmayman deb, barcha gunohni do‘stining bo‘yniga yuklab, o‘zi chetga chiqib, indamay turaberdi. Yaxshi hamki, men bosh tekshiruvchining ongiga ta’sir ko‘rsatib, begunoh odamni jabrdan qutqarib qoldim.
 – Nega mendan ruxsat so‘ramading?
 – O‘zingiz aytgansiz, unar-unmasga bezovta qilabermanglar deb! Sharoit taqozo qildi, men ruhiy kuchimni ishlatdim.
 – Unda, mayli. Xo‘sh, keyin-chi?
 – Keyin, u boshqa bir, tanish-bilishlari ko‘p og‘aynisiga Do‘konlarni Tekshirish departamentida ta’sirli odam topilsa, o‘z biznesini u orqali himoya qilish niyati borligini aytdi. Og‘ayni esa darhol o‘shanday kishiga ro‘para qildi. Yangi ta’sirli odam yordam berib turishga tayyorligini aytdi. Va vaqt kelganda, o‘z xizmatlari taqdirlanishi lozimligini eslatdi.
 – Xo‘sh, u pul berishni istamagandir. Birovga mullajiring uzatguncha, joni chiqib ketgan bo‘lsa kerak-a?
 – Ha, xuddi aytganingizdek bo‘ldi. U shartta yuqoriroq idoraga ariza yozib, o‘zidan pora talab qilinayotganligini xabar qildi. Va o‘ziga yordam bergan odamni qamatib yubordi.
 – Qoyil! U juda noyob nusxa ekan!
 – Buning ustiga, yaqinda yana bir oshnasini chuv tushirdi.
 – Yo‘g‘-e, yana qanday usul qo‘lladi? O‘sha oshna ham avval unga yordam qo‘lini cho‘zgandir-a?
 – Komandor! Siz yerliklarni juda yaxshi o‘rganibsiz! U o‘qishga xafsalasi yo‘q o‘g‘lini o‘qishga kiritishni istab qoldi. Farzandi o‘z kuchi bilan dorilfununga kirolmasdi. U buni yaxshi bilardi. Shuning uchun, o‘sha oshnaga borib, seni dorilfununlarda tanish-bilishlaring mo‘l, o‘g‘limga yordam ber, o‘qishga kirsin, “soqqa”sini albatta beraman deb va’da qildi. Oshna esa kerakli odamlarni topib, uning farzandini o‘qishga kiritdi. Pul berishga kelganda, u: “Oshna! Yoningda bo‘lsa, berib yubor, men hozir qiynalib turibman, keyingi oy yetkazib kelaman!” deb, kelishilgan mablag‘ni emas, faqat bir qop va’da berdi... Komandor! Bu ketishda, u ko‘pchilikni qaqshatadi. Aytganlarim, xamir uchidan patir xolos! Zudlik bilan chora ko‘ring!
 Men o‘yga toldim. Unga qanday jazo bersak ekan?.. Avtoavariya uyushtiramizmi? Balki, sevimli farzandini o‘sal qilib yotqizib qo‘yarmiz? Nima qilsak munosib ish bo‘ladi? Men xodimlarimga boqdim.
 – Mana, o‘zingiz eshitdingiz. Bu nusxaga nisbatan, jabrdiydalar nomidan, qanday qasos qo‘llash o‘rinli? Militsiya yoki boshqa huquq tashkilotlari qo‘liga topshirishdan foyda yo‘q. Ular qonun tomondan hech narsa qila olmaydilar. Kimda qanday taklif bor?
 Xodimlarim birin-ketin fikrlarini bayon qila boshlashdi.
 – Bezori, ishkalchi, hech kimdan tap tortmaydigan odamlarga ro‘para qilib, yaxshilab urdirish lozim. Ular uning boplab po‘stagini qoqishsin!
 – Yana bir shunga o‘xshash nusxani topib, ikkalasining mashinasini bir-biriga urdirib, majaqlatib, ularni mayib qilib, kasalxonaga tushirilsa, qanday bo‘larkin?
 – Uyiga o‘g‘ri tushirish kerak! Barcha topgan pullaridan ajralsin!
 – Bultur uzatgan qizini erining xonadonidan haydata qolaylik! Qizi baxtini yo‘qotsin!
 – Balki, shol qilib, invalidlar aravachasiga o‘tkazib qo‘ygan yaxshiroqdir?!
 – Uyiga o‘t tushirsak, munosib qasos bo‘lar, nima deysiz?
 Bu takliflarning barchasi jo‘yali edi. Bu aytilgan qasoslar ko‘p marta ishlatilgandi. Lekin, bu safar men juda bir original, ilgari qo‘llanilmagan qasos usulini topmoqchi edim.
 – Yo‘q, - dedim men, - bularning barchasi juda oddiy qasoslar. Biz shunday usul topishimiz kerakki, u qiynalib-qiynalib, dardlariga davo topolmay, bu dunyo meni nega azoblayapti, degan fikrlar bilan, o‘z uyida, xotin - bola-chaqasining orasida emas, ko‘chada, begona odamlar orasida o‘lib ketsin. Va uni hech kim tanimasin. Bu yerdagi jamiyat ushbu nusxadan tozalangani uchun faqat shukur qilib, yengil tortadi. Xo‘sh, nima deysizlar?
 Yig‘ilishda g‘ala-g‘ovur boshlandi. Har kim atrofdagilarning so‘zlarini eshitmay o‘z fikrini bayon qilardi.
 – Bo‘ldi, to‘xtanglar! Galma-gal gapiringlar! – qichqirdim men.
 Birinchi bo‘lib, o‘sha taklif kiritgan xodimim fikrini aytdi.
 – To‘ppa-to‘g‘ri! Men shu g‘oya tarafdoriman. Faqat unga qanday bedavo dard beramiz?
 – Infarkt! – xitob qildi boshqa bir xodim. – U yaxshigina og‘riq beradi. Inson rosa azob chekadi.
 – Yo‘q, bo‘lmaydi, - dedim men. – Bu kasallik hozir yaxshi davolanayapti. O‘zini asragan kimsa uzoq yashayapti.
 – U holda, insultni taklif qilaman! - dedi u javoban. – Kuchli insultni davolash juda mushkul.
 – Yo‘q, bu variant ham bo‘lmaydi. Bemor komaga tushib, azob chekayotganini yaxshi his qilmaydi.
 Birinchi xodimim qo‘l ko‘tardi.
 – Xo‘sh, o‘zingga nima fikr keldi? – so‘radim men.
 – Uning vujudida, menimcha, rak, ya’ni saraton kasalligi paydo qilgan ma’qul. Sababi, bunday bemor to o‘lguncha og‘riqdan azob chekadi, aksariyat hollarda dori-darmon ham, jarrohlik operatsiyasi ham foyda bermaydi. Biz tez rivojlanuvchi rak variantini tanlasak, u yarim yil – bir yil davomida azoblanib o‘ladi va qilmishlarini eslaydi, boshqalarni aldab, chuv tushirib topib, bosib yotgan pullari ko‘ziga ham ko‘rinmaydi. Ularning hammasini dorilar va muolajalarga sarflaydi. Yetmaganiga mashinasini sotadi. Vafotidan oldin unga bir oz yengillik beramiz va u o‘zini yaxshi his qila boshlagach, qaergadir, biron safarga jo‘natamiz. Begona shaharda, begona odamlar orasida, ko‘chada to‘satdan vafot etadi. Uning kimligini aniqlashga ancha kunlar ketadi. Tanasi sasib ketadi. Harom pulga katta bo‘lgan farzandlari esa otalarining murdasini o‘zga yurtdan olib kelish uchun qarindosh-urug‘dan yoki tanish-bilishlardan pul qidirishadi, ovora-yu sarson bo‘lishadi.
 – Kim rozi?! – so‘radim men yig‘ilish ahliga qarab.
 – Barchamiz! – hamma bir ovozdan javob berdi.
 – Unda majlis tamom. Ushbu qarorni amalga oshirishni ushbu ish uchun ma’sul bo‘lgan xodimimizga topshiraman. U vazifa bajarilguncha, bizga vaqti-vaqti bilan, ya’ni har hafta ma’lumot berib turadi. Gap tamom – vassalom!
 
 Aytilgan kimsadan, o‘n oylik chidab bo‘lmas og‘riqli azob-uqubatlarga duchor etib, barcha jabrdiydalar nomidan qasos oldik. Uning ruhi yanada azobliroq olovli dunyoga ravona bo‘ldi.
 Shundan bir oycha o‘tgach, men uning biron farzandi, aytaylik, qizi bilan suhbatlashib ko‘rishga qaror qildim. Ming qilsa ham, tadqiqotchiman-da. Qani, yerliklar butun umr ifloslik bilan shug‘ullangan otalari haqida nima deyisharkin?
 Men o‘sha nusxaning tanishi, onda-sonda uylariga borib, uchrashib turadigan qarindosh suratiga kirdimda, yirik savdo majmuasi ichida aylanib yurgan kishi bo‘lib “tasodifan” uning qizi bilan uchrashib qoldim. U meni tanidi va salom berdi.
 – Va alaykum assalom. Qalay sog‘liqlaring yaxshimi? Xafa bo‘lmay yuribsanmi?
 – Amaki, nima ham qilardik. Dunyoning ishlari shunaqa ekan... Ko‘p umr ko‘rmadilar.
 – Ha, to‘g‘ri aytasan. Hayot juda beshavqat.
 – Hali yashasalar bo‘lardi. Hech kimga yomonlik qilmaganlar. Qo‘y og‘zidan cho‘p ham olmasdilar. Odamlarga juda mehribon edilar. Barcha do‘stlarini sevardilar...
 – Mayli, sizlarga sabr tilayman, - dedim men, qiyinlik bilan hayratimni yashirib, va shoshilib turganimni bahona qilib, nari ketdim.
 Taajjub! Juda taajjub! Bizning sayyorada oqni oq, qorani qora deyishadi. Shuning uchunmi, bizdagi taraqqiyot butun Somon Yo‘lida eng ilg‘orlardan hisoblanadi. Sizlarda esa... Taajjub! Lekin, baribir, biz bor ekanmiz, taraqqiyotingiz olg‘a boraveradi. Men bunga ishonaman va buning uchun, yomonlardan qasos olishlar orqali, o‘z hissamni qo‘shaveraman...

22.07.2014. 21:24.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.