OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Shaharda kim bor? (fantastik hikoya)

Osmondagi bulutlar qaerda yaxshi ko‘rinadi? Shahardami yo qishloqdami? Albatta qishloqda! Tungi yulduzlar qaerda yaqqol, qo‘l uzatsangiz yetguday bo‘lib nur sochadi? Albatta qishloqda yoki tog‘da va cho‘lda! Shaharda ularni ko‘rib bo‘bsiz! Kuppa-kunduz kuni bulutlarni bazo‘r va g‘ira-shira ilg‘aysiz-ku! Siz qaerda yashashni xohlaysiz? Bilaman, qishloqda! Lekin, buning ba’zi bir shartlari bor. Aytaylik, uyingizda hech qachon chiroq o‘chmasligi, hamisha issiq suv bo‘lishi va serdaromad ishga ega bo‘lishingiz lozim. Ana shunda, qishloqda yashashga nima yetsin! Keng dalalar, zangori osmon, sersoya daraxtlar, zilol suv oqadigan ariqlar va g‘ir-g‘ir esayotgan shabada! Qanday maza!
 Afsuski, men shaharda tug‘ilganman. “Dom”da yashayman. Tag‘in, temir-betonlisida. Yozda isib ketadi – dimiqasiz. Qishda ming harakat qiling, turli isitgichlarni yoqing, isitolmaysiz va diydirab o‘tirasiz. Tepa qo‘shningizning bolasi yugursa, shipingiz do‘pirlaydi – qo‘rqib ketasiz. Uyingizga kirib olsangiz, tashqariga chiqishingiz amri mahol. Kiyim almashtirishga erinasiz. Lekin, bu uyning bir ajoyib tomoni bor. Qo‘shnilaringizdan biri shaltoq va tozalik nimaligini bilmaydigan bo‘lsa, tunda oshxonangizga mo‘ylovlarini qimirlatib, hayotingizga qandaydir bo‘lsa ham mazmun bag‘ishlab, suvarakjonlar yopirilishadi. Bechoralar yegulik qidirishadi. Qo‘shningiz yaxshi boqmasa kerak-da! Ha, qurumsoq, suvarakni ko‘paytirganingdan keyin o‘zing boq-da! Nima qilasan, menikiga yuborib? Qishloqda hamma qo‘y yoki mol boqsa, biz na go‘sht, na sut beradigan tarakan boqamiz. Xullas, ba’zilar shahar, shahar, shahar yaxshi deydi-ku, bu yerda yashash sog‘liqqa juda zarar. Ayniqsa, asab sistemasiga.
 Endi, asosiy voqeaga o‘tamiz. Kirish qismi tugadi.
 Bir kuni, toqatim toq bo‘lib, shaharni tark etishga qaror qildim. Qolgan umrimni bir go‘zal qishloqda, faqat ijod bilan o‘tkazish orzusiga tushdim. Bunga ayolimni ham ko‘ndirdim. Nimagadir, ko‘ndi. Asli qishloqni yoqtirmasdi. Tinch, osuda hayotning qadriga yetib qolibdi, shekilli. Turmush qurib, alohida bo‘lib chiqib ketgan farzandlarim ham xursand bo‘lishdi. “Juda soz! Shanba, yakshanba qishloqqa borib, maza qilib, yangi sog‘ilgan ekologik toza sut ichamiz. O‘tloqda dumalaymiz, soylarda cho‘milamiz! Bolalarimiz kengliklarda chopib xumordan chiqishadi!..”, deyishdi.
 Tanishlarimdan surishtirdim. Qaysi qishloqni tanlay ekan? Hammadan har xil maslahat chiqdi. “Cho‘lga yaqinroq qishloq tanlang! – dedi asli mirzacho‘llik do‘stim. – Cho‘ldan go‘zal manzara bormi bu dunyoda! Siz baribir traktorchilik qilmaysiz. Cho‘l havosidan bahra olib, “Cho‘li iroq”ni eshitib, ijod bilan shug‘illanib yuraverasiz!”
 “Toqqa nima yetsin! – dedi xumsonlik og‘aynim. – Men har gal qishlog‘imga borganimda, shaharga ketganimga afsus qilaman. Ammo, ishim shaharda-da! Qaytishga iloj yo‘q! Ijodkorga ilhom qaerda keladi, bilasizmi? Faqat tog‘da! Istasangiz, yaxshi hovli bor, gaplashib beraman.”
 Boshqa bir do‘stim Sirdaryo bo‘yidagi Chinoz degan joyda tug‘ilgan edi. “Siz to‘ppa-to‘g‘ri Chinozga yo‘l oling, havosi zo‘r, daryo bo‘yi, baliqlar serob! Bilasizmi, yaponlar ko‘p baliq yeyishgani uchun yuz yil umr ko‘rishadi!..”
 Xullas, takliflar ko‘p bo‘ldi. Xattoki, Gurlan, Qo‘ng‘irot va Uchquduqlargacha chaqirishdi.
 Men esa, o‘ylay, o‘ylay... bilasizmi, qaerni tanladim? Aytmayman!..
 Ha, mayli, ko‘nglim bo‘sh, sirni ochaqolay: Chirchiq daryosi bo‘yidagi bir qishloqdan joy oldim. Bir yog‘im G‘azalkent shahri, boshqa tomonim Chirchiq shahri. Ertalab, o‘rnimdan tursam, havo shunaqangi tiniqki – suv qilib ichsangiz bo‘ladi. Hovlimda o‘sayotgan o‘simliklar, daraxtlar menga tabiat qo‘yni qanday go‘zalligini ta’kidlashadi. Derazani ochib qo‘yib, qushlarning chug‘urini eshitib, asarlar yozishga tushdim.
 Lekin, quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Uch-to‘rt kunda bu yerdan xafsalam pir bo‘ldi. Sababi, yaqinimdagi katta trassada, betinim – erta-yu kech mashinalar qatnar ekan. Kimdir signal chalgan, kimdir qattiq tormoz bergan, g‘ir-g‘ir qatnov shovqini. Xullas – bu sharoit aslo yoqmadi. Nailoj, tark etdim, bu so‘lim go‘shani.
 “Dom”imga qaytib, boshqa qishloq izlay boshladim. Nihoyat, bir taklif ma’qul tushdi. Yangiyo‘l tomonda, katta trassadan uzoqda, bir ajoyib qishloq bor ekan. Besh-o‘n kunlik oziq-ovqat g‘amlab olsangiz, tinch yashayverar ekansiz. Hech kim bezovta qilmas ekan. Mashinalar qatnovi ham yo‘q, havo ham musaffo, odamlari sodda, to‘pori, toza ko‘ngilli – barchasi dehqonchilik yoki chorvadorlik bilan kun kechirishar ekan. Ekologik sut, qatiq va go‘sht bemalol. Pul bo‘lsa bo‘ldi. Biroq, bilasizmi, bu joy ham ikki haftada yoqmay qoldi. Sababi, yarim kechagacha ishlayman, uyquga to‘yib ulgurmasimdan, tong ham yorishmasdan xo‘rozlar qu-qu-qulab uyg‘otadilar, mollar mo‘‘rashadi, qo‘ylar ma’rashadi. Eshaklar esa... Aytmay qo‘ya qolay. Bu ham mayli, ayniqsa ulardan taraladigan hid juda o‘ziga xos ekan. O‘rganolmadim. Nihoyat, bu ifor frantsiyalik atirshunoslarning aslo e’tiborini tortmagan bo‘lsa, menga ne kerak, degan fikrga keldim. Bundan tashqari, internet yo‘q. Jahondagi eng oxirgi yangiliklardan bexabar yuraberasiz. Tushungandirsiz... tez orada bu qishloq ham men uchun tarixga aylandi.
 Shundan so‘ng, trassadan uzoq, interneti bor, yaqinida mol-qo‘ylari yo‘q, lekin bahavo, tabiati go‘zal qishloq axtara boshladim. Juda baxti kulgan odamman-da, ko‘p o‘tmay, shunday maskan topildi! Qaerda bor ekan bunday antiqa, har qanday injiq odamning talablariga javob beradigan qishloq, deb o‘ylayotgandirsiz? Albatta, hayron bo‘lasiz! Ammo, shunday maskan bor ekan!
 Topilish voqeasi quyidagicha ro‘y berdi.
 Tunda, bilasizki, deyarli barcha uxlaydi. Faqat sofdil qorovullar, mas’uliyatli navbatchi shifokoru hamshiralar, posbonlarimiz – militsiya xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar, to‘y o‘tkazib kelib, qistirilgan pullarni qayta-qayta sanayotgan va bo‘lishayotgan qo‘shiqchi san’atkorlar dam olish nimaligini bilmay, tonggacha betinim mehnat qiladilar. Keyin, to peshingacha pishsha-pishsha uxlaydilar.
 Men, bu sanab o‘tilgan mehnatkashlar sirasiga kirmayman, shuning uchun miq etmay uxlab yotgandim, kimdir kelib uyg‘otdi. “Odamzot! Tur o‘rningdan, uyg‘on!” Kim ekan bu menga murojaat qilayotgan kimsa, deb hayron bo‘ldim. Yonimdagi tumbada turgan soatga qaradim: 3:47! Qo‘limni uzatib, torsherning yoqgichini bosdim. Xona yorishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, shundoq qarshimda stulda bir g‘alati, odamga o‘xshash xilqat o‘tiribdi. Avvaliga qo‘rqdim. Bir necha soniyalardan so‘ng angladim: axir bu kimsa o‘g‘ri emas, umuman Yer odami emas! O‘zga sayyoralik! Va unga so‘z qotdim.
 – Ha, og‘ayni! Nima gap? Nega uyimga kirib olib, meni uyg‘otyapsan?
 – Men, bilib qo‘yginki, inson orzularini amalga oshiruvchi firmaning vakiliman. Sening buyurtmang bo‘yicha keldim.
 – Nega tunda kelasan? Axir, uxlayapman-ku! Bu – birinchidan! Ikkinchidan, men sizning firmangizga buyurtma bermaganman!
 U jilmaydi. Har holda, sal boshqacharoq yuz ifodasida shunga o‘xshash o‘zgarish ro‘y berdi.
 – Odamzot, sen albatta rasman murojaat qilganing yo‘q. Biz hech qachon rasmiy murojaatlar bo‘yicha ishlamaganmiz. Hayolingdagi orzu butun koinotga tarqalib ketgan. O‘zing, bu haqda deyarli butun dunyoga jar solyapsan. Biz eshitdik. Vaqt topib, mana, meni yuborishdi. Kunduz kungi ish soatlarimiz barchasi band. Shuning uchun, uzr so‘rayman, tunda bezovta qilganimga!
 Men asta-sekin o‘zimga kelib, uyg‘ona boshladim. Boshim sal tetikroq ishlay boshladi. Kalavotdan turib men ham o‘tirib oldim-da, savol berdim.
 – Xo‘sh, o‘zga sayyoralik firma vakili, isming nima? Seni qanday chaqiray?
 – Mening ismimni aytish tilingga qiyinchilik tug‘diradi, shuning uchun, oddiyroq qilib, “Orzuvakil” deb aytaqol.
 – Yaxshi Orzuvakil, bo‘lmasa javob ber-chi, sen qanday qilib, ko‘nglimdagidek qishloq topib bera olasan?
 – Ha-ha-ha! – kuldi u. – Xavotir olma. Topib bera olaman!.. Bu menga aslo cho‘t emas. Lekin, mening shartlarimni bajarishing kerak!
 – Voy! – dedim men. – Men seni chaqirmadim. O‘zing kelding. Yana menga shartlar qo‘yasanmi?
 – Ha, qo‘yaman! Chunki, mening bunga haqqim bor! – keskin javob berdi Orzuvakil.
 Men albatta qiziqdim.
 – Orzuvakil! Qanday haqqing bor? Va bu haqlarni senga kim bergan?
 – Bu haqlarni menga firmamiz xo‘jayini bergan, tushundingmi? Haqqim esa juda ko‘p ishlar qilishga bor! Xattoki, sen shartlarimga ko‘nmasang, jazolay ham olaman!
 – Yo, tovba! – hayron bo‘ldim. – Bu zot o‘zlari uyimga tunda beruxsat kelib, uyg‘otib, orzuingni amalga oshirib beraman, deb va’da beradilar-da, va keyin shartlar qo‘yadilar. Shundan so‘ng, bu shartlarni bajarmasam, jazolayman, deb qo‘rqitadilar! Yaxshisi, orzuimdan kecha qolay. Shu “dom”imda qancha yil yashadim, yana yashayberaman.
 – Odamzot! Orzudan voz kecha olmaysan. Kech bo‘ldi. Buyurtma firmamiz katalogiga kiritilgan. Uni o‘chirib bo‘lmaydi. Agar, orzuimdan voz kechaman, deb turib olsang, hayot jarayoning to‘xtatiladi.
 Men esxonam chiqdi.
 – Nega, he yo‘q, be yo‘q, hayot jarayonim to‘xtatilar ekan?!
 – Chunki, orzularini tugatgan odam o‘ladi! – javob berdi Orzuvakil. – Uning Yer yuzida yashashga haqqi yo‘q! Inson hamisha orzu bilan yashashi kerak.
 Men chuqur xo‘rsindim.
 – Mayli, orzuimdan voz kechmayman. Shartlaringni ayta qol.
 – Shartlar juda oddiy. Qo‘rqmasang ham bo‘ladi. Biz hech kimga og‘ir shartlar qo‘ymaymiz. Bular – barchaning qo‘lidan keladi!
 – Rostdanmi? – jonlandim men. – Aslo qiynalmaymanmi?
 – Yo‘q! Juda oddiy ishlar!
 – Qani, ayt, bo‘lmasa!
 – Birinchi shartim: tashkilotingni kengaytirib, u yerdagi ish ko‘lamini oshirishing lozim.
 Men jilmaydim.
 – Voy, o‘zimning mo‘ljalim ham shunaqa edi! Ikkinchisi nimadan iborat?
 – Xo‘sh, keyingi shartim shuki, biznes ishingda o‘zingga yana yangi sof vijdonli xodimlar va ishchilar ol!
 – Ha-ha-ha! – kuldim men. – Bu ham navbatdagi bosqichdagi ishim-ku!
 – Uchinchi shart, oxirgisi: ijodga ko‘proq ahamiyat ber, ko‘proq vaqt ajrat!
 – O, bu men uchun juda nozik masala! – dedim men. – Bir tomondan tashkilotimning ishlari ko‘p, biznesimga katta mehr-muhabbatim bor. Yangi-yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga shaylanayapman. Ikkinchi yoqdan, ijodim, bu menga borliq tomonidan topshirilgan vazifa! Qani, vaqtim mo‘l bo‘lsa! Yaxshi-yaxshi, odamlarga manzur bo‘ladigan, ularga ma’naviy yordam beradigan asarlarni ko‘proq yozsam!
 Orzuvakil menga jiddiy boqdi. Va so‘radi.
 – Nega, tashkiloting ishlarini tashlab, qishloqqa ketishni orzu qilding, unda?
 – Sababi, men o‘zimni sinab ko‘rmoqchi edim. Faqat ijod qilaman deb mo‘ljallagandim. Afsuski, tashkilotim ishlarisiz yashay olmas ekanman. Endi tushundim. U yerni o‘poq, bu joyni so‘poq, deb shaharga qaytib kelishimga ham shu qalbim tubidagi istak sababchi ekan! Men faqat ijod bilan yashay olmas olmas ekanman.
 – Unda, men o‘zimga berilgan vakolatdan foydalanib, senga bir yashash variantini taklif qilaman.
 – Qanday?
 – Sen to‘rt kun shaharda yashaysan, tashkiloting ishlari bilan mashg‘ul bo‘lasan. Kechqurunlari ijod ummoniga sho‘ng‘iysan. Qolgan uch kunda men senga tog‘ yanbag‘ridagi mol-qo‘ylari kamroq, xo‘roz qichqirmaydigan qishloqdan joy topib beraman. Juma kuni u yerga ketib, uch kun va uch kecha to‘liq ijod bilan shug‘illanasan. Dushanba kuni shahringga qaytasan, bo‘ladimi?
 – Qachon dam olaman? – so‘radim men.
 – Sen dam olish uchun emas, ishlash uchun yaratilgansan! – javob berdi u va so‘radi. – Ijod sen uchun dam emasmi? Shu jarayonda yayramaysanmi?
 – Gaping to‘g‘ri... Juda yayrayman. Bir asarni ko‘nglimdagidek qilib yozolsam, mendan baxtli odam bo‘lmaydi! – so‘z qotdim men.
 – Odamzot, mana senga manzil! – u mening qo‘limga qaerdandir paydo bo‘lib qolgan qog‘ozni tutqizdi. – Shu qishloqqa borasan. Bir bog‘li uy senga mahtal bo‘lib turibdi. Sotib ol. Mo‘ljalingdagi narxda. Bu joy senga atalgan. Shuning uchun, qachondan beri egasini topmayapti. Buyursin! U yerda yaxshi asarlar yozasan!
 – Rahmat! – dedim men. – Shartlaring mening niyatlarimga mos kelar ekan. Ularni albatta bajaraman. Firmangiz direktoriga ham minnatdorchiligimni bildirib qo‘y!
 – Xo‘p bo‘ladi, – dedi u. – Albatta yetkazaman.
 – Aytganday, qaysi sayyoradansan?
 – Sayyoramiz juda olisda. Uni yerliklardagi eng oxirgi, Xabbl teleskopiga o‘xshash qurilmalar orqali ham ko‘rib bo‘lmaydi. Nomini so‘ramay qo‘yaqol. Bu, baribir, senga hech qanday axborot bermaydi.
 – Shunchalik olisda bo‘lsangiz, mening orzuimni qanday eshitdingiz?
 – Senga bir sirni ochaman. Bizning sayyoramiz juda g‘aroyib. Insoniyat rivojini kuzatish sayyorasi. Maxsus. Har bir insonning qalbidagi orzu-niyatlar, xattoki oh-fig‘onlar sayyoramizdagi Superkompyuterga yetib keladi, unda tahlil qilinadi va ikki firma direktoriga jo‘natiladi.
 – Nega ikkita?
 – Chunki, firma ikkita: biri bizniki – “Inson orzularini amalga oshiruvchi”, ikkinchisi – “Inson oh-fig‘onlarini ko‘rib chiquvchi”. Angladingmi?
 – Ha, faqat bir narsani tushunmadim?
 – Nimani?
 – Masofa shunday cheksiz olis bo‘lsa, qalbimizdagi fikrlardan paydo bo‘layotgan juda kuchsiz elektromagnit to‘lqinlar qanday qilib sayyorangizga yetib boradi? O‘zing ham qanday qilib, o‘sha yerdan g‘ir etib kelib, yopiq eshik va yopiq derazalarni pisand qilmay uyimga kirib olding?
 – Odamzot! Nahotki, tushunmasang? Qalbdagi elektromagnit to‘lqinlar insonning nazarida kuchsiz. Aslida, u koinotda baralla eshitiladi. Men esa sendek vujudga ega emasman. Hozir shu shaklga kirdim. Aslida men elektromagnit maydonman. Yorug‘lik tezligida harakatlanaman. Men uchun hech qanday to‘siq yo‘q!
 – Ha, endi angladim, – jilmaydim men.
 Orzuvakil o‘rnidan turdi. Yaqin odamlardek, hazilomuz, sizlab so‘z qotdi.
 – Taqsir! Endi, menga ruxsat bering! Ketishim kerak. Ishlar juda mo‘l!
 – Orzuvakil! Shoshmaytur, bir-ikkita savolim bor!
 – Mayli, ber. Faqat ikkita. Tez va qisqa javob beraman.
 – Birinchi savolim shuki, ikkinchi firma qanday ishlar bilan shug‘illanadi?
 – U jabrlanganlarga yordam beradi, o‘sha vaqt uchun eng maqbul harakat yo‘llarini ko‘rsatadi. Va zulmkorlarga jazo operatsiyasi tayyorlaydi.
 – Vuy! – qo‘rqib ketdim. – Sizlarda jazo otryadlari ham bormi?
 – Ha! Hech kim xomta’ma bo‘lmasin, zulm qilsa albatta, ertami-kechmi, o‘ziga loyiq “ulush”ini oladi! Ikkinchi savolingni ber!
 – Shartlaringni bajarmasam, menga nima jazo tayin qilarding?
 – Bundan so‘ng, hech qaysi orzuing amalga oshmasdi. Omadsizlikda va itning keyingi oyog‘i bo‘lib, yashab o‘tarding umringni! Tushunarlimi?
 – Ha!
 – Unda men ketdim. Boshqa savolga o‘rin yo‘q. Insonsan, qolgan savollarga o‘zing o‘ylab, o‘zing javob top! Va qalbingga quloq sol. Superkompyuterimizdan javob kelishi ehtimoli ham bor. Xayr!
 Orzuvakil qo‘lini silkidi-da, ohista havoda erib, ko‘rinmay qoldi.
 Men o‘rnimga cho‘zildim. Keyin, birdan hayronlik chulg‘adi. Orzuvakil bilan shuncha gaplashdim, rafiqam uyg‘onmabdi-ya! Unga qaradim – uxlab yotibdi. Keyin, ko‘zim tumbadagi soatga tushdi, u hamon 3:47 ni ko‘rsatardi...
 Shaharda kim bor, bu muloqot guvohi bo‘lgan?

 Chax-cham qishlog‘i. 17.02.15. 12:51.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.