OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Sirli choyxona (hikoya)

 Mening ismim – Farangisxon. Sizga bo‘lib o‘tgan bir voqeani aytib bermoqchiman.
 O‘sha yili yettinchi sinfda o‘qirdim.
 Bir kuni kechqurun, dadamlar oyimlarga erta tongdan mashinalarida Jizzax shahriga yo‘l olmoqchi ekanliklarini aytdilar. Ularning biznes ishlarining bir qismi shu viloyat markazidagi qurilish gipsi ishlab chiqaruvchi korxona bilan bog‘liq edi. Darhol ergashdim.
 – Meni ham ola keting, dada! Jizzaxda xech qachon bo‘lmaganman. Toshkentdan tashqariga chiqmaganman. Bir boshqa shaharni ham ko‘ray!
 – Chorvoqqa chiqqansan! G‘azalkentni ko‘rgansan.
 – Jizzaxni ham ko‘rgim kelayapti!
 – U shahar kichkina va oddiy. Ko‘rmasang ham bo‘ladi.
 – Bir yangi sinfdoshim bor, ularning oilasi yaqinda Toshkentga ko‘chib kelgan. U qiz – o‘sha yerlik. U, doim Jizzaxdan go‘zalroq yurt bu dunyoda yo‘q, deb aytadi. Men shunday ajoyib joyni ko‘rishim kerak.
 – O‘qishdan qolasan-ku!
 – Javob so‘rayman, o‘tilgan mavzularni kitoblardan o‘qib olaman!
 Dadam nihoyat ko‘ndilar.
 – Mayli, Farangisxon! – dedilar, – Faqat ertalab vaqtli turib ketamiz. Bo‘ptimi?
 – Mayli! – quvondim men. – Fotoapparatimni ovolaman. Hamma joyni rasmga tushiraman.
 
 Ertalab soat yettida uydan chiqib ketdik. Fevral oyi bo‘lgani uchun, kun xali yorishmagan, g‘ira-shira payt edi. Havo bulut bo‘lsa-da, yog‘ingarchilik yo‘q, yo‘llar quruq edi. Shuning uchun, biz shaharni tark etib, tekis to‘g‘ri yo‘lga tushganimizdan so‘ng, dadamlar “Jiguli”ning tezligini oshirdilar. Biz manzil sari g‘izillab yelib ketdik. Men orqa tomondagi o‘rindiqda joylashib olganimcha, derazadan atrofdagi dalalarni tomosha qilib borardim.
 Kun borgan sari yorishib borar, manzaralar ham yorqinlashardi. Yarim soatlar o‘tgach, mashinamiz sekinlashdi va biz bir militsiya postidan o‘tdik.
 – Bu qaysi shaharniki?
 – Yangiyo‘lniki, – xabar berdilar dadam va bermoqchi bo‘lgan savolimni his qildilarmi, qo‘shib qo‘ydilar. – Lekin, bu shahar trassadan chetroqda. Biz u yerga kirmaymiz.
 Mashinamiz yana ildamlashdi. O‘n daqiqalar yurganimizdan so‘ng, oldinda, yo‘l chetida bir odamning qorasi ko‘rindi. U mashinamizni to‘xtatish uchun bir qo‘lini ko‘tardi. Dadam indamay o‘tib ketmoqchi edilar-u, yaqin qolganda u kishining qariya ekanligini payqab, tormozni bosdilar. Sal o‘tib ketganlari uchun, avtomobilni orqaga yurgizib, o‘sha odamning ro‘parasiga to‘xtatdilar. Yonlaridagi eshikni ochib, so‘z qotdilar.
 – Assalom alaykum, amaki! Keling, o‘tiring, oborib qo‘yaman.
 – Vaalaykum assalom, bolam! Meni sal nariroqqa tashlab qo‘yasanmi?
 – Bemalol, o‘tirabering!
 – Katta yo‘ldan o‘ng tomonga qayrilamizda, bir-ikki chaqirim yuramiz, maylimi?
 – Mayli, amaki.
 Qariya dadamning yonlariga o‘rnashdi. Men darhol salom berdim.
 – Assalom alaykum!
 – Vaalaykum assalom, qizim! Yaxshi yuribsanmi?
 – Yaxshi, rahmat! – javob berdim men.
 Bu odamning egnida yo‘l-yo‘l chopon, oyoqlariga etik kiygan edi. Poyafzalining chetlari birozgina loyligini ham payqadim. Uning boshida urinqiragan quloqchin telpak bor edi.
 Otaxon boshqa bir so‘z demadi, indamay ketaberdi. Kamgap odam bo‘lsa kerak, o‘yladim men. Bir qancha yurganimizdan so‘ng, o‘ng tomonda, yo‘l chetida yangi, zamonaviy uslubda qurilgan choyxona ko‘rindi.
 – Bolam, men shu yerda qolaman, – dedi otaxon. – Mana bu joyda ishim bor. Yodimdan ko‘tarilibdi. Shu yerga kelganimda esimga tushdi. Temir aravangni to‘xtataqol.
 Dadam choyxonaning oldida “Jiguli”ning tormozini bosdilar.
 Otaxon cho‘ntagini kavlab qanchadir pul chiqardi va uni dadamlarga uzatdi.
 – Yetadimi, bolam?
 Dadam bosh chayqadilar.
 – Kerak emas, otaxon! Shundoq o‘zimning yo‘lim edi.
 – Olaqol, tag‘in mendan norozi bo‘lib yurma!
 – Yo‘q, aslo. Siz rozi bo‘lsangiz, bo‘ldi.
 – Gap rozilikda bo‘lsa, shuncha yo‘l yurib, manzilimga olib kelib qo‘yding, senga rahmat deyman va duo qilaman, maylimi?
 – Mayli, otaxon.
 – Qani, kaftingni och!.. Yo, Olloh! Shu yigitning temir aravasini omadli va barokatli qilgin! Bu temir arava uning egasiga ulug‘ rizq-nasiba olib kelsin! Omin!
 – Rahmat, otaxon! – jilmaydilar dadam.
 Qariya mashinani tark etgach, biz yana yo‘limizga ravona bo‘ldik. Shunda men bir narsaga afsus qildim. Chunki, fotoapparatim bilan shu otaxonni rasmga olmabman. Juda zo‘r bo‘lardi-da. Keyin o‘rtoqlarimga ko‘rsatardim. Toshkentda bunday kiyingan odamlar yo‘q...
 Biz yo‘l yurib, yo‘l yursak-da, mo‘l yurib, nihoyat soat to‘qqizdan oshganda Jizzax shahriga yetib keldik.

 Buni qarang-ki, biz boradigan tashkilot Toshkent ko‘chasida joylashgan ekan. Dadam mashinalari bilan uning ichiga kirdilar. Bizni, ushbu sahni kattagina korxonaning rahbarlari kutib olishdi.
 Dadam meni ularga tanitdilar:
 – Bu qiz – Farangisxon! Mening kichik farzandim. Jizzax shahrini ko‘raman deb to‘polon qildi. Shuning uchun birga olib keldim!
 Abduhabib aka va u kishining o‘rinbosari Komil akalar, dadam menga ularning nomlarini aytdilar, jilmayib, mening xohishimni quvvatlashdi. Shundan so‘ng, ular meni tashkilot hovlisida qoldirib, idoraga shartnoma tuzish uchun kirib ketishdi. Menga, istasam atrofni tomosha qilish, xohlasam mashinada o‘tirib musiqa eshitish vazifasi topshirildi.
 Yarim soatlar o‘tgach, dadam xursand xolda idora binosidan chiqib keldilar. Ularni tashkilot rahbarlari kuzatib chiqishdi.
 – Ozod aka! Endi faqat sizga umid qilamiz. Toshkent shahrida bizning gipsimizni tarqatish sizga yuklatildi. Ishonamizki, mahsulotimizning sotilishi hajmi ancha oshadi!
 – Albatta, Abduhabib aka! Men ishonchingizni oqlash uchun bor imkoniyatlarimni ishlataman!
 – Ozod aka! Siz bizni charchatib qo‘yasiz degan umiddaman! – so‘z qo‘shdi Komil aka.
 Bu, oq-sariqdan kelgan kishi, Abduhabib akaning qo‘lida o‘qigan ekan, iqtidorli bo‘lgani uchun, ustoz o‘z shogirdini yangi korxona ochganda yoniga chaqiribdi. Asli samarqandlik bo‘lgan Abduhabib aka esa, avvallari institutda dars bergani uchun, “domla” deb nom chiqargan ekan. Bu gaplarni menga dadamlar keyinroq, yo‘lda aytdilar.
 Tashkilotdan chiqib, biz Jizzax shahrini aylandik. Markazni tomosha qildik. Bozorga kirdik – Toshkent bozorlariga juda o‘xshash, faqat narxlar sal arzonroq. Ancha joylarni rasmga oldim. Tush vaqti yaqinlashganda ovqatxonaga kirib somsa buyurdik. Bu yerning somsasi juda katta bo‘lar ekan. Va uni qizdirilgan paxta yog‘iga bulg‘ab-bulg‘ab tanavvul qilishar ekan. Bunga juda hayron bo‘ldim.
 Men bitta somsani zo‘rg‘a yedim. Ikkinchisi qornimga sig‘madi.
 Keyin, ortga qaytdik. Juda xursand edim. Dadam mashinalarini haydardilar, men esa musiqa eshitgancha Mirzacho‘l dalalarini tomosha qilib ketaberardim. Bir soatdan ko‘proq yurganimizdan so‘ng, dadamlar so‘radilar.
 – Xali, ertalab Jizzaxga ketayotganimizda bir otaxonni yo‘ldan olib, keyin qandaydir choyxona yonida qoldirib ketgandik. Esingdami?
 – Ha, dada, esimda!
 – O‘sha yerda to‘xtaylik. Qarab ket. Uzoqdan ko‘rishing bilan ayt. Bittadan choy ichib olamiz. Yo‘l baribir charchatadi.
 – Xo‘p, dada! – dedim men va yo‘l chetini diqqat bilan kuzatib keta boshladim.
 Biz ancha yurdik. Lekin, u choyxona ko‘rinay demasdi. Hamma yoq dala va odamlarning uylari.
 – Nega ertalabki choyxona ko‘rinmayapti? – so‘radilar dadam.
 Men yelkamni qisdim.
 – Hayronman!
 Biz Yangiyo‘l shahri postiga keldik hamki, baribir u choyxona qorasini ko‘rsatmadi.
 – Qiziq! Bu ne sir-sinoat ekan?
 – Bilmadim, dada, - dedim men. – Balki, payqamay o‘tib ketgandirmiz?
 – Bo‘lishi mumkin emas! Uning qaerdaligi taxminan yodimda. Uning o‘rni biyday dala bo‘lib qolibdi. Yarim kunda shunday katta binoni to‘satdan buzib, o‘rnini tekislab, shudgorlab qo‘yish mumkinligi aqlga sig‘maydi.
 Indamadim. Nima ham derdim. Dadam bilmasalar, men bilarmidim?!
 Shu sirli choyxonani o‘ylab, uyimizga yetib keldik.

 Oradan yarim yil o‘tdi. Bu orada dadamlar Jizzaxda ishlab chiqariluvchi yuqori sifatli gipsni Toshkentda yaxshi sotilishini yo‘lga qo‘ydilar. Uning xaridorlari ko‘paydi.
 Toshkentda qurilish mollarini sotadigan bir mashhur odam bor ekan. Ismi – Ikrom ota ekan. Orqavarotdan u kishini Ikrom O‘ris deb atasharkan. Bunday atalishiga sabab, u yoshlik chog‘ida, yurtimizni o‘z ichiga olgan SSSR degan mamlakat Germaniya bilan urush qilganda, u ota-onasiz qolib, ko‘p bolalar qatori O‘zbekistonga olib kelingan ekan. Shunda, bir Jamol aka ismli o‘zbek kishi uni bag‘riga olib, Islom deb nom berib, katta qilgan ekan. Bolaning kelib chiqish millati boshqa bo‘lgani uchun, barcha uni Islom O‘ris deb chaqirishga odatlangan ekan.
 Dadam uni Toshkentda bilmaydigan kishi yo‘q, u juda hurmatga sazovor inson dedilar. Bir necha marta, mashinalari buzilib qolib, yayov yurganlarida, ko‘chada taksi to‘xtatib, Ikrom O‘risnikiga olib borib qo‘ying, desalar – indamay oborib qo‘yishgan ham ekan.
 Ana shu Ikrom otaning Murod ismli o‘g‘li, o‘z otasining izidan borib qurilish mahsulotlari sotadigan joy tashkil qilibdi. Xalqimiz: “Otang qilgan ishni qilsang, ishing yurishadi”, deydi. Shuning uchunmi, Murodning ham omadi chopib, mijozlari ko‘payibdi va u dadamlarga taklif qilibdi:”Ozod aka! Shu gipsni faqat o‘zimga olib kelib bering! Qancha desangiz, beto‘xtov olaberaman. Boshqalarga bermang. Birga ishlaylik!” Dadam bu taklifga rozi bo‘libdilar. Chunki, o‘nta-o‘n beshta joyga mahsulot tarqatgandan ko‘ra, bir ishonchli kishi bilan hamkorlik qilish qulay-da!
 Dadam bundan tashqari qurilish mollari bozoridan ham joy olib, u yerga sotuvchi qo‘ydilar. Keyin, biron bir mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona ochsammikan, deb ham mo‘ljallay boshladilar.
 Oradan bir yil o‘tgach, bu niyatlari ham amalga oshdi.
 Keyin ikki yil o‘tdi. Dadamlarning barcha ishlari yaxshi borardi.
 Uch yildan so‘ng, dadam boshqa mashina olish taraddudiga tushdilar. Ularning pullari ko‘paygandi. Endi, “Jiguli” emas, chet el mashinasini haydashni istab qoldilar.
 Natijada, eski mashinalarini sotdilar va Yaponiyada ishlab chiqarilgan “Mazda” avtomobilini xarid qildilar. Bundan biz hammamiz – oyim, opam va men juda suyundik. Ammo, barvaqt xursand bo‘lgan ekanmiz.
 Shu vaqtdan boshlab, dadamlarda turli muammolar paydo bo‘la boshladi.
 Qurilish mollari bozoridagi sotuvchi tushum pullarini bermaydigan, unga bunga ishlatib qo‘ydim, keyin topganimda beraman, deydigan odat chiqardi. U oylab, qarzlarini uzmaydigan bo‘lib qoldi. Dadam uni haydab yubordilar. Boshqa tuzuk odam topolmay, vaqtincha u yerdagi ishni to‘xtatdilar.
 Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining tarqalishi ham keskin tushib ketdi. Dadam buning sababini bilolmay garang bo‘lardilar. Hamma ishni to‘g‘ri qilayapman-ku, nega bunaqa bo‘layapti, derdilar.
 Ustiga ustak, Ikrom otaning o‘g‘li bo‘lmish Murod o‘z labzini unutibdi. U dadamlarning o‘rniga, o‘zining bir jizzaxlik qarindoshini qo‘yishni o‘ylab qolibdi. Uni Abduhabib akaning oldiga jo‘natibdi. Yaxshi hamki, “domla” unga rad javobini beribdi. Dadam bundan xursand bo‘ldilar. Lekin, bu qoniqish hissi uzoqqa cho‘zilmadi. O‘sha qarindosh juda harakatchan ekan, yuqori idoralarda ishlovchi turli kishilarga qo‘ng‘iroq qildirib, Abduhabib akani dadamlar bilan boshqa shartnoma tuzmaslikka majbur qilibdi.
 Dadamlar, asli olim va faylasuf bo‘lganlari uchun, ruhlarini cho‘ktirmadilar. Sharoitni tahlil qilardilar, yechim qidirardilar. Bir kuni men bilan gaplashdilar. Men bu paytda kollejda o‘qiyotgandim.
 – Farangisxon! – dedilar ular. – Esingdami, biz birga Jizzaxga borgandik!
 – Ha, dada. Esimda! – javob berdim men.
 – Yo‘lda uchragan otaxon-chi, yodingdami?
 – Ha, yodimda. O‘shanda u kishini rasmga olmaganimga afsuslangandim.
 – Choyxona-chi?
 – Sirli choyxona ham esimda, dada! U keyin topolmagan-dik. Qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qolgandi.
 – Men bir narsani tushundim. O‘sha sirli choyxona oldida, otaxon bizni duo qilgandilar. Hamma gap o‘sha duoda! Hozir bizda u duoning kuchi yo‘q. Bildingmi?
 Men darhol so‘z qotdim.
 – Otaxon yodimda. U bizni emas, mashinangizni duo qilgandi. O‘shanda bunday degandi: “Yo, Olloh! Shu yigitning temir aravasini omadli va barokatli qilgin! Bu temir arava uning egasiga ulug‘ rizq-nasiba olib kelsin! Omin!”
 – Rostdan shunday deganmidi?
 – Ha, dada. Xuddi kechagidek yodimda! Bilasiz-ku, esda saqlash qobiliyatim yaxshi.
 Dadam o‘ylanib qoldilar. Keyin xulosa chiqardilar.
 – Men ertagayoq “Jiguli”imni qayta sotib olaman!

 Ertasi kuni kechqurun dadamlar uyga xorg‘in qaytdilar. Oyim so‘radilar.
 – Ha, dadasi, charchadingizmi?
 – Shunaqa bo‘lsa kerak... – javob qildilar ular.
 Kiyimlarini almashtirib, o‘tirib ovqatlandilar. Keyin men so‘radim.
 – Dada, “Jiguli”ni qayta sotib ololmadingizmi?
 – Ha, qizim. Uning yangi egasi sotmayman, dedi. Uni hozir minmayotgan ekan. Hovlisining to‘riga qo‘yib qo‘yibdi. Eksponat qilib. O‘zi boshqa yangi mashina haydab yuribdi. “Sizning “Jiguli”ingiz juda omad olib keluvchi ekan. Bir yilda ishlarim juda zo‘r bo‘lib ketdi. Bunday avtomobilni sotib bo‘lmaydi!”, dedi.
 Men dadamga ham, o‘zimga ham achindim. Axir, kollejni bitirgach, chet elga o‘qishga bormoqchi edim. Shuning uchun, zo‘r berib ingliz tilini o‘rganayotgandim. Pul bo‘lmasa, yaxshi o‘qish qayoqda?! Endi, orzu-umidlarim nima bo‘ladi?
 Homush bo‘lib turdim-da, birdan ongimda bir yorqin fikr charaqladi! Uni darhol dadamga bildirdim.
 – Dada! Ertaga Jizzaxga borib kelaylik!
 – Nega, qizim?
 – Paxta yog‘iga bulg‘ab somsa yegim kelayapti. Mazasi og‘zimda qolgan.
 – O‘qishing nima bo‘ladi?
 – Mavzularni aniqlab, kitoblardan o‘rganib olaman!
 – Mayli, qizim. Baribir, mening hech bir ishim yo‘q, ertaga. Oborib kelaman.

 Tongda yo‘lga tushdik. Bu gal mening atrofdagi manzaralarga beparvo edim. Shahardan chiqqach, yarim soatlar o‘tgach, biz militsiya postidan o‘tdik.
 – Bu qaysi shaharniki? – so‘radim men, bilsam ham.
 – Yangiyo‘lniki, – xabar berdilar dadam.
 Postdan o‘tgach, “Mazda”mizning tezligi oshdi. O‘n daqiqalar yurganimizdan so‘ng, oldinda, yo‘l chetida bir odamning qorasi ko‘rindi. Men xuddi shu daqiqani kutayotgandim. U mashinamizni to‘xtatish uchun bir qo‘lini ko‘tardi. Dadam indamay o‘tib ketmoqchi edilar-u, yaqin qolganda u kishining qariya ekanligini payqab, tormozni bosdilar. Sal o‘tib ketganlari uchun, avtomobilni orqaga yurgizib, o‘sha odamning ro‘parasiga to‘xtatdilar. Yonlaridagi eshikni ochib, so‘z qotdilar.
 – Assalom alaykum, amaki! Keling, o‘tiring, oborib qo‘yaman.
 – Vaalaykum assalom, bolam! Meni sal nariroqqa tashlab qo‘yasanmi?
 – Bemalol, o‘tirabering!
 – Katta yo‘ldan o‘ng tomonga qayrilamiz-da, bir-ikki chaqirim yuramiz, maylimi?
 – Mayli, amaki.
 Qariya dadamning yonlariga o‘rnashdi. Men darhol salom berdim.
 – Assalom alaykum!
 – Vaalaykum assalom, qizim! Yaxshi yuribsanmi? Ancha katta bo‘lib qolibsan-ku!
 – Ha, otaxon! – javob berdim men. – Siz esa o‘zgarmabsiz! Kiyimingiz ham o‘sha-o‘sha!
 – O‘tgan gal, sen rasmga olsang-da, baribir chiqmasdi!
 Bu vaqtda dadam mashinani yurgizgandilar. Qo‘llari rulda, quloqlari bizning suhbatda edi. Nega meni bu otaxon bilan eski tanishlardek gaplashayotganimni xali anglab yetmagandilar.
 Qariya boshqa bir so‘z demadi, indamay ketaberdi. Men ham muvozanatni buzib qo‘ymaslik uchun sukut saqlab ketdim. Bir qancha yurganimizdan so‘ng, o‘ng tomonda, yo‘l chetida yangi, zamonaviy uslubda qurilgan choyxona ko‘rindi. Bu, xuddi o‘sha, o‘tgan safardagi sirli choyxona edi!
 – Bolam, men shu yerda qolaman, – dedi otaxon. – Mana bu joyda ishim bor. Yodimdan ko‘tarilibdi. Shu yerga kelganimda esimga tushdi. Temir aravangni to‘xtataqol.
 Dadam choyxonaning oldida “Mazda”ning tormozini bosdilar.
 Otaxon cho‘ntagini kavlab qanchadir pul chiqardi va uni dadamlarga uzatdi.
 – Yetadimi, bolam?
 Dadam bosh chayqadilar.
 – Kerak emas, otaxon! Shundoq o‘zimning yo‘lim edi.
 – Olaqol, tag‘in mendan norozi bo‘lib yurma!
 – Yo‘q, aslo. Siz rozi bo‘lsangiz, bo‘ldi.
 – Gap rozilikda bo‘lsa, shuncha yo‘l yurib, manzilimga olib kelib qo‘yding, senga rahmat deyman va duo qilaman, maylimi?
 – Mayli, otaxon.
 – Qani, kaftingni och!.. Yo, Olloh! Shu yigitning temir aravasini omadli va barokatli qilgin! Bu temir arava uning egasiga ulug‘ rizq-nasiba olib kelsin! Omin!
 – Rahmat, otaxon! – jilmaydilar dadam.
 Qariya menga o‘girildi.
 – Qizim, xudo xohlasa, albatta chet elga o‘qishga borasan. Baxtli bo‘lsan! Hamma yaxshi niyatlaringga yetasan!
 Shu gaplarni aytib, otaxon mashinani tark etdi. Dadam esa bu paytda taxtadek qotib, o‘tgan safardagi voqea qaytarilganiga hang-mang bo‘lib qolgandilar.
 Men ularga so‘z qotdim.
 – Dada, mana bu sirli choyxonaga kirib, bittadan choy ichmaymizmi?
 Ular atrofga alangladilar va so‘radilar:
 – Qani choyxona?
 Haqiqatdan hozirgina yonimizda turgan bino ko‘zdan yo‘qolgandi. Mashinamizdan tushgan otaxon ham g‘oyib bo‘lgandi.
 – Dada, unda uyga ketdik! – dedim men.
 – Voy, jizzax somsa yemaymizmi?! – so‘radilar.
 – Yo‘q, menga toshkentcha somsaga pista yog‘ini qizdirib bersangiz, o‘shanga bulg‘ab ham yeya beraman!
 
 Shu voqeadan bir oy o‘tar-o‘tmas, qurilish mollari bozori boshqaruvchisi dadamlarni chaqirdi. “Ozod aka! – debdi u. – Mening bir juda halol jiyanim bor. Joyingizga mahsulot tushirib bering, savdo qilsin. Uning noto‘g‘ri ishiga men javob beraman!”
 Ikki oydan so‘ng, ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga ikkita “Qurilish mollari savdo uyi” xaridor bo‘lib, katta miqdorga shartnoma tuzdilar.
 Uch oydan so‘ng esa, Abduhabib aka to‘satdan qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
 – Ozod aka! – dedi u. – O‘rnimga Komilni bosh rahbar qilib tayinladim. O‘zim esa firmani tashkil etuvchi maqomida qolaman. Murodning qarindoshi bilan ishni to‘xtatayapman. U bizning ishonchimizni oqlamayapti. Shuning uchun, kelayotgan xafta ichida Jizzaxga kelsangiz, yangi shartnoma tuzar edik!
 Keyin, Komil akaning o‘zi aloqaga chiqdi.
 – Men hozir bosh rahbarlikka o‘tdim. Endi faqat siz bilan ishlaymiz!
 – Murodning qarindoshi-chi?! Uning yuqori joylarda okaxonlari bor. Bosimga chiday olasizmi? – so‘radilar dadam.
 – Ular qo‘ng‘iroq qilishsa, bir mashina mol beraman, yana qo‘ng‘iroq bo‘lsa, yana bir mashina beraman. Uchinchisida jonlariga tegadi, – dedi u.
 – Murod-chi?! U ham o‘z qarindoshiga yon bosar?
 – Unga o‘zim tushuntiraman. Agar u gipsimizni olmasa, boshqalar tayyor turibdi. Bunday mustahkam gips – O‘zbekistonda bitta!

Shunday qilib, dadamning ishlari yana avvalgi izga tushib ketdi. Bu yil yangi “Lasetti” mashinasi sotib oldilar. “Mazda” esa eksponat bo‘lib hovlida turibdi.
 Men esa ushbu bo‘lgan voqeani Amerikaning Missuri shtati universiteti kutubxonasida o‘tirib yozdim. Doimo yaxshilik qiling – duo olasiz. Duo esa – oltindir...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.