OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Bir savat qizil atirgul (badia)

Assalomu alaykum, Nizom aka!
Fe’l-atvoringizga yarashiq cho‘rtkesarlik bilan, ehtimol, shunday deyishingiz mumkin: “Bu... g‘alati bola ekan. Gazeta orqali maktub yo‘llamay, gapini o‘zimga aytib qo‘ya qolsa bo‘lmasmidi?”.
Yuzma-yuz kelganda ko‘p narsalarni gaplashib bo‘lmaydi-da, aka. Ayniqsa, adabiyot haqida. Ayniqsa, qarshingdagi insonning mahoratiga tan bersang, uni yaxshi ko‘rsang, havas qilsang. Bunday holatda nimani ham gapirishing mumkin. Nizom aka, “kamtar”liging zamirida manmanliging yotibdi, degan shubhaga bormang. Yuragimdan chiqarib aytayapman bu gapni.
Endi, ijozat etsangiz, Siz bilan bir yilda bir-ikki bor uchrashganimizda qisqa-yuluq suhbatlarimiz chog‘ida aytolmagan gaplarimni qog‘ozga tushirsam. Ba’zida dildagini tilga chiqara olmasam, shunday, qog‘oz-qalam hamrohim bo‘ladi.
Mening yaxshi ko‘rgan yozuvchilarim ko‘p. Ularning kitoblarini baholiqudrat mutolaa qildim, o‘qiyapman. Imkonim darajasida tushundim, anglashga harakat qilayapman. Nazarimda, har bir kitobxonning (ehtimol, yozuvchining ham) doimo yonida olib yuradigan, safar xaltasidan tushirmay ardoqlaydigan, takror-takror o‘qiydigan, ma’lum vaqt o‘tib xumori tutib tag‘in qo‘lga oladigan kitoblari bo‘ladi. Bu har bir insonning fe’l-atvori, dunyoqarashi, hayotga munosabati bilan bog‘liq odati.
Kamina Borxes, Xeminguey, Turgenev, Remark, Dumbadze singari qalbimni zabt etgan yozuvchilarning durdona asarlarini hamisha o‘zim bilan birga olib yuraman. Safarda, dam olishda, uyda ular hamrohim. Borxesning og‘u aralash hayot sharobi mavjlaridan titragan inson qalbi tug‘yonlarini mohirona tasvirlash san’ati, Xemingueyning zimistonlik ichra porillab, porlab turgan muhabbat atirgulini ko‘rsata bilishi, hodisotni esa shunchaki suhbatdek tuyulgan diologlar zamiriga cho‘ktirib yuborishi, Turgenev kitoblari sahifasidan bepoyon rus dalalari, yovvoyi o‘t-o‘lanlar hidining dimoqqa urilishi, Remarkning urush va o‘lim dahshatlarining shafqatsiz chig‘irig‘iga kinoya va sirli tabassum bilan ro‘baro‘ kelishi, Dumbadzening Insonni seving, unga muhabbat-mehr bering, uni yolg‘iz qoldirmang, deya xokisorlik bilan qilgan iltijolari o‘quvchini bu go‘zal hayot bilan ko‘rinmas, lekin uzilmas rishta orqali mahkam bog‘lab turadi. Ulardan orttirgan sabog‘im shu: “Hayotni sev. Yashashni o‘rgan!..”. Qalbimdan joy olgan bu kitoblarning ayrimlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganingiz, ularni ona tilimizda ham o‘qiganim uchun bir umr qarzdorlik hissi bilan Sizga minnatdorchilik bildiraman.
Ha, o‘zga bir adibning qalb harorati va og‘riqlarini o‘z qalbimizga ko‘chirishimiz, ularni qalbimizda tuyishimiz, o‘zga adib ruhiyatidagi qarashlarga ruhiyatimizdan tantilik va matonat bilan joy berishimiz, alaloqibat, bag‘rikenglik bilan uni o‘zbekcha gapirtirishimiz oson kechmaydi, albatta.
Adib o‘z asarini yuragida paydo qiladi, ulg‘aytiradi. Asar qahramonlari hayotdan olinadi, degan qarashga esa qo‘shilmayman. Qahramonlar ko‘kdan yoki yerdan olinadimi, bilmadimu, lekin yozuvchi, hayotni kuzatishlari evaziga, o‘z qalbida ularga jon ulashadi. Xullas, yozuvchi asarni voqelik va hodisalar, ziddiyatli hayot manzaralari, turfa qahramonlar va personajlar bilan birga yaxlit holda o‘z yuragida voyaga yetkazadi. Tarjimon esa, asar bilan birga yozuvchiga ham, ya’ni o‘zi tarjima qilishga chog‘langan asar muallifiga ham qalbidan joy berishga majbur. Chunki yozuvchi asariga o‘z qarashlari, istak va xohish-irodasi, intilishlarini qahramoni orqali singdirib yuboradi. Tarjimon adib xarakterini mukammal bilmay, ruhiyatida uning ruhi bilan uyg‘unlik, ruhdoshlik va qalbdoshlikni his qilmay turib asarni yuksak darajada tarjima qilolmaydi. Tarjimon, birinchi galda, adibdagi barcha ezgu fazilatlarni ilg‘ay bilishi, uni sevishi, hurmat qilishi, do‘st tutinishi, qalban bog‘lanishi lozim bo‘ladi.
Dostoevskiyning “Telba”siday murakkab asarni tarjima qilib, falsafiy idrok orqali tilimizning jilvasi va jozibasini badiiyat cho‘qqisiga olib chiqqan tarjimon Ibrohim G‘afurovning zahmati, xizmati evaziga Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol!”, “Chol va dengiz”, “Quyosh baribir chiqaveradi” asarlarini o‘qib, mutarjimning, Xeminguey bilan birga jang qilganini Xeminguey bilan do‘st tutinib, Xeminguey bilan birga nafas olganini his etganman.
Jahon adabiyotida urushning dahshatli manzaralarini hayotiy aks ettirgan, bashariyat tarixining zulmatli lahzalarida inson qalbi og‘riqlarni mahorat bilan tasvirlagan Remark asarlaridagi yukni yelkalash ham oson emas. “Uch og‘ayni”, “Esizgina, yoshligim” singari asarlarni o‘zbek tiliga o‘girish uchun faqat tarjimon mahorati, bilim va tajribasi kamlik qiladi. Nazarimda, Remakka yo‘ldosh va yelkadosh tarjimonning o‘zi, avvalo, urush dahshatlarini, qiyomat-qoyim janglarni tasavvur etishi, bu fojialar mohiyati, sabab-u oqibatlarini teran anglay bilishi lozim bo‘ladi. Yo‘qsa, Remark ham, uning asarlari ham o‘quvchiga singishmaydi. Siz mahorat bilan tarjima qilgan “Uch og‘ayni”, “Esizgina, yoshligim” asarlari orqali o‘zbek kitobxonlari buyuk nemis adibi Remark ijodini kashf etdilar.
Shu o‘rinda ko‘ngilda bir ishtiboh tug‘ildi. Kezi kelganda aytay: bugun ayrim nashrlarda jahon adabiyoti durdonasi sanalgan asarlar tilimizga tarjima qilinib, chop etishga ishtiyoq kuchayganini sezish mumkin. Bu yaxshi. Jahon adabiyoti bilan tanishish xayrli ish, albatta. Biroq tarjimonning no‘noqligi bois, ayrim asarlar publitsistik maqolalar darajasidan ham pastga tushib qolayapti. Bu ko‘kda porlab turgan yulduzni yerdagi tilla qo‘ng‘izga mengzash bilan barobar emasmikan? Ayniqsa, detektiv ruhidagi tarjima hikoyalar shunchalar ko‘payib ketdiki, ularni o‘qib quruq voqelik bayonidan o‘zga badiiy me’yorni topolmaysiz. Nahotki, o‘z mamlakatidagina emas, balki dunyoga taniqli shunday mashhur yozuvchining hikoyasi shu bo‘lsa, degan o‘yga borasiz. Nashrning sahifasini to‘ldirish yoki o‘quvchining vaqtini o‘g‘irlab qalam haqi uchun sho‘rlik yozuvchining obro‘sini tushirish shartmikin? Adabiyot bilan hazillashib bo‘lmaydi, adabiyot millat, xalq ma’naviyati bilan bog‘liq masala. Adabiyot insonni anglash, insonni tushunish, inson qismatiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash, degani. Adabiyotning yo‘li ham, borar manzili ham Inson qalbi. Agar jahon adabiyotini ezgulik yaproqlari shovullab barq urgan ulkan daraxtga qiyos etsak, uning zamin qa’riga singib ketgan barcha tomirlari Insonni seving, qalbini ardoqlang, Insonga go‘zal va sokin hayot, muhabbat ulashing, degan umrboqiy ezgu aqidalar bulog‘idan suv ichadi. Shu tufayli ham, bu ulkan daraxt mangulik timsoli sifatida yashnab turadi. Ana shu yashnab turgan yaxshilik daraxti mevalaridan millatimizni bahramand etish uchun Vahob Ro‘zimetov, Ozod Sharafiddinov, Qodir Mirmuhammedov, Xolida Ahrorova, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Mahkam Mahmud, Ahmad A’zam, Mirpo‘lat Mirzo, Fayzi Shohismoil, Ahmad Otaboy, Oygul Suyundiqova, Alisher Otaboev singari fidoyi mutarjimlarning safi tarjimani badiiy asar yaratish darajasida san’at ishi deb qaraydigan iqtidor egalari bilan yanada kengayishini istardim.
Nizom aka, uzr. Vaqtingizni oldim. Ko‘ngildagini qog‘ozga to‘kdim. Sizga maktub yo‘llashimning yana bir sababi, “Jahon adabiyoti durdonalari” seriyasida chop etilgan Nodar Dumbadzening “Ellada”, “Ko‘karachi”, “Oq bayroqlar”, “Abadiyat qonuni” asarlarini Sizning tarjimangizda kuni kecha yana bir bor o‘qib chiqdim. Bu asarlarni men o‘n marta, ehtimol, undan ham ko‘proq marotaba o‘qigandirman. Muhimi bu emas. Muhimi, men ular tufayli hech bir zamonda adabiyot yelkalagan yuk eskirmasligiga, adabiyot o‘lmasligiga ishonchim qat’iylashganday bo‘ldi. Odamlar bir-biriga mehr ko‘rsatsa, ayasa, sevsa, bu o‘tkinchi dunyoda bir-birini e’zozlasa insonlar qalbida Nodar Dumbadze yaxshi ko‘rgan qip-qizil atirgullar ochiladi, odamlar qalbida Dumbadze talpingan mehr oftobi porlaydi, shunda odamlar yuragidan og‘riq mahv etiladi, odamning yuragi o‘zidan og‘ir yukni ko‘tarib qiynalmaydi, odamning yuragi zamindan og‘ir yukni ko‘tarib toliqmaydi. Siz menga aka bo‘lsangiz, menga ham kimdir uka yoki do‘st bo‘lsam, bir-birimizga xiyonat qilmasak, yuragimiz o‘zimizga hech qachon og‘irlik qilmaydi. Zotan, Insonning yuragi shu qadar og‘irki, uni bir kishi ko‘tarolmaydi. Biz, odamlar toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz, bir-birimizning yuragimizga madad bo‘lishga harakat qilishimiz kerak...
Yozuvchi bu qonunni Abadiyat qonuni deb ataydi. Qiziq... Buni Adabiyot qonuni desak, ham bo‘larkan-a? Adabiyot qonuni — Inson yuragini e’zozlash qonuni! Barcha xalqlar, barcha mamlakatlarga birday taalluqli qonun...
Ayniqsa... Luis Borxes qahramoni Funesning xotirasi hech kimga, hatto o‘ziga ham keraksiz, ikir-chikirlar, chiqindilar singari mutlaq ahamiyatsiz nimalarsalar bilan to‘lib-toshgani kabi, hozirgi zamon kishilari qalbini ham XXI asr to‘zonlari larzaga solib, qalbimiz ummonida SMS aysberglari paydo bo‘layotgan bir davrda insoniylikning mehr-muhabbat oftobiga joy topilarmikan, degan xavotirga tushmay ilojimiz yo‘q.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, “Dunyoni go‘zallik qutqarishi”ni Adabiyot bashorat qilgan edi. Buni qanday talqin qilish har qaysimizning o‘zimizga bog‘liq. Xohlaylik muhabbat qutqaradi, deylik, xohlaylik mehr asraydi, deylik, biroq bu iboralarning mazmun-mohiyati bitta va u Insonning eng ulug‘, eng oliyjanob tuyg‘ulariga borib taqaladi, adabiyot maslagiga, adabiyotning muddaosiga borib taqaladi. Ya’ni dunyo adabiyotining muddaosiga!
Shu muddaoni anglab yetishimiz uchun tarjimon sifatida xalqimiz oldida Sizning ham xizmatingiz va mas’uliyatingiz beqiyos ekanligini ta’kidlamoqchi edim.
Salomat bo‘ling!
Sizdan yanada go‘zal va buyuk asarlar tarjimasini kutib, ukangiz

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.