OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Biz ham odammiz (pyesa)

Qatnashuvchilar:
Jayron bobo – cho‘pon. 80 yoshda.
Gulsum momo – Jayron boboning kampiri.
Esonqul bobo – cho‘ponning oshnasi. 80 yoshda.
Butunvoy – cho‘ponning tutingan o‘g‘li. 35 yoshda.
Sora – Butunvoyning sevgilisi. 35 yoshda.
Qulmirza – “Katta”ning yugurdagi. 40 yoshda.
Tilovoldi – cho‘ponning o‘g‘li. 20 yoshda.
Zemfira – Tohir Tohirovichning jazmani.
Tohir Tohirovich – shaharlik boyvachcha. 60 yoshda.
Haydovchi – 30-35 yoshda.

BIRINCHI SAHNA

Avji bahor. Olisda yuksak tog‘lar ko‘rinadi. Tog‘ yonbag‘irlariga yam-yashil adirlar tutashib ketgan. Adirlar poyida qizg‘aldoqlar ochilgan. Bu manzara cho‘ponning chog‘roq hovlisidan yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Hovli o‘rtasida supa. Bir tup daraxt soya tashlagan.
Chol bilan kampir supada choy ichib o‘tirishibdi. Nariroqdagi so‘rida esa ularning tutingan o‘g‘li – Butunvoy. Boshini yerga egib, ikki qo‘li bilan chakkalarini mahkam qisib olgan. Shu alfozda o‘tirib, beayov og‘riq azobida titrab-chayqalayotgan boshini qo‘llari bilan yanada qattiqroq siqib, ingrab, qaltiray boshlaydi.
Sahnadagi karnaydan tuyqus o‘q ovozi, portlash va gumburlashlar eshitiladi. Jang to‘s-to‘poloni, qiy-chuv, vahimali otishmalar aks-sado bermoqda. Butunvoy so‘rida g‘ujanak bo‘lib yotib oladi. Oyoqlarini xuddi joni uzilayotgan qo‘yday tipirchilatib baqiradi.
Butunvoy: A-a-a-a! Nee...ss...tri...lay. Net-nestriiil-a-a-ay. A-a-a-a!
Gulsum momo: (U tomonga oyoqyalang yugurgilab) Bolamov, bolam-a. Mengina o‘layin bolam-a... Yana boshlandima-a, bolama...
(Jayron bobo ham o‘rnidan dast turib ketadi. Butunvoyga qarab, boshini sarak-sarak qiladi).
Jayron bobo: Ov, xudoyima. Yana qo‘zg‘aldimi-ya... Kampir suv olib ber. O‘zing uzoqroq tur. Ana chelakdagi suvni sep...
(Gulsum momo Butunvoyning ustidan bir chelak suv sepib yuboradi. Butunvoy o‘ziga keladi. Jang ovozlari tinadi. Cho‘kkalab olib ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi. Gulsum momo Butunvoyning boshini bag‘riga bosadi).
Gulsum momo: Bolajonim-a, bolam. O‘zingni bos, aylanay. Meni qo‘rqitma, aylanay, Butunim! Enang o‘rgilsin, bolam... Senga nima bo‘ldi, qo‘y, yig‘lama bolam, yig‘lama...
(Jayron bobo so‘rida. Boshi quyi egilgan. Yelkalari silkinadi).
Jayron bobo: Uyi kuysin urushni chiqarganni. Uyginasi kuysin. Shunday yigitni yarimjon qip tashladi-ya. Shunday yigitni xor qildi-ya.
Gulsum momo: Aylanayin, Butunim. Tur o‘rningdan. Tur endi. Supaga chiq. Choy ichasanmi, bolam?
(Butunvoy bosh irg‘ab, bir nuqtaga tikilgancha o‘tiraveradi).
Jayron bobo: Qo‘y, indama. Tinch qo‘y. O‘z ko‘yiga qo‘yib ber. Bir o‘zi picha o‘tirsin. Yengil tortadi.
(Gulsum momo Butunvoydan ko‘z uzmay turadi-da, ortiga ayanchli alfozda qarab-qarab supaga, choli yoniga keladi. Supaga chiqib choli qarshisiga cho‘kadi. Ular bir pas jim qolishadi).
Gulsum momo: Shuginani yana bir tabib-mabibmi, do‘xtir-po‘xtirgami ko‘rsatmadik-da.
Jayron bobo: Bormagan do‘xtirimiz qolmadi-ku, kampir. Hali Termiz, hali Denov, hali Dushanbe deding olib bordim. Eskichadan ham armon qolmadi. Chiroq deding, qildik. Chilton deding, qildik... Qushnoch deding, fol deding... Qaniydi nafi bo‘lsa. Ayt, yana nima qilay?
Gulsum momo: Bovosi, Obshirdagi Hojar folchiga ham bir olib boring. Hamma maqtayapti. Dap-doira chalib dam solarkan. Juda bilong‘ich deyishayapti. Qaerida nima kasali bor, shunday yuziga ser solib aytib berarmish. To‘xtasin kampirning kelini Melixolni ham ko‘rsatishmagan tabibi qolmagandi. Shunga olib borishgan ekan, bo‘yida bo‘pti. Ins-jinsniyam quvarmish.
Jayron bobo: Tabib-do‘xtirlar bilmagan davoni folchi xotin qaerdan bilsin.
Gulsum momo: (Butunvoyga qarab qo‘yib) Sizam do‘xtirning gapini gapirasiz. Tentak-pentak, jinni-pinni bo‘lsayam mayliyidi, davosi yo‘q derdim... Aqli-hushi joyida. Kasali vaqti-vaqtiminan qo‘ziydi. Uvoliga qolmang, bovosi...
(Ro‘moli uchi bilan ko‘zini artib, yig‘lay boshlaydi).
Jayron bobo: Bo‘ldi qil! Bo‘ldi qil, endi... Bozor kuni olib boraman. (uh tortib, o‘zicha) Hojar folchigayam oborganim bo‘lsin, lekin foydasi bo‘larmikan... Sho‘rlik bolamning bosh og‘rig‘ini Yaratgan egamdan boshqa hech kim chiqarib tashlolmaydi...
Gulsum momo: Xudoyimning rahmi kelsin, bovosi. Buyam bir sababda endi. Shu bahona bo‘lib tuzalib ketsa ajabmas...
Jayron bobo: Bo‘ldi qil... kampir. Yakshanbada boramiz dedim-ku... (Butunvoyga qarab) O‘g‘lim bu yoqqa ke. Bir piyola choy ichib ol. Ke, o‘tiraverasanmi endi.

(Butunvoy o‘rnidan turib chol-kampirning oldiga keladi. Bobo choy uzatadi. Butunvoy bosh irg‘aydi. Supa yonidagi cho‘pon tayog‘ini olib, ortiga qaytadi)
Gulsum momo: Butunvoy, ke o‘tir, bolam. Ovqatlanib ol. Keyin chiqasan. Suruv qochib ketmaydi. Qorningni to‘yg‘izib ol, aylanay.
(Butunvoy yo‘q deganday bosh irg‘aydi-da, tayog‘ini sudragancha chiqib ketadi. Jayron bobo ham, Gulsum momo ham uning ortidan termilib qolishadi).

SAHNA

Ikkinchi ko‘rinish

Yana o‘sha – cho‘pon hovlisi. Tong payti. Kampir bilan chol o‘sha supada nonushta qilishmoqda. So‘rida Butunvoyning joyi bo‘m-bo‘sh.
Jayron bobo: Butunvoy suruvdan qaytmasa, o‘zim borib kelaman... tili zaboni yo‘q bo‘lgani bilan ishiga pishiq, xumpar...
Gulsum momo: Bovosi, qishloqdan Turdi kal keluvdi kecha... Hali siz tog‘dan qaytmagandingiz.
Jayron bobo: (sinchkov tikilib) Nima ishi bor ekan?
Gulsum momo: O‘g‘lini uyli-joyli qilayaptiykin. Cholingiz bir diriqqi bo‘lsayam qo‘zi berib turolmasmikin, deydi.
Jayron bobo: (jahli qo‘zib) Mening qo‘y-qo‘zilarim dirriqi deb o‘sha isqoti cholga kim aytibdi?
 Gulsum momo: (kulimsirab) Hazillashadi-da, bovosi. Ikkovingizning hech zamonda bir-birovingizga to‘g‘ri gapingiz yo‘q-ku... Ha, keyin aytdiki... (ikkilanadi)
Jayron bobo: (jahllanib) Ha, keyin nima dedi. Timirskilanmay gapir... Qo‘zi bo‘lsa, ana, o‘zimizning qo‘zidan birovini ber. Yomon bo‘lsayam ming yillik oshnam. Sen boshqa gap gapirmoqchiyding?
Gulsum momo: Pardaboy qizini Omon partiyaga erga berayotganmish.
Jayron bobo: (ortga tislanib) Nima, nima?.. Nima deyapsan o‘zi? Esing joyidami?
Gulsum momo: Esim joyida. Turdi kal oshnajoningiz sizni shu – Soraning to‘yiga ham aytib ketdi...
Jayron bobo: Omon partiya Pardaboyning jo‘rasi-ku, hammamiz teng-to‘shmiz. Sora uning kenja bolasidan ham kichik-ku?
Gulsum momo: Zamon buzildi, bovosi. Pardaboyingizdi xudo urganga o‘xshaydi. Omon partiyangizdan ham tavfiq ko‘tarilibdi...
Jayron bobo: Sora rozi bo‘libdi de.
Gulsum momo: Men ne bilay?
Jayron bobo: Endi Butunvoyning holi... Bechora bolaning sho‘ri ko‘p ekanda... Sora shuni deb shu paytgacha ersiz yurdi.
Gulsum momo: Nimasini aytasiz, bovosi. Duduq bo‘lsayam, odamovi bo‘lsa-yam shuni deyman. O‘la-o‘lgunimcha Butunvoyingizni deyman, deb yig‘lab-yig‘lab yuragini ochar edi, qizaloq sho‘rlik...
Jayron bobo: Butunvoy armiyaga ketishidan oldin Sora ikkoviga non sindirilib, fotiha o‘qilganda, ustida edim. Tavba, o‘sha Omon partiyaning o‘zi Soraga sovchilik qiluvdi-ya. Ha, iymonsiz-a! Hay iymonsiz!..
Gulsum momo: Hoy, davri davron o‘tib, omad ketgach, boshingga osmon tushadi, degich edi otam rahmatli. U paytlar Butunvoyning otasi Sherdullo sho‘roning qo‘li uzun edi...
Jayron bobo: Sherdullo sho‘roni paxta ishi, o‘zbek poraxo‘r deb o‘ris tergovchilari qamashgach, xotini Kunsuluvga qiyin bo‘ldi.
Gulsum momo: Nimasini aytasiz... Eri qamoqda o‘lgach, Kunsuluv ham bu dardni ko‘tarolmadi. Bir oydan so‘ng omonatini topshirdi. Ichi kuyib ketganakanda, bechoraning...
Jayron bobo: Yolg‘iz o‘g‘il Butunvoy esa ariza yozib, afg‘on urushiga ketdi. Bolasi tushmagur, shu joyda xomlik qildi.
Gulsum momo: Qo‘ling singur, Berdiqassob, Butunvoyni singlimning ortidan ergashma, deb o‘tgan kuni o‘lasi qilib kaltaklabdiyam.
Jayron bobo: It ham, qush ham juftiga talpinadi. Bu axir bir beziyon odam bolasi-ku, kampir. Gapirolmagani bilan aqli but.
Gulsum momo: Choyingizni iching, bovosi. Butunvoyga adir etagidagi g‘umayzorni o‘rdirtiraman. Qishloqqa jo‘natmayman. Alag‘da bo‘lmang, oling.
Esonqul bobo: (ovozi) Jayronqul! Hoy Jayronqul! Och eshikni. Nima balo chol-kampir bekinib olib pul sanayapsanlarmi? Otingni sot, molingni sot, cho‘pon bo‘l ekan-da-a?!
Jayron bobo: Hoy, ke-kelaver, Esonqul. Eshik ochiq, kelaver!
(Chol-kampir o‘rnidan turishadi)
Esonqul bobo: Ey oshnajon, bu deyman kampiring bilan o‘ta iskritniy gaplardan olayapsizlar chog‘i, a?! Ke, bir bag‘rimga bosay. Omonmisan? Ko‘rishmaganimizga ham yil o‘n ikki oy bo‘libdi-ya?
(Gulsum momo supadan tushib, o‘choq boshiga yugurgilaydi. Esonqul bobo yostiqqa yonboshlab, o‘rtog‘iga sirli qarash qiladi).
Esonqul bobo: Xo‘sh, Jayronqul, ahvoling yaxshimi? Suyak yengilmi?
Jayron bobo: Shukr. Xudoga shukr. Bir navi. Yuribmiz suruvning ketidan sudralib.O‘zingdan so‘rasak. Bola-chaqa... kampiring... tan-joni sog‘mi? Qishloqda nima gaplar?..
Esonqul bobo: Shu cho‘ponlik deb eldan uzilib ham qolasan-da.
Jayron bobo: Nima qil deysan? Movridi kemayapti. Boraman deyman, hali u ish chiqadi, hali bu ish chiqadi...
(Gulsum momo choy keltirib, supaga o‘tiradi. Chollarga choy uzatadi).
Gulsum momo: Qishloqda nima gaplar, Eson bovo?
Eson bobo: Boybicha gap ko‘p. Yaxshi gapam bor, yomoniyam... Tunov kun Xidir omborchi to‘y qildi. Odam mo‘rmalaxday yog‘ildi. Bu yog‘i Mo‘minqul, Obshirdan, Jobu, Qorliq, Mirshodigacha – tumandagi hamma qishloqdan gurros-gurros el keldi. Sho‘rchi, Denov, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘ondan polvonlar keldi. Xidir omborchi ikki tomonidagi qo‘shnisining ham hovlisini buldozir bilan surib, devor-pevorini tekislab, istodion qildi. Muncha odamni sen tushungdayam ko‘rmagansan. So‘ng Toshkentdan televizorga chiqadigan zo‘r-zo‘r artist qizlarni olib kelib ashula ayttirdi. O‘yinchilarni opkelib o‘ynatdi.
Jayron bobo: (yoqtirmay) Bo‘pti, bo‘pti, og‘zing suv ochib, maqtashga tushib ketding. Ha, mayli yana nima gaplar bor, mullo Eson? Qishloqda qanaqa gap-so‘zlar?
Esonqul bobo: Himm, (o‘yga tolib, uh tortib) Bevafo dunyo. To‘xtasin kampirning kelini Melixol bandachilik qildi.
Gulsum momo: (angrayib qoladi) Tuppa tuzuk edi-ku, shuncha yildan beri endi bo‘yida bo‘libdi, deyishayotuvdi.
Jayron bobo: Kasal-pasal ekanmi? Sho‘rlik To‘xtasin kampirga qiyin bo‘pti-da.
Esonqul bobo: Nimasini aytasan. Bittagina o‘g‘liyam piyanista edi. Lekin rahmatli kelini tillo edi. O‘g‘li kampirni urib-so‘ksa ham o‘rtaga tushardi.
Gulsum momo: Nima balo, Sattor palakat urib-netibdimi?
Esonqul bobo: Zubi bor ekan, bo‘qog‘i... Hammasiga mana shu zavod, alyuminiy zavodi sababchi. Hozir qishloqdagi bo‘z bolalardan tortib, bo‘y qizlarning aksari kasal. Bo‘qoq, bepusht...
Jayron bobo: Haq gapni aytding. Zavod Tojikiston granisasida bo‘lsa ham zahari bizga oqib kelayapti.
Gulsum momo: Tomorqadan ham hosil olish mahol bo‘lib qolayapti.
Esonqul bobo: Yosh-yalanglar ko‘pi Toshkentga – mardikor bozorga ketishayapti... Kun ko‘rish kerak-ku baribir. Ha, qo‘yinglar endi. Shu-shu, shunday qilib boshqa, yaxshi gaplardan gaplashaylik. Suruvingda nima gap? Qo‘y-qo‘zing ko‘payayaptimi?
Jayron bobo: Ko‘z tegmasin. Bu yil o‘t yaxshi. Suruvni Butunvoy o‘tlatayapti bugun.
Esonqul bobo: Yaxshi bola. Lekin, shu-shu, shunday qilib, halol sadoqatli bola. Dardini bergan xudo shifosiniyam beradi.
Gulsum momo: Tilovoldim ketgandan beri, bobosiga shu Butunvoyim suyanchiq bo‘p turipdi.
Esonqul bobo: Darvoqe, esim qursin... Dunyo dardlari bilan bo‘lib, Tilovoldingni so‘ramabman. Qalay, xat-xabar kep turibdimi? Ishlari qanday? Senday bir oddiy cho‘ponning bolasini, chet davlatga borib, haligi praktik qilishi, endi katta gap-da...
Gulsum momo: Xat-xabar kep turibdi. Xudo xohlasa, yozda otpuska olib kelarkan...
Esonqul bobo: Chin bo‘lsin. Chin bo‘lsin. Xudoyim qo‘llasin. Bolang ancha esli-hushli chiqdi.
Jayron bobo: Esonqul, bu Soraga Omon partiya sovchi qo‘yibdimi?
Esonqul bobo: So‘rama... Qariganda miyasi aynab qopti zang‘ardi.
Jayron bobo: E, miya bo‘lsa aynaydi-da.
Esonqul bobo: Shunaqa. Qizning otasini qara, shunga rozi bo‘pti-ya! Hovli joyimni xatlab beraman, deganiga uchibdi.
Jayron bobo: Avvaldan ham ko‘zi och edi. Xotinini raisga erga berib, rais qamalgach, tag‘in qaytarib olgan notavon-da. Sadqai odam ketsin shu Pardaboy...
Gulsum momo: (taraddudlanib) Men adirga chiqaman, bovosi. Butunvoydan xabar olay. Non-tuz olib boray.
Jayron bobo: Bor. Suruvni g‘umayzorga haydamasin. Suv ichmagan g‘umay qo‘yni yorib tashlaydi. Ertaga to‘l olgani kelishadi. Qo‘zilarni alohida, terisi yaxshi qo‘zilarni alohida qo‘tonga qamasin.
Gulsum momo: O‘tgan kungiday ko‘zyosh to‘kib janjal qiladi... Butunvoyning ko‘ngli bo‘sh.
Jayron bobo: Qo‘zi bo‘lgandan keyin so‘yiladi-da... Ertaga suruvga chiqmaydi. Shu yerda, uyda qoladi. Kim aytadi uni urushda bo‘lgan deb.
Gulsum momo: Men ketdim, bovosi. Binoyiday o‘tiringlar.
Esonqul bobo: (tomoq qirib) Xo‘sh. Shu-shu, shunday qilib, Oshnajon, bir iltimos bilan keluvdim. (belidan belbog‘ini yechib dasturxonga qo‘yadi) Shu-shu...
Jayron bobo: Shu-shulamasdan maqsadga ko‘ch. Bu nima?
Esonqul bobo: Pul. Nevaramni uylantirayapmiz. Bilasan, otasining qo‘li kalta. Birovlarning uyida mardikorlik qiladi... Xullas, shu-shu, shunday qilib, desang, kelinning qaliniga yuborishga uchta qo‘zi bersang. O‘zim yiqqanim shu... Kam albatta. Lekin, o‘lmasam qaytaraman. Bozorda bu pulga bittagina qo‘zi beradi...
Jayron bobo: (o‘ylanib) To‘y qachon?
Esonqul bobo: Keyingi bozor kuni.
Jayron bobo: Bo‘pti. Lekin, o‘zimnikidan beraman. Xo‘jalikning qo‘yi shundog‘am kamayib ketdi.
Esonqul bobo: Qish sovuq keldi, cho‘zildi. Nima balo, qo‘yingni bo‘ri qiyratdimi?
Jayron bobo: Bo‘rilardan-ku, qo‘riqlay olamiz, lekigin, ikki oyoqli bo‘rilarga bas kelolmayapman.
Esonqul bobo: (yoqasiga tuflab) Yo tavbangdan, nima deyotganingni tushunmadim...
Jayron bobo: Nimasini tushunmaysan. Baloday tushunib turibsan. Ha, bu ikki oyoqli bo‘rilar yomon. Bo‘rini otsang o‘ladi. Quvlasang ketadi. Bular esa hech balodan tap tortmaydi.
Esonqul bobo: Kimlar ekan shu-shu, shunday qilib, ikki oyoqli bo‘rilar?
Jayron bobo: Ko‘rmaganman. Faqat ularning nomidan kelishadi.
Esonqul bobo: (taajjubda) Nom-pomi bordir? Bilarsan?
Jayron bobo: Bor. Nomini “katta” deb kelishadi. Ularning hammasining ismi-sharifi “katta” bo‘lsa kerak.
Esonqul bobo: Ko‘p qo‘yingni qiyratishdimi?.. O‘sha bo‘rilar, ey-yo‘g‘e, “katta” deganlaring.
Jayron bobo: Tumanga nima ko‘p keladi, komissiya ko‘p keladi. Kelganlarning hammasi “katta” deyilarkan...
Esonqul bobo: Shunday qilib qancha qo‘yingni yeb qo‘ydilar?
Jayron bobo: Bilmadim, hisobidan ham adashdim...
Esonqul bobo: Unday bo‘lsa, berma. Muttahamliging bormi, tiling qisiqmi?
Jayron bobo: Qo‘y davlatniki... Siz boqavering... Nima qilishni “katta”lar o‘zi biladi, deydi shotirlari kelib.
Esonqul bobo: Hisob-kitobi bor, ertaga men javob beraman demaysanmi?
Jayron bobo: Dedim. Unday bo‘lsa, suruvni topshiring. Sizdan boshqa ham cho‘pon bo‘laman deguvchilar ko‘p, deyishdi...
Esonqul bobo: Voy yaramaslar-ey. Ustlaringdan arz qilaman demadingmi?
Jayron bobo: Ey, ularga bir narsa deb bo‘ladimi? Umrim suruv ketida o‘tdi. Qo‘y ortidan ergashib non yedim... Suruvdan ayrilsam, yolg‘iz bolam Tilovoldining holi nima kechadi? Butunvoyim nima qiladi?
(Shu mahal tashqarida yuk mashinasi ovozi eshitiladi. Jayron bobo jim qoladi. Qo‘rquv aralash Esonqulga qaraydi).
Jayron bobo: Keldi...
Esonqul bobo: Nima keldi? Kim keldi?
Jayron bobo: Bo‘ri keldi... Yo‘q... yo‘q, bo‘rining shotiri keldi.
    (Eshik taqillaydi).
Qulmirza: (ovozi)Jayron bobo, eshikni oching. Nima balo, qo‘y go‘shti yeb bosliqib, mudrab yotibdimi bu chol? Hoy, kim bor. Ochinglar.
Jayron bobo: (yugurgilaydi) Hozir ochaman. Hozir. Mana, borayapman...
(Qulmirza gerdayib kirib keladi. Atrofga alanglab, Esonqul boboga ko‘zi tushadi).
Qulmirza: Ey-e, o‘zlari ham shu yerda ekan-da-a, boboy? Ma’raka-majlismi yo kampirlar haqida g‘iybatmi? (he-helab kuladi) Dunyoning g‘avg‘osi yig‘ilsa butun, chollar g‘iybatidan bo‘lolmas ustun...
Esonqul bobo: Va alaykum assalom. Qul, qul... haligi Qulmirzavoy.
Qulmirza: (istehzoli, qo‘li ko‘ksida) Va alaykum assalom! Xush ko‘rdik, Esonqul bobo. Xush ko‘rdik...
Esonqul bobo: O‘zlarini xush ko‘rdik, Botir choriqning kenjagina o‘g‘li, Qul...mirza.
Qulmirza: Boboy, gapingiz o‘qday, o‘zingiz... haligiday...
Jayron bobo: (suhbatni yumshatish niyatida) Shu, Esonqulboy to‘yga aytgani kelgan ekan-da, inim. Ha, o‘zingiz qalay? Damlimisiz? Suyagingiz yengilmi? Mening Botir oshnam, chopib-chopqillab yuribdimi? Umri uzoq bo‘lsin. Zap yaxshi odam...
Esonqul bobo: Hey, Jayron jo‘ra, Botir oshnamiz otday. Bizning eski ulfat-a. Lekin ichimizda haligi o‘lgirga, oq shaytonga shugina oshnamizning sadoqati zo‘r bo‘ldi-da. Haliyam otangiz shisha qurg‘urni qo‘ynidan qo‘ymaydi-da. Omborchining to‘yida toshkentlik o‘yinchilar bilan tulporday gijinglab o‘yinga tushdi. Hammani qoyil qoldirdi o‘ziyam.
Qulmirza: Eson bobo, shu pichinglaringizni sira tashlamadingizda. Meni ko‘rsangiz, orqangiz tutib, ajinangiz qo‘ziyveradi. Dimog‘ingiz osmonni yoradi-ya...
Esonqul bobo: (kesatib) Ey, bolam, bizda dimog‘ nima qiladi. Dimog‘ sizda-da. Kimsan – Qulmirza. Kattalarning haligisi... nimaydi, yaqinisiz ishqilib.
Qulmirza: (jahl bilan) Bu yerda masxarabozlik qilishga vaqtim yo‘q.
Shoshib turibman. Mana, bu qog‘ozlarga qo‘l qo‘ying, Jayron bobo.
Jayron bobo: Nima qog‘oz bular, bolam?
Qulmirza: Indamay qo‘l qo‘yavering. Sizga nima? Hujjat. Shunchaki, hujjat. Katta aytdi. Topshiriq shu!
Jayron bobo: Mayli, mayli... Lekin bilib qo‘yganim yaxshi-da... o‘zingiz tushuntiring, Qulmirzavoy.
Qulmirza: Vedomost... Yem-xashakka. Suruvga beriladigan yem-xashak.
Jayron bobo: Xudoga shukr, bu yog‘i bahor! Ko‘klamga yetdik. Qishda bo‘lganda mayli edi. Hozircha unchalik zarurat emas, Qulmirzavoy.
Qulmirza: Hali ham bu yem-xashaklarni chiqim qilib yuborganmiz. Qo‘y-qo‘zingiz o‘t-o‘lanni yeyveradi, yaylovda o‘t belurdi bo‘lib qolgan-ku...
Jayron bobo: Shu, chiqimga meni aralashtirmang, bolam...
Qulmirza: Unda kimni aralashtiraman? Cho‘pon siz-ku, boboy?!
Esonqul bobo: (zardali) Qulmirzavoy, hujjat-pujjatsiz, qog‘oz-qalamsiz gaplashsak bo‘lmaydimi? Keling, boshqa gurunglardan oling.
Qulmirza: Vaqtim ziq. Narigi qirga – Qosim cho‘ponning ham oldiga o‘taman. Davlatning ishi o‘yinmi, sizga, boboy?!
Esonqul bobo: O‘yinmas, o‘yinmas... Lekigin, Jayronboy ham nimaga qo‘l qo‘yishini bilishi kerak-da, bolam.
Qulmirza: Esonqul bovo, yomonam zakunchisiz-da. Odamlar behudaga gapirmaydi-da.
Esonqul bobo: Sen zakun so‘rayapsan. Bu indamay tursinmi? Buni besavodligidan foydalanib hamma narsaga qo‘l qo‘ydiraverasanmi? Yo‘qasam, kutib tur, Gulsum kampir keladi. Qog‘ozlaringni choliga o‘qib beradi. Keyin qo‘l qo‘yadi.
Qulmirza: Siz aralashmang. Hurmatingizni biling, boboy.
Jayron bobo: (yalingannamo) Tortishmanglar. Qo‘yinglar endi, bolam.
Qulmirza: Unda manavinga qo‘l qo‘ying. Katta aytdi, dedim-ku...
Esonqul bobo: Qani, menga ber-chi, Jayron.
(Jayron bobodan qog‘ozlarni yulqib oladi-da, ko‘zoynak taqib o‘qiy boshlaydi).
Esonqul bobo: Xo‘sh, shu-shu, shunday qilib, eshit Jayron: 5 tonna salyarka, ya’ni yer moyi, 80 tonna selos, 35 tonna arpa, 75 tonna beda, 25 tonna somon, 700 tonna kunjara, 100 tonna kepak olgan ekansan. Xo‘sh, shularni olganmisan?
Jayron bobo: Yo‘g‘e, bu yil yem-xashak olmadim-ku. Qo‘yga buncha somonning nima keragi bor? Kunjara bilan kepak otliqqayam topilmaydi-ku.
Esonqul: (kinoyali) Mana oldi deb yozishgan. Shuncha narsani qaerga gumdon qilding?
Jayron bobo: (jovdirab) Bu yil yem-xashak bo‘lmadi-ku...
Esonqul bobo: Unda qo‘yni nima bilan boqding?
Jayron bobo: Kuzda... haligi kollejdi bolalari bir oy o‘qimasdan tikan o‘rib yig‘ishdi-ku... Qo‘ylar shu tikanni yeb qishni o‘tqazdi...
Esonqul bobo: (Qulmirzaga) Mana ko‘rdingmi, sen esa, shuncha narsani bu sho‘rlikning bo‘yniga osaman deysan...
Qulmirza: Ey, sizga nima, siz nega burningizni tiqasiz o‘zi?! Yoshingiz bir joyga borganda oxiratingizni o‘ylab, uyingizda oyoq uzatib yotsangiz bo‘lmaydimi? Yozuvchilik yarashmaydi sizga.
Esonqul bobo: (darg‘azab) Menga qara, ko‘zingdi olaytirma, bola. Meni bilmaydi deysanmi? Kolxozning qaeriga yem-xashak ekding? Qaeri bedazor, ko‘rsat menga. Gektarlab yerga kartoshka-piyoz ekib, gumdon qilding. Kolxozning omboriga kirmagan tonna-tonna kunjara, kepak oyog‘i uzangidagilarning hovlisiga kirib ketganini bilmaydi, deysanmi? Otang tengi odamning oxiratini kuydirmoqchimisan? Ko‘zingni och, bola. Paytavangga qurt tushganiniyam bilaman. Tekshiruvchi kelayotganini ham bilaman. Yozuvchiligimni endi ko‘rasan, zumrasha...
Qulmirza: (orqaga tislanadi, duduqlanadi) Bovo, og‘zingizga qara-a-ab gapiring. Katta-a... kattalar aytdi. Shu, haligi...
Esonqul bobo: Yelkangdagi nima, kallami yo nima? Choriqchining bolasi? Kattalar jardan tashla desa, tashlayverasanmi?
Jayron bobo: Qo‘y. Shovqin solma, Esonqul!
(Esonqul bobo qog‘ozlarni qo‘yniga solib eshikka yuradi... Hovli o‘rtasida turib qoladi-da, qog‘ozlarni qo‘ynidan olib otib yuboradi).
Esonqul bobo: Hey, Jayron! Shu jinqarchaning oldida tiling qisiqmi? O‘rgildim sendan. Menga desa, shular bilan bilgan narsangni yemaysanmi? Xayf seni-ya!
    (Chiqib ketadi. Qulmirza dadillanadi )
Qulmirza: Chayonchol! Turgan bitgani zahar! (erdan qog‘ozlarni oladi.) Bu miyasi aynigan chol valdirayveradi. Hech kim so‘ramaydi. Qo‘l qo‘ying.
Jayron bobo: Shu qog‘ozlarsiz ham nima desalaring, aytaveraman. Nima keragi bor, bolam... Men bir omi cho‘pon bo‘lsam...
Qulmirza: Vaqt ziq boboy. Bo‘lmasa, suruvni topshiring. Kattaning g‘azabi yomon... bilasiz.
Jayron bobo: Mana, Qulmirzavoy. Katta nima desa shu-da.
Qulmirza: (quvonib) Malades, boboy. Bu boshqa gap. Ammo lekin, anovi sassiq cholning yo‘rig‘iga yurmang. Darvoqe, keyingi shanbada yoningizdagi Suvlisoyga Toshkentdan mehmonlar keladi. Kattaning do‘stlari. Tushundingizmi, boboy?
Jayron bobo: Mehmonlar kelgani yaxshi-da.
Qulmirza: Xo‘sh. Ikkita shirbozni, semizidan bo‘lsin, tandirga bosasiz. Ikkita qo‘chqorni esa so‘yib, tayyorlab qo‘yasiz. Op ketishadi. Katta aytdi. O‘zlariyam keladi. Nega rangingiz oqaradi. Qo‘rqmang. Buniyam qonuniy qilamiz. Akt bo‘ladi. Bitta imzoingiz, vassalom (he-helab kuladi).
Jayron bobo: Qulmirzavoy, kecha odam yuborgan ekansiz. Ular ham “katta”ning kelini “dugona chaqirdi” qilayapti, bazm qilyapti deb, mashinaga ikki qo‘yni bosib ketishdi. Oldingi kun yana bir katta tumandagi yig‘ilishga tandir go‘sht tayyorlatib olib ketgandi. Ertaga kattaning nevarasini chipron qilisharkan. Hisori qo‘chqordan birini so‘yib, go‘shtini tayyorlab yuborsin, debdi. Ana bog‘liqda turibdi. Suruvdan olib kelib bog‘ladim. Shu, Qulmirzavoy biroz istihola chiqib turibdi.
Qulmirza: Shalviramang, boboy. Aytavering.
Jayron bobo: Bu ishlarning ertaga javobi bormikin, deb qo‘rqaman. Keyingi oylarda yuzga yaqin qo‘y ketdi-yov.
Qulmirza: Ey, nega qo‘rqasiz? Kattaning o‘zi turibdi orqamizda. Tak chto, qo‘rqmang (kuladi).
Jayron bobo: To‘g‘ri-ku-ya. Keyingi paytlar bunaqa “hadya”lar ko‘payib ketdi-da. Shu deyman, “katta-katta”, deysiz, men u kishini hech ko‘rmaganman. Katta deganingiz o‘zi qanday odam, bir olib kelsangiz yaxshi bo‘larmidi...
Qulmirza: Kattani ko‘rishingiz shartmas. Lekin u kishi sizni har kuni, har daqiqada ko‘rib turadi. Ha, shunday.
Jayron bobo: (cho‘chinqirab) Rostdanmi? Qulmirzavoy. Qanday qilib?
Qulmirza: Kattaning ko‘zi ko‘p, qulog‘i ko‘p. Ya’nikim, biz kabilar ham kattaning ko‘rar ko‘zi, eshitar qulog‘imiz.
Jayron bobo: Qulmirzavoy, shu katta o‘zi nechta odam. Bitta kattaga shuncha dov-davska, to‘y-hasham, yig‘in-anjuman ko‘plik qiladi-da.
Qulmirza: Sodda ko‘ringaningiz bilan ayyorginasiz, boboy. Ustozingiz Esonqul tirriq bo‘lgach, savodingiz oshadi-da, a?
Jayron bobo: Gapi-da bolam. Gapi. Shayton o‘lgir har xil xayollarga boshlaydi.
Qulmirza: Shaytonga hay bering. Shaytonga!
Jayron bobo: Mayli bolam, mayli...
Qulmirza: Katta sizni mukofotga yozmoqchi. Ilg‘or, dongdor cho‘pon bo‘lib dunyoga tanilasiz hali.
Jayron bobo: Qulluq, qulluq... (ta’zim qiladi)
Qulmirza: Boboy, shundayroq, o‘rtacha qo‘chqorcha bo‘lsa ham bo‘laveradi... Kechqurun, haligi, haligi keliningizning ukasi keladi... “Niva”ning orqasiga bosib jo‘natarsiz...
Jayron bobo: (bosh egib) Tushundim, Boltajon kelarkan-da, yana...
Qulmirza: Boltajonmas. Boltajon radnoy qaynim-ku. U kasofatni bu yerga yo‘latmayman. Bahodir keladi. Ikkinchi keliningizning ukasi.
Jayron bobo: Ie, qulluq. Odamlar aytishuvdi. Ishonmovdim. Qosim qassobning qizi... haligi, oti nima edi, erini qamatgan Xayrinisoga uylanibsiz-da...
Qulmirza: (o‘qrayib) Hey, boboy! Sizga nima daxli bor buning. Aytganimni qiling, vassalom!
Jayron bobo: Tuzuk... tuzuk... Xo‘sh, Xayriniso qachon keladi?
Qulmirza: (jahllanib) Xayrinisomas, Bahodir keladi.
Jayron bobo: Mayli, mayli bolam. Siz nima desangiz shu. Kattalar ishini bilib qiladi.
Qulmirza: Bo‘pti. Men ketdim... Ko‘ngilni to‘q qiling. Qaddingizni tuting boboy, qaddingizni tuting.
(Cholning yelkasiga qoqib, shaxdam qadamlar bilan chiqib ketadi).

IKKINCHI SAHNA

Birinchi ko‘rinish

Adirlik. Olisda qo‘y-qo‘zilar. Gullagan daraxt tagida Jayron bobo va Butunvoy o‘tirishibdi.
Jayron bobo: Umr tezoqar daryo deganlari shu ekan. Kechagina shu qirlarda tovonimdan o‘t chaqnab yurguvchi bola edim. Hammasi kechagiday – hech narsa o‘zgarmagan. Manovu adirlar. Mana shu suruv... Quyosh. Osmon. Hatto qo‘limdagi manovi tayoq ham. Bundan o‘ttiz yil oldin rahmatli otam shu tayoqni topshiruvdi. O‘shanda bosh cho‘pon bo‘luvdim. Quvonganimni aytmaysan. Shu qir-adirlar, suruv-suruv qo‘ylaru o‘tov... o‘zimniki deb bilganman. Yuragim ham otning kallasiday edi. Birovga gap bermasdim. Mayda gap qilganni changitib so‘kardim. Jayron chapani deb cho‘chishardi. Qo‘rquv deganni bilmasdim. Otarga bo‘ri oralasa, tinchitmaguncha tinchimasdim.
(Butunvoy angraygannoma bosh silkiydi. Bobo o‘zicha davom etadi).
Jayron bobo: Gapirmaysan. Balki to‘g‘ri qilarsan... Behudaga og‘izni charchatgandan nima foyda? Balki dunyoning g‘avg‘olaridan bezib ketganingdan gapirmassan, bolam? Kim bilsin, balki sen gapirsang, bu dunyoni larzaga solarsan. Nima bo‘lgandayam ko‘zlaring gapiradi. Ko‘zlaringga qarab turib, nima demoqchiligingni: quvonchingni ham, g‘azabingni ham bilib olaman...
Butunvoy: (boshini sarak-sarak qilib) Yax...shi. Yax...shi... yax...shi...
Jayron bobo: Men ham seni yaxshi ko‘raman, bolam. O‘z bolamday yaxshi ko‘raman. Momang ham yaxshi ko‘radi. Uff, taqdir-da buyam, senga suyanib qoldik... Tilab olgan yolg‘iz Tilovoldimiz olislarda. Hey, bir narsani tushunmayman... Olim bo‘laman deb olis joylarda ko‘-o‘p o‘qigandan ko‘ra, o‘z eli, o‘z ona-tuprog‘ida ham shu qiladigan ishini qilsa bo‘masmikan, deb o‘ylayman... Masalan, manovi daraxtni qara... Gullaydi, hosil beradi, mevasi pishadi. El bahramand bo‘ladi. Shugina daraxtning ham nafi tegadi elga... Bilmasam, men omi odamman... Lekin, mana shu yurtga, O‘zbekistonga, xalqqa nafi tegsa-ku xo‘pu xo‘p. Lekigin, shu joyning sharoiti, shu joyning tuprog‘i, havosi to‘g‘risida chet joyda ilm qilib, ovvora-sarson bo‘lish shartmikin, deb o‘ylayman-da, bolam. Qiziq, paxtachilikni o‘rganaman, deb chet elga o‘qishga jo‘nabdi, bolasi tushmagur Tilovoldim... Shunday o‘ylab qarasang o‘zbekka paxtachilikni, dehqonchilikni, bog‘bonlikni o‘rgatib bo‘larakanmi? Tog‘ay suvchi, Eshmat traktorchi, G‘ulom birgat har qanday oliming bilan bemalol bellashadi... Shunday odamlarga ekin-tikinni o‘rgatib bo‘larmikan?.. Men bekorga aytmayapman. Mana, o‘tgan oyda, yosh bir olim keldi, shu chorva bo‘yicha o‘qigan ekan. Praktik qildi... Suruvning qo‘tonini dorilang, ukol uring deb ming bitta mol dori yozib boshimni garang qildi... Birinchidan, qo‘ra ochiq, adirlik... Buni nimasini shamollataman dedim. U aytgan haligi zormanda dorilarsiz ham suruv ziyon ko‘rmaydi. U dorilarni tumanda kunduz kuni chiroq yoqib ham topolmaysan. Odam kasal bo‘lsa, dori-darmon topilmaydi-yu... Suruvga, qo‘y-qo‘ziga topilsinmi? Xullas, kurakda turmagan gaplarni qildi. Bir balolarni yozdi-yozdi, do‘q-po‘pisa ham qildi. Keyin... aldab-suldab, yaxshi gapirib jo‘natvordim... Bachchag‘ar, uyam quruq ketmadi... Unday dedi, bunday dedi... ikki qo‘yning sho‘riga sho‘rva to‘kdi. Ey, bilmadim, bularga nima bo‘lgan?
Butunvoy: (boshini sarak-sarak qilib) Kat...ta, kat...ta, kat...ta-a-a!
Jayron bobo: Ha, uyam katta-da. Qo‘lida papkasi bor. Do‘q-po‘pisasiyam bor. Hey, nimasini aytasan... (Jayronbobo qo‘lini yelpana qilib olisga qaraydi. O‘rnidan turadi) Butunvoy bolam, biz tomonga kimdir kelayapti. Kelbatidan momanga o‘xshamaydi. Qo‘lida tuguniyam bor.
(Butunvoy ham o‘rnidan turib qaraydi-da, qalqib ketadi. Jayron boboning qo‘lini ushlab, hayajonda).
Butunvoy: S-so-so-Sora! (u yoqdan-bu yoqqa yugurib) S-s-o-oora! Soo-ra!
Jayron bobo: (ovozi titrab) To‘g‘ri aytasan, Sora kelayapti... Bolam, Sora kelayapti.
Butunvoy: (qo‘li bilan ko‘rsatib) S-s-oo-ra... Sooraa!
Jayron bobo: Hovliqma, jon bolam. O‘zingni bos, bolam. Sora bizni, seni ko‘rgani kelayapti.
    (Sora kiradi. Boshida ro‘mol, odmi kiyingan. Qo‘lida tugun).
Sora: Assalomu alaykum, Jayron bobo.
Jayron bobo: Ey, va alaykum assalom, Sora qizim! Tan-joning sog‘mi, ona qizim... Xush kelibsan, bolam...
Sora: Bova, sizlarga sumalak op keldim. Og‘zingiz tegsin dedim, bobo...
Jayron bobo: (Soraning qo‘lidan tugunni oladi). Yaxshi qipsan. Men ham, Butunvoy bolam ham bu yil hisobidan sumalak tatimagandik. Sening qo‘lingdan sumalak yeydigan bo‘ldik... (Bobo belbog‘ini yechib, Butunvoyga uzatadi) Hoy, bola! Nega qoqqan qoziqday serrayib qolding. Mana, daraxt tagiga to‘sha. (Soraga) Qani, yur. Mana, shu daraxt tagi Butunvoy bolam ikkovimizning hordiq joyimiz. Shu yerda turib suruvni kuzatamiz.
(Butunvoy yugurgilab borib, Sora o‘tiradigan joyga belidagi belbog‘ini yechib to‘shaydi. Boboga esa belbog‘ini qaytarib beradi. Bobo kulimsiraydi. Sora qimtinib borib o‘tiradi. Yonida Butunvoy cho‘kadi. Bobo ham o‘tirib fotihaga qo‘l ochadi).
Jayron bobo: Bolalarim, rizqlaring butun, tan-jonlaring sog‘ bo‘lsin... Umrlaring ziyoda bo‘lsin... El-yurtimiz tinch bo‘lsin. Yaratgan hammamizni o‘z panohida asrasin... (Sora bilan Butunvoy bir-biriga yer ostidan titrab qarayapti. Bu holni sezgan Jayron bobo o‘rnidan turadi). Bolalarim, sizlar picha gurunglashib turinglar. Suruvning oldi ancha olislabdi. Xabar olib qaytay.
(Bobo tayog‘ini olib adir tomonga ketadi... Sora ro‘mol uchi bilan yuzini to‘sib yig‘laydi. Butunvoy yerga boqadi. Yelkalari titraydi... Qo‘shiq yangraydi).    
    Chekka bir qishloqning chekka uyida,
    Sunbul sochlarini tarab-o‘rgan qiz...
    Kechalari yashab visol o‘yida
    Tungi tushlarida meni ko‘rgan qiz...
(Ikki oshiq hamon bir-biriga termiladi. Butunvoy qaltiragan qo‘llarini uzatib Soraning yuzini silaydi, ko‘zyoshlarini artadi. Sora ham unga qo‘l cho‘zib, Butunvoyning sochlarini silaydi. Ikkalasi bir-birining qo‘lidan tutib o‘rnidan turishadi... O‘rtaga yurib kelishadi. Soraning ro‘moli boshidan tushib ketadi. Butunvoy engashib oladi-da, uni yuziga bosadi... Sora tag‘in unga termilib qoladi).
Butunvoy: So-o-s-sor-a! M-me-nn. Mmm yax-yaxshi...
Sora: (hazin ovozda) Men ham sizni yaxshi ko‘raman, Butunvoy.
Butunvoy: Mmm-mm-m. (qiynaladi, titraydi)
Sora: Nima qilay Butunvoy, taqdirim shu ekan, Butunvoy. Taqdirim o‘yilsin, Butunvoy. Yozig‘imda shu ekan Butunvoy...
Butunvoy: (ingrab) S-s-soo-ra...
Sora: Ko‘kaylarim quridi. Ko‘k tomirim chiridi. Sizni yaxshi ko‘rsam nima qilay... Uzoqlardan bo‘lsa-da, ko‘ray deyman... Kuydim, kuyib kul bo‘ldim, Butunvoy... Birga o‘sdik, birga undik. O‘n yil birga o‘qidik... Birgina sizni ko‘rdim, birgina sizni bildim... Siz tufayli bu dunyodan umidlarim ko‘p edi. Armiya dedingiz, kutdim. Lekin bu nomard dunyo chappa ketdi. Urushiga o‘t tushsin... Hayotimni ag‘dar-to‘ntar qildi, Butunvoy. Haliyam sizni yaxshi ko‘raman, Butunvoy... Sizni demasam ikki ko‘zim ko‘r bo‘lsin, Butunvoy... Ayting, nima qilay... O‘zimni o‘ldiraymi, Butunvoy?!.
(Sora yerga cho‘kkalab olib, qo‘llarini yozib, zor qaqshab yig‘layveradi. Butunvoy qizning qarshisida tiz cho‘kadi).
Butunvoy: S-so-ora... mmm-mm. Imm...
Sora: Men yig‘lamay kim yig‘lasin, Butunvoy... Ko‘r bo‘lib qolsayam omon kelsin, dedim. Mayib-majruh bo‘lsayam o‘lmay kelsin, dedim. Iloyo qilday joni omon bo‘lsin, deb ikki yil tunu kun duoi joningizni qildim. Butunvoyim omon-eson keladi, dedim. O‘la-o‘lgunimcha Butunvoyim bilan birga bo‘laman, dedim. U menga va’dalar bergan, dedim. Butunvoyim meniki bo‘ladi, dedim... Uvvv, taqdirim o‘yilsin-a... Shu kunim ham ko‘plik qildimi, Butunvoy? Sizni deb yolg‘iz o‘tishimga ham qo‘yishmasa nima qilay, Butunvoy?
Butunvoy: (qo‘li bilan qishloq tomonni ko‘rsatib) K-kiim?
Sora: Meni tinch qo‘ymayaptilar... Shugina tog‘lar tomondan shamol essa Butunvoyimning isini op kelayapti, deb entikaman... Shugina tog‘lar boshiga bulut chiqsa, Butunvoyim yomg‘irda qolmasin deyman. Kechasi oy-yulduzga qarab Butunvoyim ham oy-yulduzni ko‘rib turibdi, deyman... Har kun, har tun sizni xayolimda olib yuraman. Sizni unutolmayman. Lekin bular meni tinch qo‘ymaydi. Men bularga nima yomonlik qildim, Butunvoy (uvv tortib yig‘laydi).
Butunvoy: (qo‘llarini musht qilgancha, titrab) Kiim...m. Kimmm! Im-mmm...mmmm (o‘kiradi)
Sora: Otam, akam, go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pqir, Omon partiya! Meni shu otam tengi cholga uzatishmoqchi. Nima qilay, Butunvoy! Omon partiya menga kun bermayapti. Menga er kerakmas, Butunvoy.
Butunvoy: O...t. O...t..! Imm...
Sora: Yo‘q... Ularni otmaysiz. O‘ldirmaysiz. Otib, qo‘lingizni qonga bo‘yamaysiz. Birovning qonini to‘kmang. Birovning ko‘nglini tushunmaganni xudoning o‘zi urib qo‘ygani emasmi?
Butunvoy: Me-eenn... Qoon-q-o‘l! Qo-o-n!
Sora: Unday demang. Sizning qo‘lingiz qon emas. Qo‘lingiz qon bo‘lgan bo‘lsa, bu sizning aybingizmas. Ming bir la’natlar bo‘lgur urushning aybi... bu!
Butunvoy: (qo‘shni tog‘ tomonga ko‘rsatib) T...o...g‘... Jaa...y... Ja...ay...
Sora: Qaniydi shunday bo‘lsa, Butunvoy. Iloji bo‘lsa siz bilan tog‘ tugul dunyoning narigi chekkasiga ham birga ketmasmidim. Yo‘q, bizga Jayron bovo yordam berolmaydi... Hech kim bizga yordam berolmaydi...
Butunvoy: N...n...n...i...im...
Sora: Nima qilamiz, deysizmi? Bilmayman... Bilmayman. Yigirma yildan beri nima qilarimni bilmayman. Yigirma yilki, elning og‘zida ermakman. Yigirma yilki, chora izladim, topmadim... Shu kunimga ham roziydim. Sizni onda-sonda ko‘rib turganimgayam roziydim. Taqdirimga tan bergandim... Endi ilojim qolmadi. Bu yerlardan bosh olib ketmasam o‘zga choram yo‘q... O‘lsam o‘laman... Otam tengi Omon partiyaga xotin bo‘lmayman. Mendan rozi bo‘ling, Butunvoy. Men qishloqdan ketaman.
Butunvoy: (o‘rnidan turib ketadi. Soraga dahshatli qiyofada qaraydi) Q...q...qayoq...a? Qayoq...q?
Sora: (o‘rnidan turib) Boshim oqqan tomonga. Juda uzoqqa... Mayli odamlarning uyida cho‘ri bo‘laman, kirini yuvaman, ovqatini pishiraman, bola-chaqasini boqaman... Lekin meni hech kim Omon cholning qo‘liga topshirolmaydi... Men Butunvoyimning xayoli bilan, Butunvoyimning muhabbati bilan yashayman.
Butunvoy: (ko‘ksiga mushtlab) Mmmee...n. Ya...x...sh. Ya...x...shi!
Sora: Bilaman Butunvoy. Bilaman. Men ham yaxshi ko‘raman... Sizdan rozi-rizolik olgani keldim. Izn bering, men bu yerlardan ketayin. Peshonamdan ko‘rdim. Meni yaxshi ko‘rsangiz, izn bering. Siz meni yaxshi ko‘rasiz-a?
(Butunvoy lablarini tishlab, tasdiq ma’nosida bosh silkiydi. Sora uning qo‘lidan tutadi va gullagan daraxt tagiga boshlaydi. O‘tirishadi).
Sora: Esingizdami, ayni mana shunaqa bahor kunlari edi, o‘shanda to‘qqizinchi sinfda o‘qirdik. Tog‘dan bir quchoq qizg‘aldoq terib kelgandingiz. Qizg‘aldoqlar hali ochilmagan, tuguncha edi... Men ularni suvli idishga solib qo‘ydim. Qizg‘aldoqlar uch kun o‘tmay charaqlab ochilgandi. Men ularning suvini kuniga ikki marta yangilardim. So‘lib qolishini istamasdim. Qo‘rqardim. Qizg‘aldoqlar so‘lib qolsa, xuddi hayot gullarimiz qurib qoladi, deb o‘ylardim. (erga qarab jimib qoladi) Biroq bir gullashning bir so‘lishi ham borligini keyin payqadim...
Butunvoy: (lablari pirpirab) M...mak..t..a... mak... mak...tab...
Sora: Maktabda doimo matematikadan misollarimni ishlab berardingiz. Sizni hamma hurmat qilardi. O‘qituvchilar ham. Ayrimlari cho‘chirdi. Kimsan raispolkomning o‘g‘li Butunvoy deyishardi. (Butunvoy og‘ir xo‘rsinadi) Esingizdami, siz boysunlik mashhur shoirning she’rlaridan o‘qib berardingiz.
Butunvoy: (chehrasi yumshab, bosh silkiydi. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib) O...s. os...osm...on...
Sora: Ha. Esingizda ekan... She’r shunday boshlanardi:
Osmonga ham otgum tosh
Gunohkor bo‘lsa quyosh...
Butunvoy: Yul...yul... d...u..uz...
Sora: Bunisi ham esimda:
Yulduzlar porlagan shu osmon haqqi
Ona-zamin haqqi qasam ichaman.
Sen mening qalbimda bir o‘zing balqi,
Istasang she’rimdan men voz kechaman...
Butunvoy: S...s..e..en... Me...e..en... Sho...o...o..oir.
Sora: Ha, men sizga “Siz shoir bo‘lasiz”, derdim. Sizning yuragingiz toza, siz boshqachasiz. Siz shoirsiz, derdim. (jim qolib, uf tortadi) Biroq, quyosh gunohkormi, yo‘qmi, bir kun kelib bizning boshimizga osmonga otilgan tosh emas, osmon qulab tushishini bilmasdim. Biroq, yugurik vaqt yoshlikning qasamlarini tan olmasligini bilmasdim...
(Butunvoy Sorani bag‘riga tortadi. Boshini silaydi... Ikkovi ham bir muncha so‘zsiz qolishadi... Yuk mashinasi ovozi eshitiladi. Ikkovi ham sapchib turishadi. Sora ro‘molini boshiga ilib, qaltiragan qo‘llari bilan uning yuzlarini siypalaydi).
Sora: Kimlardir kelishayapti. Men ketay. Ruxsat bering... Butunvoy, mendan rozi bo‘ling. Mendan rozi bo‘ling, Butunvoy... (Butunvoy yana titray boshlaydi.) Men endi ketay. Qishloqdan ketaman. Taqdir nasib qilsa ko‘rishamiz. Sizning yuzingizga oyoq qo‘ymayman. Rozi bo‘ling... Rozi bo‘ling.
(U Butunvoyni quchoqlab o‘padi. So‘ng jon vahmida uning bag‘ridan sitilib... yig‘lagan ko‘yi yugurib chiqib ketadi. Butunvoy serrayib uning ortidan qarab qoladi... Butunvoy qo‘llari bilan boshini changallab, o‘tirib qoladi. Sahnada portlashlar, gumburlashlar, o‘q ovozi eshitiladi. Xuddi birinchi sahna boshidagi holat namoyon bo‘ladi. Butunvoy g‘ujanak bo‘lib yotib olib, baqira boshlaydi... Jang sadolari tinadi).

O‘SHA SAHNA

Ikkinchi ko‘rinish

Butunvoy behol yotibdi. Qulmirza paydo bo‘ladi. U Butunvoyga qarab to‘xtab qoladi. Uning yoniga keladi. Yo‘talgan bo‘ladi. Butunvoy ihraydi.
Qulmirza: (Butunvoyning tepasida) Enag‘arning bolasi! Mastga o‘xshaydiyu... Qaysi go‘rdan ichib oldiykin... He, molga o‘xshamay o‘l. Suruvga enang qaraydimi? (tepadi. Butunvoy ingraydi) O‘zingni bilmay qopsan-ku, ayiqpolvon. Tur o‘rningdan. Shu ivirsiq cholning ham enasini... sen xudo urganni sherik qilib olib yurganiga hayronman.
(Qulmirzaning ortidan haydovchi yigit kiradi)
Haydovchi: Choldan darak yo‘q. Narigi qirga ketganmikin-a?
Qulmirza: Kim biladi deysan... Kampirinikiga kirib ketgandir-da. Angrayma, bor. O‘zing bor... Pichoqqa yaraydigan ikkita semiz qo‘chqorni ushlab, moshingga bos... Katta kutib o‘tirmaydi. Kechiksak, terimizni shiladi. Bugun nastraynasi yo‘q... (haydovchi chiqib ketadi)
Butunvoy: (ihrab, o‘rnidan qo‘zg‘aladi) M...m-immm... Mm...mm...m!
Qulmirza: Mimillama, piyonista.... Boshingni changallaysan... Kallang yorilay deyaptimi? Ko‘proq ich, enag‘ar. Chol qani? Qaerga yo‘qoldi.
Butunvoy: (qo‘li bilan toqqa ishora qiladi) M-iimm... T...o...og‘g‘g‘!
(Shu payt qo‘lida cho‘pon tayoq Jayron bobo kirib keladi. Butunvoyga qarab, uning ahvolini tushunadi. Qulmirzaga e’tibor bermay Butunvoyning yoniga borib uni turg‘izmoqchi bo‘ladi. Butunvoy “kerak emas” ishorasini qilib qo‘l siltaydi-da, bir amallab o‘zi o‘rnidan turmoqchi bo‘ladi).
Qulmirza: Nega bu aroqxo‘rni tetapoya qilmoqchi bo‘lasiz. Bu g‘irt mast-ku... Esi kirar-chiqar bo‘lib yotibdi-ku... Undan ko‘ra shopirga yordamlashsangiz, o‘lasizmi?
Jayron bobo: (g‘azab bilan Qulmirzaga yuzlanib) Og‘zingizga qarab gapiring. Bechora bir begunoh bolaning ustidan kulmang. Buyam xudoning bandasi, axir.
Butunvoy: (qo‘lini Qulmirzaga bigiz qiladi) B..b..b-o‘...o‘ri. B-b-o‘ri!
Qulmirza: (xezlanib) Nima, nima?! Kim bo‘ri? Senga ko‘rsatib qo‘yaman bo‘rini...
(Butunvoyga tashlanmoqchi bo‘ladi. Jayron bobo uni to‘xtatib qoladi).
Jayron bobo: Hay, hay... Shu bolaga teng bo‘lasizmi, Qulmirzajon. Bu bir kasalmand bola bo‘lsa. Shaytonga hay bering, Qulmirzajon.
Qulmirza: Haliyam tili yo‘q buning! Tili chayonning zahriga botirilgan. Bekorga duduq bo‘lmagan bu! Xudoning urgani shu-da! (Butunvoyga) Nega ko‘zingni chaqchaytirasan.
Butunvoy: (Qulmirzaga o‘dag‘aylaydi... tutilib duduqlanib) H..h..h-a...ar...om. Har...harom!
(Qulmirza jon vahmida unga tashlanadi... Haydovchi yugurib kirib hay-haylab Qulmirzaning qo‘lini ushlab ajratadi).
Haydovchi: Qo‘ying aka, bu nodonga teng bo‘lmang. Esi past-ku... Falokat bosib, o‘ldirib-netib qo‘ymang. Tirigidan o‘ligi qimmat bunga o‘xshaganlarning.
Qulmirza: (biroz hovuridan tushib) Hoy nari-moda... Xotinchalish. Sen birovga sig‘indisan, enag‘ar!..
Jayron bobo: (tutaqib) Hoy og‘zingga qarab gapir. Bu bola hech kimga sig‘indi emas. Xotinchalish deb seni aytsa bo‘ladi... Qulsan. Kattalarning poyi-patagisan. Yugurdagisan, bachchasisan... Choriqchining bolasi! Bugun odam bo‘p qopsan-da... Sen bu bolani so‘kma, taqdirida shu yozig‘i bor ekan... Lekigin buning palagi toza. Otasi yurt so‘rab, el ustida yurgan odam edi. Otasi rahmatlining bugun nomi oqlangan... Otasi tirikligida avloding bilan soyasiga salom berib yurarding. Otning o‘limi, itning bayrami deb shuni aytishsa kerak, noumid bo‘lgur! Hayf senga... Yo‘qol, bu yerdan...
Jayron bobo: (qo‘lini havolatib) Otma, bolam. O‘zingni bos, bolam!
(Butunvoy miltiqni yerga tashlaydi-da, ortiga ters o‘girilib, daraxt tagiga borib o‘tiradi va boshini changallaydi).
Qulmirza: (haydovchi yetovida chiqib ketayotib, Jayron boboga) Ikkovingniyam tiling bir, ko‘rilon. Hali ko‘zingni ochib qo‘yaman, turmada chiritaman... Sen meni otmoqchi bo‘lding-a, shoshmay tur hali...
Butunvoy: (tishlarini g‘ijirlatib) B...b...b-bo‘...o‘-ri... Bo‘-o‘-ri!..
Qulmirza: (ortiga keta turib) Tilingni sug‘urib olmasam otimni boshqa qo‘yaman.
Jayron bobo: Seni xudoga soldim, nonko‘r. Omin, u dunyoi bu dunyo halovat topmagin.
Qulmirza: Kattani ham haqoratlading. So‘kding. Uying kuymasa, odammasman...
Jayron bobo: Shundog‘am odammassan. Katta-pattang bilan qo‘shmazor bo‘l, yulg‘ich, muttahamlar!
Qulmirza: (chiqib ketayotib, haydovchiga) Eshitding-a, gapini. Sen guvohsan. Endi o‘ldim deyver, sassiq chol.
(Qulmirza va haydovchi chiqib ketishadi... Yuk mashinasi ovozi eshitiladi. Jayron bobo yelkalari silkinib yig‘layveradi. Butunvoy ham bemajol qishloq tomonga qo‘llarini cho‘zadi. Tizzalab yurarkan, unsiz yig‘laydi. Qo‘llarini qishloq tomonga cho‘zib).
Butunvoy: S...s..o..ora! So...ra! Mim...mim... imm... So..r...or...a.. So..o...ra...

(Parda yopiladi)

O‘SHA SAHNA

(uchinchi ko‘rinish)
    
Adirlar. Bahor tasviri. Chekkada daraxt. Daraxt tagida stol-stul. Stolda meva-cheva, turli xil ichimliklar. Qaddi-basti kelishgan, juda po‘rim kiyingan Tohir Tohirovich stoldagi jomlarga aroq va sharbat quyayapti)
Tohir Tohirovich: Mana buni dam olish desak bo‘ladi. Oh..h... Tabiatni qarang. Tabiatni. Odamning yashagisi keladi. (havoni hidlab) O-o-o, tandir kabobning hidini... Dimog‘ni yoraman, deydi... Besh kunlik dunyoda davri-davron surganing qoladi-da. Hayyom degan shoir topib aytganda-a... Yoningda bir jonon bo‘lsa, bir qo‘yning soni bo‘lsa, keyin manovi may o‘lgurdan bo‘lsa... bunday maishatni jahon sultoni ham topolmaydi, deb. O‘lay agar shu yoshga kirib shu to‘rt qator she’rdan boshqa she’rni yoddan bilmayman. He-e, she’r o‘qishdan boshqa ishim yo‘qmi, she’rni shoirlarga chiqargan. Mingta she’r yodlaganing bilan yoningda bir chaqang ham bo‘lmay, cho‘ntaging teshik bo‘lib yurishdan xudo asrasin. Hozir shunday shoirlar istagancha topiladi. Zo‘rg‘a kunini ko‘rishadi-yu, dimog‘lari osmonni yoradi. O‘rguldim, senlardan... (U tevarak atrofga alanglab, chekkadagi daraxtga qarab ovoz beradi) Hoov, Zemfira, Zemfirochka... Keling endi, suv bo‘yida ko‘p turmang. Tog‘ havosi... shamollab-netib qolmang tag‘in... Zemfirochka...
Zemfira: Hozi-ir... Hoziir... Borayapmaan...
(Tohir Tohirovich stolni aylanayotib qo‘llarini ishqalaydi-da, daraxt tomonga qarab angrayib qoladi. Sochlarini yoyib, yoqasi ko‘ksigacha qiya ochiq xalatda Zemfira chiqib kelyapti. Yurganda xalati baridan oppoq oyoqlari ko‘rinib ketadi. Qo‘lida yelim xaltacha, kiyimlarini almashtirib chiqayotganini payqash mumkin).
Tohir Tohirovich: (hayratlanib) Ooo! Oh-hov, o‘zingizmisiz... Kleopatra bo‘lib keting-e... Ana qomat, oh-ho... (hirs bilan qizga termiladi)
Zemfira: (erkalanib) Rahmat sizga, akaginam... Shunday go‘zal joyni birinchi ko‘rishim. Tunov kuni maqtaganingizcha bor ekan. Bu yerda uch kun emas, uch hafta qolsam ham roziman. (stolga qarab) Voybu... stolni bezatishni ham qiyivoribsiz, akaginam (sharbatli qadahni oladi).
Tohir Tohirovich: Siz uchun hamma narsani yest qilamiz. (qizning qo‘llaridan tutadi). Marhamat, o‘tiring Zemfirichka! Men ham jon deb qolardimu, lekin vaqt... vaqt... vaqt... Xudo xohlasa, yozgi ta’tilda bir oyga olib kelaman.
Zemfira: Rahmat, akajonim...
(Tohir Tohirovich uning yoniga o‘tiradi. Qizning iyagidan ushlab o‘ziga qaratadi)
Tohir Tohirovich: Sizning sog‘ligingiz uchun (ichishadi).
Zemfira: Shunday qilib bugun qaytamizmi?.. Haligi masalani hal qilib berasiz-a? (Tohir Tohirovichning bo‘yniga osiladi)
Tohir Tohirovich: (biroz bezovtalangan ko‘yi) Albatta, erkakning gapi bitta bo‘ladi.    
Zemfira: ( qo‘lini uzatib) Tashlang beshni! Siz yagonasiz. Siz mardsiz, Tohir aka! O‘zimni akajonim! Sizni yaxshi ko‘raman!
Tohir Tohirovich: Bo‘ldi... bo‘ldi... Maqtavormang. Xorijga borasiz. Darvoqe, domlalaringiz bilan bir oyga gaplashaman. (bosh silkib, kinoyali burun tortib) Haligi bolachani ham o‘zingiz bilan olib qaytasiz... Bir oydan so‘ng ishi tugaydi uning ham. Qarabsizki, to‘yni boshlavorasiz. O‘zim bosh bo‘laman.
Zemfira: (ayyorona boqib) Ishqilib ishkali chiqmasmikin?
Tohir Tohirovich: Nega ishkali chiqarkan? Shunday hurliqoga yetishgani uchun aqldan ozadi-yu, bechora. Aytasiz-ku, ishqimda kuyib-yonib kul bo‘layapti, har kuni maktub olaman deb. Shunday ammamning buzog‘iga turmushga chiqsangiz, nomiga albatta, menga ham, sizga ham yaxshi bo‘ladi. Keyin yana uning yolg‘iz o‘zini xorijga jo‘natamiz, ilm ummoniga g‘ovvosday sho‘ng‘ib yuraveradi. Siz esa o‘qishni davom ettirasiz. Kunduz o‘qishda, kechqurun mening bag‘rimda bo‘lasiz (ho-ho-lab kuladi).
Zemfira: (o‘ychan) Kechagi hafta vrachga borgandim... Haligi, homiladorligimni tasdiqladi.
Tohir Tohirovich: (beparvo) Xabarim bor! Siz qo‘rqmang, hammasi joyida bo‘ladi.
Zemfira: (sinovchan) Yoki oldirib tashlasammikin?
Tohir Tohirovich: (sinovchan) Keyin homilangiz bo‘lmay qolishi mumkin. To‘yni tezlatsak, haligi ammamning buzog‘i bilib o‘tiribdimi? Shuning uchun ham siz uni burnidan ip o‘tkazib, bu yoqqa olib keling deyapman... Hammasi yaxshi, reja asosida ketayapti...
Zemfira: (qovog‘ini uyub) Meni qishloqqa olib ketaman deyapti. Ota-onasiga yolg‘iz o‘g‘il ekan. Ota-onasi keksa emish. Qishloqi bo‘lib yuramanmi endi? Mol boqib, tappi yopib... Himm...
Tohir Tohirovich: To‘yni o‘tkazib olaylik, u yog‘i bir gap bo‘lar.
Zemfira: (yana jonlanib, erkalanib) Siz baribir zo‘rsiz, Tohir aka! Dugonam bor edi-yu, Roza! Ana o‘shani, maqtagan kavaleri, tepakal akajoni qilar ishni qilib qo‘yib tashlab ketdi. To‘g‘ri, uy olib berdi... Xotini bilib qolib janjal ko‘taribdi. Hozir ishining ham mazasi yo‘q emish. Tergovda deyishibdi. Siz... (erkalanib) anchagina tadbirlisiz, Tohir aka!
Tohir Tohirovich: Unday ikki so‘zli, ikki haligisi borlarni bizga gapirmang, Zemfiraxon.
Zemfira: Tohir aka-a-a!
Tohir Tohirovich: Ha, gapiravering.
Zemfira: Aytaveraymi?
Tohir Tohirovich: Bemalol.
Zemfira: Mening yana bir dugonam bor, o‘n sakkiz yoshda. Judayam ketvorgan qiz... Shu dugonam aytdiki, agar Tohir akangday mard erkak topilsa, bemalol unga o‘zimni topshirardim. Bo‘yniga osilib olmayman, faqat qo‘li uzun bo‘lsin, topar tutarli bo‘lsin, dedi.
Tohir Tohirovich: (hoholab kulib) Faqat qo‘li uzun bo‘lsin dedimi-a? Ha-ha-ha...
Zemfira: Boring-e, men sizni tushunadigan odam desam...
Tohir Tohirovich: Yaxshi. Yaxshi... Mening bir o‘rtog‘im bor. Biznesmen... Shuni bir ilintirib ko‘rsin-chi. Dugonangiz ishqilib o‘zingizga o‘xshaganmi?.. Ammo mening do‘stim, ayol desa o‘zini tomdan tashlaydi...
Zemfira: Qachon uchrashtirasiz?
Tohir Tohirovich: Shaharga yetvolaylik. Ertaga kechqurun. O‘zingiz bilgan joyda bir piyola choy ichamiz.
Zemfira: Lekin juda yaxshi qiz. Do‘stingiz qadrlasa, bas. Darvoqe, do‘stingizning yoshi nechchada?
Tohir Tohirovich: Xudo xohlasa, bu yil roppa-rosa oltmishga to‘ladi.
Zemfira: Ha, juda soz... Tengdosh ekansizlar. Har holda mayda-chuyda xira pashshalardan tuzuk-da, shundaymi-a?
Tohir Tohirovich: Nima deyapsiz? U har qanday mishiqining patini yulib, pisillatib bosib qo‘yadi. Kimsan, Qilich boyvachcha degan nomi bor...
Zemfira: Bo‘ldi. Yest! Sizga ishonaman.
Tohir Tohirovich: Haligi, ammamning buzog‘i, sevgilingiz, xushtoringiz sizga nima desa xo‘p deb turing... O‘ziyam siz uni yo‘qlab borishingizni eshitsa naq yuragi yorilib ketsa kerak...
Zemfira: Ha-ha. Xat yozuvdim. Bechora o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolganmish. Nodon, pulni qaerdan topayapsan, kimdan olyapsan, deb ham so‘ramaydi-yam...
Tohir Tohirovich: Sevgi shunaqa. Odamning ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘yadi. So‘ramabdimi, demak yaxshi. Boshqa narsaniyam (qizning qorniga ishora qilib) bilmaydi.
Zemfira: Tohir aka! Xorijga chiqmagan edim. Siz tufayli omadim yurishayapti, shu bahonada Germaniyani ham ko‘radigan bo‘ldim. Bu yog‘ini menga qo‘yib bering. Uni tamoman o‘zimniki qilib olib qaytaman.
Tohir Tohirovich: (chayqalib kulib) Lekin... bilib qo‘ying, siz tamoman uniki bo‘lmaysiz. Tushunarlimi... Tag‘in, to‘ydan so‘ng xushtoringiz quchog‘ida es-hushingizdan ayrilib, bizni unutvormang...
Zemfira: (ko‘zlarini ola-kula qilib) Nimalar deyapsiz, Tohir aka! Men allaqachon sizniki bo‘lganmanu. Ko‘z ochib ko‘rganim siz. Buning ustiga... (qornini silaydi)
Tohir Tohirovich: (kerishib, qo‘llarini bir-biriga urib) Oh, ayollar, ayollar. Odamni telba qilasizlar-a? Jodumi bu, sehrmi bu, bilolmadim... Ko‘zimiz ko‘r, qulog‘imiz kar endi...
Zemfira: Birinchidan, ayollarmas. Ayollarmas. Men hali ayol emasman. Qiz bolaman. (tumtayadi) Axir hali to‘yim bo‘lmagan-a, Tohir aka...
Tohir Tohirovich: Mayli siz aytganday bo‘laqolsin. Siz hali onasi o‘pmagan qizsiz... Haligi bo‘lajak yoringiz shunday o‘ylay qolsin...
(Telefoni jiringlab qoladi. Tohir Tohirovich labiga ko‘rsatgich barmog‘ini tekizib Zemfiraga “jim” ishorasini qiladi)
Tohir Tohirovich: Alo, alo! Ha, salom Sayyora! Yaxshimisizar? Bolalar qalay? Qudalar kelib ketishgandir? Ko‘rmaysanmi, ish... ish... ish. Komandirovkayam jonga tegdi. Tog‘ma-tog‘, och-nahor, horib-charchab yuribmiz, xotinjon. Tekshiruvimiz ham bugun nihoyasiga yetadi. Ha, albatta, yo‘lga tushaman, xotinjon. Xavotir olma. Seni sog‘indim. Xo‘p, hozir yonimda hamkasblarim bor, keyinroq o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman (oshkora uf tortadi).
Zemfira: (kulimsirab) Ha, akajonim, terlab ketdingiz?
Tohir Tohirovich: (qo‘l siltab) Ey, xotin zotining poylashdan boshqa ishi yo‘q-da... Asabingni egovlaydi. (tog‘ tomonga qarab, qo‘lida telefonini o‘ynatib) Ana tsivilizatsiya! Mana tsivilizatsiya! Uying kuygir sotivoyning shu tog‘lar orasida ham ishlaganiga hayronman. Zamon boshqacha bo‘lib borayapti. Endi tog‘ tugul, yer ostiga bekinsang ham qo‘ng‘iroq qilib topib olishadi.
Zemfira: (tabassum bilan) Lekin Tohir aka, siz har qanday vaziyatdan ham bemalol qutilib chiqolasiz, buni allaqachon payqaganman.
Tohir Tohirovich: (eshitmaganga olib qadah uzatadi) Qani jonidan, yana bittadan olaylik.
Zemfira: (qadahni olib) Xo‘sh, dunyodagi eng tanti inson Tohir Tohirovich, siz uchun ichaman. Baxtimga omon bo‘ling.    
(Ichishadi. Shu payt mashina ovozi eshitiladi. Ichkariga ta’zim qilib Qulmirza kirib keladi. Tohir Tohirovich bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishadi)
Qulmirza: Assalomu alaykum, katta aka! Yaxshimisiz katta aka! Bola-chaqa, uy-ichi, oshna-og‘ayni, xeli-xesh omonmi? Suyak yengilmi, katta aka! (Zemfiraga) Chechajon, sizam yaxshimisiz? Suyak yengilmi... Xo‘sh...
Tohir Tohirovich: Suyak yengil. Suyak yengil. Judayam yengil, Qulmirzavoy... Xo‘sh, biz bugun qaytamiz. Shunga... shunga...
Qulmirza: (cho‘ntagidan konvert olib, past ovozda) Mana aka, kattaning o‘zlari berib qo‘y, dedilar. Beshta. Ko‘kidan.
(Zemfira tomonga sekin qarab qo‘yadi. Zemfiraning ko‘zlari chaqnab, kulimsiraydi... Tohir Tohirovich ataylab, mag‘rurona qiyofada qovoq uygan bo‘ladi. Go‘yoki beparvoday konvertni salmoqlab ko‘rib, yon cho‘ntagiga soladi).
Tohir Tohirovich: Xo‘sh, kattangizning o‘zlari qaerdalar?
Qulmirza: Srochno viloyatga chaqirishdi. Yuqoridan odamlar kepti... Ming bora uzr so‘radilar. (Zemfiraga jilmayib qarab qo‘yib) Darvoqe, tuman markaziga to‘xtab o‘tasiz. Checham yaxshi ko‘radigan konyakdan ikki yashik tayyorlab qo‘ydik. Keyin pista-bodom deganlariday...
Tohir Tohirovich: (mag‘rur) Ha, mayli. Haligi, boshqa masalalar-chi?
Qulmirza: Xotirjam bo‘ling. Mashinangizning kalitini bersangiz, bas. Ikkita hisori qo‘chqorni tandir qildik. Keyin o‘nta barra... Kamchilik bo‘lsa, aytasiz.
Tohir Tohirovich: (Zemfiraga xushkayfiyatda boqib) Ha, endi odamni shunday qilib uyaltirasizlar-da, Qulmirzavoy. Bizlar prosta bir tog‘ havosini qo‘msab, dam olgani keluvdik. Ortiqcha tashvishning nima keragi bor? Obbo, Qulmirzavoy-ey...
Qulmirza: (jilmayib) Ey, katta aka! Oyda-yilda bir kelasizu, arzimasgina xizmat qilsak-qilibmizda, aka!
Tohir Tohirovich: (Qulmirzaga qo‘l cho‘zib) Xo‘sh, unda! Biz qaytdik. E’tibor uchun tashakkur. Agar ko‘rolmay qolsam, kattangizga minnatdorchiligimni yetkazasiz. Shaharga borganda albatta kiringlar. (Zemfiraga qarab) Qani, ketdik.
Qulmirza: Rahmat, katta aka. Xizmat bo‘lsa tayyormiz. (Ta’zim qiladi. Qo‘li ko‘ksida) Sizlarni tumangacha kuzatib qo‘yay...
Tohir Tohirovich: Ey, yo‘q. Siz qolavering. Biz o‘zimiz...a (Zemfiraga sirli kulimsirab) ketaveramiz.
Qulmirza: Siz nima desangiz shu, katta aka (ularni kuzatib chiqadi).

To‘rtinchi ko‘rinish

Cho‘ponning tog‘ yon bag‘ridagi o‘sha avvalgi hovlisi. So‘rida Gulsum momo bilan Jayron bobo choy ichib o‘tirishibdi.
Jayron bobo: Hey kampir, ko‘nglim muzlab bo‘ldi. Katta degichlarida ham insof qolmayapti. Or-nomus ko‘tarildi, zamonning yuzi ochildimi, bilmay qoldim. Hammasidan voz kechib, hayo-huyt deb ketvoraymi-a?
Gulsum momo: Uytmang bovosi, uytmang. Og‘ir bo‘ling, og‘ir bo‘ling, bovosi... Tilovingizni uyli-joyli qilaylik... Kelsa, o‘zi qishloqqa ko‘chirib ketadi. Shu Qulmirza bilan o‘chakishib nima qilasiz? Olsa-olaversin. Qo‘y kamaysa, o‘zlari javobini beramiz, deyotgan bo‘lsa. Muncha siqilmang, bovosi.
Jayron bobo: (bosh chayqab) He, bilmadim-da, kampir, bilmadim. Qulmirza shayton, qip-qizil shayton. Borib-borib qarigan chog‘imda elga sharmanda qilmasaydi bular. Bularning qo‘lidan har balo keladi. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin, momosi. Uyat-andisha qolmadi, momosi. Kecha haligi uzoqdan kelgan katta qizi tengi juvon bilan kuppa-kunduz kuni... aytishga til bormaydi... Tog‘ning suviyam, havosiyam harom bo‘ldi. Men o‘z qizini tog‘da tomosha qildirgani olib kelibdimi desam, u enag‘arning bolasi, o‘ynashini yetaklab kepti...
Gulsum momo: Qaysi kattani aytayapsiz?..
Jayron bobo: Shahardan. Kecha bir qizni yetaklab keluvdi toqqa. Shu padarla’nat Qulmirzayam bor edi. Aytgulik-degiligi yo‘q, kampir. Ke, shu yerdan ketaylik. Qishloqqa ketaylik. Qo‘yniyam topshiraylik. Suruvdanam baraka uchdi, yeb tugatishdi. Bir kunimiz o‘tar. Tilovoldimizam o‘qishini tezroq tugatsaydi.
Gulsum momo: O‘zingizni bosing, bovosi. Biz qishloqqa ketsak, Butunvoyning ahvoli nima bo‘ladi?
Jayron bobo: (uf tortib) Unda nima qil deysan? Bular odamni tepkilab, oyoq osti qilishayapti-ku... O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman, kampir.
Gulsum momo: Yomonlarga xudoning o‘zi jazo bersin. Qo‘ying, shularga teng kelmang.
Jayron bobo: (uf tortib) Xudo ularni jazolashini ko‘ramanmi, yo‘qmi, bilmadim, lekin davlat meni ham aniq jazolaydi. Muncha talon-tarojning ham hisob-kitobi bordir. Ba’zida tushunmay ham qolaman desang. Shu suruvni nima uchun boqayapsan. Suruv davlatniki. Davlatni mana shu kattalar, Qulmirza, Botir choriqchining supraqoqdisi (istehzoli jilmayadi) aytgan, o‘sha bola poyi-patak bo‘ladigan kattalar boshqaradi. Davlatni mulkini uning egalari xomtalash, talon-taroj qilaversa, oddiy xalq nima qilsin? Davlat xalq uchun tuzilgan bo‘lsa, oddiy odamlar, men, sen, Butunvoy, Sora, Esonqul zakunchi, xullas, biz ham o‘zimizni xalq deb bilamiz. Lekin, davlatning mulki xalqning mulki degan gap ham bor. Shu ba’zida kechalari yotib uxlayolmayman. O‘ylab chiqaman, agar davlatniki xalqniki bo‘lsa, suruvdan kunora qo‘y opketayotgan kattalar xalqning mulki, xalqning rizqini olib ketayotgan bo‘lib chiqadi-da. Adirdagi qo‘y-qo‘zini olib borib so‘ydi nima-yu, xalqning qo‘rasidagi qo‘y-qo‘zini o‘g‘irlab so‘ydi nima. Ikkoviyam, bir hodisa emasmi? Men esa ana shu o‘g‘rilarga sherikman.
Gulsum momo: Esonqul bovo oshnangiz to‘g‘ri maslahat beribdi, ey nima bo‘sa bo‘pti, nima bo‘layotganini organga yozib bering. Ay, shu qo‘ydanam, mashmashadan qutilardingiz.
Jayron bobo: (bosh irg‘ab) Hey, kampir, sen nimaniyam tushunarding. Bular osonlikcha jon beradiganlar xilidanmas. Bular shaytonga dars beradi-ya. Shugina Qulmirzaning o‘zi o‘n shaytonni suvga olib borib sug‘ormay qaytadi-ya. Buning tepasidagi, bu suyanadigan kattalarga bir narsa deb bo‘ladimi? Sen bilan mening, Butunvoyning ovozi yetib borarmikan?
Gulsum momo: Qulmirza ha deb katta aytdi, katta buyurdi, deyveradi. Bovosi, shu kattasini ko‘rganmisiz o‘zi?
Jayron bobo: (elka qisib, kulimsirab) Uni ko‘rib nima qilaman. Ko‘rmasam ham bilaman-ku. Biz tomonlarga shu odam katta bo‘p kelgandan beri hammayoq tashmachilik bo‘p ketdi. Qulmirzalarning kuni tug‘di-ku, momosi. Baliq boshdan sasiydi deganlari shu bo‘sa kerak, momosi.
Haydovchi: Assalomu alaykum, Jayron bova. Omon-esonmisiz. Suyak yengilmi? Dimog‘ choqmi? (Gulsum momoga qarab) Momo yaxshimisiz, damlimisiz, charchamayapsizmi?
(Chol bilan kampir ham u bilan hol-ahvol so‘rashgan bo‘ladi).
Jayron bobo: Ey, mulla Qudrat... Xush kepsiz. Qanday shamol uchirdi? (kesatib) Yo kattalarning bo‘roni yubordimi bu yoqqa, bitta-yarimta qo‘yni uchirib, oyog‘ini osmondan qip olib kelasan deb.
Haydovchi: Hov, bobojonim! Biz bir mayda odammiz. Buyruqni bajaramiz. Aytishsa, qilamiz. Davlatning ishi. Xo‘sh, maqsadga o‘tsam, bovojon, men hech qanday qo‘y-po‘y olib ketmayman. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. (cho‘ntagidan buklog‘lik qog‘oz olib, Jayron boboga tutadi) Xo‘sh, bovojon. Manovinga qo‘l qo‘ying.
Jayron bobo: (ortga tislanib, seskanib) Bu yana nima? Yana nima opkelding?
Haydovchi: Akt, qo‘l qo‘ying, tamom!
Jayron bobo: Qanday akt?
Haydovchi: Akt. Oddiy akt. Imzongiz bo‘lsa bas.
Jayron bobo: Gapni aylantirma?
Haydovchi: Suvlisoyga sel kelib, suruvning bir qismini oqizib ketgani haqida.
Jayron bobo: Hay, hay, bolam. O‘ylab gapirayapsanmi? Xudodan qo‘rqinglar. Xudoga shukur, haligacha sel-pel kelgani yo‘q. Suruvniyam oqizgani yo‘q. Yaxshi niyat qil, bolam.
Haydovchi: Men bilmadim. Shunday qilsak, yaxshi bo‘ladi, dedi Qulmirza akam. U kishiga kattalar aytibdi. Xo‘jalikda chorvani tugatishmoqchi. Nevigidniy deyishibdi. Shunday qilsak, kirminal bo‘lmaydi. Jayron boboning o‘ziga ham yaxshi. Tegishli ulushini oladi. Suruvni selga oqdi deb tugatmasak bo‘lmaydi, deyapti Qulmirza akam.
Jayron bobo: Chorvani, suruvni tugatsak, haligi selga oqdi desak, kir... Kir nima bo‘lmaydi deding.
Haydovchi: (kulimsirab) Kirminal... Jinoyat bo‘lmaydi. Hech kim bilmaydi.
(Gulsum momo o‘choq boshidan chovgumda choy olib kelib ularning oldiga qo‘yadi va o‘zi hovlining bir burchidagi so‘riga borib o‘tiradi. Urchug‘ini yigirayapti)
Jayron bobo: Sel bo‘lmaganini, suv toshmaganini odamlar biladi-ku... Xudodan qo‘rqaylik, uka. Bu o‘zing ham Qulmirzaning yo‘rig‘ida yo‘rtanglaydigan bo‘p qopsanda-a... Bor ayt, akt-paktga qo‘l qo‘ymayman. Nima bo‘sa peshonamdan ko‘raman...
Haydovchi: Endi bovojon, o‘zingiz ham dunyoning vahimasini ko‘tarib yurasizda.
Jayron bobo: (kesatib) Nima sel kelmaganini elu xalq bilmaydimi? Odamlar nima deydi. Ertaga shu so‘raydigan kishi, buni hisob-kitobini qiladigan kishi odamlardan gap olmaydimi?
Gulsum momo: (qahrli qarab) Menga qara, inim, bovongni tinch qo‘yinglar. Biz endi qishloqqa qaytamiz. Hozirgina, bu tog‘larniyam g‘ubor bosdi, palakat oraladi deb turuvdi. Odamni buncha tepkilamanglar...
Haydovchi: Men kattalarning aytganini qilayapman. (qog‘ozni ko‘rsatib) Mana, kattalarning hammasi qo‘l qo‘ygan. Guvohlar ham bor. Bir sizning imzongiz kerak, bovo. Ertaga tekshiruvchilar kelayaptiykan. Shunday qilishimiz kerak ekan, bovo. Qo‘l qo‘ymasangiz, Qulmirza akamdan oladiganimni olaman.
Jayron bobo: Qulmirza akangning o‘zi qaerda?
Haydovchi: (jonlanib) Tumanda. Tekshiruvchilarga joy tayyorlayapti. Choy-poy deganday...
Jayron bobo: (kulimsirab) Ha, uning kasbi kori shu! Kattalarning qo‘liga suv quyishdan boshqa narsa qo‘lidan kelmaydi.
Haydovchi: (jovdirab) Bovo, menga otam, cho‘pni tikka qilib qo‘ysalar ham shu senga rahbar, o‘sha cho‘pga ham qulliq qil, ta’zim qil deb tarbiya bergan. Nima qilay axir, Qulmirza akam aktga imzo qo‘ydirmasang kelib o‘tirma, mashinani ham garajga qama... To‘rt tomoning qibla deb aytgan. Bovo xo‘p deng, bola-chaqam bor, shu kattaning ortidan kun ko‘rayapman, eski shaldiroq aravaniyam olib qo‘ymasin...
Jayron bobo: (xomush tortib) To‘g‘ri aytasan, bolam... Otang ham, men ham shunday aqida bilan yashadik. Ketmondastaga shlyapa kiygizib, dala boshiga tikka qip qo‘yishsa bas, shuni katta deb, shunga sig‘inib ishlayverardik. Katta nima desa shu dedik, kattaniki juft bo‘ldi, bolam, bizniki esa toq bo‘ldi. Shunday bo‘lgandan keyin senga otang Aliqul suvchi boshqa qanday ham maslahat berardi. Kattaning aytganini qil deydi-da. Seni aybing yo‘q, bilaman, shopir bolam, bilaman...
Haydovchi: Otamning jo‘rasisiz, Jayron bovo. Otamni yuzxotir qiling. Qo‘l qo‘ying. Kattaning so‘kishini eshitish menga dorimi, menga nima keragi bor, bovo...
Jayron bobo: Yo‘q, bolam... Ovora bo‘lma. Men qo‘l qo‘ymayman. Endi ket. (Gulsum momoga qarab) Men toqqa chiqaman. Butunvoyning oldiga boray.
Haydovchi: Qo‘l qo‘ymaysizmi? (keskin ohangda)
Jayron bobo: Aytdim-ku!!!
Haydovchi: Odam-podam emasakansiz. Men Sizni otam tengi odam deb hurmat qilib o‘tiribmana...
Jayron bobo: (kinoyaomuz) Hurmat qilganing shumi? Qing‘ir ishga qo‘l urdirishing hurmat bo‘ptimi? Otam tengi deysan-a, tag‘in?
Gulsum momo: (oraga tushadi) Og‘ir bo‘ling, bovosi, og‘ir bo‘ling... (haydovchiga) Hoy, inim, sizam bir gapdan qoling endi.
Haydovchi: Shu paytgacha to‘g‘ri ish qilib kelganmisiz? Aytib qo‘yay, yaqinda butingiz osmondan bo‘ladi. Sizga yaxshilik qilgan ko‘r bo‘lsin, men ketdim.
Jayron bobo: Sen avval otangga, Aliqul churraga yaxshilik qil. Enang Oydin kampirga yaxshilik qil. Chol-kampirni tashlab qo‘yib, Qulmirza bilan nima ishlar qilib yurganingni, nima noma’qulchiliklar qilayotganingni el-elat bilmaydi deysanmi, churraning bolasi.
Haydovchi: O‘chir ovozingni, qari kalamush! Suruvni yutib yuborib, aqling endi kirdimi?..
Gulsum momo: (jahllanib) Hoy betavfiq bola... Og‘zingga qarab gapir. Keksa odamni haqorat qilma. Ket bu yerdan.
Haydovchi: Ketaman. O‘zingdan ko‘r endi. Naynov...
(Haydovchi chiqib ketadi. Jayron bobo boshini xam qilib, yerga tikilib qoladi. O‘ychan. Gulsum momo cholning yoniga kelib o‘tiradi. Chol yig‘laydi. Yelkalari uchib-uchib yig‘laydi. Ezilib yig‘laydi. Gulsum momo ham ko‘zyosh to‘kadi)
Jayron bobo: Bu nima kun, momosi. Bu nima kun? Tilovoldimiz tezroq kesaykan. Tezroq sen bilan menga egalik qilsaykan, momosi.

Parda yopiladi

Sahna

Jayron bobo va Gulsum momo qishloqqa ko‘chib kelishganiga uch-to‘rt kun bo‘lgan. Mo‘‘jaz va ko‘rimsiz hovli. O‘rtada so‘ri. Gulsum momo, Esonqul bobo, Butunvoy o‘tirishibdi. Jayron boboning boshi xam.
Esonqul bobo: (Gulsum momoga) Qani Gulsum boybicha, choydan quy. (so‘ng Jayron boboga qarab) Ey, oshna qo‘y, kuyinma. Bir hisobda shu palakatlardan qutilib, shu-shu desang, shu olg‘ir, yeb to‘ymaslardan qutilib yaxshi qilding. Sen qo‘rqma... Davlat kim haqu kim nohaq, o‘zi ajrim qiladi.
Gulsum momo: (jonlanib) Menam oshnangizga shunday deyapmanda... Uh tortgani, uh tortgan...
Jayron bobo: (uf tortib) Qarigan chog‘imda qamoqqa tushish qoluvdi endi. Shu paytgacha ko‘rgan qiyinchiliklarim kammidi-a? Bular aybni menga to‘nkashdanam qaytmaydilar.
Esonqul bobo: Kecha xo‘jalikning idorasiniyam, tumandagi kattalarning ishxonasiniyam komissa bosibdi. O‘roz pochtachi topib keldi bu gapni. (Jayron boboga) Hali sen eshitmaganmiding?
Jayron bobo: (ajabsinib bosh chayqaydi) Nimani tekshirayapti? Qo‘ylarni tekshirayaptimi? Endi nima bo‘ladi?
Esonqul bobo: (hayratlanib) Nima balo, dunyoni faqat qo‘y-qo‘zidan iborat deb o‘ylaysanmi? Bular faqat seni suruvingniyammas, xo‘jalikniyam butunlay talon-taroj qilib tashlashganakan. Uzumzorlarni tanish-bilishchilik qilib, aka-ukalariga bo‘lib berishgan ekan. Shu-shu, shu desang Hazorbog‘ kanali pastidagi bog‘lar qarovsiz qolib, qovjirab ketuvdi... Buniyam tekshirishayapti. Dehqonga kelgan silitrani ham gumdon qilishibdi. Haligi shu-shu, shu desang hali chala yotgan maktabning ustidan ham yozuv-chizuv bo‘lgan ekan. Xalqam keyingi paytlar norozi bo‘lib ketuvdi-da. Tog‘ma-tog‘ yurib sen bilmaysan. Yillab oylik olmovdik. Shularning barini O‘roz pochtachi yuqoriga – Toshkentga yozgan ekan... Tekshiruvchilar kepti. Gazetadayam peleton bo‘p chiqibdi...
Jayron bobo: Peleton deganing nimasi?
Esonqul bobo: Tanqid degani, yomonlab gazetaga chiqarishsa, peleton bo‘ladi, shu-shu, shu desang.
Gulsum momo: Kekkayib ketgan kattalarniyam gazetda tanqid qilsa bo‘larkanda-ya? Yomonlasa bo‘larkanda-a?
Esonqul bobo: Nimaga bo‘lmasakan. Bo‘ladi. Endi... ba’zi bir gazetachilaram shu-shu, shu desang kattalarning aytganini qilib maqtab yozib ketaverganda...
Jayron bobo: Muxbir ham yolg‘on gapirganda...
(Butunvoy dasturxonga duo qilib... o‘rnidan turadi)
Butunvoy: Mim... mim... (qo‘li bilan eshik tomonni ko‘rsatadi) N-n-o...ss... Noo-oos!
Jayron bobo: Ha, mayli bolam boraver. Nos opke. Ma! (u ishtoni lipasidan nosqovog‘ini olib Butunvoyga tutqazadi) Ma, mening nosqovog‘imniyam to‘lg‘azib ke. Xursan kalning nosidan ol... Toshmir tirriqning nosi bo‘lmaydi. Hoy, ma, (lipasining bu burchidan pul olib uzatadi) Ma, manovining hammasiga olaver. Tez qayt. Ko‘cha-kuyda gangib yurma, bolam.
(Butunvoy chiqib ketadi)
Esonqul bobo: (orqasidan qarab qoladi) Sho‘rlik bola. Es-hushi joyida. Qobil-mo‘min yigit. Taqdirida bora ekanda...
Jayron bobo: Esonqul, eshitdingmi, Sora Toshkandan qaytib kepti.
Gulsum momo: Tunov kun bu yoqqa kelib ketdi. Butunvoyga bir kasturul kesgan osh qip kepdi, qiz sho‘rlik. Butunvoyga qarab o‘tiraverdi, o‘tiraverdi. Keyin yig‘lab-yig‘lab ketdi.
Esonqul bobo: Menga qara, Jayronboy. Shu ikkovini boshini qovushtirib qo‘ysak... Sorani butun el biladi, boshqaga erga chiqmayman deb qasam ichdi. Otasi oq qisayam, ko‘k qisayam shu Butunvoyingni dedi. Buni butun el-elomon biladi-yov. Ahli qishloq ham sendan rozi bo‘lardi. Mana, Omon partiyani ham Soraning qarg‘ishi urdi. Shu Omon chol o‘lsa qishloqqa qaytaman deb, Toshkentga ketib, kim ko‘ringanning uyida cho‘richilik qipti, deyishadi...
Jayron bobo: Avvalo xudo. Omon partiyaning betavfiqligi boshiga yetdi. Omon partiya o‘lib Sorayam qaytdi.
Esonqul bobo: Shu-shu, shu desang, Omon partiyaning otdan yiqilib o‘lgani rostmi?
Gulsum momo: (oraga qo‘shiladi) Naymid bo‘lgirni ot tepib o‘ldirgan... Otdan yiqilgani yolg‘on.
Jayron bobo: (Gulsum momoga o‘rtaga suqilganidan norizo bo‘lib qarab) Chin gap. Omon partiya Soraning akasi Berdi qassobga qalin puli uchun to‘riq otini in’om qilmoqchi bo‘lib qassobni o‘z uyiga boshlab kelgan ekan... Qassobga to‘riqni maqtab u yog‘-bu yog‘ini qashilagan kishi bo‘pti. Partiyaning bu betavfiqligi xudoyimga xush kelmaganmi, ishqilib, to‘riq Omon partiyaning qoq manglayidan shartillatib zabt bilan tepibdi. Chalqayramon (osmonga qarab demoqchi) yiqilgan partiya shu zahoti jon beribdi. Buni ustida Omon partiyaning qo‘shnisi Hamid chirillovuq ham bo‘lgan... Qo‘rqib ketgan Berdi qassob partiya otdan yiqilib o‘ldi, deb gap tarqatadi. Lekin, Hamid chirillovuqning og‘zida gap yotarmidi, otning qanday qilib tepkani, partiyaning qanday uchib ketgani, Berdi qassobning garangsib, qo‘rqqanidan qovug‘ini ushlab hovlidan qochib chiqqanini hammaga aytib chiqdi... Xumpar gohida o‘zidan qo‘shib, qassob ishtonini ho‘l qilib qo‘yganiniyam hammaga ma’nilatib chiqdi, o‘ziyam... Bilasan-ku, chirillovuqqa gap tegmasin, elga yoyadi. O‘shandan beri Berdi qassob partiyaning bolalaridan bekinib Oysha bevaning etagiga kirib ketdi, deb yuribdi, xumpar.
(Gulsum momo cholning gapidan uyalgan bo‘lib yuzini teskari buradi)
Eson bobo: Menga qara, savob ish, elu xalqqayam ma’qul bu. Ke, shu Sora bilan Butunvoyning boshini qo‘shib qo‘yaylik. Zora, bola-chaqali bo‘p, shu sho‘rliklar ham kun ko‘rsa... Ko‘rgan qayg‘u-alami unut bo‘lardi-da, Jayronboy...
Jayron bobo: Men bir nima deyapmanmi?.. Roziman. Tilovoldim ham erta-indin kelib qolsa, xudo xohlasa, uylantirmoqchiman. Nevarang Qirmizgulni begona qilmaysan-da, Esonqul oshna.
Eson bobo: (ikkilanib) Hozirgi yoshlar o‘zi biladi... Bu masalada yoshlar bilan gaplashish kerak.
Gulsum momo: (shoshqaloqlik bilan) To‘g‘ri, to‘g‘ri... Shu O‘roz pochtachi tunov kun xat olib keluvdi. Tilovim shu o‘zi bilan birga o‘qiydigan bir qizga ko‘ngli borligini... Olib kelib bizga ko‘rsatishini yozgan ekan...
(Eson bobo xijolat tortadi. Yerga qarab qoladi... Jayron bobo kampiriga g‘azab qiladi).
Jayron bobo: Hoy vaysaqi, tur o‘rningdan. Erkaklarning gapiga tumshuq tiqma. Tur, mol-holga o‘t berib qo‘y. Buzoqni tomorqaga bog‘la. Eshakka beda ber. Suvigayam qara.
Gulsum momo: (mulzam tortib) Xo‘p, xo‘p... bovosi men bir nima dedimmi? Hali kelsin bolajonim, ko‘raylik... Keyin bir gap bo‘lar...
Jayron bobo: O‘chir ovozingni. Kimni ko‘rmoqchisan? Bolangnimi yo... Bor endi gapni gapga qo‘sh.
(Gulsum momo chiqib ketadi. Bir nimalar deb gapirib g‘udranadi. Momo chiqqach, qo‘lida tugun ko‘targan Butunvoy Sora bilan kirib keladi. Ikki chol ularga birdan qarab angrayib turishadi).
Butunvoy: B...b...iz... Bi-i-ir-ga-aa!
Sora: (erga qarab) Bovojon, uyingizdan haydamang meni... Nima ishingiz bo‘lsa qilay. Qo‘lim kosov, sochim supurgi bo‘lsin... Bovojon, meni siznikidan boshqa borar joyim yo‘q, bovo...
(Jayron bobo o‘rnidan turib... ular tomonga yura boshlaydi. Soraning boshidan ushlab manglayidan o‘padi. Izillab yig‘layveradi. Bag‘riga bosadi)
Jayron bobo: Aylanay, ona qizim, aylanayin Sora qizim, kim seni haydaydi, kim seni begona deyapti. Uyimning to‘riyam, yuragimning to‘riyam Butunvoyim ikkovingniki! Sen hech joyga ketmaysan, bolam. Sen shu yerda qolasan, bolam... Iloyo Butunvoyim bilan qo‘sha qari. Omin, qani (Eson boboga qarab) Esonqul bovosi, bularga bir duo bering, bular bir-biriga ko‘zi qosh, bular bir-biri bilan Tohir-Zuhra... Qani bu yoqqa yuringlar... (ularni so‘riga boshlaydi) Esonqul bovosi, kelasi haftaning payshanbasiga Butunvoyimning to‘yini belgilaymiz. Ikkoviyam o‘zimning bolam... biri qizim, biri ulim. Xo‘sh, Esonqul bovosi, eldagi gapga yetar to‘rt-besh cholni kelasi payshanbaga chaqiring, uyga kelsin... Xursan kalga ayting, katta qozoni bilan samovorini ertaga opkelib tashlasin.
(Sora bilan Butunvoy yerga qarab o‘tiribdi. Ikki chol duoga qo‘l ochadi. Ular ham qo‘l ochadilar... Sahna yopiladi)

Sahna
    
Jayron boboning o‘sha hovlisi... Jayron bobo bilan Gulsum momo so‘rida. Kelinlik libosidagi Sora choynakda choy olib kelib, ularning oldiga qo‘yadi.
Gulsum momo: Baraka top, bolam. Sen uyimizga kelib, meniyam tani-jonim rohat topdi.
Jayron bobo: Ha aytmoqchi, Butunvoyning o‘zi qani?
Sora: Chorbog‘dan mollarga o‘t o‘rib kelgani ketdi.
Gulsum momo: Choy-poy ich demabsan-da, qizim...
Sora: Aytdim... Kun qizimay borib kelgani ma’qul-da, momo.
Jayron bobo: Juda mehnatkash. Ko‘z tegmasin. Ishi ham pishiqqina. O‘n erkakning ishini bir o‘zi qiladi.
Gulsum momo: Ena qizim, Butunvoyim tol-tushda kelsa chanqaydi. Chalop-palob qilib ber. Tushga yupqa qilib qo‘y. Ochqab keladi, bolam. Tortinma, shu uydagi bor narsa sizlarniki, bolam.
Sora: Rahmat momo, aytganingizni qilaman... Lekin ertalab Maston momo Butunvoy akamni uyiga hasharga aytgan edi.
Gulsum momo: Shu Maston mashakniyam kuni Butunvoyimga qolibdimi? Ana, toyday tosirlab yurgan o‘g‘li Qulmirzaga aytsin. Sho‘rlik kampirni tashlab qo‘yib, gerdaygani gerdaygan. Kattalarga poy-patak bo‘lguncha qari enasiga qarasa o‘ladimi, juvonmarg!
Jayron bobo: Bo‘ldi qil endi. Shu yelpatakning otiniyam aytma... Bo‘pti, men So‘fi Olloyor bovomning qabriga borib kelaman... Esonqul kep qoladi, hozir. Xo‘rjinni bo‘shatib, opchiq, bor... (Gulsum momo o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ladi...)
Sora: Ena, o‘tiravering... O‘zim bo‘shatib, otxona eshigiga qo‘yaman...
(U yugurgilab chiqib ketadi. Ko‘chada mashina ovozi eshitiladi. Chol bilan kampir bir-biriga razm solib olgach, ko‘cha eshikka qarab qolishadi... Tashqaridan eshik tomondan kulgi va baland ovozlar eshitiladi... Hovliga juda po‘rim kostyum-shim kiyib, bo‘yinbog‘ bog‘lagan, qo‘lida portfel tutgan Tilovoldi kirib keladi... Chol bilan kampir hayron... Tosh qotib turibdi. Tilovoldi ham qo‘lidagi portfelni qo‘yib, ularga qarab serrayib qoladi. Shu payt Esonqul bobo ham “hoy kim bor, Jayronboy, bormisan?” deb hovliga kirib keladi-da, bir Tilovoldiga, bir chol-kampirga qarab angrayadi).
Esonqul bobo: Jayronboy, uyga mehmon keptida... Tashqaridayam bir qiz turibdi. (yigitga qarab... tuyqus) Obbo, o‘zingmisan, buni qara-ya, Jayron... Bu... Shu-shu, shunday qilib...
Tilovoldi: Oyi, oyijon... Dadajon!
(Kampir “voy bolam”lab yigitchaga qarab yuguradi. Uni quchoqlab olib o‘pa boshlaydi... Jayronqul bobo esa hovli aylanib shodligidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay yugurgilay boshlaydi).
Gulsum momo: Jon bolam-a... Jon bolam. Bo‘yingdan enang aylansin. O‘rgilay bolam, Tilab bolam, tushimmi yo o‘ngimmi, bolam?
Jayron bobo: (yugurgilab) Tilovim keldi. Tilovjon keldi enasi... Tilovim qaytib keldi... Hoy Eson, nimaga baqrayasan. Tilovoldim-ku, bu! Qara, Tilovjon keldi...
(Yigitcha momoning bag‘ridan sitilib bobo bilan quchoqlashadi... So‘ng Eson bobo uni o‘z bag‘riga tortadi).
Jayron bobo: Yaxshi keldingmi, o‘g‘lim... Tani-joning sog‘mi?
Gulsum momo: O‘zim aylanay, bolam.
Esonqul bobo: Obbo, azamat-ey... Odam tanib bo‘lmay qopti-ya. Yigitmisan yigit. Ko‘z tegmasin, bolam.
Gulsum momo: Qani, so‘riga chiq, bolam... Bo‘yingdan aylanay, o‘g‘lim...
(Jayron bobo chopqillab so‘ri ustidagi u-bu narsani tuzatadi... Momo, o‘g‘lini qo‘lidan yetaklab so‘riga olib kelayapti. Esonqul bobo ham ularga ergashayapti. Yigitcha biroz to‘xtab orqasiga qaraydi. Boshqalar unga tikilishadi).
Tilovoldi: Oyi... Shu oyi, haligi tashqarida...
Jayron bobo: Chaqir, chaqiraver. Oshna-bilishing bormi? Mehmondan aylanay, chaqir...
(Bobo so‘ridan tushib ko‘cha eshikka qarab yugurgilaydi)
Gulsum momo: (O‘g‘lini so‘riga o‘tqazib shoshganidan, nima qilarini bilmay, das­turxonni yig‘ib, choy-nonni Esonqul boboga tutadi. Bobo ham choynakni ushlab dov­dirab momoga qaraydi) Charchamadingmi, bolam? O‘qishing bitgani chin bo‘lsin, bolam. Ko‘zim to‘rt bo‘ldi...
Esonqul bobo: (choynak hamon qo‘lida) Gulsum, nima qilay, choy damlayinmi? (kulimsiraydi)
Gulsum momo: Voy, Eson bovosi, buni qarang. Choynakni menga bering. Shoshib qoldim, bovosi. Siz nabirangiz bilan chaqchaqlashib o‘tiring... Yaxshisi, oshnangiz bilan to‘qlini so‘yinglar, qo‘ni-qo‘shni chiqadi. Bolam kepti, jim o‘tirmanglar, bovosi...
Esonqul bobo: (kulimsirab) To‘qlining og‘ziga tuz sop qo‘yganmisizlar? Ancha bo‘luvdi qaynatma sho‘rva ichmaganimga. (Momo choynakni olib chiqdi) Ey, yasha yigitning guli! Olim bo‘p qaytibsanda-a?
Tilovoldi: Shunday!
Esonqul bobo: Otang, enanglarning bag‘ri to‘ldi, bolam... Senga ko‘z tikib turishuvdi.
(Qo‘lida sumkacha, qimmatbaho matodan ko‘ylak-lozim kiyib, boshiga durra bog‘lagan Zemfira bilan Jayron bobo ichkariga kirib kelishadi. Bobo qizga hayratlanib, qiziqsinib, allanimadan qo‘rqqanday qarab-qarab qo‘ygan ko‘yi uning yonida kelayapti... Qiz esa uyalgan kabi yerga qarab olgan).
 Zemfira: Assalomu alaykum, otaxon.
Esonqul: (o‘rnidan turib) Va alay... Va... Va... alaykum assalom, qizim. Qani ke, qizim, so‘riga chiq... tortinma...
Zemfira: (yana ohista) Rahmat, otaxon...
(Tilovoldiga yovqarash qiladi. Tilovoldi o‘rnidan dik etib turib, uning qo‘lidan tutib, so‘riga chiqishiga ko‘maklashadi).
Esonqul bobo: Bu deyman, ona qizim, senam shu o‘zimiz tomonning qizimisan deyman-a... Tilovboy bilan birga o‘qiysizlarmi?
(Jayron bobo so‘rining bir burchiga o‘tiradi).
Zemfira: Yo‘q, otaxon. Men birga o‘qimayman. Shaharlikman, haligi... (go‘yoki uyalganday) Tilov akam meni bu yoqqa olib keldilar...
Jayron bobo: (qo‘zg‘alib qo‘yib, tomoq qiradi) Binoyi qipsiz, qizim, binoyi bo‘pti, qizim. Tog‘-toshlarni ko‘rib, tomosha qilib ketasiz-da, qizim. Bu yerlar yaxshi joy, keng-ko‘lam joy.
Esonqul bobo: Binoyi, binoyi... Qaerdan, qaysi urug‘dansiz, qizim...
Zemfira: Otaxon, urug‘ nima u, otaxon?.. Men haligi... Tilovoldi akamlar bilan...
Esonqul bobo: Tushunarli bolam, tushunarli...
Tilovoldi: (xijolatni yo‘qotish uchun) Eson bobo, oyimni topshirig‘ini qilaylik... Voy-bu... (soatiga qarab) Obed vaqti ham bo‘lib qoptiyu. Haligi, qo‘y so‘ymaymizmi? Men sizga yordamlashaman. Turdikmi, bobo, qani... (qo‘lini duoga ochadi).
Esonqul bobo: Ha-ya... To‘qlini bo‘g‘izlaymiz. Jayronboy sen mehmon bilan chaqchaqlashib tur. Biz o‘g‘ling bilan to‘qlini so‘yamiz... (ular turishadi)
Jayron bobo: (xijolatli ko‘zini yerga tikib) Qizim, qani non-tuzga qarang. Bu joy qishloqchilik... Kam-pami bo‘lsa xafa bo‘lmang... qizim.
Zemfira: (qimtinganday) Yo‘g‘-e, ota! Men ko‘nikaman Tilov akamlar hammasini aytib berganlar. (choynak ko‘targan Gulsum momo kirib keladi-da, qizga qaraydi)
Gulsum momo: Voy bo‘yingdan aylanay, bolajonim. (So‘riga epchillik bilan chiqib, qizni bag‘riga olib, peshonasidan o‘padi) Qizmisan, qiz, gulmisan gul xushchiroy ekansan, bolam. Tilovimdan aylanay, yaxshi kepsan, bolam... (boboga qarab) Bovosi, shunday qizni yetkazganiga shukur... Bunday xushchiroyni yer yuzidan topolmaysiz... Odobli, es-hushli ekan, bovosi...
(Qiz choynak-piyolani momoning qo‘lidan olib choy qaytarib, ta’zim bilan boboga, so‘ng momoga choy uzatadi... Gulsum momo choliga yer ostidan qarab, ko‘rdingizmi deganday imo qiladi).
Gulsum momo: Bobosi, Tilovim aqlli. Kelinniyam aqli butunidan topadi demabmidim. O‘roz pochtachi olib kelgan xatda siz to‘g‘ringizda Tilovim yozuvdi. Qanday qizakan deb o‘ylab, bovongiz bilan kechalari gurunglashib chiqardik. Hoy, bovosi, yerga qarab o‘tiraberasizmi? Bir narsa deng...
Jayron bobo: Yaxshi... yaxshi. (erga qarab) Shu... taqdirda endi buyam. Shu... qizim, ko‘zimga issiq ko‘rinayapsiz. Qarichilik-da endi (qizga sirli qaraydi).
Zemfira: (ko‘zlarini pirpiratib) Yo‘q... yo‘q, otaxon... kimgadir o‘xshatayotgandaysiz. Men bu yerlarga kelmaganman.
Jayron bobo: (yuragini ushlab, bir seskanadi) Hm... qizim, yaxshi qiz ekansiz. Esli-hushli. Qizim, otingiz nimaydi?
Zemfira: Ismim Zemfira! Zemfira, ota!
Jayron bobo: (yana yuragini ushlab, uh tortib ingraydi) Buyam taqdir ekan, bolam...
Gulsum momo: (cholga qarab) Hoy bovosi... Sizga nima bo‘layapti. Shunday kunda... Quvonganingizdan o‘zingizni yo‘qotib qo‘yayapsizmi?
Jayron bobo: (ba’zo‘r) Xursandchiligimdan, momosi, men xursand bo‘lmay kim xursand bo‘lsin. Shunday qiz, shunday kelin ostonamizga kelib turibdi.
(Sora kirib keladi... Zemfira bilan ko‘rishib, so‘rashib)
Sora: Ha, ota, shunday kunda, mazangiz qochgani nimasi?
Jayron bobo: (Soraga o‘kinib qarab) Xursandman, bolam, xursandman... Sen Zemfira qizimga bir qishloqni, Suvlisoy tomonlarni ko‘rsatib kel. Men o‘zimga kelib olay. Aylanib kelsanglar, keyin bafurja gurunglashamiz...
(Sora o‘rnidan turib, cholga achingannamo qarab, Zemfirani ko‘cha eshigiga boshlaydi. Kampir cholning oyoq-qo‘lini uqalab turibdi)
Gulsum momo: Bovosi, sizga nima bo‘ldi? Shunday kundayam mazangiz qochadimi-ya? Quvonganingizdan bu, o‘tib ketadi. Bolamiz bag‘rimizga qaytdi. Endi armonimiz yo‘q, bovosi, o‘zingizni qo‘lga oling... Mana, issiq choydan bir ho‘plang.
Jayron bobo: (choy tutgan qo‘lini qaytarib) Hoy kampir, soddasan-da... Uf... ichim yonib ketayapti. Esonqul qaerda? Chaqir, Esonqulni.
Gulsum momo: (hayratlanib) O‘g‘lingiz bilan qo‘y so‘yayapti. O‘zingiz aytdingiz-ku...
(Jelagi barini belbog‘iga bog‘lagan, yaxtagi yengini shimarib Esonqul bobo kirib keladi).
Esonqul bobo: Mana, Jayronboy dirriqi qo‘zingniyam tinchitdim. Nima uchun shalpayib yotibsan, tur-e o‘rningdan... Shunday kundayam nag‘mangni boshladingmi?
Jayron bobo: (uf tortib) Menga qara, Esonqul, shu seni nevarangga – Qirmizgulga hali hech kim og‘iz solmabmidi? Haligi to‘ng‘ich o‘g‘lingning qizi boridi-ku... Shuni aytayapman...
Esonqul bobo: Ey, nodon chol, sen hozirgi yoshlarni bilmaysan-da. Ana, ko‘rib turibsan-ku, ko‘ngli-ko‘ngliga mos kelsa, gapi gapiga qovushsa, o‘zlari topishganiyam ma’qulda... shu... shu...
Jayron bobo: (bosh chayqab) Sen bilan mening ko‘nglimga qarashmaydimi, bular?
Esonqul bobo: Qarashadi. Shu-shu, ammo lekin, ko‘rib turibsan Tilovoldingni topgan qiziyam aqli-hushi havas qilgudayga o‘xshaydi. Ikkovi birga o‘qirkan... Nima balo, chindan qarilik aqlingdan olayaptimi, deyman?
Jayron bobo: Hey, koshkiydi shunday bo‘lsa. Koshkiydi aqlimni yo‘qotib, aqlimdi yegan bo‘lsam... Afsus afsus... bunday emas-da, Esonqul...
Esonqul bobo: Tushuntirib gapir.
Jayron bobo: Nimasini tushuntiray. Gapirolmayman. Gapirib bo‘lmaydi buni... Esonqul!
Gulsum momo: (taajjublanib) Ozgina uxlang. Charchabsiz...
Jayron bobo: Gulsum, senga uylanganimda uyingdan narini ko‘rmagan qiz eding. O‘n olti, o‘n yetti yashar navnihol eding. Birovning ko‘ziga qarayolmasding, qaramagan eding. To‘g‘ri, o‘qimagan, savodsiz eding. Lekin, ko‘ngling toza edi-da...
Gulsum momo: U davrlar boshqacha edi, bovosi. To‘rt devorning ichida o‘tiraverardik. Bugun zamon boshqa. Qiz-juvonlar ham o‘qimishli...
Esonqul bobo: Barakalla, Gulsum. Bu eski qirchang‘iga shunday deb tushuntir-da. Shu-shu, shunday qilib...
Jayron bobo: O‘qimishli degin. Soddasan... uf... Ha, boringlar, men picha uxlay... Ishlaringni qilinglar.
Gulsum momo: Bovosi, qozon osaveraylikmi? Qo‘ni-qo‘shni chiqadi...
Jayron bobo: Men nimayam derdim...
Esonqul bobo: (chalg‘itmoqchi bo‘lib) Hoy, ziqna-ey, shu eti-suyagiga yopishib qolgan, oriq qo‘zini so‘yganingga ichingni it tatalayaptimi-a? Hey, seni qara-ya...
Jayron bobo: Qo‘y hazilingni, Esonqul... birmas o‘n qo‘y demaysanmi, hamma mol-holimni aytmaysanmi, barini sening nevarang Qirmizgulning oyog‘i ostiga tashlashgayam roziman... Nima qilay, ayt? Yo‘l ko‘rsat.
Esonqul bobo: Sen aqlingni yeb qo‘yibsan. O‘g‘ling eshitsa nima bo‘ladi? O‘zing ham bilarding-ku, o‘g‘lingni ko‘ngil qo‘ygani, suygani borligini. Bugun, ana olib keldi, ko‘rsa-ko‘rguday, oyday qiz. O‘g‘ling aytib berdi, ota-onasiyam o‘qimishli, badavlat kishilar ekan. Qo‘li uzun amaki-yu, tog‘alari ko‘p ekan. To‘g‘ri, bular seni qiziqtirmaydi... Lekin...
Jayron bobo: (yotgan joyida behol qo‘l siltab) Boringlar endi, men uxlay.
(Ular chiqib ketishadi. Jayron bobo, ko‘ksini ushlab biroz yotadi. Ko‘zini yumadi. Jayron bobo yotibdi. Zemfira bilan Sora kelishadi).
Zemfira: Sora opa, haligi gapni qanday qilib aytsak bo‘ladi? To‘yni tezlatmasak bo‘lmaydi.
Sora: Men momomga aytaman. To‘yni shundog‘am keyingi oyga belgilashgan. Sizni kutishayotuvdi. Momomga ma’qul keldingiz. Bobom ham rozi bo‘lsalar kerak. Bugun negadir toblari qochib turibdi.
Zemfira: (xavotirlanib) Shu o‘n kun ichida to‘yni o‘tkazaylik, opa. Siz ularga tushuntiring. Yana biror ishkal chiqib o‘tirmasin.
Sora: Bu nima deganingiz, aylanay?
Zemfira: Cholli sog‘ligi yomonga o‘xshaydi. Tag‘in haligi... Qarichilik-da, bir gap bo‘lsa, to‘y orqaga surilib ketadi.
Sora: Voy, unday demang, aylanay. Yaxshi niyat qiling. Bobom ancha baquvvat hali. Bugun xursandchilikdan shunday bo‘ldi, shekilli..
Zemfira: To‘ydan so‘ng Tilov akam bilan Istanbulga ketmoqchimiz. Marmar dengizining bo‘ylarida aylanmoqchimiz. Amakim asal oyining sarf-xarajatlarini o‘zim ko‘taraman deyaptilar. U kishi zo‘r odam.
Sora: Men bunday gaplarni kinolarda eshitganman.
(Zemfira kuladi... Tilovoldi kirib keladi).
Tilovoldi: Yaxshi aylanib keldinglarmi? Qalay, bizning tog‘lar yoqdimi? Bu joylarda birinchi bor bo‘lgan odam, albatta, mo‘‘jizaga duch kelganday bo‘ladi, Zemfiraxon. Taassurotlar qalay?
Zemfira: Menga yoqdi. Chindan ham mo‘‘jiza. (erkalanib) Lekin, lekin Istanbul Istanbulda, baribir.
Tilovoldi: (otasiga qarab) Boboy, tuzalsinlar... Albatta ruxsat olamiz. (Sora ularni xoli qoldirib chiqib ketadi. Tilovoldi Zemfiraning qo‘llarini kaftiga olib o‘padi). Zemfirachka, Zemfirachkam, (u yoq-bu yoqqa olazarak qaraydi) zerikmadingizmi? Xavotirlanmang, hammasi yaxshi bo‘ladi... Aytganingizday bo‘ladi.
Zemfira: To‘y o‘n kun ichida bo‘lishi shart. Tog‘am bilet olib qo‘yadilar. So‘ng srazi shaharga qaytib, Istanbulga jo‘naymiz. Tog‘amni siz ham eshitgansiz. Tohir Tohirovichni aytayapman-da.
Tilovoldi: Ha eshitganman, aytuvdingiz. Mayli siz aytganday bo‘ladi. (Shu payt nimadir taraqlaydi. Yigit bilan qiz bir-birini qo‘yvorishadi. Gulsum momo kirib keladi. Qo‘lida isiriqli otashkurak. Kampir tutayotgan otashkurakni yigit bilan qizning boshidan, yelkasidan aylantiradi).
Gulsum momo: Iloyo ko‘z tegmasin, suqdan, yomonning ko‘zidan asrasin. Insi-jins­lardan asrasin. Bolalarim, doimo o‘ynab-kulib, chopib-chopqillab, eson-omon yuring­lar... (Isiriqni Jayron cholining boshidan aylantiradi. Cholining yuziga qo‘lini qo‘yadi. Chol boshini ko‘taradi. Yostiqqa suyanadi. Va, sahnadagi o‘g‘li va Zemfiraga qarab qo‘lini yuzi bilan to‘sadi. Yig‘laydi, yelkalari silkinadi. Yigit va qiz bir qadam oldinga bosadi. Tilovoldi kelib otasining yonida cho‘kallaydi. Esankirab boqadi... Zemfira sahna orqasida tosh qotib turibdi).
Tilovoldi: Dada, dada... axir... Sizga nima bo‘layapti? Nega bunday qilayapsiz?
Jayron bobo: O‘zim shunday, bolam. O‘zim shunday. Senlar boraveringlar... Borib Esonqulga qarashinglar. Kechqurun qo‘ni-qo‘shni keladi.
(Tilovoldi bazo‘r o‘rnidan turib Zemfiraning yoniga keladi. Gulsum momo cholning bilagi, qo‘llarini uqalayapti. Shu payt tashqarida mashina to‘xtab, Qulmirza yugurgilab kirib keladi. Va Tilovoldi hamda Zemfiraning oldida taqqa to‘xtab qoladi).
Qulmirza: (Zulfiraga) Siz! Siz! Siz shu yerdamisiz?..
Zemfira: (seskanib) Kechirasiz, sizni... sizni tanimayman.
Qulmirza: (miyig‘ida kulib) Tushunarli... Balki... adashgandirman...
(Ularga qo‘l siltab, Jayron bobo yotgan so‘ri tomon boradi. Chol bilan kampir qo‘rquv aralash unga qarashadi. Zemfira bilan Tilovoldi o‘sha zahoti tashqariga chiqib ketishadi).
Gulsum momo: (zaharxandalik bilan) Yana nega bu joylarda binoat (paydo demoqchi) bo‘lib qolding? Senga nima kerak?
Qulmirza: (ayyorlik bilan) Momojon, bovomda ishim bor edi. (cholga qarab) Bovojon mazangiz qochdimi, bir ko‘rib kelay devdim. Siz menga otamday aziz odamsiz. Ko‘p yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatgansiz. Pand-nasihatlar qilgansiz, bovo. Betobligingizda hol so‘ramasam qanday odam bo‘ldim. Yaxshimisiz, damlimisiz, suyak yengilmi, bovo?
Gulsum momo: (o‘rtaga tushib) Ko‘rib turibsan-ku ahvolini. Ahvoli xursand bo‘lgudaymas. Kasal. Muddaoga o‘taver, Qulmirza.
Qulmirza: (unga qaramay) Bovo, bir gapim bor, bovojon.
Jayron bobo: (inqillab) Ayt gapingni.
Qulmirza: (yalingannamo) Bovojon, xabaringiz bor. Katta qamalib ketdi. Xo‘jalikdagi katta ham qamalayapti. Tergovda. Tumanni tekshiruvchilar ag‘dar-to‘ntarini chiqarishdi. Bu nomard kattalar hamma yoqni rasvo qilib tashlashgan ekan. Bularning kasofati boshqalarniyam urayapti. Ertaga chorvani tekshirisharkan. Meni taqdirim qo‘lingizda. Shu chorvani sel olib ketgan desangiz kifoya, bovojon... Bo‘lmasa, menam qamalaman. Jon bovo, aylanay bovo, yordam Bering, bovojon. (cho‘kkallab yalinishga tushadi, cho‘ntagidan qog‘oz chiqaradi) Mana akt... qo‘l qo‘ying. Ertaga sizni oldingizgayam kelishadi. Suruvni sel oqizdi deb turib oling, bovo... (Qulmirza yig‘lay boshlaydi)
Jayron bobo: (inqillab) Uf... men, men, suruvni senlarga topshirganman... Meni tinch qo‘y. Bunday qilmayman. Bunday noma’qulchilikni ko‘p qildim. Bir oyog‘im go‘r og‘zida turibdi. Oxiratim shundog‘am kuyib turibdi... (uf tortib, ingranadi) Endi ket.
Qulmirza: (o‘rnidan sapchib turib) Bovo, axir, axir, meni qamashadi-ku. Rahmingiz kelsin. Otamning jo‘rasisiz-ku, bovo!
Gulsum momo: Bovongni qiynama, bor ket.
Qulmirza: (yig‘lamsirab) Momo, meni qamashadi.
Gulsum momo: Nima balo, seni mukofotlashsinmi bo‘lmasam. Qilgan ishingga javob ber-da, endi. Endi senga cholim bovo, men momo bo‘lib qoldikmi-a?
Qulmirza: Jayron bovo, qo‘l qo‘ying, bovo... Meni qutqazing, bovo.
Jayron bobo: Men o‘zimni o‘zim qutqazolmay yotibman-ku.
Qulmirza: Siz o‘zingizni nimadan qutqazishingiz kerak?
Jayron bobo: (inqillab) Vijdon azobidan, oxirat azobidan. Halol bo‘lolmadim. Meni ham senlar yo‘ldan urdilaring. Ko‘ngil bo‘shlik qildim. Nima desanglar, xo‘p dedim. Mana oqibati.
Qulmirza: Men nima qilay?
Jayron bobo: Endi, hech bo‘lmasa oxirida mard bo‘l. Halol bo‘l. Aybingni tan ol.
Qulmirza: (qaqshab) Siz, siz... odammassiz. Baribir o‘chingizni olayapsiz. Halollik deysiz. Halolman deysiz. Uyingizni g‘arxona qilib qo‘yibsiz.
Gulsum momo: (g‘azab bilan) Nimaaaa? Nimaaa deding, isqirtning bolasi?!
Qulmirza: Eshitganing. Qari makiyan. Hovling g‘arxona! Ana, anavu turgan qiz kimlarning qo‘ynida yotmagan deysan. Manovi sassiq choling ham biladi. Bir oy oldin, shahardan kelgan boyvachcha bilan shu qiz birga kelib adirda aysh-ishrat suruvdi. Manovi halol chol esa shularning xizmatini qiluvdi. Bu kuningdan o‘lganlaring yaxshi, qari kalamushlar!
Gulsum momo: (angrayib) Nimaa?!. Hoy, og‘zingga qarab gapir! (cholga qarab) Nima deydi bu? Shu bo‘yning singurning gapi chinmi?
Jayron bobo: (ko‘zini yumib) Chin... chin... hammasi to‘g‘ri. (Inqillab ko‘zlarini yumib, boshini yostiqqa tashlaydi... Qulmirza chiqib ketadi).
Gulsum momo: (boshini changallab) Soraaa! Sooraa! Soraaa... Berman ke, Soraa! (Sora yugurib kiradi)
Sora: Nima bo‘ldi? Nima bo‘ldi, enajon?
Gulsum momo: (Sorani bag‘riga bosib, yig‘laydi) Bolam, bolam-a... Anovi, anovi... shahardan kelgan qiz... Qo‘y, bolama... bolam (uvvos tortib yig‘laydi). Orzu-umidimni kul qilgan, bolam...
(Butunvoy sahnaga kirib kelib momoning boshini silaydi. Sora esa Jayron boboning ko‘ksini silab, boshiga nam latta bosayapti. Momo jim. Chol ihrandi).
Gulsum momo: Sora qizim. Butunvoy bolam... (yig‘lab) Bu nima ko‘rgulik-a, bolalarim.
Jayron bobo: (ihranib o‘qchiydi) Eson...q...uul... Es-oon... Ih-h. Eson...
Gulsum momo: (dahshatga tushib Butunvoyga) Bor bolam, bor... tez chop... Esonqul bovongni chaqir. Tez chop.

SAHNA

Yana o‘sha hovli. Jayron bobo o‘ziga kelib qolgan. Sog‘ligi yaxshi. So‘rida bosh egib o‘tiribdi. Yonida o‘g‘li Tilovoldi. U ham yerga qaragan...
Jayron bobo: (erga qarab) Xo‘sh, bolam... yoshlik qilma. O‘ylab ko‘r... Shu ishing chakki bo‘ldi. Men u dunyoi bu dunyo rozi emasman...
Tilovoldi: Dada, axir.
Jayron bobo: Dada demay, ota desang ham bo‘laveradi.
Tilovoldi: Ota... Ota...
Jayron bobo: Nima deysan?
Tilovoldi: Buning iloji yo‘q.
Jayron bobo: (hamon yerdan ko‘z uzmay) Nimani iloji yo‘q?
Tilovoldi: Axir, Zemfira...
Jayron bobo: U qizni menga otini ham aytma...
Tilovoldi: Qulmirza sizdan o‘ch olish uchun tuhmat qildi.
Jayron bobo: Mening ikki ko‘zim ko‘ramas. O‘zim ko‘rganman.
Tilovoldi: Adashayapsiz.
Jayron bobo: Ana, Butunvoy guvoh...
Tilovoldi: Shu la’nati duduqning qadami shum keldi.
Jayron bobo: (boshini ilkis ko‘tarib) Uni duduq dema. Uni haqorat qilma!
Tilovoldi: Men nima qilay?
Jayron bobo: Qizni jo‘natib yubor... Qizga javob ber... O‘zingniyam, bizniyam nomusga qo‘yma...
Tilovoldi: (o‘rnidan turib) Axir, rejalarimiz bor... Biz shaharda yashaymiz. Zemfira tufayli ko‘p narsaga erishamiz. Ota-onasi, amakisi, tog‘alari...
Jayron bobo: (tishlarini g‘ijirlatib) Senga hech nimaning farqi yo‘qmi?
Tilovoldi: Nimani aytayapsiz?
Jayron bobo: G‘ururing bormi? Shu qiz ko‘zingni ko‘r, qulog‘ingni kar qilib tashlabdi.
Tilovoldi: Nima desangiz deng, men u bilan bo‘laman. Baribir, bu chol devor ichida, xarob hovlida qololmayman...
Jayron bobo: (o‘zini ba’zo‘r tutib) Tushundim. Seni... Baribir, sendan umid yo‘q. Enang ham chidaydi. Men ham chidayman. Senga yalinib-yolvordim, ko‘nmading. Yig‘ladim, ko‘nmading. Enangni gapiga kirmading... Seni harom aralashtirib boqqanimni endi ang­ladim... Shu haromi Qulmirza bo‘ldi, katta bo‘ldi, boshqa yulg‘ichlar bo‘ldi, shularga sherik bo‘lgan paytlarim ham bor... Shu harom-harishlarning kasofati senga urib ketibdi, bolam... Yoshligingda o‘lib qo‘ya-qolsang bo‘lmasmidi, bunday qilib qiynagandan ko‘ra... (yig‘laydi)
Tilovoldi: Ota... men nima qilay, axir uni yaxshi ko‘raman.
Jayron bobo: (achinib bosh silkitadi... yig‘laydi) Bor endi, bora ber. Ko‘zimga ko‘rinma, bola... Ketsang yaxshi. Yaxshi bo‘ladi. Ha, meniyam, enangniyam o‘ligi ko‘chada qolmaydi. El-yurt bor... Butunvoyim bor. Sora bor. Tashlab qo‘ymaydi... Bolam, seni qarg‘amayman. Faqat mening senday bolam yo‘q deyman. Ket endi... Nimaga angrayasan...
(Uvvos tortib yig‘lab yuboradi. Tilovoldi orqasiga tislana boshlaydi. Zemfira chiqib keladi. Zamonaviy ochiq-sochiq kiyimda. Yuzidan qahr yog‘iladi. Cholga g‘azablanib qaraydi. Chol hamon yig‘lamoqda... Zemfira Tilovoldining qo‘lidan tutib olib chiqib ketadi. Gulsum momo kirib keladi. Yuzi ayanchli, xuddi es-hushini yo‘qotgan alfozda. Momo sekin, bir-bir bosib qadam tashlayapti).
Gulsum momo: Ketdimi, bovosi... Tilov ketdimi. Op qololmadingizmi?
Jayron bobo: Ketdi. (erdan ko‘z uzmaydi)
Gulsum momo: (ingrab) Endi men, biz nima qilamiz, bovosi?
Jayron bobo: Peshonamizda bori shuyakan, kampir...
Gulsum momo: Biz kimga suyanamiz endi, bovosi...
(Hovliga Sora bilan Butunvoy ham momoning ortidan sekin kirib kelishmoqda... Bobo o‘rnidan bir amallab turib qo‘li bilan Butunvoy hamda Sora tomonga ishora qiladi).
Gulsum momo: (o‘girilib) Butunvoyim, Sora qizim...
(Ular kelib momoning ko‘ksiga bosh qo‘yadi... Jayron bobo tik turgan ko‘yi qo‘llarini falakka cho‘zadi. Momoqaldiroq gumbirlaydi... So‘ng... olisdan bo‘rilarning uvillashi eshitiladi... Sora momoning bag‘ridan bosh ko‘tarib quloq tutadi).
Sora: Bo‘ri... Bo‘rilar uvillayapti... Bo‘rilar.
Butunvoy: (bosh silkiydi) O...o...dam... o...d...daam... Bu Bo‘-o‘rii... maa...as... Od...d...d...a..m...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 4-5-sonlar.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.