OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Suv ko‘rmay etik yechma (sakkiz sahnali hangoma)

Qatnashuvchilar:

1. Chori uchar – Chapani, haqiqatgo‘y, andak qitmir kishi. 55-60 yoshda.
2. Ro‘zixol – Chori ucharning xotini. Eriga hamisha hadik bilan qaraydi.50-55 yoshda.
3. Eshdavlat – O‘ziga xos qaysar, biroq sodda kishi. 35-40 yoshda.
4. Yo‘ldoshali – Chori ucharning o‘g‘li. Tijoratchi. – 25-30 yoshda.
5. Orzuboy – Sodda va ishonuvchan odam. 55-60 yosh­da.
6. Norgul – Orzuboyning xotini. 50-55 yoshda.
7. Rayhon – Orzuboyning qizi. 18-20 yoshda.
8. Bo‘ripolvon – O‘ziga bino qo‘ygan, qo‘rs odam. 55-60 yoshda.
9. Shodi baraka – Kim nima desa ishonadigan, go‘l va olim kishi. 55-60 yoshda.
10. Sarvi – Shodiboyning xotini. 50-55 yoshda.
11. Nozim shoir – 25-30 yoshda.
12. Feleks – Ajnabiy. 30-35 yoshda.
13. To‘xta qushnoch – Kinnachi kampir. 65-70 yoshda.

BIRINCHI SAHNA

Chori ucharning hovlisi. Qishloqqa xos ko‘rimda tiklangan uy-joy. Hovli chetida supa. Daraxtlar soya tashlagan, paxsa devor bilan o‘ralgan hovlining bir chetida oshxona, tandir, o‘choq, bostirma. Supa orti keng-mo‘l bog‘.
Ro‘zixol u-bu narsalarga urinib, kuymalanib yurib­di. Tuyqus – eshik taqillaydi. Tashqaridan ovoz keladi. G‘azabnok tashvishlar. Ro‘zixol angrayib turadi. Supada mudrab o‘tirgan Chori uchar o‘rnidan sapchib turib ketadi.
Chori uchar: (Supada tik turgan ko‘yi o‘z ko‘k­si­ga tuflagan bo‘lib) – Yomon tush ko‘rdimov... As­tag‘­fu­rul­loh.

 Eshik taqillashi yana avjga chiqadi.

Ro‘zixol: (Xavotir bilan eshikka imo qiladi). – Tush emas, o‘ngingizda.
Tashqaridagi ovoz:     – Oching eshikni... Kim bor?..
Ro‘zixol: (Darvozaga qarab yura boshlaydi...) – Qiyomat qo‘pdimi, nima balo?
Tashqaridagi ovoz: (Jahl bilan) – Chori tog‘a! Cho­ri tog‘a-yov. Oching eshikni.
Chori uchar: (Qo‘rquvdan rang-quti o‘chib.) – Ey, to‘x­­ta. Ro‘zi. To‘xta. Bu Eshdavlatmi? Eshdavlat. Ochma. Qu­­turganga o‘xshaydi, ochma.
Ro‘zixol: – Eshikni o‘pirib kiradi. Vajohatini ko‘rmayapsizmi?
Chori: (U yoq-bu yoqqa alanglaydi-da yugurib borib to‘nkarilgan kattakon savatning tagiga yashirinadi.) – Bo‘pti, ocha qol.
Ro‘zixol: (Eshik tomon borayotib) – Yana bir ba­loni boshladingizmi-a? Xudo bexabar odam ekan­siz­da-a. Qachon elga qo‘shilasiz-a. Borayapman... Ho-o-v, ochayapman.
Eshik taraq-turuq etib hovliga g‘azabnok, ko‘y­la­gining old tugmalari ochilgan, ko‘kragini ko‘r­satib, ish­toni poychalarini tizzasigacha qayirib, oyog‘iga ka­­­­­lish kiyib olgan Eshdavlat yugurib kirib keladi. Qo‘l­larini musht qilib u yoq-bu yoqqa alanglaydi.
Eshdavlat:    – Qani, a? Eringiz qani?
Ro‘zixol: – Nima gap, Davlatjon inim, nima gap? Qani, supaga o‘tir.
Eshdavlat:    (Qo‘l siltab, yana o‘shqirib) – Amma, su­pada o‘tiradigan ahvoldamasman hozir. Qo‘tir kallaga soya ne darkor, degan ekan kimdir... (Bosh chayqab o‘ziga gapiraveradi) – Aytuvdima... Aytuvdim... Shu uchar pismiqning gapiga kirma deb... Tog‘a bo‘lsa o‘z yo‘liga. Maslahatingdan o‘rgildim. Elga ermak, yurtga elak bo‘lganim qoldi... Ammo, ayting, eringizga ayting, ko‘zimga ko‘rinmasin, o‘lay agar, oldimdan chiqsa bir balo qip qo‘yaman.
Ro‘zixol: (Eshdavlatga ham achinib, ham kinoyaomuz qarab) – Ko‘rinmaydi, ko‘zingga ko‘rinmaydi, Davlatjon inim. Haliyam ko‘rinaman deyotgani yo‘q.
Eshdavlat:    (Asabiy) – Aytganimni qil, qishloqda nomingga narvon qo‘yib ulug‘lashadi, deydi. O‘ziga o‘x­shagan bema’ni gaplarni qaerdan toparkan-a, amma, bu uchar cholingiz.
Ro‘zixol: (Go‘yoki xafadek) – Davlatjon, inim... U kishi sengayam begonamas, hadeb uchar, uchar deyverma. Ayt, cholim nima ish qip qo‘ydi?
Eshdavlat:    (Endi qo‘lini musht qilib o‘z boshiga urib) – Uvv... Vooyy! Nima qildi deysiz? Shuning maslahatiga kirib tuppa-tuzuk tomorqaning adog‘ida eniga to‘rt, bo‘yiga to‘rt qilib chuqur qazib o‘tiribman-a...
Ro‘zixol (Hayron, ajabsinib) – Nega qazasan?
Eshdavlat:    (Jig‘ibiyron) – Nega qazardim, nima­ga qazardim, o‘zimga yoki uchar eringizga go‘r qazimayman-ku...
Ro‘zixol: (Seskanib) – Hoy, hoy, inim. Eshdavlat, o‘zingni bos.
Eshdavlat:     (Bosh chayqab) – Hovuz qazdim, amma, ho­­­vuz qazdim.
Ro‘zixol: (Taajjubda) – Hovuzni nima qilasan?
Eshdavlat:    (Endi yanada alamli chinqirib) – Ni­­ma qilardim, butun qishloqni hovlimga qamab cho‘­miltirgani qazimaganman har holda. Biznes qi­la­man devdim. Ha. Biznes. Uchar eringizning mas­lahati bilan. Nima emish, baliqxona qurish kerakmish. Far­g‘onaga borib, ishbilarmon do‘stlaridan ko‘rib kelganmish. Eni-bo‘yiga to‘rt, chuqurligi ikki metr keladigan hovuzga baliq urug‘ini tashlab ko‘paytirsam, ikki yilda millioner bo‘lib ketarmishman. Shu hovuzda bir kilo-yarim kilolik baliqlar yetishtirib sotsam, har kuni o‘ldim deganda 100-150 ming so‘mdan daromad olishim mumkin ekan.
Ro‘zixol: – Qancha?
Eshdavlat:    (Qovog‘ini uyub) – Bir kunda yuz-bir yuz ellik ming so‘m sof foyda qolarmish. Ha, shuncha pul oqib kelarkan!..
Ro‘zixol: – Toshni yebsiz shu gapingizga, 100-150 ming so‘m foyda ko‘rish kerak bo‘lsa, nega o‘zingiz shu ishni qilmaysiz, demadingmi tog‘angga, inim? Uyining ahvoli bu, tag‘in birovga aql bo‘lishiga, birovga yo‘l ko‘rsatishiga o‘laymi? (So‘ng savat tomonga bir qarab cho‘chib tushadi. Ovozini endi yumshatib) – Ha, endi u kishi senga begona emas, jiyanimning biri ikki bo‘lsin, degandir-da.
Eshdavlat:    (Qo‘l siltaydi. Savatning ustiga borib o‘tiradi) – Qaerda birim ikki bo‘ladi. Qaytanga elga kulgu bo‘ldim. Otamdan ham oladiganimni oldim.
Ro‘zixol: (Xavotirlanib) – Nima uchun kulgi bo‘­lasan? Otangdan nimani olding, inim?
Eshdavlat:    (Savat ustida o‘tirgan ko‘yi oyoq­la­rini likillatib, savatning qorniga to‘pil­la­tib te­pib...) – Men o‘lib-tirilib, eni-bo‘yi to‘rt metrlik hovuzni endi bir metr qilib qazuvdim deng, yer ostidan paqillab suv otilib chiqdi. Tomoshani ko‘ring, hovlining qolgan qismini ham suv bosib ketdi. Bostirma tomondagi devor og‘ib, uyichi keti ochiq qolgan boladay ko‘chaga ko‘rinib qoldi, qo‘ydi. Bir pasda hamsoya-ovul yig‘ildi. Umrida suv ko‘rmagan o‘rdak jo‘jalarim suvda suzib, kuchuk suvda shaloplab yuribdi deng. Hovuz qazimay o‘l deydigan odam yo‘q. Kuladigan odam ko‘p, ammo! Otam qattiq dakki berdi.
Ro‘zixol: – Erim hovuz qazi desa qaziy­vera­san­mi, suv toshib chiqishi xayolingga kelmadimi, inim?
Eshdavlat:    (Qo‘l silkib) – Uchar eringiz bir nar­­­sani biladi debman-da, amma! Boyib ketish yo‘­lini o‘r­gatyapti debman, pismiqning yuzi kulganday bo‘­luv­di-ya...
Ro‘zixol: (Supadagi choynakdan piyolaga choy qu­yib olib kelib savat ustida o‘tirgan Eshdavlatga uzatadi.) – Davlatjon inim, choy ich. Ishqilib suv to‘xtadimi?
Eshdavlat:    (Bosh chayqab) – Tuman markazidan mutaxassislar keldi. Betonlab yopishdi, bir amallab. Ikki yuz mingga tushib o‘tiribman. Ammo, men buni shunday qoldirmayman. Uchar eringizdan baribir o‘chimni olaman.

 Savat ustidan turib keta boshlaydi.

Ro‘zixol: (Uni yupatib) – Qo‘y, kuyinma inim. To­­­­­­g‘ang, baribir tog‘ang-da. Xafa bo‘lma. Endi, inim, ming qilsayam bir tomir nari, bir tomir beri, tog‘a ba­­ribir tog‘a. Tog‘a-jiyan qir pichoq bo‘lib yotmanglar, ay­lanay, eshitgan kuladi.
Eshdavlat. (Joyida taqqa to‘xtab, Ro‘zixolga o‘q­rayadi). – Amma. Amma! Lekin bostirma-chi. Tomorqa-chi? Oshxonamning bir qismi-chi? Suv op ketdi deyap­man-ku. Yaxshiyam qo‘shnim Bo‘ri polvon bor ekan. O‘g‘il­­lari bilan kun bo‘yi tomorqadan chelaklab suv chi­qardik. Eringiz duminiyam ko‘rsatmadi. Eringizning qilmishidan Bo‘ri polvonning ham ajinasi otlandi. "Shu qitmirning gapiga kirasanmi. Yoshligi­dayam go‘r emas edi, endi qaro yer bo‘larmidi, bir payt­­lar Hamdam chavandozning to‘­yida chalpak qilib yiqitganman. Shu-shu hozirgacha kallasi kirari-chi­qa­ri, xayoliga kelgan gapni gapirib, bo‘lmag‘ur mas­la­hatlarni beraveradi", dedi.
Shu payt savatni irg‘itib Chori uchar irg‘ib turib, Eshdavlatga xezlanib o‘shqiradi. Chori ucharning savat tagidan chiqib, xo‘rozday hurpayishini ko‘rib Eshdavlat, dovdirab qoladi...
Chori uchar:     (Vajohat bilan oldinga intilib) – Bekor gap. Bekorlarni aytibsan. Nima balo, mast­misan? Og‘zingga kelganini gapiraverasanmi-a? O‘sha to‘yda, o‘sha Hamdam chavandozning to‘yida, o‘sha Bo‘ri kalingni ikki oyog‘ining orasidan ilon chil berib ildirib oyog‘ini osmondan keltirib, (qo‘llarini havolatib) xuddi charxpalakday qilib boshimdan oshi­rib shunday yiqitganmanki, beli uzilib ketishi­ga bir bahya qolgan. Uning polvonligi chepuxa. Bir cho‘n­qaymani biladi. Pisib, qo‘rqib olishadi. Tushundingmi? Menga Bo‘ri kalni maqtaysan, nokas.

Ro‘zixol ikkovining o‘rtasida goh unisiga, goh bunisiga qarab, ovsarlanib qoladi.

Eshdavlat:     – Voy-voy. Voy-voy. Manavi odamni qaranglar. Men tog‘dan kelsam, bog‘dan keladi. Gapni cho‘zmay, ikki yuz mingni cho‘zing.
Ro‘zixol: (Uning yo‘lini to‘sib) – Davlatjon, inim. Shaytonga hay ber, inim.
Chori uchar: (G‘oz turish qilib) – Kel, qani. Qoch, xo­tin. Kelsin-chi, nima qilarkan. Meni kim deb o‘y­layapti bu? Oydin kampirning bog‘ini ko‘rsatib qo‘ya­man, bunga.

Eshdavlat joyida taxta bo‘lib to‘xtab qoladi. Shash­­tidan tushadi. U yoq-bu yoqqa alanglaydi.

Ro‘zixol: (Eriga hayrat bilan) – Nima? Nima deb alahlayapsiz?
Chori uchar:     (Eshdavlatning shashtidan tushib, shal­­­viragani, gapi nishonga to‘g‘ri tekkanini bilib, endi bexavotir holatda xotiniga qarab) – Xotin, bor-boraver, o‘zimizning shunchaki gapimiz bor... Davlatjon ining (kinoya bilan) meni tushundi. Nega qarab turibsan, bor, qo‘yga o‘t tashla.

Ro‘zixol ularga hayratomuz qarab hovli adog‘iga ketadi.

Eshdavlat:    (Sinovchan nigoh bilan) – Bu nima de­­­­ganingiz? Oydin momo bog‘ining bizning gapga nima daxli bor.
Chori uchar:    (Endi g‘oliblikni to‘liq qo‘lga olib...) – Daxli bor, jiyan. Daxli bor. Kuni kechayam televizorda ko‘rsatdi, “Suv yoqalab”, degan kinoni ko‘rdingmi? Ko‘rdingmi? (O‘qrayib qaraydi).
Eshdavlat:     (Ajablanib) – Ko‘rdim.
Chori uchar:     (Eshdavlatga ijirg‘anib qarab) – Ko‘rgan bo‘lsang yaxshi. Shu kinoni o‘zimizning xeshimiz, Normamat raisning anavi shoir o‘g‘li Erkin amaking yozgan. Mayli, gap bunda emas. Gap shundaki, shu kinoda eri yo‘q, eri olisda yurgan ayolning to‘shagiga, qo‘yniga kirgan o‘g‘lini rais Bolta Mardon chunonam savalaydiki, bola sho‘rlik tug‘ilganiga pushaymon yey­di... (Yana o‘qrayadi... Endi u g‘oz. Endi u xo‘roz. Endi...) – Ko‘rdingmi? Kinoning o‘sha joyini ko‘rdingmi, jiyan?
Eshdavlat:    (Tipirchilab, o‘zini qo‘yarga joy topolmagan ko‘yi, yerga qarab ko‘zini alang-jalang qi­ladi) – Ko‘rdim, tog‘a! Ko‘rdim! Lekin... (uning ovozi si­­­niq chi­qadi).
Chori uchar: (Endi g‘oliblik qiyofasida achinish hissi) – Lekin-pekini yo‘q. Sening otang Haydar qu­yonchiq o‘sha Bolta Mardondan ham o‘tib tushadi, seni savalab, qamchilab o‘tirmaydi, bira to‘la boltalab, chopib tashlab qo‘yaqoladi. Seni chopib tashlaydi, o‘sha megajiningni ham burdalaydi... Uqdingmi? Nomusli erkak eri olisdagi ayolning, umuman, nomahramning nomini bulg‘amaydi.
Eshdavlat:    (Popugi pasayib) – Tog‘a, yer tagida ilon qimirlasa bilasiz-a, endi shuni doston qilish shartmas-ov?.
Chori uchar:     (Ijirg‘anib) – Yo‘q, jiyan, men maydakash, ipirisqi odam emasman. Fe’li-ro‘yimni qit­mir deding – to‘g‘ri, pismiq deding – to‘g‘ri, goh-gohida shunday noma’qul, elga ovoza hazillarim ham bo‘p turadi. Biroq, birovning bog‘ini harom qilmayman, qishloqning bulog‘ini bulg‘amayman, uqdingmi? Senga gapim shu: oyog‘ingni bilib bos, yerning yuzi qattiq bo‘lgani bilan, shuvit qilsang yer yutishiyam turgan gap, jiyan. Qisqasi, birovning nomusi elning ori bilan barobar. Harom-harishni yig‘ishtir. Oilang, gulg‘unchaday bolalaring bor. Ke, endi shu gap oramizda qolsin. Nima deding?
Eshdavlat: (Mo‘ltirab, jovdirab) – Tog‘a, tog‘a­jon. Men tushundim. Shu gap, haligi, Oydin momoning bog‘i masalasi o‘rtamizda qolsin!
Chori uchar:     (Ko‘ngli yumshab) – Qoladi, qoladi, jiyan. Tog‘ang mayda odam emas. Qoladi.

Eshdavlat ko‘ksiga qo‘lini qo‘yadi.

Eshdavlat: (Zo‘rg‘a iljayib) – Xo‘p, men boray, tog‘a.
Chori uchar:     (Qat’iyat bilan) – To‘xta! (Qo‘ynini kavlaydi) – Ma, manavini olib qo‘y. (Bir taxlam pul uzatadi) – Qulagan bostirmangni, devoringni tikla!
Eshdavlat:    (Xijolat holda qo‘l siltab) – Kerak­mas. Ochig‘i, o‘zimdan ham o‘tdi. Oldingizga kelmas edim, devorni tiklayotsam, Orzuboy amaki, endi har kuni baliq yerkanmiz deb bola-baqra bilan orzu qilib o‘tiruvdik, hey, attang deb, piching qildi. Shu gap suyak-suyagimdan o‘tib ketdi. Keyin, shaytonning gapiga kirib siz tomon yugurib kelaverdim...
Chori uchar:     (Pulni yon cho‘ntagiga qaytarib soladi. Iljayib) – Orzuboy shunday dedimi? Piching qil­di, de.
Eshdavlat:    (Entikib) – Keyin... Haligi Bo‘ri polvon ikkovi.
Chori uchar:     (Gapini shart bo‘lib, o‘qrayib) – Polvon dema. Bo‘ri kal de.
Eshdavlat:    (Sapchib tushib) – Xo‘p. Bo‘ri kal ikkovi, Orzuboy amakining supasida o‘tirib bitta shishani maydalashga tushishdi. Menimcha, menga qo‘shib sizniyam rosa mazax qilishdi-yov.
Chori uchar:     (Jiddiy qiyofada, uning gapiga ishon­­qiramay qarab) – Sen buni qaerdan bilding?
Eshdavlat:    (Yana tajang) – Tog‘a! Aytdim-ku, suv to­­shib devorimni ag‘anatib ketdi deb. Hamma tomon, qo‘ni-qo‘shnimning hovlisiyam ko‘rinib qoldi-ku... Orzuboy amakining supasini shu devor to‘sib turardi-da...
Chori uchar:     (Endi xijolatomuz alfozda) – Ha bo‘p­ti... Xafa bo‘lma. Axir o‘zingga ham kallani Xu­do bekorga bermagan-ku... Endi tog‘am aytdi, deb... Ha, mayli, bo‘lar ishdan gaplashaylik... (So‘ng unga yaqin­lashib yelkasiga qoqadi.) – Bir gap bor. Baliq yeyishmoqchi ekan de. Men Bo‘ri kal bilan o‘sha Orzuboy jevachiga baliqning o‘rniga kolbasa yediraman. (Eshdavlatga tikilib turadi... So‘ng uni supa tomon boshlaydi...) – Bir reja bor, jiyan. El eshitmagan hangomani endi o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan.
Eshdavlat:    – Tushuntiribroq gapiring, tog‘a.
Chori uchar: – Xo‘sh, qani supaga chiq. (Ular supaga o‘tirishadi.) – Shunday qilib Orzuboy anavi Bo‘­ri kal bilan bayram qildi, de. Mazax qildi, de. (O‘ylanib qoladi) – Menga qara, xo‘sh, sen haligi, Panji chapaqayning shoir bolasi, anavi jurnalistlikka o‘qigani, televizorda ham ko‘rinib qoladi-ku, oti nimaydi, ha, Nozim, men uni Nozim naynov deyman. Nozim naynov, qishloqqa kepti deb eshitdim, bir ajnabiyni ham ergashtirib kelganmish, shularni biznikiga boshlab kel.
Eshdavlat:    (Hayratomuz) – Nozimni nima qilasiz?
Chori uchar:     (Miyig‘ida kulib) – Bu yog‘ini so‘rama... Nozim naynov bo‘ladigan bola, ukkag‘arding bolasi hammomning tuynugiday qishloqdan chiqib butun mamlakatga tanilib borayapti. O‘shani sherigi, haligi ajnabiy jiblajibon bilan birga qo‘shib olib kel, bir ziyofat mendan. Bir mehmon qilsam ziyon qilmaydi. Keyin... keyin bir reja bor. Sen xursand bo‘lasan... Uqdingmi?
Eshdavlat:    (O‘rnidan qo‘zg‘alib) – Uqdim, uqdim, to­g‘a. Nozim qachon kelsin?
Chori uchar:     (Uni eshik tomon kuzatayotib) – Ilo­ji bo‘lsa hozir topib kel... (Yelkasiga urib qo‘yadi.)

Ular xayrlashishadi.
Sahna qorong‘ulashadi.

 IKKINCHI SAHNA

Chori uchar supada yastanib o‘tirib choy ichayapti. Go‘yo beparvo. Supa yonida, kattakon yo‘lxalta ustiga o‘tirib olgan o‘g‘li Yo‘ldosh, yo‘l oldidan fotiha bering deganday otasiga imo qiladi. Shu payt o‘choq tomondan kichkinagina tugunchani ko‘tarib onasi Ro‘zixol yugurgilab keladi-da, tugunchani o‘g‘liga tutadi.

Ro‘zixol:    – Ol, aylanay bolam. O‘roqjon, tez­-tez kep turaver, o‘qishing qochib ketmaydi. (Eriga qo‘rqib-pisib qaraydi, eri xotinining bu gapidan so‘ng unga olayib qarab bosh chayqab qo‘yadi)
Yo‘ldosh: (Jig‘ibiyroni chiqib) – Ena, necha marta aytganman, shu O‘roq demang deb... Yo‘ldosh deb aytsangiz bo‘laveradi, oshnalarim, sinfdosh qizlarning oldida ham kecha O‘roqjon, O‘roqjon deyverib bezor qildingiz. Odamni sharmanda qilmang, ena.
Ro‘zixol: – O‘rganib qolganman-da, bolam, o‘r­ganib qolganman. Men uchun O‘roqvoy. Bu otni rahmatli Nozik momong qo‘ygan.
Chori uchar:     (Xotiniga ensasi qotib qarab) – Bas qil. Bolani yo‘ldan qoldirma.
Ro‘zixol: (Ikki qo‘lini fotihaga ochib) – Omin, bo­lam toyday tosirlab yursin.

Chori uchar xotiniga yeb qo‘yguday qarab o‘sh­qiradi.

Chori uchar: (Tajang holda) – Hoy, menga qara. (Ovozini cho‘zib, ohista) – Menga qara...

Ro‘zixol eridan oldin bolasiga fotiha berganidan mulzam bo‘lib, mum tishlab yerga qarab qoladi.

Chori uchar:     (Tomoq qirib, o‘zining bu uyning xo‘­jayini ekanligini bildirib qo‘yish uchun) – Qani omin. Olginu oldirmagin. Yo‘ling oq, niyating oydin bo‘lsin. Allohu Akbar.

Ular uchovlon fotihaga qo‘l ko‘tarishadi.

Ro‘zixol: – Omon – eson yurgin, O‘roqjon.
Yo‘ldosh: (Achchig‘lanib) – Ena... Aytdim-ku, ena.
Chori uchar: (Kulib) – Men dalada bo‘lganman, enang seni shiyponda tuqqan. Go‘ring nurga to‘lgur Nozik momong kindigingni o‘roq bilan kesgan. O‘roqqa qancha sig‘insang oz (kuladi, silkinib-silkinib, yelka uchirib kuladi) – Shu o‘roq bo‘lmaganda... zovudingdan yaroqsiz bo‘lib tusharding... (Yana yelka uchirib, zavq bilan kuladi...) – So‘ng rayon markazida senga ZAGSdan guvohnoma olgani borsam, shahardan praktikaga kelgan o‘ris qiz "URAK, URAK, chto takoy urak?", deb qoldi... Qani endi O‘roqning o‘rischasini bilsam... Keyin kolxoz kassiri Yo‘ldosh akaga xushomadi uchun otingni Yo‘ldosh deb yozdirib yubordim. Voy jinqarcha-ey, endi, "Chto takoy Yo‘ldash?" deb qolsa bo‘ladimi. O‘roqning o‘rischasini bilmagan odam Yo‘ldoshning o‘rischasini qaysi go‘rdan bilsin! "Yo‘ldosh – eto dengi" deb yubordim. Angra­yib qoldi. Keyin yozib berdi... Hammasidan zo‘ri, keyin Yo‘ldosh kassir yelkamga qoqib suyunchi puli berdi. Ana shunday, mullo Yo‘ldosh. Yo‘ldosh – dengi degani deb to‘g‘ri aytgan ekanman, mana pulning orqasidan quvganing quvgan! O‘v, gapim noto‘g‘rimi? Aslida pulni quvib ham yolchitmayapsan... (Qo‘l siltaydi. So‘ng bir o‘g‘liga, bir Ro‘zixolga qarab) – Xotin, nosqovog‘im tokchada qopti, olib kel.

Ro‘zixol zipillab chiqib ketadi. Chori o‘tirgan jo­yida o‘g‘li tomonga o‘ng‘ay buriladi.
Yo‘ldosh: (Endi achchiqlangan ko‘yi o‘rnidan turib otasi tomon yura boshlaydi. To‘xtaydi) – Ota, o‘zingiz ham oshirib yuborasizda-a. Hozir zamon shu­naqa. Hamma o‘zini pulga urgan payt. Biznes. Pul... Biznes, bu iqtisodiyotning oltin qonuni.
Chori uchar:     (Miyig‘ida kulib, o‘g‘lini kalaka qi­lib) – Hamma zamondayam shunday bo‘lgan. Hamisha odamzod o‘zini pulga, boylikka urib kelgan. Qo‘y, menga o‘rgatma, bolam?
Yo‘ldosh: – Mejdu prochim, siz tengi odamlar ham hozir ancha uddaburon. Masalan, anavi Bo‘ri polvon... Vodiydan to‘qqiz dona tovuq tuxumini uch million so‘mga sotib opkepdi.
Chori uchar:     (O‘rnidan turib ketadi) – Nima? Ni­ma deyapsan, esing joyidami, o‘zi? Uch millionga to‘q­qizta tuxum?
Yo‘ldosh: (Endi joyiga qaytib borib sumka ustiga yana o‘tirib oladi. Dadasini dovdiratganidan xursand) – Ha, uch millionga to‘qqiz dona tuxum sotib olibdi. Siz buni tasavvuringizga sig‘dirolmaysiz. Chunki, siz chinakam tadbirkorlikni bilmaysiz. Chunki siz...
Chori uchar:     (G‘azablanib) – Hoy. Enag‘ardi bolasi, kallang joyidami, esing ham kirari-chiqari bo‘lib qolganmi deyman? Uch millionga to‘qqiz dona tuxum sotib olsa g‘irt tentaklik, jinnilik-ku... Bo‘ri kal o‘zini davolatsin, yoki sen o‘zingni davolatgin, bola.
Yo‘ldosh: (Pinagini buzmay) – Siz shunday o‘y­lay­siz. Lekin Bo‘ri polvon o‘sha tuxumlarni ochirib dakan xo‘roz, ha, urishadigan xo‘roz qiladi. O‘sha xo‘rozlarning har birini kamida ikki millionga sotadi. To‘qqiz tu­xumdan to‘qqiz urushqoq jo‘ja chiqsa, urushqoq xo‘roz bo‘l­sa, har birini ikki milliondan sotsa o‘n sakkiz million so‘m degani. Ha, mayli o‘n besh million ham deylik. Ana ishbilarmonlik, mana biznes...
Chori uchar: (Endi angrayib) – Ho... shunday degin. (Endi o‘ylanib qoladi) – Senga bir savol. (Yuzidagi terini artadi) – O‘sha tuxumlarning urushqoq xo‘roz bo‘lishiga kim kafil? A? Ayt-chi?
Yo‘ldosh: (Xush ko‘rmay) – Vodiydagi polvon jo‘ra­lari urushqoq xo‘rozni tovuqqa qo‘yib, ha­ligindak... (Jim turadi...) – Xullas, shundan so‘ng tu­g‘il­gan tuxumlarni Bo‘ri polvonga berishgan.
Chori uchar: (Hamon hayratlanib) – Yo‘q, bu aniq ja­vob emas...
Yo‘ldosh: (Qo‘l siqib) – Aytaveraymi? Siz shu oxi­­riga yetmasangiz qo‘ymaysiz-da. Tuxumlarning haligi urushqoq dakan xo‘rozdan ekanligini isbotlovchi dalillar bor. Videokameraga olib borishgan. Video tasmalar bor... Biznes sizga o‘yin emas, ota.
Chori uchar: (Ishonib-ishonmay) – Tovuqning keti­­ni videokamera bilan poylashgan, de? O‘sha xo‘­roz­larni chindanam katta-katta pulga urushtirishadimi? Biz tomonda bunday nag‘ma yo‘q-ku?
Yo‘ldosh: (Endi tajang) – Bor joyda bor. Dakan xo‘rozlarini Bo‘ri polvon o‘sha, bu ishni mukammal qilib eplaydiganlarga sotadi.
Chori uchar:     (Alami kelib) – Sen bularni qaerdan bilding?
Yo‘ldosh: – O‘g‘li Rasul aytdi.
Chori uchar:     – Tuxumlarni qachon olib kelibdi?
Yo‘ldosh: (Otasiga ajablanib qarab) – Tunov ku­ni. Ota, endi bu gapni ko‘chaga shamollatib yubormang. Bu sir.
Chori uchar: (O‘g‘liga norozi qarab) – Sen mening o‘g‘limmisan yo Bo‘ri kalning bolasimisan-a? Nega muncha uning tarafini olasan?
Yo‘ldosh: (Yalingannamo) – Ota, iltimos, Siz biling, men bilay. Hatto buni Bo‘ri polvonning xotini Sarvi xolayam bilmaydi.
Chori uchar:     (Tajjublanib) – Nega?
Yo‘ldosh: – Biznesga xotin kishi aralashmagani ma’qul-da.
Chori uchar:     – Xo‘sh. Unday bo‘lsa arzanda-yu aziz oltin tuxumlar qaerda ekan?
Yo‘ldosh: (Otasiga ma’noli qarab) – Sizga nima qizig‘i bor buning?
Chori uchar:     (Go‘yo beparvo) – Qizig‘i yo‘q? Xohlasam osonlikcha bilib olaman.
Yo‘ldosh: (Sergak tortib) – Ota, qo‘ying mayda gapni. Rasulga so‘z beruvdim. Yaqin oshnam u. Shundog‘am eshitdingiz-ku hammasini.
Chori uchar: (Pisanda qilib) – Rasul oshnang bo‘l­sa, men otang.
Yo‘ldosh: (Norozi) – Uf! Mayli. Hech kimga ayt­may­siz-a, to‘g‘rimi.
Chori uchar: (Ensasi qotib) – To‘g‘ri. To‘g‘ri. Aytaver, hech kimga aytmayman.
Yo‘ldosh: – Tuxumlar Shodi baraka amakining do‘­konidagi muzlatgichda. Ertaga olishadi. Kurk tovuqqa bostirishadi.
Chori uchar:     (O‘zicha mamnun) – Demak, Bo‘ri kal o‘zicha xotinidan ham, boshqalardan ham sir tutgan. Yaxshi.
Yo‘ldosh: (Bo‘shashib) – Ota, bo‘pti, men ketdim....
Chori uchar: (O‘g‘lidan ko‘ngli to‘lmagan ota qi­yofasida) – Menga qara, Sen qachon odam bo‘lasan? Yoshing o‘ttizga bordi. O‘n yildan beri bir institutni zo‘rg‘a tugatayapsan. Qachon qarasang yelkangda to‘rvang, g‘izg‘izonsan, g‘izg‘izon. Toshkent ham yarim qadam bo‘p qoldi senga.
Yo‘ldosh: – Bo‘ldi, ota, bo‘ldi. Xudo xohlasa bu yil tugataman o‘qishni. (Keyin gapni boshqa yoqqa burib...) – Ota, Eshdavlat akaning laqabini eshitdingizmi? Eshdavlat hovuz! Hamma uni endi Eshdavlat hovuz, deb chaqirayapti. Sizning sharofatingizdan bu, ota. Laqabi hovuz bo‘ldi.
Chori uchar: (Endi tutaqib) – Sendan men Eshdav­latning laqabini so‘rayotganim yo‘q-ku, bola. Menga qa­ra, Shodi barakaning do‘koniga sen nima op kelib berding?
Yo‘ldosh: (Beparvo) – Nima opkepman?
Chori uchar: (Ijirg‘anib) – Enag‘ardi bolasi, ayollarning haligisini... aytaman... Uyalmay shuni op kep berdingmi-a?
Yo‘ldosh: (Ajabsinib, kulib) – Shu arzimagan nar­­sani siz ham bildingizmi-a? Qishloq emas bu! Bu naqd dunyoga xabar tarqaydigan axborot markazi! Adashib sumkamga tushib qolgan... Men ham e’tibor bermay Shodi amakimga tashlab ketganman. Shuniyam aytdimi sizga. O‘zi tog‘oradan tor qishloq bo‘lsayam, dunyoga xabar tarqatadi. Odamlari og‘zi bilan yuradi.
Chori uchar: (O‘dag‘aylab.) – Birov aytdimi yo‘qmi, sening ishingmas buyog‘i.
Yo‘ldosh: (Og‘ringanday...) – Ota, axir globallashuv, tsivilizatsiya, degan narsalar bor, televizor, internet. Bu gaplar juda mayda gaplar. Shu narsaga achchiqlanib o‘tiribsiz-a?
Chori uchar:     (Ajablanib) – Nimasi mayda? Nega achchiqlanmay?
Yo‘ldosh: (Endi dovdirab) – Axir dunyo rivojlanishda. Dunyo devorlarini rivojlanish buzib o‘tayapti.
Chori uchar: (Miyig‘ida kulib) – Dunyoni tinch qo‘y. Bizga to‘g‘ri kelmaydigan narsasini sen aytgan dunyo bizga tiqishtirmasin. Mayli, devorimizni ham buzmasin, o‘sha dunyo suvilizatsiyasi. Mana shu yon qo‘shnimiz Orzuboy va bizning hovlimiz o‘rtasidagi devorniyam buzib, yoki undan oshib o‘tmasin, bir balong, ya’ni girdibalomidi, globolamidi, o‘sha narsang. Chunki, bizning qarichimizga to‘g‘ri kelmay turgan o‘sha rivojlanishingni bizga keragi yo‘q, bola. Uqdingmi. Bunday narsalarni bizning qishloqqa tiqishtirma, bola. O‘sha taraqqiyoting ham tiqishtirmasin.
Yo‘ldosh: (Ensasi qotib) – Nimani tiqishtiryapti sizga taraqqiyot?
Chori uchar:     (Endi g‘azabi toshib) – Enangning ko‘k­rak xaltasini tiqishtirayapti. Erta xotin-xalajning boshqa narsasini ham olib kelib ochiq-oydin ko‘z-ko‘z qilasanlarmi? Uyalmaysanmi, bola?
Yo‘ldosh: (Noqulay holatda) – Ota, qo‘ysangiz-chi?
Chori uchar: (O‘ychan...) – Nimani qo‘yaman. Orsizlik, nomussizlik arzimagan narsadan boshlanadi, bolam. Mayli, sen aytgan siv... siv... gla...
Yo‘ldosh: (O‘zini o‘nglab) – Sivilizatsiya, globallashuv...
Chori uchar: (Bosh silkib) – Ha, shundaychakin nar­­salar oriyatni oyoq osti qilsa, keragi yo‘q, bolam. Oriyati oyoq osti bo‘lgan odamning ildizi mo‘rt bo‘ladi. Oriyatsizlik ayolni erkakshoda, erkakni esa xotinchalish qilib qo‘yadi...

Shu payt nosqovoq ko‘tarib pildirab Ro‘zixol keladi. Ota-bolaning ovozini balandlatmay gaplashishayotganidan ko‘ngli xotirjam, yuziga tabassum yuguradi.

Ro‘zixol: (Jilmayib) – Ota-bola nimani gaplashayapsizlar?
Chori uchar: (Kinoya) – Suvilizatsiya haqida...
Ro‘zixol: (Go‘yoki bir narsani tushunganday... Yuzini ro‘moli bilan to‘sib...) – Voy, o‘lmasam...

Shu payt eshik taqillaydi. Kimdir ovoz beradi. Mashina gurullashi ham eshitiladi. It huradi.

Yo‘ldosh: (Otasiga qarata) – Ota, mayli, yaxshi qo­­linglar, ena, bo‘pti mayli, yaxshi o‘tiringlar, Qudrat oshnam vokzalga olib borib tashlayman devdi, kelganga o‘xshaydi.

UCHINCHI SAHNA

O‘sha hovli. O‘sha supa. Chori uchar yonboshlab olib gazeta o‘qiyapti. Yana eshik taqillaydi. Chori uchar be­zovtalanib qarab turadi. Ro‘zixol oshxona tomondan chiqib kelib eriga qaraydi. Avzoyidan yana bezovta. Eriga endi bunisi kim bo‘ldi, deganday im qoqib qo‘yadi. Chori uchar boshini eshik tomonga irg‘aydi.

Chori uchar:     – Nega qoqqan qoziqday bo‘lib turibsan? Bor, eshikni och. Agar nokerak odam bo‘lsa meni yo‘q, deb ayt.
Ro‘zixol: (Tumshayib) – Nokerakligini qaerdan bi­laman...
Chori uchar: – Avval qara-chi... He, o‘l talmovsiramay.

Ro‘zixol eshik tomon yugurgilaydi: “Hozir, hozir, kim u”. Bir pasda qaytib keladi.

Ro‘zixol: – Anavi Nozim shoir boru, Panji cha­paqayning kenjasi. O‘sha bilan bir o‘ris bola turibdi eshikdi oldida. Nima dey? Tavba, shahardan o‘ris oshna topib kepdi, ajoyib-da shu bola? Nima dey?
Chori uchar:     (Xotiniga kinoyali jilmayish bilan bosh chayqab) – Chaqir! Chaqir! Nima derding. Chaqir! O‘ris bola emish. O‘rismas, ingliz u. Ingliz. Nega ang­rayasan, bor chaqirib ke. Ha-ya, sen, qizingnikiga boraman deyatuvding. Bor, boraver.
Ro‘zixol: (Eshik tomon borayotib) – Kechqurun boraman qizingizni ko‘rgani.
Chori uchar: (Qat’iyat bilan) – Yo‘q. Hozir borasan. Hozir.

Ro‘zixol eriga norozi bir qarab eshik tomon yo‘rg‘alaydi. Hovliga ajnabiy do‘stini ergashtirib Nozim kiradi. Ajnabiy o‘ng qo‘lini bog‘lab, bo‘yniga bint bilan osiltirib olgan. Ikkoviga obdon zamonaviylikning suvrat-siyratini shunday yopishtirib qo‘ya qolgan. Nozim tavoze bilan Chori ucharga salom beradi. Ajnabiy ham qo‘li ko‘ksida Nozimning qilig‘ini qaytaradi...

Chori uchar: (Mamnun) – Xush ko‘rdik, yigitlar. Xush ko‘rdik. (Nozim va ajnabiy yigitga havas bilan qaraydi.)
Nozim: – Chaqiribsiz, bova? Tinchlikmi?
Chori uchar: – Ha, endi, dunyo yangiliklaridan bah­­ramand bo‘lay dedik-da, nevarajon. Ko‘z tegmasin, (bir Nozimga, bir ajnabiyga qaraydi...) Qish­lo­g‘imizning faxrisan, faxri, Nozimjon!.. Bosh­qani bilmadim-u, lekin, men sen bilan faxrlanaman. Manavi bo‘yinsangni tanishtir...
Nozim: – Bu Feleks Robson. Bizga dunyoviy mat­­buotdan dars beradi. U o‘zbek tilini, urf-odat­la­ri­mizni o‘rganayapti.
Feleks: – Salom. Salom. Yakshi. Yakshi.
Chori uchar: (Ajnabiyga diqqat bilan razm solib) – Salom, inim. Salom, yaxshi. (Nozimga) Durust. Senga saboq berishini bilmadim-u, lekin o‘zbeklardan ko‘p narsani o‘rganishi chin. Ha endi, ajoyib udumlarimiz bor... Xo‘sh, Nozim, shoir oshnangning qo‘liga nima qildi? Chakki bo‘pti-yu?
Feleks: (Yana zavqlanib) – Ko‘l. Ko‘l. Kurash. Kurash.
Nozim: – Hamma narsaga qiziqaveradi. Kecha Qo­sim qassobning to‘yiga bordik. Kurash berdi. Qo‘ymadi, menam o‘zbekcha kurashga tushaman deb, tixirlik qi­laverdi. Mehmonning sazasi o‘lmasin deb, xo‘p dedik. Bo‘ri polvonning o‘g‘li, Rasul sinfdoshimiz bilan ku­rashga tushirdik. Mana, endi shu ahvol (Nozim ajnabiyning qulog‘iga nimalardir shipshiydi. Ajnabiy tasdiqlaydi, bosh qimirlatadi.)
Chori uchar: (Ularni supaga boshlaydi. Supaga chiqib o‘tirishadi) – Ey, shu Bo‘ri kalning bolasi, Ra­­sul injiqning ham farosati yo‘q-da. Mehmonning hurmatini qilmaydimi. Sekingina olishib, yiqilib qo‘ysa o‘larmidi, nokas kalning bolasi...
Nozim: – Yo‘q, bova. Rasul buni ayadi. Yiqilib ham berdi. Lekin o‘zi sal mo‘rtroq shekilli, eti ezilib, payi cho‘zilganga o‘xshaydi.
Chori uchar: (O‘tirgan joyida egilib, Feleksning lat yegan qo‘lini ushlab ko‘radi, diqqat bilan razm soladi) – Chin, chiqmabdiyam, sinmabdiyam, payi cho‘zilgani chin. (Biroz Feleksga qarab turadi-da, o‘ng qo‘lining ko‘r­satkich barmog‘ini havoga niqtab) – Topdim. Topdim. Da­vosi uchun o‘zimizning o‘zbekona usulni qo‘llash kerak... (Birdan Chori ucharning yuzida tabassum jilva qiladi. Ikkala qo‘lini bir-biriga ishqaydi. Qarsak chalib, kuladi) – Topdim.

Nozim bilan Feleks hayron.
Nozim: – Nimani topdingiz, bova?
Chori uchar: (Shodligini yashirolmay) – Buning qo‘­­liga tuxum bog‘lash kerak... Ha, tuxumning sarig‘ini bog‘­lasang yaxshi bo‘ladi.

Nozim Feleksga engashib shipshib Chori ucharning gapini tarjima qilgan bo‘ladi.
Feleks: (Noqulay ahvolda go‘yo) – Yo‘k. Yo‘k. Doktor! Doktor yakshi.
Chori uchar: (Nozimga endi xafa bo‘lganday) – Ayt, oshnangga. Qadimdan ota-bobolarimiz shunday qilgan. Udumimizni o‘rganayotgan ekan, amal qilsin-da. Tuxumning sarig‘i shishni ham, og‘riqni ham darrov oladi. Buni Ibn Sino aytgan.

Nozim yana Feleksning qulog‘iga nimadir deydi:

Feleks: – O, O! Avetsino. Avetsino. Xup. Mayli. Xup! Avetsino yakshi.
Chori uchar: – Bu boshqa gap. Hozir, bu yerdan ketayotib, anavi Shodi barakaning do‘koniga kiringlar. Xonadon tuxumi yaxshi. Unda bor. To‘qqiz dona olib, yettitasining sarig‘ini olib, katta kosada aralashtirib qo‘liga surkab, yaxshilab bog‘lab qo‘y. Ikkitasini qovurib yenglar. Udumi shunaqa, uqdingmi?
Nozim: – Shodi baraka shaharga ketayotgan ekan. Hozir ko‘rdik. Do‘koni ochiqmikin?
Chori uchar: (Xursand) – Nima? Shodi shaharga ketayapti de? Do‘konda xotini savdo qilayotgandir. Ayni muddao-da. Ayni payti ekan, nevarajon. (So‘ng o‘zining shodligini yashirishga urinib) – Xotini bo‘lsa yaxshida, u-bu narsaning fahmiga yetadi. Xonadon tuxumini so‘ragin-a! Muzlatgichda turibdi. To‘qqiz dona tuxum, uqdingmi?
Nozim: – Xo‘p, bova. Mayli. Shunday qilamiz. Ana, Feleks ham rozi bo‘ldi. Tuxum bo‘lsa, tuxum-da. (Ke­­­yin Chori ucharga razm solib) – Bova, nega cha­qir­ti­ruv­dingiz?
Chori uchar:     (Bosh silkib) – Ha-ya. Feleksning dardi bilan bo‘lib, chalg‘ib ketibman, nevara. Menga qara, sen Orzuboyning qizini yoqtirasan deb eshitdim, shu chinmi? Anavi, hozir shaharda o‘qiyotgani bor-ku, muallimlikka o‘qiyotgani?
Nozim: (Uyalib yerga qarab) – Rayhonni aytayapsizmi?
Chori uchar: (Mo‘ljalni bexato olganidan qu­vonib) – Ha. Rayhonni aytayapman. (Nozim yerga qarab turibdi) – Xo‘sh, bilsang, otang Panji chavandoz eng yaqin oshnam. Orzuboy ham mening qadrdon jo‘ram. Ikkovi ham ko‘nglimning tub-tubidagi yaqinlarim. Lekin, shu Orzuboy qizini, To‘ychi raisning haligi, tumanda katta ishda ishlayotgan o‘g‘liga bermoqchi, degan gap oraladi qishloqda. Sen xafa bo‘lma, Orzuboyni chaqirib, yotig‘i bilan tushuntiraman... Gapimga kiradi. Kirmay ko‘rsin.
Nozim: (Feleksga xijolatli qarab) – Bu gapdan mening ham xabarim bor. O‘zimam Rayhon bilan gaplashaman, deb keluvdim. Yo‘qsa, Farg‘onaga, kursdoshlarimiz bilan aylangani ketmoqchiydik. Qishloqqa kelishimdan ham maqsad Rayhon bilan gaplashish edi, bova.
Chori uchar: (U ham Feleksga bir qarab qo‘yib) – Bu hamma gapni tushunavermaydimi?
Nozim: – Yo‘q. Gapiravering, bova.
Chori uchar: – Tushunmagani yaxshi. Qishloqning sirini Angliya bilishi qoluvdi, endi...

Angliya so‘zini eshitib Feleks Chori ucharga yalt etib qaraydi.
Chori uchar: (Jilmayib) – Angliya, Angliya yaxshi! Yax­shi nimaydi, Nozimboy?
Nozim: – Gud.
Chori uchar: – Angliya gud. Gud Angliya. (Feleks jil­­mayadi.)
Nozim: (Taraddudlanib) – Rahmat Sizga, bova. En­di men boray. Shunday qilib (erga, bir nuqtaga tikilib) – Rayhonning dadasi bilan gaplashasiz-a?
Chori uchar: – Albatta. Gapim bitta. Lekin Nozim, bir masala chiqib turibdi-da.
Nozim: – Nima masala?
Chori uchar: (O‘ylanib) – Xo‘sh, menga qara, shu kolbasa o‘simligi bormi?
Nozim: (Hayron) – Nima?
Chori uchar: (Endi jiddiy) – Kolbasa o‘simligi bor­mi, deyapman? Yer yuzining biror joyida kolbasa o‘simligi bormi, deyapman?
Nozim: (Kuladi. Feleksga qaraydi. Feleks ham nima gap deganday bir Nozimga, bir Chori ucharga qa­raydi) – Bova, hech eshitmaganman. Yo‘q.
Chori uchar: (Feleksga qarab) – Nozimboy, bu gap­ni oshnangga aytib o‘tirma. Demak, bunday qilasan, sendan Orzuboymi, uning o‘g‘limi, kolbasa o‘simligi bormi desa, ha deb qo‘yaver.
Nozim: (Ajablanib) – Nega? Nima uchun, bova?
Chori uchar: (Sirli ohangda) – Sendan nima ketadi, eshitganman de, hech bo‘lmasa.
Nozim: (Endi ayyorona kulib) – Bova, Orzuboy amaki bilan garov o‘ynadingizmi deyman-a?
Chori uchar: – Nima bo‘lsa, bo‘ldi. Xo‘p de. So‘zim bitta, sen shuni tasdiqlasang, Orzuboyni qizi Ray­honga uylanishingga avvalo Ollo, so‘ng men borman. Gapim bitta, nevara. Xo‘p de.
Nozim: (Endi jonlanib) – Bo‘pti. Kolbasa o‘sim­ligi bor... (Keyin o‘ylanib turib) – Bu dunyo keng bo‘l­sa, balki bordir ham. (Nozimning o‘zi ham kulib yuboradi...)
Chori uchar:     (O‘rnidan turib ketadi. Feleks va Nozim ham turishadi. Chori uchar Nozimga qo‘l uzatadi) – Qo‘lni tashla. Kelishdik-a.

Nozim va Chori uchar qo‘l tashlashadi. Feleks hayron.

Nozim: – Bo‘pti bova, Sizga ishondim.
Chori uchar: – Xo‘sh, agar Orzuboy, mabodo sendan ijikilab so‘rasa, ana Feleksboyni ham guvoh qilib ko‘rsatib yuboraver. Orzuboy bu oshnangdan so‘rab-su­rishtirolmaydi. Buning uchun til kerak. Agarkim, o‘sha kolbasa urug‘ini Feleks oshnam Chori bovamga Ang­li­yadan olib kelib berdi, desang, yanayam zo‘r bo‘lardi. Gapim bitta, Orzuboyni qizi Rayhonni faqat senga berishiga ko‘ndirmasam, nima desang deyaver, nevarajon.
Nozim: (Bu o‘yindan zavqlanib) – Bo‘pti. Gap bitta. Kolbasa urug‘ini Sizga biz berdik. Angliyadan opkep berdik, tamom.
Chori uchar: (Haddan ziyod shod) – Yashavor, nevara. Yasha.

Ular supadan tushib hovli o‘rtasiga kelishadi. Chori uchar ularni eshikka kuzatadi.

Chori uchar: – Ha darvoqe, anavi Shodi barakaning do‘konidan, inkubatorniki bo‘lmaydi, xonadon tuxumini opketish eslaringdan chiqmasin-a.
Nozim: – Albatta, bova. Hozir do‘konga kirib olib ketamiz.
Feleks: – Yakshi. Yakshi. Xayr.
Chori uchar: (Feleksga, uning bog‘langan chap qo‘­liga ishora qilib) – Tuxum... Tuxum. Yaxshi. Yaxshi. Ibn Sino.
Feleks: – Yakshi. Tuxum.

Nozim va Feleks chiqib ketadi. Chori uchar hovlida shodu xurram holatda qoladi. Zavq-shavqqa to‘lib o‘zicha kuy chalib sahnada raqsga tushib o‘ynay boshlaydi:

Sahna aylanadi.

TO‘RTINCHI SAHNA

Qishloq markazi. Chorraha. Noravon, o‘ydim-chu­qur to‘rt ko‘cha birlashgan joy. Shu yerdagi do‘kon pesh­toqiga “Shodibek Mirzo Jahongir al-Baraka” xu­susiy firmasi" deb yozib qo‘yilgan. Do‘kon ichidan rastaga yarim belidan suyanib o‘tirgan Sarvi pista chaqib, atrofga alang-jalang qarab qo‘yadi.
Shu payt do‘kon yoniga Nozim va Feleks keladi. Qo‘li bog‘liq ajnabiyga Sarvi ajablanib qaraydi.

Nozim: – Salom alaykum, Sarvi xola.
Feleks ham: – Salom, salom.
Sarvi: (Bir Nozimga, bir Feleksga razm solib) – Va alaykum assalom, kelinglar, kelinglar, inilarim.
Nozim: – Sarvi xola, bizga tuxum kerak, tuxum bor­mi, tovuqning tuxumi?
Sarvi: (Chimrilib) – Aylanay, shoirjon, haliyam tovuqning tuxumini beraman, ilonning tuxumini emas.

Tuxum so‘zini eshitib Feleks ham gapga aralashadi.

Feleks: – Yes. Yes. Tuxum. Avetsino.
Nozim: (Sarvi xolaga qarab) – Uf, Avetsino deyveribam xit qivordi...
Sarvi: – Avetsinosi nimasi?
Nozim: – Ibn Sino demoqchi!
Sarvi: – Hay, hay, shoirjon, avliyolarga shak keltirmang.
Nozim: (Biroz tajanglashib) – Bo‘pti xola, tuxumni bering endi. Muzlatgichda, to‘qqiz dona bor ekan-ku.
Sarvi: (Timirskilanib) – Bor ekan. Mana, xolodilnikda. O‘ziyam to‘qqiz dona ekan... shuncha tuxumni nima qilasizlar-a?
Nozim: (Sarvi uzatgan yelim xaltani olib) – Yettitasining sarig‘ini manavining qo‘liga qo‘yib bog‘­lay­miz. Ikkitasini qovurib yeymiz. Shu.
Sarvi: – Ota-bobomiz ham shunday qilgan. Baniyati shifo. (Keyin qiziqsinib) – Ingliz oshnangning qo‘­liga nima qildi, o‘zi?
Nozim: (Gapni qisqa qilish uchun) – Ey, buning tarixi uzun. Keyin bilasiz, xola, biz ketdik.

Feleks, cho‘ntagidan o‘n dollar chiqarib uzatadi. Nozim uning qo‘lidagi dollarni olib, Feleksning cho‘n­tagiga qaytarib solib qo‘yadi. O‘zi yonidan pul chi­qarib Sarvi xolaga uzatadi. Feleksga engashib nimadir dey­di.
Feleks: (Mamnun iljayib) – Gud. Gud.
Sarvi: (Kulib) – Gud. Gud. (So‘ng Nozimga qarata) – Oshnangni biznikiga ham mehmonga olib o‘t.

Ular ketadi. Sarvi hamon qiziqish va hayajonda.

Sarvi: – Gudbay. Gud.

Nozim bilan Feleks ketgach, do‘kon yonida tomoq qi­rib, Orzuboy paydo bo‘ladi.

Orzuboy: – Hormang boybicha. Bu deyman, Shodi ba­raka ko‘rinmaydi. Savdoda o‘zingiz ekansizda-a. Yax­shi. Yaxshi.
Sarvi: (Peshtaxta ustidagi u-bu narsalarni to‘­g‘rilaganday bo‘lib) – Keling, aka. Yaxshi yuribsizmi? Du­gonam Norgul ham yaxshiginami, damlikkinami?
Chori uchar: – Dugonangiz damlikkina, damlikkina. Dikonglab yuribdi, kelin, xavotir olmang.
Sarvi: – Biror narsa kerakmidi, aka. Nima oberay?
Orzuboy: (Do‘konga razm solib) – Anavindan bitta op bering. Yaxshisidan bo‘lsin.

Sarvi qog‘ozga o‘rab aroq uzatadi.
Sarvi: – Yo‘l bo‘lsin, aka! Ziyofat bormi, deyman.
Orzuboy: (Bosh irg‘ab) – Bor, bor. Bilmayman, qa­erdandir kun chiqib Chori uchar oshga chaqiribdi, agar uyda bo‘lsa Shodivoy baraka oshnamni ham birga olib o‘tay devdim. Otamlashardik. Gurung-da, gurung...
Sarvi: – Oshnangiz, Xudoga shukur, bugun sizlar bilan birga otamlasholmaydi. Bo‘ri polvon bilan bozorga ketdi.
Orzuboy: – Ha, ishi bormidi?
Sarvi: – Hayronman. Kecha ikkalasi biznikida nimaningdir rejasini tuzishdi.
Orzuboy: (Qiziqsinib) – Qanaqa reja?
Sarvi: – Bilmadim. Shivir-shivir gaplashishadi, deng. Choy op kirsam dim-dirs jim bo‘lib qolishadi. Nima gap desam, oshnangizning jazavasi tutib ketdi. Jahlidan javzo tuti to‘kildi, o‘ziyam.
Orzuboy: – Shunday deng, kelin? (O‘ylanib turadi.)
Sarvi: – Bilganim shu bo‘ldi – bozordan Bo‘ri pol­­vonga shu kunlarda kurk bo‘ladigan tovuq olib ke­lishmoqchiymish.
Orzuboy: (Yanayam qiziqib) – Kurk bo‘ladigan to­vuq... Bozorga kim kurk bo‘ladigan tovuq opchiqarkan? Bir tovuq uchun ikki kishi bozorga ketishdimi? Qiziq. (Keyin mavzuni boshqa yoqqa burib) – Hozir mening ol­dimdan o‘tib ketganlar kim edi? Yaxshi taniy olmadim. Birini taniganday bo‘ldim. Biri Panji chavandozning shoir bolasi, bir qo‘lini bog‘lab olgani shubhaliroq...
Sarvi: (U yoq-bu yoqqa qarab) – Ingliz u. Ingliz.
Orzuboy: (Hayron) – Yo, tavbangdan-ey. Ingliz deng. Shoiri tushmagur o‘zi g‘alatiroq bola chiqdi-da. Inglizlar Angliyada yashaydi-ku... Dunyo ham bizning qishloqqa bir qadam bo‘p qoldi-ya. Bu qishloqqa, ilgari tumandan bir odam yilda bir yo ikki kelardi. Ang­liya ham Xursan kalning tomorqasi yonidan o‘tgan ariq ustiga qurilgan ko‘prikning narigi boshiday yaqin bo‘p qoldi-ya... Ha, mayli. Men ketdim... Shodi baraka kelsa ayting, kelin, Chori ucharnikiga o‘tsin.
Orzuboy ketadi. Sarvi uning ortidan tumshayadi.
Sarvi: (Orzuboy ketgach ortidan) – O‘tadi, him... o‘tadi. Endi uchar ikkovingga qo‘shilib yallama-yorim aytib chayqalishi qoluvdi.

Shu payt Sarvining peshtaxta ustidagi uyali telefoni jiringlaydi. Sarvi telefonni olib, qulog‘iga tutadi.

Sarvi: (Hushyor tortib) – Eshitaman, xo‘jayin. Gapiravering. Ha, yaxshi. Savdo chakkimas. Yaxshi. O‘zin­giz yaxshimisiz. Bozordan qaytasizmi? Yaxshi, xo‘­ja­yin. Mol-holga uyda o‘g‘lingiz qarab turibdi. Ayt­dim, qo‘ylarga ham yem beradi. Hammasini aytdim. Xa­votir olmang, bozorligingizni qilavering. Nimani aytyapsiz. Tuxumni? Xolodilnikdagi tuxumni? Ie, Bo‘ri polvonning tuxumimidi u? (Jim... esankirab qoladi...) – Yo‘q... Yo‘-o‘-o‘q... sot... sot... sotmadim. Sotma­dim. Tuxumni sot­madim.

Sarvi labini tishlab, jim turadi. Yuzida qo‘r­quv alomati... Ko‘ylagi yoqasini so‘l qo‘li bilan ochib ko‘k­siga tuflaydi.

Sarvi: (Qo‘rqib) – Endi nima qildim-a. (Yelpig‘ich bilan yelpinadi...)

Sahna qorong‘ulashadi.

BESHINCHI SAHNA

Chori ucharning hovlisi. Supada Chori uchar bilan Or­zuboy o‘tiribdi. Gurung avjida. Dasturxon ham quruq emas. Meva-cheva. Dasturxonda Orzuboy Shodi barakaning do‘konidan olgan shisha ham dikkayib turibdi.

Chori uchar:     (Mulozamat bilan dasturxonga isho­ra qiladi...) – Ol. Olib o‘tir, oshna. (Shishaga qo‘l cho‘­­zadi...) – Yana bitta quyaymi?
Orzuboy: (Endi bunisi ham taltayib, tavoze bilan...) – Eeey, yo‘q-yo‘, yo‘, yo‘! Yo‘q! Keyinroq, keyinroq.
Chori uchar: (Shishadan qo‘lini olib) – Ha, mayli, keyin bo‘lsa, keyin-da...
Orzuboy: (Choriga sirli tikilib, u yoq-bu yoqqa alanglagannamo) – Opchiq, qachon berasan? O‘zi gapingning joni bormi?
Chori uchar:     (Ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib) – Eeey, sekinroq. Hovliqma. Buni birovga gapirma. Oshnam deb sengayam ilindim. Ko‘raylik-chi? Tajriba-da. Tajriba.
Orzuboy: (Yana u yoq-bu yoqqa qarab) – Shuni kim op keldi deding?
Chori uchar: – Nimani?
Orzuboy: – Kolbasa urug‘ini-da!
Chori uchar: (Yuzida tabassum) – Nozim shoir bor-u, o‘sha opkeldi. Haligi Pelkis degan ajnabiy o‘rtog‘i beribdi. O‘sha yoqda ham ekilarkan. U yoqda ham hali juda-juda kam odam bilarkan. Asli bu sabilning vatani Kolumbiyami, ishqilib, tubkaning tubi ekan...
Orzuboy: (Zavqlanib) – Vallohu A’lam! (Yoqasini ushlaydi) – Dunyoda mo‘‘jiza ko‘pda-a?
Chori uchar: – Ko‘p-ko‘p. Menam Nozim shoirdan ijikilab so‘radim. Senga o‘xshab. Bilasan-u, men suv ko‘rmasam etik yechmayman. Ishondim-da! Nima, dunyoda qovun daraxti bor, paxta daraxti bor. Shokolad daraxti bor, hatto nonga o‘xshagan mahsulot beradigan daraxt bor, asal beradigan daraxt bor, sut daraxti bo‘ladi-yu, kolbasa daraxti bo‘lmaydimi?
Orzuboy: (Hayajonlanib) – Daraxt de!
Chori uchar: (Endi bir oz kalovlanib) – Menimcha bu, daraxtdan maydaroq bo‘lib, haligi bu­tasimon bo‘lib, o‘zimizning bangidevona bor-u, o‘shanga o‘xshab o‘ssa kerak, ammo sabil qolgur rosayam ser­hosil bo‘­larkan...
Orzuboy: (Hayajonda) – O‘zingam ekdingmi?
Chori uchar: (Qo‘li bilan ishora qilib) – Ana, to­morqaga sepib chiqdim. Biroz qoluvdi, o‘ylab-o‘ylab sen­ga ilindim.
Orzuboy: – Baraka top, oshna, baraka top. Quy en­di, bittadan olaylik.

Ular ichishadi.
Chori uchar: (Zehn solib) – Orzuboy.
Orzuboy: (Xavotir aralash) – Nima deysan?
Chori uchar: – Endi shu Nozim yomon bola emas, qizing Rayhonga ko‘ngli bor deb eshitaman. Otasi Panji chavandoz ham chakkimas. Palagi toza. Shu yoshlarga o‘zimiz oq fotiha bersak, taqdir-da, taqdir. Nozim shoir ham dunyo ko‘rgan, o‘qimishli bola, qolaversa, qishloqning faxri, hali dovrug‘i butun yurtga taraladi, halitdan televizorga chiqib she’rlar o‘qiyapti. Ko‘zing tushgandir.
Orzuboy: (O‘ychan) – Yaxshi bola-yu, lekin...
Chori uchar: (Qat’iy) – Hech qanday lekin-pekini yo‘q. Bunday uddaburon, ishbilarmon kuyovni qaerdan topasan? Sengayam, shu kolbasa urug‘idan berishimni Nozimning o‘zi tayinladi. Bu qurmag‘urning grammi oltin bahosida ekan. Qimmat-da, qimmat.
Orzuboy: (Hayratini yashirolmay) – Shunday qim­matmikin? Bu, ha mayli, xotinim bilan gaplashib ko‘­ray-chi, bir gap bo‘lar. Endi, urug‘ni op chiq.

Shu payt devor ortidan ovoz keladi. Devor ortidan Bo‘ri polvon bilan Shodi barakaning boshi ko‘rinadi. Ular bozordan qaytayapti. Ularning gap-so‘z­lari, kulgusi eshitilib turibdi. Orzuboy bilan Chori uchar devor tomonga ajabsinib qaraydi.

Bo‘ri polvon: (Devor ortidan bosh silkiydi) – Assalomu alaykum. Hormanglar.
Shodi baraka: – O, hov, maishat zo‘r-ku. Bayrammi, deyman?
Chori uchar: (Devor tomonga bo‘y cho‘zib) – Bayram, bayram. Bizda hamisha bayram.
Shodi baraka: (Orzuboyga qarata) – Orzuboy, bu uchar oshnamiz qaerdan kun chiqib, mulozamatu mar­ha­mat qip qoldi?

Orzuboy eshitmaganga olib Chori ucharga xi­jo­latli holatda qaraydi.
Chori uchar:     (Norozi ohangda) – Baraka, sen ham­mani o‘zingga o‘xshatasan.
Bo‘ri polvon: (Oraga qo‘shilib) – O‘ziga o‘xshagani yaxshi-da, senga o‘xshamasa bo‘ldi-da. Dunyoni o‘ziga o‘x­sha­magan odamlar buzadi.
Devor ortidan Bo‘ri kalning ilmoqli gap qilishi Chori ucharning g‘azabini qo‘zg‘atadi.

Chori uchar: (Darg‘azab) – Hoy, kal, og‘zingga qarab gapir.
Orzuboy: (O‘rtaga tushib) – Qo‘yinglar shu baqir-cha­qirni (So‘ng devor tomonga bo‘ynini cho‘zib...) – Ey, Bo‘­ri polvon, tovuq ko‘tarib opsizmi?
Bo‘ri polvon: (Devor ortidan) – Bozorga boruvdik. Ha, endi op kelayapman... Kerak-da, kerak.
Chori uchar: (Kinoyali jilmayadi. So‘ng huzur qi­lib kuladi) – Bu deyman bozordan biror semizroq qo‘ch­qor yetaklab kelganingda, dunyoni buzib, boshga ko‘­tararkansanda-a, kal?!
Bo‘ri polvon: (Chori ucharga) – Uchar, tovuq olamanmi, xo‘roz olamanmi, qo‘y yetaklaymanmi, sening ishing bo‘lmasin! Aqling yetmagan ishga aralashma. Gap dunyo bozoridan quruq qaytmaganniki.
Shodi baraka: (Ovozini balandlatib) – Qo‘­ying­lar-e! Chori, Orzuboy, ikkoving ham kechqurun Bo‘ri polvonnikiga o‘tinglar. O‘sha yoqda davom etkizamiz. Ziyofat beradi.
Orzuboy: (Jonlanib) – Nega endi senikiga emas? Sababini bilsak bo‘ladimi?
Shodi baraka: – Bilishing shart emas.
Chori uchar: – Bo‘pti, boramiz. Boramiz... Hali kech­gacha gap ko‘p. Bo‘pti, o‘zlaring kelinglar, bu yoqqa. Bir piyola choy, yarim kosadan sho‘rva.
Bo‘ri polvon: – Til uchida gapirayotganing ma’­lum-ku. Mayli, kechqurun biznikiga o‘tinglar.
Chori uchar:     – Demak kechqurun kun chiqarkan-da, a?

Ular devor ortidan ketib, o‘z yo‘lida davom etishadi.
Orzuboy: (Chori ucharga iltijoli qarab) – Endi ha­­ligini olib chiq.
Chori uchar: (Hovli etagiga qarab ovoz beradi) – Ro‘zixol, hov Ro‘zixol.

Sahnaga Ro‘zixol chiqib keladi.
Ro‘zixol: – Nima deysiz?
Chori uchar: (Sirli qarash qilib) – Omborxonaga kir. Burga yegan telpagimning yonidagi qora xaltachani olib chiq.
Orzuboy: (Qo‘li ko‘ksida) – Baraka top, oshna, baraka bop! Mendan qaytmasa, senga Xudodan qaytsin.
Chori uchar:     (Sergak tortib) – Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Xudoni tinch qo‘y. O‘zingdan qaytsin, o‘zingdan. (So‘ng mi­yig‘ida kulib qo‘yadi.)

Ro‘zixol kichkina qora xaltachani olib kelib eriga beradi. Chori uchar xaltani olib Orzuboyning oldiga tashlaydi. Orzuboy xaltachani shosha-pisha olib hidlab ko‘radi.

Orzuboy: (Zavqlanib) – Chindanam kolbasaning hi­di kelayapti? (So‘ng qo‘lini duoga ochadi) – Omin, umringdan baraka top, oshna.
Chori uchar ham duoga qo‘l ochadi. Ular turishadi. Orzuboy xursand. Xayrlashayotib Chori uchar Orzuboyning yelkasiga qo‘l tashlaydi.

Chori uchar: – Oshna, endi Nozim bilan qizing Ray­hon masalasini ham ijobiy hal etsak, yaxshi bo‘­lardi.
Orzuboy: (Qo‘ynidagi xaltani yana bir ushlab ko‘­rib) – Ayt, Panji chavandozga, aytaver, odam yuboraversin.
Chori uchar: (Zavq-shavq bilan uning yelkasiga qo­qib) – Ey, yasha. Bu boshqa gap.

Orzuboy chiqib ketadi. Chori uchar uning orqasidan kulib kuzatib qoladi. Shu payt supa yoniga kelgan Ro‘­zixol u-bu narsalarni yig‘ishtirayotgan bo‘lib, eriga norozi to‘ng‘illaydi.

Ro‘zixol: (Kuyinib) – Hoy chol, haliyam shu qit­mir­ligingizni tashlamadingiz-a? Yana bir baloni bosh­lamoqchimisiz-a?
Chori uchar: (Xotiniga mamnun qarab) – Ey, sen erkaklar ishiga aralashma. Men bularga Chorini mazax qilish, ortidan g‘iybatu-g‘urbat qilish qanday bo‘­lishini ko‘rsatib qo‘yaman.

Shu mahal devor ortidan baqir-chaqir, qiy-chuv eshitiladi. Shodi barakaning “La’nati xotin, mendan so‘rasang o‘lasanmi?”, – degan o‘dag‘aylashi eshitiladi. Nimadir taraqlaydi. Shu tobda haligi kichik devordan oshib o‘tgan Sarvi – Shodi barakaning xotini yugurgilab Chori ucharning hovlisiga chiqadi. Ro‘zixol va Chori uchar hayron bo‘lib qarab turishadi. Sarvi ularning oldidan hansirab chopib o‘tayotganida, Chori uchar uning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ladi.

Chori uchar: – Hoy, hoy, kelin, buncha hovlini aylanib yugurasiz, tinchlikmi?
Sarvi: (Hansirab) – Tinchlikmas, tinchlikmas, ana, ana (Sarvi qo‘li bilan devor tomonni ko‘rsatadi...)

Shu chog‘da devor tomondan bir dona kalish uchib kelib bularning yoniga tushadi. Sarvi ko‘cha eshik tomon chopib ketadi. Endi devordan oshib o‘tgan Shodi baraka halloslab yugurgilab Sarvining ortidan quvadi.

Shodi baraka: (Oyog‘ida bir poy kalish, biri yalang holda hansirab, Sarvining ortidan oyog‘idagi bu kalishni ham yechib irg‘itadi) – Padaringga ming la’nat sening, tovuq miya!

Chori uchar Shodi barakani to‘xtatib, yo‘lini to‘­sadi. Ro‘zixol hangu mang bo‘lib sahnada so‘ppayib, nimalar sodir bo‘layotganini anglab-anglamay turibdi.

Chori uchar: (Shodi barakani bilagidan qisib to‘x­­tatib) – Hoy, menga qara, uyalmaysanmi? Yoshing bir joyga borganda bu nima qiliq? Bolalaring, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘ydan uyalmaysanmi-a? Bu nima qi­liq, hey, o‘l-e, turishingni qara.

Shodi baraka: (Pishnab, hansirab) – Sen so‘rama, men aytmay. Tuxumni sotib yuboribdi, tuxumni.
Chori uchar: (Yuzidagi shodlik ifodasini yashirishga urinib) – Tuxum bo‘lgandan keyin sotadi-da.
Ro‘zixol: (Endi tilga kirib) – Shunga shunchami?
Shodi baraka yerga o‘tirib oladi-da, alamidan uvullab, yig‘lavoradi.

Shodi baraka: (O‘tirgan ko‘yi o‘z ko‘ksiga musht­lab...) – Voeey, voeey! Senlar nimani tushunarding­lar. Senlarga nima-a-a-a-a. Voy-eee-ey. Qimmat edi-da u tuxum. Qimmat edi. Voo-e-ey. Yaramas xotin-a.
Chori uchar:     (Qovog‘ini uyub) – Nima balo odamning tuxumimidi u?

Ro‘zixol yuzini ro‘moli bilan to‘sib eriga norozi qaraydi. Eri unga ket ishorasini qilib bosh irg‘aydi. Ro‘zixol ketadi.

Shodi baraka: (O‘tirgan joyida yerni mushtlab) – Ha, ha! Odamning tuxumi edi.

Shu payt darvoza taqillaydi. Tars-turs ovoz eshitiladi. Hovliga halloslab Bo‘ri polvon yugurib kiradi. Shodi baraka o‘rnidan irg‘ib turadi. O‘zini Chori ucharning panasiga oladi. Bo‘ri polvon Shodi barakaga tashlanib qoladi.

Bo‘ri polvon: – Tuxumni top! Tuxumni top! Mana senga. (Unga musht tushirib qoladi. Shodi baraka ham voy-voylab unga hamla qiladi. Chori uchar ikkovining orasiga tushib ajratadi).
Chori uchar: – Bo‘ldi-da endi-ey. Sharmandalar. Bo‘ldi. Bo‘ldi. (Ular ikkovi ham bir-biridan ajraladi. Bo‘ri polvon Shodi barakaga gezarib-bo‘zarib, xezlanib qarab turadi).
Bo‘ri polvon: (Uf tortib) – Men bilmayman, topasan...
Shodi baraka: (Chiyillab) – Qaerdan topaman? A?
Bo‘ri polvon: (Ijirg‘anib) – Xotining o‘sha la’na­ti ajnabiyga o‘zingning tuxumingni berib yuborsa yaxshi edi, bu kuningdan ko‘ra tuxumsiz qolsang avlo edi.
Shodi baraka: (Yerga o‘tirvolib, unga mahzun ter­­mulib) – Topmadingmi, uyida yo‘qmikan?
Bo‘ri polvon: (Yuzini teskari burib) – Ketib qop­ti, ikkoviyam shaharga jo‘navoribdi, yaramaslar.
Chori uchar: (Go‘yoki hech narsadan bexabarday ular­­ga ajabsinib qarab) – Kim ketvoribdi, kimni qi­di­rayapsizlar?
Shodi baraka: – Anavi, ingliz bilan Nozim naynov, ular ketivorishibdi.
Bo‘ri polvon: (Shodi barakaga o‘qrayib qaraydi) – Ovozingni o‘chir. Bas qil. Vaysaqi. (Tishini g‘ijir­latadi).
Chori uchar: (Hech narsa bilmaganday) – Ularda ni­ma ishlaring bor edi?
Bo‘ri polvon: (Qo‘l silkib) – Hammasiga manavi sababchi.
Shodi: – Menmas. O‘zing o‘larmiding shu zormandani uyingda saqlasang...
Bo‘ri polvon: (O‘kirib) – Xotining ham o‘zingga o‘x­shab qushmiya, yo‘q, qushmiyamas, eshak miya.
Shodi baraka: (Xotini haqoratlanganiga chiday olmay, Bo‘ri polvonga tashlanib qoladi). – Xotinga til tekkizma. Hozir seni bir yoqlik qilaman.

Chori uchar Shodi barakani to‘xtatib qoladi.
Chori uchar:     (Ikkovining orasida to‘g‘anoq turib). – Bas, bas-e, imonsizlar. Nima qilayapsanlar?

Shu payt ko‘cha eshik taraqlab sahnaga Eshdavlat kirib keladi. Hamishagiday ko‘ylagi tugmalari yechilgan, oldi ochiq, ko‘krak-qorni ko‘rinib turibdi. Oyog‘ida kalish. Kayfi bor, ichib olgan. U sahnaga Hosila Rahimovaning “Bos, bos, qamchi bos, otga o‘zing qamchi bos...” degan qo‘shig‘ini xirgoyi qilib chavandoz alfozda qo‘lini havolatib kirib keladi. Bularning uchalasi ham jimib qolishadi.

Eshdavlat: (Chayqalinqirab ularga yaqinla­shar­kan). – Bos, bos, qamchi bos, otga o‘zing qamchi bos... Ey, ey, jamoat jam, birgina Eshdavlat kam. (Ularga sinchkovlik bilan nazar tashlaydi) – Himm... Mayli, mayli, biz jimmiz. Biz gapirmaymiz. (Chori ucharga qarab) – Tog‘a, faqat bir otimgina nos bering. (So‘ng Shodi barakaga qarab) – Baraka amakimizning supermarketi yopiq ekan. Checham ham yo‘q. Jim-jitlik. Qishloqda o‘rningiz bor amaki, shu do‘koningiz bilan vey, menga qarang, Siz qishlog‘imiz tarixida qolasiz-da.

Haligilarning uchalasi ham jim. Bir-biriga qa­raydi.
Chori uchar:     (Qo‘ynidan nosqovoq olib Eshdavlatga uzatadi) – Ma, jiyan. Ol.
Eshdavlat: (Uni quchoqlab o‘pmoqchi bo‘ladi) – O‘zimni tog‘am, o‘zimni too-g‘aam!

Chori uchar orqaga tislanadi. Shodi baraka burnini jiyiradi, aroqning hididan behuzur bo‘lgan kabi aftini bujmaytiradi. Bo‘ri polvon qo‘li bilan burnining oldini yelpiydi. Eshdavlat Shodi baraka bilan Bo‘ri polvonga bir o‘qrayib qaraydi. So‘ng Chori ucharga qarab jilmayadi.

Eshdavlat: (Chori ucharga) – Tog‘a, kompaniya zo‘r-ku. (Supa tomonga, aniqrog‘i dasturxonda dikkayib turgan aroqqa suqlanib qaraydi.)
Chori uchar: – Jo‘na endi jiyan, damingni ol.

Eshdavlat ketayotib Bo‘ri polvon bilan Shodi barakaga o‘qrayadi:

Eshdavlat: (Ularga) – Tog‘a kechagina, bular og‘iz-burun o‘pishib, siz bilan mening ustimdan kulishib maishat qilishayotuvdi. Bugun bir-biri bilan qirti-qiyon bo‘lib o‘tirishibdi-mi? Eshitdim... Eshitdim. Yarim qishloq nega bu ikki avliyo bir-biri bilan jiqqa-musht bo‘layotganiga hayron. Kecha meni hovuz qulluq bo‘lsin, kallasi shamolda qolgan uchar tog‘angning maslahatiga kirib bugun abjag‘ing chiqib o‘tiribdi deb, rosa kulishgan ham shular... Bugun... bugun... kallasi shamolda qolgan bo‘lsayam tog‘amizdan maslahat so‘rashga ke­libdilar-ku... Hey, har narsa bo‘lganlaring yaxshi.

Eshdavlat sahnadan chayqalgan ko‘yi “Bos, bos, qamchi bos, otga o‘zing qamchi bos...” deb chiqib ketadi. Bo‘ri polvon ham, Shodi baraka ham yerga o‘tirib oladi. Yerga qarab, bir nuqtaga tikilib qolishadi. Kishini o‘yga cho‘mdiradigan musiqa yangraydi.
Chori uchar:     (Xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday, biroq hammaga eshitilar tarzda). – Bo‘ri, Shodi. Oshnalar. Mening hech qachon sizlarga, odamlarga xusumatim bo‘lmagan. Xusumatim yo‘q ham. Faqat sizlarning bunchalar maydafe’l, maydakashliklaringdan suyak-suyagimga og‘riq kiradi. Esingdami, Bo‘ri, endi xizmatdan kelgan paytimiz... Ha, men uch yillikda, matroslikda xizmat qilib kelgan edim. O‘sha Sodiq tog‘amizning to‘yida sen bilan kurashga tushdim. Senam epchil eding, kuchli eding, zo‘r eding, tan olaman. Lekin seni yiqitishga ko‘zim yetardi, seni yiqitolardim ham. Olishuv chog‘ida so‘l qo‘lim chimillab ketdi, qaltis harakat qilib qo‘limni chiqarib yubording. Ko‘zimdan o‘t-olov sachrab, boshim aylandi. Bazo‘r o‘zimni tutib turardim. “Oshna, qo‘lim chiqib ketdi, Bo‘ri oshna, qo‘lim chiqib ketdi...” dedim. Sen... Sen noiloj turgan ahvolimda meni yiqitding. Bu ham yetmaganday bor gavdangni ustimdan tashlading... So‘ng... Bakovullarga, olishni kuzatayotgan qishloq ahliga mag‘rur qarab o‘rningdan turding. Hamma Bo‘ri Chorini egnidan oshirib urganda qo‘li chiqib ketdi, deb o‘yladi. Ha, hamma shunday tushundi. Men hech kimga hech narsa demay, davrani mag‘lub bo‘lib tark etdim... Shundan beri to‘yda kurashga chiqishga betlay olmadim. Shundan beri seni ko‘rsam so‘l qo‘lim zirqirab og‘riydi. Shundan beri, men el qatori, odamlar, qishloqdoshlarim kabi sening nomingga polvon so‘zini qo‘shib aytolmayman. Yo‘q, o‘tgani o‘tdi. Yoshimiz bir joyga bordi. O‘sha voqeani men yoshlikning xatosi, ha, yoshlikning g‘o‘rligi deb bilaman... Bugun-chi, bugun, Shodi ikkovingning qilib yurgan ishlaring ensamni qotirdi. To‘g‘ri, zamon boshqa, yaxshi yashash kerak. Lekin... Lekin, ota-bovang qilgan ishlarni qilsalaring, qo‘lingdan keladigan, er kishiga yarashadigan ishni qilsalaring bo‘ladi-ku. Men senlarga bo‘yinsaman – oshnaman, bari bir aytishim kerak! Zamonga boq, televizor ko‘rayapsanlar, qanday o‘zgarishlar bo‘layapti. Tadbirkorlik, kasanachilik, fer­merlik... Bizning qishloqda ham shunga imkoniyat bor-ku-a? Sen, men, Shodi biriksak, ana Orzuboyni ham qavatimizga olsak, elgayam, o‘zimizgayam nafi tegadigan ish bilan shug‘ullansak bo‘lmaydimi? Men vodiyning Olmos degan qishlog‘ida bo‘lib keldim. Bir parcha, kaftdek bo‘sh yer yo‘q, hosil olishadi, jannat deysan... Bizlarda hatto katta tomorqamiz ham bo‘sh yotadi. Ishlamaymiz. Qancha imkoniyatlarimiz bor... Xudoga shukur, chorvamiz bor, yerimiz bor, bog‘u rog‘larimizda hosil mo‘l bo‘ladi, eng muhimi, qishlog‘imizning bir emas, ikki joyidan daryo oqib o‘tadi, toqqa tutash adirlarda qurilishbop xomashyolar bor. Biz faqat kallani ishlatmaymiz. Osonning ostidan, yengilning ustidan o‘tamiz deymiz. Mana, shu Eshdavlat jiyanim. Men unga yuz bora tushuntirdim, Hazorbog‘ kanalining tagida bo‘sh yotgan yerini hujjatlashtirib, hovuz qazib, baliqchilik xo‘jaligi qil dedim. Bu nima qildi, uyi­da hovuz qazib tuppa-tuzuk tomorqani rasvo qildi. Yana, men aybdormishman. Sen-chi Bo‘ri, shu ishingni, manavi, xo‘rozbozlik ishingni meni bilmaydi, deb o‘ylaysanmi? Hammasidan xabarim bor. Kurakda turadigan ishni qilsang-chi? Bunday o‘yinlarning egasi bor, Sen bilan men emas, Bo‘ri. Bu ishing boshingga bir falokat opkeladi, keyin kech bo‘ladi. Undan ko‘ra ana, Degriz suv ombori yonidagi 150-200 gektar yerni olib, fermerchilik bilan shug‘ullanaylik. Chorva bo­qaylik. Ozuqaga suvli yer bor, qolaversa, o‘tgan zamondan qolgan ulkan molxona qovurg‘asi chiqib, nuray deyapti. Shuni ta’mirlaylik...
Shodi baraka: (O‘rnidan turib ketadi) – Chori, o‘zingmisan, nimalar deyapsan. Bu ishlarga pulni qa­erdan olasan?
Chori uchar: – Oldin biznes reja tayyorlaymiz. Ana, bankdan kredit olamiz. Shuyam muammomi? Al­laqanday tovuq tuxumi haqidagi ertakka ko‘z tikib, ha­voyi rejalar tuzgandan ko‘ra bu ming marta avlo emasmi? Endi bu zamonda boqimanda bo‘lib yashay olmaysan. Ishlasang, kallani ishlatib ishlasang odamday yashaysan. Yaxshisi, senlar, O‘zbekistonning boshqa joylariga chiqib, bir aylanib, o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rib kelinglar. To‘g‘ri, qishlog‘imiz yaxshi, odamlarimiz tanti, sodda, o‘ziga xos chapani, hazilu huzulning joni, lekin, zamonni bilib, zamon bilan birga yashash uchun faqatgina shu fazilatlar kamlik qiladi. Ishbilarmonlik kerak. Avvalo o‘z oilamizda shunday kayfiyat yaratishimiz lozim. Buning uchun men ham o‘g‘lim Yo‘ldoshalining allaqanday mayda-chuyda ishlar bilan shug‘ullanib, to‘rva yelkalab yugurgilashiga, firibgarligiga chek qo‘yishim kerak.
Bo‘ri polvon: (O‘tirgan joyida angrayib) – Xudo senga gapdan bergan-da. Bizning ustimizdan kulayapsanmi, deyman?
Chori uchar: – Yo‘q, bo‘lari gapni aytdim. Ho­ki­miyatga ariza berdim. Suv ombor yonidagi eski ferma atrofidan yuz gektar yer olib chorvaga mos fermer xo‘jaligi ochamiz. Senlar menga qo‘shilsang bas. Bank ishi ham gaplashildi, hal bo‘ladi. (So‘ng kuladi) – Xohlasang, o‘sha yerda ham dakan xo‘rozlaringni ko‘paytiraverasan.
Bo‘ri polvon: (U ham o‘rnidan turadi. Yerga qa­rab, Chori ucharning ko‘ziga tik qaray olmaydi). – Chori, meni kechir. Hammasi uchun meni kechir, oshna...
Chori uchar: (Bosh irg‘ab) – Aytdim-ku, o‘tgan ish o‘t­di. Yoshlikning g‘o‘rligi, yosh o‘tgach ko‘ngilga og‘riq bermasligi kerak.
Shodi baraka: (Endi u ham Bo‘ri polvonning yumshaganidan quvonib). – Albatta. Bizlar oshna bo‘lsak...

Bo‘ri polvon Shodi barakaga o‘qrayib qarab qo‘yadi. Chori uchar supa tomon yura boshlaydi. Supadagi to‘n­karilgan tog‘orani ko‘tarib, uning ostidan ichiga nimadir solingan yelim xaltani olib, Bo‘ri polvon va Shodi baraka yoniga keladi.

Chori uchar: (Bo‘ri polvonga) – Manavini ol.
Bo‘ri polvon: – Nima bu?
Chori uchar:     – Ol, olaver.

Bo‘ri polvon yelim xaltani olib, uning ichiga qa­raydi. So‘ng birdan Chori ucharning yuziga tik qa­ray­di. Jim bo‘lib qoladi.
Shodi baraka: – Nima gap? Nima bo‘ldi?
Chori uchar:     (Bo‘ri polvonga) – Sen million-millionga sotib olgan tuxumlar shumi?
Bo‘ri polvon: (Ko‘zini olib qochib, ohista) – Shu, oshna. Shu.
Shodi baraka: (Yoqasini ushlab) – Yo, Alhazar!
Chori uchar: – Endi bularni nima qilasan?
Bo‘ri polvon: – Nima qilay?
Chori uchar: – O‘sha og‘aynilaringga qaytarib top­shir. Pulingni qaytarib ol. Sotib yuborgan mol-ho­lingni og‘ilga, qo‘raga qaytarib sol. Og‘ilida mo­li, qo‘rasida qo‘yi yo‘q odamning ro‘zg‘orida baraka bo‘l­maydi.
Shodi baraka: (Hovliqib) – Qanday qilib bu tuxumlar sening qo‘lingga tushib qoldi?
Chori uchar: (Miyig‘ida kulib) – Sir. Buning uchun Nozim shoirni ham, haligi ingliz mehmonni ham yanib yotmanglar.

Har uchalasi baravar kulib yuborishadi. Cho­ri uchar ularni supaga chorlaydi.

Bo‘ri polvon: – Men ketdim.
CHORI UCHAR: (Ajabsinib) – Qayoqqa?
Bo‘ri polvon: – Farg‘onaga. Manavi zormandalarni o‘z egalariga berib qaytaman. Sen aytganday kurakda turadigan ishlarni qilay...

Bo‘ri polvon ketadi. Chori uchar va Shodi baraka supa yonida qoladi.

OLTINCHI SAHNA

Orzuboyning hovlisi. Oddiy qishloq xonadoni. Hovlida daraxt soya tashlagan joyga o‘rnatilgan yog‘och karavotda Orzuboy ko‘rpa-to‘shak qilib yotibdi. Boshi gardi ro‘mol bilan bog‘langan. Yonida qizi Rayhon. G‘amgin qiyofada otasining boshida o‘tiribdi. Rayhon otasi bosh qo‘ygan yostiq yonidagi choynakdan piyolaga choy quyib, bir qo‘li bilan otasining boshidan o‘ng‘ay bo‘lsin uchun ko‘tarib, uning og‘ziga piyolani yaqin olib boradi. Ota qo‘li bilan "ichmayman" ishorasini qiladi. Qiz otasining boshini yostiqqa qo‘yadi. Shu mahal Orzuboyning xotini Norgul erining boshidan isiriq tutayotgan otashkurakni aylantiradi. Hovli eshigi taraqlab qishloqning qushnoch kampiri To‘xta xola kirib keladi. Qiz bilan ona xuddi najotkorini ko‘rgan kabi o‘rnidan dik etib turishadi. Ona qo‘lida tutayotgan otashkurakni qiziga beradi, qizi otashkurakni olib chiqib ketadi. Orzuboyning boshida To‘xta qushnoch bilan Norgul qolishadi. Norgul so‘zsiz yotgan eriga qarab hiqillab yig‘lab ko‘z yosh to‘kayapti. Ro‘moli uchi bilan ko‘z yoshlarini ham artadi. To‘xta qushnoch kattakon gardi ro‘moli uchiga tugilgan paxtani olib bemorning boshidan aylantirib uni silay boshlaydi. Nimalarnidir pichirlaydi.
To‘xta qushnoch: (Norgulga) – Gapirmay qo‘ydimi?
Norgul: (Qaltirab) – Gapiradi, gapirayapti. Ho­zirgina do‘xtir kelib uyqu dori berib, uxlatib ketdi. Gapirgandayam g‘alati gaplar qilaveradi, gapi g‘alati, esi kirdi-chiqdi bo‘lganga o‘xshaydi. Ana, yotgan joyida tomorqani ko‘rsatib, daromad deydi. Kolbasa deydi. Kolbasa ekdim, juda ko‘p deydi.
To‘xta kampir: (Silashdan to‘xtab) – Bu nima deganing? Tomorqa tomonni ko‘rsatayapti?
Norgul: – Ha, anavi joyni, yong‘oq tomonni ko‘r­satib, nuqul kolbasa deydi. Alahsiydi.
To‘xta qushnoch: (O‘ychan) – Jin chalibdi. Eringni jin chalibdi. Yong‘oqning tagida uxlagan, keyin o‘rnidan turib suvga haligi, suvga choptirgan. Jin chalgan buni. Sulaymon ota oralabdi buningga. Ha, yong‘oqning tagida uxlab turib yo kul bosgan, yo hali aytganim suvga...
Norgul: – Endi nima bo‘ladi?
To‘xta kampir: (Orzuboyga engashib, nafasini rostlab) – Hoy, badbaxt. Qayt. Qaytmasang senga la’nat, qaytarmasam menga la’nat. Qayt badbaxt, qayt. (U o‘zicha jinni la’natlay boshlaydi. So‘ng nimalarnidir ichida ovoz chiqarmay uzoq o‘qiydi. Pichirlaydi. So‘ng, bemorga kuf-suf qilib, yana qo‘liga paxta olib uning boshidan aylantiradi...) – Ro‘ypirli bovalarim, hazil-huzil qilgan bo‘lsa kechiringizlar, aytgan-boylaganlarini sizga ravo ko‘rdi. Esor-o‘sar yurgan bo‘lsa kechiringizlar. (So‘ng bemorning boshida turib yana nimalarnidir pichirlaydi-da, duoga qo‘l ochib yuziga fotiha tortadi. So‘ng Norgulga) – Yaxshi bo‘p ketadi. Tez bir oq xo‘rozdi so‘yib, qoniga paxta botirib o‘choqqa tashlagin. Meni aytdi deysan, tuzalib qoladi. (So‘ng hovliga qarab) – Shu yong‘oq o‘lgurni uzoqroqqa eksanglar bo‘lmasmidi, buyam yetmaganday choldevor oldini kulxona qip tashlabsizlar. Ziyon bu, ziyon, aylanay, ziyon! Bunday joyni bosgandan keyin, kolbasa emas, boshqa narsayam deb alahsiydi, aylanay. Tavba, kolbasa emish..

To‘xta qushnoch o‘rnidan turadi. Norgul unga nimadir solingan tuguncha tutadi. To‘xta qushnoch tugunni oladi-da qo‘ltig‘iga qistirib duoga qo‘l ochadi.

To‘xta qushnoch: – Omin, mening qo‘lim emas, bibi otinlarimizning qo‘li, shu inimiz sog‘ayib ketsin.

To‘xta kampir chiqib ketadi. Rayhon yugurib kelib yana uxlayotgan bemor otasining yonida o‘tirib, uning boshini silay boshlaydi.

Rayhon: – Otajon, otajonim. Hali yaxshi bo‘p ketasiz, ota. Biroz asabiylashibsiz, ota. (U otasining yuzidan ohista o‘pib qo‘yadi.)
Ko‘cha eshik taraqlab hovliga Chori uchar kirib keladi. Bemorning yoniga kelib o‘tiradi. Rayhon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berib hovli adog‘iga ketadi. Chori uchar bir alfozda yotgan Orzuboyga ezilib, rahm va o‘kinch tuyg‘ulari bilan qaraydi. Shu mahal oshxona tomondan Norgul chiqib kelib, bemor yonida unga achinib qarab o‘tirgan Chori ucharga dardini yoya boshlaydi. U ham bemorning bu yoniga o‘tiradi.
Norgul: – Ko‘rmaysizmi, aka, tuppa-tuzuk yuruvdi. Mormin qishloqqa, oshnasinikiga to‘yga ham borib keldi. So‘ng tomorqani aylandi. Yong‘oq tagida turib nimalarnidir chamaladi. Hisobladi.
Chori uchar: (Hushyor tortib) – Nimalarni chamaladi?
Norgul: (Barmoqlarini bukib ko‘rsatib) – Xuddi shunday qilib, barmoqlarini bukib bir tonna chiqsa o‘n million, o‘n tonna chiqsa yuz million, deb hisobladi. Men yong‘oq ortida devorga tappi yopayotgandim. O‘zicha kulib ham qo‘yadimi-ey... Xullas allambalolarni hi­soblayverib o‘n daqiqalar tomorqa boshida turdi, deng...
Chori uchar: (Asabiylashib) – Menga qarang, nimani hisoblaydi, nimani axir?
Norgul: (Endi bosh chayqab) – Kolbasani. Kolbasa ekkanman deydi. Ko‘rmaysizmi, aqli ham ketganmi, deb qo‘rqaman-da. (So‘ng yig‘lay boshlaydi...)
Chori uchar: (Ovozini pasaytirib) – Eringizning bu gapini hech kim eshitmadimi, kelin?
Norgul: – Yo‘q, eshitmadi. Bir men, bir qizim, bir qushnoch kampirga aytdik, shu biladi.
Chori uchar: (Endi baqirib yuboradi) – Nima? Qushnoch? Qanaqa qushnoch? Voy, endi Xudo urdi, butun qishloq biladi, butun qishloqqa ketdi bu xabar.
Norgul: (Esankirab) – Qaysi xabar?
Chori uchar: (Jahl bilan) – Eringizning jinni bo‘l­gani, kolbasa ekkani.
Norgul: (Diydiyo qilib) – Aka, odamning kuni bi­tishi oldidan shunday bo‘p qolarmikin-a? Ko‘chib kelganimizdan beri, yigirma yildan beri tomorqaga qo‘l urmagan edi. Yilda bir marta mol-holga o‘t o‘rib olardik. Bu yil bir oydan beri tinim bilmay, tomorqada ishladi. Yumshatdi, ildizlarni tozaladi, kun bo‘yi sahardan shomgacha tomorqadan chiqmadi. Men hazillashib, agar shuncha yildan beri shunday ishlaganingizda allaqachon boshqacha yashardik, boy bo‘p ketardik desam, hali ko‘rasan, shu yilning o‘zida boyib ketamiz, bu katta shans, dedi... Nimaga unday dedi bilmayman. Yo bunday ishga sho‘ng‘ib, ishga berilib ketishi og‘irlik qildimikin-a, oftob urdimikin-a, yo ko‘z tegdimikin-a... (Norgul uvvos tortib yig‘lay boshlaydi...)
Chori uchar: (Atrofga alang-jalang) – Jim-e, se­kinroq... Har xil gapni qo‘ying, kelin.

Chori ularning hovlisi. Hovli eshigi taraqlab To‘xta qushnoch kirib kela­di. Supa tomonga yuradi. Uning kelganini ko‘rgan Ro‘­zixol xuddi najot farishtasiga yo‘liqqanday oldiga yuguradi.

Ro‘zixol: (O‘rgilib, aylanib) – Keldingizmi, du­go­­najon. Yaxshimisiz, aylanay, suyagingiz yengilmi, dam­­­­likkinamisiz?
To‘xta qushnoch: (Viqor bilan supaga qarab) – Ni­ma bo‘ldi, aylanay. Qirdan qulagan ayiq polvonga o‘x­shab yotibdi eringiz...
Ro‘zixol: – Ko‘rmaysizmi? Bir kunda shunday bo‘l­di, dugonajon.
To‘xta qushnoch: (Supada bemorning yonida o‘tirib) – O‘ziyam Odam atoni tanimay ketuvdi, eringiz. Qilma topasan, degan naql bor... Endi, go‘r bo‘larmidi, gerdaygani gerdaygan edi-ya o‘ziyam.
Ro‘zixol: (Yalinish ohangida) – Orzuboy akani da­volaganingizdan keyin, butun qishloq nafasingizga tan berdi, dugonajon. Erimning o‘zi ham sizni so‘radi.
To‘xta qushnoch: (Bemorga ajabsinib) – O‘zi so‘ra­dimi?
Ro‘zixol: – O‘zi bir ahvolda-yu sizni so‘radi, aylanay.
To‘xta qushnoch: (Bemor yoniga o‘rnashib o‘tirib, kerilgan ko‘yi, xuddi Orzuboy betob bo‘lganda nima qilgan bo‘lsa, shunday harakat qilib, aynan o‘sha gap­larni takrorlay boshlaydi-da, ro‘moli uchiga tugilgan paxtani o‘ng qo‘liga olib, bemorning boshidan aylantirib uni silay boshlaydi... Silab bo‘lgach – ikki qo‘lining panjalarini yozib oldga-ortga tortib) – Qayt badbaxt, qayt badbaxt. Qaytmasang senga la’nat, qaytarmasam menga la’nat. Kuff-suff. Kuff, suuff... (U bemor boshida yana nimalarnidir pichirlaydi...)
Ro‘zixol: – Tuzalarmikin, ishqilib?
To‘xta qushnoch: – Tuzaladi. Ko‘plarning dilini og‘rintirgan. Ruhlar qo‘rangizdagi oppoq qo‘chqorni so‘­rayapti. Shuni so‘yib xudoyi qiling... Keyin hamma derazalarni uch kecha-kunduz ochib qo‘ying! Eringizning egnidan sira tushmaydigan yaxshi ko‘rgan to‘ninimi, biror kiyimini qishloq yo‘lidagi laylak tutning shoxiga ilib qo‘ying. Hammani ko‘zi tushsin. Ikki kundan keyin olib uni qo‘shnining eshagiga jabduq qilinglar.

Shu payt Chori uchar To‘xta qushnochning bi­lagidan shartta ushlab oladi. To‘xta qushnoch qo‘rqqanidan chin­qirib o‘rnidan turadi. Chori uchar ham uning qo‘lini qo‘yvormay o‘rnidan turib ketadi. To‘xta qushnoch o‘ta­kasi yorilguday bo‘lib:

To‘xta qushnoch: (Qo‘rqib) – Qo‘limni qo‘yvoring, qo‘­limni qo‘yvor!
Chori uchar: (G‘azab bilan) – Qo‘yvormayman! Senga ko‘rsatib qo‘yaman, meni kasal deb og‘zingga kelgan gapni gapiraverding-a?
Ro‘zixol: (U ham o‘rnidan turib, goh eriga, goh qushnochga qarab, angrayib, ularni aylanib yugura bosh­laydi) – Voy, o‘lmasam, voy, o‘lmasam.
To‘xta qushnoch: (Ro‘zixolga) – Hoy, hoy, Ro‘zi. Eringizning quyonchig‘i qo‘zib, tutqanog‘i tutganga o‘xshaydi. Bu sog‘mas, bu jinni bo‘pti.
Chori uchar: (Uni quvib, ortidan tepish uchun oyo­g‘ini ko‘tarib quvlaydi. Hamon uni quvlab) – O‘zing jin­ni! O‘zing tentaksan!

To‘xta qushnoch yugurgilab-yugurgilab, sahnaning chetida o‘tirib qoladi. Og‘ir uf tortadi. Chori uchar supa chetida o‘tirib hansiraydi. Ro‘zixol joyida tik turib goh eriga, goh qushnochga qaraydi.

To‘xta qushnoch: (Uf tortib) – Ro‘zi, Ro‘zi dugona, bu nima qiliq? Shum eringizni go‘r ham yutmaydi. Meni o‘ldiray dedi, bu eringiz naq tentak. Tentak.
Chori uchar: (O‘rnidan turib) – Bas qil, bas. O‘zingning esing ketgan. Oq qo‘chqor emish, choponni jab­duq qil emish, senga ko‘rsatib qo‘yaman. Alvasti.
Ro‘zixol: (Eriga qarab yig‘lab) – Qilig‘ingiz qur­sin. Bu nima hazil-a? Bu nima qilg‘ilik?
Chori uchar: (Belini ushlab, zaharli kulib) – Xo‘sh, gap bunday, To‘xta qushnoch, ikkovimiz o‘rtamizdagi bir sir bor, esingdan chiqmaydi-ya?
To‘xta qushnoch: (Bosh irg‘ab uf tortib) – Shuning o‘chini olay devdingizmi-a? Qirq yil qiron kelsayam, qirilib ketgurning esidan chiqmabdi.
Chori uchar: (Tirjayadi) – Esdan chiqmaydi. Esdan chiqmaydi. Mana shu yelkamga o‘tirg‘izib paxta poyani kesib o‘tganim sira esimdan chiqmaydi.
Ro‘zixol: (Eriga angrayib, hech narsani tushunmaganday qarab) – Kimni ko‘tarasiz? Kimni yelkangizda ko‘targansiz, nega ko‘targansiz?
Chori uchar: (Kinoya bilan To‘xta qushnochga ishora qilib) – Anavini.
To‘xta qushnoch: (Yuzini qo‘li bilan to‘sib) – Vo-o-ey! Odam bo‘lmay o‘lgura-a?
Chori uchar: (Xotiniga) – Xotin, sen qayg‘urma, hech narsa bo‘lgani yo‘q. Obshir qishloqdan sel kelib avji bahorda Xo‘jaipok daryosida suv toshuvdi. O‘shanda bu G‘o‘chchi tentakka non sindirilib fotiha qilingan edi. Qarasam daryoda oqib o‘ladigan. Noiloj, yelkamga mindirib daryodan olib o‘tdim... So‘ng bularni to‘yi bo‘ldi. O‘g‘li, haligi Sodiq ezma tug‘ildi. Yelkamga mingan boyvuchcha esa bugun bunday deb turibdi.
To‘xta qushnoch: (Yig‘lamoqdan beri bo‘lib) – Voeey. Vooeey. Shuni o‘chini oldingizmi-ya, odam bo‘lmay har balo bo‘lgur...
Chori uchar: (Ayyorona) – Yo‘q. O‘ch olish uchun chaqir­madim. Bir taklif bor, shuni qilmasang, u dunyo bu dunyo norizoman...
To‘xta qushnoch: (Endi alanglab) – Yana nimani bosh­lamoqchisiz?
Chori uchar: (Bir Ro‘zixolga, bir To‘xta qushnochga qarab) – Orzuboyning xotiniga aytasan... U gapingga ko‘nadi. Erimni qushnoch davoladi, deb o‘ylayapti. Mayli, dard ham, shifo ham Xudodan. Xullas, bu kecha Orzuboynikida bo‘l. Chiroq yoqib is chiqar, o‘qitasanmi, silaysanmi, irim-sirim qilasanmi, ikki-uch soatga hovliga chiqarmasang bo‘ldi. Bola-chaqasiyam chiqmasin, irimi shunaqa de... Ins-jinslarni quvayapman de.
Ro‘zixol: – Yana nima o‘yin boshlamoqchisiz?
Chori uchar: (Xotiniga o‘shqirib) – Jim. Jim bo‘l.
To‘xta qushnoch: (O‘rnidan turib) – Men hovliga chiqmanglar desam, ular gapimga kiradi, deb o‘y­lay­sizmi?
Chori uchar: (Ayyorona kulib) – Albatta. Qushnoch, Sen aytsang, aytganingni qilishadi. Chiroq yoqib is chiqaraman, Sizlar hovliga chiqishlaring xavfli, shun­day qilsak Orzuboy batamom, tuzaladi deysan, vas­salom.
To‘xta qushnoch: (Hayratini yashirolmay, bosh chay­qab) – Tushunarli, men uning uyida chiroq yoqib, is chi­qaraman.
Chori uchar: (Kulib) – Albatta shunday! To‘g‘ri top­­­ding. Faqat, Orzuboy bola-baqrasi bilan kechasi hovliga chiqmay tursa bas. Ikki soatga.
Ro‘zixol: (Eriga) – Siz qachon tinchiysiz?
Chori uchar: – Jim! Jim bo‘l!
To‘xta qushnoch: – Men... Men.
Chori uchar: – Ha... boraver. Shu kecha... Tushundingmi? Soat o‘ndan o‘n ikkigacha!

Shu payt hovli eshigi taraqlab Eshdavlat “Bos, bos, qamchi bos, otga o‘zing qamchi, bos!” qo‘shig‘ini xirgoyi qilib kirib keladi. Sahna o‘rtasiga kelganda oyog‘ida tik turgan Chori ucharga, qushnochga va Ro‘zixolga qarab qotib, hangu-mang bo‘lib qoladi.
Eshdavlat: – Tog‘a!.. Tog‘a!.. Ie-ie, qaytib kep­sizda-a, tog‘a! (Keyin yana hayratlanganday...) – Obbo tog‘a-e, To‘xta xolam Sizni tiriltiribdi-a? Qoyil-e, qoyil xolajon (Qushnochga ta’zim qiladi). Baraka toping, xola... Odamlar, qushnoch xola zo‘r desa, ishonmasdim. Chin ekan, chin ekan, xola.
Chori uchar: (Qovoq uyub Ro‘zixol va To‘xta qush­noch­ga qarab) – Qani, Sizlar endi boringlar. Bizning Eshdavlatboy bilan ishimiz bor...

Xotinlar chiqib ketadi. Chori uchar Eshdavlatga yuzlanadi.

Chori uchar: (O‘smoqchilab) – Jiyan, shu... bir xizmat bor!
Eshdavlat: (Chori ucharga yaqin keladi. Chori uchar Eshdavlatga burnini jiyirib qo‘li bilan yelpingan bo‘ladi.) – Ha, endi tog‘a, yigitchilik...
Chori uchar: (Norizo) – Qachon qarasa shu o‘lgurni ichib og‘zing sasib yuradi. Vinzavod bo‘p ket-a...
Eshdavlat: – Nima gapingiz bor edi, tog‘a?
Chori uchar: (Undan sal uzoqroq turib) – Shu yerda turaver. Yaqinimga kelmasang ham mayli, jiyan.
Eshdavlat: (Norizo) – Uff...
Chori uchar: (Masofa saqlab) – Jiyan, haligi, oq tepaning yonidagi ko‘l atrofida bangidevona o‘sadi bilasan-a?
Eshdavlat: – Bilaman.
Chori uchar: – Ana shu bangidevonadan bir quchoq olib kel, jiyan.
Eshdavlat: – Ey-e, tog‘a, shu sassiq butani nima qi­lasiz? Bangidevonani mol ham yemaydi-ku, sassiq-ku?
Chori uchar: – Ishing bo‘lmasin, odamning beliga keladigan bo‘lib qolganlarini ildiz-pildizi bilan qo‘shib sug‘urib olib kel.
Eshdavlat: Xo‘p.

SAKKIZINCHI SAHNA

Tong mahal. Orzuboyning hovlisi. Orzuboyning xotini o‘rnidan turib hovlidagi ishlar bilan andarmon. Bir mahal hovlidagi bangidevona butalarini ko‘rib taxta bo‘lib qotib qoladi. Qo‘lidan supurgisi tushib ketadi. Butalarda kolbasa osilib turibdi – butalar kolbasa meva beribdi. Butalarda shig‘il-shig‘il kolbasa. Musiqa. Mahzun musiqa yangraydi.

Orzuboyning xotini: (Baqirib yuboradi) – Otasi... Otasi! Norgul, hoy Norgul. Bu yoqqa kel.

Qizi chopib chiqadi. Yuguraman deb sahnada yi­qilib tushadi. So‘ng u ham “kolbasa daraxt”lariga qarab joyida taxta bo‘lib qoladi. Shu payt Orzuboy yugurib chiqadi.

Orzuboy: (Hovliqib) – Nima gap-a? Nima gap?

“Kolbasa daraxtcha”larini, kolbasa yetilgan butalarni ko‘rib hangu mang bo‘ladi. Ularning oldiga yugurib boradi. Birini ushlab ko‘radi. Keyin ularni aylanib yugura boshlaydi. Bir mahal ularning uchalasi ham jimib, bir joyda to‘planishib kolbasa daraxtlariga qarab turishadi. Musiqa, yengil musiqa. Lirik musiqa. Shu mahal sahnaga butun qishloq odamlari, komediyada ishtirok etgan hamma-hamma kirib keladi. Ular ham musiqa ostida kolbasalarga hayratlanib qarab turishibdi. Nozim shoir, Bo‘ri kal, Shodi baraka, Chori ucharning o‘g‘li – Yo‘ldoshali, hamma-hamma, hatto Nozim shoirning do‘sti, haligi ajnabiy – ingliz ham bor. Ayniqsa, uning hayrati cheksiz. U kolbasa osilib turgan daraxtsimon o‘simliklarni suratga olish bilan mashg‘ul. Har-har zamonda “gud-gud” deb qo‘yadi. Eshdavlat Chori ucharning qulog‘iga nimadir demoqchi bo‘p engashadi. Chori uchar yuzini bujmaytirib, burnini jiyiradi, qo‘li bilan go‘yo burni oldidagi aroq hidini haydaganday bo‘lib Eshdavlatga norizo qarab qo‘yadi.

Eshdavlat: (Miyig‘ida kulib) – Balosiz, tog‘a, balosiz.
Chori uchar: (Ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tekkizib) – Jimm.
Chori uchar miyig‘ida kuladi. Eshdavlat kuladi. Boshqalar hayrat bilan kolbasa daraxtchalariga termulib turishibdi. Musiqa, yengil va ko‘ngilni xushnud etuvchi musiqa yangraydi.

Parda yopiladi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.