OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Zamindan olis ketma (drama)

Ishtirok etuvchilar:

1. To‘ra – Badavlat. Riyokor, zo‘ravon. 50 yosh.
2. Beg‘am – To‘raning yugurdagi. Badnafs. 40 yosh.
3. Rahim – Oromgoh rahbari. Irodasi mo‘rt. Uquvsiz fermer.
4. Lola – To‘raning qizi. Go‘zal va oqila. Yosh shifokor. 26 yosh.
5. Tolib – Telejurnalist. 25 yoshda.
6. Go‘zal – Oromgohda tarbiyachi. O‘qituvchi. Yolg‘iz ayol. 35 yosh.
7. Olim – Hardamxayol, g‘alati fe’l-atvorli. 45 yoshda.

BIRINCHI SAHNA

Tog‘ biqinidagi qishloq. Ko‘rkam va bahavo manzara. Baland cho‘qqi etagida joylashgan, quyuq daraxtzor qurshovidagi bolalar oromgohi. Hamon to‘s-to‘polon, qiy-chuv, buldozerning gurillagan ovozi, motoarraning tarillashi tutib ketadi. Osmondan tushadimi, yerdan chiqadimi, sahnadagi baland chinor yonida qo‘lida motoarra tutgan Beg‘am paydo bo‘ladi. U chinorni kesmoqqa shaylanadi. Qasur-qusur, guvillagan, tarillagan tovushlarga qorishiq sahnaga Go‘zal yugurib kirib keladi, daraxtga arra solgan Beg‘amga tarmashadi, keng quloch yoyib, chinorni himoya qilgan bo‘ladi.

Go‘zal: – Kesma! Kesma-a-a! Xudodan qo‘rq! To‘xta-a-a!
Beg‘am: – Qoch, jinnimisan!
Go‘zal: – Avval meni o‘ldir! Meni tilkala! So‘ng chinorni kesasan!

Beg‘am uni daraxt biqinidan itarib tashlamoqchi bo‘ladi. Go‘zal qarshilik ko‘rsatadi. Beg‘am qo‘l ko‘­ta­radi, lekin urolmaydi. Go‘zal yig‘lab qarg‘anadi.

Go‘zal: – Bog‘ning uvolidan, bolalarning zavolidan qo‘rq. Senlarni qarg‘ish uradi.
Beg‘am: – Qoch! Bog‘ bizniki, nima qilsak qilamiz. Senga nima?

Go‘zal bilagidan ushlab tortqilayotgan Beg‘amning qo‘lini tishlab oladi. Beg‘am baqirib yuboradi.
So‘ng qo‘lidagi arrani tashlab, Go‘zalga musht o‘q­taladi. Shu mahal tadbirkor Rahim paydo bo‘ladi. Beg‘amning qo‘lidan ushlab uni siltab tashlaydi.

Rahim: – Nomard! Kuching ojizaga yetdimi? Bunchalik pastkash ekanlaringni bilmabman.
Beg‘am: (Rahimning qo‘lidan yulqinib chiqadi-da, unga musht tushiradi) – Sen nomardsan. O‘zing aytib, o‘zing qaytding, mana senga (yana musht tushirmoqchi bo‘­ladi).
Rahim: – Meni aldadinglar. Bo‘ldi, senlar bilan oramiz ochiq.
Beg‘am: (O‘zicha yoqasi, yon-verini tuzatgan bo‘lib, Rahimga ijirg‘anib qaraydi). – Shunaqami?!(So‘ng da­raxt tanasiga suyanib hiqillab bularni kuzatib o‘tir­gan Go‘zalga nazar tashlab, Rahimga kesatadi) – Sen ham boshingga ro‘mol o‘rab olsang bo‘larkan. Sad­qai er­kak ket!
Rahim: (Xezlanadi) – Ayolga qo‘l ko‘targan nokas erkakmi?
Beg‘am: – Ham aytding, ham qaytding. Sotding, lekin, manavining (Go‘zalga ishora qilib) makri zo‘r keldimi, deyman. Qiyshanglab qolding.
Rahim: – Og‘zingga qarab gapir! (U yon cho‘ntagini kavlab qog‘ozga o‘ralgan pul o‘ramini olib Beg‘amning yuziga qarata otadi) – Ma, ol! Tamom, ora ochiq.
Beg‘am: (Yerda yotgan o‘ramni olib) – Yo‘q, ora ochiqmas! Orada (atrofni qo‘li bilan ko‘rsatib) mana shu bog‘ turibdi, orada lafz turibdi. Agar lafzingdan qaytsang, kattagina urush-janjal kutib turibdi. Tomoshani endi ko‘rasan (Go‘zalga kinoyali boqib). Buzoqning chopgani og‘ilxonagacha...
Go‘zal: – Oromgohni senga o‘xshaganlarga berib qo‘y­maymiz.
Beg‘am: (Kulib) – Makiyonga toj chiqsa boshiga og‘irlik qiladi, derdi otam. Senday tojdor xotindan o‘rgildim. Oromgohing o‘zingga buyursin! Bola-baqraning katalakday katagi kimga kerak. Faqat oromgoh atrofidagi bog‘, ko‘lning bir qismi allaqachon bizniki bo‘lgan! Ha, bizniki!
Go‘zal: (Hayrat bilan Rahimga qaraydi) – Nima deyapti, bu?
Rahim: (Xijolatli) – Siz xavotir olmang! Ham­masi yaxshi bo‘ladi.
Beg‘am: – Yo‘q, yaxshi bo‘lmaydi. Pul zarurligida bog‘ni sotib, so‘ng cho‘ntagingning yirtig‘i yamalgach, aynib qolding. Qonun biz tomonda.
Go‘zal: – Nima deyapsan?
Beg‘am: (Yelkasini qisib, mazax qilib) – Shu deganim. Ya’nikim, bog‘ va ko‘l qonun muhri bilan bizga o‘tib bo‘ldi. Oh, desang ham, voh, desang ham, bo‘lar ish bo‘ldi, bo‘yog‘i sindi. Ya’nikim, bog‘ va ko‘l o‘z egasini topdi. Oromgohingdan xoli hudud. Oromgohni ham qo‘shib olganimizda nima qilardilaring! Senlarga hokimning qarori-yu, notariusning muhri o‘yinmi?
Go‘zal: (Rahimga hayratlanib tikiladi). – Sotdim deng! Sotgan ekansiz, aytmaysizmi?
Rahim: (Beg‘amga o‘qrayib qarab) – Yo‘q, bular meni aldashdi. Bularning tili boshqa, dili boshqaligini endi bildim... Bular oromgohga yordam beramiz, bolalarimizning kelajagi uchun biz ham qayg‘urayapmiz, bu yerda bolalar uchun cho‘milish hovuzlari, oshxona quramiz, yangi o‘yingoh bo‘ladi, shu joyning o‘zida yordamchi xo‘jalik tashkil qilamiz, kerak bo‘lsa, zamonaviy davolash maskani quramiz, oromgoh viloyatdagi bolalar dam oladigan eng zo‘r joy bo‘ladi, hamkorlik qilamiz, deyishdi. Endi bilsam...
Beg‘am: (Kinoyali iljayib) – Nima “endi bilsam”? Nima demoqchisan?
Rahim: (G‘azablanib) – Endi bilsam, senlar bu yerdagi ulkan chinorlarni kesib pullamoqchisanlar, yuzlab teraklarni kesib sotmoqchisanlar, bolalar oshxonasi emas, balki kafe-bar, to‘yxona barpo et­moq­chisanlar. Hammasini bildim. Senlarni bolalar qiziqtirmaydi, senlar kelajagimizni o‘y­la­may­sanlar. Men... Men... Senlar bilan...
Beg‘am: (Xezlanib) – Gapir... Gapir. Gaping ichingda qolmasin!
Rahim: (Uf tortib, og‘ir xo‘rsinib) – Senlar faqat o‘zingni, cho‘ntagingni o‘ylab yashaysanlar! Men... Men xato qildim... Senlar savob, yaxshilik, degan tushunchadan uzoq ekanliklaring xayolimga kelmabdi.
Beg‘am (Qo‘lidagi qog‘ozga o‘ralgan pulni ko‘rsatib) – Unda manavini nega olding. Avliyolik qilasan. (Qog‘oz o‘ramini uning yuziga yaqinlashtiradi.) – Boshidan, deb olding-ku. Xo‘sh, bunga nima deysan?! He-ey, o‘rgildim senday savobtalabdan. O‘zingni Xudo urgan-u, boshqaga aql bo‘laman deysan.
Rahim: – To‘g‘ri, oldim. Oromgohni ta’mirlayman, tomini tuzataman, suv quvurini ishga solaman, deb oldim.

Go‘zal daraxt tanasiga yelka tirab, yerga mahzun tikilib o‘tiribdi. Sahnaga lahzalik sukut cho‘madi. Shu chog‘da yurish-turishi telbanamo, pala-partish ki­yingan, sochlari to‘zg‘in, ko‘zoynagiga ip o‘tkazib olgan, almisoqdan qolgan eski portfel ko‘targan, yoqavayron bo‘yniga galstuk ham taqib olgan Olim pildirab o‘tib qoladi. U bularning oldidan zipillab o‘tib ketadi-da, taqqa to‘xtab, ortiga qaytadi. Bularning yoniga kelib har biriga g‘alati qarash bilan nazar soladi. So‘ngra yerda yotgan arraga qaraydi. Uning yoniga borib aylanib o‘tadi. O‘zicha bosh chayqaydi.

Olim: – Himm... Kesayapsizlarmi? (Ularga yana bir qarab qo‘yadi va ko‘zoynagini olib, galstugi bilan artgan bo‘ladi, so‘ngra ko‘zoynakni qanshariga qo‘ndirib, ko‘rsatkich barmog‘ini havoga niqtaydi) – Yaxshimaa-a-a-as. (Tuyqus do‘q uradi) – Yaxshimas! Bir odam umri mobaynida o‘z ehtiyoji uchun 200 ta daraxtning boshiga yetadi. Agar u yetmish yil yashasa, qog‘oz, boshqa anjomlar, binolar uchun shuncha daraxt ketadi. Tug‘ilganidan boshlab har yili bittadan daraxt ekib ko‘paytirsa ham odam bolasi, tabiat oldidagi qarzini uzolmaydi. (U portfelini yerga qo‘yib, ikkala qo‘lini musht qilib qo‘ksiga olib boradi.) – Ayrim davlatlarda daraxtlarning tanasiga medal ilib qo‘yisharkan. Ular bizni qutqaradi, himoya qiladi degan ma’noda e’zozlasharkan. (So‘ng Beg‘amga yuzlanib, iljayadi) – Ular bizni, sizni qutqaradi. (Beg‘am bir seskanib tushadi.)
Beg‘am: – Kim qutqaradi.
Olim: (Unga yaqinroq borib) – Daraxtlar...
Beg‘am: (Ijirg‘anib) – Kimdan qutqaradi?
Olim: (Yana ko‘rsatkich barmog‘ini havolatib) – Ofatdan, kulfatdan, zahar-zaqqumdan.
Beg‘am: (Ensasi qotib) – Xo‘p. Mayli. Endi boravering, Olimboy... Boravering. Qaergadir shoshayapsiz, shekilli?
Olim: (Ko‘zoynagini tuzatib yana ularga bir-bir qarab) – Men daraxtlar rangini ildizidan oladimi yoki havodan, degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasi yoqlamoqchiydim. A-a? Qalay? Daraxtlarning guli nega har xil, oq, qizil, pushti, sariq bo‘ladi? Ular bu rang­larni qaerdan olishadi? Fan jim! Fan sukutda! Lekin javobini men bilaman. Aytmayman!
Beg‘am: (Kinoyali) – Shunday deng... Obb-oo-o?
Olim: (Sukutda turgan Rahim hamda Go‘zalga qarab) – Bilasizmi, (yana o‘ng qo‘li ko‘rsatkich barmog‘ini havoga sanchib) bilasizmi, osmonni begunoh bolalar bilan daraxtlar ushlab turadi. Yo‘qsa, osmon yerga qulab tushadi, qapishib qoladi. (Go‘zalning yoniga boradi, Go‘zal o‘rnidan turadi. Go‘zalga sinchkov tikiladi) – Daraxtlar ham ayollarga o‘xshaydi. Gullaydi. Achchiq-chuchuk, yaxshi-yomon meva beradi. Gullagan daraxtni kesish esa homilador ayolni o‘ldirish bilan barobar. (Beg‘am orqaga bir tislanib, sapchib tushadi...) – Demak, kesmangla-a-a-rr! Kesmang-la-a-ar! (U portfeli yoniga kelib yerdan oladi. O‘ziga qarab turgan yonidagilarga bir nazar solib, bosh chayqaydi. Go‘yoki o‘ziga o‘zi gapiradi. Beg‘am kesmoqchi bo‘lgan chinorga ishora qilib) – Ikki yuz yoshda. Yer ostida, ildizi atrofida tonnalab suvni ushlab turibdi. Eh, odamlar, odamlar...

U chiqib ketadi. Sahnadagilar jim... Dengiz shovullashiga, shamol esishiga monand musiqa yangraydi, go‘yo hayot bardavomligiga ishora qiladi. Sahna qorong‘ulashadi.

IKKINCHI SAHNA

To‘raning qasrmonand uyi. Tomli supa yonidagi chimzorga qo‘yilgan ko‘rimligina stol didligina tuzalgan. Zamon boyvachchasining dasturxoni. Stol atrofida tizilgan o‘rindiqlardan birida o‘tirgan To‘ra dasturxonga qo‘l cho‘zib, u-bu narsa tatigan bo‘ladi, ichimliklardan birini olib qadahga quyadi, yonida tik turgan Beg‘amga e’tibor ham bermay ichkilikni sipqoradi. So‘ng bir nuqtaga termulib turadi.

To‘ra: – Shundaymi? Asosan Go‘zal qarshilik qil­di, de. Bir ayolni eplay olmagan tirik murdasan-da o‘zinggam.
Beg‘am: – Osmonni boshiga ko‘tardi. Shallaqi ekan. Anovi, Rahim hezalakka ham jon kirib qolsa deng! Kesakdan olov chiqdi-ya o‘ziyam! Tomoshadan Olim tentak ham quruq qolmadi.
To‘ra: (Ijirg‘anib) – Yig‘ishtir safsatangni. Ho­ziroq Rahimnikiga bor! Har sariq chaqaga sarg‘ayib qaramasdan ko‘proq ber. Ziqnalik qilma. Anovi suzukoyimni ham o‘zi yo‘lga soladi.
Beg‘am: (Bexos qo‘l siltab) – U gapidan tonayapti.
To‘ra: – (U yoq-bu yoqqa qarab, ovozini biroz pasaytib) Bas qil! Hozir u bosh ko‘tarsa, hamma ish rasvo bo‘ladi. Manavi qovoq kallangni ishlatib ko‘r, bugun yuz million so‘m pulning tagiga suv quyishingga bir bahya qoldi.
Beg‘am: (Ajabsinib) – Qancha? Yuz million?!
To‘ra: (O‘rnidan turib ketadi) – O‘lay agar, senda farosat yo‘q. Har bir chinorni kesib, tseximizdagi piloramadan o‘tkazib, qurilish taxtasi qilsak, o‘ldim deganda bir millionni ko‘taradi. Tushundingmi, xum kalla! U yerda oltmishga yaqin chinor, 200 tupdan ortiq terak bor.
Beg‘am: (Yuzi jonlanib, ko‘zi chaqnab) – To‘g‘ri, to‘g‘ri aytasiz.
To‘ra: (Ko‘rsatkich barmog‘ini Beg‘amga bigiz qilib) – Esingda bo‘lsin, hozircha Rahimga hokimning qarori haqida hech narsa dema. Demadingmi?
Beg‘am: (Esankirab qoladi) – De...de. Demadim.
To‘ra: (Uning yuziga sinchkovlik bilan qaraydi) – Dema! Tushundingmi? Nega bunday chaynalasan?
Beg‘am: (Yana dovdirab) – Hozircha aytmaymiz, xo‘­jayin.
To‘ra: (Uf tortadi, uning yelkasidan ushlab silkilaydi) – Hoy, menga qara! Axir Rahimning nomidan sen ariza yozib, oromgoh atrofidagi fermer xo‘jaligimga tegishli 20 gektar yerni zahiraga topshiraman, deb imzo qo‘yding-ku... Hokim qaror chiqardi. Yer bizga o‘tdi. Lekin, bu ishning misi chiqsa, Rahim is bilsa uyingni kuydiraman, tushundingmi?
Beg‘am: – Tushundim... Lekin xo‘jayin... bu ish ham quruqqa bo‘lmadi-ku. Hokimga uzatdik-ku...
To‘ra: (Kinoyali jilmayib) – Bir imzo o‘nta ko‘k qo‘yni yetaklab ketdi. Lekin manovi oromgohdagi bolaparvar masxarabozlarni tinchitib tursak, keyinchalik marra bizniki.
Beg‘am: (Taltayib) – Hammasi yaxshi bo‘ladi, xo‘jayin.
To‘ra: – Tilingga ehtiyot bo‘l. Ko‘zing ko‘r, qulog‘ing kar bo‘lsin. Vang‘illagan har itning og‘ziga qo‘l tiqma, qo‘lsiz qolasan. Nima deganimni tushundingmi? Sir berma...
Beg‘am: – Tushundim.
To‘ra: – Og‘zi bilan yuradiganlarga gap tashlab qo‘ydik, shunisi yetadi.
Beg‘am: (Xushomad bilan) – Qishloq xabardor, xo‘­jayin... Odamlar bilishadi.
To‘ra: – Nimani bilishadi?
Beg‘am: – Biz oromgohda bolalar uchun cho‘milish hovuzi, sport maydonchasi qurmoqchimiz. Atrofdagi yerga poliz mahsuloti ekib, baliqchilik havzasi tashkil etib orgomgohga yordam beramiz. Xullas, gaz, ichimlik suvi, elektr toki masalasida ham beminnat xizmatimizni ayamaymiz.
To‘ra: (Gapga go‘yoki parvo qilmay) – Yaxshi. Lekin, Rahimning yeri bilan bog‘liq ishning qopqog‘i hozircha ko‘tarilmagani yaxshi. Demak, bugun Rahimnikiga bording... Har holda chakkimas.
Beg‘am: (Endi taltayibroq) – Xo‘jayin, Rahimning xotini qarindoshingiz ekan-a! Erini go‘rdan olib, go‘rga soldi... Chinor-pinoring bilan qo‘shmazor bo‘lgur, tog‘amning rayini qaytarma, tog‘am muruvvat qiladi-yu, sen yo‘q, deysanmi, qush begi bilan shovla yemas emish, nozingdan o‘rgildim, deb eriga sensirab javray ketdi. Fermer bo‘p ham go‘r bo‘lmaydi bu, deb qarg‘ana-qarg‘ana, ikki bolamning kontraktiga to‘layman deb pulni shartta oldi. Rahim yuvosh tortib qoldi. Oxiri bilganlaringni qilinglar, deb tomog‘ini ho‘llagani (kekirdagiga aroq ichish ma’nosida chertadi) do‘konga g‘izillab qoldi. Xo‘jayin, Rahimning xotini chindan ham qarindoshingizmi?
To‘ra: (Ensasi qotib) – Ha, endi, uzoqroq xesh-aq­rabo, deganday... Eh-hey, demak, xotinini qo‘lga ol, erini yo‘lga sol! Xo‘-o‘sh, (u qo‘llarini ishqab) – yangang bilan o‘g‘ilcha ham uch-to‘rt kunda kurortdan qaytishadi. U yoq-bu yoqqa bir aylanib kelmaymizmi-a? (Hiqillab kulishadi... To‘ra qadahga ichimlik quyadi. Beg‘amga ham uzatadi. Ichishadi.)
Beg‘am: (Yaltoqlanib) – Siz nima desangiz shu! Xo‘­jayin, endi men boray. Do‘konga mol kelishi kerak edi.

Shu payt egnida oq xalat, oq qalpoqda, tibbiy uskunalar jomadonchasini ko‘tarib olgan Lola kirib keladi. Chehrasi so‘lg‘in, tushkun ahvolda. To‘ra kayfiyati uchib, noxush bir narsani sezganday qizi tomon yuradi. Beg‘am ham ota-bolaga javdirab qaraydi.

Lola: (ma’yus) – Assalomu alaykum, dadajon.
To‘ra: (Qizining yuziga sarosima bilan qaraydi) – Vaalaykum assalom, ena qizim. Nima bo‘ldi? Birov xafa qildimi?
Lola: (Holsiz otasining ko‘ksiga bosh qo‘yadi) – Dadajon... Go‘zal opam... Og‘irlashib qoldilar. Hozir kasalxonada...
To‘ra: (Sarosimalanib) – Qizim, tushuntirib gapir, nima bo‘ldi?
Lola: – Go‘zal opa insult bo‘lib qoldilar. Kasalxonaga yotqizib kelayapman.

Beg‘am alanglab ulardan ko‘zini olib qochadi.

To‘ra: (Hamon karaxt) – Qaysi Go‘zal? Kim u?
Lola: (Yig‘laydi) – Bizga adabiyotdan dars bergan ustozimiz. Oromgohdagi Go‘zal opam bor-ku... Dada, ko‘rib qo‘rqib ketdim, oyoq-qo‘li shol, tilsiz-zabonsiz, menga jovdirab turibdi, dadajon... Sho‘rlikning hech kimi yo‘q edi, topgani shu bir oromgoh edi, dada.

To‘ra Beg‘amga o‘qrayib qaraydi. Beg‘am egnini qi­sib, pusib juftakni urib qolmoqchi. To‘raning o‘q­rayib qaraganini ko‘rgach, taqqa to‘xtaydi.

To‘ra: (Hadiksirab) – Qizim, o‘zingni bos. Kim ay­tadi seni do‘xtir, deb, jon bolam. Meni qo‘rqitib yubording, asalim.
Lola: (Hiqillab) – Dadajon, yordam berasiz-a. Shahardan, kerak bo‘lsa, Toshkentdan do‘xtir chaqirish kerak. Jon dada, yordam bering...

Beg‘am hovli o‘rtasida serrayib turibdi.

To‘ra: – Qizim, kim edi-ya, haligi, Go‘zal opang, ne­ga shunday bo‘libdi?
Lola: – Hech kim bilmaydi. Kecha oromgohdan uyi­ga qaytib kelib yiqilibdi. Xayriyat, qo‘shnisi xabar topibdi.
To‘ra: (Qizining boshini silab) – Yig‘lama, ham­masi yaxshi bo‘ladi. Bor, uyga kir, damingni ol. Onang bilan akang telefon qilishdi. Salom aytishdi.

Lola horg‘in holda uyga kirib ketadi. To‘ra Beg‘am tomonga yuradi. Beg‘am ortiga tislanadi.

Beg‘am: – Xo‘jayin, bir hisobga yaxshi bo‘pti... T... tildan qopti.
To‘ra: (ijirg‘anib) – Molfahm! Bir ishni eplab qi­lolmaysan-a!

UCHINCHI KO‘RINISH

Tog‘ bag‘ridagi oromgoh. O‘sha ulkan chinor. To‘ra nimalarnidir Beg‘amga uqtiradi. Qo‘l telefonini olib kimlargadir qo‘ng‘iroq qiladi. Ulkan chinorga zavqlanib qaraydi, yana, qo‘lini bigiz qilib Beg‘amga nimanidir uqtiradi.
To‘ra: – Qachon kelishadi? Qani, buldozer, qani, o‘sha Nurmat naynov? Hozir imi-jimida ishni boshlanglar devdim-ku...
Beg‘am: – Topaman. Bugun topaman. Qaysi bir go‘rga kirib ichib yotgandir-da.
To‘ra: (O‘dag‘aylab) – Bu ishning bari chiqim evaziga bo‘layapti. Buldozer pul, mardikor pul, erta-indin bu joyga tsement, tosh, shag‘al-qum opkelalamiz. Butun boshli qurilish idorasiga ham shu ishga ishonib pul o‘tkazib qo‘ydim. O‘rtaga pul tushsa ikki ko‘z bir-biriga yovlik qiladi.
Beg‘am: – Xavotir olmang. Hammasi qonuniy, xo‘­jayin! Anavi xotin shiftga termulib yotibdi. Zabon yo‘q... Xudo to‘g‘irladi yo‘limizni (hiringlaydi).

To‘raning qo‘l telefoni jiringlaydi. U qo‘l telefonda kim bilandir gaplashayapti.
– Xo‘p, uka. Xo‘p... Hozir odam yuboraman. (U qo‘yniga qo‘l solib ikkita konvert oladi-da, Beg‘amga tutadi) – Ma, manavini ol! Shamolday uch! Kadastr bilan tabiat idorasiga kir! Ikkoviga ham berib chiq! Senga hujjat bervorishadi. Olmaguncha orom topmaydi bular. Ortidan yov quvganday bezovta bo‘laverishadi.

Beg‘am konvertlarni oladi. Bezovta holatdagi Ra­him egniga fotoapparat osib olgan Tolibni yetak­lab kirib keladi. U Tolibga nimanidir tushuntirishga urinyapti. Tolib uning gapiga go‘yoki e’tibor bermayotganday. Bularni ko‘rib To‘ra bilan Beg‘am hangu-mang bo‘lib qolishadi.
To‘ra: – Ee-ey, xush kelibsizlar. Xush ko‘rdik, Ra­himboy, mehmon yetaklab kepsiz-da?
Rahim: (Mijg‘ovlanadi) – Ha-a, endi.
Tolib: (Qat’iy va ishonch bilan unga qo‘l cho‘zib) – Assalomu alaykum! (Beg‘amga ham xuddi shu alfozda qo‘l cho‘zadi) – Assalomu alaykum!
To‘ra: (Viqor bilan) – Vaalaykum assalom meh­mon! Xush ko‘rdik. Rahimboy, bizni mehmon bilan tanishtirmaysizmi?
Rahim: – Bu kishi jurnalist. Yuqoridan. Shu...
To‘ra: (Zaharxandalik bilan) – Xo‘sh?
Tolib: (Beparvo) – Mana shu oromgoh bilan bog‘­liq masalani o‘rgangani keldim.

Beg‘am bir sapchib tushadi. Rahim o‘qrayadi. Unga boraver ishorasini qilib, bosh irg‘aydi. Beg‘am zipillab sahnadan chiqib ketadi. To‘ra Rahimga kinoyali qarab, sen aytdingmi, yana o‘yin qildingmi, deganday qaraydi. Rahim xijolatli alfozda u yoq-bu yoqqa alang­laydi.

To‘ra: – Xo‘sh, muxbir uka! Ismingiz kim?
Tolib: – Tolib.
To‘ra: – Tolibjon, inim, xo‘sh, bizdan nima xizmat?
Tolib: – Xizmatga hojat yo‘q. Yo‘l-yo‘lakay shu oromgohni ko‘rib o‘tay, har holda, shunchaki tanishib qo‘ysam yomon bo‘lmaydi, deb o‘yladim. (Atrofga xushhol qarab) – Chindan ham so‘lim, betakror joy ekan! Anovi chinorlarni, quyuq bog‘ni qarang. Sof havo!
To‘ra: (Miyig‘ida kulib) – Ilhom keladi-da, il­hom! Bu joylar dunyoning hech bir joyida yo‘q. Tog‘lar, ko‘llar, bog‘lar qorishiq bu manzaralardan dunyoning manaman, degan sayyohi ham yoqa ushlaydi. Shahardan olis shunday bahavo joyda dam olish naqadar soz!
Tolib: (Yana zavqlanib) – Ha-a, yurtimizda bunday go‘zal joylar juda ko‘p. Ayniqsa, bolalarimiz uchun hamma sharoit bor! Davlatimiz bu yo‘lda hech narsani ayamayapti.
To‘ra: (Miyig‘ida jilmayib) – Yashang, uka, yashang! Biz tadbirkorlar ham davlatimizga qanot bo‘lib, hukumatimiz yonida turib, qo‘llab-quvvatlasak, kamarbasta bo‘lsak deymiz. Davlat bizga shuncha sharoit yaratdi. Tadbirkor, fermer bo‘ldik, hisobimizda pul yetarli, vijdonan, o‘zimizdan bilib, mana shu joylarni obod qilishimiz kerak. Oromgohlarimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashimiz lozim. Bu kelajak avlod oldidagi qarzimiz, ham farzimiz.
Tolib: (Zavqlanib) – Yashang, aka! Sizday odamlar Vatanimiz manfaati yo‘lida chinakam fidoyilardir.
Rahim: (Endi jonlanib) – Shunday! Ha, shunday. To‘ra akamni butun tuman, viloyat hurmat qiladi.
Tolib: (Kulimsirab) – Odamlar ham har xilda, aka. Elchilik. Xafa bo‘lmangu, mana shu oromgoh, bog‘, chinorlar, o‘rmonning bir qismi, ko‘l talon-toroj qi­lindi, deb yozishibdi.
To‘ra: (Hech narsa bilmaganday) – Kim yozibdi? Kimni yozishibdi?
Rahim: (Bosh chayqab) – Shu... haligi, Go‘zal bor-ku, o‘sha bilan Olim naynov.
To‘ra: (Zaharxanda kuladi) – Ee-ey, o‘sha esi kirdi-chiqdi bilan anavi telba xotinmi? Ular avvaldan ko‘p joylarga shunday yozaverishadi... Hech kim e’tibor bermay qo‘ygan.
Tolib: (Qo‘lini yozib) – Ha, endi, bir o‘rganib ko‘ray, dedik-da. Xat yozgan opa, shifoxonada ekan. Insult. Yoniga kirgizishmadi. Haligi Olim akadan dom-darak yo‘q! Hech kim bilmaydi, qaerdaligini!
To‘ra: – Ee-ey, uning qog‘ozi bor-ov, haligi... jinnitob. Yotib chiqadi har yili.
Tolib: – Rahim akam aytdi. Siz haqingizdayam tumanda yaxshi gaplar eshitdim. Hokim ham, kadastr ham, tabiatni muhofaza qilish idorasidagilardan ham siz haqingizda yaxshi gap eshitdim. Xatda Rahim akaning fermer xo‘jaligini, oromgoh atrofini siz noqonuniy o‘zlashtirib olganingiz haqida yozishgan... Mana, Rahim akadan ham so‘radim yolg‘on, bo‘lmag‘ur gap, dedi-da, aksincha, sizni maqtadi. Men bu yerda tag-tubi bilan kesib tashlangan o‘n gektar bog‘ni ko‘rmayapman. Ana ko‘l, ana bog‘, ana oromgoh oldidagi chinorlar... Xullas, Rahim aka sizni bu joylarni yanayam yaxshilab, oromgohni yanayam mahobatli qilib qayta qurishni rejalashtirayapti, tumanimiz bolalari sog‘ligi, kamoloti uchun jonini ham ayamaydi, hozir ham u kishi oromgoh atrofida yuribdi, deb maqtadi. Shuning uchun ham sizni, ham oromgohni bir ko‘rib kelay, deb bu yoqqa jo‘nadim. Mana, ko‘rdim. Hammasi yaxshi. Odamlar aytganicha bor ekansiz. Yaxshi odam, elparvar inson ekansiz.
To‘ra: (Ayyorona iljayib, so‘ng Rahimga qarab) – Qani, Rahimboy. Bu joylar sizniki. Egasi siz. Ko‘l bo‘yiga, o‘sha salqin yerga dasturxon tayyorlating. Mehmon bir dam olsinlar.
Rahim: Xo‘p.
Ular chiqib ketishadi. To‘raning bir o‘zi qoladi. Sirli jilmayadi. Haligilar ketgan tomonga ijirg‘anib qaraydi.

To‘ra: (O‘ziga o‘zi, haligilar ketgan tomonga qarab) – Hey o‘l, ipirisqi. Bir muxbirchani ham eplay olmaydi, quyon yurak. Senga kim qo‘yibdi, oromgohni, ovsar. (To‘ra qo‘l telefoni orqali kimgadir qo‘ng‘iroq qiladi.) – Allo! Salom, uka! Yaxshimisiz? Xo‘sh, hokim bormilar? I-e, shundaymi. Unday bo‘lsa, Davr Imkonovichga ayting, Tushlik payti men u kishini Oltinbog‘dagi ko‘lda, oromgoh bo‘yida, o‘sha yerda kutaman. Ha, o‘zlari biladilar. Yo‘q, boya telefon qildim. Qo‘l telefoni javob bermadi. Yaxshi, aytib qo‘yarsiz. Kutaman!

Shu tobda To‘raning qo‘l telefoni jiringlaydi.

To‘ra: – Allo! Eshitaman! Nima gap, Beg‘am! Xo‘sh. Yaxshi! Hujjatlarni oldingmi? Yaxshi! Menga qara, yerning tagidan bo‘lsayam anavi Olim naynovni top. Ovozini o‘chirgin. Tilini tiyib yurmaydi, bu tentak! Shu yozibdi. Xo‘sh, qaerda? Qaerda ko‘rding, tuman markazidamikin? Ichayaptimi? Yaxshi. Bu ham soz! Bo‘pti, sen kelaver! Oromgohga kel! (Bir oz jim turib) – Bozordan o‘tgan kungi kabi meva-cheva olivol. Keyin, Rozaga ayt, haligilardan bitta yaxshisini jo‘natsin, yo‘q, o‘zing olib kel. To‘g‘ri ko‘l bo‘yiga olib kel, savdolashma, tez kel!

Shu mahal oldingi alfozda dovdirab-sovdirab Olim kirib keladi. U pildirab o‘tib ketadi va to‘x­tab, To‘raga qaraydi, so‘ng orqaga qaytadi. To‘raning ro‘parasiga kelib u ham o‘tiradi. To‘ra bu nusxaga g‘azab bilan qaraydi. O‘zini bosib, zo‘rg‘a chidab turadi. So‘ng miyig‘ida kulib ijirg‘anadi.

To‘ra: – Salom-palom ham bermaysiz, Olimboy. Arpangizni xom o‘rdikmi?
Olim: (Beparvo) – Salom!
To‘ra: – Vaalaykum assalom, Olimboy! Bu yerlarda nima qip yuribsiz? Sizni tuman markazida, deyishuvdi. Uchib keldingizmi, nima balo?
Olim: – O‘zim, shunchaki... (U portfelini ochib ichidan allaqanday qog‘oz olib o‘qiydi) – Mana, mana bu faktni qarang. (U qog‘ozni qo‘lida havolatib) – Tabiatda har bir zarra-qumning ham o‘z o‘rni bor. Tabiat muvozanatini buzishga hech kimning haqqi yo‘q...
To‘ra: (O‘rnidan turadi.) – Tabiatni kim buzaman, deyapti?
Olim: (Olim ham o‘rnidan turib, unga dadil termulib) – Siz! Siz buzayapsiz, Oltinbog‘ni vayron qilayapsiz! Mumkinmas, mumkinmas, bu! Bunga men yo‘l qo‘ymayman.
To‘ra: – Hoy, og‘zingga qarab gapir, qo‘tirmiya!
Olim: – Sizdan qo‘rmayman. Siz, manavi chegara ortidagi alyuminiy zavoddan chiqqan og‘u, vodorod ftoriga g‘ov bo‘lib turgan ulkan daraxtlarni kesib, beadoq bog‘ni tugatmoqchisiz. Shundog‘am alyumin zavodi azob berayotgan odamlarning ahvolini yanada og‘ir­­lashtirayapsiz. Men buni tinch qo‘ymayman. Ayollar bepusht, yosh qizlar bo‘qoq, o‘smirlar tishsiz, hatto og‘ildagi sigirlar nogiron buzoq tug‘ib, hayvonlarning og‘zi irib tushayotgan bir paytda siz, mana shu ajdarho yo‘lida imkon qadar g‘ov bo‘lib turgan, o‘rmonni kesib yo‘qotmoqchisiz! Siz qotillik qilishdan ham toymayapsiz.
To‘ra: (Darg‘azab) – Og‘zingga qarab gapir, it! O‘chir ovozingni, iflos!

U Olimni siltab endi musht tushiraman, deb turgan paytda sahnaga Beg‘am kirib keladi. U bo‘layotgan voqea tafsilotini yaxshi anglaydi. To‘ra tushirgan musht zarbi Olimni yiqitadi. Yerda yotgan Olimni Beg‘am ham tepkilaydi.

Beg‘am: (Hansirab) – Mana... Mana senga, enag‘ar (u tepa boshlaydi) – Tumanda ham hammaga gap qilib yuribdi. Hokimga kiraman deydi. Amallab bir shisha olib berib, yo‘lidan qaytardim.
To‘ra: (O‘shqirib) – Bas, to‘xta! Buning boshqa yo‘li bor. (U yerda ingrab yotgan Olimga qarab) – Buni hozir bir joyga jo‘nataman! (U cho‘ntagidan qo‘l telefon olib qo‘ng‘iroq qiladi) – Allo! Ha, menman. Sobir Nazarovich, kecha aytganimday bo‘ldi. Umuman, bu jinni haddidan oshdi. Bugun Oltinbog‘da, ko‘l bo‘yida menga yana tashlanib qoldi. Opketinglar. Yaxshilab davolang­lar. Endi uzoqroq yotsin. Hozir hokimni kutayapman. Xudo ko‘rsatmasin, u kishiga ham tashlanib qoladi bu. Jinnining joyi jinnixonada bo‘lishi kerak-da, axir! Biror xizmat bo‘lsa aytarsiz...

Olim kaltakning zo‘ridan o‘ziga kelolmay g‘ujanak bo‘lib yotibdi.

Beg‘am: (Uni yana bir tepib) – Hey, it, tirikmisan?
To‘ra: – Mashinada kim bor?
Beg‘am: (Iljayib) – Aytdingiz-ku, Roza yubordi, anavi! O‘tgan safargi.
To‘ra: (Olimga ishora qilib) – Bizni ko‘rmagani yaxshi bo‘ldi. Moshinda arqon bormi?
Beg‘am: – Bor.
To‘ra: – Yugur, opke! Manavini yaxshilab bog‘la. Jin­nixonadan kelishadi. So‘ng anavini narigi yo‘l orqali ko‘l bo‘yiga olib bor.

Beg‘am yugurib chiqib ketadi. To‘ra Olimning yerda yotgan o‘sha eski portfelini ochib, ichidan qog‘ozlarni olib ko‘ra boshlaydi. So‘ng ularni yirtib otadi. Bir pasda arqon ko‘tarib Beg‘am kiradi. Ular Olimning qo‘l-oyog‘ini bog‘lashadi.

To‘ra: (Yerda yotgan Olimga o‘qrayib) – Endi jo­yingni topasan.

Beg‘am xoxolab kuladi... To‘ra yerga tupurgan bo‘­ladi. Shu mahal jinnixonaga tegishli tez yordam mashinasi sirenasining vang‘illashi eshitiladi.
Sahna qorong‘ulashadi.

TO‘RTINCHI KO‘RINISH

To‘raning hovlisi. Tomlisupa. Yana o‘sha stol-stul. To‘raning ruhiy xastaliklar shifoxonasi rahbari bilan qo‘l telefon orqali Olim haqida gaplashayotganini anglaymiz.

To‘ra: (Hovlida u yoq-bu yoqqa asabiy holda yurib) – To‘g‘ri. Keyingi paytlar haddidan oshdi, almoyi-aljoyi gapirsa ham go‘rga edi, biroq odamga tashlanib qolishi-chi?! Yo‘q, yo‘q, bu jinni hecham xavfsiz emas, xavfli u. Odamlarning ongini ham zaharlayapti. Tunov kun tuman markazidagi bog‘da yana tabiat haqida (kinoyali kuladi), ha, tabiat haqida odamlarni yig‘ib ma’ruza o‘qiganmish. Ariqlarimizdagi suvni ichib bo‘lmaydi, qo‘l solsangiz, qo‘lingiz ham allambalo kasalga yo‘liqadi. Suv boshi – tog‘dan toza bo‘lib oqadi, tumanga oqib keladigan kattakon daryoning tepasida tumandagi kazo-kazolar dachalar, bog‘ hovlilar qurib olishgan, hamma ana shu bog‘ hovlidan chiqqan axlatu chiqindilarni daryoga tashlaydi. Dunyoning ayrim joylarida odamlar suvsizlikdan o‘layapti, kasallik urchigan, qurg‘oqchilik, biz esa tumanga oqib kirayotgan katta daryoni bulg‘ab, harom qildik, suvini ichib bo‘lmaydi, deb jar solibdi. Dunyoning tashvishi senga qoldimi, deydigan odam yo‘q. Tumandan oqib o‘tgan daryoga cho‘mich solib suv olibdi. Odamlarga ichinglar, deb cho‘michni tutibdi, men sizga suv emas zahar tutayapman, bu suv edi, o‘zimiz zahar qildik, deb ayuhannos solibdi. So‘ng, qo‘lidagi bir cho‘mich suvni ko‘tarib ko‘chama-ko‘cha sang‘ib, odamlar, o‘zingizni zaharlamang, suvning qarg‘ishi bor, suv ham ko‘r qiladi, deb qichqiribdi, devonalik qilibdi. Bilmayman, organ qaerga qaraydi? Xo‘sh, demak, kelishdik, Sobir Nazarovich! Yoningizga Beg‘amni yuboraman. Yana xizmatlar bo‘lsa aytarsiz..

Ichkari uydan Lola chiqadi. U ishga ketayapti.

Lola: – Mayli, dadajon! Yaxshi o‘tiring. Men ishga ketayapman. Keyin, Go‘zal opamning ham yoniga o‘taman.
To‘ra: (Biroz bezovta) – Yaxshimikin?
Lola: – Yaxshilar. Ancha tuzuk. Baraka topsin. Bosh shifokorimiz Toshkentdan mutaxassis chaqirdilar. (Dadasiga sirli qarab) – Dadajon, dori-darmon, bosh­qa xarajatlar bo‘lsa, sizni yordamlashadi, dedim. Zo‘r mutaxassis ekan. Yo‘l haqqi, mehmondorchilik masalasida sizga ishondik, dada.
To‘ra: (Ikkilanib, noiloj ) – Mayli, qizim, mayli. Kelaversin-chi?
Lola: (Mehri iyib dadasini quchadi) – Biznikiga kelaqolsin. Ayol kishi ekan. Professor.
To‘ra: (Mag‘rurlanib, qizining peshonasidan o‘pib) – Mayli. Boraqol, qizim.

Lola chiqib ketadi. To‘ra uning ortidan o‘ychan tikilib qoladi. Shu mahal hovli eshigi taraqlab, hov­liga shosha-pisha Beg‘am yugurgilab kirib keladi. Han­siraydi. Bezovta.

To‘ra: (Alanglab) – Nega ko‘pkaridan qaytgan otday kishnaysan?
Beg‘am: (Unga hadik aralash qarab) – Ketmabdi.
To‘ra: – Kim ketmabdi? Nima ketmabdi?
Beg‘am: (Qo‘li bilan ishora qilib) – Anavi?
To‘ra: – Tushuntirib gapir. Kim u anavi?
Beg‘am: – Muxbir...
To‘ra: (Bir seskanib) – Nega ketmaydi. Kecha vokzalga olib chiquvding-ku, yaramas. O‘zing ketdi, deding-ku.
Beg‘am: – Mana shu ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Bilet oldi. Poezdga ham chiqdi. Poezd ketguncha qaradim. Derazadan qo‘l ham silkidi, yaramas.
To‘ra: (G‘azablanib) – Unday bo‘lsa nega ketmadi, deyapsan.
Beg‘am: (Dovdirab) – Ko‘rdim. Bugun ko‘rdim. Kadastirdan chiqayotsam, Rahimni ergashtirib hokimiyatga kirib ketdi.
To‘ra: (Tishini g‘ijirlatib, zaharxanda kulib) – Ko‘nglim sezuvdi. Padarla’nat ichmaganidan ham shub­ha qiluvdim-a? Demak, bu biz o‘ylagan odam emas. Ancha quv, zuvalasi pishiq ekan. Mayli, mayli... ko‘­ramiz. Menga qara (Beg‘amga bir zum tikilib qoladi) – haligini oldi-ku, to‘g‘rimi?
Beg‘am: – Nimani? (Esankirab qaraydi) – Nimani, oladi?
To‘ra: (O‘shqirib) – O‘z qo‘lim bilan cho‘ntagiga solib qo‘ydim-ku, konvertni... Bunga nima deysan?!
Beg‘am: (Yerga xijolatli qarab) – Shu... vokzalda xayrlashish oldidan... ozgina o‘tirdik, u yerda ham ichmadi kasofat! Menga ichiribdi. So‘ng, To‘ra akamga berib qo‘yarsiz, o‘zlari biladi, deb qog‘ozga o‘rog‘liq narsani cho‘ntagimga solib qo‘ydi... (U yon cho‘ntagidan qog‘ozga o‘rog‘lik narsani uzatadi.)
To‘ra: (Shosha-pisha qog‘ozni ochadi. Ichida konvert. To‘ra gezarib, titrab-qaqshaydi. Beg‘amga o‘shqiradi) – Yaramas! Tentak! Hammasini pachava qipsan! Demak, u olmabdi. Ko‘kidan ikki ming bor edi. Shuni olib jimib ketadi, deb o‘ylovdim.
Beg‘am: (Unga dalda berganday bo‘lib) – Ha, endi, boshqa yo‘lini topamiz. Bu mishiqining ishxonasida bundan kattarog‘i bor... Balki...
To‘ra: (Ijirg‘anib) – Hay, menga qara, xumkalla, shu narsa esingdan chiqmasin. Kattasi, xo‘jayini olmagan idoraning mayda-chuydalari, kichiklari ham olmaydi. Qaysi idoraning mayda-chuydalari olsa, bilginki, o‘sha idoraning kattasi ham oladi. Shunday ekan, bu boladan ehtiyot bo‘l! Tushundingmi?
Beg‘am: (Dovdirab) – Tush... tushundim.
To‘ra: (Unga o‘ychan qarab) – Menga qara, anavi muxbir bola Rahimni ergashtirib yuribdi, dedingmi? Hokimga kirishmoqchi demak. Demak, qarorni bilishgan. U muxbir bekorga Rahimni yetaklamayapti. O‘sha qarordan xabar topsa, Rahimning ham paytavasiga qurt tushadi.
Beg‘am: – Ha, endi xo‘jayin, viloyatda manaman, degan odamlarning birisiz. Bu mayda-chuydalar sizning oldingizda xasday uchib ketadi.
To‘ra: – Lekin, sen o‘sha xasdan ham battarsan, xasdan ham yengilsan. Eshit, senga topshiriq! O‘sha muxbir bola kecha qaerga joylashgan, qaerda tunagan, aniqla!
Beg‘am: – Aniqladim.
To‘ra: – Ana, senga ham aql bitibdi-da-a! Xo‘sh?
Beg‘am: – Narigi tumanda, mehmonxonada joylashibdi. O‘zim borib, bilib keldim.
To‘ra: – Chindan ham o‘tkir bola ekan. Niyati qat’iy shekilli.
Beg‘am: – Endi nima qilamiz?
To‘ra: – Nima qilishdan Xudo saqlasin. Jiddiy chora ko‘ramiz. Bu dunyoda usul ko‘p. Faqat o‘ta eh­tiyotkorlik lozim. (Beg‘amni qo‘li bilan yoniga ishora qilib chorlaydi-da, qulog‘iga nimadir, deb shipshiydi. Beg‘am cho‘chib, seskanib qo‘yadi. To‘ra shunday ma’nosida bosh irg‘aydi) – Ha, shunday, shunday qilamiz.
Beg‘am: – Demak...
To‘ra: – Ha. Qo‘shni tumanga bor, Timsohni top, hammasini tushuntir, imi-jimida bajarsin!
Beg‘am: – Xo‘p bo‘ladi. Faqat...
To‘ra: – Yana nima gaping bor?
Beg‘am: – Rahim-chi? Rahim nima bo‘ladi?
To‘ra: – Rahimni menga qo‘yib ber! O‘tgan oydagi videotasvirlar, haligilar bilan bo‘lgan maishat, esingdami? Ko‘l bo‘yida olgan tasvirlaring-chi, o‘shalar Rahimga yetib ortadi.

Beg‘am chiqib ketadi. Tomli supa yonidagi stolda turgan uy telefoni jiringlaydi. To‘ra borib telefon go‘shagini ko‘taradi.
Lola: (Quvnoq) – Assalomu alaykum, dadajon! Qo‘l telefoningiz o‘chirilgan, deb javob berdi. (To‘ra cho‘ntagidan qo‘l telefonini olib, ajabsinib qaraydi).
To‘ra: – Salom, ona qizim! Ha-ya, qo‘l telefonimni o‘chirib qo‘yibman. Hadeb jiringlayverib jonga tegdi. Tinchlikmi, qizim?
Lola: (Shodiyona ohangda) – Dadajon, Go‘zal opamning ahvoli yaxshi. Shahardan do‘xtir chaqirmaydigan bo‘ldik. Bosh vrachimiz ham xursand.
To‘ra: (Noxush holatga tushganini sezdirmay) – Yax­shi-da, qizim.
Lola: – Dadajon, sizdan bitta iltimos! Erta­ga bitta nogironlar aravachasi olib bersangiz . Xo‘pmi? Go‘zal opamni tashqariga chiqardik. Qiynalib bo‘lsayam gapirayaptilar.
To‘ra: (Noiloj) – Xo‘p. Xo‘p. Sen nima desang, shu, ona qizim!
Lola: (Xursand va quvnoq) – Rahmat, dadajon!

To‘ra hardamxayol bo‘lib go‘shakni qo‘yib qo‘yadi. Qo‘l telefonidan raqam teradi.

To‘ra: (Qo‘l telefon orqali) – Qaerdasan! Yaxshi! Xo‘p! Xo‘sh, yana bir ishning ishkali chiqdi. Eshit! Anavi jinnining sherigi tuzalib qolibdi-ku... Kim bo‘lardi, katta xolang! Go‘zalni aytayapman! Bilmadim, boshim qotib qoldi. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin, Rahimni yerning tagidan bo‘lsayam topib ko‘l bo‘yiga olib bor. Qancha tez bo‘lsa shuncha yaxshi! Uqdingmi? Muxbir bola qaerda ekan? A-a? Viloyatga ketibdimi? Hozircha uni esingdan chiqar. Tushundingmi? Rahimni telefon or­qali qidirma, ehtiyot bo‘l! O‘zi bilan ko‘rishib gaplash. Bilmayman, top.

To‘ra qo‘l telefonni o‘chirib, stol atrofidagi o‘rin­diqqa o‘tiradi. Bir nuqtaga tikilib og‘ir uf tortadi.
Sahna qorong‘ulashadi.

BESHINCHI KO‘RINISH

Tog‘ bag‘ridagi o‘sha oromgoh. Shom arafasi. Sho­hona bezatilgan dasturxon. Beg‘am bilan Rahim stol chetiga tirkalgan kursilarda o‘tirishibdi. Ularning hech biri churq etmaydi. Mashina kelib to‘xtaydi. Ra­him o‘rnidan turib ketib, mashina to‘xtagan tomonga qaraydi. To‘ra kirib keladi. Egnida sport kiyimi. Beg‘am ham o‘rnidan turadi.

Rahim: (Qaltirab-saltirab) – Assalomu alaykum, To‘ra aka! Yax-yaxshimisiz?
To‘ra: (Qahr bilan) – O‘zing qalaysan! (To‘ra borib kursiga o‘tiradi. Ular ham o‘tirishadi... To‘ra Beg‘amga ma’noli qaraydi) – Qaerlarda yurgan ekan?
Beg‘am: (Qoshini chimirib) – O‘zi aytadi...
To‘ra: (O‘smoqchilab) – Xo‘sh, Rahimboy, bunday bo‘l­mabdi-da. Allaqaysi chuldurvoqining ortidan ergashib, idorama-idora so‘ltanglab yuribsanmi?

Beg‘am pixillab kuladi.

Rahim: (Yerga qaraydi... So‘ng bosh ko‘tarib To‘­ra­ning ko‘ziga tikiladi) – Sizlar meni aldabsizlar... Nomimdan ariza berib hokimga kiritibsiz. Men bu shartingizga rozi emasman. Sizlarning aytganingizni qilsam butun boshli oromgoh yo‘q bo‘lib ketarkan... Fermer xo‘jaligidan ham ayrilaman. Tog‘ yonidagi yuz-yuzlab archalar yo‘q bo‘ladi, chinorlar ketadi, bog‘ buzilib o‘rnida kafe-bar qurasizlar, shundaymi?

Shu mahal ulkan chinor panasiga Tolibning kelib yashiringanini ko‘ramiz. Uchovlon buni sezmaydi. Muxbir ularning orasida bo‘lib o‘tayotgan gap so‘zlarni kichik kameraga yozib olayotganini ko‘ramiz.

To‘ra: – Demak, senga zabon va bosh bitibdi. Ha­ligi muxbircha saboq berib ulguribdi.
Beg‘am: – Xo‘jayin, bunday lattalarni haligi­larning boshiga o‘rasangiz ham kamlik qiladi. Og‘machi, o‘yinchoq-ku bu.
Rahim: (Ikki qo‘lini musht qilib) – Sizlar meni aldadingiz...
To‘ra: (Unga chaqchayib qaraydi) – Hokimga kirdilaringmi? Ayt, (O‘shqiradi) – kirdilaringmi? (Ra­him­ning yoniga borib g‘azab bilan uning yoqasidan tutadi) – Ayt, yaramas, hokimga kirdilaringmi?
Rahim: (Uning changalidan chiqib, bo‘g‘ilib) – Yo‘q, hokim viloyatga yig‘inga ketgan ekan.
To‘ra: (Shashtidan tushib) – Rostini ayt.
Rahim: – Rost. Yordamchi ertaga kelinglar, dedi.
To‘ra: – Muxbirchang qayoqqa ketdi.
Rahim: (Yerga qarab) – Viloyatga.
To‘ra: – Viloyatda pishirib qo‘yibdimi, unga..
Rahim: – Bilmadim, adliya boshqarmasida ham ishi bor ekan.
To‘ra: – Qachon keladi?
Rahim: – Ertalab hokimiyat binosi eshigi yonida uchrashamiz.

To‘ra Beg‘amga sirli qaraydi. Bosh irg‘agan bo‘­ladi. Beg‘am stol tagidan noutbuk olib stol ustiga qo‘yadi. Noutbuk qopqog‘ini ochadi. Tolib esa bularga sezdirmasdan harsang panasida yotib olib kichik kamera bilan bo‘layotgan gap-so‘z, voqea-hodisani yozib olmoqda.

To‘ra: (Rahimga) – Sen menga anovi ko‘lni, fermer xo‘jaligingni, oromgoh atrofini, bog‘ni, tog‘ yonidagi senga tegishli archazorni berasan... Hokim nomiga o‘z xohishing bilan o‘sha yerlarni topshirishing haqida hozir ariza yozasan. Qolganini menga qo‘yib ber.
Rahim: (Ayanchli) – Nega?! Yozmayman!
To‘ra: (Ijirg‘anib) – Endi arizang haqiqiy bo‘ladi. Anovi tozi kuchuk bilan soxta arizani is bilibsanlar. Xuddi o‘sha oy, o‘sha chislo bilan ariza yoz! (U Beg‘amga qarab bosh irg‘aydi... Beg‘am stol ustidagi sumkadan oq qog‘oz va qalam olib Rahimning oldiga qo‘yadi)
Rahim: – Yo‘q, yo‘q. Men ariza yozmayman.
To‘ra: (Zaharxanda kulib) – Mayli, yozma. Lekin xonavayron bo‘lib, elda yuriqsiz, yurtda turiqsiz qilib qo‘yaman, kirgani go‘r topolmay qolasan... Bu yerlarda bosh ko‘tarolmaydigan bo‘lib qolasan. Toshkentda o‘qiyotgan qizing va o‘g‘ling, ota-onang, oilangni ham o‘zing bilan qo‘shib go‘rga tiqasan, sen yaramas.
Rahim: (Endi jonlanib o‘rnidan turib ketadi) – Men nima yomonlik qildim? Zo‘ravonlikmi bu? Qonun bor, adolat bor!
Beg‘am: (Unga o‘dag‘aylaydi) – Sen bizga qonunni ro‘kach qilma. O‘zingni o‘yla.
To‘ra: (Zavqlanib) – Qani tabiat qo‘riqchisiga, ano­vi kinoni qo‘yib ber. Bir tomosha qilsin-chi, bu dakang xo‘roz!

Beg‘am zaharli va qahrli tusda noutbuk tugma­larini bosadi. Noutbukda namoyish etilayotgan man­za­ra-voqeaning boshlanishidayoq Rahimning har xil qo­chirig‘u qiyqiriqlari, satang qizlarning xoxolab kulishi, eshitiladi.
Rahim qo‘llari bilan yuzini to‘sib oladi. Beg‘am noutbuk ichiga kirib ketguday bo‘lib tamshanib, ko‘zlari yonib termulib turibdi. To‘ra kinoyali jilmayib, Ra­himdan ko‘z uzmaydi.

Rahim: – O‘chi-i-irr!
To‘ra: – Yetadi. (Beg‘am noutbukni o‘chiradi)

Rahim yerga o‘tirib qoladi. To‘ra bilan Beg‘am unga g‘olibona termulib turishibdi. Rahim zil-zambil boshini yerdan bazo‘r ko‘taradi.

Beg‘am: (Kinoyali) – Yana qo‘yaymi? Ko‘rasanmi?
Rahim: (Ihrab) – Bas... bas... (U ilkis tizzalagan ko‘yi To‘raga iltijoli boqadi) – Men roziman, hammasiga roziman! Faqat...
To‘ra: (Stoldagi bo‘sh qadahlarga ichimlik quyib birini Beg‘amga uzatadi, birini o‘zi oladi) – Qo‘rqma, men so‘zimda turaman! Qani oldik. (To‘ra g‘olibona qadah sipqoradi. Rahimning titragan qo‘llaridan qadah yerga tushib ketadi.) – Xohlasam, ertagayoq butun xalq sening sharmisorligingdan voqif bo‘ladi. (U noutbuk oldiga keladi. Qo‘lini noutbuk ekraniga yaqinlashtiradi). – Noutbuk tugmachalarini bosib internetga jo‘natib, Sening bu sharmandaligingni olamga yoyishim mumkin. Xohlasam... (U cho‘ntagidan fleshka oladi) – Manavi uchun bor mol-mulking, uy-joying tugul, boshqa narsangni ham berishga majbur bo‘lasan. Axir men sendan ko‘p narsa so‘ramayapman-ku... Sen tentak qonundan kelasan, adolatdan kelasan! Tanla, yo mening aytganim bo‘ladi, yo sen o‘sha muxbirvachchaga qo‘shilib qonunbozlik qil!
Beg‘am: (Iljayib) – O‘l bu kuningdan. Oromgoh direktori bo‘la turib, oromgoh yonidagi ko‘l bo‘yida (boshini sirli irg‘ab) – haligilar bilan-a, maishat...
To‘ra: (Esi og‘ib turgan Rahimga kesatadi) – Qani, bolaparvar, bolalar oromgohi jonkuyari, tabiatimiz himoyachisi, ona tabiat shaydosi, nima deysan?
Rahim: (Uning yoniga tizzalab kela boshlaydi) – Roziman.
To‘ra: – Tur o‘rningdan. Stulga o‘tir, yoz. Hokim nomiga ariza yoz. Xo‘jalikni to‘lig‘icha topshirishing haqida yoz.
Rahim: (O‘rnidan turib, og‘rinib) – Men senlarga ishonuvdim... Bunday... bunday qilishlaringni bilmovdim. (Tishlarini g‘ijirlatib zor-qaqshab gapiradi) – Nomardlar.
Beg‘am: (Tantanavor) – Lekin manavi tasvirda biz emas, sen bor...

Rahim stulga o‘tirib, oq qog‘ozga To‘raning xohish-istagi bo‘lgan o‘sha arizani yozadi. So‘ng o‘rnidan turadi. To‘ra bilan Beg‘am unga g‘olibona qarab sahnadan chiqib ketishadi. Rahim yelkalari titrab yig‘lay boshlaydi. Harsang tosh ortidagi Tolib muxbir ham bildirmay sahnani tark etadi.

Sahna qorong‘ulashadi.

UCHINCHI SAHNA

OLTINCHI KO‘RINISH

Shifoxona. Orasta va sarishta, yorug‘-shinam palata. Lola to‘shakda yotgan Go‘zalning karovati yonidagi kursida o‘tiribdi. Karavoti yonidagi tumba ustida meva-cheva solingan idish. Lola mevalardan birini olib mehribonlik bilan Go‘zalga uzatadi.

Lola: (Xushhol) – Opa, opajon, oling, sizga quvvat bo‘ladi... Xudoga shukr, ancha yaxshisiz. (Uning boshini silaydi) – Hammasi ortda qoldi. Dadam aravacha jo‘natdilar. Ertaga o‘zim hovliga olib chiqib aylantiraman.
Go‘zal: (Yotgan ko‘yi... tutila-tutila) – Rah-m-m-a-a-t! (U qiynalib gapiradi).
Lola: (Mehr bilan) – Opajonim-ey! Xudo xohlasa, tuzalib ketasiz. Bosh vrach, ahvoli ancha yaxshi, xavotir olmanglar, dedilar.
Go‘zal: (Qiynalib) – Rahm-a-at. T-t-toog‘...toqqa bo-ra-man.
Lola: – Opajon, shu yerdayam o‘sha tog‘, orom­go­hin­gizni o‘ylaysiz. Albatta, olib boraman... Albatta, borasiz. Oromgoh qochib ketmaydi.
Go‘zal: (Mungli, qiynalib nimadir demoqchi bo‘­ladi. Ko‘zida yosh g‘iltillaydi) – L..lola... Lo-la... D-da-dang...
Lola: (Uning gapini boshqacha tushunib) – Dadamga aytaman! Sizga Go‘zal opam rahmat aytdilar, deyman. Dadam nimaiki zarurat bo‘lsa sizdan ayamaydilar. Sizni hurmat qiladilar. Axir mening ustozimsiz-ku...
Go‘zal: – R-rah-m-a-at.
Lola: – Aytaman, dadamga aytaman, Sizga rahmat aytdilar, deyman...

Go‘zal yuzini devor tomonga burib, ko‘zini yumadi. Shu mahal shifoxona taomiliga ko‘ra egniga oq xalat tashlab olgan Tolib kirib keladi. U bemor yonidagi Lolani ko‘rib xuddi sehrlanganday unga qarab qoladi. Lola ham beixtiyor o‘rnidan turib ketadi. Ular hayratlangan alfozda bir-biriga termulib qolishadi. Jimlik. Sukunat. Ular bir-biriga qarab turishibdi. Kishi qalbida sevgi tuyg‘ularini alanga oldirib, nigohlarda ajib sehr uyg‘otguvchi bir musiqa. Tolib beixtiyor Lola tomon yurib, yana to‘xtaydi.
Tolib: – Siz bu yerda...
Lola: – O‘zingiz-chi, o‘zingiz bu yerda nima qi­layap­siz?
Tolib: – Men shunchaki. (So‘ng yana hayrat bilan to‘shakda yotgan ko‘yi bularni kuzatayotgan Go‘zalga ishora qilib) – Oyingizmilar?
Lola: – Ha... yo‘q... Opam, ustozim... Men shu yerda ishlayman.
Tolib: (Endi kulimsirab) – Tasodifni qarang.
Lola: (U ham jilmayib) – Kutmovdim. Axir oyning oxirida kelaman degandingiz...
Tolib: (Yelka qisib) – Ha, endi. Ochig‘i, sizni bu yerda...
Lola: (To‘shakda bularga ajabsinib qarayotgan Go‘­zalga) – Opajon, bu yigit jurnalist. Biz tanishmiz. Men institutda o‘qib yurganimda Universiadada g‘olib bo‘lganimda “Turkiston” gazetasiga meni maqtab juda katta maqola yozgan. Gazetada suratim ham chiquvdi.
Go‘zal: – Yax-yax-yaxshi...
Lola: (Quvnab) – Ha, chindan ham yaxshi yigit. Ke­yin biz Tolib bilan yaqin do‘st bo‘lib ketdik. (Tolibga ginali qarab) – Kelarkansiz, nega telefon qilib qo‘ymadingiz?..
Tolib: (Bir Go‘zalga, bir Lolaga qarab o‘ychan, sir boy bermay...) – Ha, endi. Sizni bir hayratda qol­di­ray, dedim-da...
Lola: (Zavqlanib) – Chindan ham hayratda qoldim. Qoyil. Topib oldingiz... (So‘ng Tolibga) – Hozir, opamga bir gapim bor, tashqarida kutib turing, chiqaman...

Go‘zal Tolibga qaraydi-da, o‘rnidan qo‘zg‘almoqqa uringanday bo‘ladi. Lola uning kuragiga yostiq qo‘yib, nimqiya qilib o‘tirg‘izadi. Go‘zal Tolibga javdirab qaraydi.

Go‘zal: – Siz... Si-iz. J-jurnalist...
Tolib: (Bosh irg‘ab, ko‘z qisib qo‘yadi) – Jurnalistman. (So‘ng Lolaga sirli qaraydi... Hech narsadan bexabar Lola kulimsiraydi).
Go‘zal: – R...r-rahmat!
Tolib: – Hammasi yaxshi bo‘ladi, opajon, xavotir olmang. Sog‘ayib keting... Men sizni ko‘rgani, (so‘ng Lolaga bir qarab) biz sizni ko‘rgani kelamiz... (Tolib opaga sirli bosh chayqab palatadan chiqib ketadi).
Lola: (Go‘zal hayajonda xushhol qarab) – Opajon, sizni toliqtirib qo‘ymadikmi?

Go‘zal unga mehr bilan termuladi. Lola kursi olib, Go‘zalning yoniga kelib o‘tiradi, eshikka qarab qo‘yadi.

Lola: – Opajon, yaxshi yigit u. Tolib bilan judayam yaqinmiz. U Toshkentda ishda qoldi. Men institutni tugatib, ota-onamning yoniga ishga keldim. O‘qishni bitirmaguncha erga tegmayman, dedim. Dadam bilan oyim rayimni qaytarishmadi. Mana bir yildirki, hamma sovchilarga rad javobini berayapman. Oxiri oyimga aytdim, dadamga tushuntiring, dedim, Tolib bilan men bir-birimizni yaxshi ko‘rishimizni aytdim. Dadam o‘sha yigitni men bir ko‘rishim kerak, dedilar... Tolibga qo‘ng‘iroq qildim. Shu oyning oxirida ta’tilga chiqaman, albatta boraman, o‘zingiz yashagan joylarni, tog‘larni menga tomosha qildirasiz, dedi. Xursand bo‘lib oyimga aytdim, dadang gaplashib ko‘rsinlar, dedilar. (Kuladi) – Bor gap shu, opajon! (Yana kuladi) – Sabri chidamabdi. Hafta o‘tmasi keldi. Ha-ya, aytmoqchi, Tolib bilan har kuni qo‘ng‘iroqlashamiz. Uch kundirki, telefoni jim, o‘chgan. Xavotirga tushib yuruvdim. Demak, kelishini aytib qo‘ymaslik uchun ham shunday qilgan... (Lola yana jilmayadi. Go‘zal allanechuk xavotir bilan unga termuladi).
Lola: (Erkalanib, engashib Go‘zalni o‘padi) – Ha, kutib qoldi. Men kechroq yana kiraman, siz bir oz dam oling, opajon (Qiz chopqillab chiqib ketadi).
Sahna aylanadi.

YETTINCHI KO‘RINISH

Shifoxona hovlisi. Suyanma o‘rindiqda bir-bi­riga xiyol burilib Tolib bilan Lola o‘tiribdi.
Ularning yuz-ko‘zida mehr-muhabbat, sevgi-samimiyat ifodasi.

Tolib: (Qiz qo‘llarini kaftiga olib) – Lola, Lola! (uning yuziga qaraydi) – Lola, uf-f, nima desam ekan, yanayam chiroyli bo‘lib, gul-gul ochilib ketibsiz.
Lola: – Ayniqsa, bugun.
Tolib: – Yo‘q, siz hamisha shundaysiz, sog‘ingandim.
Lola: – Siz, siz ancha jiddiy tortganga o‘xshaysiz. Anchadan beri ko‘rishmaganimizga shunday tuyulayaptimi, yo...
Tolib: (Lolaning sochlarini silaydi) – Lola, bu dunyoda siz borligingiz uchun ham hayot menga ma’noli, zavqli tuyuladi... Hayotimni sizsiz tasavvur etolmayman...
Lola: (Kulimsirab, uning qo‘llarini kaftiga olib) – Shoirlik qilayapsiz-a... Men gapingizga baribir ishonmayman.
Tolib: (Unga jiddiy qarab) – Men esa sizga ishonaman.

Lola yerga qarab jimib qoladi. Tolib unga xavotirlanib qaraydi.

Lola: (Yerdan ko‘z uzib, Tolibga tikiladi. So‘ng ohista ovozda so‘zlaydi) – Axir men ham sizga ishonmaganimda sizni bunchalar zoriqib kutmagan bo‘lardim.
Tolib: (Lolani bag‘riga bosadi. Lola engashib beixtiyor uning ko‘ksiga bosh qo‘yadi) – Lola, ota-onangiz nima deyisharkin?
Lola: (Jiddiy) – Ular ham menga ishonishadi. Mening baxtimni o‘ylashadi. Dadam siz bilan gap­lashib ko‘rsinlar... U kishining akam bilan mendan bosh­qa suyanchi yo‘q. Bizning kelajagimiz uchun hamma narsaga tayyor turadilar. Ko‘nglimizga qarshi bormaydilar. Sizga bu gapni telefonda ham aytuvdim-ku...
Tolib: (Lolani erkalab, yuzlarini silab) – Baribir hadiksirayapman. Yuragim urib ketayapti.
Lola: (Kulib) – A-a! Qani, eshitib ko‘raylik-chi?! (Tolibning ko‘ksiga bosh qo‘yib, go‘yoki uning yurak urishini eshitganday bo‘ladi) – Chakkimas... Yaxshi (So‘ng yana kuladi).
Tolib: (U ham kuladi) – Xo‘sh, yuragim nima deyapti?
Lola: – Aytmayman.
Tolib: – Ayting.
Lola: – Keyin...
Tolib: – Unda o‘zim aytaman. Bu yigit sizni jondan ham ortiq yaxshi ko‘radi, deyapti.
Lola: – To‘g‘ri, lekin to‘rt kundan beri qo‘ng‘iroq qilsam-da, telefonimga javob bermay qo‘yganingizni aytmayapti (go‘yoki o‘pkalagan, ya’ni xafa bo‘lgan ko‘yi qovoq uyib erkalanadi).
Tolib: – Lola, Lolagulim, vaziyat shunday bo‘p qoldi.

Tolib yerga qarab, jimib qoladi. Nimanidir o‘ylaydi. Ular o‘rnidan turishadi. Shu mahal Tolibning qo‘l telefoni jiringlab qoladi. Lola Tolibga ilkis nigoh soladi. Tolib Lolaga hadikli nazar tashlab qo‘l telefoniga qaraydi. Nimadandir tahlikaga tushgan kabi qo‘ng‘iroqqa javob beradi.

Tolib: – Allo. Assalomu alaykum Farhod aka! Yaxshi. Hammasi joyida. Yo‘q-yo‘q. Iloji bo‘lsa bugun. Kechiktirmay efirga uzatishimiz kerak. Vaziyat qaltis. (U Lolaga bir qarab qo‘yadi. Lola buni anglab, beriroqqa yuradi. Tolib ham sahna cheti tomon yurib gapida davom etadi) – Yo‘q. Iloji bo‘lsa bugun. Hamma hujjatlarni berdim. Kechiktirmasligimiz kerak. Shundagina Oltinbog‘ni asrab qolamiz! Qanchalab odamlar sog‘lig‘ini, butun tuman ahli kelajagini asrab qolamiz! Oltinbog‘ vohaning o‘pkasi. Bu yerda juda katta bolalar oromgohi ham bor, axir. Agar ertadan kech qolsak, bu ishning tepasida turganlar Oltinbog‘ni o‘zining tor manfaati yo‘lida yakson qilib tashlaydilar. Aka, tushuning, men buni to‘liq o‘rgandim. Xo‘p, xo‘p. Sizni tushunayapman. Men buni o‘z bo‘ynimga olaman, o‘zim javob beraman!

Tolib og‘ir uf tortadi. Yuziga xotirjamlik ifodasi qalqiydi. Sahnaning narigi chetida turgan Lola unga qarab yuradi. Tolib o‘zini beparvo tutishga urinib Lolaning chehrasiga sirli zehn soladi.

Lola: – Tinchlikmi?
Tolib: (Xotirjam) – Shunchaki. Ishxonadan qo‘n­g‘iroq qilishdi.
Lola: – Ha, mayli. Yaxshilik bo‘lsa bo‘ldi, ishqi­lib.
Tolib: (Uning qo‘lini tutib, ko‘ksiga bosib) – Lola, Men... men (kalovlanib turadi) – Men, hozir Oltinboqqa borolmayman... Tushuning, iltimos. Ishxonadan bir topshiriq tushdi, shuni hal qilishim kerak. Hozir viloyatga borishim kerak... (Uning qo‘llarini o‘pib) – Lola, ertaga ertalab shu yerda uchrashamiz. Ke­yin nima desangiz, shu, sizning ixtiyoringizda bo‘­laman... Xo‘pmi, jonim...
Ular bir-biriga mehr-muhabbat bilan termulib turishadi.

SAKKIZINCHI KO‘RINISH

To‘raning hovlisi. Avvalgi manzara. Tomsupa yonidagi stol atrofida tik turgan holatda To‘ra bilan Beg‘am nima haqdadir gaplashmoqda. Ularning ikkovi ham besaranjom. Nimadandir xavotirda. Beg‘am egniga osib olgan sumkani olib To‘raga beradi.

Beg‘am: (Atrofga olazarak boqib osma sumkani To‘raga uzatadi) – Mana, Timsohning yigitlari berib yuborishibdi.
To‘ra: (Ortga bir siltanib, seskanganday bo‘ladi-da, sumkani qo‘liga olib ichini ochadi. Sumka ichiga qo‘l tiqib allaqanday qog‘ozlarni oladi) – Hech kim hid bilmadimi? Shamoli chiqmaydimi, bu ishning. (Unga xa­votir bilan qaraydi.)
Beg‘am: – Yo‘q. Isiyam, shamoliyam chiqmaydi. Xavotir olmang.
To‘ra: (Sumkaga yana o‘sha qog‘ozlarni joylab, Be­g‘amga uzatadi.) – Ma, yo‘qot buni. Yoqib yubor.
Beg‘am: – Xo‘jayin, hech narsadan xavotirlanmang. Qutildik. Timsoh ishini bilib qiladi.
To‘ra: – Demak (u yoq – bu yoqqa qaraydi) – bunisidan ham qutildik.
Beg‘am: – Shunday, xo‘jayin, shunday. U ham asfalasofilingga ketdi.
To‘ra: – Endi yigitlarga ayt, Oltinboqqa chiqish­sin. Birdan texnikalarni ham chiqarishsin. Bugundan ish boshlanglar. Qurilish firmasiga ayt, zarur qurilish ashyolarini ham o‘sha yoqqa tashisin!
Beg‘am: – Ular bizdan shu ishorani kutib turishuvdi.
To‘ra: (Mag‘rur) – Mana endi vaqti-soati yet­di. En­di bemalol ish boshlayveramiz. Men bilan o‘y­nashganlarni yo‘limdan baribir supurib tashlayman! Men u bolaga to‘g‘anoq bo‘lma, deb ogoh­lantirgandim. O‘z boshini o‘zi yeb ketdi.

Shu mahal ichkari uydan Lola chiqib keladi. U nimanidir gaplashib turgan To‘ra hamda Beg‘amga qaraydi. Ular jim bo‘lishadi. To‘ra qizini kuzatadi. Uning kayfiyati tushkun.

To‘ra: (Beparvolik bilan) – Ha, ona qizim, tinchlikmi?
Lola: – O‘zim, shunchaki.
To‘ra: – Nega kayfiyating yo‘q?
Lola: (Mungli) – Dada, u kelishi kerak edi.
To‘ra: – Kim kelishi kerak edi? (So‘ng nimadir esi­ga tushganday) – Ha-a, haligi mehmon bolami? (Qi­ziga jiddiy nazar solib.) – Ish-pishi chiqqandir.
Lola: (Dadasi yonida ochiq so‘zlashdan tiyilib) – Kim bilsin...
To‘ra: (Mavzuni boshqa tomonga burib) – Menga qara, ona qizim osh damlasang-chi. Bir mazza qilaylik. Mayli, (Beg‘amga qarata) – sen ham shoshma, Beg‘am! Lolaning qo‘lidan osh yeb ketasan.
Beg‘am: (Til uchida) – Qanday bo‘larkan? Men ish bilan shug‘ullansam devdim...
To‘ra: (Keskin) – Qo‘y. Erta tongdan ish boshlaymiz, Xudo xohlasa!

Ichkari uyda Lolaning qo‘l telefoni jiringlaydi. Lolaning ovozi keladi.

Lola: – Allo. Eshitaman... Eshitaman. Sizga kim kerak? Qaerdan... Ichki ishlar bo‘limidan, deysizmi?

To‘ra bilan Beg‘am jimib qolishadi. Ichkaridagi ovozga quloqni ding qilishadi. Lola ham jim qoladi. Lahza o‘tib-o‘tmay ichkarida nimadir taraqlaydi. Lola ichkari uydan yugurib chiqadi. Qo‘l telefon qulog‘ida.

Lola: (Sarosimada, hardamxayol holatda) – Kim? Qachon? Nega!!! (U chinqirib yuboradi. Qo‘lidan telefoni tushib ketadi. Nima hol ro‘y berganini anglab-ang­lamasdan turgan To‘ra va Beg‘amga karaxt holda qarab turadi. So‘ng yelkalari titrab, ovoz chiqarmay unsiz yig‘lay boshlaydi.) – Dada, dadajon. (Ezilib-ezilib yig‘laydi)

To‘ra bilan Beg‘am hovliqib o‘rnidan turib ketishadi.

To‘ra: (O‘zini yo‘qotib, sarosimada) – Lola... Lola, nima gap? (Qizi tomon qadam tashlaydi) – Tushuntirib gapir, nima bo‘ldi?
Lola: (Yig‘i aralash) – Uni pichoqlab ketishibdi. Uni o‘ldirib ketishibdi, dada...
To‘ra: (Dahshatga tushib) – Kimni o‘ldirishadi?
Lola: (Titrab-qaqshab) – Tolibni. (Beg‘am sapchib tushadi. To‘ra g‘o‘ldirab qoladi, joyida taqqa to‘xtab, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.)
To‘ra: (G‘o‘ldirab) – Kim? Kim deding?
Lola: – Tolibni... O‘sha yigitni... Qo‘l telefonida mening raqamim saqlanib qolgan ekan. Militsiyadan qo‘ng‘iroq qilishdi, dada...
To‘ra: (Endi boshiga gurzi tushganday turgan joyi­da gandiraklab ketadi. Boshini ushlaydi) – Shunday, de... Tolib, de. (U Beg‘amga o‘qrayib qaraydi. Beg‘am ham dovdiragan ko‘yi qaltirab-saltirab nima qilarini bilmay turibdi.)
Lola: (Qaqshab, hamon unsiz yig‘layapti) – Hammasi meni, deb bo‘ldi, dadajon. Bunga men sababchiman, dada. (Lola yerga o‘tirib olib yig‘layveradi.)
To‘ra: (Turgan joyida chinqirib yuboradi) – Bas! Unday dema-a-a!

To‘ra borib qizining yoniga tiz tushib cho‘kkalaydi. Uning boshini ko‘ksiga qo‘yib hech narsa demasdan, jimgina yupatmoqchi bo‘ladi. Uning boshini silaydi. Shu chog‘da Lolaning yerda yotgan qo‘l telefoni jiringlaydi. Lola parvo qilmaydi. To‘ra cho‘zilib qo‘l telefonni oladi-da, Lolaga uzatadi. Lola qo‘l telefonni olishga yuragi dov bermay orqaga tislanadi. To‘ra achchiqlanib qo‘ng‘iroqqa o‘zi javob beradi.

To‘ra: (O‘shqirib) – Allo! Eshitaman! Dadasiman men... Nima deysan? A?!

To‘ra jim bo‘lib qoladi. Qizining yuziga qaraydi. g‘ayrishuuriy holatda titrab qo‘l telefonni Lolaga uzatadi. Chuqur nafas olib, og‘ir yutingach, yelkalari uchib tushganday bo‘ladi.

To‘ra: – T-Tirik... T..t-tirik u.
Lola: (Bir sapchib tushadi. Beixtiyor dadasi qo‘lidagi telefonni olib gapira boshlaydi) – Allo... Men... Qaerda.. Xo‘p. Hozir, hozir boraman. (Lola dadasiga qarab jimib qoladi) – Dada... dada, tirik ekan. Kasalxonada. Men... borib ko‘raman.

Sahnada sukunat hokim. To‘ra ham, Beg‘am ham o‘z joyida tosh qotishgan. Go‘yo kimdir ularni sehrlab qo‘ygan. Ikkisi ham karaxt.
To‘ra qo‘l telefonini olib qaergadir qo‘ng‘iroq qiladi. Uning chaqirig‘iga javob kelmaydi.

To‘ra: (G‘udranib) – Qaerda yuribdiykin?! Javob bermayapti. (So‘ng yana boshqatdan raqam teradi.) – Salom, Tohirjon, xo‘jayin o‘zlaridami? Nima? Nima-a? (U o‘rnidan turib ketadi) – Yo‘q... yo‘q, xabarim yo‘q. (Shoshib, dovdirab qoladi) Hozir... hozir... (Angrayib turgan Beg‘amga o‘shqiradi) – Televizorni qo‘y!

Beg‘am stol chetidagi telepultni olib tugmasini bosadi. Ekranda yurtning go‘zal maskanlaridan biri Oltinbog‘ ko‘rsatilayapti. Telejurnalist Tolib Rahimovning sharhi berilmoqda.

Tolib: (Tasvir ortidan berilayotgan ovoz) – Yurtimizning bunday go‘zal manzaralari tabiatning eng buyuk in’omi, Yaratganning bizga bergan ulug‘ ne’mati, go‘zal va farovon hayotimiz manbaidir. Saxiy va saxovatli zaminimiz ne’matlari, go‘zal tabiat boyliklari esa mana shu yurtimizniki, xalqimizniki. Demak, tabiat butun bir xalqqa va millatga tegishli boylik. Hech kimning o‘z manfaati yo‘lida uni talon-toroj etish, vayron qilishga haqqi yo‘q. Ona tabiatimiz nafaqat bugungi, balki ertangi kun avlodlariga qolajak barhayot, mangu merosdir, desak xato qilmaymiz. Ona tabiatimiz yurtimiz bag‘rida ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlarimizning kelajakda sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishi uchun ham muhim ahamiyatga ega muqaddas barhayotlik beshigidir. Bu beshikda esa yurtning sog‘lom bolalari ulg‘ayishadi.
Dunyoda bir tomchi suvga zor yurtlar bor. Dunyoda bitta giyoh o‘smaydigan joylar bor. Dunyoda iliqlik nima, harorat nima bilmaydigan, muzlab yotgan yerlar bor. Yaratganning nazari tushgan yurtimiz, zamin jannatiga qiyos ikki hayotbaxsh daryo oralig‘idagi Vatanimiz tabiati go‘zalligini dunyoning hech bir joyida uchratmaymiz. To‘rtta fasl mukammalligi, to‘rt fasl barhayotligini mana shu zamin – ona O‘zbekiston bag‘ridan topamiz. Biroq mana shunday ulug‘ saodat va buyuk ne’mat qadriga yetayapmizmi? Ona zamin go‘zalligiga dog‘ tushirmay uni kelajak avlodlarga ana shunday mangu jozibasi bilan meros qoldirayapmizmi? Afsus, oramizda faqat o‘z manfaati yo‘lida barhayotlik manbai bo‘lgan tabiat bag‘riga tig‘ sanchayotganlar ham uchramoqda.
Kadrda Tolib paydo bo‘ladi. Qo‘lida mikrofon.
– Aziz tomoshabinlar, yuqorida biz ko‘rsatib o‘t­ganimiz kabi Oltinbog‘da ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar, o‘z nafsi yo‘lida so‘lim bir bolalar oromgohini noqonuniy yo‘l bilan talon-taroj qilishmoqchi. Soxta hujjatlarni vaj qilib tog‘ bag‘ri o‘rmonlariga egalik qilib, u yerdagi daraxtlarga qir­g‘in keltirmoqchi. Bir gap bilan aytganda, Oromgoh atrofidagi ko‘l hamda yuz gektarga yaqin o‘zgalarga tegishli yer maydonlarini o‘zlashtirib olmoqchi bo‘lib turishibdi. Eng ayanchlisi, minglab bolalar dam olib, sog‘ligini tiklaydigan mazkur maskanlar taqdiri xavf ostida. Go‘yoki, o‘zlarini tadbirkor qilib ko‘r­satib, turli xil yo‘llar bilan xalq va davlat mulkiga g‘ayriqonuniy chang solayotgan, bu yo‘lda hatto noqonuniy va soxta hujjatlar to‘plab o‘zgalarga turli xil tazyiq o‘tkazayotgan zo‘ravonlar qilmishiga yarasha adolatli qonun oldida, albatta, o‘z jazosini olishadi. Biroq yuqorida aytganimiz kabi Oltinbog‘da o‘zim xon, ko‘lankam maydon, deb istagan noma’qulchiligini qilayotgan mushtumzo‘r, soxta tadbirkor, zo‘ravon, boylik to‘plash yo‘lida hech qanday riyokorlikdan tap-tortmaydigan To‘ra Arslonov va uning gumashtalariga ayrim mahalliy rahbarlarning ham sherik bo‘layotgani achinarli hol. Bunday nopok kimsalarning nafaqat tuman, balki viloyatgacha tomir yoyib borganiga nima deysiz? Nima bo‘lgan taqdirda ham bunday nopok kimsalarning urinishlariga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan munosib huquqiy baho beriladi. Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi.

Ekran o‘chadi. To‘ra bilan Beg‘am nima qilishini bilmay angrayib qolishgan. To‘ra ikki qo‘li bilan yuzini to‘sib nadomatli bosh chayqab qoladi.
Sahna qorong‘ulashadi.

EPILOG

SO‘NGGI KO‘RINISH

Tog‘. Bog‘. Ko‘l sathi. Toqqa tutashib ketgan qishloq. Quyida oromgoh. Oromgoh atrofi so‘lim joy. Ulkan chinor, dov-daraxtlar. Oromgohda dam olayotgan bolakaylarning shodon kulgisi, hayqiriqlari hukmron. Sahnaga Go‘zal kirib keladi. O‘sha chinor tanasini mehr bilan silaydi. Shu payt sahnaga yugurgilab Olim kirib keladi. U yana pildirab o‘tib ketadi-da, ancha joyga borib to‘xtaydi. Egnidagi kiyim-bosh o‘sha-o‘sha. Bo‘ynida avvalgi galstuk. Qo‘lida o‘sha eski portfel.

Go‘zal: (Mamnun) – Assalomu alaykum. Olim aka!
Olim: (Dovdirabgina) – Va...valaykum assalom. (U Go‘zalga yaqin kelib jilmayadi) – Daraxt bilan so‘z­lashayapsizmi?
Go‘zal: – Ha. Daraxtlarim bilan gaplashayapman.
Olim: – Ha... Ha, daraxtlar insonning so‘zini tushunadi. Lekin insonlar bir-birini tushunishmaydi.
Go‘zal: (Kulib) – Daraxtlar ham gapiradi, deng.
Olim: – Ha.
Go‘zal: (Endi jiddiy tortib) – Demak, biz ularning gapini eshitmaskanmiz-da.
Olim: (Bosh chayqab) – Yo‘q. Eshitmaymiz, afsus. Masalan, siz daraxtlarning gapini eshitmaysiz, biroq siz daraxtlar nimadir deyayotganini his qilasiz. Anglaysiz, shuning o‘zi kifoya. Eh, odamlar shunday tuyg‘udan mosuvo. Ularning orasida kamdan kam kishilar daraxtlar, tabiat, butun borliq tilini tushunadilar.
Go‘zal: (Samimiyat bilan) – Siz daraxtlarning so‘z­larini tushunasizmi? Manavi daraxt, manavi bog‘­lar, butun borliqning tilini bilasizmi?
Olim: (Jiddiy) – Bilaman! (U ko‘rsatkich bar­mo­g‘i­ni havoga ko‘taradi) – Albatta, bilaman.
Go‘zal: (Qiziqsinib) – Unda mana shu daraxtlar, bog‘lar nima deyapti hozir?

Shu payt sahnaga nogironlar aravasini yurgizib, Lola kirib keladi. Aravachada Tolib o‘tiribdi.

Olim: (Aravachadagi Tolibni qo‘li bilan ko‘r­sa­tib) – Butun bog‘, shu chinorlar manavi insonga, qal­bida hayot daryosi shovullab oqayotgan insonga tashakkur aytayapti, rahmat aytayapti. Eshitayapsizmi, Go‘zal? (U jimib turadi-da, go‘yo borliqqa quloq tutadi, odati bo‘yicha yana ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘kka niqtaydi) – Eshitayapsizmi, daraxtlar, ona tabiat, anavi baland tog‘lar mana shu insonga ta’zim qilamiz, deyapti. (U aravacha yoniga borib tiz cho‘kadi. Go‘zal ham aravacha yoniga boradi. Olim, Go‘zalga tiz cho‘k, ishorasini qiladi. Go‘zal tiz cho‘kadi. Lola ularning bu holini ko‘rib yelkalari silkinib-silkinib yig‘lay boshlaydi. U ham Go‘zalning yoniga kelib aravacha yonida tiz cho‘kadi.)
Lola: (Go‘zalning yonida Tolibning ro‘parasida tiz cho‘kkan ko‘yi Go‘zalning yelkasiga bosh qo‘yadi) – Rahmat, opajon! Rahmat. Men hayot mohiyatini tushundim, opajon! Olim amaki, rahmat sizga.
Olim: (Aravacha yonida hamon tiz cho‘kib aravachada o‘tirgan Tolibga jilmayadi) – Uka, qara, senga insoniyatning qalbi hali tirik vakillari ta’zim qilayapti. Biz ko‘pchilikmiz. Biz juda ko‘pchilikmiz. (U sahnadagi tomoshabinlarga ishora qiladi) – Qara, qara, bizlar juda katta kuchmiz. Yurtimiz go‘zalligini, onamiz tabiatni oyoqosti qildirib qo‘ymaymiz. Sen chinakam mardsan, ukajon! Sen haqiqiy qahramonning ishini qilding. (Ularning uchalasi Tolibning tepasida tik turishadi. Lola Tolibning boshini bag‘riga bosib silaydi. Chehrasida nim tabassum. Ko‘zlaridan duv-duv yosh oqa boshlaydi.)
Lola: (Uni bag‘riga bosib) – Men sizni yaxshi ko‘­raman. Hamisha siz bilan birga bo‘laman.
Olim: (Zalga, tomoshabinlarga qarata) – Daraxtlar o‘z ildizlari bilan ona zaminni ushlab turadi. Ona zamin daraxtlarning ildiziga osilib turadi. Daraxtlarni esa inson qalbidagi go‘zallik yog‘dusi asrab qoladi. Men faqat shu haqiqatni bilishingizni istardim. Bu haqiqat, bu nazariya fanda yo‘qdir ehtimol, biroq bu haqiqat insonning qalbida shakllanadi. Shunday emasmi?

Lola, Go‘zal, Olim aravachadagi Tolib bir zum zalga, tomoshabinlarga qarab turishadi.
Sahna qorong‘ulashadi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.