OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qudrat Do‘stmuhammad. Oltin tuxum (hikoya)

Osmon yorishib, tog‘ cho‘qqilari aniq ko‘rina boshlaganda tepalik yonbag‘ridagi yakkayu yagona uyda hayot kundalik iziga tushib ketdi. Sora xola odatdagidek uyning orqa tomonida yuztacha tovuqqa mo‘ljallangan katak tomon yo‘l oldi. Erta bilan birinchi qiladigan ishi shu: tovuqlarni katakdan chiqarib yuboradi, u yoq-bu yoqni tozalab, burchak-burchaklardagi chuqurchalarga tashlab ketilgan tuxumlarni terib oladi. Moyak uchun qo‘yilgan oq piyoz kirlanib yoki so‘lib qolib, tovuqlarning g‘ashini keltirsa, o‘sha chuqurchaga odatdagidan ko‘ra kamroq tuxum tashlanadi. Bunday paytda Sora xola oshxonaga kirib, yangi, oppoq piyoz olib chikadi, eskisining o‘rniga almashtirib qo‘yadi.
Kampir bugun odatdagidan sal kechikibroq uyg‘ondi. Tovuqlar undan norozi bo‘lgandek qaqag‘lashib kutib olishdi. Faqat sariq-qizg‘ish patlari kamalakdek tovlanib turgan dakang xo‘roz har galgidek xotirjam. Katak bo‘shaganda Sora xola ichkariga kirib, tuxumlarni savatga joylay boshladi. Eng chekkadagi chuqurchaga engashganida beixtiyor «Voy!» deb yubordi. Kir, tuxum yoki piyozligini ajratish qiyin bo‘lib qolgan moyak yonida bir dona tuxum yotardi: qip-qizil! Chunonam tep-tekis, qizilki, atayin bo‘yalsa ham bunday chiqmaydi.
Kampir tuxumni hayajon bilan qo‘lga olib, kaftida aylantirib ko‘rdi, hech nima tushunolmadi. Savatini apil-tapil ko‘tarib, uyga qarab chopdi. Balki choli bir nima der? U har qalay o‘rmonda ko‘p yurgan, kuzatgan — qushlar, hayvonlar.
Karim ota ham o‘rnidan allaqachon turgan, miltig‘i tayyor, safar xaltasiga nimalarnidir joylayotgan edi. Hovliqib kirgan kampirining qo‘lidagi tuxumni ko‘rib u ham ajablandi, aylantirib ko‘rdi. Qirq yil o‘rmon kezib, hayvonlar, qushlar, parrandayu darrandalarning miridan sirigacha bilibdi-yu, tovuq qizil tuxum tug‘ishini birinchi ko‘rib turishi! Yoki u haliyam bilmaydigan qush zoti bormikin? Chol qancha bosh qotirmasin, bu ajabtovur tuxumning sirini bilolmadi, keyin: «Qo‘yatur, ertaga qishloqqa borganimda ola ketaman», dedi va charm xaltasi bilan ovora bo‘lib ketdi.
Ikkovi choy ustida ham qizil tuxum haqida gaplashib o‘tirishdi. «Voy, tavba-ey, tuxum ham shunaqa bo‘ladimi?» deb qo‘yardi kampir. Chol ko‘p gapirmasdan choyini tez-tez ichdi, tayyorlab qo‘ygan narsalarini oldi-da, yolg‘iz oyoq yo‘ldan o‘rmonga jo‘nadi.
Sora xola uyni yig‘ishtirdi, tashqariga chiqib, qizil tuxumni qay biri tug‘di ekan, deb tovuqlarni bir-bir ko‘zdan kechirib keldi. G’ayrioddiy hech nima sezmagandan keyin do‘ppi tikadigan igna-ip va piltakachlarni olib, tashqariga chiqmoqchi ham ediki, «qitir-qitir» etgan tovush keldi. Keyingi paytlarda sichqonlar ko‘payib ketib, tez-tez «mehmondorchilikka» keladigan bo‘lib qolishgandi. Kampir: «Xah, yashshamagurlar!» deb tovush kelgan tomonga talpindi. Tokchaning bir burchagida kichkinagina teshik bo‘lib, sichqon ko‘pincha o‘sha yerdan chiqib, o‘sha joyning o‘ziga kirib ketardi. Tokcha oldiga yetganda kampir g‘alati tovush chiqarib, qichqirib yubordi. Yoshlik paytlari o‘rmon aylanib yurib, qo‘qqisdan ayiqqa duch kelib qolganida ham shunchalik qo‘rqqan emasdi. Hozir esa, oyoqlari qaltirab, madori qurib, o‘tirib qoldi. Boyagi qizil tuxum... kattakon qirqma qovundek bo‘lib shishib ketgan, usti o‘sha-o‘sha qip-qizil, old tomonida televizornikiga o‘xshagan ekrani ham bor. «Voy tavba! Yo tavba — g‘o‘ldiradi kampir. Ekran yorishib, undan odam ko‘rindi. Boshida g‘alati kiyim bor, kosmonavt desang kosmonavt emas, tsirklarda chiqadigan masxaraboz desang, o‘xshamayapti. «Voy, dod!» deya kampir eshikka tomon emaklab ketdi.
— Hoy, kampir, hoy, Sora xola, qo‘rqmang! — dedi ekrandagi odam g‘alati talaffuz bilan.
O’z ismini, beozor tovushni eshitib, kampir bir oz sergaklandi, qo‘rquv chekingandek bo‘ldi. Bitta-yarimta «temir jinnisi»ning qo‘lidan kelayotgan ish bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Emaklab borgan joyida to‘xtab, angrayib qoldi.
— Qo‘rkmang, Sora xola! — takrorladi odam g‘alati jilmayib. — Suvdan xo‘plang.
Kampir kursi ustidagi choynakka qo‘l cho‘zdi. Qo‘llari titrab, ilib qolgan choydan qult-qult yutdi. Ekrandagi odam uni yupatmoqchi bo‘lardi:
— Sora xola, siz oqko‘ngil odamsiz, dilingizda g‘ubor yo‘q. Uzoq umr ko‘rasiz, lekin... — U gapida to‘xtab, ekranda ko‘rinmayotgan kimsa bilan imlashib oldi. Shunda ham gapirmay taraddudlanib qoldi.
— Nima «lekin»? — deya oldi kampir nihoyat.
— Cholingizni aytmoqchiman... uni o‘rmonga chiqarmang. U yerda tezroq kuni bitib qoladi, keyin... — Kutilmaganda kampir qo‘llari bilan dag‘dag‘a qilgancha turib ketdi:
— Xah, yashshamagur! — U birdan choynakka yopishib, televizorga otdi. Choynak chil-chil bo‘ldi-yu, «televizor»ga, ekrani sal xiralashib, so‘ng yana o‘z holiga qaytganini aytmasa, jin ham urmadi. — Ko‘ngli sezib turuvdi-ya, bu ish sen muttahamlardan kelyapti, deb. Cholimni uyga qamab qo‘yib, o‘rmonda bilgan ishlaringni qilmoqchimisanlar?
— O’zingizni bosib, gaplarimga quloq solmasangiz, hoziroq g‘oyib bo‘lamiz, keyin afsuslanib qolasiz.
— Nima? Nima bo‘ladi cholimga? Uni o‘ldirmoqchimi? — deya shalvirab, o‘tirib qoldi kampir.
— Hech kim cholingizni o‘ldirmaydi. U o‘z-o‘ziga zavol bo‘ladi.
— Nima deding?
— Barcha jonivorlar uchun tug‘ilish, o‘lish bor, lekin hech biri kuni bitganini o‘zi bilmaydi. To‘g‘rimi? Biz esa buni bilamiz.
— Nega endi, cholimning kuni o‘rmonda tezroq bitib qolarkan?
— Negaki, u o‘z vazifasini o‘tayotganda ortiqcha berilib ketarkan.
— Seningcha, muz-tosh bo‘lib yursa umri uzoq bo‘larkan-da? Gaping muncha sovuq?
— Biz olis sayyoradan kelganmiz, — gap boshladi ekrandagi odam.
— Arshi-a’lodan kelgan bo‘lsang ham mazax qilgani uyalmaysanmi?! — dedi kampir yig‘lamsirab.
— Sizni mazax qilayotganimiz yo‘q, aksincha, yaxshi ko‘rib qoldik.
— Voy, ordona qolgur.
— Cholingiz ham bizga yoqib qoldi, — dedi odam kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tutib. — Uni ishi juda xayrli ekan. Tabiatga g‘amxo‘rlik qilib yurish har bir aqlli zotning burchi, biroq o‘rmonni odamlardan muhofaza kilish aqlga sig‘maydi. Umuman, hali-veri odamlar nimanidir bir-birlaridan qo‘riqlar ekanlar, biz qanday kelgan bo‘lsak, shunday imi-jimida qaytib ketganimiz ma’qul. Hozir ham xatardan xoli emasmiz, lekin kimgadir yaxshilik qilmasdan ketolmaymiz, qonunimiz shunday. Atrof qishloqlarni qidirib, siz bilan cholingizni tanladik. Endi tushundingizmi? Siz shu tuxumni avaylab yuring, uning yordamida ko‘p odamlarning paymonasini uzaytirib, falokatlardan kutqarib qolasiz. Uni kaftingizga qo‘yib, ikkinchi kaftingizning orqasi bilan dumalatsangiz, televizorga aylanadi. Ayni vaqtda istagan kishingizning nomini ayting...
— Bir kamim folbinlik edi... — Zarda qildi kampir.
— Ekran qizil tusga kirsa... — Ekran lip etib o‘chdi, «televizor» kichrayib, ilgarigidek kip-qizil tuxum bo‘lib qoldi. Kampir qancha vaqt anqayib turganini bilmaydi, xayol surgandan ko‘ra tuxumni sinamaymanmi, dedi. Uni kaftiga olib, boyagi odam aytgandek qildi:
— Karim, Soraning choli, shahardagi katta do‘xtir Zuhraning otasi... — Tuxum asta shishib, kichkina televizorga aylandi. Uning ekranida o‘rmon ko‘rindi: tog‘ yonbag‘irlari, archalar, bodom, do‘lana, baland-baland o‘sgan o‘t-o‘lanlar. Kampir bu giyohlarning isi uyqu keltirishini yaxshi biladi. Ie! Ekranda odam ko‘rinib qoldi. Karim ota?! Sora xolaning choli!
— Hoy! — deb yubordi kampir bexosdan. Chol eshitarmidi, o‘t-o‘lanlar orasida ketaverdi. — Hoy, deyapman! Uyqu o‘tlardan nariroq yuring!
Ekranda hech narsa ko‘rinmay qoldi, uning o‘rni sekin-asta qizara boshlaganda o‘chib qoldi. Kampirni vahima bosdi: «Boyagi odam ekran qizarib ketsa, deyayotuvdi-ya, nega oxirigacha eshitmadim? Cholimga nima bo‘ladi, endi?» O’zini qo‘yarga joy topolmay, kampir tashqariga chiqdi, u yoq-bu yoqqa yurib, cholni uzokroq yerga otlanganini esladi, shuvdayam ko‘rinib qolmasmikin, degan umidda o‘rmonga kirib chiqdi. O’zini bir oz ovutish maqsadida u-buga qaragan bo‘ldi, tovuqlarni chaqirib don tashladi. Ko‘ziga xunukroq ko‘ringan bir-ikkitasini: «Qayoqdan falokat boshlab keldilaring?» — deb kesak bilan tushirib qoldi. — «Sen yashshamagurlarni yetti xazinaning biri deb yursam, nimalarga duchor qilmoqchisanlar, hapi? Oralaringda insu jinslar ham borga o‘xshab qoldi».
Kampir javray-javray ovundi chog‘i, boyagi manzara, qizg‘ish rangning tashvishi endi arzimagan tushday tuyula boshladi, dadil qadam tashlab, tikadigan ishlarini olib chiqish uchun uyga kirdi. Qarasa, tokchada tuxum yo‘q! Ikkita sichqon quvlashmachoq o‘ynab yurishgan ekan, lip etib teshikka kirib ketishdi. Tokchaning tagida, oyoq ostida ikkiga ajralib ketgan qip-qizil tuxum po‘chog‘i yotardi. Qup-quruq, na sarig‘i ko‘rinadi, na oqi! Faqat kaftdek keladigan joy dog‘ bo‘lib qolgan, yaltirab turibdi. Kampir po‘choqlarni qo‘liga olganda, kaftiga no‘xatdek zoldir yumalab tushdi. Unchalik og‘ir ham emas, juda yengil ham emas. Tusi sarg‘ish, yaltiroq. Kampir uni tashkariga olib chikib, yoruqqa tutib ko‘rdi. «Oltinmikin? — xayolidan o‘tdi kampirning. — O’xshaydi!»
Qisqa vaqt ichida ko‘z ko‘rib, kuloq eshitmagan sirli voqealarning guvohi bo‘lgan kampir esankirab qolayozganidan ehtiyotkorlikni unutdi. No‘xatcha kaftidan dumapab yerga tushdi, engashib uni olgunicha, bir chipor tovuq yugurib keldi-da, yutib yubordi. Kampir hay-haylagancha qolaverdi, tovuq esa kochib ketdi.

* * *

Karim ota kun botib, o‘rmonga qorong‘ulik cho‘ka boshlaganda horib-charchab, arang uyiga yetib keldi. Ostonada xomush o‘tirgan kampir quvonib ketganidan yugurib peshvoz chiqdi, cholining qo‘lidan xaltasini oldi, chang-chungini qoqayotib, kiyimlarining yirtilib ketganidan ajablanib: «Sizga nima bo‘ldi? Qayoqlarda qolib ketdingiz-ey?» — dedi.
— Qaytib kelganimga xursand bo‘laver, onasi, bir o‘limdan koldim, — dedi chol horg‘in tovush bilan. Sora xola turgan yerida kotib qoldi, «Tuxum... tuxum», dedi-yu, u yog‘iga o‘tolmay, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Chol kampirini suyab, uyga olib kirdi, suv ichirib, bir oz o‘ziga keltirdi. Qizil tuxum ko‘rsatgan karomatlarni eshitgach, o‘rmondagi voqeani gapirib berdi...
Karim ota, o‘rmonning tartibbuzarlar ko‘proq izg‘ib yuradigan olis bir chetiga yaqinlashib qolganida, qo‘qqisdan ona ayiqqa duch kelib qoldi. Uning yonida to‘rtta bolasi ko‘zlarini yiltiratib, g‘uj turishardi. Ayiq bolalarining hech qanday ziyoni yo‘q, lekin onasining avzoyi buzuq, bir hamla bilan cholni tilka-pora qilmoqchi! Chol yelkasidan miltig‘ini tushirib, tepkini bosmasidanoq, ayiqning kuchli qo‘llari miltiqni osongina tortib oldi. Chol unga chap berib pichog‘iga yopishdi, lekin shu payt miyasida bir fikr chaqmoqdek yalt etdi, go‘yo uni ilgaridan o‘ylab qo‘ygandek. Fikr qanchalik tez kelgan bo‘lsa, chol shunchalik shiddat bilan yonida tikka o‘sib yotgan o‘tlardan birini yulqib oldi-da, bostirib kelayotgan ayiqning tumshug‘iga chaqqonlik bilan tekkizdi. Ayiq o‘kirgancha shilq etib tushdi, gavdasi bilan cholning belidan bosib qoldi...
— Kiyimlarimni ayiq bolalari yirtib tashlashdi. O’zim nima ahvolda yotibmanu to‘rttalasi tashlansa bo‘ladimi? U yoqqa turtib, bu yoqqa turtib, zo‘rg‘a qutulibman-a!
Karim ota safar xaltasidan ko‘rimsizgina o‘t shoxini avaylab chiqarib, nafasiga yaqin keltirmay, kampirga ko‘rsatdi:
— Mana, qaragin, onasi, o‘sha o‘t. O’ylab qarasam o‘sha paytda kimdir qulog‘imga o‘tni yulib ayiqning tumshug‘iga tut, degandek tuyuldi.
— Men sizga doim, shu o‘tdan ehtiyot bo‘ling, derdim-ku. Tuxumning ichida ko‘ringaningizda ham aytdim. Demak, o‘sha gapim qulog‘ingizga yetib boribdi-da.
Cholu kampir bo‘lgan voqealarni uzoq eslashib, nihoyat, bular hammasi qip-qizil no‘choqli oltin tuxumning karomati, degan xulosaga kelishdi.
— Tuxum sinib qolgani chatoq bo‘pti-da, onasi, o‘zga sayyoralik bilan bir gaplashib olardim, — dedi chol.
— Paymonangiz to‘lib qolibdi, endi pensiyaga chiqing, ishlamang, — dedi kampir qat’iy. — Shaharga, qizimiz, nevaralarimiz yoniga boramiz.
— Be-e! — Qo‘l siltadi chol. — Parvo qilma, onasi, chipor tovug‘ing yana bitta oltin tuxum tug‘ib bersa, sen uyda o‘tirib olib, meni falokatlardan qutqarib qolaverasan.
Chol-kampir baravariga kulib yuborishdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.