OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Lafz (hikoya)

Bekoboddan qaytayotganimda qattiq shamol turib, chang-to‘zon ko‘tarildi. Yo‘llar mayda-chuyda shox-shabbaga to‘lib ketdi. Keyin yomg‘ir tomchilay boshladi. Mashinam birpasda loysuvoq tortilgan devorga o‘xshab qoldi.
Bunday mashinada Toshkentning toza-ozoda ko‘chalarida yurish odobdan emas. Buning ustiga kallai sahardan ishga borishim, bugun tunda navbatdagi lavhamni yozib, muharrirga topshirishim kerak. Mashina yuvishga vaqtim bo‘lishi dargumon.
Yo‘l-yo‘lakay ikkita “avtomoyka”ga kirdim – ikkalasida ham mashina tirband. Kamida bir soat navbat kutish kerak, kimda toqat bor?
Katta halqa yo‘l chetidagi beton ariq bo‘yida doka osilgan daraxt soyasida kitob o‘qib o‘tirgan bolaga ko‘zim tushdi. Quvonib ketdim.
Yo‘l chetiga to‘xtashim bilan o‘n ikki-o‘n uch yoshlardagi shu bola plastmassa chelagini ko‘tarib, oldimga yugurib keldi.
– Assalomu alaykum! – dedi u. – Bekobod taraflardan kelayotganga o‘xshaysizmi, amaki?
– Ana xolos! Qayoqdan bilding, sinchimisan deyman?
– Bilaman-da. Kasbim shunaqa, – dedi u mag‘rurona.
– Kasbing?! O‘n yoshli mishiqida kasb nima qilsin?
– Birinchidan, amakijon, men burnini artishni eplay olmaydigan mishiqilar yoshidan allaqachon o‘tganman. O‘n ikkiga kirdim. Ikkinchidan, Bekobod katta shamol yo‘lida joylashganini, hatto siz aytayotgan o‘sha mishiqilar ham yaxshi biladi. Shamol turib, chang-to‘zon ko‘tarilsa, albatta izidan yomg‘ir ham yog‘adi. Bekobodda kimga maza – avtomoykasi borlarga!
– Balo ekansan-ku, jiyan! Shuncha gapni qaerdan, kimdan o‘rgangansan?
– Birov o‘rgatishi shart emas, – deya gapni qisqa qilib, maqsadga ko‘chdi bola: – Xo‘sh, mashinani yuvamizmi? Motorini-chi? Yo faqat yuzidagi “pardoz- andozi”ni artib-surtib qo‘ya qolamizmi?
– Narxini kelisha olsak, hammasini yuvamiz.
– Narxi, amaki, ot bilan tuyaning puli bo‘larmidi! Bizga bitta jo‘janing pulini bersangiz ham yetadi.
– I-e! – Men mashinadan tushdim. – O‘sha ot bilan tuyani yo jo‘jani umringizda ko‘rganmisiz o‘zi, oqsoqol?
– Nima desam ekan... – “Oqsoqol” o‘ylanib turdi-da, davom etdi: – Tuyaning o‘zini ko‘rmagan bo‘lsak ham, qumalog‘ini ko‘rganmiz, amaki!
– Qoyil! Gapga tug‘ilgan ekansan, bola! Qishloqdanmisan deyman?
– Ot bilan tuyaning farqiga borish uchun qishloqda tug‘ilish shart emas.
 Gapdan “mot” bo‘ldim.
– Xo‘sh, necha pul bo‘ladi?
– Ichi-tashi, motori bilan yuvish – yigirma besh ming so‘m.
– Yigirma besh ming?! – Men ko‘zlarimni qinidan chiqib ketguday qildim. – Yigirma besh ming ham bo‘ladimi? Insof – sari baraka, jiyan!
– Men narxiga tortishaman. Lekin, qo‘l uchida ish qilmayman. Baraka qochadi.
– Chollarga o‘xshab nuqul maqolu matal bilan gapirasan-a! O‘n besh bera qolay? O‘zim ham yordamlashaman.
– Bo‘ladigani – yigirma. Ma’qulmi?
– Mayli, gapdon bola bo‘lganing uchun yana besh qo‘shdim. Yigirma bo‘lsa, yigirma-da.
Bola xursand bo‘lib, qo‘lini qo‘limga tashladi. Qo‘llari qattiq va chayir edi.
– Isming nima, jiyan?
– Anvar.
Daraxt soyasidagi omonat kursichaga ko‘zim tushdi. Ustida qalingina kitob. Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani ekan. Orasida uchi chiroyli yo‘nilgan qora qalam. Ba’zi jumlalarning tagiga chizilgan: “Maydonga chiqqan alp manglayini qashilamaydur...”
Bir payt nimadir varanglab ketdi. Qarasam, Anvar eski changyutgich bilan o‘rindiqlarni astoydil tozalayotir. Qo‘shni binodan daraxtgacha elektr simi tortib kelingan. Ayni saratonning chillasida, bu tengi bolalar soya-salqin lagerlarda maza qilib dam olib yotganida, shunday zukko bolani pul topib kelasan, deb qaysi berahm ota-ona ko‘chaga haydadi ekan?
– Tengdoshlaring koptok tepib yurganida sen bunaqa yumushlar bilan band bo‘lib qolibsan? – dedim turib chelakda suv olib berar ekanman.
Donishmand dediki, osonni kutma,
Imkondan ortiq bir imkonni kutma...
Qo‘limdagi chelak tushib ketishiga sal qoldi.
– Bu bir ermak-da, amaki. Bekorchidan – xudo bezor. Balki, kelajakda biznes qilib, avtomoyka ocharman.
– Navoiyning g‘azallaridan ham xabardor ekansanmi? – dedim qitmirligim tutib.
– O‘zingizni go‘llikka solmang, amaki. Bu, avvalo, g‘azal emas. Navoiyniki ham emas. Abdulla akaning she’ri!
Abdulla Oripovning uncha-muncha kattalar ham yoddan bilavermaydigan satrlarini “kiftini keltirib, joyiga mixlab aytgani”, mushtday bolaning shoirni o‘ziga shunchalar yaqin olib “aka” deb atagani menga rosa nash’a qildi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zimni yana go‘llikka soldim:
– Qaysi Abdulla aka? Akalaringdan birortasi shoirmi, she’r yozadimi?
– Qoyil qolmadim sizga, amaki! Shu yoshga kirib Abdulla Oripovni bilmasangiz!..
– Bilaman. Lekin u sening akang ekani tushimga kiribdimi?!
– Mashinani shampunlaymi yo kirsovun bilan yuvamizmi?
– Qaysi biri yaxshi?
– Shampunlasak, mashinangiz endi zavoddan chiqqanday yaltirab ketadi. Lekin keyinchalik bo‘yog‘ining ohori ketib qolishi mumkin.
“Mahmadana bo‘lsa ham tajribali ekan”, deb o‘yladim.
– Unda kirsovun bilan yuvamiz.
– Xo‘p bo‘ladi.
– Xo‘sh, shoir Abdulla Oripov kiming bo‘ladi?
– Hech kimim. Umrimda ko‘rmaganman. Biz uyda shunaqa – “Abdulla aka”, “Erkin aka”, “Omon aka” deb ataymiz. To‘g‘rirog‘i, onam shunaqa gapiradilar.
– Onang she’r yozadimi?
– Yoshligida yozgan bo‘lsalar kerak. Lekin doim she’r o‘qiydilar. Abdulla Oripovning, Erkin Vohidovning kitoblarini yoddan biladilar. Siz hali ukamni bilmabsiz! Uning she’r o‘qishini ko‘rsangiz, og‘zingiz ochilib qoladi.
– Ota-onang nima ish qiladi o‘zi?
– Onam – maktabda adabiyot o‘qituvchisi. Dadam nima ish qilishini bilmayman. Bizni tashlab ketgan.
– E, e, shunday de...
Shunday ma’rifatli ayolni, zukko va mehnatkash bolalarini tashlab, boshqa xotinning etagini tutib ketgan nomard erkakni bo‘ralab so‘kkim keldi-yu, lekin foydasiz.
Meni butunlay rom etgan bu suhbatni qanday davom ettirishni bilmay o‘ylanib qoldim.
– Hech lagerda dam olishga borganmisan, Anvar?
– Bo‘masam-chi! Har yili boraman. Kumushkonga. Zo‘r joy. Bu yil faqat ukamni jo‘natdik. O‘zim borolmasam kerak.
– Nega?
– Onam balnisadalar...
– Onangga nima bo‘lgan?
– Rak. Jag‘laridan. – Anvar og‘ir xo‘rsindi. – Chelakni ushlab turasizmi, motorning ustiga ag‘darilib ketmasin tag‘in...
– Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y deganday... qarashib turibdimi? Yolg‘iz qiynalib qolmayapsizlarmi?
– Qarindosh-urug‘imiz yo‘q. Ota-onam yetimxonada katta bo‘lgan. Qo‘shnilar, mahalla, maktab, do‘xtirlar – hammasi yordam beryapti. Yozg‘irsak, noshukrlik bo‘ladi. Lekin, amaki, bilasiz-ku, rak yomon kasal. Onam bechoraning sochlari to‘kilib ketdi. Operatsiyasi og‘ir, dorilari juda qimmat. Onam, boshimda erkagim bo‘lganida, shu ko‘ylarga tushmasmidim, deb yig‘laganlari yig‘lagan. Men o‘lsam, go‘daklarim kimga qoladi, deydilar. Men erkak bo‘lmay kimman, deyman. Siz o‘lmaysiz, deyman. Qancha pul kerak bo‘lsa – pul, qanday dori kerak bo‘lsa – dori, hammasini o‘zim topaman, deyman. Sizni o‘zim tuzatib olaman, deyman. Ukamga ham o‘zim qarayman, deyman. O‘tgan galgi operatsiyasining hamma xarajatini o‘zim topdim. Baribir yig‘laganlari yig‘lagan...
– Ukang necha yoshda?
– Sakkizda. Ikkinchi sinfga ko‘chdi.
– Hozir kim bilan turibsizlar?
– Ukam ikkalamiz, xolos. – U ariqdan chelakni to‘ldirib suv oldi-da, kabinaning ustiga sepib yubordi. – Yunusobodda ikki xonali uyimiz bor. Ovqat pishirishni ham, kir yuvishni ham bilaman. Onamdan xabar olishga ham ulguramiz.
Tomog‘imga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Miqtigina, katta-katta ko‘zlari porlab turgan, gapdon va serharakat bu bola bilan xayrlashar ekanman, o‘ttiz ming so‘m uzatdim.
U pulni sanadi va o‘n mingini qaytardi:
– Yigirma mingga kelishgan edik, amaki. Lafzimni buzmang. Insonning eti – harom, lafzi – halol.
– Olaqol, bizning hisobdan ukang bilan bir marta muzqaymoq olib yesanglar nima bo‘pti!
– Rahmat, amaki. Muzqaymoqqa o‘zimizning pulimiz bor. Xudoga shukr, hammasiga yetadi. Lekin kelib turing...

“Tafakkur” jurnali, 2013 yil 2-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.