OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Novcha – mening do‘stim (hikoya)

Avtobusning eng oxirgi o‘rindig‘ida jiqqa terga botib o‘tirgan edim. Kun haddan tashqari issiq, dim. Ichkari naqd hammomni, hammom nimasi, temirchining bosqonini eslatardi. Sal narida – soyada tamakisini beparvo tutatib o‘tirgan haydovchi o‘rnidan turay demaydi. Aftidan, avtobusning yo‘lovchilar bilan to‘lishini kutyapti.
O‘ng yonimga jikkakkina bir yigit bilan qiz o‘tirdi. Qiz chalpillatib saqich chaynar, yigit esa o‘zini shu darajada katta tutardiki, go‘yo Rustami doston. Menga ikkialasi ham yoqmadi. Ikkalasi ham rangpar, oriq, soyada o‘sgan shivitdek nimjon edi.
Dastro‘molimni olib, yelpinishga tushdim.
Nihoyat haydovchi o‘z joyini egallab, mashinasini jildirmoqqa shaylanganida, varanglagan musiqa, xonandaning bo‘g‘iq hayqirig‘i – ashula eshitildi. Magnitofon ko‘targan novcha yigit o‘zini ichkariga urdi. Hamma eshik tomon o‘girildi va labida sigaret, yengi kalta ko‘ylagining yoqalari beligacha ochiq, sochi tap-taqir qirilgan, xabashdek qop-qora jonzodga ko‘zi tushdi. Sezdim, o‘tirganlar u tomonga qanchalik tez o‘girilgan bo‘lsa, nigohini xuddi shunday tez olib qochdi. O‘zini beparvolikka soldi: battar bo‘lmaydimi, menga nima.
Novcha tamakisini namoyishkorona buruqsitganicha kelib mening chap yonimga cho‘kdi. Magnitofondan «taralayotgan» qo‘shiq, musiqa quloqni qomatga keltira boshladi. Uning egasi esa atrofdagilarga: «Xo‘sh, qalaysanlar?» degan surbetona nigohini tashlashgancha huzur qilayotir. Boyadan beri hiringlashayotgan “oshiq-ma’shuqlar” jim bo‘lib qolishdi. Avtobus ulkan shaharning qora moyi erib yotgan asfalt ko‘chasida bazo‘r o‘rmalaydi.
Novchaning qo‘llariga ko‘zim tushdi. O‘ng bilagiga igna bilan chizilgan suv parisi tirikka o‘xshardi. Chap bilagida qon tomib turgan uzun xanjar. Qo‘lining yuzi, barmoqlari – tirnog‘igacha chiroyli bitiklaru «naqshlar» bilan to‘lgan. Naqshlarki, ko‘rsa, rahmatli usta Shirinning ham havasi kelardi. Rasmni badanga bunchalik mahorat bilan chizishni o‘rganish uchun kishi kamida o‘n yil qamoqda o‘tirishi kerak. Taxminimcha, bu «san’at» shinavandasi yana besh-o‘n yil «u yoqqa» borib, mahoratini oshirib kelmoq ishtiyoqida edi. Bu taxminimni uning keyingi qilig‘i ham tasdiqladi. Novcha sigaret qoldiqlarini oyoqlari ostiga tashlab, ezg‘ilagach, ustiga yaxshilab tupurdi va magnitofonining tovushini yanada ko‘tardi. Endi bizga ko‘chadan o‘tgan-ketganlar ham ajablanib qaray boshladilar. Novcha esa bunday ulug‘ e’tiborga sazovor bo‘layotganidan terisiga sig‘may quvonar, atrofiga tizginsiz istehzo va mamnunlik bilan boqardi: «Qani, kim men bilan janjallashadi? Kela qolsin!..»
Kim bo‘lardi, «Rustami doston»da:
– Ho‘-o‘! Ovozini sal pastroq qilsangiz-chi. Quloq kerak!..
Novcha talabgor topilganidan u tomonga shunday quvonib, ayni paytda shunday masxaraomuz nazar tashladiki, «Rustamvoy»ga rahmim kelib ketdi. Magnitofon shovqini birdan pasaydi.
– Pashsho‘l tiy na... – Novcha tarbiyasi buzuq rusiyzabon bolalar tili chiqishi bilanoq og‘ziga oladigan, xat tanigach esa to‘g‘ri kelgan joyga yozib ketadigan o‘sha mashhur uch harfli so‘zni aytdi. «U yoqda» nafaqat «rassomlik»ni, «so‘z san’ati»ni ham durust o‘rgatishar ekan, chamasi.
Qiz, tabiiyki, o‘takasi yorilgancha «aka»sining nozikkina bilagiga yopishdi:
– Qo‘ying, Rustam aka!..
Buni qarang, oshiq bechoraning ismi rostdan ham Rustam ekan. Lekin shunday chiroyli ism egasining dami ichiga tushib ketdi. Nima qilsin, shahd turib bezorining yoqasidan olay desa, kuchi yetmaydi – soyada o‘sgan. Novcha uni «ikki yamlab, bir yutadi». Indamay o‘tiraversa, dog‘uli uni gap bilan sigaret qoldig‘idek ezg‘iladi-yu, ustiga yaxshilab tupurdi. Tiliga kalima kelmayapti – o‘g‘lini shunchalar po‘pilab o‘stirgan onajoni hech bo‘lmasa, muomalani ham durustroq o‘rgatmagan ekan. O‘rgatganida, gapni bunchalik qo‘pol, tomdan tarasha tushganday boshlamas edi. Xullas, uyat o‘limdan qattiq degan gap yodga tushadigan bir holat vujudga keldiki, bunda Rustamvoy tirik qolishni afzal ko‘rdi.
Men noiloj novchaning «yonini oldim».
– Qo‘ysangiz-chi! – dedim Rustamga norozi ohangda.
U menga yalt etib qaradi. Ko‘zimni qisdim.
– Ashulaning o‘g‘il bolasi o‘zi shunaqa bo‘ladi, –deb gapimda davom etdim.–Shaxsan menga juda yoqyapti. – Novcha tomonga o‘girildim va qo‘limni uning yelkasiga qo‘ydim. – Do‘stim, faqat ovozini sal pasaytiring, so‘zini tushunish qiyin bo‘lyapti.
Novcha menga sinovchan tikildi va gapimning samimiyligiga ishonch hosil qildi, shekilli... savil qolgurning ovozini keskin pasaytirdi. Qolgan yo‘lni shu taxlitda, osoyishta bosib o‘tdik.

“Oila va jamiyat” gazetasi, 1991 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.