OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahmat Fayziy. Ona (hikoya)

Pochtalon xuddi o‘z uyiga kirayotgandek bemalol darvozani ochdi-da, to‘g‘ri hovli sahnida turgan stol yoniga bordi. Yelkasidan sumkasini olmagan ham ediki, rovonda dars tayyorlab o‘tirgan bolalar oldinma-ketin yugurishib kelib, uni o‘rab olishdi. Pochtalon ularga gazetalarni berdi-yu; «bunisi egasiga» deb xatni yashirdi. Bolalarning kattasi pochtalonning yelkasidan bo‘ynini cho‘zib, konvertdagi taiish adresni ko‘rib oldi, sevinchini yuragiga sig‘dirolmay, «Oyi, Validan...» deb qichqirib yubordi. Keng hovlining narigi chekkasida, daraxtlar orasida yurgan Mehri opa shoshib qoldi, qo‘lidagi cho‘tkani tog‘oraga tashlab, pochtalon yoniga keldi. Uning lippaga qistirig‘liq ko‘ylagi va yuz-ko‘llariga ohak sachragan edi.
— Boqqa kirib olib, salqinda qurtava qilyapsizmi, Mehri opa?— hazil qildi pochtalon.
— Ha, mana bu daraxtlarga vaqtida qaramasang bo‘lmaydi, ukalaring bo‘lsa darsidan ortmayapti,— dedi Mehri opa, keyin bir narsa esiga tushganday gapidan to‘xtab, pochtalonning yuziga tikildi.— Hoy, Nazira, menga qara, tuf-tuf, ko‘z tegmasin, biram to‘lishibsanki, voy soddaligim qursin, tushunmabman-a; ko‘ngling qurtava tusayotganga o‘xshaydi-ya?
— Yo‘q, qo‘ying-e, o‘zim shunday gapirdim-da,— uyalinqiradi Nazira.
— Yaxshi. Bo‘lsin, singlim, farzand bo‘lsin.— Mehri ona bolalariga qaradi,— qani, boringlar-chi, xatni keyin o‘qib beraman.
Mehri ona Nazirani darvozagacha kuzatib qo‘ydi. Kuzatdi-yu, bir necha qadam bosguncha o‘tgan fursatda xayoli o‘n-o‘n besh yilni kezib chiqdi: Nazira pochtaga kirganida yoshgina qiz edi. Sumkasi to‘laligidan zo‘rg‘a ko‘tarib yurardi. Urush yillari hammanikidan ko‘p shu uyga qatnaganman desa yanglishmaydi. Notanish shaharlar, notanish mehribonlardan dasta-dasta xat, posilkalargacha o‘zi olib kelardi. Kuniga uch-to‘rt martadan qatnagan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Urushdan keyin u turmushga chiqdi. Birinchi marta yuzlariga dog‘ oralab, homiladorlikning nishonasi sezilgan kezlarda eshikdan kirdi-yu, Valini mahkam quchoqlab, yuzlaridan cho‘lpillatib o‘pardi, keyin sira tortinmay: «Mehri opa, o‘g‘il ko‘rsam Validek bo‘lsa, jon-jon derdim», deb qayta-qayta takrorlar edi. Niyatiga yarasha to‘ng‘ichi o‘g‘il bo‘ldi. Mana, tag‘in boshqorong‘i...
Mehri opa birinchi konvertni ochdi. Undan taklifnoma chiqdi, kechqurun soat yettiga, klubga chaqirishibdi. Ikkinchisini ochdi-yu, xatning qatidagi rasmga ko‘zi tushishi bilan to‘xtab, unga tikilib qoldi. Ko‘zlaridan beixtiyor oqqan yosh tomchilari yuzidan dumalab, ko‘kragiga tushdi. Rovondan qizi Roziyaning yig‘lagan tovushini eshitmaganida hadeganda o‘ziga kelmasdi. Darrov rasmni yashirib, ko‘z yoshini artdi. Rovonga qaramadi. Erining: «Ko‘z yoshingni qo‘y, bolalar ko‘rsa, Valichalik emasmizmi, deb o‘ksinishadi, yaxshi emas, Vali bolangu, bular o‘gaymi!» degan gapi yana takrorlanganday bo‘ldi. To‘g‘ri bog‘ning ichkarisiga, tanasini boya oqlab qo‘ygan o‘rik daraxti tagiga borib o‘tirdi. Rasmni yana qo‘liga oldi: bunisi avvalgilarnga sira o‘xshamasdi. To‘lishgan, qop-qora quyuq qoshlari sal chimirilganday, ko‘zlari unga tik qarab turibdi. Mehri opa uzoq tikildi, yana ko‘ziga yosh oldi, yosh donalari goh duv-duv to‘kilar, goho pastki labini qimtib, uni yutib yuborardi. Oxiri ko‘z oldi xiralashdi, suratdagi Valijon emas, besh oylik murg‘ak ko‘rindi. Chaqaloqmas, bir hovuch suyak, ich-ichiga botgan qora ko‘zlari, quyuq qoshlardan bo‘lak, qonsiz, rangsiz etning o‘zi.
...Er-xotin komissiya huzurida uzoq turishdi. Vrachlar chaqaloqni berishga rozi bo‘lishmadi. «Hali yarim yoshga ham to‘lgan emas, buning ustiga kasal, berolmaymiz» deyishdi. Allaqanday kasalni aytishdi. Sut ham ichmasmish, ichgani ham shunday o‘tarmish. Bu safar Mehri opa bolaning biron kimi bor-yo‘qligini so‘rolmadi. Bu yurakka sig‘armidi? Uyga kelib er-xotin bir og‘iz ham gapirishmadi. Kechki ovqatni ham unutishdi. Mehri opa tuni bo‘yi osmonga tikilib, mijja qoqmay tong ottirdi. Ertasi kuni yana bordi. Bu gal vrachlar «eplay olmaysiz» deyishmadi, «eplab bo‘lmaydi» deyishdi. Hammasidan og‘iri «emiza oladigan bo‘lganingizda ham bir nav edi» deyishgani bo‘ldi. Xotin kishiga bu so‘zlarni aytish ham, eshitish ham qanchalik og‘ir bo‘lmasin, to‘g‘risini gapirmay iloj yo‘q edi. Mehri opa ona bo‘lmagan, bo‘lishi ham mumkin emas. Ozmuncha boqtirdimi o‘zini? Mehri opa o‘pkasini tutolmay yig‘lab yubordi, nazarida bolani faqat o‘zi, uning o‘zigina saqlab qoladiganday bo‘lar, yig‘i aralash «nahotki... Axir gulday murg‘ak...» deyishdan boshqani bilmasdi. U, bolaning onasi urushning dastlabki haftasidayoq bomba tagida qolib o‘lganini eshitib, qattiq ezildi. Eri bilan xomush bo‘lib ko‘chaga chiqdi, uyga qanday yetib kelganini ham bilmadi.
Mehri opaning chaqaloqni o‘z tarbiyasiga olish istagi asta-sekin unda onalik mehrini uyg‘otdi. Chaqaloqlar uyiga har kuni boradigan, gohida kechgacha bolaga termilib o‘tiradigan bo‘lib qoldi. Buni eri ham sezardi, dardini yangilamaslik uchun bu to‘g‘rida og‘iz ochmasdi. Vrachlar ham ko‘nikib qolishdi. Mehri opa eshikda ko‘rindimi, darrov xalat berishar, chaqaloqning salomatligi birdek bo‘lsa ham «ancha durust» deb ko‘nglini ko‘tarishar edi. Shu zaylda bir necha kun o‘tdi. Oxiri chaqaloqni necha xil shartu pisandlar bilan Mehri opa tarbiyasiga berishdi, vrachlar xabar olib turadigan bo‘lishdi.
Mehri opaning butun vujudi, fikr-xayoli chaqaloqda bo‘ldi. Hamshiralar har kuni xabar olishar, maxsus tayyorlangan sut keltirib berishardi. Mehri opaning eri Mahkam aka bir yarim smenada ishlashga o‘tgan, zavoddan kech qaytardi. Charchab kelgan bo‘lishiga qaramay, u ham uzoq vaqtgacha chaqaloqqa termilib o‘tirardi. Bunday paytlarda u o‘zini tutolmas, hozir allakimdan o‘ch olmoqchiday qo‘llarini musht qilib, g‘azab o‘tida yonar, xotiniga sezdirmay sekin o‘rnidan turib hovliga chiqib ketardi.
Yozning jazirama issig‘i yeru ko‘kni qizdiradi. Mevalar shunday qilganki, shoxlarini sindirguday bo‘lib yotibdi. Mehri opaning ko‘ziga yer bilan bitta bo‘lib, taglarida to‘kilib yotgan olmalar ham ko‘rinmasdi. Ularni Mahkam akaning o‘zi ishdan qaytganda chelak-chelak qilib terib olardi. Bir dam olish kuni Mahkam aka daraxt taglarini tozalab, mana shu ertapishar keksa o‘rik tagiga taxtadan karavot yasadi, yo‘g‘on shoxiga belanchakni ilib, joy qilib berdi. Mehri opa ertadan-kechgacha chaqaloqni bag‘ridan qo‘ymay shu yerda o‘tirardi.
Oradan bir oydan mo‘lroq vaqt o‘tdi. Biroq chaqaloq birday, ko‘zlari borgan sari ich-ichiga tushib ketayotganday edi. Mehri opa uning piltakachday oyoq-qo‘llarini avaylab silar, nazarida, soatlab qilgan bu harakatlari go‘dakka malham bo‘layotganday tuyulardi. Javdiragan mitti ko‘zlar, qorachig‘i yosh pardasi bilan yuvilgan umidvor ko‘zlarga tikilib turardi.
Bir kuni sut keltirgan hamshira Mehri opani chaqaloqni ko‘kragiga bosib, og‘ziga emchak solayotgani ustidan chiqib qoldi. Foydasi bormi buning, demoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini bosdi. Mehri opa «zora...» deb og‘iz juftlaganida, hamshira unga dalda berdi: «Mayli, ona ko‘ksining haroratini sezar-ku». Mehri opa shu kuni chaqaloqni ko‘ksidan ajratmadi. Sut ichirish paytidagina shishaning og‘zidagi so‘rg‘ichni tutgani bo‘lmasa, Mahkam aka ishdan kelguncha shu zaylda o‘tirdi. Eri buni darrov payqadi-yu, unga hech gap aytmay, ovqatga o‘zi unnay boshladi.
Mehri opa shu kecha uxlamay o‘tirib chiqdi. Uning quruq ko‘ksi chaqaloqqa darmon bo‘layotganini ertasi kechasi, ko‘zi endi ilinay deganda, go‘dak tamshanib allanarsaga intilayotganida aniq sezdi. Uyqu talab ko‘zlari charaqlab ketdi, bolani avaylab bag‘riga qattiqroq bosdi. Tong yorishayotganida, ha, xuddi kumush tong bilan birga Mehri opaning ko‘zidan tirqirab yosh, ko‘ksidan sut keldi. Uni mana shu tong boshlab keldimikin? Yo‘q, tongday shaffof, pok onaning qalbi boshlab keldi. Mehri opaning a’zoyi badanida allaqanday titroq turdi, hayajon bosdi, yuzlari cho‘g‘day qizidi. Pishillab emayotgan chaqaloqning yuzlariga qon yugurdimi, yo unga shunday ko‘rindimi, bilolmadi. So‘rg‘ichdan emganida bunchalik pishillamasligi esiga tushdi. «Mehr suti bu. Shuni kutib turganingni bilardim»,— dedi o‘zicha pichirlab.
— Hoy, dadasi, tursangiz-chi?!— deb yubordi to‘satdan. U bu so‘zni shunday ohangda aytdiki, hozirgi sevinchining hammasi shu so‘zda ifodalanganday bo‘ldi.
Mahkam aka shoshib boshini ko‘tardi. Hech narsaga tushuna olmadi. Xotinini, o‘n sakkiz yillik xotinini, mana shunday hayajon ichida birinchi marta ko‘rishi edi. Dam unga, dam bolaga tikildi. So‘rolmadi, bari-bir javob ham ololmasdi. Mehri opa: «Shakarning ozi shirin» degandek, bolani ko‘kragidan ohista ajratdi. Uning qovjiragan labidagi sut yuqini dokaning uchi bilan artar ekan, Mahkam akaning ko‘zlari chaqnab ketdi, «Mehri!» deganicha, chaqaloqqa qo‘l uzatdi. Chaqaloq uyquga ketgan edi.
— Mana, dada, meni oyim emizdilar,— dedi bola tilidan Mehri opa.
Bu voqea, kim aytibdi ekan, bir zumda hamma yoqqa tarqaldi. Qo‘ni-qo‘shni xotinlar xuddi Mehrixonning ko‘zi yoriganu, uni qutlash lozimdek, ketma-ket kelib turishdi. Choshgohga yaqin bir emas, uch vrach va bir hamshira kirib keldi. Vrachlar bolani ham, Mehri opani ham qayta-qayta ko‘rishdi. Ulardan biri, ko‘zoynakli keksa xotin hammadan keyin qolib, uzoq suhbatlashdi. Nuqul, qanday bo‘ldi, yiglarmidingiz, necha kun uxlamadingiz, hatto, ilgarilari eringiz tug‘mading, deb dakki berarmidi, deganga o‘xshash juda ko‘p savollar berdi. Oxirgisi Mehri opaga og‘irroq botdi. Axir Mahkam aka biron marta bunday gapni xayoliga ham keltirmagan-ku. Vrach uni yupatdi, savollarining hammasi zarurligini, bu voqea meditsina uchun katta ahamiyatga ega ekanligini aytdi. Keyin ancha maslahatlar berib, «kelib xabar olib turaman» deb chiqib ketdi.
Chaqaloq uch kungacha nari borib, beri keldi. Vrachlar shunday bo‘lishi mumkin, deyishdi. Keyin bola kun sayin emas, soat sayin to‘lishib bordi. Bir yashar bo‘lganida shunday yetildiki, ko‘rganlar tanimaydigan bo‘lib qoldi. Mahkam aka har kuni ertalab qo‘liga olmasdan turolmasdi. Mehri opa Valijonning og‘zidan birinchi daf’a «aya» degan so‘zni eshitgan kuni nazarida hamma azoblari yuvilganday bo‘ldi.
Ulug‘ Vatan urushining og‘ir yillari edi. O‘zbekistonga frontda halok bo‘lganlarning bolalari keltirilib turildi. Er-xotin maslahatlashib shu bolalardan yana bir-ikkitasini o‘z tarbiyalariga olmoqchi bo‘lishdi. «Frontga shu bilan yordam beraylik, xotin», dedi Mahkam aka, Bnr necha oy mobaynida ular — jo‘jabirdek jon — ko‘p bolalik ota-ona bo‘lishdi. O‘n ikki o‘g‘il-qizli ota-onaning dong‘i butun mamlakat bo‘ylab taraldi. Sal o‘tmay bu hovliga frontdagi jangchilardan xat, notanish kishilardan sovg‘alar kela boshladi.
Bir kuni Nazira o‘rta yoshlardagi bir juvon bilan uyga kirib keldi. Juvon Kseniya deb o‘zini tanitdi-yu, besaranjom bo‘lib atrof-tevarakka qaray boshladi. Keyin Mehri opani quchoqlab yig‘lab yubordi. Bu — Valijonning opasi edi... Kseniya bir oycha mehmon bo‘ldi. Biroq biron marta ham ukamni olib ketaman, deb og‘iz ochmadi. Buni aytish qanchalik zarur bo‘lsa, Mehri opaga shunchalik og‘ir bo‘lishini bilardi. Er-xotin ham buni tushunishardi. Kseniyaning eri frontda halok bo‘lgani, bir qizi bilan yolg‘iz qolgani Mehri opada unga nisbatan tug‘ishganday his uyg‘otdi. Oxiri ular ko‘nishdi.
Mana, to‘rt yildirki, Valijon opasi bilan birga, Dnepr yoqasidagi shaharda yashaydi, har yili yozgi kanikulda opasi bilan Toshkentga kelib, shu yerda dam olib ketadi...
Mehri opa qo‘lidagi rasmni ko‘kragiga bosib shularni xayolidan o‘tkazarkan, o‘rikning yo‘g‘on shoxidagi arqon iziga ko‘zi tushdi. Ha, belanchak arqonining izi bu. «Esingdami, Valijon, unda sen mana shu novdaday nozik, nimjon eding, endi-chi... endi?..» U, yana rasmga tikildi. Bunisida allanarsa kamday. «Ha, voy soddaligim qursin, galstugi yo‘q-ku, buning. Voy, mana. Ko‘kragidagi... komsomol znachogimi. Mening Valijonim komsomol?!»
Mehri opa xatni o‘qiy boshladi. «...Oyijon, qishda men maktabimiz yo‘lidagi muzlagan ko‘lda yaxmalak otayotgan qizni ko‘rib qoldim. Ko‘rdimu o‘tib ketaverdim. Birdan qiz chinqirib qoldi. O‘girilib qarasam, muz yorilib, cho‘kib ketayotibdi. Darrov orqamga qaytib, qornim bilan muz ustiga emaklab borib, qizning qo‘lidan tortdim. Rosa qiynaldim. O‘zim ham suvga tushib ketishimga sal qoldi. Yaxshiki, uni qutqarib qoldim. Rost-da. Yordam bermasam cho‘kib ketardi-da, o‘zingiz shunday der edingiz-ku, buni men sizga yozmagan edim. Yaqinda o‘sha qizning dadasi menga, ustiga otim yozilgan soat mukofot berdi. Mukofotni sbor yig‘ilishida topshirishdi. Bo‘lmasam olmasdim-a. Kanikulga borganimda shu soatni sizga olib boraman, xo‘pmi, oyijon, olasiz-a?»
— Ha, olaman, bolam, olaman,— deb yubordi Mehri opa.
— Nimani olasan?
Mehri opa yalt etib yoniga qaradi, erini ko‘rdi.
— Valingizdan xat keldi, mana,— dedi-da, suratni uzatdi. Mahkam aka suratdan ko‘zini olmay o‘zicha gapirardi.
— Obbo azamat-ey, obbo azamat-ey...
Mehri opa kechlikka barvaqtroq unnadi. Ovqatni suzayotganida o‘g‘ilchasini yetaklab Nazira kirib keldi. Mehri opa dasturxonga shuncha taklif qilsa ham unamadi.
Mehri opa kiyinib bo‘lguncha, Nazira o‘g‘lining qo‘zichoq bilan o‘ynashganini tomosha qilib turdi.
Ular yo‘lda ketishar ekan, Nazira so‘rab qoldi:
— Tayyorlandingizmi, opa?
— Nimaga?— hayron bo‘ldi Mehri opa.
— So‘zlar ekansiz-ku?
— Yo‘q, kim aytdi?
— Klub mudiri aytdi-ku.
— Tavba, bir og‘iz aytib qo‘yishmaydiyam-a.
— Ha, siz o‘rinlatasiz, opa. Moskvada so‘zlagan odam...
— Shunday deysan-da, ko‘pchilikning salobati bosadi.
Mehri opa gapni xatdan boshladi. O‘g‘ilchasidan birinchi marta «aya» degan so‘zni eshitgandan tortib, so‘nggi xatigacha hammasini aytib berdi. Odam bilan liq to‘la katta zal pashsha uchsa sezilguday bo‘lib uning nutqini — onaning yurak so‘zlarini tinglardi.
...Men Valijonni o‘z ko‘krak sutim bilan tarbiyaladim. Yo‘q, men uni yurak-bag‘rimning harorati bilan voyaga yetkazdim. Bu yurak, mana shu qalbimizning kuchli harorati oldida atom bombalari ham muzga aylanadi. Tinchlik bo‘lsin deb, qo‘yilayotgan imzolar millionlab, yuz millionlab pok qalbli kishilarning imzosidir. Bu shunday zo‘r kuchki, har qanday atom bombasi ham unga bas kelolmaydi...
O‘tirganlarning ko‘z oldida, xuddi shu sahnada qizil galstugini hilpiratib, bir necha marta deklamatsiya aytgan, hammaning havasini keltirgan Valijon namoyon bo‘ldi. U hozir ham sahnada qo‘ng‘iroqday ovozini jaranglatib shunday deb turganday:
— To‘g‘ri aytdingiz, ona!

May, 1955 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.