OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sa’dulla Siyoyev. Tazarru (hikoya)

So‘nggi qiynolg‘on yomondur,
So‘nggi qiynolg‘on yomon.
Erkin Vohidov.

Sobiq shirkat raisi Berdiyor Keldiyorov necha kundirki, o‘lim bilan olishib yotibdi. Vujudi o‘t bo‘lib yonadi, a’zoi badani igna sanchganday achishadi. U shiftga boqib, uh tortadi, ingranadi, to‘lg‘onadi. Goho ko‘ziga yosh olib Yaratganga yolboradi:
— Muncha qiynamasang, e xudo! Bundan ko‘ra jonimni olsang ham roziman...
Keldiyorovning iltijosi yetib bormadimi va yo xalloqi olam bu osiy bandasini sinab ko‘rmoqchimi, har qalay unga ajal farishtasi qayrilib qaray demadi.
Nozimaxon kirib, erining boshiga o‘tirdi.
— Tuzukmisiz, otasi? Qaeringiz og‘riyapti?
Keldiyorov arang lablarini qimirlatdi:
— Jonim og‘riyapti, ko‘nglim og‘riyapti...
Keldiyorov kallasini bolishga urib oh chekdi, tag‘in to‘lg‘ondi, ingrandi.
Kunda-kunora do‘xtirlar kelib-ketib turishibdi. Biroq ularning muolajasi ham foyda bermadi. Keldiyorov kun sayin so‘lib borardi. U bedavo dardga yo‘liqqanga o‘xshardi.
Bir kuni Keldiyorov uyqu dori ichdiyu bir lahzaga ko‘zi ilindi.
Tushiga boshdan oyoq oppoq libos kiygan, basavlat qariya kirdi. U bo‘sag‘ada Keldiyorovga qattiq tikilib turardi.
— Shuncha yil badaliga sen o‘zingni o‘ylading, — dedi qariya, — o‘zganing dardi bilan ishing bo‘lmadi. Odamlardan astoydil kechirim so‘ramasang, jon azobidan qutulmaysan.
Keldiyorov ko‘zlarini ochdi. Mo‘ysafid g‘oyib bo‘lgan edi.
Nozimaxon kirdi.
— Uyg‘ondingizmi, otasi? Doringizni beraymi?
Keldiyorov yo‘q, deganday bosh chayqadi. Xotiniga hozirgina ko‘rgan tushini aytdi.
— Siz Xizr Alayhissalomni ko‘ribsiz, — dedi Nozimaxon. U o‘qimishli ayol edi. — U kishining aytganini qiling, zora dardingiz yengillashsa.
Keldiyorov xayolan o‘tgan umriga nazar soldi. O‘ttiz yil u otdan tushmadi. O‘ttiz yil katta-kichik bir jamoaga rahbarlik qildi. Ha, endi rahbar bo‘lgandan keyin birovga qattiqroq gapirasan, birovga yumshoq gapirasan. Lekin.. tushidagi qariya aytmoqchi, u faqat o‘zini o‘yladimi? Qo‘l ostidagilarning dardiga darmon bo‘lmadimi? Birovni nohaq ranjitdimi? Oldiga madad so‘rab kirgan biror kimsaning hojatini chiqarmadimi?
Keldiyorov odamlar oldidagi qarzini bo‘yniga olgisi kelmasdi: «Men tepadagi kattalarning topshirig‘ini bajardim. Yaxshimi- yomonmi idorani tebratib turdim. Nima gunoh qilibmanki, hammadan kechirim so‘rasam. Axir birovga yomonlik qilmadim-ku?»
Shu on g‘oyibdan bir nido keldi: «Keldiyorov, qo‘lingdan kelgan bir muhtojga yaxshilik qilmaslik, yomonlik qilish bilan barobardir. Esingni yig‘, tanangga bir o‘ylab boq, bu dunyoga kelib, kimga ne muruvvat ko‘rgazding?»
Keldiyorovning ichiga go‘yo tipratikan kirib olgandek edi. U jim yotsa, bemor ham bir lahza orom oladi, qimirlasa, jon-jahoni o‘rtanib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. Haligi g‘oyibona ovoz go‘yo tipratikanni turtib uyg‘otgandek tuyuldi. Tag‘in Keldiyorovning jigar-bag‘ri pichoq tilgandek achishga tushdi. Og‘riq kuchaydi. Azobning zo‘ridan bemor terlab ketdi, o‘zini har yon tashlab oh cheka boshladi. Qo‘lini arang cho‘zib, qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi. Yugurib xotini kirdi. Erining ko‘zlari bejo, u to‘lg‘onar, nelardir deb hansirardi.
— Otasi, do‘xtir chaqiraylikmi, nima qilaylik? — dedi Nozimaxon vahima ichida.
Keldiyorov bosh chayqadi.
— Yo‘q, yo‘q... — dedi bazo‘r, — do‘xtir kerak emas... O‘g‘ilni Esh...quvvatovga yuboring. Tez kelsin... men od-odamlardan...uzr so‘rayman...
— Xo‘p bo‘ladi, otasi, xo‘p.
Ne ajabki, «uzr so‘rayman» degandan so‘ng Keldiyorovning ko‘ksini timdalayotgan tipratikan bir necha soniya to‘xtagandek bo‘ldi. Bemor bir kaft dorini og‘ziga solib, ko‘zlarini yumdi.
Biror soatda Eshquvvatov yetib keldi.
U Keldiyorovning idorasida xo‘jalik mudiri edi. Uzoq yil birga ishlashdi. Davlat Eshquvvatov Keldiyorovning hamtovog‘i, ishongan kishisi edi. U kirganda bemor xiyla o‘ziga kelgandi.
— Davlatboy, shuncha yil birga qatiq yalashdik, — dedi inqillab Keldiyorov, — mana endi to‘shakka mixlanib qoldim. Besh kunligim bormi, yo‘qmi, xudo biladi. Otamiz rahmatlik qazo qilganlarida siz himmat qilib, u kishining yigirmasini o‘tkazib berib edingiz. Men ahmoqlik qilibman. Esim bo‘lsa, padari buzrukvorimning ma’rakasini birovning bo‘yniga qo‘yamanmi? O‘shanda qancha xarj qilgan edingiz, ayting, bugun xudoyi qarzimni to‘lab, otamning arvohini shod qilmoqchiman.
«Ajal elchisi eshik qoqib kelganda endi aqling kirdimi, me’rov? » dedi ichida Eshquvvatov. Biroq sirtida qizarib kuldi:
— Men bu ishni fiysabillo savob uchun qilganman, xo‘jayin. Sizdan pul olsam, qilgan savobim yo‘qqa chiqadi. Bir tiyin ham olmayman.
— Olasiz! — dedi Keldiyorov pul cho‘zib, — meni go‘rda tinch yotsin desangiz, olasiz, Davlatboy. Bo‘lmasa men rozi emasman.
Eshquvvatovning rahmi keldi. Sobiq boshlig‘i u bilan go‘yo vidolashayotgandek edi.
— Mayli, xo‘jayin. Irimiga mana, ikki shapaloq oldim. Rozi bo‘ling.
— Siz ham rozi bo‘ling. Ba’zida nohaq gapirib ranjitgan bo‘lsam, kechirim so‘rayman.
— Sizdan ginam yo‘q, xo‘jayin. Mingdan-ming roziman. Biz ota-boladek ishlashdik. Rahmat.
Eshquvvatovni kuzatib, Keldiyorov biroz tin oldi. Keyin xodimlar bo‘limining mudiri Xoliqulovni chorlatdi. Mudir o‘tirib, fotiha qilib bo‘lar-bo‘lmas, Keldiyorov maqsadga o‘tdi:
— Sizni uzr aytgani chaqirdim. Bir-ikki marta kurortga borib, meni ko‘rib keldingiz. Ancha chiqimdor bo‘ldingiz, qiynaldingiz. Sizning oldingizda uyatlikman. Xizmatlaringiz uchun qulluq, rozi bo‘ling.
— E, odamni xijolat qilmang, Berdiyor aka, — dedi shoshib Xoliqulov, — sizni ko‘rgani borgan bo‘lsam, bahonada o‘zim ham dam oldim.
Keldiyorov bosh tomonidan zarhal quticha olib, cho‘zdi.
— Mana bu sizga. Oz bo‘lsa-da, ko‘p o‘rnida ko‘rasiz. Oling!
Xoliqulov, achchiq tutunga yo‘liqqandek, ikkala kafti bilan o‘zini yelpidi.
— Qo‘ying, odamni uyaltirmang. Menga hech qanaqa sovg‘a kerak emas. Siz sog‘ayib, o‘rningizdan turib ketsangiz bo‘ldi, shu bizga kifoya.
Keldiyorov bilagidagi tillo soatni yechdi.
— Bo‘lmasa, mana bu soatni olasiz. Endi menga soatning keragi yo‘q. Mendan esdalik. Oling!
Xoliqulovning ko‘ngli sust ketdi. Tillo soat olovday chaqnab, ko‘zni o‘ynatib turardi.
— Mang, oling. Olmasangiz xafa bo‘laman. Sizdan oxirgi iltimosim.
Xoliqulov, «Juda qiziq bo‘ldi-da, Berdiyor aka», deb bir lahza ikkilanib turdiyu soatga sekin qo‘l cho‘zdi.
Odatdagidek, o‘pkasini qo‘ltiqlab shofyori Sayron Javodov kirib keldi. Keldiyorov gapning indallosini aytib qo‘ya qoldi.
— Sizdan ko‘p qarzdorman, Sayronbek. Bozor-o‘charimiz bo‘yningizda bo‘ldi. Erta demay, kech demay xizmatimizni qildingiz. Rahmat. Chekkan zahmatlaringizga rozi bo‘ling. Goho jahl ustida yomon gapirgan bo‘lsam, kechirib qo‘yasiz.
— Yo‘g‘-e, xo‘jayin. Siz otamdek edingiz. Bolasini urishib-so‘kkani otaning haqqi bor-da. Kechirim so‘ramang, sizdan yomonlik ko‘rmadik...
Keldiyorov yostiq ostidan mashina kalitini chiqarib, Sayronning oldiga tashladi.
— Bu o‘zingiz bazadan olib kelgan «Jiguli»ning kaliti. Sizga sovg‘a qildim. Shuncha yillik halol xizmatlaringiz badaliga. Oling, mendan esdalik bo‘lsin. Olmasangiz, vijdonim qiynaladi, ko‘zim ochiq ketadi.
Keldiyorov o‘layotganga o‘xshardi. Sayron noiloj kalitni oldi. Sobiq xo‘jayinining nimjon qo‘llarini siqib qo‘ydi.
— O‘lmang, xo‘jayin, xudo xohlasa o‘rningizdan turib, otday bo‘lib ketasiz.
— Qaydam. Buni Olloh biladi.
Keldiyorov Xoliqulovga aytib, ilgari birga ishlashgan xodimlardan uch-to‘rttasini chaqirtirdi. Ulardan uzr so‘radi. Rizolik tiladi. Xodimlar Keldiyorovning qurigan og‘ochdek xazon bo‘lib borayotganini ko‘rib turishardi. Ularning ko‘nglidan bu kimsa yetkazgan ozor haliyam ketmagan edi. Biroq, azbaroi o‘zbekchilik, deb Keldiyorovning uzrini qabul qilishdi, «Sizdan ginamiz yo‘q, iloyo, o‘zi shifo bersin», deb chiqib ketishdi.
Tavba-tazarru bilan besh-olti kun o‘tdi. Keldiyorov shiftga qarab o‘y surib yotibdi. Odamlar oldida uning yana bir azim gunohi bor edi. Bu gunohi uchun u qayga borib bosh urishini bilmay, lol edi, hayron edi. Har safar qilgan qilmishi esiga tushsa, isitmasi chiqib ketar, o‘zini la’natlashdan o‘zga chora topolmasdi.
Bu voqeaga ko‘p yillar bo‘ldi. Bir kuni uni dahriylar idorasiga chaqirishdi.
— Keldiyorov, sizga muhim topshiriq bor, — deyishdi, — falon tumanda odamlar juda dinga berilib ketibdi. Avliyo, deb eski bir mozorga sig‘inar emish. Hatto baliqlarga ham avliyo baliq, deb nom qo‘yib olishibdi. Siz borib, o‘sha mozorni buzdirib tashlang. Baliqlarni ham yo‘qoting. Toki mehnatkash xalq qaytib u yerga qadam bosmaydigan bo‘lsin. Tushundingizmi?
Keldiyorov u paytlar «din — af’yun» degan soxta safsataga ishonar edi. Aytilgan tumanga yetib bordi. Qoratepa degan qishloq chekkasida xarobroq bir hujra bor ekan. Hujra oldida keksa qayrag‘och.
Daraxt shoxlariga olaquroq latta-putta ilingan. Hujra yonboshidagi mo‘‘jazgina ko‘lda bilakday keladigan qopqora baliqlar o‘ynoqlab yuribdi.
Keldiyorov buldozer toptirib, avliyoning turbatini buzdirib tashladi. Ko‘lga mashina-mashina shag‘al to‘kdirdi. Qayrag‘ochni tag-tugi bilan qo‘portirib tashladi. Xalq ziyorat qilib, ruhan taskin topadigan maskanni ham, odamlar ko‘nglini ham vayron etib, iziga qaytdi.
Yana bir safar, falon mahallada yashirincha sumalak pishirilayotgan emish, degan xabar eshitdi. Shotirlarini qabatiga olib yetib bordi.
Biqillab qaynayotgan xushbo‘y sumalakka yarim chelak selitra soldirib, bir qozon taomni harom qildi. Bolalar chirillab yig‘ladi, ayollar qarg‘adi:
«Iloyo juvonmarg bo‘l! Iloyo, qiynalib o‘lmasang, ikki dunyo rozi emasmiz!»
... Keldiyorovning qulog‘i shang‘illadi, yuragi gupillab urdi. Ko‘z oldiga qaqshab yig‘layotgan bolalar, yer mushtlab uni qarg‘ayotgan ayollarning egik boshlari keldi. «Ha, menga qarg‘ish tekkan, — dedi ichida u, — ana endi jazoimni tortayapman».
Keldiyorov biladi, endi bosh egib, uzr so‘raydigan kimsaning o‘zi yo‘q. Endi umid — yolg‘iz Ollohdan. Bir kuni u tong otguncha yaratganga tavallo qildi:
«O‘ parvardigori olam, bilaman, kechirilmas gunoh qildim. Xalqning ko‘ziga tuproq sochdim, iymoniga chang soldim. Mingdan-ming pushaymonman. Jon xalqumga keldi, omonatingni olginu meni bu azoblardan xalos et, xudoyim! Tavba qildim, tavba qildim, tavba...»
Tongga yaqin uning ko‘zi ilindi. Ertalab xotini kirdi. Eri kulib yotganga o‘xshardi. Nozimaxon, «Otasi, doringizni ichasizmi?» deb so‘radi. Eri indamadi. Nozimaxon uni bir-ikki chayqab ko‘rdi. Keldiyorovning kallasi shilq etib, yonboshiga ag‘darildi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.