OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sadriddin Ayniy. Doxunda (roman)

BIRINCHI BO‘LIM

DARAI NIHON

Sarijo‘ydan chiqib tog‘ oralaridan Qo‘rg‘ontepaga bormoqchi bo‘lsangiz, yo‘lingiz Darai Nihondan o‘tadi. Darai Nihon (boshqa nomi Tangi Nihon) Hisor tog‘lari daralaridan biri. Bu darani o‘rab olgan tog‘lar uzoqdan biror teshik-tuynugi va oralig‘i yo‘qdek yaxlit bo‘lib ko‘rinadi. Sarijo‘ydan chiqib tog‘ etagiga yetganingizda, tepadan pastga oqib, toshlarni qo‘porib ketgan sel yo‘liga duch kelasiz. Ichkariroqqa kirganingizda, buning suv yo‘li emas, dushmandan yashirinish uchun qurilgan tor va aylanma bir yo‘lak ekanligini ko‘rasiz. Bu yo‘lak tog‘ bag‘ridagi tunnel kabi qorong‘i.

Lekin bu odatdagi tunnellarday usti yopiq bo‘lmay, bir-biriga yondosh ikki baland binoning orasiday usti ochiq, osmon ko‘rinib turadi. yo‘lakning tagiga hech qachon oftob tushmaydi, faqat qiyom paytidagina devorning yuqori qismi oftob nuridan bir oz yorishadi.

Agar tog‘ oralaridagi ajoyibotni ko‘rmoqchi bo‘lib, yo‘lakning torligi va qorong‘iligiga parvo qilmay, ilgari qarab yuraversangiz tomosha boshlanadi.

Buloqlar!

Bu oraliqdagi buloqlardan bir-ikki tegirmon suv chiqar deb o‘ylamangki, yanglishasiz. Bu buloqlarning suvi, podsho va amirlar zamonidagi mazlumlarning ko‘zlaridan oqqan yosh kabi tinmay tomib turadi. Farqi shuki, u zamondagi mazlumlarning ko‘zlaridan qonli yosh tomgan bo‘lsa, bu buloqlardan suv tomadi.

Bunday buloqlardan tomgan suv bora-bora zilol suvli ariqchaga aylanadi. Bu ariqchadan oqadigan suv paxtadan suzilgandek toza, olmosdek yarqiraydi. Bu, tog‘ bag‘ridagi toshlar orasidan sizib, tozalanib chiqqan qor, yomg‘ir suvidir.

Bu ariqchaning qirg‘oqlari loy bo‘lmay, doim suv yuvib turgan musaffo toshdir. Tagidagi toshlarning yarqirashi zilol suvning tiniqligini yana ham orttirib, ko‘zlarni qamashtiradi.

Qiyom paytida shu ariqcha labiga kelsangiz, suvdan ko‘z uzolmaysiz: yo‘lak devorining yuqorisiga tushgan oftob nuri ariqchaning oynaday suvida tovlanadi; baland va hashamatli tosh devorning bir ariqcha ichidan ko‘rinishi sizni hayron qoldiradi. Daradagi yirtqich hayvonlarning hujumidan qo‘rqmay, yulduzlar charaqlab turgan tunda kelsangiz, yanada hayratda qolasiz. Yo‘lak devorlari orasidan ko‘rinadigan yulduzlar aksi ariqchaning tiniq suviga tushib, osmondagidan ham ortiqroq nurlanadilar. Ariqchaning osti qirrali toshlar bilan qonlanganligidan suv goh pastlab, goh ko‘tarilib, kumush zanjirdek jilvalanib oqadi. Har bir yulduz suvning har qalqishida alohida aks etib, ya’ni bir necha martaba aks etgani uchun ular ko‘kdagidan ko‘proq bo‘lib ko‘rinar edilar.

Agar oldinga qarab yuraversangiz, bu zilol suvlar bulut orasiga yashiringan oydek, birdan toshlar ostiga kirib, ko‘zingizdan g‘oyib bo‘ladi. Siz bunga o‘rinsiz xafa bo‘lasiz. Lekin umidsizlanmay olg‘a boravering, bir-ikki burilishdan o‘tgach, haligi suv boshqa bir tosh ostidan otilib chiqayotganini ko‘rasiz. Tosh ostiga kirib ketgan suv yer tagida bir necha buloqlarning suviga qo‘shilib, avvalgidan tezroq oqib chiqadi, yo‘lida duch kelgan chuqurchalarga tosh yotqizib, tekislab, shaldirab oqadi.

Ariqcha tobora kengayib, suvi ko‘payib boradi. Bu yerda yo‘lingiz ham uncha tor va xavfli bo‘lmay qoladi: dara devorida osilganday turgan xarsanglarning uzilib tushishidan qo‘rqmaysiz, shunday hodisa yuz bersa, o‘zingizni bir chekkaga olib, tosh bosish xavfidan qutula olasiz; yuqoriga qarasangiz, ko‘k movutday chiroyli, keng va ochiq osmon ko‘rinadi. Qiyom paytida oftob daraning ostigacha tushib tosh, tuproqlarni jonlantiradi, unda-munda pista, achchiq bodom, yong‘oq daraxtlarini, archa butalarini, rang‘-barang xushbo‘y gullarni va tog‘da bitadigan boshqa o‘simliklarni uchratasiz.

Yana oldinroq boraversangiz, daraning o‘rtasiga yetasiz, tog‘ bag‘ridan otilib chiqayotgan bir buloqni va u buloq suvidan to‘lib-toshib oqayotgan ariqni ko‘rasiz. Shu ariq bo‘yida turib tevarak-atrofga qarasangiz, toshdan o‘yib yasalgan bir kema ichida turgandek bo‘lasiz. Odatda kemalar suv ichida suzsa, sizning «tosh kema»ngiz ichidan suv oqib turgan bo‘ladi. Odamlar bu tosh kemaning devorlarini o‘yib, turar joy qilganlar. Bu uylar, vodiy hamda vohalardagi uylar kabi eshiklik, darchalik va baland devor bilan ihota qilingan deb o‘ylamagaysiz. U yerdagi uylar qush va yirtqich hayvon uyalari kabi, g‘or va o‘ydim-chuqurlardan iborat. Bularning uyalardan farqi shuki, odam gavdasi sig‘adigan darajada keng va sel hujumidan saqlanish uchun yuqori tomoni xarsanglar bilan berkitilgan.

 

SUV TASHUVCHI QIZ

Yuqorida tasvir qilingan daraning aholisi o‘z ishi bilan mashg‘ul: o‘spirinlar podalarini toqqa haydab chiqib ketgan, erkaklar qo‘sh qo‘shib shudgor qilmoqda, xotin qizlar esa kuv pishib, yog‘ ajratmoqda, o‘tin terib, xamir qilib, non yopmoqda; keksalar ikkitadan, to‘rttadan bo‘lib, xarsanglarda o‘tirib, boshlaridan o‘tgan voqealarni hikoya qilmoqdalar.

Boshiga eski tivit salla o‘rab, egniga yirtiq bo‘z ko‘ylak, uning ustidan ilma-teshik chopon kiyib, belini bir yarim gaz bo‘z bilan bog‘lagan eski, choriq sudragan yigitcha qo‘lidagi egri tayoq bilan yer chizib o‘tirardi. U taxminan yigirma yashar ko‘rinadi. Tong yulduzi kabi charaqlab turgan ko‘zlarida fikr va andisha, yoshligiga qaramay, keng manglayini ajin bosgan, qizil olmaday yuzlarida g‘am-g‘ussa belgilari ko‘rinadi. Yigitcha o‘tirgan yer odamlardan chetroqda edi. U ba’zan o‘rnidan turib, yaqindagi xonadonga qarab qo‘yar va yana o‘tirib, tayog‘i bilan yer chizar edi: «Ular bugun suv ichmasalar kerak, haligacha suvga kelmadi» derdi ichida.

Bu yigitcha kuzatib turgan xonadonda uch kishi ko‘rinardi: biri — tosh ustiga o‘tirib non bilan qatiq yeyayotgan ellik yoshlardagi bir erkak. Bu kishiniyag uzun, qora va quyuq soqoli yuzini butunlay qoplab, ko‘kragigacha tushgan. Ellikka borsa ham, soqoliga oq tushmagani uchun, qo‘shnilari uni «siyoh pir» derdilar. Bu odamning boshida bo‘z salla, oyog‘ida kiyik terisidan tikilgan choriq, egnida serpaxta chopon bo‘lib, beliga chilvir bog‘lagan. Ikkinchisi — taxminan qirq yoshlardagi ayol. Uning uzun sochida sochbog‘, boshida oq ro‘moli bor. Guldor ko‘ylagining keng yengini tirsagigacha shimarib, katta tog‘orada xamir qormoqda. Uchinchisi — o‘n olti-o‘n yetti yashar bir qiz. Uning egnida yuvilaverib rangi aynib ketgan chit ko‘ylak, boshida guldor do‘ppi, oyog‘ida sariq charmdan tikilgan beo‘xshov eski kavush.

Qizning qora, uzun sochi mayda o‘rilgan, taqimidan pastga tushib turardi. Qiz kuv pishmoqda. U boshini egib, pishkakni jadal urayotganda, uzun sochlari oldiga tushib, pishkakka o‘ralar va xalal beradi. Qiz bunday vaktlarda pishkakni kuvga qo‘yar, boshini ko‘tarib, sochlarini orqasiga tashlar va terga botgan manglayini yengi bilan artib, qatiq yeb o‘tirgan odamga bildirmay, dam olayotganday bo‘lib, uzoqlarga, yer chizib o‘tirgan yigit tomonga ko‘z qirini tashlab qo‘yardi.

Agar ko‘zlari yigitning ko‘zlariga duch kelsa, gulday qizarib, go‘zal qizlarga xos g‘urur bilan darrov ko‘zini chetga olar, kuv pishishni yana g‘ayrat bilan davom ettirardi. Ko‘zi yigitning ko‘ziga duch kelmasa, ma’yuslikka tushar va xumor ko‘zlarida qayg‘u-alam alomatlari ko‘rinib qolardi. Bu holat uning bel va bilaklariga ham ta’sir ko‘rsatib, kuv pishishda avvalgi jadallik va shiddat qolmasdi.

Erkak ovqatini yeb bo‘lgach, xotinga:

— Xamiring yetilguncha bir orqa o‘tin terib kelay,— deb arqonni oldi, sel suvi bilan yuvilib tekislangan so‘qmoq yo‘l bilan toqqa chiqib ketdi.

Xotin qorilgan xamirni mesh supraga o‘rab, ustiga ssrpaxta ko‘rpani yopgandan keyin, yerda turgan cho‘yan obdastadan qo‘lini yuvmoqchi bo‘ldi. Obdastada suv yo‘q edi. Xonadonda ko‘za vazifasini ado qiladigan qovoqdan obdastaga suv quymoqchi bo‘ldi. Unda ham suv yo‘q edi. Xotin kuv pishayotgan qizga yuz o‘girib:

— Gulnor, suv keltir! Maskani ayrondan o‘zim ajrataman. Bir tomchi ham suv qolmabdi. Xamir darrov ko‘padi. Non yopish uchun ham suv kerak. Tez yugur, jon qizim!— dedi.

Gulnor qobil qiz edi, suvqovoqni olib, buloq tomonga yugurib ketdi. Agar siz qizning harakatlarini diqqat bilan tekshirib turganingizda, uni yugurtirgan onasining buyrug‘i emas, boshqa bir quvvat ekanini payqardingiz. Bu quvvat yer chizib o‘tirgan o‘sha o‘ychan yigit edi.

Gulnorning hech bir harakatini ko‘zdan qochirmay turgan yigit, qiz idishini ko‘targan hamon sekingina o‘rnidan turdi, katta xarsang orqasida — xonadondagilarning ko‘zlaridan pana joyda o‘tirdi.

Qiz yigit turgan joyga yaqinlashgach, qayrilib onasiga qaradi. Ona kuv pishish bilan ovora bo‘lib qiziga ko‘z solmasdi. Qiz bu holatdan foydalanib, xarsang orqasiga o‘tdi.

Yigitning u yerda o‘tirganidan go‘yo xabarsizdek, uni ko‘rganda seskanib ketib:

— Yodgor, bu yerda nima qilayotirsan? — deb so‘radi.

— O‘zing bu yerda nima qilmoqchisan?

— Men suvga keldim,— dedi qiz va buloqqa borish uchun jar bo‘yiga yo‘naldi.

— Suvga kelgan bo‘lsang yaxshi,— dedi yigit.— tez qaytishingdan, «olovga» kelganmikansan deb o‘ylabman.

Qiz kulimsirab yo‘lidan qaytdi. qovoqni yerga qo‘ydi va yigitning ro‘parasida o‘tirib, unga diqqat bilan qaradi. Yigitning yuz va ko‘zida andisha, alam va hayajon alomatlari ko‘rinardi.

— Yodgor,— dedi qiz,— men seni hech vaqt bunday ko‘rmagan edim. Ko‘nglingda og‘ir o‘y borligi kchzlaringdan ko‘rinib turibdi. Rostini ayt, senga nima bo‘ldi?

— Hech nima bo‘lgani yo‘q,— dedi Yodgor,— sening to‘g‘ringda bir gap bor. Shuni aytaymi-aytmaymi, deb o‘ylab turibman.

— Meni xursand qilmoqchi bo‘lsang, ayta qol,— dedi Gulnor,— har qanday yomon gap bo‘lsa ham, sendan ranjimayman.

— Yomon gap emas. Sen uchun xushxabar. Men seni qutlamoqchi edim.

Gulnor egnidagi guldor ko‘ylagini Yodgorga ko‘rsatib:

— Bu ko‘ylak yirtilishga yaqinlashgan, qutlashga arzimaydi. Qutlashga arziydigan yangi kiyim kiyish umidim ham yo‘q. Sen meni nima uchun qutlamoqchisan?— dedi.

— Erta-indin yangi kiyim kiyasan, chitdan emas, adrasu atlas kiyasan.

— Yodgor,— dedi Gulnor,— kishi tushunmaydig‘an bunaqa gaplarni menga aytma! Gapirmoqchi bo‘lsang, har kim tushunadigan qilib, ochiq-oydin gapir! O‘zi nima gap?

— O‘zing eshitmadingmi? — deb so‘radi Yodgor.

— Nimani?

— To‘yingni!

Bu gaplarni eshitish bilan Gulnorning ko‘zlarida qayg‘u alomatlari paydo bo‘ldi, u qizarib ketdi. Agar Yodgorning ko‘nglida parishonlik bo‘lmaganda, qizning bu holatini ko‘rib, unga yanada ortiqroq maftun bo‘lardi. Lekin hozir uning ko‘ziga Gulnor husnining nozikliklari ko‘rinmas edi.

Yodgor o‘tgan kuni oqsoqolning o‘g‘lidan Gulnorni Hamroboy o‘g‘liga unashmoqchi bo‘lib turganlarini eshitgan, bu hodisa uni aql-hushidan judo qilgan edi. Endi u aql-hushini yig‘ib olib, Gulnorning bu to‘yga qanday, qaraganligini bilmoqchi: agar Gulnor bunga rozi bo‘lsa,— Yodgor uchun o‘lim, agar rozi bo‘lmasa,— Yodgor uchun hayot umidi yana paydo bo‘ladi. Shuning uchun Yodgor oqsoqol o‘g‘lidan eshitganlarini birma-bir aytib, Gulnor holatini kuzatib turdi.

Bu xabarni eshitgan qizning qattiq xafa bo‘lganligi ko‘rinib turardi. Xabarning dahshatidan va uyalganidan, qiz fikrini ochiq ayta olmadi. U qiynalib, ko‘zlarini yerga tikib:

— Yodgor, uylanmoqchi bo‘lsang, senga... roziman. Boshqaga, bo‘ynimni uzsalar ham tegmayman. Buni bilib ol! — dedi.

Gulnor shu javobni bergach, qovoqni ko‘tarib suv olish uchun jarlikka tushib ketdi. Yodgor turgan joyida qayg‘u-alam yuki ostida qoldi.

To'liq: Sadriddin Ayniy. Doxunda (roman) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.