OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sadriddin Ayniy. Sudxo'rning o'limi (qissa)

I

1895 yilda Buxoro madrasalaridan o‘zimga bir turar joy axtarar edim. Qancha yugursam-elsam ham tezlikda biron hujra qo‘lga kirmadi. O‘sha paytlarda bir do‘stim menga maslahat yo‘li bilan:
— Qori «Ishkamba» degan bir odam bor, u bir necha zarxarid hujraga egadir. Agar undan so‘rasang, vaqtincha turmoq uchun o‘z hujralaridan birini senga berar, — dedi.
Do‘stimning bu maslahati mening diqqatimni u odamning menga hujra berishi yo bermasligidan ko‘ra ko‘proq uning nomi tomoniga tortdi:
— Qori-Ishkamba?!
Haqiqatan, qiziq bir nom, hayvonlarning oshqozonini «ishkamba» deydilar. Qanday munosabat bilan, odamga «Ishkamba» nomi berganlar?
Bu taajjubimni u do‘stimga aytib, undan izoh so‘radim. Do‘stim tushuntirib berdi:
— U odamning nomi Qori Ismat. Ammo ba’zilar «Qori Ismati Ishkam», ba’zilar «Qori Ismati Ishkamba» va ba’zi birlar qisqartirib «Qori-Ishkamba» deydilar. Buning sababini bilmayman. Lekin ajab emaski, u odamning qorni juda katta bo‘lganligidan shu laqabni uning nomiga qo‘shgan bo‘lsalar-u, bora-bora, laqab nom o‘rniga o‘tib qolgan bo‘lsa.
— Xalq «Ishkamba» laqabiga loyiq ko‘rgan odamdan biror yaxshilik umid qilib bo‘lmasa ham, — dedim do‘stimga, — siz meni u bilan tanishtiring, men undan «bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar» qabilida bir hujra so‘rab ko‘raman. Bersa-ku, juda yaxshi, bermasa ham zarari yo‘q, ammo «Ishkamba-odam»ning qanday maxluq ekanini bir ko‘rib qolay.
— O‘zim u bilan shaxsan tanish emasmanki, seni tanishtirsam, — dedi do‘stim, — faqat duch kelgan vaqtda ko‘cha-ko‘yda senga ko‘rsata olaman, undan keyin o‘zing yo‘lini topib tanishib olasan. Men rozi bo‘ldim.

II

Kunlardan bir kuni do‘stim bilan Buxoroning Labi hovuzi Devonbegisida sayohat qilib yurib edik, do‘stim sartaroshxonaga kirayotgan bir odamni menga ko‘rsatib:
— Ana shu odam «Qori-Ishkamba», — dedi.
Men uning faqat orqasidan ko‘rib qoldim afti basharasiga ko‘zim tushmadi.
— Unday bo‘lsa men shu yerda qolaman, agar o‘nqovi kelsa tanishib, hujra so‘rayman, bo‘lmasa aftini tanib olib, kelajak uchun yo‘l hozirlayman, — deb do‘stimdan ajraldim.
Men Qori-Ishkamba kirgan sartaroshxonaning oldiga borib, supachada o‘tirdim va o‘ziga bildirmasdan uni ko‘zdan kechira boshladim.
U o‘rta bo‘yli, qorni katta, semiz, bo‘yni kalta va yo‘g‘on, boshi ham katta va sergo‘sht bir odam edi, bo‘ynining yo‘g‘onligi va yuzining sergo‘shtligi shu darajada ediki, uning gavdasi suv to‘ldiriltan meshday tekis ko‘rinar edi. Agar uning qalin soqoli va sochi olinib, kiyimlari ham yechilib tashlansa, nortuyaning oshqozoniga o‘xshab qolar edi, faqat farqi shundaki, bu tuyanint oshqozonidan kattaroq va tusi ham qizg‘ishroq bo‘lib, oyu kuni to‘lgan semiz, tullagan keksa bo‘g‘oz cho‘chqaning xuddi o‘zi bo‘lib qolar edi.
Bunday qiyofani ko‘rgan hamon meiing ko‘nglimga, «Ajab emaski, xalq bu odamning qorni kattaligi uchun emas, balki gavdasining yum-yumaloqligi uchun unga «Ishkamba» laqabini munosib ko‘rgan bo‘lsa», degan fikr keldi.
Durust, bu odamning qorni boshqa odamlarning qorinlaridan ko‘ra juda katta edi, lekin gavdasining boshqa joylari, hatto bo‘yni va yuzlari ham shunday yo‘g‘on va semiz ediki, uning a’zoyi badani shu katta qorin bilan tep-tekis bo‘lib ketgan edi. Soch oldirish navbati Qori-Ishkambaga yetdi. Sartarosh ustarasini qayrab turib:
— Qani, bu yerga marhamat qiling, — deb unga oynaning oldidagi kursini ko‘rsatdi.
Qori-Ishkamba gavdasining og‘irligidanmi yo biron kasalligi sababidanmi, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Lekin yuzining yaltirab, qizarib turganidan, uning semizlikdan boshqa kasali yo‘qligi bilinar edi.
U o‘rnidan turib, uzoq esnagandan keyin ikki qo‘llab sallasini boshidan oldi va sartaroshxonaning devoridagi lungilar osilgan qoziqqa ilib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Lekin sartarosh bunga yo‘l qo‘ymadi va chaqqonlik bilan qo‘lidagi ustara va qayroqni oyna oldidagi javon ustiga qo‘ydi-da;sallani ikki qo‘llab Qori-Ishkambaning qo‘lidan ola turib:
— Sallangiz shunday katta va og‘irki, agar u yerga ilsangiz, qoziq sinib, lungilar yerga tushib, tuproqqa belangan bo‘lur edi, — dedi va sallani supacha ustiga qo‘ydi.
— Xayriyatki, — dedi Qori-Ishkamba, — lungilaringiz tufayli mening sallamni ham tuproqqa belanishdan qutqardingiz, bo‘lmasa besh misqol sovunga kuygan bo‘lar edim.
— Sizning sallangiz tuproqqa tushsa hech bir zararlanmas edi, — dedi sartarosh, — ko‘pdan beri jomashov yuzini ko‘rmagan bo‘lsa kerakki, tuproqdan ham farqsizroq holga kelgan.
Xaqiqatan ham, Qori-Ishkambaning sallasi pechlariga qozon sochiq qistirib o‘ragandek, parcha-parcha qora dog‘lar ko‘rinar edi.
Men o‘ylardim: «Bir salla qancha katta va qanday og‘ir bo‘lsa ham, qoziqni sindirolmasligi aniq». Buni sartarosh ham yaxshi bilar edi; ammo uning sallani qoziqqa ildirmaslikdan maqsadi, uning kirini lungilarga yuqtirmaslik edi. .
— Bunday katta sallani haftada bir jomashovga solish mumkin emas,—dedi Qori-Ishkamba, — u holda sovunning uyi kuyadi.
— Nega bo‘lmasa kichikroq qilmaysiz? Qichikroq bo‘lsa-ku, doka ham ozroq ketadi, sovun ham ko‘p sarf bo‘lmaydi, — dedi sartarosh.
— Bu sallam — yirtish oluvchi salla, — dedi Qori-Ishkamba javobida, — buni boshimga o‘rab mozorboshida, o‘liklarni ko‘mayotgan chog‘da hozir bo‘lsam boshqa odamlarga bir gazdan yirtish berayotgan bo‘lsalar, menga ikki gaz beradilar.
Sartarosh gapira-gapira ustarani qayrab oldi. Ustara bilan o‘z bilagidagi junlarii taroshlab, o‘tkirligini sinab ko‘rgandan keyin, Qori-Ishkambaning bo‘yniga lungini o‘rab yana gapira boshladi:
— Sizni tanimaganlar albatta janozalariga xabar qilmaydilar, taniydiganlar bo‘lsa xoh sallangiz katta bo‘lsin, xoh kichik bo‘lsin, sizga munosib ko‘rilgan o‘lchamda yirtish beradilar. Buning uchun sallani katta qilib, dokani nobud qilish nega kerak?
— Siz sodda ekansiz, — dedi Qori-Ishkamba, — agar, meni janozalariga xabar qiladigan o‘liklarning yirtishlariga qarab tursam, soch oldirish pulini qaerdan topaman? Men kunda peshin namozi vaqtida Devonbegi xonaqohining sahnida hozir bo‘laman. Janoza o‘qish uchun u yerga keltirilgan har bir o‘likning (tanish bo‘lsin, bo‘lmasin) «xudoyi» janozasini o‘qib, uning orqasidan qabristongacha boraman va nasibaga yarasha yirtish olib qaytaman. Agar o‘lik egalari meni tanimasalar yana ham yaxshiroq, u vaqtda sallamning kattaligiga qarab kattaroq yirtish beradilar.
— Siz soch oldirish uchun ortiqcha pul ham to‘lamaysiz-ku, uning tashvishini chekib nima qilasiz? — dedi sartarosh bir kaft suvni Qori-Ishkambaning boshiga quyib, sochlarini ishqalab turgani holda, — boshqa odamlar hafta-o‘n kunda soch oldirib tursalar, siz ikki oyda bir marta soch oldirasiz, ustara haqini ham boshqalar beradiganning yarmisicha berib qochasiz.
Qori-Ishkamba bir oz zarda qilib, boshini sartaroshning qo‘li ostidan tortdi va bo‘yini cho‘zib, boshini ko‘tarib, ko‘zini sartaroshning yuziga tikib, dedi:
— Men xoh haftada bir marta soch oldiray, xoh ikki oyda bir, buning sizga hech bir aloqasi yo‘q. Mening sochim xoh o‘sib ketgan bo‘lsin, xoh o‘smagan bo‘lsin, siz bir marta ustara urasiz, uzun soch uchun ikki marta ustara ishlatmaysizki, mehnatingiz ortiq sarf bo‘lsa, Agar men soch oldirish haqini boshqalardan ko‘ra kamroq bersam, bu to‘g‘rida shikoyat qylishga haqingiz yo‘q, chunki o‘zingiz ko‘rib turibsizki, boshimning yarmisi sochsizdir va siz u yerga hech bir ustara urmaysiz..
Men Qori-Ishkambaning keyingi so‘zlaridan ogohlanib, uning boshiga qaradim, darhaqiqat boshining tepasi sochsiz va terisi burma-burma bo‘lib, qotib qolgan ekan.
Sartarosh Qori-Ishkambaning buzilgan kayfini tarqatish uchun bo‘lsa kerak uzr ohangi bilan:
— Men hazil qildim, Qori amaki, — dedi, — xoh ko‘p haq bering, xoh oz, sizning pulingiz tabarruk. Ikki boshdan men boy bo‘lmayman, qaysi sartarosh yo kosib boy bo‘lganki, men boy bo‘lar edim.
— Boylik, qashshoqlik xudodan, — dedi Qori-Ishkamba ishontiruvchi bir ohang bilan, lekin uning masxaralab, iljayib turishidan o‘zining haligi so‘ziga ishonmaganligi bilinib turardi.
Sartarosh Qori-Ishkambaning sochini olib bo‘ldi, lungini uning bo‘ynidan olib, bir chekkada turgan quti ustiga olib borib qoqdi. Lungini sochlardan tozalab, qayta boshdan Qorining bo‘yniga o‘rab, uning boshiga suv quymoqchi bo‘lganida:
— Kerakmas, — dedi Qori-Ishkamba, — mo‘ylovimni qaychilasangiz bas, boshning kirini tozalattirishga fursatim yo‘q.
— Nega? Biron janozaning vaqti yaqinlashdimiki, muncha shoshilasiz?
— Janoza uchrasa soat o‘n ikkilarda xonaqoh sahnida uchraydi, — dedi Qori va sartaroshxonaning devorida osilgan soatga qarab, yana dedi:
— Hali soat o‘n, boshqa zarur ishim bor.
— Yana qanday zarur ish ekan u? — deb so‘radi sartarosh.
Shu vaqt banka xodimlarining choy ichish vaqtlari, agar bir oz kechiksam choydan qolaman.
— Xo‘p, unday bo‘lsa... — dedi sartarosh salmoqlab va Qorining labini ikki barmog‘i bilan burib ushlab, mo‘ylovini qaychilashga kirishdi.
Men bu so‘z va bu hollarning hech biridan Qori-Ishkambaning qanday odam ekanligini aniqlay olmay qoldim. Men «Agar bu odam bir necha zarxarid hujraning egasi bo‘lsa, nega o‘zining tirikchiligini, hatto soch oldirish pulini tanimagan o‘liklarning yirtishi ustiga qo‘ygan, holbuki bunday ish, uysiz-joysiz, qo‘lidan hech bir ish kelmaydigan gadoylarning ishi. Agar haqiqatan bu odam uysiz-joysiz gadoyday bo‘lsa, nega o‘zini bank xodimlari bilan oshna ko‘rsatadi, hatto ularning tushlik payti ustiga yetib borishni zarur sanaydi? Har holda bu qiziq maxluq ko‘rinadi. Buni ta’qib qilib yaxshigina tanishib olishim kerak. Hujra so‘rash  masalasi bunga bir bahona bo‘ladi...» derdim o‘z-o‘zimga. Sartarosh Qori-Ishkambaning mo‘ylovini qaychilab bo‘lgan hamon u o‘rnidan irg‘ib turdi va sallasini supachadan olib, boshiga qo‘ndirdi-da, sartaroshxonadan chiqdi.
— Qori amaki, soch oldirish puli nima bo‘ldi? — deb sartarosh uning orqasidan tovush berganda, u qayrilib qaramasdan va qadamini sekinlatmasdan:
— Maydam yo‘q, yana soch oldirganda ikkisini bir qo‘shib beraman, — deb tezroq yurib ketdi va bir nafasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

III

Ikkinchi kuni, men yana Qori-Ishkambani duch keltirib, iloji bo‘lsa, u bilan tanishish niyatida ko‘chaga chiqdim. Labi hovuzi Devonbegini aylanib  xonaqohning janub tomonidan boshlanadigan bazzozlik rastasiga tushdim. Bazzozlik do‘konlari oldida o‘tirgan odamlarni bir-bir ko‘zdan kechirib, bu rastaning g‘arb tomondagi adog‘ida bo‘lgan Sesuvga  chiqdim-da, u yerdan shimol tomonga qarab boradigan rastaga burildim. Bu rasta chinni bozori bo‘lib, o‘rta belida sandiq saroyi va sandiq sotiladigan do‘konlar bor edi.
Rastada hali o‘n qadam ham bosmagan edim, ko‘zim Qori-Ishkambaga tushdi. U bir chinnifurushning do‘koni supachasida oyog‘ini osiltirib o‘tirar edi. Men ham uning ro‘parasiga yaqinroq borib, eshigi yopiq bir do‘konning supachasiga o‘tirdim va sichqon poylagan mushukday ikki ko‘zimni uning tomoniga tikdim. Chinnifurushning oldida bir choynak choy bo‘lib, u choydan piyolaga quyib, navbat bilan bir daf’a o‘zi, bir daf’a Qori ichishar edilar. Shu vaqtda bir novvoy boshida bir savat, qo‘lida bir savat non bilan “suvi moy, uni shakar, issiq non. Ehtiyot bo‘l, qo‘ling kuyadi!” deb rastadan o‘ta berdi...
Qori-Ishkamba novvoyni chaqirdi, novvoy uning oldiga borib, qo‘lidan savatni pastlatganda, u, ikki dona qip-qizil nonni tanlab oldi. Nonlarni sindirib chinnifurushning yelpig‘ichi ustiga tashladi va bir burdani og‘ziga tiqqandan keyin qo‘lini yon cho‘ntagiga soldi.
Men uning bu ishidan juda taajjubda qoldim, uning bu ishi tunov kun sartaroshxonada ko‘rganim odamning ishlariga o‘xshamas edi: tunov kun u o‘zini, tirikchiligi o‘liklarning yirtishi ustiga qolgan isqirt bir odam qilib ko‘rsatgan edi, soch oldirish haqida boshining sochsiz joylariga hisoblab, oxiri haq bermasdan qochib ketgan edi: bugun bo‘lsa savdolashmasdan ikki nonni oldi, uni boshqa bir odamning do‘koni oldida sindirib, birgalashib yeyishi bilan bu kun, u, mening ko‘zimda «Hotami Toyi» bo‘lib ko‘rindi.
Qori-Ishkamba cho‘ntagiga tiqqan qo‘lini olib boshqa cho‘ntagiga tiqdi. Bu orada tag‘in bir burda non olib lunjiga joyladi. Novvoy: «Tez bo‘ling, Qori amaki, meni uzating, nonim sovib, bozordan qolmasin», — deb qistar edi.
Qori-Ishkamba hamma cho‘ntaklarini axtarib bo‘lgandan keyin, chinnifurushga qarab:
— Uka, shu nonlarning pulini siz berib turing, cho‘ntagimda pulim yo‘q ekan, agar pulim yo‘qligini boshdan bilsaydim, nonlarni sindirmas edim, — dedi va o‘zi xotirjam bo‘lib, ikki qo‘llab non yeyishga kirishdi.
Chinnifurush manglayini burishtirib, bir nonga qaradi, bir Qoriga, oxiri novvoydan nonning narxini so‘ragandan keyin g‘aladonidan pul chiqarib, to‘lab yubordi.
Ammo Qori-Ishkamba novvoyga ham, chinnifurushga ham qaramay ikki ko‘zini yonga tikkanicha lunjiga non burdalarini tiqmoqda edi. Faqat chinnifurush novvoyni uzatib, o‘z oldiga qo‘yib qo‘yilgan choyni ichayotganida Qori-Ishkamba unga qaramagani holda qo‘li bilan uni non yeyishga taklif qildi.
Chinnifurush nondan bir burda olib yeb, qo‘lidagi piyolani bo‘shatguncha, Qori-Ishkamba sindirilgan nonlarni yeb tugatayozgan va yelpig‘ich ustidagi sindirilgan non kamaygan sari, Qori-Ishkambaning ishtahasi orta borardi. Oxiri shu darajaga yetdiki, chaynalmagan non bilan to‘lgan lunjini qimirlata olmaydigan, tomog‘idan non o‘tmaydigan va og‘zi gapirishga imkon topolmaydigan bo‘ldi. Qo‘li bilan chinnifurushga choynakni ko‘rsatib, ishorat bilan bir piyola choy quyib berishni suradi. Chinnifurush iljaygani holda piyolaga choy quyib, unga uzatdi. Qori-Ishkamba bir qo‘lini yelpig‘ich ustida qolgan eng oxirgi bir burda non ustiga qo‘ygani holda ikkinchi qo‘li bilan piyolani olib, bir ho‘plam choy ichdi. Shu bilan og‘zidagi nonlar yumshab, lunji bir oz bo‘shagan bo‘lsa kerakki, eng oxirgi non burdasini ham og‘ziga tiqdi va piyoladagi choyni xo‘rillatib ichgandan keyin, og‘zidagi nonlarni chaynay-chaynay o‘rnidan turib ketdi. Men ham uning orqasiga tushdim...
Qori-Ishkamba yo‘l yurishda uncha shoshilmas edi, asta-asta qadam tashlab, ikki tomondagi do‘kon va do‘kondorlarni bir-bir ko‘zdan kechirar, ko‘zi ko‘ziga tushgan  odamlar bilan «salom-alik» ham qilar edi.
U bir necha qadam yurgandan keyin, sandiq saroyi, oldida bir sandiqfurush do‘konining supachasiga o‘tirdi. Sandiqfurushning o‘zi do‘konining ichkarirog‘ida o‘tirardi, oldiga hisob cho‘ti tik qo‘yilgan bo‘lib, labi pichirlar edi.
Qori-Ishkamba o‘tirgani hamon yonboshlab, qo‘lini cho‘tning orqasiga uzatdi-da, u yerdan bir narsani olib og‘ziga tiqdi.
Men sandiqfurush do‘konining yonida o‘tirarga joy topmadim, noiloj qolib, uzoqroqda bir bo‘sh joy topib o‘tirdim. Lekin u yerdan turib Qori-Ishkambaning ishlarini payqay olmas edim. Faqat sandiqfurush do‘konining oldidan o‘tayotganimda shuni sezdimki, u, bir narsani (o‘tgan-ketganlarning ko‘zidan yashirmoqchi bo‘lib) hisob cho‘ti panasiga qo‘yib yemoqda ekan, shunday bo‘lsa ham, Qori-Ishkambaning «o‘tkir ko‘zi» uni ko‘rgan va ola solib u yerga o‘tirib, u narsani yeyishda sandiqfurushga yordamlasha boshlaganini payqadim, u narsaning nima ekanligini aniqlay olmadim.
Qori-Ishkamba sandiqfurush do‘konida ko‘p o‘tirdi, yeydigan narsani yeb bo‘lganidan keyin, o‘rnidan turib do‘ppi va shohi bozori bo‘lgan «timcha»ga kirdi. Bu «timcha» deb atalgan bozor chinnifurushlik rastasi bilan attorlik rastasi orasida ko‘ndalang bo‘lib, ikki rastani bir-biroviga tutashtiradigan usti yopiq torgina bir yo‘lakcha edi.
Men timchadan ancha uzoqlikda o‘tirgan joyimdan turib, Qori-Ishkambaning orqasidan yetishmoq uchun darrov yo‘lga tushdim va timchaga kirib, unga yetib oldim. U ham bu gal bir oz tez yurar, ikki tomondagi do‘kon va do‘kondorlarga ko‘p qaramas edi. Faqat bora turib bir do‘ppifurushning do‘koni oldida to‘xtab qoldi.
Tevarakda munosib o‘tirar joy bo‘lmaganidan, men ham o‘zimni xaridor ko‘rsatib, do‘ppifurush do‘konining oldida turdim.
Qori-Ishkamba do‘ppifurush bilan salomlashgandan keyin, undan:
— Mening do‘ppilarimni sotdingizmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, hali sotganim yo‘q, — dedi do‘kondor.
— Sotgansizku-ya, lekin pulini bir necha kun ishlatmoqchisiz? — deb Qori-Ishkamba do‘kondorning gapiga ishonmaganligini bildirdi.
— Qori amaki, siz odamga ishonmaydigan bir kishisiz, shunday  degani holda do‘konlar orqasiga qayrilib qo‘lini rafchalarning biriga uzatdi va ustma-ust qo‘yilgan, bir dasta do‘ppini olib, Qori-Ishkambaga ko‘rsatdi:
— Shular sizning do‘ppilaringiz emasmi?
— Shular mening do‘ppilarim, — dedi va qo‘shimcha qildi, — boshda ham men sizning gapingizga ishongandim, faqat bir hazil qilgan edim-da, darrov achchig‘ingiz kelmasin.
— Nega achchig‘im kelsin? Sizning munaqa «hazil»laringizni endi eshitayotganim yo‘q-ku.
— Xo‘p, hazilni bir yoqqa qo‘yaylik, — dedi Qori-Ishkamba, — men bu kun pulga juda muhtojman. Bir ish  qilib shu do‘ppilarning pulini, hech bo‘lmaganda yarmisini berib tursangiz, meni juda minnatdor qilgan bo‘lar edingiz. Shunday qiling, jon uka! Ilohi bolalaringizning to‘yini ko‘ring!
— Bu gapingiz hazil bo‘lsa ham yaxshi emas, chin bo‘lsa ham, — dedi do‘ppifurush jiddiy bir ohang bilan.
— Nega?
— Shuning uchunki, — dedi do‘ppifurush, — siz mendan o‘z do‘ppilaringizni chakana narx bilan sotib berishni so‘ragan edingiz, agar men o‘z dastmoyamdan sizga bularning pulini avvaldan berib qo‘yib, keyin bitta-bitta sotib, u pulning o‘rnini to‘ldirsam, menga foyda bo‘lmaydigina emas, balki zarar bo‘ladi. Chunki sizning o‘zingiz har yuz tangangiz uchun mening o‘zimdan har oyda ikki yarim tanga foyda olasiz. Shunday bo‘la turib, «o‘z pulingdan menga berib tur», deysiz.
Qori-Ishkamba, do‘ppifurushning bu gapiga javob topolmaganidan bo‘lsa kerak, o‘ylab qoldi va do‘ppifurush yana so‘zga kirishdi:
— Bo‘lmasa bir ish qilaylik — na six kuysin, na kabob.
— Qanday ish? — deb so‘radi Qori-Ishkamba.
— Siz o‘z do‘ppilaringizni ko‘tara narx bilan baholab menga soting, men ham bularning pulini sizga  naqd to‘lay, undan keyin chakana narx bilan o‘z hisobimga bitta-bitta sotay, u holda menga ham bir narsa qoladi, siz ham pulingizni hozirdan olasiz, nima deysiz?
— Bunday savdo menga to‘g‘ri kelmaydi, u vaqtda : do‘ppilar pulining qariyb to‘rtdan biri qo‘limdan ketadi, — dedi Qori-Ishkamba va ketmoqchi bo‘ldi.
— O‘tiring! Do‘ppilaringiz puli ustidan bitta choy damlay, — dedi do‘ppifurush hazillashib.
—Rahmat, men hozir bankaga borib choy ichaman, — dedi Qori va kulib qo‘shimcha qildi, — mening do‘ppilarim pulidan bo‘ladigan choyga na sizning tishingiz o‘tadi, na o‘zimniki.
Do‘ppifurush Qori-Ishkambaning bu gapiga kularkan, mendan:
— Sizga nima kerak?— deb so‘radi.
— Do‘ppi!
Qetarmon bo‘lib qadamini olg‘a bosgan Qori-Ishkamba mening bu gapimni eshitib, yo‘ldan qaytib to‘xtab qoldi va do‘ppifurushga qarab:
— Bu kishiga mening do‘ppilarimdan ko‘rsating! — dedi. Do‘ppifurush Qori-Ishkambaning do‘ppilarini dastasi bilan mening qo‘limga berib:
— Mana bulardan birortasini tanlang! — dedi. Men ham ularning orasidan bittasini ajratib;
— Mana shunisi qancha turadi? — deb so‘radim. 
— Besh tanga, — dedi do‘ppifurush.
— Ikki tanga! — dedim men do‘ppilarni dastasi bilan uning qo‘liga qaytarib berib.
— Insof qiling, uka, — dedi Qori-Ishkamba menga qarab, — bularning har biriga to‘rt tangalik masallik sarf bo‘lgan, aqalli o‘sha masalliqning pulini bering, tikish haqini sizga bag‘ishlasinlar,
— Bu kishi do‘ppi olmaydilar, — dedi do‘kondor do‘ppilarni rafchaga qo‘ya turib, — bekorga xomtama oo‘lmang.
Qori yo‘lga tushdi, men ham...
Qori-Ishkamba timchaning attorlik rastasiga o‘tiladigan tomondan chiqib, bir attorning do‘koni oldida to‘xtadi. Men ham do‘ppifurush do‘koni yonidagi tajribamni ishlatib, o‘zimni xaridor ko‘rsatib uning yoniga borib turdim.
Qori-Ishkamba attor bilan salomlashgandan keyin unga: — «avarasi» hisobidan bir tishlam gulqand bering, ishtahadan qolibman, — dedi.
Attor kulimsirab, oldidagi mis tosning qopqog‘ini ochdi va uning ichidan temir belcha bilan yong‘oqday gulqand uzib, Qoriga uzata turib dedi:
— Xayriyatki, ishtahadan qolgan ekansiz Qori aka, bo‘lmasa butun dunyoni yeb qo‘yar edingiz. 
Qori-Ishkamba belchani attorning qo‘lidan olib, uning uchidagi gulqandni tishi bilan uzib oldi va belchani attorga uzatib:
— «Avarasi» juda ham kichik bo‘lipti, tishlarimning kovagida yo‘qolib ketdi, — dedi.
— Do‘konim kichkina, mollarimning bori  bobo olib nabira sotadigan mollar, bu holda «avarasi» bundan katta bo‘lmaydi.
— Xo‘p, «avarasi» uchun bo‘lmasa xudo uchun yana bir tishlam bering, duo qilaman, — dedi Qori-Ishkamba.
Attor yana bir tishlam gulqand uzib, belcha bilan Qoriga uzatdi, Qori bu daf’a belchani attorning qo‘lidan ola turib, menga qarab:
— Uka, menda biron ishingiz bormi? —dedi to‘satdan. Men uning bu savolidan shoshib qoldim, chunki bunday savolni undan kutmagan va javobiga hozirlanmagan edim. Men: «Ha, sizda ishim bor, oyloq yerda aytaman» deb, uni bir chekkaga tortib, hujra masalasini uning oldiga qo‘yish o‘rniga, boshqacha harakat qildim: attor agar: «Ha, uka, sizga nima kerak» desa, uning javobi uchun hozirlab qo‘ygan so‘zimni telbalanib, Qori-Ishkambaga aytib yubordim:
— Ha, menga murch kerak! — dedim.
Albatta bu javob Qori-Ishkambaning: «uka, menda biron ishingiz bormi?» degan savoliga tamoman aloqasiz bo‘lib tushdi. Buni darhol o‘zim ham sezdim, shuning uchun tezlik bilan qo‘limni yon cho‘ntagimga tiqdim, darrov bir oz murch olib, u yerdan qochmoqchi. bo‘ldim. Baxtga qarshi, cho‘ntagimda biron pul ham yo‘q ekan,qizarib-bo‘zarib attorga qarab:
— Hozir yonimda pulim yo‘q ekan, borib pul keltirib, so‘ngra olaman, — dedim-da, tura solib u yerdan qochdim. Attorning do‘koni oldidan uzoqlashayotganimda  ko‘zimning qiri tushdi: Qori-Ishkamba quyi labini! yuqori labi ustiga tortib, mening haqimda nimanidir ishorat bilan attorga anglatmoqda edi.

* * *

Bugun ham mening «ovim» yurmadi. Yurmadigina emas, tuzoq oldiga kelgan «ov» hurkib qochgan edi, bundan buyon uning orqasidan tushish yo‘li men uchun to‘silgan edi; Qori-Ishkamba oldida sharmanda bo‘lgan edim. «Murch olishim»ning yolg‘onligi uning oldida kun kabi oydin edi. Men murch olmasdan «murch yegan»  edim, hatto u «murch olishim»ga qiyos qilib «do‘ppi olishim»ning ham yolg‘onligini bilib olgan edi.
Endi pushaymon qilish o‘rinsiz, «afsus» foyda bermas, ov tuzoqdan qochgan, qush qo‘ldan uchgan edi.
Shuningdek, men u bilan tanishish va uning ahvolini o‘rganishdan umidimni uzmagan, faqat bu maqsadga yetishish uchun boshqa yo‘llar, boshqa tadbirlar izlamoqda edim. Oxir xayolimga maia shunday bir fikr keldi: uning uyining adresini topaman, to‘ppa-to‘g‘ri uyiga boraman, uning oldida «do‘ppi olishim» va «murch olishim»ning yolg‘onligini inkor qilaman, «sizning orqangizga tushishdan maqsadim, siz bilan tanishib, sizdan hujra so‘ramoq edi», deyman. Shu bilan ham sharmandalikdan qutulaman, ham u bilan tanishib olaman, Shundan keyin uning ahvolini o‘rganish uchun menga yo‘l ochiq bo‘ladi.

IV

Qori-Ishkamba uyining adresini izlab yurgan kunlarimdan birida Labi hovuzi Devonbegining shimolida  bo‘lgan choyfurushlik rastasidan o‘tar edim. Bu rastaning o‘rta belida, Ko‘mir bozori ko‘chasining ro‘parasida «Jannatmakoniy» atalgan bir saroy bor. Bu saroyning darvozasining ikki yoniga ikki supacha qurilgan edi. Bu supachalarning birida Rahimi Qand degan bir kishi qand, konfet va boshqa shirinliklar solingan la’lisini  oldiga qo‘yib, sotib o‘tirardi. Men ham ba’zi vaqt u supachalarning boshqa birida o‘tirib, Rahimi Qandni gapga solardim. Bugun ham o‘sha supachaga borib o‘tirdim.
Rahimi Qand uzun bo‘yli, oriq, chuvak yuzli, bug‘doy tusli, soqoli to‘la darajada ko‘sa bo‘lib, o‘zi juda qiziq odam edi. Men uning gaplarini zavq bilan tinglar edim. Bu odamning tug‘ilgan yeri Shofrikon rayonining «Istamziy» qishlog‘i bo‘lib, Buxoroda tanburchilik qilar edi.
U juda kambag‘al, ayolmand va bechora bir kishi bo‘lib, o‘z kasbi — tanbur chalishda ham uncha mahorati yo‘q edi. Buning ustiga, u, sho‘rpeshana, qayg‘uli va juda kamgap edi. Agar gapirsa ham, jiddiynamo so‘zlar gapirar, o‘z zamondoshi bo‘lgan kasbdoshlariday hazilkashlik, sho‘xlik, qiziqchilik va xushomadgo‘ylik, laganbardorlik kabi ishlarni bilmas yoki qilmas edi. Shuning uchun uni boylar o‘z to‘y va bazmlariga olib bormas, olib borsalar ham bunga uncha mablag‘ bermas edi. Xaridori oz bo‘lganligi sababli, agar uni biron odam o‘z to‘yi va bazmiga olib borsa, o‘ttiz tiyinga barasar keladigan Buxoroning ikki tangasiga rozi bo‘lar edi.
Uning ish haqi boshqa xonanda va sozandalarga ko‘ra ko‘p arzon bo‘lgani uchun mullavachchalar o‘z «ijtimoana»lariga  ko‘pincha uni olib borar edilar. Men u yilan shunaqa «ijtimoana»lardan birida tanishgan edim.
Ba’zi vaqt mullavachchalar o‘z bazm majlislarida unga ko‘p azob berardilar. Bir kecha mana shunday bir voqea yuz bergan edi.
Bir yil, hamsaboqlarimiz har yildagiday domla mudarris oldida kelajak yilning darsini boshlab qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Yangi dars boshlash uchun albatta domlaga sulukat  qilish kerak edi. Buning uchun o‘zaro  pul to‘pladilar. Yuz nafarcha bo‘lgan bu madrasa ahlidan bir ming besh yuz tanga pul yig‘ildi. Bu mablag‘ning bir ming to‘rt yuz tangasini «xolvayiga»  sarf qildilar. Non, mayiz, turli holvalar, domla uchun choy-non oldilar hamda domlaga naqd pul berdilar.
Darsni boshlab, domla oldidan o‘tgandan keyin, qolgan yuz tangani «ijtimoana»ga sarf qildilar yuz nafar mullavachcha va yigirma nafarcha mehmon uchun palov, nisholda, murabbo va non tayyorladilar.
Bu majlisning sozandasi shu Rahimi Qand edi. Uni ikki tangaga savdolab, olib kelgan edilar. U tanbur chalar va mullavachchalarning o‘z oralaridan yetishgan xushxonlari ashula aytar edi.
Xushxon mullavachchalar bir necha nafar edilaru ular navbat bilan ashula aytardilar, ammo Rahimi Qand yolg‘iz o‘zi dam olmasdan, tanbur chalishga majbur edi. Vaqt yarim kecha bo‘lganda, u tamoman holdan toyib qoldi. Barmoqlari madorsizlanib, tanbur toriday titramoqqa boshladi. Lekin mullavachchalar uning holiga qaramasdan, «Yana chal!» deb qistardilar.
Oxiri, u ham o‘zining uzil-kesil gapini aytdi:
— Agar o‘ldirsangizlar ham endi chalolmayman! — dedi.
— Hali gap shumi, — dedi xushxon mullavachchalardan Amini Mush  degan birovi do‘q urib.
— Gap shu! — dedi Rahimi Qand qat’iyat bilan.
— Sheriklar, turinglar, «xar murd» , — dedi Amini Mush majlis ahliga qarab va o‘zi hammadan buruv turib, Rahimi Qandni yerga yumalatib bosdi. Boshqa bir necha mullavachchalar turib, uni ura boshladilar.
Rahimi Qand avval «dod» dedi, «voy» dedi, so‘ngra urayotganlarga yalindi, yig‘ladi-siqtadi, ammo bu yalinish-yolvorishlarning hech biri foyda bermadi. Ular-uni kuchlari boricha urmoqda edilar.
Oxiri, Rahimi Qand bo‘g‘ilgan ovoz, qisilgan nafas bilan hiqillab:
— Xo‘p, qo‘yvoringlar «taqsirchalar», yana bir oz chalib beraman, dedi.
«Xar murdchi»lar undan qo‘l tortdilar. U zo‘rg‘a o‘rnidan turib, devorga suyanib o‘tirdi, titroq barmoqlari bilan tanbur torini bir oz titratdi...
Shu vaqtda osh tayyor bo‘ldi, palov suzilgan tovoqlarni keltirib, majlis ahllarining oldilariga qo‘ya berdilar. So‘zlar uzildi, qo‘llar tovoqqa cho‘zildi, boshlar egildi, ko‘zlar oshga tikildi. Rahimi Qand ham tanburini devorga suyab qo‘yib, butun gavdasi bilan tovoqqa tashlandi.
Birpasda tovoqlar bo‘shalib, yalandi, dasturxonlar ham yig‘ishtirildi. Endi tarqalish vaqti yetishgan edi, majlis ahli to‘rttalab, beshtalab uydan chiqa boshladilar.
Rahimi Qandga xizmat haqi uchun ikki tanga berdilar. Buning ustiga bitta non va bir kosa osh ham berib, «buni bolalaringga olib bor», dedilar.
Rahimi Qand sira kutmagani bu «in’om»dan benihoya quvondi.
— Ilohi hammalaringiz mudarris bo‘linglar, mufti bo‘linglar, oxund bo‘linglar, rais bo‘linglar, qozi bo‘linglar, qozi kalon bo‘linglar! — deb mullavachchalarni haqlariga duo ham qildi.
— Bizning hammamizning bu mansablarga yetishmog‘imiz uchun bu kungi bu mansablarda turganlarning o‘-moqlari yoki bu mansablardan tushmoqlari kerak, — dedi bir mullavachcha va qo‘shimcha qildi, — sizning bu duoingiz haligi mansab egalari uchun bir qarg‘ishdir, agar ular eshitib qolsalar, sizni «xar murd» qilib o‘ldiradilar.
— Mayli, — dedi Rahimi Qand bir oz iljayib,— agar «xar murd»dan keyin bitta non bilan bir kosa osh bersalar zarari yo‘q.
Men Rahimi Qandning umrimda ikki marta iljaygan holda ko‘rganman. Biri o‘sha majlisda, yana birini quyiroqda hikoya qilaman.

* * *

Ikki tanga daromad bilan (u ham kunda muyassar bo‘lmaydi), bitta non va bir kosa osh bilan (u ham o‘p besh kunda, bir oyda «xar murd» bo‘lgandan keyin qo‘lga kiradi) albatta Rahimi Qand kabi ayolmand bir odamning kuni o‘tmas edi. Agar u boshqa biron kasbga kirishmoqchi bo‘lsa, tanburchilikdan o‘zga hunari yo‘q  agar qishloqqa chiqsa, yeri yo‘q, agar savdo-sotiqqa kirishmoqchi bo‘lsa, sarmoyasi yo‘q edi.
Shuning uchun u yordamchi «kasb» yo‘sinida la’liga qand va boshqa shirinliklar solib, ko‘chada sotib o‘tirar edi. Bu ishda uning sarmoyasi bir-ikki qadoq qand va konfetdan iborat edi. Qandni anburcha bilan ushatib, kattaroq bo‘laklarini ikki pul, kichikrog‘ini bir puldan baholab, la’liga solar, la’lining bir burchagida arzonbaho konfet va obaki dandonlar turar edi.Rahimi Qand kunda mana shu «tijorat molini» ko‘tarib, qo‘ltig‘iga bir kigizcha qistirib, «Jannatmakoniy» saroyi oldiga kelar, kigizchasini saroyning darvozasi oldidagi supachalardan biriga yoyar, o‘zi uning ustida cho‘kkalab o‘tirib, la’lisini oldiga qo‘yar edi.
Uning ko‘pincha xaridori ,bosh yalang, oyoq yalang, boqimsiz qolgan ko‘cha bolalari edi. Ular goho «xo‘jayin»ning ko‘zini chalg‘itib, bu «mollar»ning bir qismini changallab olib qochar ham edilar.
Uning mana shu «kasbi» munosabati bilan Buxoro xalqi uning nomiga «qand so‘zini qo‘shib Rahimi Qand  der edilar.

* * *

Men goho Rahimi Qandning qand yoki konfetidan bir donasini ikki pulga olib, saroyning boshqa supachasida shimib o‘tirar edim. Lekin menga qand va konfetdan ko‘proq uning kam uchraydigan gaplari, hikoyalari huzur baxsh etar edi.
Rahimi Qandning menga aytib bergan hikoya va sarguzashtlaridan ikkitasi esimda qolgan.
Bir kun, u, zamona ahlining «betamizligidan, qadr bilmasyaigidan» shikoyat qilib dedi:
«Agar zamona ahlining tamizi bo‘lsaydi, hunarmandni hunarsizdan farq qila olsaydi, hunarmandning qadrini bilsaydi, boshqa sozandalarga unday va menga bunday muomala qilmasdilar.
Bu tanburchilarning, bu dutorchilarning, bu hofizlarning ko‘plari «usta ko‘rmagan shogird»lardir. Lekin betamiz odamlarni ahmoq qilib, pul topish yo‘lini juda yaxshi biladilar. Men bo‘lsam, bu ilmning bir necha mohir ustalarida necha yillar xizmat qilib, bu hunarni orttirganim holda yemoqqa non topolmayman.
Rahimi Qand bu so‘zdan keyin, o‘zining hunarmandligini va ustozlarining zabardastliklarining isboti uchun quyidagi «sarguzasht»ini hikoya qilib berdi:
— Men, qozonfurush Nasrulloboyga (odamlar uning nomini qisqartirib, «Nasrulloi Deg» der edilar) o‘n yil xizmat qildim.
Nasrulloi Deg shashmaqomda yagona edi. Tanbur va dutorlarni sayratib yuborar, childirmasining tovushi bilan osmon tabaqalarini yorar edi.
Shogirdligimning oxirlarida shashmaqomni suv qilib ichgan edim, u meni bazmlarga, o‘zi bilan birga olib boradigan bo‘ldi. Bir kuni u meni qozi kalon quyovining Xitoyon qishlog‘idagi chorbog‘iga olib bordi. U yerda shaharning manman degan sozanda va xonandalari to‘plangan edilar. To yarim kechagacha hammamiz jo‘r bo‘lib, bazm qildik, yaxshigina charchadik. Ovqatdan keyin sozandalar yotib uxladilar. Sahar yaqinlashgan edi. Shu vaqt ustozim Nasrulloi Deg bog‘ egasi — qozi kalonning kuyoviga:
— Agar ruxsat bersangiz shogirdim bilan birga bir maxsus bazm qilib beray, — dedi.
Albatta bog‘ egasi taklifni xursandlik bilan qarshi oldi. Nasrulloi Deg menga qarab:
— Tanburni «Navo»ga sozla! — dedi. Men tanburni sozladim, u childirmani olovda qizdirib, qo‘liga  oldi. Men tanbur chalishga kirishdim, u childirma bilan navoning «usulini» saqlab ashula ayta boshladi....
Bir vaqt qaerdandir bulbullar uchib kelib, biz tagida bazm qilayotgan daraxtning shoxiga qo‘ndilar...
— Bulbullar bizning chalish va xonishimizga quloq solib, bir oz jim turdilar, biz chalayotgan maqomning «usulini» bilib olganlaridan keyin ular ham bizga jo‘rlab «chaxchaxlasha» boshladilar.
Bulbullarning bu ishlaridan ustozim shavqlanib, go‘yoki ular bilan musobaqaga kirishgandek «falak pech» nolalar qilar edi. Men ham tanbur torini har bir chertganimda, go‘yoki eshitguvchilarning jon tomirlariga tirnoq urgan kabi ularni dod-faryod qilishga majbur etardim...
Oxirida bulbullar «musobaqada» yutqizib, jim bo‘lib qoldilar. Ular bir nafas jim turganlaridan keyin, hushu ixtiyorlarini qo‘ldan berib, daraxt shoxidan ajralib, parvonalar kabi o‘zlarini biz tomonga tashladilar va parvona sham atrofidan qanday aylansa, ular ham bizning boshimiz ustida shunday aylanar edilar.
Biron minutdan keyin, bulbullar tamom holsizlanib, ulardan birisi mening tanburimning quloq cho‘piga va boshqa birisi ustozim childirmasining gardishiga qo‘ndi...
Rahimi Qand naql qiladigan bunaqa sarguzashtlarning yolg‘onligi o‘z so‘zidan ravshan bo‘lsa ham, men unga qarshi biron narsa demas edim. Chunki u o‘zi gapirib berayotgan hikoya va sarguzashtlariga qarshi eshitguvchidan oz bo‘lsa-da, ishonmaslik sezsa, u odamga boshqa unaqa gaplarni gapirmas va undan oshnolik aloqasini uzar edi.
Holbuki, uning hikoyalarini eshitish menga zavq berar edi, ayniqsa men bundan ko‘proq zavqlanardimki, u afsonaga o‘xshagan o‘z hikoyalarini jiddiylik bilan gapirar va mening «tamoman ishonib» eshitayotganimga imoni komil edi.

* * *

U bir kun menga o‘sha zamonning «qahramonlari»— amir navkarlari to‘g‘risida gap ochdi. Gap Amir Muzaffarning hisorliklar bilan urushi ustida to‘xtadi. U Amir Muzaffarning Denov qo‘rg‘oni oldida hisorliklarning boshlaridan kalla minora yasaganini, bir soatda to‘rt yuz asirning boshini kestirganini hikoya qilgandan keyin, gapini Azizullo degan bir «qahramon» ustiga keltirdi:
— Azizullo, — dedi Rahimi Qand, — asli Balxdan bo‘lib, Buxoroga tahsili ilm uchun kelgan, Amir Muzaffarning hisorliklarga qarshi urushiga ko‘ngilli bo‘lib qatnashgan va bu ishiga mukofot yuzasidan G‘ijduvon tumaniga rais qilingan edi.
Azizullo Hisor urushida Amirning «galabotur»  navkarlari qatorida hisorliklar safiga ot minib hujum qilgan, har bir qilich urishida o‘n-o‘n ikki nafarni daraxt novdasiday qalam qilib chopib tashlagan bir qahramon edi. Urushning ayni qizib turgan chog‘ida oti shoxlari bir-biroviga o‘ralashib ketgan ikki tut daraxti orasidan shahd bilan o‘tayotganida Azizulloning kallasi shoxlarga ilinib, uzilgan. U ham tezlik bilan otning boshini orqaga qaytarib, hali qoni sovumagan o‘z kallasini shox orasidan ajratib olib, kiftiga o‘rnatganda, yana ot choptirib jangga kirib ketgan... Men hikoyaning bu yerini eshitganimda Rahimi Qandga dedim:
— Xayriyatki, Azizullo o‘z kallasini kiftiga o‘rnatganda teskari qo‘ymapti, bo‘lmasa, ko‘zlari orqa tomonida bo‘lib, hayotda qiynalib yurgan bo‘lardi.
Rahimi Qand, mening bu so‘zimdan o‘z hikoyasiga ishonmaganligimni sezib, qizishib ketdi va zardalanib dedi:
— U, ko‘r emas edi, aqlsiz ham emas ediki, kallani tanaga qanday va qaysi tartibda o‘rnatishni bilmasin.
Men unga uzr aytib, uning hikoyasiga tamoman ishonganimni isbot qilishga urindim. Shunday bo‘lsa ham, u menga bir necha vaqtgacha sarguzasht va hikoyalardan gapirmadi.
Rahimi Qand umrining oxirlarida shayxga murid, eshonlarning jar va suhbatlariga yuradigan bo‘ldi. Shundan keyin hech yerda va hech bir kishiga munaqa hikoyalardan gapirmas edi. Lekin bularning o‘rniga shayxlarning «karomatlari»dan gapirar, Azizulloning qahramonligi»ni qanday bezatib, ishonib va ishontirib gapirsa, firibgar shayxlarning «karomatlari»ni ham o‘shanday bezatib, ishonib va ishontirib gapirar edi. Shayxlarga va ularning «karomatlari»ga ishonmaydigan odamlar bilan «shakkok», «kofir» deb oshnalik qilmas edi.

V

Men saroy darvozasi oldidagi supachada o‘tirib, Rahimi Qanddan ikki pulga olgan konfetni shimimoqda va «qanday qilib unga biron hikoya so‘zlataman», deb o‘nlamoqda edimki, uzoqdan Qori-Ishkamba ko‘rindi. Men ikki ko‘zimni unga tikdim. U ham nazari menga tushgandan keyin ko‘zini mendan uzmadi. Uning o‘tkir na ma’nodor qarashlaridan «ana u kungi yolg‘onchi» degan tovushni eshitayotganday bo‘lar edim. Shuning uchun uyalib undan ko‘zimni uzdim...
U tikka Rahimi Qand o‘tirgan supacha oldiga keldi, u bilan salomlashgandan keyin, la’lidan bir-ikki dona qand-qursni olib, og‘ziga soldi va bir dona konfetdan ham olib, uning qog‘ozini ochayotib o‘z yo‘liga keta  berdi va ketayotganda mening tomonimga yana bir qaradi, men undan yuzimni o‘girdim.
Rahimi Qand, uning qand-qurs va konfetni yeb, ularning pulini bermasdan ketayotganini ko‘rib, orqasidan tovush berdi:
— Qori amaki, hazil qilmang, men kambag‘al va  ayolmand bir odamman, yegan narsalaringizning pulini  berib keting!
Qori-Ishkamba orqasiga qayrilib ham qaramay:
— Yuzsizlik qilma, ko‘rnamak bo‘lma, tunov kun yegan oshingni esingdan chiqarma! Yana biron vaqt senga manfaatim tegadi, men yegan narsalarning puli «bolasi, nabirasi va chevarasi» bilan senga qaytadi, — dedi va o‘z yo‘liga qarab ketdi.
Rahimi Qand o‘z-o‘zicha g‘udunglab:
— Isqirt, o‘limsaxo‘r!.. — deb uni so‘kdi.
— Buning o‘zi kim? — deb so‘radim Rahimi Qanddan. 
— Salla o‘ragan hindi, o‘taketgan sudxo‘r, isqirt, mumsik bir odam, — dedi.
— Siz uning tuzini qanday yegan edingizki, u sizga «...ko‘rnamaklik qilma!» deydi.
— Uning tuzini men tugul, o‘zi ham totgan emas, — dedi Rahimi Qand va minnat qilgan «tuz» va «osh» to‘g‘risida gapirib ketdi: — Tunov kun meni bir meshkobchi o‘z to‘yiga chaqirib edi, men hovli yuzida so‘ri ustida o‘tirib, tanbur chalmoqda edim. Bu isqirt mehmonlar qatorida mehmonxonaga kirib, osh yeb chiqdi va boshqa mehmonlar kabi to‘yxonadan chiqib ketmay, mening yonimga kelib o‘tirdi. Shu orada yana bir necha dapqir mehmonlar kirib, osh yeb chiqdilar, u hali ham o‘rnidan qimirlamas edi. Oxiri, mehmonlarning keti uzildi, U, to‘y egasini chaqirib:
— Rahim aka uchun ham osh buyuring axir, qo‘li bilan birga «qorni ham tanbur chalayotir», — dedi va qo‘shimcha qildi, 
— Rahim akaning oshi seryoqqina, sergo‘shtgina bo‘lsin.
...Oshni keltirdilar, haqiqatan ham, sergo‘shtgina seryoqqina suzgan ekanlar. Lekin oshning to‘rtdan bir» ham menga nasib bo‘lmadi. Mehmonlar  qatorida mehmonxonada osh yeb chiqqan holda, men uchun keltirilgan oshdan ham har osham oshga ikki bo‘lak go‘sht qo‘shib olar, chaynamasdan yutar-yutmas yana oshga qo‘l uzatar edi.
Oshdan keyin yana men tanbur chalmoqchi bo‘lib, tanburning quloqlarini burab, sozlayotganimda u qulog‘imga pichirlab:
—Agar shu to‘ydan senga bir tovoq osh olib bersam, yarmisini menga berasanmi? — deb so‘radi.
— Beraman! — dedim men.
Yana bir payt tanbur chalganimdan keyin, yana og‘zini qulog‘im tubiga keltirib:
— Endi bas qilsang ham bo‘ladi, — dedi.
Men ham tanbur chalishni to‘xtatib, tanburni jildiga tiqa berdim va to‘y egasini chaqirib:
— Xayr endi, menga javob bering! — dedim.
To‘y egasi ikki tangani qo‘limga qistirib, oldimga bir non bilan bir hovuch qandolat keltirib qo‘ydi.
Men pulni cho‘ntagimga solib, non bilan qandolatni ro‘molchamga tuga berdim. U to‘y egasiga qarab:
— Rahim aka ayolmand odam, unga sergo‘sht va seryoqqina qilib bir tovoq osh bering. Oshning ustiga bitta non ham qo‘ysinlar, bu kishiga har narsa bersangiz kuymaydi, vaqti kelsa yana xizmat qiladi, — dedi.
To‘y egasi uning so‘zini ikki qilmadi. Bir tovoq palovga bir dona chapati non qo‘yib keltirib, menga berdi va:
— Tovoqni qaytarib berishni unutmang! — dedi.
— Xo‘p! — deb men non, mag‘iz tugilgan ro‘molchamni qo‘ynimga soldim, tanbur va tovoqdagi oshni ko‘tarib to‘yxonadan chiqdim. Bu odam mendan oldin yurmoqda edi.
To‘yxonadan bir necha qadam uzoqlashganimdan keyin, u yonimga yondashib:
— Mening hovlim yo‘l ustida,—dedi,—avval u yerga yuramiz, men unda oshdan o‘z «haqim»ni olaman, so‘ngra sen o‘z haqingni olib, uyingga ketasan.
Men rozi bo‘ldim. Biz ko‘pgina ko‘cha va tor ko‘chalarni aylanib, uning hovlisiga yetdik. Ma’lum bo‘ldiki, uning hovlisi, mening hovlimga ko‘ra to‘yxonadan uzoqroqda ekan... .
Men bu fursatdan foydalanib uy adresini bilib olmoqchi bo‘lib, Rahimi Qandning so‘zini bo‘lib,undan so‘radim:
— Uning hovlisi qaysi mahallada ekan?
— Kemuxtgaron mahallasida, poyabzal saroyining*orqasidagi boshi berk tor ko‘chaning eng oxirida ekan, — dedi Rahimi Qand va so‘zini davom ettirdi: ; Biz borib uning hovlisiga kirganimizda u menga:
— Tovoqni menga ber! Men ichkari hovliga kirgizib, boshqa bir tovoqqa o‘z «haqim»ni ag‘darib olaman. qolganini senga chiqarib beraman, - deb tovoqni mening qo‘limdan olib, ichkari hovlisiga kirib ketdi.
Bir necha minutdan keyin, tovoqni chiqarib qo‘limga berdi. Tovoq bo‘shayozgan edi: undagi oshning sakkizdan biri ham qolmabdi, go‘shtini bo‘lsa butunlay olibdi, yog‘ini bir tomchi qoldirmay sirqitib olipti, nondan bo‘lsa bir burda ham qoldirmabdi, — deb Rahimi Qand o‘z hikoyasini tugatdi va qo‘shimcha qildi:
— Uning menga minnat qilgan «tuzi» va «oshi» shu.
Menga u kun shunchalik hikoya yetarli edi. Men uchun  hikoya eshitishga qaraganda zarurroq ish chiqqan edi —« men Qori-Ishkambaiipg uy adresini bilib olgan edim; Endi uning hovlisiga borib, uni topib, u bilan ko‘rishish kerak edi. Men jadallik bilan o‘rnimdan turdim...

To'liq: Sadriddin Ayniy. Sudxo'rning o'limi (qissa) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.