OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kattaboyev. Oriyatli daydi (hikoya)

Goh mast, goh hushyor yuradigan Maryaning daf’atan ko‘rinmay qolganiga qo‘shnilari dastlab unchalik e’tibor berishmadi.
Ammo uning qiya ochiq derazasidan badbo‘y hid kelavergach, kimningdir esiga militsiyaga xabar berish tushib qoldi. Agar mabodo o‘lib qolgan bo‘lsa, uni militsiyadan boshqa kim ham ko‘mar edi.
«Uchastkovoy» derazani yanayam kattaroq ochib, ilma-teshik bo‘lib ketgan, parda vazifasini o‘tovchi lattani biroz chetga surub panjara orasidan qaradi-yu, voqeani tushundi. Uy egasi krovatda jonsiz yotar edi.
Lekin u ham uyga kirishga shoshilmadi. Kim biladi, qanday vaziyatda o‘lgan. O‘z ajali bilan o‘lgan taqdirda ham qancha yozuv-chizuv qilish kerak. Yaxshisi, prokuraturaga xabar qiladi. Shu bilan uning vazifasi tugaydi. Hamma qog‘ozbozlik ularning zimmasiga o‘tadi. Murdani nima qilish kerakligini ham o‘zlari belgilashadi. Kim biladi, ehtimol, birov o‘ldirib ketgandir. Soppa-sog‘ yurgan odamning birdan o‘lib qolishi shubhali-da.
Uning xabariga ko‘ra tezkor tergov guruhi yetib kelganda, eshik tashqaridan osma qulf bilan qulflangan edi. Eshiqda va uning atrofida buzib ochilganlikni ko‘rsatuvchi izlar yo‘q. Demak, o‘z kaliti bilan qulflangan.
Ammo bunday xulosaga kelishga hali erta. Kim biladi, shunday ustomonlar borki, bunday oddiy qulflarni oddiygina mix bilan ham ochib, yana yopib ketishaveradi.
Shuning uchun qulf zulfi bilan qo‘porib olindi, o‘z kaliti bilan ochilganmi yoki boshqa kalit bilanmi yoki bo‘lmasa, boshqa biron-bir moslashtirilgan narsami, ekspert-kriminalist aniqlaydi.
Ichkariga kirdik. Maryaning uyi bor-yo‘g‘i torgina dahlizcha va bitta xonadan iborat. Bunday uyni odamlar "barak" deyishadi. Odatda bu tipdagi uylar temiryo‘l vokzallari atrofida bir vaqtlar vaqtincha boshpana sifatida qurilgan.
Dahlizdagi burchakda azbaroyi isqirtlikdan rangini ham bilib bo‘lmaydigap ikki o‘choqlik gaz plitasi turibdi. Ustida ishlatilgan kosa-tovoqlar ayqash-uyqash bo‘lib yotibdi. Chirigan va ko‘klab ketgan kartoshka-yu, piyozlar ham shu yerda, bir burchakda sochilib yotibdi.
Bir cheti devorga mahkamlangan ikki oyoqli stol ustida yarim shisha paxta yog‘i-yu, ozgina makaron qoldig‘i selofan xaltachada.
Dahlizning bu chetida eski tog‘ora-yu eski kiyim-kechaklar uyilib yotibdi, dastasi singan belkurak, ikkita pachoq paqir va hokazolar...
Bu yerdan xonaga o‘tdik. Xona dahlizga qaraganda biroz kattaroq bo‘lib, to‘rdagi eski kattakon temir krovat ustida esa shishib ketgan, ko‘zlari chaqchayib, basharasi dahshatli tus olgan ayol kishining jasadi yotibdi.
Uy ichi havosi shunchalik buzilganki, turib bo‘lmasdi. Eshik va derazalar ochilib shamollatildi. Ammo qo‘lansa va badbo‘y hiddan qutulib bo‘lmaydi.
Xona ichi va murdani diqqat bilan ko‘zdan kechirish boshlandi.
Murdada jami oltita jarohat borligi aniklandi. Ular asosan yuzi, boshi va bo‘yin sohasiga yetkazilgan. Boshiga yetkazilgan jarohatlardan ikkitasi hal qiluvchi zarba bo‘lgani ko‘rinib turibdi.
Jarohatlarning barchasi bir xil qurol bilan yetkazilgan. Ularning chuqur botmagani, ikki tomonida o‘tkir kesuvchi iz qoldirganiga qarab, jinoyat qurolining bolta bo‘lganini taxmin qilish mumkin.
Qiziq, yoshi oltmishga qarab ketgan, biron kishiga ziyoni tegmaydigan, bir amallab kun kechirayotgan bu ayolni o‘ldirish kimga kerak ekan?
Agarda o‘g‘irlik yoki talonchilik maqsadida qilingan desak, u holda uyda qo‘lga ilinadigan narsaning o‘zi yo‘q.
Xona burchagidagi vinodan bo‘shagan shishalar uy sohibasining qanday hayot kechirganidan guvohlik berib turibdi.
O‘rtadagi stol ustidagi eski kuldonda bir xil "Prima" sigareta qoldiqlari. Undan sal narida "Bonakua" mineral suvining plastmassa idishi ham yarmi kesilib, kuldon qilingan. Unda ham shu sigaret qoldiqlari. Demak, xonada ikki kishi bo‘lgan va ikkalasi ham bir xil sigaret chekishgan. Lekin sigaret pachkasi ko‘rinmaydi.
Uy ichi va atrofida jinoyatchi qoldirishi mumkin bo‘lgan izlar qidirildi.
Odatda bunday paytlarda qonun ikkita xolis kishi qatnashishi shartligini belgilab qo‘ygan. Ana shu xolislarni avvalo topish, keyin esa ularni qatnashtirish hamisha muammo bo‘lib kelgan. Chunki xolis bo‘lishni hech kim xohlamaydi.
To‘g‘ri-da, unchalik yoqimli ish emas. Uning vazifasiga faqat qarab turish, nimani ko‘rsa, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasiga o‘shaning yozilganini tasdiqlab, imzo chekish kirsa-da, ammo vaqtining tigizligi-yu, qaygadir shoshib turgani va hokazo bahonalar tezgina topila qoladi. Ammo o‘sha aynan "shoshayotgan" kimsa bu yerdan hamma ketmaguncha bir chetda tomoshabin bo‘lib turaveradi.
Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi. Hatto baquvvat erkaklar "o‘likdan qo‘rqaman" deb o‘zini bir chetga olib qochayotganda, durustgina kiyingan, ziyolinamo yoshgina juvon xolis bo‘lib qatnashish istagini bildirib qoldi. Ismi-sharifi Anjelika Nabieva bo‘lib qaysi bir trestda kadrlar bo‘limi boshlig‘i ekan.
Juda yaxshi. Xolis bo‘lsa bo‘ldi, ayol-erkakligining farqi yo‘q. Ikkinchi "xolislikka" yoshi o‘tib qolgan, shu yerdagi "vulkanizatsiya"da mashinasini tuzatishga kelgan shofyor topila qoldi. Xona ichini me’yor bilan o‘lchash, fotosuratga tushirish, nima qaerda, qanday yotibdi-yu, qanday turibdi, bayonnomaga birma-bir yozish boshlandi.
Ammo tezda xolislardan biri, aniqrog‘i Anjelika xonim "safdan chiqdi". U tashqariga chiqib, avval ko‘ngli aynib, o‘xchiy boshladi, keyin esa zo‘riqqanidan yoshlangan ko‘zlarini tez-tez artib "ketaman"ga tushib oldi.
Endi uni tinchlantirish kerak. Ketishi mumkin emasligi, chunki bayonnomaga uning ismi-sharifi kiritilgani, birozgina chidashi lozimligi tushuntirildi.
Anjelika xonim esa, hamon o‘ziga kelolmas, nahotki shu uyda ham odam yashagan bo‘lsa, inson zoti ham shu darajaga borib qolishi mumkinmi deb, goh ruscha, goh o‘zbekcha gapirib, boshini sarak-sarak qilgancha "ujas" derdi.
Keyin anchagina qimmatbaho plashini hafsala bilan qoqishga tushdi. Xonadagi narsalarga mana bu yerim ham tegib ketdi-yov, deb atrofini aylantirib qarar va birdaniga tozalashga tushardi. Ammo plashiga nima tekkan bo‘lishi mumkinligini o‘zi ham bilmasdi.
Birozdan so‘ng qo‘lini hafsala bilan yuvdi. Hech narsani ushlamagan bo‘lsa-da, negadir qo‘lini ro‘molchasiga artishni xohlamay, mendan toza qog‘oz so‘radi. Ularga birin-ketin artib yerga tashlar ekan, negadir oyoqlarini ham yerga tapillatib urib, gapirishda davom etardi:
— Anavi sud-med ekspertni qarang. Qurtlab, sasib ketgan murdaning hamma joyini birma-bir ushlab, paypaslab ko‘rayapti-ya. Agar menga million so‘m berishsa ham, ishlamas edim. Hali bu odam uyiga borib qanday qilib ovqat yer ekan-a. Shu ham ish bo‘ldi-yu, men ham yoshligimda yuridicheskiyga kirmoqchi edim, papam bu xotin-qizlarning ishi emas, deb ruxsat bermagandilar. To‘g‘ri qilgan ekanlar. Xayriyat o‘kimaganim, bo‘lmasa, naq yuragim yorilib o‘lar ekanman. Hali kechasi qanday uxlayman-a...
Boyagina "mardligi tutib" o‘z ixtiyori bilan xolis bo‘lib qatnashish istagini bildirgan ayol boyaqishning hozirgi ahvolini tushunish mumkin edi.
Nihoyat, voqea joyini ko‘zdan kechirish ham tugadi. Hamon o‘ziga kelolmayotgan Anjelika "uf-fu" degancha aftini bujmaytirib, holsizlarcha bayonnomaning har varag‘iga imzo chekar ekan, tag‘in sud-pudga chaqirib yurmanglar, umuman, bu voqeani esga olishni ham xohlamayman, o‘zi nega bugun bu yerdan o‘tdim-a, degancha o‘zini koyirdi.
Nihoyat, murda "morg"ga jo‘natildi, uy eshiklari esa prokuratura muhri tushirilgan qoyuzlar bilan yelimlandi. Eshikka mix urildi.
Hali bu yerga bir necha marta kelishga to‘g‘ri keladi. Agarda qotil topilsa, u qanday qilib o‘ldirganini ana shu xona ichida batafsil ko‘rsatib berishi kerak.
Lekin bungacha hali vaqt bor. Ha, aynan vaqt. Qancha? Ko‘pmi, ozmi? Buni hech kim bilmaydi. Ehtimol, qotil bugunoq topilar, balki bir haftadan yoki bir oydan so‘ng, balki... topilmas. Yo‘q, qotil topildi. Aniqrog‘i, hali u gumonlanuvchi. Mana, u, qarshimda o‘tiribdi. Uni odam o‘ldiradi, deb hech kim o‘ylamaydi ham. Oriqqina, bexosdan bir turtib yuborsangiz ham yiqilib tushadigan mushtdakkina kampir.
Yonida bironta hujjati yo‘q. Ilgari bo‘lgan, albatta, lekin keyingi o‘n yillardan beri hujjat nimaligini bilmaydi. Keragi ham yo‘q. Axir, biron joyda uyi bo‘lsaki, pasportini o‘sha yerdan qayddan o‘tkazib, bemalol, odamlarga o‘xshab yashasa.
Hujjat yana qaerda kerak bo‘lishi mumkin. Ha, qariyalik nafaqasini olishda. Ammo nafaqa umuman tayinlanmagan bo‘lsa-chi?
Xullas, "qahramonimiz" uchun hujjat ortiqcha yuk, dahmaza. Shuning uchun ham u haqda to‘plangan hujjat burchagiga kattakon qilib BOMJ deb yozib qo‘yilgan. (Bomj — bez opredelennoyu mesta jitelstva, yashash joyining tayini yo‘q, — ta’kid muallifniki).
Bunday toifadagi odamlar nafaqat o‘zi xohlagan ism-familiyani, balki o‘zi haqida xohlagan latifani to‘qib aytishi ham mumkin. Ishonasizmi, yo‘qmi, u Sizning ishingiz. Erinmasangiz, vaqtingiz bo‘lsa, hafsala qilsangiz, bemalol tekshirib ko‘ravering. Uddasidan chiqsangiz, albatta. Ular bugun Qarshida bo‘lsa, ertaga Toshkentda, indinga qo‘shni davlatda. Poezd ustidami, tanburdami, ketaveradi. Bilet olish, joy tanlash ular uchun begona.
Shuning uchun qotillikda gumonlanib keltirilgan bu kampirning og‘zaki gaplariga ishonmasdan ilojingiz yo‘q.
Ha, hozircha faqat undan gumonlanishmoqda. Ammo jinoyat qidiruv xodimlarining aytishicha, u qotillikni to‘liq bo‘yniga olgan va qanday qilib o‘ldirganini ko‘rsatib beishga ham tayyor. Faqat so‘roq qilishsa kifoya.
— Ism-familiyangiz, qachon, qaerda tugilgansiz? Odatda barcha so‘roqlar ana shunday boshlanadi. Javob o‘rniga "Chekishdan bormi?" degan savol tushdi. Chekmasligimni aytganimda, biroz menga jim qarab turib sekin gapirdi:
— Men umuman ko‘rsatma bermasligim ham mumkin. Ilgarigi tergovchilar chekishmasa ham yonida sigaret bo‘lardi. Mayli, keyingi safar, albatta, sigaret bo‘lsin.
— Qanaqasidan? — istehzo bilan so‘rayman va ichimda jinoyat qidiruv xodimlarini topib kelgan "qotili" bilan qo‘shib so‘kaman.
— Farqi yo‘q, tutasa bo‘ldi. Biz chekish tanlamaymiz. Eng oddiyi, masalan, "Prima"mi, "Saraton"mi, bo‘laveradi.
— Kelishdik. Endi ishga o‘taylik, ism-familiyangiz? Qo‘limda ruchka, kampirning og‘ziga betoqat tikilaman. Yo‘q, kampir tushmagur hech shoshilmayapti. Javob o‘rniga, yana biroz jim turib o‘zining navbatdagi "shartini" qo‘ydi.
— Yana bir iltimos. Avtobaza qorovulxonasida kichkina xaltacham qoldi. Ichida paltom va bir nechta issiq paypoqlarim bor. "Ment"larga (militsiya xodimlarsha demoqchi) har qancha aytmayin, meni prokuraturaga sudrab kelishaverdi. Hali-zamon sovuq tushadi. Bu yerdan chiqadiganga o‘xshamayman. Ehtimol, abadiy qolarman. Ahvolimni ko‘rib turibsiz. Ularni keltirib bersangiz.
— Bo‘ldimi? Bular bajarsa bo‘ladigan ishlar.
— Qachon?
Endi bu savol qat’iy qo‘yildi.
Obbo! O‘zini tutishidan bir emas, bir necha bor qamalganga o‘xshaydi. Demak, uning bu arzimas talablarini tezda bajarib, tergovchilar tili bilan aytganda "kontaktga kirish" kerak. Aks holda, indamay turaveradi yoki ataylab o‘chakishib, yolg‘onni qalashtirib tashlaydi. Shuning uchun u bilan "muloyimroq" muomala qilish lozimga o‘xshaydi. Qo‘pollik ketmaydi. Hozir nima bo‘lsa ham gap olish kerak.
— Hozir ayttanlaringizni darhol bajarsa bo‘ladi. Ammo yana nechta iltimosingiz bor, bilmayman-da.
— Boshqa yo‘q, bo‘lmaydi ham, — cho‘rt kesdi kampir.
— Juda yaxshi, hoziroq kirishamiz.
Militsiya xodimlarining birini avval avtobazaga, qaytib kelishda esa sigaret ham olib kelishni tayinlab jo‘natdik. Yana dastlabki savolni takrorlayman.
— Ism-familiyashiz, qachon, qaerda tug‘ilgansiz?
— Borisova Nadejda Petrovna. Moskva viloyatining Babushkin shahrida, 1927 yili tug‘ilganman.
So‘roq boshlandi.
Naq yetmish uch yoshda! Ilgari uch marta, ulardan ikki martasida o‘g‘irlik, bir martasida og‘ir tan jarohati yetkazgani uchun sudlangan. Pastki chap labida ko‘ndalang jarohat qolgan iz ham turmadan esdalik. Jami sakkiz yarim yil "o‘tirgan".
Qamoq nimaligini yaxshi biladigan, to‘ridan go‘ri yaqin bo‘lib qolgan bu kampirga odam o‘ldirish nega kerak ekan-a?
Agar shu o‘ldirgan bo‘lsa? Kim biladi, militsiya xodimlari majbur qilgan bo‘lsa, bo‘yniga olgandir. Axir, tergov amaliyotida nimalarni ko‘rmadik. Qanaqa "o‘yin"lar bo‘lmadi.
Anketa ma’lumotlariga oid savollarni tugatgach, keyingi savollarni uzoqdan boshlayman.
— Nega Sizni bu yerga olib kelishdi?
— Nega? Bu nima deganingiz, anovini o‘ldirganim uchun-da.
— Kim, u anavi?
— Maryani-da.
— Qaysi Marya? Qaerda yashaydi? Familiyasi kim? Yoshi nechada?
— Familiyasini bilmayman. Menimcha Alekseeva edi shekilli. Vokzalda yashaydi. Ko‘chasini, uy nomerini ham bilmayman. U yerda nomer ham yo‘q.
— Uyi nechanchi qavatda? — Ataylab chalkashtirib so‘rayman.
— Qavatda? Qanaqa qavat. U vokzaldagi barak uylarda yashaydi.
Demak, uyini biladi. Yaxshi, agarda militsiya xodimlari bizga bildirmay uyni ko‘rsatib kelishgan taqdirda ham, uy ichiga kiritisholmagan. Chunki eshik mixlangan va muhrlangan.
— Uyiga qanday kiriladi. Necha xona, ularning joylashishi, uy ichida nimalar bor?
Gumondor birma-bir eslashga o‘tdi.
Deyarli to‘g‘ri. Xona to‘rida kattakon krovat. O‘ng tomonda eski divan. Uning ustida bitta yostiq bor edi.
— Divan va krovatdagi yostiqlar, ya’ni bosh qo‘yadigan tomon qanday joylashgan?
Agarda o‘rgatilgan bo‘lsa, hoynahoy buncha mayda detallargacha ham aytishmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Javob to‘g‘ri. Ikkovining boshi bir tomonda edi.
— Qachondan beri taniysiz, u bilan qachondan buyon birga yashaysiz?
— Ikki oylar avval tanishdim. Ko‘proq unikida yotib qolar edim. Bo‘lmasa aeroportdagi cho‘chqaxonada, ya’ni ish joyimda ham yotardim.
— Xo‘sh, nima voqea bo‘ldi? Nega Marya vafot etdi?
— Vafot etdi? Men uni o‘ldirdim.
— Xo‘sh, nima uchun, qanday qilib? Bo‘g‘dingizmi? — Yana uni ataylab chalg‘itaman.
— Bo‘g‘dingizmi? Nima Siz "delo"ni o‘qimagansizmi? Yoki yaqinda berishdimi?
— Savolga javob bering?
— Yaxshi. Birinchidan, mening bo‘g‘ishga holim yo‘q. Marya mendan ancha yosh va baquvvat, bir ursa uchib ketardim. Uni bolta bilan chopib o‘ldirdim.
— Nega? Sabab?
— Sababi juda oddiy. U meni haqorat qildi.
— Nima deb va nima uchun?
— Uning kayfi bor edi. O‘sha kuni "sevgilisi" o‘sha boboy kelgan edi. Adashmasam, boboyning ismi Jo‘ra edi. U ikkita vino va ozgina jigar olib kelgan ekan. Jigarni qovurdim va uchalamiz vino ichdik. Keyin men chiqib turdim va ko‘chada yarim kun aylanib kutib o‘tirdim. Boboy ketgandan so‘ng uyga kirdim. Yotish oldidan ikkalamiz ham odatdagidek sigaret tutatdik. U sigaretasini kuldonga tashladi. Men esa "Bonakua" suv shishasi idishidan moslashtirilgan kuldonga tashladim. Bir vaqt Marya o‘z-o‘zidan "nega uy ichida chekasan, kimsan o‘zi, ko‘chada itday sang‘ib yuruvding, endi yotib sigaret chekasan" deb har xil haqoratlarni qalashtirib tashladi. Men, to‘g‘risi ularning hammasini aytishga uyalaman. Uning haqoratlari suyagimdan o‘tib ketdi. Axir, har kuni ham uy ichida chekardik. O‘zimni zo‘rg‘a bosdim. Hech narsa demasdan yotdim. U meni rosa haqorat qilib, qolgan vinoni ham ichdi-yu, uxlab qoldi.
Men juda ko‘p haqorat eshitganman, xo‘rliklarga chidaganman. Ammo bunaqa, o‘zi hech narsaga arzimaydigan, qaerdagi alkash ayoldan haqorat eshitmaganman. Agar menga, uydan ket, menikiga boshqa kelma, desa indamay chiqib ketaverardim. U ishga ketganda kuchim yetganicha uyini tozalab qo‘yaman, ko‘chadan tilanchilik qilib topgan butun nonlarni olib kelganman. Uning bo‘ynida tekinga o‘tirganim yo‘q.
Xullas, hech uxlay olmadim. Yarim kechasi asta o‘rnimdan turib, koridorda turgan boltachani olib zarb bilan boshiga tushirdim. U jon holatda turmoqchi bo‘ldi, yana va yana boshiga uraverdim. U xirillab jon talvasaga tushib qoldi.
Men xaltachamni oldim, unga bolg‘achani solib, uyni tashqaridan qulflab chiqib ketdim. Vokzalga bordim. U yerda Aleksey degan o‘zimga o‘xshash daydi bor edi. U bilan tong otguncha o‘tirdim, yonimda bir tiyin ham pulim yo‘q. Odam o‘ldirganimdan boshim g‘uvillayotgan edi. Qon bo‘lgan boltani yuvib, vokzal qorovuliga bitta vinoning puliga sotdim. Sandiroqlab yurdim va avtobaza qorovulxonasida yashovchi Tanya ismli ayol esimga tushdi. Unikida bir necha kun turdim, Rossiyaga ketmoqchi edim, lekin kasal bo‘lib qolganim uchun ketolmadim. Militsiya xodimlari labining yirtig‘i bor, yoshi yetmishlardagi ayolni izlab yurishganini Tanya aytdi. Shofyorlardan kimdir aytganmi, militsiya xodimlari meni topib olishdi. Ularga Maryani o‘ldirganimni tan olib aytib berdim. Keyin Sizning oldingizga olib kelishdi. Bo‘lgan gap shu.
Uning ishlarini indamay eshitib yozib olarkanman, ish materiallari bilan tanishaman.
Xaqiqatan ham, voqea joyida stol ustida ikkita kuldon bor edi. Biri marhuma yotgan tomonga yaqin, ikkinchisi, "Bonakua" shishasidai yasalgan kuldon esa divan tomonda, ya’ii gumondor yotgan tomonda. Chekilgan sigaretlar ikkalasi ham "Prima".
Jarohatlarning kuchsiz pala-partishligi ham mana shu daydi kampirlar tomonidan yetkazilishiga xos.
Voqea joyidagi piyolalardan olingan barmoq buniki bo‘lib chiqdi ham deylik, ammo u dalil emas, Borisova o‘sha xonada yashagan.
Bir necha kun davom etgan tergov va tezkor harakatlar ko‘z o‘ngimdan o‘tar edi.
Marhumaning barcha tanishlari qidirib topildi va o‘sha kunlari qaerda bo‘lgani chuqur tekshirildi. Ular ichida labida ozgina jarohat izi bor Nadejda yo‘q edi. Ana u ham topildi va qotillikni bo‘yniga olib turibdi. Ammo hali bu aynan shu qotil, degan gap emas. Quruq ko‘rsatma esa dalil bo‘lmaydi. Bugun bo‘yniga oladi, ertaga rad qiladi.
Uning ko‘rsatmasi qachonki boshqa dalillar bilan mustahkamlanmas ekan, bir pul.
- Bolta kimniki edi? Uni nega o‘zingiz bilan oldingiz, o‘sha yerga tashlamadingiz?
- Bolta Maryaniki edi. Jinoyat qurolini qoldirmay, deb o‘zim bilan oldim. Uni biron joyga tashlab yubormoqchi edim, lekin vino xumor qilavergach, sotishga boshqa narsam bo‘lmagani uchun ham sotdim.
- Boltaning ko‘rinishini ta’riflang, uzunligi, qalinligi, dastasi, rangi va hokazolar. Uni kimga sotganingizni ko‘rsatib bera olasizmi?
- Menimcha, ko‘rsatsam kerak. U yoshi 50 larda, vokzal hojatxonalarini supurib yuradigan erkak kishi. Oldi yo‘l-yo‘l qizil jemperi bor. Bolta pojarniy shitlarda bo‘ladi. Uni Marya ish joyidan o‘g‘irlab kelgandi, dastasi qizil.
Agarda bolta topilsagina, buning gapiga ishonish mumkin. Ehtimol, yog‘och dasta orasiga qon singib ketgandir. Yuvgan bilan biron yorig‘ida ozgina bo‘lsa-da qon yuqi bordir.
Butungi so‘roqni tugatsa bo‘ladi. Endigi navbat boltani qidirib topish va u solingan xaltachada qon yuqi borligini tekshirish. Axir, Borisova dastlab boltachani yuvmasdan xaltaga solgan.
Bolta topildi. Sud-biologiya ekspertizasi unda va Borisovaning xaltasida marhumaning qon guruhiga xos belgilar borligi, jarohatlar ham ana shu boltadan yetkazilishi mumkinligi to‘g‘risida xulosa berdi.
Marya ishlaydshan joydagi qorovul haqiqatan ham "pojarniy shit"dan bolta yo‘qolganini tasdiqlab, uni boshqa boltalar orasidan tanib oldi.
Demak, gumondor aldamayapti.
Ekspertiza xulosalari bilan tanishtirish uchun militsiya bo‘limidagi vaqtincha saqlash xonasiga kirayotganimda navbatchi militsiya starshinasi chopib keldi.
- Keldingizmi? Endi telefon qilmoqchi edim. Momongiz o‘lib qoladi, tezroq turmaga jo‘nataylik. Zo‘rg‘a yuribdi, baloga qolaman.
Birpasdan so‘ng so‘roq qilish kabinetiga kirib kelgan Borisovaning ahvoli haqiqatan ham og‘ir edi. Hol-ahvol so‘rayman.
- Sog‘lig‘im o‘ziga yarasha. Tezroq turmaga jo‘nating, u yerda har holda krovat bor.
- Yaxshi. Bugunoq jo‘natishadi. Menga Ichki Ishlar Vazirligining axborot markazidan bizning so‘rovimizga javob keldi. Unda ko‘rsatilishicha, Siz qamalgan ekansiz.
- To‘rt marta?! Ha, ha, to‘g‘ri, ehtimol filtratsion lagerda bo‘lganimni ham ko‘rsatishgandir. Umrimning eng yaxshi davrlari turmada o‘tdi, ozodlikka chiqish ham bir azob, ko‘nikolmay qiynalasan kishi.
- Nega o‘g‘irlikni buncha erta boshladingiz? Ota-onangiz bormidi?
- Ha, ular ham turmada o‘lib ketishdi. La’nati Stalin. Millionlab odamlarni qatag‘on qildi. Otam harbiy, onam partiya xodimi bo‘lishgan. Ikkalasi ham "Xalq dushmani" deb sud ham qilinmasdan "uchlik" tomonidan otib tashlangan. Akam Volodya ham yo‘qolib ketdi. Uni Leninning hurmati uchun Vladimir deb atashgan. Menga esa Krupskaya hurmati uchun Nadejda deb nom qo‘yishgan. Axir, ota-onam kommunistik g‘oyalarga, tuzumga sodiq bo‘lishgan-da. La’nati qonxo‘r Lenin. Qatag‘onni aslida uning o‘zi boshlagan ekan. Endi yozishayapti. Vaqtingizni olmayapmanmi?
- Yo‘q, yo‘q, bemalol.
- Ha, nima deyayotgan edik. Ha, akam Vladimir. Ota-onam qamalgandan so‘ng men va Volodya ko‘chada qoldik. Bizni bolalar uyiga jo‘natishdi. U yerdagi xo‘rliklarga chvdab bo‘lmasdi, shuning uchun qochdik. Ushlab olishib endi yopiq tipdagi maxsus daydi bolalar maktabiga tiqishdi. Ana o‘shanda, ya’ni bolaligimdanoq, daydi degan nomni menga hukumatning o‘zi rasmiy ravishda berdi. Aniqrog‘i, hukumatning o‘zi bizni daydi qildi. Ana shundan beri bu nomdan ham, ana shunday turmush tarzidan ham qutilolmayman.
Lekin bunga kim aybdor? Bizga o‘xshagan zarracha aybi bo‘lmagan bolalarni nafaqat ota-ona mehridan, balki yoshlikning eng totli damlaridan shafqatsizlarcha mahrum etishdi. Ayrimlar "ota-onangni oqlashadi, Moskvaga ariza yoz", deyishdi. Men ularga, xo‘sh, ana oqlandi ham deylik, buning nima foydasi bor, dedim. Oddiy bir parcha qog‘ozning nima keragi bor. Endi hech narsani orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Nafaqat qaytarib, axir to‘xtatib ham bo‘lmaydi. Mana o‘sha tavqi la’nat "daydi" degan nom bilan hayotimni yakunlayapman. Meni hech bo‘lmaganda insonlarga o‘xshab ko‘mishmaydi ham. Turma qabristoniga olib borib ko‘mib tashlashadi. Tamom, bir chivindek yo‘q bo‘lib ketaman. La’nati tuzumning nohaqlarcha, nomardlarcha bergan zarbasi butun boshli gunohsiz oilani tarqatib, har tomonga sochib yubordi, o‘zimizni hozirgacha o‘nglay olmaymiz.
— Akangiz qaerda?
— U ham bir necha marta qamaldi. Axir, och, yalang‘och, himoyasiz bola nima ham qilardi. Albatta, o‘g‘irlik. U ham allaqachon qaerlardadir o‘lib ketgan bo‘lsa kerak.
— Turmush qurmaganmisiz?
— Bir necha yillik qamoq ayol ruhiyatiga yomon ta’sir qiladi. U bilan uncha-muncha erkak yashay olmaydi. Bir marta turmush qurdim. Uzoqqa cho‘zilmadi. Ajraldik. Bitta qizim bor. Moskvada yashaydi.
— Ehtimol, uning adresini bersangiz, chaqirarmiz.
— Keragi yo‘q. Men ona bo‘lib unga hech qanday xizmat qilganim yo‘q. Faqat tug‘dim xolos. Unga ham ortiqcha yuk, tashvish bo‘lishni xohlamayman. Ana keldi ham deylik, xo‘sh, qo‘lidan nima ham kelardi. Meni izlama, umrim oxirlashaversa, o‘zim qidirib topaman, degan edim. Afsus, bo‘lmadi. Ana shunaqa gaplar.
— Mendan yana qanday iltimosingiz bor?
— Hech qanday. Tergov qancha tez tugab ishim sudga ketsa, shuncha yaxshi. Turmadan ham lager yaxshi, u yerda har holda ko‘proq ochiq havoda bo‘lasan, biron-bir yumush topib berishadi.
— Yaxshi, tezroq tugatishga harakat qilaman. Lekin bitta norasmiy savolim bor. Xo‘sh, ana Sizni Mar’ya haqorat ham qilibdi deylik. Uni o‘ldirish shartmidi? Indamay chiqib ketsangiz bo‘lardi-ku?
— Sizni tushundim. Sen o‘zing kimsan, bir daydi bo‘lsang, seni birov haqorat qildi nima-yu, qilmadi nima, indamay yelkangni qisib ketaversang bo‘lardi-ku, demoqchisiz. To‘g‘ri, shunday qilsam ham bo‘lardi. Ammo, inson tabiati shundayki, u kim bo‘lishidai qat’iy nazar, hatto bizdek eng past tabaqadagi odamda ham or, nomus baribir saqlanib qoladi. Daydi o‘zini boshqa daydi bilan solishtiradi. Agar meni o‘zimdan ziyodroq odam haqorat qilsa, indamay ketardim. Men-ku qamalib, odamdek yashay olmadim. U esa biron marta ham durust turmush qurolmagan. Ichaverganidan erkaklar bezor bo‘lib tashlab ketishgan, farzandi ham yo‘q. Mening esa har holda orqamda zurriyodim qolayapti.
Demoqchimanki, Maryaning mendan ortiq joyi yo‘q. Borib turgan alkash. Shunday bo‘lsa-da, unikida yashash uchun men uning kiyimlarini yuvar, kosa-tovoqlarini tozalar, kuchim yetganicha xizmatini qilar, ammo bir burda nonimni ko‘chadan tilanchilik qilib, o‘zim topib kelar edim. Bularni avval ham Sizga aytdim. U yaxshilik bilan menga javob berib yuborsa bo‘lardi-ku. Yo‘q, o‘zini baland tutib, meni hech bir sababsiz haqoratlashga tushdi. Javobini esa oldi. O‘sha shu kerak edi, shekilli. Tilidan, xarakteridan topdi, qisqasi, bu — taqdir.

* * * 

Tergov tugagach, jinoyat ishi materiallari bilan turmada tanishtirar ekanman, ayblanuvchi Borisova o‘z-o‘zidan sekin gapirib qoldi.
— Kecha tush ko‘ribman. Ota-onam meni yonlariga chaqirishayapti. Bo‘ldi, shuncha vaqt daydib yurish, endi kel, uyimiz bor, akash Volodya bilan uy qurdik deyishayashi. Atrofida siren gullari, Volodyaning esa faqat boshi ko‘rinadi. Nimagadir, ota-onam mendan ham yosh ko‘rinishadi. Nega shunday-ya, menimcha, ularni faqat yoshlik paytida ko‘rganim uchun xotiramda shunday o‘rnashib qolgan bo‘lsa kerak. Ularga qarilik davri nasib etmadi. Ularning hatto qabri qaerdaligini ham bilmayman. Menikini ham hech kim bilmasa kerak. Qanday shafqatsiz dunyo.
Navbatdagi qog‘ozga sekin imillab imzo chekar ekan, yana asta qo‘shib qo‘ydi.
— Dunyo emas, odamlar shafqatsiz, shunday emasmi, Siz nima deysiz grajdanin tergovchi?
Bu gal u haq edi. Shuning uchun ham tasdiqlagancha bosh irg‘adim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.