OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Artist (hajviya)

– He-e, oshna, ishimning nimasini so‘raysan. Chatoq, chatoq. Yigirma yillik hayotim ostin-ustun bo‘lib ketdi-ku. Men o‘zi hech omadi chopmagan odam ekanman-da...
– Ha, namuncha, hasratingdan chang chiqmasa?!
– Ish joyimda tinchlik yo‘q, oshna, tinchlik. Mana bir oy bo‘layotibdiki xuddi qil ko‘prik ustida turgandayman. ?ragimni hovuchlab yuraman. Gapiramanmi, yozamanmi, barisini oldindan repetitsiya qilib olaman...
– Ie, nega endi? Nima, artist bo‘lib ketdingmi?
– Artist?! Oh-oh, ayni topib aytding-da. Xuddi o‘zi. Artistman... Lekin, afsuski, bu yangi rolimga hech ko‘nikolmayotibman. Nima qilay, axir, oldingi rolimda naqd yigirma yil o‘ynagan edim-da. Yod bo‘lib ketgandi. Yana biroz vaqt bo‘lganda shu rolimdan nafaqaga chiqib ketgan bo‘lardim-a. He attang... Bo‘madi. Bu rahbarlarga ham hayronsan. Sal yoqmadimi, shartta oladi-qo‘yadi.
– Hoy do‘stim, nima deyayotibsan o‘zi?! Bundoq tushuntirib gapir. Kimni oladi? Nega oladi?...
– He-e, eski yaramga tuz sepib nima qilasan, oshna. ... Xo‘jayinimdan ayrilib qoldik, oshna, xo‘jayindan. Shuncha yildan beri soyalaridan bahramand bo‘lib, unib-o‘si-ib kelyatuvdim...
– Ie, nima, o‘ldimi? Kasalmidi?...
– He, battar bo‘ldi. U kishini ishdan olishdi. Ketdi. Tamom. Soyai-davlatimizdan ayrilib qoldik. Voy-voy-eey, endi nima qildim-ey... Voy, pushti-panohim-ey, armon bilan tashlab ketgan akam-e-ey...
– E-e, sekinroq-e. Atrofdagilar qarashyapti. Bu yer axir oshxona-ku. Sekinroq... Xuddi otang o‘lganday yig‘laysan-a. Ketsa ketibdi-da bir rahbaring. Yana birovi keladi. Ishlayver-da kim bo‘lsa ham... He seni qara-yu...
– Ho-o, yig‘lamay bo‘ladimi? Otam qilmagan yaxshiliklarni qilgan. Otamdan ulug‘ edi. Hah, sho‘r peshonam-a... Endi qanday yashayman. Qanday ishlayman. Tanimagan, sirdosh bo‘lmagan odamga qanday qilib kulib qarayman, qanday qilib egilaman. Boshim qotgan. He-e, avvalgi xo‘jayin juda vallomat odam edi-da. O‘zi qatori meni ishga olgan. Ikkovmiz bir tan-bir jon edik. Bir mayizni bo‘lib yer edik. Yo‘q, yo‘q, kattarog‘ini unga berganman. Nima ish qilar bo‘lsa meni chaqirib maslahat so‘rardi. “Parpiboy undoqmi, Parpiboy, bundoqmi”. U kishining soyasi edim, soyasi. Boshqa odamlar ishi bo‘lsa, avval menga uchrashardi:
– Parpiboy, xo‘jayinga aytib qo‘ying... 
– Parpiboy, bir yordam qilib yuboring... 
– Qarang-a, davr kelsa bir kelarkan-da. Hammasi sovun ko‘pigiday paq etdi-yu yo‘q bo‘ldi. E, voh! Endi bo‘lsa, mana, nima qilishni bilmay boshim qotgan. O‘zi asli vazifamning ham tayini yo‘q edi. “Fuqaro mudofaasi”dan oylik olardim-u, bunday olganda, xo‘jayinning ish boshqaruvchisi edim. Xotinim esa xo‘jayin mehmon kutadigan mehmonxonada oshpaz edi. Mayda chayna-ab yeb yotgan edik. Bu boshliq kelgandan beri... Uf-f, davleniya bo‘lay deyapman. Allambalo hujjatlarni so‘raydimi-ey. Yigirma yildan beri hech kimga kerak bo‘lmagan “Grajdan mudofaasi” endi kerak bo‘lib qoldi. Hammaning taqdiri shunga bog‘liq emish. Tavba! Umrimda ko‘rmagan “protivogaz” degan narsani so‘raydimi-ey... He, savil juda maydakash ekan. Odam xo‘jayin deyishga til bormaydi. He, savlatingdan o‘rguldim. Qiltiriq... Jir yo‘q. Pastkashligini qarangki, hamma qatori oshxonaga chiqib ovqatlanadimi-ey. Yo tavba! Umrim o‘tib bunday rahbarni ko‘rishim. Xizmat mashinasi turib, ishga piyoda keladi. Ichmas, chekmas emish... Qarang, shunday rahbar ham bo‘larkan-da. Tili zahar, faqat kamchilikni topib so‘kkani-so‘kkan. Kabinetma-kabinet yurib, o‘zi ma’lumotnoma yig‘adi. Sekretari bor, bo‘masam. Ataylab shunday qiladi, ishlayotibdimi, yo‘qmi deb. He-e, hammaning dardi ichida. Hamma o‘zini ish bilan ovutadi-da, bo‘masam, yashash qiyin... Bir kuni burnimni kavla-ab, xayol surib o‘tirsam, kirib qoldi. Bir savil qog‘ozni so‘radi, topib berolmadim. O‘zi yo‘q edi-da Bir nima deb g‘o‘ng‘illab ketdi, o‘takam yorilayozdi. Keyin bilsam, “sizni o‘qitish kerak” degan ekan-e, men esa uning gapini “sizni yo‘qotish kerak” deb eshitib, labimga uchuq toshib uch kun kasal bo‘lib qoldim desangiz. ?ragim hozir ham tez uradigan, sanchadigan bo‘lib qolgan. He-e nimasini aytay, ishdan ketay desam, bo‘lak ishni eplay olmayman. Dalada ketmon chopishga bo‘yin tob bermaydi, xullas arosatda qoldim, oshna, arosatda... Hay mayli, men endi boray. Tushlikdan kechikib borsang ham biron bahona topadi, Ishqilib, qildan qiyiq axtarib tepib yuborguncha yangi rolimda o‘ynab turaychi... Chiqsa chiqdi, chiqmasa tamomda-e. Sahna bilan xayrlashamiz-da, nachora... Hih-hih-hi-hi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.