OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Bosh aybdor kim? (hajviya)

Prezidium raisi majlisni ochiq deb e’lon qildi va birinchi masala yuzasidan ma’ruzachi Kamgap Kamsuxanovni minbarga taklif etdi.
– O‘rtoqlar! ... Biz kvartal oxiridagi natijalarimizni ko‘rib chiqib shunday xulosaga keldik. Xo‘sh-sh... – Kamsuxanov ko‘zoynagini taqib, avval zalda o‘tirganlarga keyin qo‘lidagi qog‘ozlarga ko‘z yugurtib oldida, davom etdi:
– Birinchidan, manovi ishlarimiz mana bundoq, anovilari esa undoq bo‘ldi.
Ko‘rsatkichlarni oldingi kvartaldagiga taqqoslasak na undoq deb bo‘ladi, na bundoq. Ahvol mana shunaqa. Menimcha, bu ishlarning shundoq bo‘lishida o‘rtoq... qorovuldan tortib, haligiday, xammamizning aybimiz bor, shuningdek Falonchievning xam. Ishga sovuqqonlik bilan qaragan.Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi o‘rtoqlar. Xullas, mening gapim tamom. Savollar bo‘lsa, marhamat. 
Zaldagilar jim o‘tirishardi.
— Savol yo‘q, o‘tiring, – dedi rais va o‘rnidan turib murojaat qildi:- Shu masala bo‘yicha yana gapiradiganlar bormi? Xo‘p, unday bo‘lsa o‘rtoq Falonchievdan eshitamiz. Qani, marhamat. Siz bizga aytingchi, nega ishlaringiz undoq, mana bundoq emas?...
— Hurmatli o‘rtoqlar! – deb, prezidium a’zolariga burilib nutqini boshladi minbarga chiqqan tepakal, labi do‘rdaygan Falonchiev: – Hammasi to‘g‘ri. Yuz foiz to‘g‘ri. Agar Eslasangizlar shu masalani shaxsan o‘zim bir necha marta ko‘tarib chiqqanman. Talabnomalarim ham bor. Bu ishlarning shundoq bo‘lishida men shaxsan Pis... Pistonchievni aybdor deb hisoblayman. Ha, ha. Bundoq qilish kerak dedim, indamadi. Undoq qilaylik dedim, indamadi. Ishga qiziqmaydi. O‘zidan undoq qilaylik, bundoq qilaylik degan tashabbus chiqmaydi. Mana natija. Endigi oydan bu masalani konkret hal qilib olmasak
yana ishimiz shundog‘ligicha qolaveradi. Chora ko‘rish kerak, o‘rtoqlar...
U jim bo‘lib bir raisga, bir zalga qaradi. Zalda birdaniga shovqin boshlandi. Hech kim turib sayul bermadi-yu, lekin... har biri o‘zicha; birov undoq desa, birov bundoq dedi. Falonchiev viqor bilan minbardan tushib zaldagi odamlarning o‘rtasiga borib o‘tirdi. Rais prezidium a’zolari bilan uzoq maslahatlashgach minbarga Pistonchievni chaqirdi. Ohori to‘kilgan qora papkasini qo‘ltiqlab xo‘ppa semiz Pistonchiev pildirab minbarga chiqib keldi.
– Aziz o‘rtog‘lar! Hamkasblar! – chiyildoq ovoz bilan gap boshladi u – Insonda o‘z-o‘zini himoya qilish instinkti boshqa hayvonlarga qaraganda kuchli rivojlanganligidan u o‘ziga biror ayb qo‘yilsa, qutilish uchun ongli ravishda sababini darrov birovdan qidirib, o‘shanga ag‘darishga harakat qilar ekan. Buni «samazashita» deydi. Dokladchi ham, muzokoraga chiqqanlar ham undoq deb, bundoq deb o‘zlarini oqlab ketdilar. To‘g‘ri.Undoq deganda xam, bundoq deganda ham qisman aybim yo‘q emas. Bo‘sh bayovmiz. Lekin bu degani hamma ayb menda degani emas-da, axir. O‘rtoqlar Vaboshqalarov ishda sustkashlik qilsa menda nima ayb. Hali undoq qilish kerak, hali bundoq. Men esa bir o‘zimman. Insof bormi o‘zi? – U qizishib ketdi-da, prezidiumda o‘tirganlarga qo‘lini paxsa qilib baqirdi: – Sizlar o‘zi
qayoqqa qarayotibsizlar? Undoq bo‘lsa ham Pistonchiev, bundoq bo‘lsa ham Pistonchiev. Iye. Bu qanday gap o‘zi? Vaboshqalarovchi? Shunday odam borligini bilasizlarmi? Zahariga oylik olayottan ekanmi? Marhamat qilib tortsinda o‘z aravasini. Men... – u bir zum to‘xtab qoldi, ko‘zlariga g‘iltillab yosh keldi: – Men, men... Nima, mening jonim temirdanmi? Undoq deysizlar, bundoq deysizlar. Har majlisda men aybdor. Faqat bog‘langandi urari ekanda?! Yo‘q, men amamning buzog‘i emasman. Bo‘ldi. Tamom...
Birdan zal g‘uvillab, o‘tirganlar orasida shov-shuv boshlanib ketdi. Biri undoq, biri mundoq deyishardi. Rais stolni taqillatib, zalda o‘tirganlarni tartibga chaqirgan bo‘ldi.
— Jim, o‘rtoklar, jim! Majlis bu bozor emas. Hoy... To‘g‘ri, sizni ham tushunamiz,– dedi Pistonchievga qarab: – Lekin ishdagi kamchiliklarni kimdandir so‘rash kerakmi? Kerak. Shundoq ekan so‘raymizda nega undoq nega bundoq emas deb. Bo‘pti o‘tiring. Odam degan har narsaga hafa bo‘lavermaydi. Bu ish. Ishda esa issiq-sovuq gaplar bo‘lishi tabiiy...
— Ey-y,–Pistonchiev jahl bilan qo‘lini siltab, minbardan tushib ketdi. Rais yana prezidium a’zolari bilan uzoq pichirlashib qoldi. Zalda o‘tirganlar ham g‘ovur-g‘ovur gapga tushib ketishdi.
Rais stolni taqillatdi.
– O‘rtoqlar! Gapiradiganlar bo‘lsa marhamat! Xo‘sh-sh?! Yo‘qmi? Ana shu-da. Minbarga chiqqingiz kelmaydi, o‘tirgan yerda bozor qilasiz. Jim. Qani, Vaboshqalarov bormi bu yerda? – rais zalga alanglab qaradi: – O‘x~xo‘o‘. Vaboshqalarov! Bir chetda o‘tirib uxlayotibsizmi deyman. Bu yoqqa chiqingchi. Nima gap o‘zi? Ishni na undoq qnlasiz, na bundoq qilasiz. Majlislarda esa oxirida uxlab o‘tirasiz...
Ko‘zlari qizargan Vaboshqalarov rangi bo‘zarib, lapanglab minbarga chiqdi. Do‘ppisini olib boshini qashlagan bo‘ldi. Chuqur xo‘rsindi. Zalda o‘tirganlarni endi ko‘rayotgandek hayron bo‘lib uzoq tikilib qoldi. 
– Gapiring-da endi. Nega vaqtni olasiz? – dedi prezidium a’zolaridan biri uning turishidan g‘ashi kelib.
— Nimani gapiray?
— I-e. Osmondan tushganday bo‘lasiz-a. Bir nima dengda. Undoq deng, bundoq deng. Axir protokolga bir narsa yozishimiz kerak-ku...
— A?! Xa-a... Shunaqami? Nima ham deyman. Eshitdik. To‘g‘ri. Yuqorida aytilgan barcha gaplarga men ham qo‘shilaman. Ishning chatoqlashishida bosh aybdor Falonchiev ekan. Chora ko‘rish kerak, hiyolimda...
— Obbo, siz o‘zingiz haqingizda gapirsangiz-chi
— Nega endi? Dokladchilar o‘zi haqida gapirmadi-ku?! Falonchiev aybdor deyishdi, shekilli. Ha, aytmoqchi, qorovul...
Gap qorovulga oshib ketdi. Bahs uch soat davom etdi.
Vaboshqalarov qorovulni aybladi, qorovul Falonchievni Falonchiev Pistonchievni, Pistonchiev yana Vaboshqalarovni... va nihoyat, rais soatiga qarab shunday dedi: – O‘rtoqlar! Birinchi masala juda jiddiyligidan mana besh soatdan beri undoq deb, bundoq, deb tortishib yotibmiz. Natija yomon bo‘lmadi. Ishimizga to‘g‘onoq bo‘layotgan bosh aybdorning yashirincha ish ko‘rayotganligi oydinlashdi. Ertaga soat o‘nda – majlis. Kun tartibi – Bosh aybdor kim?» Shuni aniqlaymiz va...
— Shundoq bo‘lsin. – dedi zaldan kimdir.
— Bugungi majlisimiz kun tartibidagi ikkinchi va uchinchi masala...
— Taklif bor
— Xo‘sh, xo‘sh-sh?
— Indin va undan keyingi kundagi majlisda ko‘rilsin.
— Shunday qilamizmi, a? Hamma rozimi?
— Voy, kun kech bo‘ldi. Bog‘chaga borishim kerak...
— Uyga kechiksam, erim urishadi...
— Bir chekib kelaylik. Tanaffus...
Rais stolni taqillata-taqillata e’lon qildi:
– Demak, ertaga soat o‘nda majlis. Tema dolzarb – «Bosh aybdor kim» Hamma tayyorlanib kelsin...
Ahli zal chapak chala-chala eshik tomon yugurishdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.