OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Boshliqning ruchkasi (hajviya)

Boshliqning tillo peroli qora rangda yozadigan ruchkasi yo‘qolib qoldi. Oddiy ruchka bo‘lganda go‘rlarga edi-ya. Sharikli ruchka bo‘lganda–ku, umuman bu haqda gapirib, qog‘ozni qoralab o‘tirmas edim. Tillo pero deysizmi? He-e, gap faqat o‘sha peroning tilloligida bo‘lganda ham qani edi-ya. Boshliq, o‘lay agar, bitta pero uchun buncha kuymasdi. Lekin boshliq ruchka yo‘qligini sezgach, birdan qo‘rqib ketdi. Ichida bir nima uzilib ketganday bo‘ldi, desam xato ketmayman. A’zoyi badani yaxlab, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Shosha-pisha goh u cho‘ntagini, goh bu cho‘ntagini qayta-qayta kovlashga tushdi. Qani endi ruchkasi qurg‘ur qo‘lga ilasha qolsa. 
Yo‘q! Yo‘qolibdi! Ertalab ishga shoshib, xizmat mashinasini kutib turgan boshliqning birdan hafsalasi pir bo‘ldi qo‘ydi. Hech narsa yoqmay, ishga ham borgisi kelmay qoldi. Oyog‘iga surkalayotgan to‘rt yoshlardagi qizchasini ham “Qoch-ee” deb tizzasi bilan turtib yubordi. Har doim ishga ketishdan oldin ko‘tarib , erkalab burnidan o‘padigan otasining bu qilig‘idan hayron bo‘lgan bolacha charillab yig‘lab qoldi. Kela solib bolani ko‘tarib olgan xotiniga qarab o‘shqirdi:
— Qani mening ruchkam?
— Qanaqa ruchka?
— Bilmaganday talmovsirama-e, ovsar. Haligi tillo peroli jigar rangli ruchkam-da. Ministr bergan ruchkam...
— Voy, bilmadim dadasi. Qayoqqa yo‘qolishi mumkin?
— G’alcha, bilsam sendan so‘rarmidim. Bo‘l tez, qidir baring. Uyning biror joyiga tushgandir...
Boshliqning uyi to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Ikki o‘g‘li, ikki qizi, xotini boshchiligida uyni allak-tallak qilib tashlashdi, hamma narsani ko‘tarib, qoqib ko‘rishdi. Kiyim ilingan shifoner-u, taxmondagi yig‘ilib turgan ko‘rpachalargacha ag‘darib ko‘rishdi. Yo‘q! Yo tavba! Yer yutdimi desa...
Boshliq eslaydi, kecha kechqurun cho‘ntagida edi, ishdan kelganda ham kostyumini yechgach ruchkani olib, bir aylantirib tomosha qilgan edi. U o‘tgan yili poytaxtda ministr qabulida bo‘lganida yaxshi ishlagani uchun uning qo‘lini siqib cho‘ntagidan ushbu ruchkani chiqarib bergan va tabriklagan, ishlariga omadlar tilagan, doimo shunday yaxshi ishlang deganga o‘xshash gaplarni aytgan edi. Ministrning shaxsan o‘zi taqdim etgan ruchka uning uchun jang maydonida “Jasorati uchun” medali, yo‘g‘-e, naqd “Xalq qahramoni” ordeniday qimmatli edi-da. Bularni eslab, boshliqning qo‘lqasi to‘lib, ko‘zlari namlandi. “He, ishini-yam...” U yana qayta yechindi. Uyda kiyadigan pijamasini kiyib, o‘zini divanga tashladi. Baribir ishlaganday bo‘lmaydi bugun. Kayfiyat buzildi. Axir ishda ham eng muhim hujjatlarga shu ruchka bilan imzo qo‘yar edi-da. Ruchka bo‘lmagach, ish bo‘ladimi? Boshqa ruchkalar bilan qo‘yilgan imzo ham imzoga o‘xshamaydi baribir. Tashqaridan signal berib, kelganini bildirgan xizmat mashinasi haydovchisiga ham bugun ishga borolmasligini, tobi yo‘qligini aytib, qaytarib yubordi. Yana divanga cho‘zildi. Yuragi siqildi. Birdan turib o‘tirdi-da, xotinini chaqirdi. Oshxonani ham ag‘dar-to‘ntar qilib, ruchka izlayotgan xotini qo‘rqa-pisa xonaga kirdi.
— Nima deysiz, adasi?
— Menga qara, anov kuni ruchkani olib, men ham ishxonaga oborib bir maqtanib kelay devding. Yana sen olgan bo‘lma tag‘in? Hazillashgan bo‘lsang tez chiqar, hozir jonim chiqib ketadi. Bo‘l, tez! Top!
Xotini o‘shanda o‘zi ishlaydigan maktabga erining ruchkasini bir kunga so‘rab oborib, o‘qituvchilarga ko‘rsatib, maqtanganini esladi.
“Mana bizning xo‘jayinga shaxsan ministrning o‘zi ruchka sovg‘a qilibdi. Yaxshi ishlayversang yonimga o‘rinbosar qilib olaman deganmish”, deganida o‘qituvchilarning rosa havasi kelib, ruchkani qo‘lma-qo‘l olib tomosha qilishgandi.
— Yo‘q, xo‘jayin, o‘libmanmi sizga hazillashib. O’shandan so‘ng ruchkangizga qo‘l tegizganim yo‘q. O’lay agar ishonmasangiz...
— Ha unda kim oladi ruchkani, kim? — baqirib yubordi boshliq.
— Bilmadim, — yerdan ko‘zini uzmadi xotini.
— Qaysi kuni anovi bolalaring ham navbat bilan ruchkani so‘rab olishgan edi. Sinfdoshlarimga ko‘rsataman, maqtanaman deb. So‘ra-chi, balki birontasi yana olgandir. Anovi o‘g‘lingdan qo‘rqqilik, o‘g‘irlab ham olaveradi.
Xotin bolalarini erining oldiga qatorlashtirdi. Hammasi yerga qaraganicha otasining dag‘dag‘asini eshitishdi. Bittasi ham men oldim demadi. Olmagan bo‘lsa, olmaganda. 
— Yo‘qol baring. Qidirlaring. Go‘rdan bo‘lsa ham topasanlar ruchkani ... Voy yuragim! Shu ruchka topilmasa o‘lib qolaman naqd...
Boshliq ikkinchi kuni ham ishga chiqmadi. O’lib ham qolgani yo‘q. Lekin hali ham qovog‘idan qor yog‘adi. Hech narsa yoqmaydi. Boshini qora to‘niga o‘rab divanga yotgani-yotgan. Tuzuk tamaddi ham qilmay qo‘ydi. Ko‘zlarining tagi salqib, ikki kundan beri soqoli olinmagan, yuzi allaqanday qorayib ketganday bo‘lib qoldi. Uf-f, endi nima bo‘ladi?!
Tushdan so‘ng xavotirlanib birinchi o‘rinbosari, bosh hisobchi uni ko‘rgali kelishdi. Quruq qo‘l bo‘lmasin deb bir qo‘yni tandir qilib kelishgan ekan. Boshliq avvaliga taomga ham qo‘l urmay o‘tirgan edi, o‘rinbosari opkelgan konyakdan qo‘yarda qo‘ymay “baniyati shifo” deb, bir piyolani ichirishgach, boshliqning peshonasi sal terladi va kelganlarga ichki sir qilib, tobi qochganining sababini aytdi va “maboda hazillashib olganlaring yo‘qmi-ey, topib bersalaring bir erish bizdan” deb hazil qilib qo‘ydi. “E-e, shunaqami? Ko‘p yomon ish bo‘pti-da. Bizku olganimiz yo‘q, lekin ishxonani, kabinetlarni qarab ko‘ramiz, biron yerga tushib qolgandir” deb uni yupatgan bo‘lishdi mehmonlar. 
Boshliqning “kasali”ning sababi bir zumda butun ishxonaga tarqalib ketdi. 
Hamma ruchkani topish to‘g‘risida o‘ylay boshladi. Hech kimning qo‘li ishga bormay qoldi. Axir hazilakammi, boshliqning naqd ministrning o‘zi taqdim qilgan tillo perolik ruchkasi yo‘qolsa-yu, ko‘ngliga ish sig‘adimi. Qolaversa, ko‘p hujjatlar imzosiz yotibdi. Odamlar bir-biridan “qanday ruchka edi, rangi qanaqa edi, qopqog‘i bormidi”, deb so‘rashar, hammasining xayolida “qaniydi ruchkani boshliqqa birinchi bo‘lib o‘zim olib borsam”, degan orzu aylanardi.
Kechqurun ko‘chada odam oyog‘i uzilgandan so‘ng boshliqning hovlisiga kassirning “Neksiya”si kirib keldi. Uyda yolg‘iz televizor ko‘rib o‘tirgan boshliqni kelasolib quchoqlab oldi va cho‘ntagidagi jigar rangli oltin peroli ruchkani chiqarsa bo‘ladimi. Boshliq birdan irg‘ib o‘rnidan turib ketdi va kassirni quchoqlab, peshonasidan “chulp” etib o‘pdi.
— Yashavor ukam, sening sodiqligingga ishonar edim. Adashmagan ekanman. Qaerdan topding?
— Shunday kabinetingizga kiradigan yerda, gultuvakning tagida yotgan ekan-ey. Yaxshiyam birov ko‘rmabdi. Qulluq bo‘lsin xo‘jayin. Ruchka muborak...
— Qulluq, qulluq. 
Kassir tashqariga qaytib chiqib, quruq qo‘l bo‘lmasin deb obkelgan bir yashik aroq, mineral suv va boshqa bozorliklarni mashinasi yukxonasidan tushirib oshxonaga tashir ekan, boshliq ruchkani aylantirib tomosha qilib o‘tirardi. “Xuddi o‘zi-ya.” Oldidagi qog‘ozga yozib, imzo qo‘yib ko‘rdi. Imzo ham o‘xshadi. Lekin... Boshliq kassirning ko‘ngli cho‘kmasin, shashti qaytmasin deb indamay, uni maqtab-maqtab kuzatdi. Chunki uning ruchkasida “Ministrdan So‘pievga sovg‘a” degan yozuvi bor edi-da. U poytaxtdan qaytayotgandayoq bir zargarning do‘koniga kirib, shunday deb yozdirib olgan edi. Ha, bolasi tushmagur-a, shuncha yonimga kirib, shu yozuvga ko‘zi tushmagan ekan-da. Bo‘masam-ku, ruchka xuddi o‘zimiznikining o‘zginasi...”
Sahar payti odamlar molini podaga qo‘shayotganda yana bir “Neksiya” boshliqnikiga kirib keldi. Bosh hisobchi ekan. U ham yap-yangi ruchka olib kelipti. Hatto yozuvlari ham bor. Boshliq darrov imzo qo‘yib ko‘rdi. Yo‘q, bu ham emas. Lekin shunday bo‘lsa ham bosh hisobchini ko‘ngli og‘rinmasin deb, yelkasiga qoqib, opkelgan tandir go‘sht-u, bir qop guruch, zig‘ir yog‘larini yuz-xotir qilib jo‘natdi. So‘ng xotiniga “anovi omborxonani tozalab qo‘y, bugun mehmon ko‘p keladiganga o‘xshaydi”, deb qo‘ydi. 
So‘ng yigirma yildan beri oddiy xodim bo‘lib ishlab yurgan Qoraboev degan odam keldi. U ham xuddi o‘zinikiga o‘xshagan ruchka obkelipdi. Yoniga ozgina pul ham qo‘shganmi-ey. He bechora, mayli, ko‘ngling qolmasin...
Kechga borib boshliqning qo‘lida yigirmata ruchka bo‘ldi. Oshxona, omborxona ham kartoshka-piyozdan tortib, arag‘-u, suvlarga, tandir go‘shtga to‘ldi. Qo‘yxonaga tog‘dagi filialda ishlaydigan bir xodim katta sherboz qo‘yni kirgizib yubordi. Ikkita kaklikni ham to‘rqovog‘i bilan hovlidagi tut shoxiga ilib ketdi. 
Shu bahonada kim sodiq-u, kim sodiq emasligi ham bilinib qoldi. Ruchka bahonasida bir kelib-ketmaganlarni ichida “Xap senimi”, deb qo‘ydi. 
Hammasi yaxshi bo‘ldi-yu, lekin baribir boshliqning ko‘ngli yorishmadi. O’zining ruchkasi topilmadi-da. To‘rtinchi kuni “endi ishga bir borib kelmasam bo‘lmas” deb ertalab kiyina boshladi. Sovg‘a ruchkalardan bittasini olib kostyumining cho‘ntagiga soldi-da, ustidan paypaslab quydi. Ie... Ruchka qani? Birdan kostyumining oldini ochib, cho‘ntagiga qaradi. 
Hozirgina solgan ruchkasi yo‘q. Tavba! Cho‘ntagining burchaklarini paypaslagan edi, bir barmog‘i cho‘ntak chetidagi bir teshikka kirib ketdi. Obbo! Cho‘ntagi teshik ekan-ku. Birdan beixtiyor kostyumining bariga qo‘l yugurtirdi. Qo‘liga qattiq bir narsa unnadi. Ie, ruchka buyoqqa tushibdi-ku. 
Xotinini chaqirdi. 
— Qarachi, manovi kostyumimning ichki cho‘ntagi teshikka o‘xshaydi, — deb kostyumni egnidan yechdi. Xotini kostyumni olib narigi uyga chiqdi va hayal o‘tmay otilib qaytib keldi. Ko‘zlari chaqnar edi. 
— Dadasi, dadasi. Voy, manovini qarang. Ruchkangiz...
— Ie, qaerda ekan? Nahotki?
— Cho‘ntagingiz qurg‘ur teshik ekan, o‘sha yerdan ikkala ruchkangiz ham kostyumning astari ichidan pastga tushib ketgan ekan-da...
— He, yashavor xotin. O’zim o‘rgilay sendan, — deganicha boshliq xotinini shartta quchoqlab yuz-ko‘zidan o‘pa ketdi va pirillatib “voy-voy” latganicha ikki-uch aylantirib yerga qo‘ydi. 
— Voy, boshim aylanib ketdi-e, dadasi. Qulluq bo‘lsin, ruchkangiz topilgani chin bo‘lsin...
— He qulluq, qulluq. Sendan qarzdorman, xotin...
— Ha bor bo‘ling, dadasi. Bizga sog‘-omon, xuddi hozirgidek o‘ynab-kulib tursangiz bo‘lgani. 
Boshliq xursandligidan xizmat mashinasini ham kutmay ko‘chaga otlandi. Tezroq ishxonaga borgisi kelardi. Uydagi ruchkalarni bo‘lsa xotiniga, bolalariga, bittadan tarqatib berdi va “Qolganlari zapasga tursin. Endi mening ruchkamga tegishmanglar” deb tayinladi. 
Boshliq kun buyi zavq-shavq bilan ishladi. Yig‘ilib qolgan ko‘p hujjatlarga tillo peroli ruchkasida imzo qo‘yaverdi, qo‘yaverdi...
Boshliqning kayfiyatini ko‘rgan xodimlar ham xursand. Ayniqsa, ruchkasini “topib berganlar” ning boshi osmonda edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.