OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Churra (hajviya)

Kechqurun. Xonada o‘rta yoshlardagi pakana, qiltiriqday tepakal To‘laboy bilan gavdalik, semiz gajakdor xotini Xipchagul televizor tomosha qilib o‘tirishibdi. O‘rtadagi xontaxta ustida bir-ikki bo‘lak non va choynak-piyola. Har zamon Xipchagul choynakdan piyolaga quyib ichayotgani – dog‘ suv. To‘laboy televizorga qaraganicha so‘raydi:
– Kampir. Shunday qilib kechqurun ro‘za tutamiz shekilli-a?!
– Bugun ovqat yemaymiz, dedim-ku. Dog‘ suv bilan qotgan non ham bo‘laveradi. Chidang. Odamlar bir oy ro‘za tutishadi-yu. Siz ham chidang, axir. Ikkinchidan, meni hadeb kampir, deyavermang. Nima, ko‘zingizga shunchalik qari ko‘rinyapmanmi?
–Yo‘g‘-e, xotinjon. – To‘laboy xotinga qarab. – Hali qizday-san. Lekin shu, ko‘ngil sal ozganday bo‘ldi-da. Qorin ochiqqanda kalla ham ishlamay qolarkan, kampirjon, e-e, xotinjon.
– He, aljimay, keting, chet ellarda odamlar haftasiga bir kun och yurarmish. Ham sog‘liqqa foyda emish, ham cho‘ntakka. Chidang siz ham.
– Eh-he-e. Ularga yetguncha gap ko‘p. Biz endi rivojlanayapmiz. Ungacha yeb turaylig-e.
– Yo‘k, yo‘q. Aytdim-ku sizga. Hadeb gapiraverasizmi. Bugun bir so‘m ham daromad bo‘lmadi. Buromad ham bo‘lmaslik kerak. Haligina kelishgan edik-ku. Yana plastinkani qayta qo‘yayotibsiz-a, dadasi. – xotinning qoshi chimirildi: – Anovi soliqchi shtraf qilib ketmaganda, kechga qo‘y dumbadan solib, dimlama qilmoqchi edim. Nasib qilmagan ekan. Chidaysiz endi.
– He, sen ham shu do‘koningni hujjatlashtirib qo‘ymading-da. Necha bor aytdim-a.
– Voy, doim shunaqa bo‘libdimi? Bir adashib keldi-keldi-da. Mashinangning baloni teshilib, sarson bo‘lgur. Hozir ko‘pchilik shunaqa yashirin do‘kon ochgan-ku. Nalog to‘lashmaydi, dadasi.
– Baribir bir kun qo‘lga tushadi. Shundan ko‘ra...
– He, ishingiz bo‘lmasin. Ertaga nasib qilsa bugunning ham o‘rnini to‘ldiraman.
– To‘g‘ri aytasan, xotinjon. Mening ham ko‘nglim sezib turibdi. To‘ldirasan. Tur. Biron narsa olib kel-e.
– Ho-o, yana ayniyapsiz. Yetimingizni topibsiz. Men kun bo‘yi do‘konda oyoqda tik turib, bir so‘mlab topsam-u, bu kishi yoti-i-ib yesalar-a. Voy tekinxo‘r-ey.
– Ye. Ye, xotinboy. Vaqtida sen ham biznikini yegansan. Raypoda ishlagan vaqtlarim-chi. Vagondan yuk tushirganmizda, har kuni 5-6 kilollab o‘sha tushirgan narsadan uyga opkelardim-ku; shokoladmi, konfetmi, guruch-shakar deysanmi. Esingdan chiqdimi? Endi ishga yaramay qolganimda o‘zingnikini minnat qilyapsan-a. He, qo‘y-e. Yaxshi emas, noshukurlik. Bir paytlar ro‘zg‘orni men tebratganman-ku. Endi davr sen xotinlarga tegib qoldi-a.
– He, o‘tganni eslatmang. Endi foydasi yo‘q.
– Nima qilay, axir. Sog‘ligim bo‘lsa-ku, hali ham ko‘chaga chiqib ketardim-a. Do‘konda o‘tiray desam, rashk qilib, qo‘ymaysan.
– To‘g‘ri-da. Ko‘zingiz o‘tgan xotinning ko‘kragida, bir irshanglasa do‘konni tekinga bervorasiz. He, o‘lmabdi. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani chin. Qo‘ying. Siz uyda o‘tiravering.
– Na isiqqa chidaysan, na sovuqqa. Bo‘pti-e. Tortishgandan na foyda. Undan ko‘ra tur, biron tuxum chaqib, qovurib kelaqol-e, xotin.
– He, bilganingiz ovqat ekanda. Bo‘ldi-e. Yana gapirsangiz urishib qolamiz.
– Ye, shunaqami? Ha, mayli. Biz pas...
Ular jimib qolishdi. Televiziorda ona, farzandlar to‘g‘risida telefilm bo‘lyapti. Qarab o‘tirgan Xipchagulning ko‘ngli buzilib, yengi bilan ko‘zini artadi.
– Uf-f. Bir qishloqda turib, bittayu-bitta qizimni borib qo‘rolmayman. O‘zi ham kelmay qoldi. Anovi ziqna qaynonasi yubormayotganda. O‘l-e. Mendan ham qattiq ekan-e. Hoy, dadasi. Qizimizni bir ko‘rib kelmaymizmi?
– Ye. Shu tobda-ya. Kech bo‘lmadimi?
– Voy uzoqmas-u. Qishloqning narigi cheti, qancha o‘zi. Bir qadam. Boraqolaylik. Kunduzi do‘kondan bo‘shamayman, yuring.
To‘laboy devordagi soatga qaradi.
– Soat ham 7 bo‘libdi. Borsak, yaxshi bo‘lardi-ya. Shu bahonada qudanikidan qorinni zapravka qilib qaytardik.
– Obbo. Bilganingiz qorin. O‘zim aytmasam, qizim bor demaysiz. Qanday otasiz o‘zi.
– Qizingga nima qipti. Yurgandirda o‘zi bilan o‘zi. Bo‘pti. Yur, borsak boramiz. Men mashinani yoqay bo‘lmasa.
– He, nima kerak. Bir qadam yerga benzinni isrof qilib. Piyoda-piyoda, gangir-gungur qilib boraveramiz-da. Piskultura bo‘ladi, dadasi...
– Bo‘pti. Sen nima desang, shu-da, xotin janoblari. Ketdik.
Er-xotin kiyinishib, ko‘chaga chiqishadi.
Atrof qorong‘i. Qishloq tosh ko‘chasining har yeriga qo‘yilgan simyog‘ochlarda elektr lampalari xira nur sochib turibdi. Osmonochiq. Oy ko‘rinmaydi. Yulduzlar miltiraydi. To‘laboy oldinda, orqada Xipchagul – ketishyapdi.
Ko‘chaning bir qorong‘iroq joyida katta ko‘lmak suvga duch kelishadi.
– To‘xta. Suv bor ekan. Kimdir tomorqasiga suv quyib, ko‘chani ham bostirib yuboribdi-da. Chuqurga o‘xshaydi. Bu yerdan o‘tib bo‘lmaydi. – deydi To‘laboy engashib ko‘lmakni tekshirgan bo‘larkan.
– Voy, endi nima qildik. Yaqin qolvudi-ya.
– Nima qilardik. Kechib o‘tamiz-da. – deb To‘laboy oyog‘ini yechib, pochasini shimara boshladi.
– He-e, men suvga tusholmayman. Bodim bor-ku. Pochkam ham og‘riydi.
– He, seni qara-yu. Pochkang og‘risa, mashinani minib chiqish kerak edi-da. Qo‘ymading-ku. Haliyam qaytib borib, mashinada kelaqolaylik.
– Eh-he, qo‘ying-e. Ana, kep qoldig-u. Dadasi, yaxshisi o‘zingiz meni ko‘tarib o‘tkazaqoling.
– Seni-ya?! Ye. Qanday qilib?
– Shundoq yelkangizga minib olaman. “Xo‘-o‘p” deb o‘tkazib qo‘yasiz. Keling endi. Bir ko‘tarsangiz ko‘taribsiz-da. Shuncha vaqtdan beri sizni ko‘tarib yuribmiz-ku. O‘lmagan bizning jonimiz...
– Mayli-kuya. Lekin mazam yo‘q-ku. O‘zing bilasan...
– He, ordona qolsin. Sizning shu bahonangiz ham doim o‘zingiz bilan. Nima qilamiz bo‘lmasa.
– Ha, mayli. Kel, kel. Lekin aytib qo‘yay. Sen hozir avvalgidan ham semirgansan. Tag‘in...
– Voy, unday demang-e. Ko‘zingiz tegadi-ya. O‘zi shundayiga ham ancha et oldirib qo‘ydim. Qani, engashing...
To‘laboy sal engashdi.
– Kel-chi.
Xotin “yo pirim” deb, erining bo‘ynidan quchoqlab, beliga sakrab minib oldi. To‘laboyning beli mayishib, gandiraklab ketdi. Kuchanib, suv ichiga bir qadam tashlab kirgan edi-ki, qornidan pasti qattiq og‘rib, bir narsa ichkaridan “tirt” etib yirtilganday bo‘ldi. To‘laboy “voy” deb, cho‘kkalab qoldi. Og‘riqdan ko‘zi tinib ketdi. Xotinning oyog‘i suvga botdi.
– Voy, nima bo‘ldi? Yuring endi. Hozir suvga yiqilaman. – deb Xipchagul erining bo‘yniga battar yopishdi.
– Tush. Tush deyman. Voy, qornim. – deb ingrandi To‘laboy.
– Voy, bir pastda-ya. Darrov nima bo‘ldi? He, sizni qarang-u, – deb xotini suvga shaloplab tushdi; – Voy, voy, buncha sovuq, – deganicha yugurib, orqaga qaytdi.
To‘laboy hali ham suv o‘rtasida bukchayib turardi.
– Dadasi, chiqing endi, – dedi Xipchagul yo‘l chetiga o‘tirib, kalishini yechib, suvini to‘karkan: – Qaeringiz og‘riyapdi?
– Qornimdan pasti. Churram, churram yorilib ketdi-yov. Qattiq og‘riyapdi. Voy, voy...
– Obbo, necha bor aytdim sizga. Shu o‘lgurni oldirib tashlang deb. O‘n yildan beri oshqovoqday osib yurasiz-a.. He, savil qolsin. Endi nima qilamiz?
– Voy. Voy. Im-m-m. Uyga qaytmasak bo‘lmaydi.
To‘laboy suvdan chiqib, bukchayganicha uyi tomon bir-bir bosib yura boshladi.
– Uf-f. Voy, jonim. Qattiq og‘riyapdi.
– Endi qaytamizmi, dadasi?
– He, bu ahvolda mehmonga borib bo‘ladimi. – dedi To‘laboyning og‘riqdan afti bujmayib. Xipchagul erining tuflisini oyog‘i ostiga otadi:
– Bo‘pti. Manovini kiyib oling. Oyog‘ingizdan yax o‘tib, qolgani ham shamollab qolmasin, dadasi...
To‘laboy bukchaygancha oldinda, orqada xotini sekin-sekin yo‘lda necha bor dam olishib, uyga qaytishdi, uyda To‘laboyning ahvoli battar og‘irlashdi. Bezovtalanib qoldi: yotadi, turadi, har zamon “voy, voy, o‘laman” deb qoladi.
– Dadasi, odamni qo‘rqitmang-e. Oldinlari hech bunday qilmasdingiz-ku.
– Avvallari churramni bossam ichkariga qaytib kirardi. Endi qaytmayapti. Kattarib ketgan. Yorildi shekilli. Do‘xtir ham ehtiyot bo‘ling, degan edi. He, xotin-e. Hammasiga sen aybdorsan. Mana niyatingga yetding. Endi o‘laman. Qutilasan, mendan.
– Voy, unday demang. Men nima qipman. – Xipchagul yig‘lagan bo‘ladi.
– Nima qipman deysan-a. Mashinani minib borganimizda-ku shuncha gap yo‘q edi. Yana tag‘in ustimga minib olganing-chi. Eshakka minganday... 
– Asta mindim-ku, dadasi. Man qaydan bilibman.
– He, minmay o‘l. Voy, voy, jonim. Endi o‘laman. Uf-f. Yuragim to‘xtab qolayotir. Im-m-m...
– Voy, unday demang-e. Siz o‘lsangiz, men nima qilaman. Odamni qo‘rqitmang, dadasi.
– Qutulasanda mendan. Pullaringni quchoqlab yotaverasan. Ko‘ngling tusab qolsa, o‘sha pullaringga mendan tuzuk er ham sotib olasan. Kattasidan. Voy, voy-ey...
– Og‘zingizni yel olsin-ey. Unday demang-ey. Sizsiz menga pul ham kerakmas, mashina ham. Siz o‘lmang, dadasi. Hali yaxshi bo‘lasiz. Biron chorasi bordir. Nima qilay, ayting. Nima qilay?
– Voy, voy, qornim. O‘l qil. Dard qil. Tez yordam chaqir. He, onangni...
Xipchagul yugurib chiqib qushni xonadagi telefondan “03”ni terar ekan ming‘illadi:
– He, churra bo‘may har narsa bo‘gur. Uf-f. Endi yana chiqim bo‘ladiganga o‘xshaydi-da. Chiqimning yuzi qursin-e. E, xudoyim, men qilaman o‘ttiz, sen qilasan to‘qqiz. Menda qasding bormi o‘zi? Gunohim nima? Qayoqdan ham shuning ustiga mindim-a. He, qiz ko‘rgani bormay men o‘lay. Allo. Tez yordam-mi bu?

* * *
Tez yordam bo‘limi. Navbatchi boshqaruvchi xonasi. Stol ustida jurnal, telefon apparatlari, mikrofon. Oq qalpoq, xalat kiygan yigit esnab o‘tiribdi. Yonida yana bir feldsher nimanidir yozib o‘tiribdi.
Telefon jiringlaydi. Boshqaruvchi go‘shakni oladi:
– Da, tez yordam eshitadi...
So‘ng birdan baqiradi:
– Yana senmisan? Qo‘y trubkani. He, ahmoq. Hozir borib, qulog‘ingni kesaman.
– Kim ekan? – deydi yonidagi feldsher yozuvdan bosh ko‘tarib.
– He, bir yosh bola. Halitdan beri 5 marta telefon qildi.
– Nima deydi?
– O‘ynayapti-da. Mushugim kasal bo‘lib qoldi deydimi-ey. Tez yordam yuboring emish. Voy axmog‘-ey...
Shu payt yana telefon jiringlaydi. Boshqaruvchi go‘shakni olib, tinglamasdan baqiradi:
– Qo‘y, deyapman senga, trubkani. Qo‘yasanmi, yo‘qmi. Rosa jonga tegding-ku. He... basharang qursin. Padaringga la’nat, tarbiya ko‘rmagan. Hozir borsam ko‘zingni o‘yaman-a. Qo‘y trubkani...
U shunday deb go‘shakni sharaqlatib joyiga quydi.
– Uf-f. Juda jonga tegdida. Bularga tez yordam o‘yin bo‘lib qolgan-a. Anovi kuni ham bittasi shunday deb, rosa o‘nnatdi. Sigirimiz xomilador, tug‘ayapdi. Tez kelinglar deydi.
Biroz o‘tmasdan yana telefon jiringladi. Boshqaruvchi go‘shakni olsammi yoki yo‘qmi deganday biroz o‘ylanib qarab turdi-da, go‘shakni ko‘tardi:
– Da, tez yordam eshitadi. A?! Ye. Ye. Yo‘g‘-e. Opa, opa. Baqirmay gapiring. So‘kinmang-e. Kim so‘kindi? Yo‘g‘-e. Biz so‘kinmaymiz. Sizni emas. Men emas. Opa. Xo‘p, xo‘p. Kechirasiz. Obbo. Opa, biz so‘kinmaymiz. Boshqa yerga tushgandirsiz. Ha, bu tez yordam. Bo‘pti. Ayting. Nima xizmat bor? Bemorning ismi-sharifini ayting...
Telefonning u tomonida Xipchagul baqiradi:
– Allo. Bu tez yordammi? Ye. Voy basharang qurg‘ur-e. Hoy, kimni so‘kayapsan? Nega so‘kinyapsan? Xalitdan beri tilpon kilaman, go‘shakni ko‘tarmaysan. Endi esa o‘zingdan-o‘zing so‘kinasan. Xoy bola, o‘zingning ko‘zingni o‘yib qo‘ymay tag‘in. Nima, onangning uyida o‘tiribsanmi? Hoy, bu tez yordammi o‘zi? Ha, shunaqa bo‘lsin. Bizga skori kerak. Tez yordam. Bo‘l tez, He, sandaqa...
– Ayting opa. Bemorning ismi-sharifi, yoshi.
– To‘laboy Valiev. 48 yosh. Olmazor, 18-uy. Tez yubor. Tez, tez bo‘l...
– Bemorga nima qilgan?
– Hoy, ezma churuk. Nima qilganini kelib bilasan. Tezroq yubor, duxturingni.
– Opa, kasaliga qarab mutaxassis yuboraman-da. Akusherka yuboraymi, bo‘lmasa?!
– Yo‘q. Voy, erim tug‘maydi. Churrasi og‘rib qoldi. Churra duxturini yubor-e.
– Churra? Churra duxtur?
– Ha, ha. Qisilib qoldi. Yorilib ketgan. Tez yubor, deyapman. He, ezilmay o‘l-e.
– Xo‘p, opa, xo‘p. Baqirmang-e. – deb boshqaruvchi go‘shakni taraqlatib qo‘ydi:
– Tovba. Buncha baqirmasa bu xotin. Ye, churra bo‘lsa churrada. Ko‘richak emas-ku, vaxima qilgali. Tavba.
Boshqaruvchi jurnalga yozib bo‘lib, yonidagi feldsherga kulib qaradi:
– Churraga borib kelasizmi?
Feldsher burnini jiyiradi:
– He, yo‘qot-e. Janjalkash xotinga o‘xshaydi. Borgandan so‘ngyoqamdan olsa-ya. Anovi yangi kelganni yuboraqol, ish o‘rgansin. Bizga biron tuzukrog‘i tushsa, qarashasanda. Daromad bo‘ladiganidan...
– Gap yo‘q. Eriysiz-da. – deb qo‘ydi boshqaruvchi va oldidagi mikrofonga gapirdi:
– Feldsher Olimov, haydovchi Oltiboev chaqiriqqa chiqinglar. Shoshilinch. Tez, tez. Bemor To‘laboy Valiev. 48 yosh. Olmazor ko‘chasi, 18 uyga. Tez boringlar...
Birozdan so‘ng ko‘chaga chiqayotgan tez yordam mashinasiga qararkan derazadan baqirdi:
– Hoy, Oltiboev, tez-tez, haydang. Bemor og‘ir. Obbo, buning imillab haydashini qarang. He, Toshbaqaev-ey. Kechikib boraver-chi, kuningni ko‘rasan.

* * *
To‘laboyning hovli eshigi oldiga tez yordam kelib to‘xtadi. Yoshgina, qiltiriqday feldsher katta chamadon ko‘tarib tushdi.
Eshik oldida Xipchagul qovog‘idan qor yog‘ib turardi.
– Voy-bo‘-o‘. Namuncha kech kelyapsizlar. Bir soat bo‘ldi-yu chaqirganimga. Kuta-kuta kasal ham o‘lib bo‘ldi-ku...
Duxtur to‘xtab qoldi.
– A? O‘ldi? He, bechora-ey. Dardi og‘ir ekan-da. Nachora. Biz ham xizmatdagi odam. Chaqiriqlar ko‘p. Navbat bilan kelyapmiz-da... – deb iziga qayta boshladi.
– Hoy, qayoqqa? – Xipchagul uning oldini to‘sdi.
– Ha, endi o‘lgan bo‘lsa, nachora, amma. Bandachilik...
– Ye, nega o‘ladi? Og‘zingizni yel olsin-e. Erim tirik. Kuta-kuta o‘lsa nima bo‘lardi deyapmanda. He, tovba. Ana uyda yotibdi. Ko‘ring-e...
– E-e, shunday demaysizmi, amma. Odamning kapalagini uchirdingiz-ku. Qani boshlang. Ko‘rsating bemorni.
Feldsher bilan Xipchagul uy ichiga kirishdi. Karavotda g‘ujanak bo‘lib yotgan To‘laboyning oyoq uchiga o‘tirgan feldsher uning yelkasidan tortdi.
– Amaki, qani menga qarang-chi. Nima bo‘ldi?
– He, maza qochdi-e, duxtur. Voy, voy...
– Nega qochadi? Qayoqqa qochadi?
– Bilmadim, duxtur. To‘satdan shunday bo‘lib qoldi. To‘g‘risi bu ilgaritdan bor edi. Do‘xturlar anaqa degan. Xaligi. Provostron paxamoshin grishami-ey, deyishgan edi-da...
– Ha-a. Grisha emas, grija deng. Churra-da. Dabba ham deyishadi. Xo‘sh, xo‘sh. Keyin-chi?
– O‘shanim avval mayda edi. Birdan kattarib, og‘rib qolsa bo‘ladimi. Qisildimi, yorildimi, bilmadim. Yomon og‘riyapdi-da, duxtur. Yordam qiling...
– O‘zidan-o‘zi bo‘lmagandir. Biron og‘ir narsa ko‘targandirsiz-da?
To‘laboy xotiniga qaraydi. Do‘xturning orqasida turgan Xipchagul “aytmang” deb, qo‘li bilan ishora qiladi.
– Ha, bir og‘ir to‘nkani ko‘taraman deb edim.
– Obbo, siz-ey. Nima kerak edi shu. Tinch yurmaysizmi. Mana endi o‘zingiz qiynalyapsiz. Sizga qo‘shilib mana, ammam bezovta. Men ovora, Oltiboev ovora. He, sizni qarang. Buning bari xarajat, axir...
– A? Xarajat? – deb seskanib tushdi Xipchagul.
– Ha-da. Davlatning benzini ketyapdi. Mashinaga zapchas, dori-darmon degandek. He, sizni qarang-u. Hay, mayli. Qani ko‘raylik-chi. – deb duxtur To‘laboyning ishtonini pastga tortmoqchi bo‘ladi. U ikki qo‘llab lippasiga yopishdi:
– E-e. Do‘xtur. Uyat bo‘ladi-e.
– Ha? Ye. Ko‘rmasak qanday davolaymiz. Yeching ishtonni...
– He, nimasini ko‘rasiz. Churra-da. Hoy, xotin sen qarama, qo‘rqasan. – deb To‘laboy noiloj ishtonini qo‘yvordi. Xotini labini burib teskari o‘giriladi. Do‘xtur ishtonni tushurmasdan, rezinkasini cho‘zib, engashib ishton ichiga qaraydi.
– O‘x-xo‘. Churramisan, churra-ku. Tarvuzday bo‘lib ketibdi-ya.
– Ilgari noskadiday edi.
– Endi buni operatsiya qilinmasa, bo‘lmaydi. Sizni kasalxonaga olib ketaman.
– Do‘xtur, avval biron ukol qilmaysizmi? Juda og‘riyapti. Chiday olmayman.
– Ixm. Qilsak ham bo‘ladi. Bo‘pti. Hozir. Hozir, – do‘xtur sumkasining ichini titkilaydi. So‘ng Xipchagul opaga qaradi.
– Opa. Mabodo sizda bir martalik shprits topilmaydimi?
– Yo‘q. Nimaydi?
– He, shu akamga bir ukol qilay dedim-da.
– O‘zlaringizda bo‘lmaydimi?
– O‘zimizda bor-ku-ya. Lekin mana bunaqa, ko‘p marta ishlatiladigan. Ignasi ham o‘tmas, uchi qaytib qolgan-da. Akani qiynaydimi deyman...
– Yo‘g‘-e, bir martalikdan qiling-e. – deydi To‘laboy ko‘zini ola-kula qilib.
– Bir martalik shprits o‘zimda bor, lekin pullikda. Birov-yarimning hojatini chiqaraman deb aptekadan sotib olganman...
Feldsher shunday deb, bir Xipchagulga, bir bemorga xijolatomuz qaraydi.
Xipchagulning qoshi chimrildi:
– Voy, voy, nima deyapsiz. Do‘xtur. Tez yordam bepul-ku?!
– Ha, to‘g‘ri, xizmatimiz bepul. Lekin shprits pullikda, amma. O‘zimniki-da.
– He, ukol qiling-e, do‘xtur. Tez bo‘ling, og‘riyapdi. Xotin, pulini ber-e. – dedi To‘laboy og‘riqdan afti bujmayib.
– Bo‘pti. Qiling ukolingizni. Pulini olasiz. – Xipchagul zarda bilan bir eriga, bir do‘xturga qarab jerkindi. Do‘xtur cho‘ntagidan shprits chiqardi. So‘ng yana sumkasini titkilay ketdi. Izlaganini topolmadi shekilli, yana Xipchagulga qaradi:
– Amma. Sizlarda og‘riqni qoldiradigan Analginmi yoki Nosh-pami topilmaydimi?
– He, ammalamay o‘l-e. – Xipchagul baqirdi: – Nima deyapsan o‘zi? Hamma dori o‘zimdan chiqsa, seni chaqirib nima qilaman? Nega kelding doring bo‘masa?
– He, qizishmang, amma. Qizishmang. Hech narsamiz bo‘lmasa ham baribir kerakmiz. Hech bo‘lmasa tekinga kasalxonaga oborib tashlaymiz-ku. Taksi bilan borsangiz falon pul. Biz esa tekinga...
– Obor, obor, o‘sha bolnitsangga. Tez bo‘l. Dadasi turing, yuring. O‘sha yoqqa boraylik. Bundan foyda yo‘q. Tez yordam emish tag‘in. Dorisi bo‘masa, shpritsi yo‘q. He, o‘l-e...
– Xotin, yurolmayman. O‘ziniki bo‘lsa ham ukol qilsin. Voy. Voy, jonim...
– Hoy, duxtur, o‘zingda bo‘lsa qil-da. Nega baqrayib turibsan. Olasan pulini. Bo‘l. Qil ukolingni. – deb yana baqirdi Xipchagul va yoqasidan bir dasta pul chiqarib, bitta 200 so‘mlikni feldsher oldiga tashladi: – Ma, zaxaringa ol. Tez qil, ukolingni...
– Xo‘p. Xo‘p, amma. Siz qizishmang. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Hozir ukol qilamiz. Akamiz tinchiydi-qoladi. Hozir, hozir...
Feldsher yigit shunday deb, cho‘ntagini uzoq kovlab bir ampula dori chiqardi. Ukol qildi. So‘ng sumkasini tezgina yig‘ishtirib:
– Qani, ketdik bo‘masam, amaki. Kasalxonaga borguncha og‘riq ham bosiladi. Yuring, – deb To‘laboyning ko‘ltig‘idan siltab ko‘tardi. To‘laboy “voy, voy”laydi. Xipchagul bilan feldsher yigit To‘laboyni sudraganday qilib tez yordamga chiqarib yotqizishdi.
– He, sal o‘zingizni tuting-e, dadasi. Uf-f. He, churrangiz ham qursin-e. – deb Xipchagul erining yoniga o‘tirdi.
Tez yordam yo‘lga tushdi.
 
* * *
Atrofga tunning qora to‘ni yopilgan. Osmonda yulduzlar miltiraydi. Yo‘lda zog‘ yo‘q. Haydovchi allaqanday ashulani xirgoyi qilib, mashinani sekin-sekin haydab ketmoqda. Feldsher mudraydi. Bemor inqillaydi. Xipchagul bezovta. Haydovchining yelkasiga turtadi:
– Xoy, shopir. Qovog‘ariday g‘o‘ng‘illamasdan, aravangni tezroq hayda. Erim bezovtalanayapdi.
– Aytib qo‘ying, tinch yotsin. Hali uzoq. – deydi Oltiboev orqasiga qaramasdan, beparvo ohangda.
– Ye, nima deyapsan o‘zi? Senga tez hayda deyapman. Muncha toshbaqaga o‘xshab imillaysan.
– Haydayotibman-ku. Yana qanday hayday. Buncha baqirmang-e, kar emasman...
– He, Tez yordamga o‘xshab hayda-da. Erimning ahvoli og‘irlashyapdi, axir. Bu yurishingda kasalxonaga yetguncha bemor o‘ladi-ku. Hayda. Hayda tezroq.
– Baqirmang, baqirmang. Haydaganim shu. Nima, sizning eringizni deb, endi avariya qilaymi.
Feldsher ko‘zini ochib, haydovchiga qaraydi.
– Nima gap?
– He, bu opamga mening haydashim yoqmay qopti.
– Yoqmaydi-da. Toshbaqa. Tez-tez hayda deyapman senga. He, shopir bo‘lmay o‘l-e, – deb haydovchining yelkasiga mushtlaydi. – Agar erimga bir narsa bo‘lsa, bo‘yningni uzaman. Tez haydasanmi, yo‘qmi?
– He, nega urasiz. Haydayapman-ku. Tavba. Sirena-migalkani yoqib qo‘ygan bo‘lsam. Oltmish tezlikda uchib ketayotgan bo‘lsam. Yana qanday hayday? Rosa janjalkash ekansiz-ku. Chidamasangiz ana, taksida boring-e...
– Tezroq haydang, Oltiboev. Janjalni ko‘paytirmang. Bemorning ahvoli og‘ir. – dedi feldsher ham haydovchiga ta’na ohangida.
– Do‘xtur, o‘zingiz bilasiz, kechasi yaxshi ko‘rmayman. Uning ustiga orqadagi balonim yirtiq. Hayda desangiz haydayveraman-ku. Lekin javob bermayman.
– Haydang-e. – dedi feldsher va yana ko‘zini yumib, mudray boshladi.
Haydovchi biroz tezlikni oshirdi. Ko‘pam yurmasdan birdan mashina silkinib-silkinib to‘xtadi.
– Ha, yana nima bo‘ldi? – dedi feldsher.
– Benzin tugadi. Ertalab bergani 5 litr edi, tugadi-da.
– Voy, nega tugaydi? Skorida ham benzin tugaydimi? Endi nima qilamiz? Yarim kechada, yarim ko‘chada qolamizmi? – dedi shang‘illab Xipchagul.
Bemor esa ingranadi.
– Boshqa iloj yo‘q, opa. Benzin tugadi-da. Endi itarib boramiz. –dedi feldsher mashinadan tusharkan.
– Endi bu ko‘rgulik ham bormidi menga?
Xipchagul va feldsher orqada, haydovchi yonboshda, “Tez yordam”ni itarib jo‘nashdi. Xipchagul tosh yo‘lga qoqilib-surinib ketyapdi.
– He, shopir, bo‘lmay o‘l-e. Benzinini to‘ldirib yurmasa, mashinasi buzuq, bo‘lsa. Tag‘in ko‘r bo‘lgurning ko‘zi ham ko‘rmas ekan. Kimga kerak bunday shopir?!..
– Hoy, opa. Og‘zingizga qarab gapiring. Haqorat qilmang. Men bu yerda 40 yildan beri ishlayman. Benzinni kam bersa, men aybdormi? Qancha gapingiz bo‘lsa, ana zapravkachiga ayting. Menga bersa yuraman, bermasa yotaveraman...
– He, hammang qo‘shmozor bo‘l-e. Agar erimga bir gap bo‘lsin-chi. Ko‘rasanlar mendan...
Ular bir yerga kelib to‘xtashadi.
– Shu uyda benzin sotishadi. – dedi haydovchi yo‘l chetidagi bir uyni ko‘rsatib.
– Sotsa borib opkel-da. Nega bizga aytayotibsan. – dedi Xipchagul.
– Bepul bermaydi-da.
– He, pul demay o‘l. Esi-darding pul.
Xipchagul haydovchiga pul uzatadi.
– Ma. Ol. Tez borib kel. He, shopir bo‘lmay har narsa bo‘lgur.
– Opa, menga minnat pulingiz kerakmas. Benzinni opkelsam, siz uchun, eringiz uchun opkelaman.
Feldsher pulni Xipchaguldan olib, haydovchiga o‘zatadi:
– Mana. Boring endi Oltiboev. Gapni ko‘paytirmang. Pulini berayapdi-ku.
Haydovchi taysallab turgan edi, Xipchagul baqirdi:
– Hoy, borasanmi-yo‘qmi? Hozir boshingni urib yoraman... Og‘zingdan qoning kelgur...
Shofyor yugurib ketdi.
– Opa, bularga ham qiyin-da. Benzinni o‘lchab berishadi. Ehtiyot qismlarni o‘zlari yonlaridan olishadi.
– Bo‘pti. Ertaga bosh hakimga kiraman. Kerak bo‘lsa yuqoriga yozaman. Nima degan gap bu? Tovba. Tez yordam ham shunaqa bo‘ladimi-ya.
– I, i. Unday demang, opa. Bosh hakimga aslo kirmang. Shikoyat tushurding deb, meni ham, haydovchini ham ishdan haydadi. Jon opa. Hozir ish topish... – feldsher Xipchagulga yalina boshlaydi.
Xipchagul javraydi. Bemor inqilaydi.
Birozdan so‘ng haydovchi benzin opkelib, mashinaga quydi. Tez yordam yana yo‘lga tushdi.

* * *
Qabulxona.
Navbatchi jarrox bemorni tekshirib ko‘ryapdi.
– Xo‘sh-sh, akam. Demak bunday. Churrangiz kattarib, qisilib qolibdi. Endi uni operatsiya qilmasak bo‘lmaydi.
– Boshqa iloji yo‘qmi, uka? Operatsiyadan o‘lguday qo‘rqaman-ey. – deydi To‘laboy ingranar ekan.
– Yo‘q. Boshqa iloji yo‘q. Qo‘rqmang. Juda oson. Avval narkoz berib, uxlatib tashlaymiz. So‘ng o‘yg‘onib qarasangiz, churrangiz yo‘q-da. Qalay, zo‘rmi? Ana shunaqa. Juda oson. Hech qo‘rqmang.
– He, yo‘g‘-e, yo‘g‘-e. Narkoz bermang, jon do‘xtur. Narkozdan ham qo‘rqaman. Xudo ko‘rsatmasin, tag‘in uxlab qolib so‘ng butunlay o‘yg‘onmasam-a. Yo‘q, yo‘q. Bo‘maydi...
– Boshqa yo‘li yo‘qmi, duxtur. Erim to‘g‘ri aytayotibdi. – deb gapga aralashdi Xipchagul; – yengilroq, kamxarjroq, yo‘lini qiling-e.
Jarrox biroz o‘ylanib turdi.
– Xo‘sh-sh. Umuman olganda yo‘li bor. Lekin ozroq xarajati bor-da.
– Duxtur, iltimos, o‘sha yo‘lini qiling. So‘ng eriymiz. A, nima deding, xotin, – dedi To‘laboy xotiniga mo‘ltirab qararkan.
– Obbo. Darrov erishdan gapirmang, dadasi. Duxtur beminnat yordam ham bormi o‘zi-a? – dedi Xipchagul bir eriga, bir xirurgga qovog‘ini uyib.
– Ye, ye. Xazillashdim, opa. Darrov rangingiz o‘chmasin. Biz bepul, beminnat xizmat qilamiz, opajon.
– He, yashang, uka. Shunday demaysizmi?! Duxturlar orasida ham yaxshi odamlar bor, xotin. Mana ko‘rdingmi?
Xipchagul labini burib, eriga o‘qrayib qarab quydi.
– Ha, shunday, shunday. Lekin ishimizning yana bir nozik tomoni bor edi-da. Aytmasam bo‘lmas. – dedi jarrox.
– Xo‘p, xo‘p, ayting, duxtur. Faqat tezroq yordam bersangiz, bo‘ldi. – dedi To‘laboy.
– Bizga berilgan operatsiya materillari tugab qoldi. Bugun aksiga olib, rosa ko‘p operatsiya qildik-da. Endi sizni operatsiya qilish uchun ba’zi narsalar kam qolibdi. Shuni nima qilsak ekan?
– Biz qayoqdan bilamiz, nima qilishni. Siz bilasiz-da, duxtur. Nima qilish kerak edi? – dedi Xipchagul unga yomon qarab.
– Aytmasam ham bo‘lardi-yu, lekin burchim. Agar o‘sha narsalarni tungi aptekadan opkelaman desangiz, eringizni bugun operatsiya qilamiz. Agar yo‘q desangiz, operatsiya ertaga qoladi-da, opa.
– Voy. Voy, duxturjon. Ertaga demang. Ertagacha o‘laman-ku. – dedi yig‘lamsirab To‘laboy.
– Ertagacha o‘lib qolmaydimi bu?! – dedi Xipchagul ham rangi o‘chib.
– Nailoj. Bizda yo‘q-da. Bo‘masam-ku...
– O‘lsam o‘lib bo‘ldim bu duxturlarning nag‘masidan...
– Opa, siz qizishmang. Men bo‘ladigan gapni aytdim. Yo‘qni yo‘ndirolmayman. Ertaga o‘zimizning aptekachi keladi, sizga bepul dori-darmonlarni olamiz. Ungacha sabr qilasiz-da, aka. Nachora.
– Yo‘q, yo‘q. Ayting, duxtur, nima kerak. Opkeladi. Opkelasan-a, xotin. Yoki meni o‘lsin deyapsanmi? – To‘laboy yana Xipchagulga mo‘ltirab qararkan.
– He, ayting. Nima kerak? Opkelaman. – dedi Xipchagul zarda bilan.
– He, yashang, opa. Eringizni yaxshi ko‘rishingiz ko‘zingizdan ko‘rinib turibdi. Molodets, opa. Pul topiladi, er topilmaydi. Qarashing. Xo‘sh-sh, bo‘masam, – duxtur cho‘ntagidan qalam chiqarib stol ustidagi bir bo‘lak qog‘ozga yoza boshladi; – Tak, bizga tikish uchun igna, jaroxatni yuvish uchun 1 litr toza spirt, bog‘lash uchun 10 ta bint, 10 metr doka, novokain kerak bo‘ladi. Xo‘-o‘sh, yana, yana... He, bo‘pti. Shularni opkelib bering, qolganini o‘zimizdan qilamiz. Sizga yordamimiz...
– Tovba. 10 metr dokaga kafan bichsa bo‘ladi-ku. Buncha doka nega kerak? – dedi Xipchagul qovog‘ini uyib duxtur bergan qog‘ozga tikilarkan: – Buning puli ham anchagina bo‘lsa kerag-a, duxtur?!..
– Xotin, men senga pul kerak bo‘ladi, olgin degan edim-ku.
– Voy olganman. Lekin yetarmikan deyapmanda, dadasi. Uf-f...
– Yetadi, opa, yetadi. Yetmasa yozdirib quyasiz. Ertaga olib kelaman desangiz beraveradi, opa. Aptekachi yaxshi odam, insofi bor. O‘zimizdan...
To‘laboy inqillaydi:
– Tezroq bor, xotin...
Xipchagul qabulxonadan chiqa-chiqa eriga xumrayib qarab, to‘ng‘illadi:
– He, churra bo‘lmay keting-e. Endi bir tiyinlab yiqqanimni shu yerda o‘g‘riga urdiraman, shekilli. Uf-f. Yemay-ichmay yiqqan edim-a. He, men o‘layin qiz ko‘rmay. Tinchgina uyda o‘tirsang bo‘lmasmidi, deydigan odam yo‘q...
Navbatchi jarrox xamshiraga buyurdi:
– Opamiz dorilarni opkelgunga, siz bemorni tezlikda operatsiya xonasiga chiqaring. Tez-tez bo‘ling. Anovi shogirdimni ham chaqiring. Qani, yuguring...
Xamshira To‘laboy yotgan g‘ildirakli karavotni itarib jo‘nadi.
– Qizim, ahvolim juda og‘irmi? Duxtur, tez-tezlab qoldi – dedi To‘laboy ko‘zlari ola-kula bo‘lib.
– Voy, siz qo‘rqmang, amaki. Xalizamon svet o‘chib qolishi mumkin. Duxtur o‘shanga shoshyapti.
– E-e, shunaqami? Bu svet o‘lgurni suvga to‘g‘on qurib, oladi deyishadi. O‘chib qolaverishi nimadan ekan-a... Bizda ham har ertalab yoki kechqurun o‘chib qoladi-da...
– Bunisini bilmadim-u, lekin anovi kuni elektrchilar kattasining otasi ko‘richagini oldirgali kelganida ham o‘chib qolgan edi.
– E-e, shunaqami? Obbo... Harqalay sham bordir, qizim.
– Borlikka bor-ku-ya, lekin oz qolganda. Shuning uchun shoshilmasak bo‘lmaydi...
– Hay attang, bilganimda xotinimning do‘konidan bir juft sham olib kelardim-a. 
Xamshira To‘laboyni shiftiga katta tovoqday elektr chirog‘i osilgan xonaga kirgizib ketdi...

* * *
Bir xaftadan so‘ng. To‘laboy bilan xotinini eshik og‘zida o‘sha jarrox kuzatyapdi. Umidvorlik bilan To‘laboyning qo‘liga qaraydi.
– Xayr, bo‘masam. Mana, aka, churradan ham qutildingiz. Endi extiyot bo‘ling. Og‘ir narsa ko‘tarmang, aka. Bizga xizmat bo‘lsa kelib turing...
– Voy, xudo asrasin-e. – deydi Xipchagul ko‘kragiga tuflab, – kel demang-e.
– Og‘ir narsaning o‘ziga ham aytib qo‘ying, duxtur, osilmasin. – deydi To‘laboy jarroxga ko‘z qisib.
– He, o‘lmabsiz. Aytmang degandim-ku. – deb xotini yerga qaraydi.
– Bo‘pti, uka. Xayr. Raxmat...
Ular duxtur bilan xayrlashib, qaytishdi.
– Mana, xotin. Bir xafta yotib o‘n yillik churramdan ham qutildim. Sen ustimga chiqmaganingda hali ham osilib yurardi-ya. Xe, yashavor, xotin.
– He, churrangiz ham qurib ketsin-e. Tiyinlab yiqqan pullarimdan ayrildim-ku.
– Ye, aytgancha, duxturga choy puli berdingmi?
– Yo‘q. Bermadim. He, o‘lmabdi. Rosa taladi-ku. Lampochka deydi oladi. Sovun deydi oladi. Remontga yordam dedi, berdim. Qandaydir dorini o‘zimdan qildim deb oldi. Bo‘ldi-da. Yana nima haqi qoldi bizda. Bermayman-e.
– Yo‘g‘-e. Xizmat haqi berish kerak edi. Eriymiz degan edik-ku.
– He, qo‘ysangiz-chi. O‘zi aytdi-ku, xizmatimiz bepul, beminnat deb.
– Yaxshi qilmabsan. Juda shirin so‘z ekan. Berish kerak edi. Haliyam bo‘lsa, berib kelaqol. Yana ishimiz tushishi bor, xotin... Bor. Berib kel...
– He, o‘lmabsiz. Bilganingiz ber, ber. Yo‘q, bermayman. – deb xotini erining yelkasiga xazillashib bir tushirdi.
To‘laboy “Vox” deb cho‘kkalab qoldi.
– Ha, yana nima bo‘ldi?
– Voy. Voy. Yana o‘sha joy... Yana churram chiqdimi, deyman. Qattiq urding-da, xotin – u chotini ushlab inqillaydi. – Endi bu tomondan tushganga o‘xshaydi. Voy jonim...
– He, qo‘ying-e, dadasi. Bir urganga-ya. O‘lmagan bizning jonimiz. Endi nima qilamiz? Yana qaytaylik bo‘lmasam...
– Voy-ey. Yanami?
– Nimayam qilardik. Siz churradan men yiqqan pulimdan qutilmaguncha ketmaymiz bu yerdan, yuring. He, o‘lmabsiz...
Ular yana kasalxonaga qaytishadi. Shu payt qabulxona eshigidan yugurib chiqqan jarrox bilan xamshira ularni ko‘rib to‘xtashdi:
– E, xayriyat-e. he, yashang, aka. Ketib qolibsizmi deb izingizdan chopayotgan edik. Keldingizmi? Qani ichkariga yuring...
Er-xotin xayron:
– Ye, duxtur. Qaerdan bildingiz qaytishimizni. E, folchi bo‘ling-e.
– He, aka, bilamizda. Bilamiz. Qani ichkariga yuring. Tezroq yuring.
– Uf-f. Yana operatsiya qilasizmi-a? – deydi ingranib To‘laboy.
– Ha. Boshqa iloj yo‘q. Ichingizda qaychimiz qolib ketibdi, aka. O‘zi bitta edi.
– A?!
Er-xotin og‘zi ochilib, qotib qolishdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.