OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Kungaboqar (hajviya)

Kun issiq. Ayni tushlik payti. Hamma o‘zini katta yo‘l yoqasidagi chinor tagiga – choyxonaga urgan. Choyxonachi, oshpaz-u – somsapazlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Barcha so‘rilar odamga liq to‘la. Tuman tashkilotlaridan birining ikki xizmatchisi – Haitqoraev bilan Amriev ham shu yerda bir lagan palovning ustidan achchiq choy ichib, choyxonaning chetroqdagi sersoya so‘rilaridan birida dam olishmoqda. Yonlarida bo‘sh joy bo‘lsa ham, joy so‘rab yoki «bo‘sh choynak bormi?» deb surishtirib kelganlarni Xaitqoraev «zaynit» deb yaqiniga yo‘latmaydi.
– Bu dunyoda hamma odam shayton bo‘lib ketgan. Shundoq ko‘zingga tikilib, kulib turib joningni oladi-ya. E, tovbangdan-ey, – deydi u so‘rining ustiga yonboshlab yotarkan, – Ichidagini bilolmaysan, uka. Birovga tirnoqday yordamim tegsin deyish yo‘q. Iloji bo‘lsa yulsam, aldasam deb turishadi. Xudo urmasa kishini. Bu dunyoda hech kimga ishonib bo‘lmay qoldi-ya. Yaxshiyam siz bor ekansiz, uka. He, raxmat-e. Ikkovimizning yulduzimiz to‘g‘ri kelib qolganini qarang. Siz o‘sasiz, uka. Sizning ko‘nglingiz ochiq. Men to‘g‘risini aytaman. Ha, ha. Sizni shuning uchun ham yaxshi ko‘raman. Sizdek vijdoni pok, bilimdon yoshlar kam hozir...
Amriev yerga qaraydi. «Ha» ham demaydi, «Yo‘q» ham demaydi. «Xe, oshirib yubordingiz» degandek hijolatomuz jilmayib, bosh chayqaydi, xolos. 
– Yo‘q, yo‘q. Siz uyalmang, uka. O‘zim shunday qo‘pol ko‘ringanminan gapning to‘g‘risini aytaman. Ikkovimiz ikki bo‘limda ishlasak ham tashkilot bir-ku. Sizni orqavotdan eshitib yuraman, uka. Albatta, o‘sasiz. Bu jupruqvoylarga amal abadiymi? Barisi ham ketadi. Qayta qurish. Demokratiya. Ma’naviyat degan gaplar bekorga aytilmayotir, axir. Kelajak yoshlarniki. Ha-ha. Mana meni aytdi dersiz, hali. Sizlarning «zav»laringiz ham, bizning Toshbolta tirriq ham, barisi ishlab bo‘ldi. Oladiganini olib bo‘ldi. Endi ketadi, mana ko‘rasiz. Yuqorida tanishlarim bor... – u choydan xo‘pladi-da davom etdi: – Haligi... Hali ham yozib turibsizmi? Bo‘shashtirmang, uka. Gazit-pazit degandek... Ijod bu zo‘r ish. Ha, endi, talant hammada ham bo‘lavermaydi. Uka, shu peleton qiladigan bir gap bor edi-da. Men sizga aytsam...
Amriev bu gaplarni avvaldan eshitib, o‘rganib qolgandek pinagini ham buzmay atrofga – o‘tgan-ketganga qarab o‘tirar ekan, birdan jilmaydi.
– Ie, anovi Toshbolta akami? Ha, o‘sha-ku. Joy izlayapdi shekilli, chaqiraymi? 
Hayitqoraev tok urgandek bir seskanib tushdi, rangi oqardi, so‘ng xo‘mrayib:
– Kim?... Toshbolta dedingizmi? Bizning zaveduyushiymi? He, yo‘qoting-e. Chaqirmang, uka. Oshga pashsha qilib nima qilasiz. Turqi qursin... – dedi shoshib choydan xo‘plarkan.
– Mayliku-ya, lekin o‘zi ham bizni ko‘rdi, chamamda. Shu yoqqa kelyapdi, – Shunday deb, Amriev so‘ridan tushib, tuflisini kiya boshladi.
– Obbo... Qani? Qayoqdan kelyapdi? – Haitqoraev ham semiz gavdasiga beo‘xshov holatda sapchib o‘rnidan turib ketdi va atrofga alangladi. Gapi eshitilmaydigan masofada kelayotgan Toshboltani ko‘rib, to‘ng‘illadi:
– Obbo, iskovuchey, shu yerga ham topib keldi-ya. Endi uka, xizmat bo‘lsa ham manovi oshning laganini yo‘qoting. Tez-tez bo‘ling. Borib besh-olti somsa opkeling. Bizning hisobdan. Choy ham ayting. Yana o‘tirmasak bo‘maydiyov...
So‘ng Haitqoraev chaqqonlik bilan so‘ridan tushdi. Katta gavdasi biroz egildi. Meshdek qornini ichiga tortdi. Tirjaydi. Sochi olingan yaltiroq boshi terdan yana ham yiltirab ketdi. Tomog‘ini qirib, yalangoyoq, ikki qo‘lini oldinga uzatganicha Toshbolta akasiga peshvoz chiqdi:
– Assalomu alaykum, Toshbolta Boltaevich, kelsinlar, aka, kelsinlar. Qanday yaxshi shamollar uchirdi, aka. Obbo, siz-ey... Biz xomkalla-da... Hali, birrov kirib, «choyga ketdik» deyishni ham bilmabmiz... Uzr, aka...
– Men boshqarmaga o‘tgan edim. Yo‘l-yo‘lakay ovqatlanib ketay deb burilganim, hechqisi yo‘q, xijolat bo‘lmang... – dedi Toshbolta Boltaevich.
Ular so‘riga chiqib o‘tirishdi. Haitqoraev oldidagi choynaklarning biridan piyolaga bir oz choy quyib obdan chayqab tashladi, so‘ng toza choy quyib uzatdi.
– Qani, aka, choydan oling. Hozir damlatdik. Biz ham hozir keldik. Qandaysiz, aka? Yaxshimisiz? Jiyanlar, yangamlar tinch-omon yurishibdimi? X, rahmat-e, aka... Choydan ichib turing, aka, hozir somsa buyurdim. Piyozi kam bo‘lsin deb tayinlaganman. «Zakaznoy»... Xi-xi-xi... Ana, Amriev ukam opkelyapdi. Anovichi... Ishlab chiqarish bo‘limidagi «muxbircha»... 
– Ie, sizlar ham hozir kepsizlarda?! ...
– Ha, ha. Hozir keldik. Endi joy topib, choy opkeltirsam... Qarasam siz... Darrov Amrievni somsaga yuborib, o‘zim sizni chaqirgali sakrab turgan edim. Hayriyat-e. O‘zingiz kep qoldingiz. He, rahmat, aka...
Haitqoraev bir qo‘li ko‘ksida tirjaydi. So‘ng go‘yo indamay tursa Toshbolta Boltaevich bir narsa so‘rab qoladigandek yana gapga tushib ketdi. Kunning issiqligiyu, choyxonaning torligidan shikoyat qilgan bo‘ldi. Shu payt Amriev patnisda somsa va yana bir choynakdan achchiq choy opkelib o‘rtaga qo‘ydi. Toshbolta Boltaevich bilan ko‘rishib so‘rashdi. 
– Bekor ovora bo‘libsizda. O‘zim buyurardim-da... Ha, mayli. Qani, o‘tiring. – dedi Toshbolta Boltaevich Amrievga qarab.
– Endi, akalar menga ruxsat. Sizlar bemalol olaverasizlar – dedi Amriev ketishga chog‘lanib.
– Ie, ie. Somsachi? ... Hozir keldik dedinglar-ku?!
– Bu kishi mendan sal oldinroq kelgan. Mayli, mayli uka, boravering, – deb, Haitqoraev gapni ilib ketdi. Amriev unga hayron bo‘lib bir qarab qo‘ydi-da, burilib ketib qoldi. Haitqoraev gapda davom etdi.
– Qani, aka, somsadan boshlab bering. Oling, aka. Men hozir issiq choydan suzaman. Xe, raxmat-e, aka... Nimasini aytasiz. Davlatning ishi ko‘p og‘ir. Ayniqsa siz rahbarlarga juda ham qiyinda, aka. Lekin kimdir qilish kerak. Shu desangiz, bo‘limku-bo‘lim, butun tashkilotimizda sizdek jon kuydirib ishlaydigan odamning o‘zi yo‘q-da, akajon. O‘lay agar... Kuzatib yuraman... Sizdek obektiv rahbarning qo‘lida ishlaganimdan xudoga ming shukur qilib yuraman, desangiz... Katta rahmat, aka. Kam bo‘lmang, aka. Hali o‘sasiz, aka. Mana men aytdi, dersiz. Ishqilib boshimizda ishlab turing. He, hozirgi sharoitda... To‘g‘risini aytsam, aka, agar manoviga o‘xshagan yoshlar sizning o‘rningizda ishlaganda allaqachon ishning «kasha»sini chiqarib yuborgan bo‘lar ediyov. Xudo asrasin. Yaxshiyam siz borsiz... He, rahmat-e... Qani, katta-katta oling, aka...
Toshbolta Boltaevich ochiqqan ekan shekilli, Haitqoraevning gaplariga indamay bosh irg‘ab qo‘yib, ovqatlanishga tushib ketdi. Haitqoraev esa peshonasidan reza-reza ter quyilib qo‘lida bir cheti tishlangan somsani ushlaganicha, tinmay bidirlardi:
– He-e, aka... Bu dunyoda odamlar shayton bo‘lib ketgan. Kulib turib jonni oladi. Shu desangiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.