OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Men yo'qman (hajviya)

– Nega aptekachilar dori sotishadi-yu, chek berishmaydi? Bu haqda iste’molchilarni himoya qilish qo‘mitasiga shikoyat qilaman. Tanobini tortib qo‘ymasam bo‘lmaydi...
– Qo‘ying, do‘stim, sizning obro‘yingizga yarashmaydi arizabozlik. Buni baribir kimdir yozadi. Faqat siz emas. Qo‘ying, – dedi mehribon do‘stlarimdan biri. 
– Bu nima degan gap, a?! Oylik maoshlarni nega vaqtida berishmaydi? Tag‘in pulimizni “oborot”ga qo‘yib, foydalanib yurgan bo‘lishsa-ya... Prokuraturaga uchrashmasam bo‘lmaydi...
– Siz qo‘ying. Aralashmang. Katta odamsiz, obro‘yingizga yarashmaydi. Buni tekshiradiganlar bor... – deydi bir advokat do‘stim, menga ariza yozib berish o‘rniga.
– Bu nima degan gap? Mahalladan beriladigan normadagi un bilan yog‘ni vaqtida berishmasa-ya. Aralashmasam bo‘lmaydi... 
– I-i-i, siz aralashmang, gap bo‘ladi. Shunday obro‘li odamning kuni shu norma un bilan yog‘ga qolibdi-da deb odamlar kulishadi. Qo‘ying-ey... – deydi endigina ishdan kelib turgan o‘qituvchi xotinim.
– Kasaba uyushmasi raisining bir po‘stagini qoqib qo‘yaman.
– He nima qilasiz o‘zingizni yomon ko‘rsatib. Baribir foydasi yo‘q... – deydi men bilan bir xonada o‘tirib ishlaydigan hamkasbim. 
– Ko‘chamiz boshida turadigan Samad piyonning chakagini o‘chirib qo‘ymasam yurgan ekanman...
– Voy, bolajonim, bezoriga teng kelib nima qilasiz. Sizga yarashmaydi. Qo‘ying bolam... – deydi oldimni o‘rab saksonga kirgan onam. 
– O’g‘limning darsini tekshirib, o‘qituvchilarning o‘zini bir imtihon qilib kelmasam bo‘lmaydi...
– Yo‘-o‘q, yo‘-o‘q, bormaysiz, endi bir kamingiz shu maktabni tekshirish qoluvdimi. Qo‘ying, o‘zim shug‘ullanaman, – deydi xotinim. 
– Tomorqaga nega suv ochmading, ekinlar qurib qolibdi-ku. Mollarga ham qaramay qo‘ydilaring... – baqiraman o‘g‘illarimga, qo‘limga toldan xivchin olib. 
– Hoy, nima qilayapsiz? O’zingiz tushungan odam bo‘lib, bolalarni urasizmi? Hozir o‘zim suv beraman mollaringizga. Siz tek o‘ttiring-e... – deydi xotinim ikki qo‘lini yoyib, oldimni to‘sarkan.
– Kuyovim qizimni nohaq xafa qilibdi. Gaplashib qo‘ymoqchiman...
– E-e, qo‘ying, siz aralashmang. Er-xotin urishi doka ro‘mol qurishi – deydi qudamiz. 
Ishxonada sal tomoq qirib qo‘ysam yoki majlislarda gapiray deb qo‘l ko‘tarsam-ku, bo‘ldi, darrov yelkamni silashib, og‘zimni “tikishadi”.
Bora-bora men shunga o‘rgandim. Uni-buni ko‘rsam – ko‘r, ancha-munchani eshitsam – kar bo‘ldim-qoldim. Og‘ir-bosiq, indamas odamga aylandim. Endi meni hech narsa qiziqtirmaydi. Birov meni yo‘qlab kelmaydi, dardini ham aytmaydi. Ishga boraman, uyga kelaman. Majlislarda jimgina o‘tirib, kechagi gazetani varaqlayman. Ko‘chada kim nima qilyapti; birovni uryaptimi, so‘kyaptimi – ishim yo‘q, ko‘rmaganday o‘tib ketaveraman. Hech kimga xalaqit bermayman. Menga suv, havo va quyosh bo‘lsa bas. Yana nima ham kerak odamga bu dunyoda? To‘g‘ri-da. Bir kosa ovqat bilan qorning to‘ysa. Bir sidra kiyim-bosh avaylab kiysang, qirq yilga yetadi. Boshingda uying, ishxona va kitob to‘la xonang bo‘lsa, yana nima kerak senga? Yotmaysanmi kitobingni o‘qi-i-ib. Bobom aytganday “joningni boqib”. Baqirish, turtinish, kimgadir nimanidir isbot qilishning nima keragi bor. Shu paytgacha sensiz ham bo‘lgan, qurilgan, o‘ylab topilgan, bundan buyon ham shunday davom etaveradi. Hech ziq bo‘lmang! O’tiring, o‘pkangizni bosing! Hammasi yaxshi bo‘ladi, qo‘ying, siz aralashmang! Ana shunda yuz yil yashaysiz. Qolaversa, o‘lganingizdan so‘ng o‘zingizdan “bu yaxshi odam edi” degan nom ham qoldirasiz. Ishoning menga. To‘g‘ri-da, bir umr bosh ko‘tarmay faqat kitob o‘qishni bilgan odam to‘g‘risida kim ham yomon der edi. Mana shunaqa, do‘stim! Kitobingni o‘qi! Men ham hozir uyga kiraman-u, qo‘limga navbatdagi kitobni olaman. Bir satr ham yozmayman. Meni birov so‘rab kelsa, yo‘q denglar. Men yo‘qman! Ha, ha! Men yo‘qman, tamom-vassalom!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.