OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. O-o, buyuk, buyuk... (hajviya)

Bo‘limimiz faoliyatini yorituvchi bir devoriy ko‘rgazma tayyorladik. Pastrog‘ida ozroq bo‘sh joy qolgan edi. Men o‘zim yozgan she’rdan,
“Mustaqil yurt odamlari sog‘ bo‘lsin,
Qalbi pok shifokorlar bor bo‘lsin”
deyilgan bir bandini ko‘chirib, yozib quydim. Ko‘rgazmani devorga ildik. Hammaga yoqdi.
Bir necha kundan so‘ng shifoxonani tekshirgali kelgan tuman rahbarlaridan biri bizning bo‘limizga ham to‘satdan kirib keldi. Yangi arboblardan. Kalondimog‘. Chet el mashinasida yuradi. Ilgari benzin quyish shoxobchasida sotuvchi bo‘lib ishlardi. So‘ng ish joyini xususiylashtirib oldi. Zamona zayli bilan hokimlikda muovinlardan biriga aylandi.
U bo‘limni aylanib tekshirgan bo‘ldi. Kamchiliklar topib, tuzatishni buyurdi. Devordagi ko‘rgazmani ham nazardan qochirmadi.
– Manovi so‘zlarni kim aytgan? Afturini yozib quyish kerak, – deb buyruq berdi. Bo‘lim mudirimiz maqtandi:
– O‘zimizda ishlaydigan bir duxturimizning so‘zlari. She’r yozib turadi.
Birdan rahbarning ko‘zlari olayib, qoshlari chimrildi:
– Nim-ma? Qanaqa duxtur? Bunaqa stendlarga buyuk kishilarning so‘zlari yozilish kerak. Tezda o‘chiring. O‘zgartiring. Bir soatdan so‘ng qaytib kelib tekshiraman...
Bo‘lim boshlig‘imizning rangi o‘chib, menga qaradi:
– Endi nima qilamiz?
– Bir iloji topilar. O‘zimga qo‘yavering, – dedim uni yupatib.
So‘ng o‘ylab-o‘ylab, “bilsa – hazil, bilmasa – chin” dedim-da, haligi so‘zlarning tagiga “Sappariano. Italyan faylasufi”, deb yozib qo‘ydim. Rahbar janobi oliylari bir so‘zli ekan, qaytib keldi. “Qani, nima der ekan” deb, hammamiz yurak hovuchlab turibmiz. U o‘qidi va birdan yuzi yorishdi:
– Ha-a. E-e-e. Bu so‘zlar italyan faylasufining so‘zi ekanmi? Ana. Aytmadimmi. He, sizni qarang-u. O‘zimizning duxturniki deysiz-a. Oddiy duxtur shunday buyuk gaplarni aytaolarmidi. O-o, bu italyan faylasuflari juda-a zo‘r bo‘lishganda. Qarang-a. Gaplari naqd hozirgi zamon ruhida aytilgan ekan-a. O-o, buyuk. Italyan faylasuflari juda buyuk. Kamissar Kattani ham shulardan-da. A?! Ko‘rganmisiz?
– A?! Kim? – bo‘lim boshlig‘i so‘rashga jur’at qildi: – Katani?
– Ha. Kamissar Kattani-chi. Mikela Plachido. He-e, o‘lganda men ham plachit qilganman. O‘h-ho‘o‘, mafiyani rosa qiyratadi-ku. Lekin baribir o‘zini ham o‘ldirishdi-ya. Zo‘r, zo‘r-da. U yoqda mafiya ham zo‘r, faylasuflari ham buyuk. O-o, buyuk, buyuk...
Rahbar bo‘limdan ko‘tarinki kayfiyatda chiqib ketdi. Bo‘lim mudirimiz xursand. Biz esa ... kulib qolaverdik.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.