OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Otamning oti (hikoya)

Qachon bozor borsam molbozor, qo‘ybozor, otbozorni bir aylanib kelaman. Otam rahmatli: “Bozor kunlari bir narsa olmasang ham mol bozorni bi-ir aylan, xosiyati ko‘p”, deb aytgich edi. Molbozor doim gavjum, mollar, qo‘y-echkilar orasini yorib o‘tish qiyin. Odamlarning baqir-chaqiridan quloq bitay deydi. Menga o‘xshagan shunchaki tomoshatalablar, narx-navoni bilgani kelganlar ham ko‘p. Hech kim molim yomon demaydi. Oluvdor esa arzon olay deb molni yerga uradi, “paychalaydi”. Dallollar kim ko‘proq pul bersa, o‘shaning tarafini olib baqiradi. Sotuvdorning qo‘lini uzib olgudek bo‘lib siltaydi. Didiga o‘tirmaguncha sotuvdor ham oyoq tirab turaveradi. Kelishganlar esa davradan chetga chiqib, pul sanashadi. Otbozor bir muncha tinchroq. Otlarning salobatimi-ey, yoki boshqami, bu yerda odamlar uzoqroqdan aylanib kuzatishadi. Har zamon-har zamon bir-biri bilan talashib, kishnashib qolgan otlarning dupuri e’tiborni jalb qiladi va shunda ular gur-r etib o‘sha tomon yurishadi. Otlarni ajratib qo‘yishgach, yana bir muncha payt oldingi sokinlik hukm suradi. Bozorni aylanib yurganimda o‘rtaroqdagi ot birdan taysallanib, sakrab, bezovtalanib kishnab yubordi.
— Ha-a, jomollagur, tek, tek deyman, — deb baqirdi jilovini tutib turgan gavdali, qorachadan kelgan, mo‘ylovli odam. Ot esa tinmay o‘ynoqlar, kishnab hammaning e’tiborini o‘ziga tortardi. Men ham shu tomon yurdim. Otga qarab turib, birdan yuragim hapqirib, badanim jimirlashib ketdi. Ie... Yo alhazar! Ey xudoyim! Ko‘zlarimga ishonmay qotib turardim. Axir... Axir bu... Bu otamning oti-ku! Shu payt ot ham men tomon talpinib, depsinib, kishnab yubordi. Jonivor meni tanidi. Yo‘q, yo‘q, endi tushundim. U meni avvalroq ko‘rgan. Ha, ha. Mening e’tiborimni tortmoqchi bo‘lgan, jonivor. Hah, otamning oti-ya!
Otning bo‘ynidan quchoqlab oldim. Atrofda odam to‘plangan, hamma bizga qarab turardi. Ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Ot ham xuddi yem yeyayotgandek hadeb lablari bilan yelkamni yalar, xuddi nimalardir deyayotgandek. Ha-a, u otamni so‘rayapti. Ho‘ngrab yubordim.
Oh, otajonimning oti-ya! Egang chin dunyoga ketganiga uch yil bo‘ldi. Seni sotganidan so‘ng atigi bir yilgina yashadi. Oh, otamning oti-ya! Negalar seni sotibmiz-a! Nega sotdik-a! Biz xom sut emgan bandalar seni sotib “Jiguli” oldik. Otajonim biror yerga borar bo‘lsa doim seni minib, o‘zi ketaverar edi-ya. Mashina olgach “o‘g‘illarim qachon ishdan kelar ekan, qachon vaqti bo‘lib meni aytgan joyimga oborib kelarkan”, — deb intiq bo‘lib o‘tirardi. Oxiri toqati toq bo‘lib, o‘zi poyo-piyoda ketadigan bo‘ldi. Lekin vaqt o‘tishi bilan qarilik, urush asoratlari, ko‘pkarilarda ot uraverib zahm bo‘lgan joylar bilinib, oyog‘i og‘rib qolaverdi. Bir kuni yuragi toshib qon bosimi ko‘tarilib, miyasiga qon quyilib yiqildi. Shu-shu turmay... ketdi. Oh, otajonimning oti-ya. Seni bekorlar sotgan ekanmiz-a! Hay attang, attang!
Otni quchoqlab, sho‘rq-sho‘rq yig‘layman. Otning yig‘laganini ko‘rganmisiz? Men ko‘rib turardim. Uning ko‘zlaridan ham mo‘lt-mo‘lt yosh oqar, boshini sarak-sarak qilib, pishqirib-pishqirib, oyog‘i bilan yerni tepib-tepib, meni iskab-iskab yig‘lardi. Shu ko‘yi biz uzoq quchoqlashib turdik. Otning egasi:
— Uka, otni sotishim kerak. Qo‘yvoring-ey, — der edi hadeb. Men esa:
— Picha shoshmang, aka, — deyman yig‘lay-yig‘lay. — Bu... otamning oti.
— Chiniminanami? Axir... siz... siz... — Otning egasi ham birdan elovranib, hadeb yelkamni silaydi. — Siz o‘sha... Rais boboning...
— Ha, ha, men o‘sha kishining o‘g‘liman...
— Nahotki?! E-e, buni qarang-a. Yo qudratingdan. — Otning egasi atrofdagilarga ma’ni bera boshladi. — Men bu otni uch yil burun rais bobodan sotib olgan edim. Obbo, xonazod-ey. Egasini tanidi-ya. He, qoyil-e!
Tomosha qilib turganlar ham biri qo‘yib biri: “He qoyil-e, egasini tanidi-ya” deganicha, hayratlanib turishardi.
— Uka, siz ham tanidingiz-a? Jonivor sizga juda mehr qo‘ygan ekan. Qarang, qarang, ko‘zidagi yoshga qarang-ey. Yo tavba-ya!
— Ha-a, otam yotib qolgach, ko‘pincha o‘zim qarardim. Suvlab, yemini berib, daryo bo‘ylariga choptirib-choptirib kelardim-da.
— E-e, ot jonivor juda aqlli bo‘ladi-da. Qarang, mehrni esdan chiqarmaydi bular. Sizni tanidi-ya...
— Yo‘q, bu otamni esladi. Mendan otamni so‘rayapti, — dedim yig‘lab. Hali ham quchoqlab bir qo‘lim bilan yolini silab turardim.
— Uka, men sotgani opchiqqan edim.
Men noilojdan otni qo‘yvorib, undan nari yurdim. U yana kishnab yubordi. Men o‘ksinib, yana yig‘ladim. Qaytib borib yana otning bo‘ynidan quchoqladim. O‘ng yelkamdan avaylab tishlab turdi-da, bir ozdan so‘ng qo‘yib yubordi. Ustimda otamdan qolgan chopon bor edi. Hah jonivor-a! Hah otajonimning oti-ya! Otamning choponidan hidini sezdi.
Oh, otajonimning oti! Oh, otajo-on! Ota! Sizni otingiz unutmagan ekan. Sizni so‘rayapti. Ota, otajon!
Otam rahmatli urushdan qaytganda Germaniyadan bir qop-qora palto opkelgan ekan. Uyoq-buyoqqa borar bo‘lsa, shuni kiyib yurardi. So‘ng onam paltoni menga berdi. Sovuq paytlarda doim kiyib yuraman. Bir oz og‘irroq tuyulsa ham asl ekan, hozirgacha rangi o‘chmagan, qop-qora. Jonivor shuni tanidi-ya. He tavba-ey! Ot ham shunday esli bo‘ladimi-ya...
Otam rahmatli otni sotayotganda ham u ancha tarxashovlik qilib, kishnab-kishnab ajralishni istamay, yig‘lab qolgan ekan. Bozordan qaytgach onamga aytib, rosa o‘ksigan ekan. O‘shanda otam anchagacha o‘ziga kelolmay yurdi. “Zamondan orqada qolmaylik”, deb otni sottirgan biz farzandlar o‘shanda buni sezmaganmiz, tushunmaganmiz. Hay attang! Otam yoshligidan ot bilan katta bo‘lgan. Urushga borganda ham otliq kavaleriyada xizmat qilgan. “Piron degan aqlli otim bor edi”, degich edi. To‘riqni ham yosh, qulunligidan asrab, ot qilgan edi. O‘n besh yil mindi. Uzoq-uzoq joylarga besh-o‘n kunlab, ko‘pkarilarga ketishardi. Juda ko‘p sovrinlar ayirgan bu ot. Bir ko‘pkariga borganda o‘sha yerning bekovuli minib yurgan yap-yangi “Volga”siga almashtiraylik, deganda otam ko‘nmagan ekan. Keyin esa... farzandlarning ko‘nglidan o‘tolmay... Eh-h, otajonimning oti-ya! Senda baraka ko‘p ekan. Buni kech bildik, afsus. Otam ko‘zi tirikligida bir dasturxon boshida non yeb yurgan biz farzandlar otam o‘tgach, barimiz o‘zimiz bilan o‘zimiz bo‘lib ketdik. Onam kenja ukam bilan qolgan. Endi esa bir-birimizni biron tadbir yoki to‘y bahona ko‘rmasak, o‘zimizdan ortib yo‘qlashga vaqt topolmaymiz. He, qani endi otam tirilib kelsa... Ha-h otajonimning oti-ya! Egang yo‘q endi! Yo‘q, yo‘q!..
Anchadan so‘ng ot egasi yelkamga qoqib:
— Uka, ot sizni tanidi. Shuni oling. Arzon beraman. Hali dayov. Minib yursa bo‘ladi, — dedi.
— Ololmayman! — dedim zarda bilan.
— Hay attang! Yaxshi ot edi-ya. Ko‘p aqlli. Qarang. Shuncha yil o‘tsa ham sizni unutmagan ekan-a.
— Afsus...
Men ot bilan xayrlashib, izimga qaray-qaray uzoqlashdim. U ham meni tushundi... boshini egib, jim bo‘lib qoldi. Hah, otamning oti-ya. Taqdirga tan berdi, jonivor. Uning pishqirgani, depsinganini his qilib, uzoqlashar ekanman, birdan kishnab yubordi. Men esa izimga qaramay, bozordan chiqib ketdim. Chiqdim-u, to‘g‘ri mozorga — otamning boshiga ketdim. Oh otajon! Ota, men otingizni ko‘rdim! U sizni so‘radi! Otajon! Otajonim, meni eshityapsizmi? U sizni esidan chiqarmagan ekan! Otajo-on! U sizni so‘rab qoldi, otajon!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 19-son

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.