OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Qabulxonada (hajviya)

Eshigiga «hakimlar xonasi» deb yozilgan xonada navbatchi do‘xtur kresloga yastanib olganicha berilib televizordan futbol o‘yinini tomosha qilyapti. Asabiylashib tez-tez sigaret chekaverganidan xona ichi tutunga to‘la. O‘yin avjida. Do‘xtur har zamon «ha bo‘l, chop, tep» deb qiyqirib qo‘yadi. Xonaga kirib kelgan hamshiraga e’tibor ham bermaydi.
Do‘xtur, hoy, do‘xtur. Qabulxonaga bemor keldi. Nima qilay?
Do‘xtur ikki ko‘zi televizorda, qo‘l siltaydi.
O‘tqizib qo‘y. So‘ng... ha, ha, ur, ur...
Bemor qo‘shni tumandan ekan.
Oshir deyapman, oshir. Ha, tep. Unda yotqizma. O‘zlariga borib yotsin...
Do‘xtur, bemorni o‘zimizning tez yordamda olib kelishdi-da. Bizning tumanga mehmonga kelib kasallanib qolganmish.
Unday bo‘lsa, yotqiz. He, kallang qursin. Qayoqqa tepayotibsan?..
Izidan hech kim kelmabdi. Dori-darmonlarning haqini to‘lashga puli ham yo‘q ekan.
He, unda kutib tur. O‘tqizma. Tekinga qiladigan dori bormi unga. Chop, chop...
Ahvoli og‘irga o‘xshaydi. Do‘xtur, o‘zingiz ham bir ko‘rasizmi?
Og‘ir bo‘lsa, yotqizda. Nega qarab turibsan? Tep. Yugur. Bor. Boshni qotirma, ko‘ryapsan-ku, bandman, ­ dedi do‘xtur hamshiraga qarab jerkinib. ­ Oshir bu yoqqa.
Hamshira chiqib ketdi. Do‘xtur boshidagi qalpog‘ini olib tizzasiga urdi. U muxlislik qilayotgan komanda yengilayotgan edi.
Uf-f. O‘yinni ham rasvo qilishdi. Trenerni haydash kerak. Ablahlar. Tekinxo‘rlar...
Shu payt yana hamshira qiz hovliqib chopib kirdi va tovushini balandlatib dedi:
Do‘xtur, deyman, do‘xtur...
Ha, nima? Namuncha baqirasan? Qo‘yasanmi o‘zi, yo‘qmi? Bu yoqda o‘zi o‘yin rasvo bo‘lib turganda...
Do‘xtur, bu yoqda bemor ham...
Xo‘sh? Nima bo‘ldi? O‘tqiz dedim-ku?!
Bemor o‘lib qoldi...
Ha, unda yotqizma. Qaytarib yubor. A?! O‘lib qoldi?!
Ha, o‘ldi. Og‘ayinlari ham ustiga kelib qolishdi. Janjal qilishyapti. Do‘xturni chaqir, deyishyapti. Nega birinchi yordam ko‘rsatmadi, deyishyapti. Nima qilay? Do‘xtur, nima qilay?
Obbo. Bu yog‘i ham rasvo bo‘libdi-ku. Men-chi? Men nima qilay? ­ deb do‘xtur ko‘zlari ola-kula bo‘lib o‘rnidan turib ketdi. Tashqaridan odamlarning baqirgani, tapir-tupur ovozlar eshitildi.
Do‘xtur, siz endi qoching. Mana bu shkafga kiring...
Do‘xtur deraza yoniga boradi. Hamshira baqiradi.
Voy, qayoqqa? U yoqqa emas, bu yoqqa, voy, bu yer ikkinchi qavat. Do‘xtur, tashlamang. Shoshmang...
Derazadan tashqarida gursillagan va do‘xturning “voy-voy”lagan ovozi eshitiladi. Hamshira boshini ushlab baqrayib qoldi.
Voy, o‘lmasam. Endi nima qildim. Uf-f. Endi do‘xturning o‘zini yotqizaman, shekilli...
Hamshira shunday deb tashqariga yugurdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.