OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Qorayev oqarib ketdi (hajviya)

Qoraev maqtanyapti. Birov hayratda, birov kulgan...
- Menga uning kimligining nima ahamiyati bor? Bor-re dedim... Xohlamadim, to‘xtamadim...
- Nima gap? Nima bo‘ldi? Kimga to‘xtamadingiz! - deya qiziqib so‘ranadi davraga yangi kelib qo‘shilganlar.
Qoraev yana qayta hikoya boshlaydi:
- He-e. Hali desangiz, ishga kelyatuvdim. Yo‘l chetida bir to‘da odam uymalashib turgan ekan. Bir "Jiguli" ariqchaga tumshug‘i bilan tiqilib turibdi. Avariya.Shu payt odamlar orasidan birov yo‘lga chiqib,"to‘xtat" degandek qo‘l silkitib chiqdi. Qarasam, organ odamiga o‘xshaydi. Tanimaganga olib, indamay o‘tib ketdim. To‘g‘ri-da, ishi tushmagan qaerdan taniydi, fo‘rmada bo‘lmasa... To‘xtatsam... Kerak bo‘lsa, o‘zlarining opermashinasi bor-ku.Tez yordam chaqirsin... Menga nima, organ bo‘lsa o‘ziga. He deb, o‘tibketdim-da-e. 
-E, siz balosiz-ey. Qoyil, qo‘rqmadingizmi? - dedi kimdir.
Ba’zilar kuldi, ayrimlar indamay bosh chayqab qo‘yishdi.
Tushga yaqin Qoraev kabinetiga kirib keldi. Katta bir ishni tindirganday - og‘zi qulog‘ida.
- Ey, shu desangiz, bir zo‘r ish bo‘ldi-da,.Ertalab ishga kelayotsam...
U menga ham o‘sha voqeani gapirib bera boshladi.
- ...to‘xtamadim, organ bo‘lsa o‘ziga. Qo‘rqib o‘tiramanmi. Tanimaganga olib o‘tdim ketdim. Bopladim-da...
Shu payt eshik ochilib, kotiba qiz ko‘rindi.
- Qoraev? Shu yerdamisiz? Joyingizda o‘tirsangiz bo‘lmaydimi, sizni izlab yuribman
- Nima gap?
- Sizni telefonga chaqirishyapti.
- Kim?
- Bilmadim. Kasalxonadan, tog‘angiz avto halokatiga yo‘liqib...
- Nima?!
Qoraevning rangi oqarib ketdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.