OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Quruq havas (hajviya)

Bo‘lim boshlig‘i ishdan olindi. Yaxshi yigit edi. Lekin uzoq ishlamadi. Kattalar bo‘limga yangi mudir izlashayapdi. Men ham shu bo‘limda yigirma yildan beri ishlayman. Hamkasblarim meni hurmat qilishadi. Hammasi bo‘lmasayam, juda ko‘pchiligi «Agar bizdan so‘rashsa edi, bo‘limga sizni boshliq bo‘lsin deb aytardik. Afsuski...» deyishardi. O‘zim ham bilaman. Boshliq bo‘lsam eplab ketaman. Ishning ko‘zini bilib qolganman. Lekin negadir rahbarlarimizdan hech biri meni surishtirmaydi.
Bir kuni betimni qattiq qilib, uzoq qarindoshchiligi ham bo‘lgan, kattaning o‘ng qo‘li, muovini Qoraqulog‘ovga yorildim.
— O‘rtoq Qoraqulog‘ov. Meni yigirma yildan beri bilasiz. Oraga tushing. Kattaga ayting. Bo‘limga meni boshliq qilib saylasin. Bo‘limda ahvol xarob. Jonim achishganidan... Meni
to‘g‘ri tushuning-u, agar men boshliq bo‘lsam, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yardim. Ishoning. Kattaga shunday deb aygsangiz...
— Yo‘q. Bo‘maydi. Siz bo‘lolmaysiz., – dedi dabdurustdan Qoraqulogov ma’nodor bosh chayqab.
— Nega endi? Ishni eplay olmaydi deyayotibsizmi? Axir anovi ishdan olingandan o‘lsam o‘ligim ortiq-ku?! Mendan yaxshisini topa olmaysizlar. Men vijdonli odamman. Yuzingizni
erga karatmayman. Kattaga aytavering.
— Bilamiz, bilamiz. Ishni eplashga eplaysiz. Lekin... Iloji yo‘q. Yo‘q.
— Nega? Nega iloji yo‘q? Yoki boshqa odam topildimi?
— Xe, yo‘g‘-e. Hozircha munosib odam chiqmadi. Lekin siz ham bo‘lolmaysiz. Bo‘maysiz. Men sizga to‘g‘risini aytsam, siz serzarda odamsiz. Qiziqqonsiz. O‘zingizdan mansabi kattalar bilan gaplashishni bilmaysiz. Kattalar tanbeh berayotganda indamay turolmaysiz. Murosa qilmaysiz. Xafa bo‘lmang-u... 
— Shuginami? 
—  Men uning gapini bo‘ldim:
– Bu qiyin ish emas. To‘g‘irlasa bo‘ladi. Bo‘pdi. Bugundan boshlab indamay
yuraman, indamay turaman. Hech kim bilan tortishmayman. Oqni qora deyman, qorani oq deyman. Kelishdik. Xe, bir oraga tushing. Ishonchli odam deng...
Qoraqulogov qovog‘i ochilib, biroz yon berganday bo‘ldi. Hayriyat. Yelkamga qo‘l tashlab, o‘ziga tortdi va qulog‘im tagida astagina dedi:
– Unday bo‘lsa... Xo‘p. Bo‘pdi. Oraga tushganim bo‘lsin. Kattagaga aytaman. Sizni saylaymiz. Gap yo‘q, Lekin bigga sharti bor... O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Avval bitta qo‘y so‘yib, kattalarga ziyofat qilib berasiz. Kattamizga bir sidra kiyim. Qurug‘idan ham... Xa, endi muovinlarga ximmatingiz. Axir, lavozim ham tekinga berilmaydi-da. Nima dedingiz?!
Mening rangim o‘chdi. Miyamga qon urildi.
– Nima? Ie, nega endi? Hali men amalni sotib olamanmi?!...
Qoraqulog‘ov birdan kulib yubordi. Mendan uzoqlashdi.
– Ana, ana. Aytmadimmi. Mana shu-da. Hatto hazilniyam tushunmaysiz-u. Siz boshliq bo‘lolmaysiz dedim-ku. Bo‘lolmaysiz. Quruq havas bilan ish bitirib bo‘lmaydi, oshno, bo‘maydi.
Boshqasini topamiz...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.