OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Rahmat, Ashurov aka! (hajviya)

Hammani tekshiradigan bir tashkilot rahbari – do‘stim ko‘chada uchrashib qolib, qo‘limni qattiq qisdi.
– Qoyil, qoyil. Yangi kitobingiz muborak. Tabriklaymiz.
– Qulluq. Raxmat...
– Bizga ham bering. Olamiz. Bizning jamoa ham kitobxon, ma’naviyatni qadrlaymiz...
– E-e. Qani unday qilsangiz. Mayli. Uyda ozroq kitob qolgan edi.
– Bering. Jamoamizda 200 dan ortiq odam ishlaydi. Beravering, olamiz...
Men ertasigayoq kitoblarni ko‘tarib uning ishxonasiga keldim. Do‘stim bilan uning kabinetida uchrashdik. Hayhotdek xona. Portretlar, gullar. Burchakda televizor. Chet el mebeli. To‘rda do‘stim viqor bilan o‘tirgan ekan, o‘rnidan turib kelib ko‘rishdi. Kabinetini ko‘rib meni sust bosdi. Xatto “arzimagan kitoblarni deb shunday odamni bezovta qildim” deb, sal xijolat bo‘ldim.
– Opkeldingizmi? Yaxshi qipsiz. Xozir yig‘ilishimiz bor. Bir donasini opkirib ko‘rsataman. Tanishtiraman. Maqtayman. Olishadi, - dedi do‘stim qo‘llarini bir-biriga ishqalab, - birdan ro‘yxat tuzdirib, imzo qo‘ydirib olamiz.
– Sizni ham tashvishga quydim-da, do‘stim. – dedim qizarib-bo‘zarib: – Xoxlaganlar olsin. Majburlab yotmang tag‘in...
– Albatta, albatta. He-e, majburlab bo‘ladimi... Bizda odamlar ancha o‘qimishli, o‘z xoxishlari bilan olib o‘qishadi. – u shunday deb biroz o‘ylanib qolganday bo‘ldi: - Bir Ashurov deganimiz bor. Faqat o‘sha olmasligi mumkinda...
– Ha, olmasa olmas. Bitta kishi ekan-ku. Majbur qilmang...
Dustim menga qarab ma’noli bosh chayqadi-da, miyig‘idan kulib qo‘ydi.
– Bitta kishi-yu... Ha, mayli, bir yo‘lini qilarmiz. Olishadi... 
Men uning birdan o‘ylanib qolganiga qiziqib, so‘radim:
– Kim o‘zi o‘sha Ashurov? Muovinlaringizdanmi?
– He, yo‘q. Oddiy nazoratchilardan. Taniysiz. Anovi, yozda ham eski paltosini tashlamay kiyib yuradigan qiltiriq, bitko‘z odam bor-ku. O‘sha-da.
– Negadir eslay olmayotibman.
– Taniysiz, taniysiz. Eskidan ishlaydi. Biroz injiqroq. Tortishishni yaxshi ko‘radi. Zakunchi. Darrov “yozamanga” tushadiganlardan. – do‘stim kuldi: - Sizga o‘xshagan yozuvchi-da.
– Yo‘g‘-e...
– Xazillashdim. Siz kitob yozasiz. U esa... Ha, mayli. Bir iloj qilamiz. Men boray. Siz mana choy, televizor, gazetalar, zerikmay o‘tiring. Darrov tugatib kelaman. – deb kabinetini menga topshirib, o‘zi majlislar zaliga chiqib ketdi, Men gazeta varaqladim. Televizorga qaradim. Choy ichdim. Lekin baribir ko‘nglim bezovtaligi tarqalmadi. “Bekor qildim-da”, deb o‘zimni o‘zim koyiy boshladim. Ko‘ngil uchun “kitoblaringni tarqatib beraman”, degan bo‘lsa ham men opkelaveribman. He, attang. Bechora do‘stim. Shunday lavozimlar, shunday kabinetlarda o‘tirguncha qancha chaqiriq, to‘siklardan o‘tib kelgan-a... He-e... O‘zi yaxshi yigitda... Yoshlikdan birga o‘ynab-o‘sganmiz. Ko‘ngli ochiq. Lekin... ishqilib anovi Ashurov degani uning kayfiyatini buzmasa go‘rga edi. Hayolimda xuddi hozir ular ko‘pchilikning oldida jiqqamusht bo‘lib turganday. Ashurov do‘stimga: “Sen o‘z amalingdan foydalanib oshnangning kitobini bizga majburlab bermoqchisan. Seni ko‘raman, ustingdan yozaman”, deyayotgandek edi. O‘ylagan sari meni ter bosardi. Bekor qildim-da... He, afsus...
Kutganda bir minut ham soatlarga o‘xshaydi-ya. Tezroq tugayqolsaydi. Do‘stimning kabinetini uyoqdan-buyoqqa kezaman. Televizordagi qo‘shiq ham gazetadagi krossvord ham qiziqtirmaydi. Ishqilib, do‘stimga gap tegmasinda. Kitobimni olmasalar ham mayli-e...
Bir mahal koridorda odamlarning g‘ala-g‘ovuri eshitildi. Xavotirlanib quloqlarimni ding qildim. Yuragim dukillagani eshitilardi.
Shu payt eshik ochilib do‘stim ko‘rindi. E, xayriyat-e! U kulib turardi.
– Qalay? Tinchlikmi?
– He, Zo‘r bo‘ldi. Bopladim. Mana. – U menga qo‘lidagi ro‘yxat va imzolar qo‘yilgan qog‘ozni ko‘rsatdi: - Ashurov qo‘l qo‘ydi. Hamma oladigan bo‘ldi kitobingizni... Uf-f...
Do‘stim joyiga borib o‘tirdi. Ventilyatorni ishlatdi. Ko‘zlarini yumib, shamolga o‘zini tutdi. Rohatlanardi. So‘ng bir piyola choy quyib ichdi. Menga qarab kuldi.
– Ashurov ham qul qo‘ydi-ey. Bu ham sening baxting. Omadli yigitsizda o‘zi.
– Yo‘g‘-e. Qanday qilib? Axir o‘zingiz...
Do‘stim choydan xuplab, davom etdi.
– Yo‘lini topdim-da. Yaqinda Ashurovning tug‘ilgan kuni. Majlis boshlanishida Ashurovni tabrikladim. Jamoa nomidan bir oylik maoshi miqdorida mukofot berishimizni aytdim. Kutmagan ekan. Ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. So‘ng sizning kitobingizni ko‘rsatdim. O‘zimizdan chiqqan yozuvchi, yaxshi xayotiy hikoyalar yozgan, o‘qinglar, dedim. Ashurov akamga o‘xshagan mehnatkash odamlar haqida ekan, dedim. Nasib qilsa, yozuvchiga aytamiz, Ashurov akamiz to‘g‘risida ham biron ocherkmi, hikoyami yozadilar deb sizning nomingizdan ham va’da berib yubordim-ey. Xullas, shundan so‘ng ro‘yxat tuzildi. Mening gaplarimdan so‘ng o‘n kishi o‘z ixtiyori bilan kitob olib o‘qiyman deb, ro‘yxatga imzo qo‘ydilar. Bir mahal Ashurov ham o‘rnidan turib kelsa bo‘lama.
– Qani, katta, hamma yaxshi kitob deyishyapdi. Bizga ham bitta bering-chi. Uyga borib, bir maza qilib o‘qiylik... – deb, ne kuz bilan ko‘rayki, ro‘yxatga ko‘l qo‘ydi-ey. “He, yashang”, deb uni quchoqlab olganimni o‘zim bilmayman. U ham shuni kutib turgan ekan, meni quchoqlab oldi-da, qulog‘imga pichirladi:
– He, katta-ey. Rosa puxtalik qildingiz-da. Lekin shu “premya”ngiz bo‘lmaganda, bir yamlab yutardim-a. Ha, mayli. Bopladingiz. – deb sharaqlab kulib yubordi.
– He, xayriyat. Yaxshilik bilan tugabdi, Qolgan odamlarchi? – dedim do‘stimning quvonchiga sherik bo‘larkanman. - Ular ham olishdimi?
– He-e. Ashurov qo‘l qo‘ydimi, bo‘lgani shu. Ko‘pchilik uni kutib o‘tirgan ekan. Undan so‘ng birdan hamma yopirilib ketdi. Hali yana ellikta kitob opkeladigan bo‘ldingiz, ko‘pchilikga yetmay qoldi...
– He, yashavoring, do‘stim! – deb uni bag‘rimga bosdim. He-e, rahbarlik ham qiyin ish-da. Kezi kelganda qo‘l ostidagilaringa past ketasan... Do‘stimga “bu yerda sen emas, Ashurov rahbar ekan-ku” deb hazil qilgim keldi-yu, aytmadim. Xafa qilib nima kerak. To‘g‘ri-da. Eng asosiysi, Ashurov qo‘l qo‘yibdi-ku!
Rahmat, Ashurov aka!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.