OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Taka bo‘lsin sut bersin (hajviya)

Ertalab. Xo‘jalik bekasi damlab kelgan achchiq ko‘k choydan xo‘rillatib ichib o‘tirgan pakana girdigum tez yordam bo‘lim boshlig‘i “besh minutlik” yig‘ilishga to‘plangan xodimlarga bir-bir nazar tashlarkan, yuziga jiddiy tus berib, ovozini yo‘g‘onlatib dedi:
– Aholidan shikoyat tushayapti. Bir martalik shprits va ishlatilgan dorilar uchun pul olayotganmishsizlar. Aytib qo‘yay, ta’magirlik qilmayman, dori sotmayman deb yozgan tilxatlaring bosh vrach qo‘lida. Qo‘lga tushgan, ishday haydaladi. Tak chto...
– O‘rtoq Boybobo Eshonqulovich, o‘zingiz bilasiz, tez yordam qutilaridagi dorilar sanoqli, hayotiy dorilar taqchil. Bir martalik shpritslar-ku umuman berilmaydi. Bizda eskidan qaynatib ishlatiladigan shisha shpritslar-u, uchi qaytib, to‘mtoqlashib qolgan ignalar bor, lekin aholi ulardan foydalanib ukol qilishimizga ko‘nishmayapti. Nima qilish kerak? – dedi devor bo‘ylab tizilib turgan xodimlardan keksarog‘i.
– Man bilmiyman. Bu saning problemang. Bemorga yordam qil, vaziyatdan chiq. Lekin ishlatgan shprits va dori uchun pul olmaysanlar, tamom vassalom, – dedi bo‘lim boshlig‘i birdan ovozini bir gaz ko‘tarib.
– Axir vaziyatdan chiqish uchun bir martalik shprits va dorilarni xususiy aprekalardan o‘z pulimizga sotib olyapmiz-da. Ishlatgach, pulimizni olamiz-da – deb chuvillashdi xodimlar ham bo‘sh kelmay.
– Yo‘q! Yo‘q! – Bo‘lim boshlig‘i ko‘zlari qinidan chiqqudek bo‘lib, boshini siltab baqirdi: – Mumkin emas! Bemordan pul olish man etiladi!
– Ie. Yonimizdan pul sarflab olgan narsalarimizni tekinga ishlataylikmi? Nima biz millionermidik?! Bu yoqda ikki oylik maoshni berishmayapti?!
Xodimlar shunday deb bir-biriga qarab labini burib, yelka qisishdi.
– Hoy, aptekadan dori, shprits sotib ol deb kim aytdi sanlarga? O‘zingdan hech narsa ishlatma! Qutingda borini qil! – bo‘lim boshlig‘i stolni mushtladi.
– Axir bemor oldiga borganda uyalib qolyapmiz-da. “Qutingda kerakli doring bo‘lmasa, bir martalaik shpritsing bo‘lmasa, nega kelding”, deb haqorat qilishyapti. Nima qilaylik axir?! – deb yana chuvillashdi xodimlar boshi berk ko‘chaga kirib qolganday olazarak bo‘lib.
– Bilmayman, bilmayman – suzadigan ho‘kizdek bosh chayqadi bo‘lim boshlig‘i. – Bir ilojini qillaring. Yordam ber. Lekin pul so‘rama. So‘rama!
– Nega?! Nega axir?!
– Uf-f. He, negalamay o‘l-e baring. Shuni ham bilmaysanlarmi? Tez tibbiy yordamda dorilaru, shpritslar bepul-ku, dunyobexabarlar, – baqirdi boshliq.
– Unda tuman shifoxonasi aptekasi bir martalik shprits va hayotiy zarur dorilar bilan uzluksiz ta’minlasin-da, – dedi xodimlar ham bo‘sh kelmay.
– Boricha beryapti-ku. Yo‘g‘i yo‘q-da, – dedi bo‘lim boshlig‘i terdan yaltiragan kal boshini sochiq bilan artarkan, qo‘shib qo‘ydi: – U yog‘i mening ishim emas...
– Bu yoqda siz dori, shprits ishlatma, pul olma deysiz, u yoqda bemorlar “dori, shpritsing bo‘lmasa nega kelding?” deb tursa... Xo‘sh, biz nima qilaylik?! – arosatda qolgan xodimlar uning og‘ziga tikilishdi.
– Uf-f. Aytdim-ku, qanday qilsang ham bemorga yordam qil, shikoyat tushirma, deb. Bemordan pul so‘rama, tamom-vassalom. Mumkin emas!
Ikki lunji osilgan, govkalla bo‘lim boshlig‘ining qiyiq ko‘zlari birdan mug‘ombirona yaltirab, do‘rdoq lablari chapillatib, ikkala qo‘li bilan stolni do‘mbira qilib chalar ekan, o‘ziga o‘zi gapirayotgandek ming‘illadi:
– Ha endi, o‘zlari cho‘ntagingga tiqsa, ol...
Ola-g‘ovurda uning keyingi gapini birov eshitdi, birov eshitmadi. Naqd ikki soat-u o‘ttiz besh minut davom etgan yig‘ilishdan hech narsaga tushunmay, boshlari g‘uvillab, sillasi suvga ketib chiqqan xodimlar asta-sekin ish-ishiga tarqalishdi.
Shu payt tez yordam telefoni jon holatda jiringlab, “Bemorning yuragi to‘xtab qoldi. Tezroq kelinglar...” deb shoshilinch chaqiriq tushdi. 
– Endi nima qilamiz? – dedi bo‘zarib tez yordam qutisini ko‘targancha mashina tomon oshiqayotgan felüdsher yigit.
– Nimayam qilarding. Har doim qilib yurgan ishingni qilasan-da. Bor. Tez bo‘l, – dedi sarosimaga tushgan navbatchi vrach ham shosha-pisha qarshisidagi xususiy apteka tomon ishora qilib.
Felüdsher yigit yugurib ketdi.
– Felüdsher kelguncha men ham mashinaning tormozini tuzatib turaman, – dedi mashina tagida kuymanayotgan haydovchi.
– Obbo! Shu shaldiroq aravangizni ertaroq tuzatib qo‘ysangiz bo‘maydimi?! Bemor og‘ir deyapti-ku?! – dedi vrach jahl bilan u yoqdan bu yoqqa yurarkan.
– Hamma hayda, hayda deyishni biladi. Ehtiyot qism berishmasa, men nima qilay?! Benzin o‘g‘irlaymi? Hadeb o‘zimning pulimga ta’mirlayverib, maoshim uyga bormay qoldi-ku, – deb baqirib yubordi mashina tagida taqir-tuqir qilayotgan haydovchi ham.
– He, u yog‘i hech kimni qiziqtirmaydi. Haydovchimisiz, tez yordam mashinasini doim taxt qilib turing, tamom vassalom. Chidamasangiz ishni topshiring...
– Ho-o, boylanganni urari ekan-da, a duxtur?!
– Shunaqa, shunaqa. Bizga taka bo‘lsin sut bersin... Qani, tez-tez bo‘ling, – vrach haydovchini qistay boshladi. Shu payt felüdsher yigit ham tsellofan xaltada bir dunyo bir martalik shpritslar-u, dori-darmonlar ko‘tarib keldi.
– Nasiyaga yozdirib oldim... Ana endi boevoy bo‘ldik, duxtur, – dedi tirjayib.
Nihoyat yarim soatdan so‘ng tez yordam mashinasi ko‘k chiroqlarini lipillatib, shoshilinch chaqiriq tushgan manzil tomon imillab yo‘lga tushdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.