OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Tushunmasa qiyin (hajviya)

Katta bir korxonaga rahbar bo‘lib ko‘tarilgan bir do‘stimga bosiqlik bilan gina qildim. 
– Xafa bo‘lmang-u, birodar, keyingi vaqtda qobiliyatsiz, ko‘rsavod odamlarni ishga olish ko‘paydi. Axir bunaqada kelajak nima bo‘ladi? 
Do‘stim bir qizarib, bir bo‘zardi-da, zarda bilan dedi: 
– Eh, rahbar bo‘lib ko‘rmagansiz-da, gapiraverasiz, men nima qilay axir? Osmondan shalpillab tushganim yo‘q-ku. Shu yerning odami bo‘lsam. Mening ham aka-ukam, tog‘a-jiyanim, urug‘-aymog‘im bor. Sizga o‘xshagan oshnalarning son-sanog‘i yo‘q. O’shalar bilan yashashim, to‘y-ma’rakada birga o‘tirishim kerak. Shunday bo‘lgach, iltimoslarini bajarmay ilojim qancha? 
 – Ha, unchalik ekan, hech bo‘lmasa ishga olayotganda imtihon qiling, sinang. Ishni eplashiga ko‘zingiz yetgandan so‘ng, ishga qabul qiling-da. Bo‘lmaydiganini “mana sinadik, bizga to‘g‘ri kelmadi, boshqa ish topsin” deb qaytaring. 
– He, oshnajon-e, rahbar bo‘lib ko‘rmagansiz-da, bilmaysiz. To‘satdan yuqoridan qo‘ng‘iroq jiringlab, tahdidli ovozda “falonchini yuboryapmiz, ishga joylashtiring” deyishsa, g‘iq etolmay qolarkansiz. Qani, olmay ko‘ring-chi... Har kuni taftishchilarni yuborib tekshirtiraveradi, tekshirtiraveradi, rahbar bo‘lganingizga pushaymon bo‘lib ketasiz. Beayb parvardigor, axir! Men ham bu lavozimda uch-to‘rt yil ishlasam degan umidim bor. Yuqoridagi akalar ko‘ngliga qaraganim yaxshi emasmi? 
– Ishonchingizni oqlay olmagan o‘sha chalasavodlardan tilxat yozdirib oling. O’zingizni oqlash uchun... “Men sinovdan o‘ta olmadim. O’zim aybdorman” degan mazmunda... 
– He-e, go‘dak bolaning gapini gapirasiz-da, oshna. Rahbar bo‘lib ishlamagach shu-da. Ey, shundaylari borki, familiyasini yozganda to‘rtta xato qiladi, xati aji-buji, ishimizning mohiyatiga-ku umuman tushunmaydi. Lekin o‘lsa ham unday tilxat yozib bermaydi. Beti bezrayib, ko‘zi baqrayib turaveradi. Orasiga tushganlar esa, “Ha endi o‘rganib ketadi-da, hamma ham birdan odam bo‘lmagan-ku. Qoqilib, surinib yaxshi bo‘ladi-da. O’zingiz odam qilib bering”, deb ezmalanib turaveradi. Olmay ko‘ring-chi. Kerak bo‘lsa ustingizdan shikoyat yozadi, “o‘zining urug‘larini ishga oladi, bizni olmaydi, pora so‘rayapti va hokazo” deb...
– Nahotki vijdoningiz qiynalmasa? 
 – Vijdon? Qiynaladi, albatta. Lekin nima qilay, chidaymiz-da. E-e, – u qo‘l siltaydi: – Bora-bora o‘rganib ketarkansiz-ey. Rahbar bo‘lib ishlamagansiz-da, buni baribir tushunmaysiz...
– Bilmadim, bilmadim. Lekin men bunday qilib ishlay olmasdim. Ishini topshirardim. 
– Ha-a, rahbar bo‘lib ishlab ko‘rmagan odam shunday deydi-da. Bir ishlaganingizda edi, hecham shunday demasdingiz. Avvalo sizday fikrlaydiganlarni ikki dunyoda ham rahbar etib ko‘tarishmaydi. Qolaversa, yelib-yugurib, o‘rtaga necha-necha odamlarni solib, kerak bo‘lsa, qurug‘idan cho‘zib, rahbar bo‘lasiz-u, arzimagan narsaga osongina bo‘shab ketaverasizmi? Aslo! Talashib olgach, chidaysiz bariga. Moslashasiz. Rahbar bo‘lib ishlamagan qayoqdanam bilsin buni. Bizga ham oson tutmang, do‘stim. 
– Unda nega rahbar bo‘lib ishlashga qiziqasiz? 
– He-he-he. Soddasiz-da, do‘stim, soddasiz. 
– Xo‘p, biz bilmasak, siz ayting-da. Rahbarlikning nimasi yaxshi? 
– Rahbarlik ham bir kasbda, oshna. Axir kimdir rahbar bo‘lib korxonalarni boshqarishi kerak-ku. Qolaversa, faqat ish emas, davralarning to‘ri, izzat-ikrom va cho‘ntak deganday...
– E-e, gap buyoqda deng. Shaxsiy manfaat birinchi o‘rinda demaysizmi? 
– Ha, shunaqa gaplar. Rahbar bo‘lib ishlaganingizda edi, bunaqa bema’ni savollarni berib o‘tirmagan bo‘lardingiz. 
– He, bunday rahbar bo‘lgandan bo‘lmaganim yaxshi. 
– He-he-he. Ishkomdagi uzumga bo‘yi yetmagan tulki “puf, sassiq” deb ketgan ekan. Hamma gap sizning rahbar bo‘lib ishlamaganingizda. Tushunmaysiz. Sizni ham bir yil, yo‘q, yo‘q, bir oygina biron katta tashkilotga rahbar qilib saylashsa joyimni bermayman deb, oyoq tirab, kursiga yopishib olgan bo‘lardingiz. He-he-he. Xohlaysizmi, men oraga tushib, biron yerga rahbarlikka gaplashaman...
– Sizday bo‘lib ishlash uchunmi? Yo‘q. Xohlamayman.
– He-he-he. Rahbar bo‘lib ko‘rmagansiz-da, shunday deyapsiz. Siz avval bir bo‘lib ko‘ring-chi...
– Yo‘q. Bunday ishlashga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. 
– He-e, yash-shang! Sizdek haqiqatchi, kelajak uchun qayg‘uradigan, vijdonli kishilar vijdoniga dog‘ tushurmaslik uchun o‘zini avaylab, rahbar bo‘lishni xohlamasa, kimdir ishlashi kerak-ku. Demak, o‘z-o‘zidan bizga o‘xshagan rahbarlikka qiziqadiganlar ishlaydi-da bu yerda. He, oshnam-ey. Yana tag‘in kelajak, kelajak deysiz-a. Siz biz rahbarlarni hech qachon tushunolmaysiz. Chunki rahbar bo‘lib ishlamagansiz-da, do‘stim!..

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.