OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Yaponcha tashxis (hajviya)

O‘zining maqtanishicha imtihonlarni “pul bilan to‘g‘irlab”, bir amallab o‘qishni bitirib kelgan Tanaev bizga yaqinda bolalar shifokori bo‘lib ishga keldi. Bugun birinchi bor hamshirasi bilan chaqiriq bo‘yicha bemor bolani ko‘rish uchun uyiga borishdi. Kechadan beri bezovtalanib turgan uch oylik chaqaloqni qo‘rqa-pisa u yoq bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi, ushlab ko‘rdi, fonendoskopi bilan o‘pkasini, yuragini va qornini eshitgan bo‘ldi. Peshonasini ter bosib ancha o‘ylandi. O‘qigan kitoblarni ko‘z oldiga keltirib, eslashga harakat qildi. Lekin savil qolgur kalla bo‘m-bo‘sh suvqovoqday edi-da. Peshonasi tirishib indamay turaverdi. Bolaning ota-onasi uning og‘zini poylashdan zerikishib, nihoyat so‘rashga majbur bo‘lishdi:
– Duxtur, bolamizga nima bo‘libdi? Ahvoli qalay?
Tanaev darrov javob bermay yana biroz uyning devorlariga, shipga qarab o‘ylanib turdi-da, so‘ng birdan:
– Chanchuv! – dedi g‘olibona, to‘satdan kallasiga kelib qolgan fikrdan quvonib.
– Nima?! – bemor bolaning ota-onasi qo‘rqib ketib, baravariga yana so‘rashdi: – Nima dedingiz? 
– Chanchuv. Chan-chu-uvv... – dedi Tanaev ulardan ko‘zini olib qochib. Uy egalari bir-biriga qarab yelka qisishdi, lekin qayta so‘rashga jur’at qilisholmadi.
– Siz bolaga bironta tinchlantiruvchi ukol qilib qo‘ying... Men esa ikkinchi chaqiriq bo‘yicha navbatdagi bemorga tez bormasam bo‘maydi. Uni og‘irroq deyishgan edi. Men ketdim. Siz izimdan yetib boring... – deb Tanaev hamshirasiga tayinlab shosha-pisha uydan chiqib ketdi. Negadir bemorga davolanish uchun dori-darmon buyurish ham esidan chiqdi. Vrach ketgach, ota-onasi hamshiradan so‘rashdi:
– Doktor nima dedi? Tushunmadik. Chang-chung dedimi?
Uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan hamshira vrachining gapini xaspo‘shlab tushuntirib qo‘ydi:
– Vrachimiz bolangiz sanchiq bo‘libdi, ya’ni biroz shamollagan dedilar. Chanchuv degani yaponcha tashxis. O‘zbekchasiga sanchiq degani-da...
– Ha-a. Sanchiq deng. Xayriyat-e. Biz bolamizda bironta og‘ir kasallik topib aytdilarmi deb qo‘rqib turgan edik. Bu deyman yaponcha so‘zlar ham o‘zimiznikiga o‘xshab ketar ekan-a?! Chan-chuv – Sanchiq. Sanchiq – Chan-chuv... – deb beixtiyor kulib yubordi bemorning otasi.
– Ha, shunday, shunday... Chanchuv degani sanchiq degani, – deb hamshira o‘z bilganicha bolaga birinchi yordam ko‘rsatdi va yana biron narsani so‘rab qolishmasin degandek apil-tapil vrachi izidan chiqib jo‘nadi. Uni hovli eshigigacha kuzatarkan, uy egasi hali ham:
– Chan-chuv – sanchiq, chan-chuv – sanchiq,.. Qanday o‘xshash so‘zlar-a bu yaponcha tashxis – deb bir hayron bo‘lar, bir kular edi. Ko‘nglida esa bolasini yana boshqa biron shifokorga ko‘rsatsam, degan o‘y kechardi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.