OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Aziz va Bonapart (hajviya)

(Yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyidan reportaj)


Aziz Abdurazzoq xona eshigini ochishi bilan vannaxonada suv shildirayotganini eshitdi. Ichkariga kirdi. Qo‘lyuvgichda bitta baqaloq shisha ustiga jo‘mrakdan suv oqayapti.
— Yo pirim! — dedi Aziz xayratda.
U ertalab nonushtadan keyin ko‘chaga chiqib ketganicha taksida magazinma-magazin yurib, ikki soat davomida anavu o‘lgirdan biron shisha topolmay qaytib kelayotgan edi. Qarang, xudoning o‘zi bir shisha baqalog‘idan yuboripti. Uni qo‘liga oldi. Qog‘ozi suvda ivib xati o‘chib ketibdi. Zar qopqog‘iga qaradi. Unda «Parij, Konyak» degan so‘zlar yozilgan. Bu albatta «Napoleon», degan konyak bo‘lsa kerak, deb o‘yladi u. O, juda qimmatidan-ku! U shoshib shishaning burama qopqog‘ini ochmoqchi bo‘ldi. To‘xtadi. Shoshma, balki birov yanglishib mening xonamga tashlab ketgandir? Yozuvchilar ijod uyining xonalari bir xil. Qorong‘i yo‘lakda raqamini ilg‘ash ham qiyin. Yo‘q, egasi boshqa.
Qo‘lida bir shisha frantsuz konyagi qilqillab... turganda qaysi mard o‘zini tiya oladi? Aziz turdi, turdi, oxiri nafs g‘olib keldi.
— Abdurazzoqov, — dedi u o‘ziga o‘zi. — Boshingga qo‘ngan baxt qushini kaltak bilan haydama. Och. Ich! Egasi yanglishgan bo‘lsa, o‘zidan ko‘rsin. Nodon bo‘lmasa shundok konyakni birovnikiga tashlab ketadimi! Egasi kelmay turib och. Bir-ikki qultumini zahar bosti qil.
U shunday dediyu shisha qopqog‘ini burab ochdi. Qopqoq bir marta ochilgan ekan, darrov burala qoldi. Shisha og‘zini hidlab ko‘rdi. Bay, bay, bay! Hidi bo‘yiga yetgan qizning bo‘ynidan keladigan isga o‘xshaydi-ya!
Shishani derazadan tushib turgan oftob nuriga solib ko‘rdi. Biram tiniqki, orqa tomondagi jami narsa aniq ko‘rinadi-ya. U bitta piyolani to‘ldirib quydi. Qo‘rqib-qo‘rqib bitta ho‘pladi. Tomog‘iga, bo‘g‘ziga atir hidi urildi. Piyolani bir simirishda bo‘shatdi. Boshi bir yoqimli garangsidi. Ikkinchi piyoladan keyin qulog‘iga «Cho‘li iroq» kuyi keldi. Uchinchi piyoladan keyin Brejnevning plenumdagi nutqi eshitildi. Brejnev nutq irod qilayotganida eshitilib turadigan tishning shaqillashi Qahramon Dadaev chirmandasining taraqlashini eslatdi. Keyingi ikki piyola unga shunday rohat bag‘ishladiki, xuddi uylangan kunining ertasidagi oqshom lazzati qaytib kelgandek.
Eshik ochilib, «Azizvoy», degan tovush keldi. U boshini ko‘tarib eshikka qaradi. Unda boshiga kemani to‘ntarib kiygandek kalpoq bilan Napoleon Bonapart turardi.
— E, Aziz, bormisan, juda sog‘intirding-ku. Mse Xolmirzaevni Boysunda ko‘rgandim, aytdimi? Aytgan bo‘lsa durust, otasiga rahmat.
U kelib divanga o‘tirdi. Azizning mosh-gurunch soqollariga mehr bilan boqdi. Alpdek qomatiga qarab ko‘zlari o‘ynadi.
— Kel azizim, shu tarixiy uchrashuvimiz uchun bittadan otaylik. Bormi?
— Yo‘q-da, og‘ayni, — dedi Aziz xijolat chekib.
— Bo‘lmasa Qibrayga chiqib, do‘kondan olib kela qol, — dedi Bonapart qalpog‘ini divanga beparvo tashlar ekan.
— Kechirasan, msyo Bonapart. Pul yo‘qroq.
— Senda qachon pul bo‘lgandiki, endi bo‘ladi, — dedi Bonapart o‘pkalab. — Hamid G’ulomnikiga, Asqadnikiga, Pirimqulnikiga bor. Bittagina shishani sendan ayashmas. Bir shisha araq odamning xunimiki...
Aziz astoydil kuyinib gapira boshladi.
— Shunaqa deysanu, Bonapartchik, Hamid G’ulomnikida Simonov, Asqadnikida Mustay, Ramznikida Privalov deganlar o‘tiripti. Pirimqul akanikiga qanday kiraman? U kishining uylarida ustod Ayniy domla o‘tiriptilar.
— Obbo, — dedi afsuslanib Napoleon. — Bo‘lmasa Tolibnikiga g‘ir etib borib kel. U qo‘li ochiq, mard odam.
— Iloji yo‘q, — dedi Aziz. — Besh kundan beri devonayi Mashrab bilan ikkovi jazavaga tushib ko‘chalarni, choyxonalarni boshiga ko‘tarib g‘azal o‘qib yurishibdi.
— Bo‘lmasa Mirmuhsinnikiga bor. Meni taniydi. Kislovodskda birga dam olganmiz. Yo‘q, demaydi. Bu masalada u juda mard.
— Buniyam iloji yo‘q, — dedi Aziz afsuslanib. — Mirmuhsin akanikida Xorazmshoh, Temur Malik, Jaloliddinlar o‘tirishipti. Hozir u yerda matbuot konferentsiyasi bo‘lyapti. Yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi.
Bonapartning jahli chiqib ketdi.
— Qog‘oz taqchilligidan foydalanib hammang og‘zaki adabiyotga o‘tib ketdilaring, shekilli. Bor, Odil Yoqubovning oldiga bor. Bermasa xafa bo‘lishimni ayt.
— U roman yozaman deb Iskandar Zulqarnaynni chaqirgan ekan. Uch kundan beri eshikni bekitib gaplashgani-gaplashgan. Hammayoq qilich-qalqonga to‘lib ketgan.
Bonapart o‘ylanib qoldi. Endi nima qilish kerak, degan savol ko‘z oldida ko‘ndalang turib qoldi.
— Menga qara, Abdulaziz, shu yaqin o‘tada Abdulla Qahhorning bog‘ini olgan bir yozuvchi bor deyishadi. Shundan topilmasmikan?
— Topiladi. Unda har xilidan bor. Faqat valyutaga beradi.
— Dollargami, liragami yo frankka?
Bonapart shunday deb cho‘ntaklarini titkilay boshladi. Ancha urindi. Biron chaqa chiqmadi.
— Xotinim, yaramas, cho‘ntagimni qoqlab qo‘ygan ekan. 
Buyuk sarkarda, jahonga mashhur imperator, Moskvadan qochgan Napoleon bilan Do‘rmon sultoni, Arg‘ining ixtiyoriy deputati Aziz Abdurazzoq ikkovi uzoq sukutda qolishdi. Oxiri Aziz gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘lib o‘ziga xos, teletomoshabinlarga, radiotinglovchilarga ko‘pdan tanish ovozda dedi:
— O’zing biz tomonlarda nima qilib yuribsan, og‘ayni? 
Bonapart darrov javob berdi. Uning javobida qanchalar g‘am, qanchalar anduh borligi yarimta nokka o‘xshagan burnidan bilinib turardi.
— Moskvadan o‘z ixtiyorim bilan qaytib ketayotganim-da bir kunimga yarab qolar deb oltinlarimni yo‘ldagi ko‘lga tashlab ketgan edim. O’sha ko‘lni topolmay qidirib yuribman. Qidirib-qidirib Orol bo‘yidan chiqib qopman. Orolning Orolligi qolmapti. Men bo‘lganimda... — u shunday deya turib alamdan ko‘ksiga mushtladi. Qo‘li shapalokdek ordenga tegib ingrab yubordi. Jahl bilan ordenni shartta yulib oldi. — Obor, shuni Oloy bozoriga oborib sotib kel, o‘ldim deganda o‘n ming so‘mga ketadi.
— E, — dedi Aziz hafsalasi pir bo‘lib. — O’tgan bozorda Lyudovik XII ning ordenini zo‘rg‘a ikki yuz ellikka sotganman.
— Meni o‘sha landavurga teng qildingmi? Bunaqa gapni ikkinchi og‘zingga olma. U xasisning ordeni temirdan edi. Meniki oltin. Brilliant bejamalari bor. O’n mingga ketadi!
Aziz uning qo‘lidan ordenni oldi, shoshgancha hovli tomon ketdi. Ostona hatlashi bilan handalak po‘chog‘ini bosib olib, oyog‘i toyib ketdi. Chalqanchasiga yiqildi. Yiqildiyu hushi joyiga keldi. Qarasa, qo‘lidagi narsa orden emas, choynakning qopqog‘i.
Shu payt hovliqib Ishoq O’ktamov kelib qoldi.
— Azizjon, — dedi u. — Ertalab kelgan mehmon esingizdami? Xonangizda bir baqaloq shisha to‘la qo‘tirga surtadigan dorisi qolib ketibdi. Bitta-yarimta ichib qo‘ymasin, deb telefon qildi. Bu dorining bir tomchisi odamni jinni qiladi, deb uch marta tayinladi.
O’ktamov engashib uning yuziga qaradi. Qaradiyu qo‘rqib ketdi. Mehmon uch marta tayinlab aytgan ish boshlanganga o‘xshaydi. «Ukajon, sizga nima bo‘ldi», deb qo‘ltig‘idan ko‘tardi.
Aziz ming‘illadi.
— Mening xonamda Kutuzovning tepkisini yesa ham odam bo‘lmagan ablah, aferist Napoleon o‘tiripti. Haydang, uni!
— Xo‘p, xo‘p, ukajon, Napoleon ekan-ku, Gitler bo‘lsa ham Nyurnberggacha quvib borganim bo‘lsin.
Aziz kuldi. Bu kulgi sog‘ odamning kulgisiga unchalik o‘xshamasdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.