OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Bir o‘pichning bahosi (hajviya)

Bugun jug‘rofiya o‘qituvchisi darsga kelmadi. Xomtok qilaman, deb so‘ridan yiqilib, oyog‘ini sindiripti. Ajoyib «xushxabar»dan keyin bir zumda sinf bo‘shadi-qoldi.
Bunday qulay paytdan foydalanay deb, Sotvoldi uyga emas, shahar markazidagi «Madaniy mollar» magaziniga qarab yo‘l oldi. Batareyasi o‘tirib qolgani uchun cho‘ntakda olib yuradigan sovun qutichasidek radiosi gapirmay qo‘ygan.
U do‘konga kelganda soat besh minuti kam bir bo‘lgandi. Eshikni tortdi, ochilmadi. Peshtaxta orqasida stakandan labini cho‘chchaytirib qaynoq choy xo‘playotgan sotuvchi Suydixon eshik tomonga imo qildi. Sotvoldi hali shoshganidan qaramagan ekan. «Pereriv» degan yozuv ilib qo‘yilganini endi ko‘rdi.
Suydixon atir shishasini chayqatib qopqog‘ini chiqardi-da, ikki qulog‘ining tagiga, tomoqlariga tegizdi. Keyin oynakka qarab sochlarini tuzatgan bo‘ldi. U eshikka chiqib, do‘konni qulflayotganida Sotvoldi iltijo qildi.
— Opajon, ikkitagina batareya kerak bo‘lib qoluvdi, bervoraqoling, katta tanaffus tugamay darsga yetib boray.
Suydixon uning gaplarini eshitmadi. Eshitsa ham parvo qilmay hammayoqni atir hidiga to‘ldirib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Eshik oldida sigareta, jevachka, «Snikers» sotib o‘tirgan kampir yoniga soch-soqoli o‘sib ketgan, belbog‘iga qilichdek pichoq osgan badxo‘r bir beso‘naqay yigit keldi.
— Bizzi xotin qani? — dedi u.
Undan saraton oftobida qolgan qozonsochiqning qo‘lansa hidi buruqsib ketdi.
— Abetka ketdi, — dedi kampir. — Voy bolam-e, yana ichibsan-da. Munaqa qilaversang, bir kun emas, bir kun xotining seni tashlab ketadi-ya!
Mast uning gaplariga parvo qilmay qo‘l siltadi.
— O’n so‘m qarz berib turing, xotinim kelganda beradi.
— Bermaydi. Tunov kuni olgan besh so‘mni zo‘rg‘a undirdim. Bundan buyon erim pul so‘rasa bermang, deb tayinlagan. O’zing binoyidek qo‘li gul qassobsan. Topish-tutishing ham ikki ro‘zg‘orga yetardi. Topganingni shu araq o‘lgur so‘rib tashladi.
Mast bir munkidiyu odamlar oqimiga qo‘shilib ketdi.
Qassoblarning xotinlariga oson tutib bo‘lmaydi. Har kuni bir o‘limdan qoladilar. Ayniqsa mast qassoblar tushlarida ham alahsirab mol so‘yadilar. Uyqusirab xotinini so‘yib qo‘yganlar ham ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun ham qassoblarning xotinlari kechasi pichoq, boltalarni bekitib qo‘yadilar.
Sotvoldi nima qilishini, qayoqqa borishini bilmay, hayron turardi. Sotuvchi opa bir soatsiz kelmaydi. U ko‘chaning narigi betidagi istirohat bog‘iga kirib muzqaymoq yemoqchi bo‘ldi. Aksiga olib, muzqaymoq do‘koni ham berk ekan. U bog‘ aylanib ancha yurdi. Anhor bo‘yidagi majnuntol tagida o‘tirib dam olmoqchi bo‘ldi. Bu yerdagi skameyka ham band. Ikki oshiq-moshiq bir-birining pinjiga suqulib, xo‘rsinib o‘tirishipti. Ular anhorga qarab o‘tirganliklari uchun orqada kim borligini bilishmasdi. Erkak bo‘ynini cho‘zib ayolning yuzidan o‘pdi. Ayol qiqirlab kuldi. Shunda yigit uni yelkasidan tortib o‘ziga qaratdi-da, yana cho‘pillatib o‘pa boshladi. Yigitning do‘ppisi skameyka orqasiga tushdi. Qo‘l uzatib olayotganda ko‘zi Sotvoldiga tushdiyu qimirlamay qoldi. Yerdan olgan do‘ppi xuddi bir tonnalik yuk bo‘lib tuyuldi. U do‘ppini nima qilishini bilmay baqrayib turaverdi.
U Sotvoldining dadasi To‘lagan edi. Ota-bola ancha paytgacha ko‘z urishtirib qolishdi. Oxirgi To‘lagan g‘azab bilan bolasiga o‘shqirdi:
— Maktabga bormay buyoqlarda nima qilib yuribsan, ahmoq?!
— O’zingiz ishga bormay, begona xotin bilan nima qilib yuribsiz? — dedi Sotvoldi ham bo‘sh kelmay. To‘lagan yonidagi juvonga qaradi.
— Siz ketavering, choyimizga pashsha tushdi. Bu ahmoq bilan o‘zim gaplashib qo‘yaman.
Juvon o‘rnidan turganda Sotvoldi uning yuzini aniq ko‘rdi. U «Madaniy mollar» do‘konidagi Suydixon edi. U betartib ochilib ketgan yoqasining tugmalarini qadab, ikki ko‘kragining tagini kafti bilan beozor ko‘tarib, Sotvoldiga yevorgudek bo‘lib qaradi. Keiin qizil qum sepilgan yo‘lkadan jahl bilan yurib ketdi. Ota-bola bog‘ darvozasigacha jim kelishdi.
— O’zing yaxshi bolasan-ku, oyingga aytmay qo‘yaqol, — dedi yalingan ohangda dadasi.
— Aytaman, — dedi qat’iy qilib Sotvoldi.
— Aytma, bolam, oyingni jahlini bilasan-ku.
— Baribir aytaman. Sizni bir karate qilib qo‘ysin. 
Sotvoldining onasi rostdan ham ayollar o‘rtasida qarate bo‘yicha mamlakat chempioni edi. Oyog‘ining beti bilan iyakka tepsa, har qanday odam ham chirpirak bo‘lib ketadi.
— Jon bolam, aytma. Aytmasang, batarey olib beraman.
— Chirog‘ingizni pishirib yeng. Magnitofon olib bersangiz aytmayman.
— Voy-bo‘, juda qimmat narsa-ku. Bo‘pti, sen ketaver, kechqurun o‘zim olib boraman.
— Hozir olib berasiz.
— Obbo, judayam xirasan-da. Lo‘limisan, nima balo. Bola emas, shilimshiq, shilqim bir narsa ekansan. Bo‘pti, yur.
— Yaponskiysidan bo‘lsin... 
To‘laganning tishlari qichirlab ketdi.
Xullas, Sotvoldi uyga yap-yangi magnitafonini ko‘tarib keldi. Ertasigayoq bu xabar o‘rtoqlarining qulog‘iga yetdi. Yetti-sakkiz bola har xil kassetalarni opkelib rosa baqirtirishdi.
Kechqurun Marhamatxon eriga hasrat qilib qoldi:
— Bolangizni tergab qo‘ying, uyimiz bozor bo‘lib ketdi-ku.
Tili qisiq To‘lagan o‘g‘liga go‘rni bir nima deyoladimi.
— Ha, endi, bir-ikki kunda ko‘ngliga tegadi, tinchib qolasan, — deb qo‘yaqoldi.
To‘lagan ishdan kelsa xotini to‘rsayib o‘tiribdi. Yaramas bola sirni ochib qo‘ygan shekilli, deb yuragi orqaga tortib ketdi. O’g‘lini chetga chaqirib, oyingga hech nima demaganmiding, dedi qo‘rqa-pisa.
— Yo‘q, — dedi Sotvoldi. — Endi aytmoqchi edim.
— Aytako‘rma. Aytsang kaltak yeysan, — dedi u bolasiga po‘pisa qilib.
— Video olib bersangiz aytmayman. Bo‘lmasa albatta aytaman.
To‘lagan dod deb yuboray dedi. Urmoqchi bo‘lib musht ko‘tardi, musht bolaning boshiga kelganda panjalari yoyilib ketdi. Boshini silay boshladi.
— Jon bolam, aytmagin.
— Aytaman.
— Bolam, bolajonim, do‘mboq bolam, oppoq bolam...
— Laganbardorlik qilmang, foydasi yo‘q. 
Ichkari uydan Marhamatxonning ovozi keldi.
— Ota-bola nimani gaplashyapsizlar? 
To‘lagan shoshib javob qildi.
— Futbolchi Mirjalol Qosimov to‘g‘risida gaplashyapmiz.
— Gap bitta, — dedi Sotvoldi. — Yo video olib berasiz, yo oyimdan kaltak yeysiz. Xohlaganingizni tanlang. Ammo-lekin ertaga kunduz soat nol-nol ikkida video stolimning ustida bo‘lsin, — dediyu chiqdi-ketdi.
To‘lagan peshonasiga shapillatib urganicha qoldi.
Ertasiga o‘qishdan vohlikkina qaytgan Sotvoldi soat ikki bo‘lishi bilan eshik oldiga chiqdi. Dadasi bilan ishlaydigan kishi mashinada hali karton qutisi ochilmagan video bilan ikkita kasseta olib keldi.
Sotvoldining yotog‘i har xil narsalarga asta to‘lib borardi. Aytgancha, u Suydining do‘koniga borib, bermasang, eringga aytaman, deb bitta fotoapparat bilan besh-o‘nta rangli plyonka undirib keldi. O’sha kundan boshlab Sotvoldining ko‘zidan vitrinada turgan video kamera ketmay qoldi. Baribir, shuni ham undiraman, deb diliga tugdi.
Bu bola er-xotinga juda qimmatga tushgandi. Negadir ularning bolalari turmasdi. Ikki-uch oygina yashab, ularni dog‘da qoldirib ketardi. Mana shu Sotvoldi dunyoga kelganda irim qilib bolani tug‘uruqxonadan o‘zlari emas, qo‘shnilari Anzirat xola olib kelgan va ikki kishi guvohligida ularga ming so‘mga sotgan edi. Nomining Sotvoldiligi ham shundan edi.
— Xotin, — dedi To‘lagan bir kuni. — Bir narsaga hayronman. Mening burnim yapasqi, sening iyaging past. Men bug‘doyrang, sen oppoqqinasan, bolamiz nechukkim qirra burun, qop-qora, sochlari jingala, xuddi Pushkinning bola paytiga o‘xshaydi. Mabodo tug‘uruqxonada birovning bolasiga ayriboshi qilib qo‘yishmaganmikin? Urug‘imizda bunaqangi basharali odam bo‘lmagan edi shekilli. Lo‘li-po‘lining bolasi emasmikin?
— E, gapingiz qursin...
— O’sha sen yotgan roddomda bironta lo‘li xotin tug‘maganmidi?
Marhamatxon o‘ylanib qoldi.
— Qaydam. Bir lo‘li xotin bola ko‘rdi, degandek gap bo‘lgandi shekilli.
To‘lagan ikki tizzasiga shapillatib urib, o‘rnidan turib ketdi.
— Ana, aytmadimmi? Bu bola lo‘li, qiliqlari ham lo‘licha. Dutor olib berdim, qaramadi, rubob olib berdim, ushlab ham ko‘rmadi. Childirma olib kelganimda qo‘limdan yulib oldi-yu, daranglatib chalishga tushib ketdi. Lo‘lilar childirmaga o‘ch bo‘ladi-da. O’n ikkiga endi kirdi, mo‘ylabi chiqyapti. Umuman, lo‘li bolalarning mo‘ylabi tez chiqadi deyishadi.
To‘laganning ko‘ngliga g‘uluv tushdi.
— Hamma ayb Anzirat xolada. Tug‘uruqxonadan qanaqa bolaligini surishtirmay, qanaqasini bersa indamay ko‘tarib kelavergan.
— O’lgan odamning orqasidan malomat qilmang, gunohga botasiz. Uyaling-e, o‘z bolangizdan tonmoqchisiz-a? Bolamiz, xudoga shukur, esli-hushli, oydek bola. Hali ko‘rasiz, bir-ikki yilda lochindek, qarchig‘aydek bo‘lib ketadi. Bu gapni bir aytdingiz, ikkinchi og‘zingizga olmang.
— Xo‘p, xo‘p, — dedi aytgan gapidan pushaymon bo‘lgan To‘lagan. — Bir aytdim-qo‘ydim-da.
Sotvoldi «Madaniy mollar»ga kelganda Suydining eri peshtaxtaga tiralib, ana yiqilaman, mana yiqilaman, deb arang turipti. Sotvoldi uni ko‘rib eski qadrdonlardek quyuq ko‘risha ketdi.
— Amaki, yaxshi yuribsizmi, ko‘rinmaysiz? Odamlar sizni juda zo‘r qassob, molni oyog‘ini boylamasdan so‘yib tashlayveradi, deyishadi. Shu rostmi?
— Rost, — dedi u.
Suydixonning bu xira, bezbet, shilqim bola erimga qadrdon chiqib qoldi-ku, hamma gapni aytib bergan bo‘lsa-ya, degan gap ko‘nglidan o‘tdi.
— Hoy, opovsi, er-xotin gaplashayotganda o‘rtaga tushmada, o‘rgilay. Hozir sen chiqib turgin, amaking ketganlarida o‘zim chaqiraman.
Sotvoldi mastga qarab, bo‘pti, amaki, hali gaplashamiz, deb tashqariga chiqib ketdi.
Kampir eshik oldida kasod bozoridan nolirdi.
— Shu bugun oltitagina jevachka sotdim. Manavi so‘qim yonimga kelib o‘tirib oladi. Bolalar uning vajohatidan qo‘rqib, yaqinimga kelishmaydi.
Kampirning hasratidan chang chiqardi.
— Bilasanmi, bolam, bu piyonista o‘lgir avvalgi xotinini so‘yib qo‘yib, o‘n ikki yil yotib kelgan. Shundan keyin ham ko‘zi ochilmadi.
Sal o‘tmay mast gandiraklab-gandiraklab, qo‘lida ikkita besh so‘mlikni g‘ijimlagancha chiqib vino do‘koniga kirib ketdi. Sotvoldi ichkariga kirdi.
— Amakingga hech narsa demadingmi? — dedi Suydi xavotirlanib.
— Endi aytmoqchiydim, gaplashgani qo‘ymadingiz-ku.
— Jinni-minni bo‘lganmisan, tunov kuni fotoapparat berganimda birovga aytmayman, deb so‘z berganding-ku, nega aynib qolding?
— Meni laqillataman, deb o‘ylamang. Bu bitta fotoapparat bilan bitadigan ish emas.
— Ha, nima bilan bitadi, bo‘lmasam? — dedi alam bilan Suydi.
— Jirillamang, eringiz avvalgi xotinini so‘yib qo‘yganini esingizdan chiqazmang.
Suydining ko‘zlari tinib ketdi. Bu bezbet bolani mima qilsa bo‘ladi. Urib bo‘lmasa, so‘kib bo‘lmasa. Aytgan parsasini bermasang, sharmandangni chiqarsa. E, xudo, qandoq baloga giriftor qilding meni.
— Ayt, yana nima deb kelding?
Sotvoldi biqiniga «Toshiba» deb yozilgan videokamerani imlab ko‘rsatdi.
— Voy, meni xonavayron qilasan-ku, bilasanmi, bu kamera necha so‘m turadi?
— Men bilishim shart emas, siz bilsangiz bo‘ldi-da.
— Aynanay, sendan, o‘rgilay sendan, sal arzonroq iarsa so‘ragin. Erim o‘lgir-ku, sovdadan pesh tushgan pulni pesh olib turipti. Endi sening qilig‘ing ortiqcha bo‘lyapti. Cho‘ntakda olib yuradigan tranzistor radio beraqolay.
— Uni keyingi kelganimda berasiz.
— Voy mengina o‘lay, hali yana kelaman degin.
— Albatta-da, — dedi Sotvoldi. — Tez-tez kelib turaman. Kamerani berasizmi yo bermaysizmi? Bitta gapiring. Hozir tashqariga chiqib kelay, amakim ketib qolmadimikin?
— Shoshma, — dedi Suydi jahl bilan, kamerani peshtaxta ustiga taqillatib qo‘yarkan. — Ma, ol, xudoyo xudovando shu kamera...
— Qarg‘amang. Jahlim yomon. Rozi bo‘lmasangiz, olmayman.
— Voy, noz qiladi-ya, bu bezbet.
Sotvoldi kamerani ko‘tarib chiqib ketarkan, Suydi orqasidan jovrab qoldi.
— Shu do‘konda ikkinchi qorangni ko‘rmay. Meni bo‘g‘izlab ketding! O’ldirding!
Uning bezovta ovozidan hushyor tortgan eri eshikka bosh suqdi.
— Nima gap,tinchlikmi?
— Do‘konda kalamush paydo bo‘libdi. Ko‘rib qo‘rqib ketdim.
— Kap-katta xotin kalamushdan qo‘rqqaningga hayronman.
Sotvoldining dadasi Suydixonni o‘pganga ham bir oydan oshdi. Bu orada Sotvoldi dadasidan motorli vslosiped, Suydixondan narxi palon pullik rangli televizor, dadasidan jez tugmali kostyum, Suydixondan qo‘ng‘iroq chaladigan elektron soat, dadasidan ko‘chada yurib ham gaplashadigan masofali telefon, Suydixondan kompyuter o‘yin undirdi. Bular hali holva. «Madaniy mollar»da ko‘zini o‘ynatib turgan butun dunyodagi jami teleko‘rsatuvlarnn bemalol oladigan sputnik antennasini mo‘ljallab qo‘ygan.
Biron hafta oralatib Sotvoldi o‘sha antennani undirgani «Madaniy mollar»ga borgan edi, do‘kon berk ekan. Nima qilishini bilmay o‘ylanib turgan edi, jevachka sotadigan kampir:
— Kutmay qo‘yaqol, bolam. Suydixon boyaqish hali-beri kelmaydi. Do‘kon pechatlangan. Reviziyadan qirq bir ming kamomad chiqdi. Uch kun ichida to‘lab qo‘ymasang, ishingni sudga oshiramiz, deyishipti. Bechora bo‘ynidagi o‘n olti qator marvaridlarini, bilaguzugu ziraklarini ro‘molchasiga tugib bozorga ketdi.
Tavba, Sotvoldining hisobiga qaraganda, kamomad o‘ttiz sakkiz ming bo‘lishi kerak edi-ku. Nega bunaqa ko‘p hisoblashdiykin...
Sotvoldi sputnik antennasidan umidini uzib, dadasining do‘koni tomon ketdi.
Kichkinagina tijorat do‘konida dadasi sherigi bilan janjallashayotgan ekan.
— Axir shu bir oy ichida 22 ming so‘m oldingiz. Avvalgi oyda olganlaringizni qo‘shib hisoblaganda 54 ming so‘m bo‘ladi. Bu do‘konni ochganimizda ikkalamiz 50 ming so‘mdan qo‘shgan edik. Endi siz bilan ora ochiq bo‘ldik. Sheriklikdan chiqdingiz, kalitni bering...
Obbo tulki-e, uch ming so‘m qo‘shib hisobladi-ya. Dadamning qancha olganini men bilaman-ku.
Sotvoldi qolgan gaplarni eshitmay orqasiga qaytdi. Mana, ikki oydirki, u na Suydixondan, na dadasidan biron nima undiradi.
Dadasi har kuni ertalab mardikor bozoriga chiqib ketganicha kechqurun qorong‘i tushganda horib-charchab qaytadi. Yostiqqa bosh qo‘yadi-yu, pish-pish uxlab qoladi.
Dadasiga rahmi kelgan Sotvoldi bir ko‘nglida: «Dadamni tilla magazinida ishlaydigan Dono xola bilan tanishtirib qo‘ysammikin», deb o‘ylab ham ko‘rdi. Marvaridlari shoda-shoda, uzuklari, ziraklari brilliant. Nimasi qiyin, gapga solib turib bitta o‘psa bo‘ldi. Eri badjahl melisa, to‘pponchasiyam bor. Buyog‘ini menga qo‘yib bersin. Eringga aytaman, desam, tamom. Boplayman.
Kunora daromad qilib o‘rgangan Sotvoldi «bechora» judayam siqilib ketdi. Oxiri velosipediga qo‘ng‘iroq olish uchun «Dinamo» magaziniga borgan edi, trotuarga taburetka qo‘yib jevachka, sigaret, lotoreya sotayotgan Suydixonni ko‘rib qoldi. Uning yonida eri yemga to‘ygan buqadek bo‘lib pishqirib, qilichdek pichog‘i bilan tirnog‘ini olib o‘tirardi.
Endi Suydixonning har bittasi teshikkulchadek keladigan tilla bilaguzuklari, shoda-shoda marvaridlari, brilliant ko‘zli uzugu ziraklari yo‘q edi. Kiyimlari ham, pardozi ham ilgarigicha emas.
U Sotvoldini ko‘rdi-yu, oyog‘i ostida yotgan yarimta g‘ishtni olib unga qarab intildi.
— E, o‘pmay dadang o‘lsin. O’ptirmay men o‘lay... 
Sotvoldi odamlar oqimiga sho‘ng‘ib ketdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.