OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Birinchi muhabbat (intermediya)

Kampir skameykada o‘tiripti. Bir chol kiradi. Ko‘zoynak taqib skameykadan o‘ziga joy qidiradi.
Ch o l . Shu yerga o‘tirsam maylimi?
K a m p i r . O’tiravering, o‘tiravering, boboy.
Ch o l . Nega meni boboy deysiz. Sizdan yosh bo‘lsam kerak, buvijon.
K a m p i r . Hech jahonda skameykani ham ko‘zoynak bilan qidiradimi.
Ch o l . Shoshmang, shoshmang, kimsiz, ovozingiz juda tanish tuyilyapti.
K a m p i r . Anketa to‘ldirmoqchimisiz. Otim Xadicha. Qo‘rg‘ontagi mahallasidan bo‘laman. Mansurvoyning qiziman. Bo‘ladimi? Yo yana aytaymi?
Ch o l . E, bo‘ldi, bo‘ldi. Muni qara-ya, Xadichamisan. Voy-bo‘, tirik ekansan-ku.
K a m p i r . Nega meni senlaysiz. O’zingiz kim bo‘lasiz?
Ch o l . Tanimadingmi-ya. Axir men oshiqu beqaroring Muqimjonman-ku. Otimni aytolmay Maqomjon deyarding-ku, endi esingga tushdimi?
K a m p i r . Maqomjonman, degin. Men seni inqilobdan oldin o‘lib ketgansan deb yurgandim. Muni qara-ya, tirik ekansan. O’lmapsan.
Ch o l . Nega o‘laman?
K a m p i r . Ko‘p chekarding-da, chilimni shundog‘am quldiratarding-ki...
Ch o l . Keyin popirisga o‘tgandim. Sho‘ri-mo‘ri degan popiris chekardim.
K a m p i r . Haliyam o‘sha-o‘sha savodsizliging qolmapti. Sho‘ri-mo‘ri emas, Chernoe More, deyish kerak.
Ch o l . Zidi menga bari bir, chekishni bundan qirq olti ypl oldin tashlab yuborganmai.
K a m p i r . To‘qsonga kirmay adoyi tamom bo‘psan. Ko‘zingda qo‘sh ko‘zoynak, qo‘lingda hassa bo‘lmasa beling mayishib ketyapti. Qulog‘ingda apparat bo‘lmasa yelkangda atom bombasini portlatsa ham bilmaysan.
Ch o l . Bunaqa tez qarimasdimu xotinim rahmatli yomon edi.
K a m p i r . Erkaklarning hammasi shunaqa. Begona xotinni ko‘rsa darrov o‘zinikini yomonlaydi.
Ch o l . Voy-bo‘, shunaqa degin-a, ering omon-eson yuriptimi? Oti nima edi, ha, topdim, Orif qirriq, nospurush edi-ya?
K a m p i r . Bir marta nosvoy sotgani bilan nospurush bo‘ladi-qoladimi? Rahmatli bundan yetti yil oldin qazo qilgan. Uchta ordeni bor edi, kostyumiga qadab qo‘yganman. Senda nechta orden bor?
Ch o l . Xotinimning ikkita ordeni bor edi. Yaqinda qazo qildi. Xadicha, ke senam beva, menam beva, ikkovimiz haligidek topishib qo‘ya qolaylik.
K a m p i r . E, gaping qursin, bema’ni. Nevaralarimga nima deyman, chevaralarimga nima deyman, quda-andalarimga nima deyman?
Ch o l . E, Xadicha, har kimning huzur-halovati o‘ziga. Boshda xo‘p deganingda qo‘sh kabutar bo‘lib yurardik.
K a m p i r . Bo‘shashgan sovchilarni yuborgansan-da, Maqomjon.
Ch o l . Hecham bo‘shashgan emas edi-da, Yuborgan sovchilarimni dadang tayoq olib quvlagan.
K a m p i r . Opqochib keta qolsang o‘larmiding.
Ch o l . Kambag‘allik o‘lsin. Qandoq opqochaman. Opqochib qandoq boqaman. Eshak bilan qayoqqa opqochardim.
K a m p i r . Bu yerda nima qilib ivirsib yuribsan?
Ch o l . Bitta nevaram Arabistonda tarjimon, bittasi Kubada. O’shanisi «Buvajon bitta izvesnoy suvratingizni yuboring» deb yozvoripti. Suvrat oldirgani keluvdim.
Kam p i r . Haliyam savodsizliging qolmapti, Maqomjon. Izvesnoy emas, svetnoy deyish kerak, bildingmi? Suvrat oldiraman desang shu yerga kelasanmi? Axir bu suvratxona emas, pensiyani oshiradigan sabis. Pensiyam o‘zimga yetib turgan edi. Pochtachi qiz, buvijon, sabisga borib knijkangizni oling, pensiyangiz oshgan dedi. Shunga keluvdim.
Ch o l . Bu joy sabis emas, suvratxona.
K a m p i r . Yo‘q, sabis.
Ch o l . Kim bilan gaplashayotganingni bilib qo‘y. Oldingda mehnat qahramoni, veteran Muqimjon o‘tiribdi.
K a m p i r . Voy, buni maqtanishini qaranglar, bitta sen qahramon bo‘psanmi. Mana, menam «Qahramon ona»man. Maqtanmayapman-ku!
Ch o l . Shunaqa degina. Menga qara Xadicha, ke ikkovimiz haligidek topishib qo‘ya qolaylik. Qo‘sh qahramon bo‘lib yuramiz.
K a m p i r . E, qoch-e, bemaza, gapingda tuz degan narsa yo‘q.
Ch o l . Shahlo ko‘zlaring ko‘zimga uyqu bermasdi. Qalamdek qoshlaring yuragimga xanjardek sanchilardi. Qani qoshlaringni ko‘ray. (Qaraydi). Iya, qosh qani, rasvo qipsan-ku! Naqsh olmadek yuzlaring meni jinni qilardi. Qani yuzlaringni bir ko‘ray.(Qaraydi). Yuz qani? Shaftoli qoqining o‘zi bo‘pqopti-yu...
Shu payt begona yigit o‘tib qoladi.
Y i g i t . Nima qilib jiqillashyapsizlar?
K a mp i r . Pensiya masalasida kelgandim.
Ch o l . Suvrat oldirgani keluvdim.
Y i g i t . E, omon bo‘linglar, bu yer suvratxona ham emas, sabes ham emas.
K a m p i r . Bo‘lmasam nima bu yer?
Y i g i t . Bu yer ZAGS.
Ch o l. Xadicha, xudoning mehribonchiligini qara. ZAGSga o‘z oyog‘imiz bilan kep qopmiz-ku. Yur ro‘yxatdan o‘tib chiqa qolaylik.
K a m p i r . E, bor-e, yo‘q, qarib quyilmagan bemaza chol.(Ikki bukilib qaltirib chikib keta boshlaydi).
Y i g i t . Kampiringizmi, boboy, arazlab qoldilar-ku.
Ch o l . Kampirim bo‘ladigan edi, bo‘lolmay qolgan. (Kampirning orqasidan– ) Sambitdek qomatlaringga Muqimjon akang girgitton! Bir kun emas bir kun ishqingda ado bo‘laman. Yetmish yildan beri tushlarimga kirasan, bevafo Xadicha. Yuragim kuyib ketyapti. O’rtanib ketdim-ku, bevafo!
yigit. Bir piyola muzdekkina «Toshkent suvi» quyib beraymi?
Ch o l . Mayli, bolam. Yo‘q, qo‘y, anginam tutib qolmasin.
Y i g i t . Iya, anginangiz bormi?
Ch o l . Anginaning o‘zi bo‘lsa ham mayliydi-ya astmam ham bor. Mana shu xotin meni ado qilgan.
Y i g i t . (zalga qarab). Birinchi muhabbat sut bilan kirib jon bilan chiqadi, deyishgani rost ekan.
Ch o l . (qulog‘idagi apparatni tuzatib unga yaqin keladi). Nima deding, sut dedingmi? Mayli, qaynoqqina bo‘lsa, mayli.

1971 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.