OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Bo‘ri ovi (hajviya)

I


Javlonbek rayon markaziga yetganda tong yorishib, ko‘chalar gavjum bo‘lib qolgandi. Budka oldini supurayotgan cho‘tkachi Mullaqand tuyoq tovushini eshitib qaddini rostladi.
— Bahay, aka Javlun? Sutra kujo rafte? Ibi, sabil echkini qayga olib ketobsiz. E, tushindim, tushindim, sluchkagame? Bo sizga yak maslahat. Marziya opayning serkasiga svidaniya qildirmang. Xonang pajar bo‘lgur sherga o‘xshab zver bo‘lib ketgan. Ledining kuni sariga tushmasin ahi.
Javlonbekning ensasi qotdi. Eshakdan ham tushmay, sendaqa maslahatgo‘ydan o‘rgildim-e, dediyu eshagiga hala berdi.
— Qayoqqa? Hech bo‘lmasam eshokingizning tuyog‘ini moylab qo‘yay. Imporniy moylardan bor.
Eshak yo‘rtib ketdi. Echki ham xuddi onasiga ergashgan boladek orqada soqolini selkillatib borardi.
O’zing bir yamoqchi, cho‘tkachi bo‘lsang, endi sening maslahatingga kunim qoldimi.
Mullaqand Ledining nomini tilga olgandayoq Javlonbekning yuragi jiz etib ketgandi. Ledi uning jondan aziz qadrdon iti edi. Bugun uning yorug‘ dunyodan ko‘z yumganiga qirq kun bo‘ldi. Javlonbek qirq kun chillada o‘tirdi. Bugun chillaguzaron qilib birinchi marotaba Ledisiz ovga ketyapti. Qandoq it edi-ya. Faqat odamga o‘xshab gapirolmasdi, xolos. Ammo nima desang, tushunardi. Zarda qilishni, uyalishni, iltimos qilishni bilardi. Xudoyi taolo it umrini qisqa qilib yaratgan. Ledidan biron nasl olib qolish kerak. Shu niyatda Javlonbek uni Ledi cho‘ponning bo‘ribosariga obordi. Bo‘ribosar e’tibor bersin deb, bo‘yniga musobaqalarda olgan medallarini osdi. Ikki qulog‘ining tagiga xotinining fransuz atiridan picha surtib qo‘ydi. Cho‘lda bo‘rilar bilan olishib yurgan it atirni bilarmidi. It dum hidlaydi.
Bo‘ribosarning kallasi «Zaporojets» mashinasidek keladi, desam ishonavering. U it emas, samosvalning o‘zginasi. Ledi uning oldida samokatday bo‘lib qoldi. Bo‘ribosar bunaqa ishlarni ko‘raverib pishib ketgan ekan, Ledining u yoq-bu yog‘ini hidlab o‘tirmay, gardanidan shartta tishladiyu pichan g‘aramining orqasiga olib o‘tib ketdi.
Ancha paytgacha medallarning jiringlagani eshitilib turdi.
O’sha kuni Javlonbek Abdi cho‘ponga to‘n kiydirib, bir uchiga 25 so‘mlik tugilgan qiyiqchani berdi. Abdi cho‘pon, endi quda bo‘lib qoldik, yuz ko‘rishib turaylik, deb xayrlashdi.
Ertasigayoq Ledining mazasi qochdi. Uni mol do‘xtiriga ko‘rsatgan edi, do‘xtir boshini sarak-sarak qilib, bu itingiz endi odam bo‘lmaydi, bir-ikki kunlik umri qopti, dedi.
Do‘xtirning aytgani bo‘ldi. Uch kun deganda Ledining joni uzildi. Javlonbek ko‘z-yoshlarini daryo qilib ushbu g‘azalni bitdi.

Lediginam kaydasan, o‘tdi bahori sensiz, 
Pishib to‘kildi bu kun makkajo‘xori sensiz. 

Yo‘lbarsdek komatingni hech itda ko‘rmagandim, 
Javlon yurar parishon ochu nahori sensiz.


Javlonbek qirq kunlik judolikdan keyin bugun ketyapti. Hafizaxon parranda go‘shtini yemabdi. Ko‘rsa allergiyasi qo‘zg‘ab hammayog‘iga qizilcha toshib ketardi. Shuning uchun ham Javlon bo‘ri otib humorini bosib yurardi.
Xo‘sh, u-ku ovga ketyapti. Ovda echkiga balo bormi? Javlonbek bir ish qilsa bilib qiladiganlardan edi. Yaxshi echki ovda ikkita itning ishini qilishini boshqa ovchilar bilishmasdi. U har gal ovga chiqqanda albatta bo‘ri urib, sovxozdan mukofotga allaqancha qo‘y undirib keladi. Boshqa ovchilar bu sir-sinoatning tagiga yetolmasdilar.
Javlonbek to‘qayni mo‘ljalga olib boraverdi. Orqada echki soqolini selkillatib kelyapti. Jonvor nima balo yegan ekan, yo‘l-yo‘lakay qumaloq tashlagani-tashlagan. Qumaloq tashlashi ayni muddao edi.
Qaysidir ovchidan qolgan qamish kapaga yetganda Javlonbek eshakdan tushib, echkini o‘ttiz metrcha naridagi yovvoyi jiydaga boyladi. Eshakni hech narsaga boylamadi. Eshak shunaqa hayvon, turgan joyida eshakka o‘xshab turaveradi.
Atrof jimjit. Yaqin o‘rtadagi qo‘lga tushgan yovvoyi o‘rdakning g‘aq-g‘uqi eshitilib turibdi. Javlonbek eshakka xashak tashladi. Echkining oldiga alyumin tog‘orada yem qo‘ydi. O’zi termosdan choy quyib olislarga tikilgancha o‘y surib ketdi. Uning o‘yi nima bo‘lardi. Ledini o‘ylaydi-da. U bu joylarga Ledi bilan ko‘p kelgan, ko‘p g‘aroyib ovlar qilishgan edi.
Echki bezovtalana boshladi. Arqonni uzmoqchi bo‘lib orqasiga tisarildi. Javlonbek hushyor tortdi. Atrofga razm soldi. Boya ular kelgan tomondan qumaloq hidlab bir bo‘ri kelyapti...
Boshqa ovchilar huddi mana shu tadbirni bilishmasdi. Bo‘ri echki qumalog‘ini hidlab-hidlab kelaveradi. Pistirmada ovchi borligini o‘ylamaydi.
Javlonbekning mo‘ljali to‘g‘ri chiqdi. Bo‘ri kelyapti. Yerdan bosh ko‘tarmay har bitta qumaloqni bittalab hidlab kelyapti. Javlonbek o‘zini panaga oldi. Miltiqni shaylab, tayyor bo‘lib turipti. Eshak eshak-da. Parvoyi palak. Ammo echki bezovta. Osmonga sakraydi. Arqonni uzaman, deb talpinadi. Bo‘ri to‘xtadi. Atrofga bir-bir ko‘z tashladi. Ana, u echkiga yaqin kelib qoldi. Besh metr qoldi. Ikki metr qoldi. U hozir bir hamla bilan echkining kekirtagidan oladi...
Javlonbek varanglab o‘q uzdi. Bo‘ri bir metr balandga sakrab yerga shalop etib tushdi. Javlonbek yana tepki bosdi. Bo‘ri to‘nkarilib qoldi. Ikki oyog‘ini tinimsiz silkitib chamasi uch minutcha jon berolmay oxiri tinchib qoldi. Javlonbek kapadan chiqmadi. Bo‘ri yolg‘iz yurmasligini biladi. Mabodo u yolg‘iz bo‘lganda ham boshqa bo‘ri qon isini tuyib shu tomonga keladi. Cho‘l shamoli qon hidini atrofga olib ketadi. Bir emas ikki, uchta bo‘ri kelishi ham mumkin. Uning aytgani chiqdi. Bir qo‘ng‘ir bo‘ri shu tomonga o‘qdek otilib kela boshladi. Echkini, yotgan bo‘rini ko‘rdi. Ko‘pni ko‘rgan, ko‘p qopqonlardan qochgan, tajribali bo‘riga o‘xshaydi. Atrofga alanglab bir dam o‘tirdi. Ammo dimog‘ini qitiqlayotgan qon hidi uning irodasidan g‘olib keldi. Echki tomon dadil kela boshladi. Ana, to‘rt metr qoldi. Uch metr qoldi. Javlonbek o‘q uzdi. O’q kallasiga tegdimikan, har holda bo‘ri yonboshiga yiqilgancha qimirlamay qoldi. Bosh ko‘tarmadi ham, oyoq silkitmadi ham... Javlonbek miltiqqa o‘q solib o‘tiraverdi. Kapadan chiqmadi. Eshakka baribir. Nimalar bo‘layotgani bilan ishi yo‘q. Eshakligini qilib hashak kavshayapti...
Ko‘kragi oq, o‘zi qop-qora bo‘ri allaqaydan paydo bo‘ldi. Javlonbek to miltig‘ini qo‘lga olguncha bo‘rilar tepasiga keldi. Go‘yo qaysi birini avval yesamikin, deb o‘ylayotganga o‘xshardi. O’ligidan tirigi ma’qul, deb o‘yladi shekilli, echki yoniga keldi. Shunda Javlonbek yana o‘q uzdi. Ba farmoni xudo, o‘q yegan bo‘rining bunaqa sakrashini Javlonbek umrida birinchi ko‘rishi edi. U o‘q tegishi bilan odam bo‘yi sakradi-yu havoda muallaq turib qoldi. Na yuqoriga uchib chiqib ketadi, na yerga tushadi. Xuddi lentasi uzilgan multfilmning o‘zginasi. Javlonbek endi bas, uchtasini urdim, ov degan hadeb baror kelavermaydi, buyog‘iga o‘zim bo‘riga yem bo‘lib ketmay deb, tashqariga chiqdi. Uzoqda orqasida to‘zon buruqsatib qizil «Jiguli» kelayotganini ko‘rdi. Kim bo‘ldi ekan bu?
«Jiguli» uning yonginasiga kelib to‘xtadi. Undan ko‘kragiga «Mehnat veterani» medali taqqan bir yigit tushdi.
— Nima qilib qo‘ydingiz? — dedi u alam bilan.
— Nimani nima qipman? — dedi Javlonbeq.
— Bu itni bolaligida Dog‘istondan uch ming so‘lkavoyga sotib olganman.
Javlonbek hayron bo‘lib jonsiz yotgan uchta bo‘rining tepasiga keldi. Ularning bittasi, ko‘kragi oq, boshqa yog‘i qop-qora ovcharka it ekanini bildi. Ichida, ovchi bo‘lmay o‘l, qora bo‘ri bo‘lmasligini bilmasmiding, degan bo‘ldi.
— Pulini to‘laysiz, — dedi veteran. — Hozir bozor iqtisodi. Bir hafta oldin o‘n to‘rt mingga bermagandim.
Javlonbek bu yigitni qaerdadir ko‘rgandek edi. Esladi. Avtobus haydaydigan Abdulaziz otasiga yil oshi berganda shu yigit bilan bir lagandan osh yegan edi. O’shanda tanish-bilishlari uni Xo‘jaqul deganmidi, Jumaqul deganmidi... Itni Dog‘istondan olib kelganman deganidan, u bu cho‘llardan arzon-garovga qorako‘l sotib olib, Kavkazda pullaydigan ucharlardan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
— Bo‘pti, to‘layman, — dedi Javlonbek. — Avval mashinannig yukxonasini ochasan.
— E, qiziq odam ekansiz-ku, itimni otib qo‘yib o‘zimga do‘q urasiz-a. Nima haqqingiz bor, inspektormisiz, yo tamojniyda ishlaysizmi?
— Ochmaysanmi, ochmaysanmi? Endi o‘zingdan ko‘r! Javlonbek miltiq ozg‘ini Xo‘jaqulning kindigiga to‘g‘rilab, barmog‘ini tepkiga...
...Shu payt mashina ichidan «voy» degan tovush eshitildi. Javlonbek shoshib o‘sha tomonga qaradi. Shunda Xo‘jaqul ajib bir chaqqonlik bilan uning qo‘lidagi miltiqni tepib yubordi. Javlonbekning barmog‘i bexos tepkini bosib yuborgan edi, miltiq yerga tushmayoq varanglab otilib ketdi. «Jiguli»ning orqa eshigi ochilib o‘q yegan kaptardek potirlab bir ayol chiqdiyu qamishlar orasiga o‘zini urdi. Javlonbek uni tanidi. U devor-darmiyon qo‘shnisi Rabbim chukchining kelini Sumbulxon edi. Javlonbek nima bo‘layotganiga aqli yetmay angrayib turarkan, eshagi o‘q ovozidan qo‘rqibmi, yig‘layotgandek o‘ksib-o‘ksib hangray boshladi. Javlonbek bu harom o‘lgurning bunaqa odati yo‘q edi-ku, deb o‘girilib qarasa eshagining dumi yo‘q. O’q uchirib ketibdi. Dum o‘rnidan chak-chak qon tomayapti. Dumi qayoqqa ketdi, deb atrofga alangladi. Yovvoyi jiyda shoxiga ilinib qolgan dum kaltakesakning cho‘rt uzilib ketgan dumiga o‘xshab likillab turibdi. Eshak hamon xonish qiladi. Javlonbekning unga rahmi keldi. Yonidan dastro‘molini olib eshakning dumidan qolgan ikki enlikkina to‘mtoq joyini yaxshilab tang‘ib qo‘ydi. U shu ish bilan aidarmon bo‘lib Xo‘jaqulning juftakni rostlab qolganini bilmay qolibdi. U garang edi. Joni jindek orom olgan eshak sal-pal tinchib, nafasini ichiga yutayotgandek ora-sira g‘ingshib qo‘yardi.
Javlonbek qarasa miltiq yo‘q. Yaramas Xo‘jaqul mpltig‘ini olib ketibdi. Kim biladi, orqamdan otib qo‘ymasin, deb o‘ylaganmi? Yo boshqa niyati bormidi, Janlonbek buni bilmasdi. U jiyda shoxida hali ham joni uzilmay likkillab turgan dumni olib qaradi.
Odamzot qiziq bo‘ladi-da. Dumni olib nima qiladi? Yo do‘xtirga oborib ulatib oladimi, Javlonbek bor-e, deb dumni uloqtirdi.
Javlonbek bo‘rilarning tepasiga kelsa, bittasi yo‘q. Obbo ablag‘-e, bittasini obketibdi-ku, deya ming‘illadi. Shoshganidan itning o‘ligi deb yanglishib obketdimikin?
U qolgan bittasini eshakka o‘ngarib sovhoz idorasi tomon ketdi.
Direktor yo‘q ekan. Bo‘rining o‘ligini bosh buxgalter xonasiga opkirib gursillatib polga tashladi.
— Mana, sovxoz qo‘ylariga qiron solgan ablah. Ko‘rib qo‘yinglar!
Dora Moiseevna degan homilador hisobchi xotin bo‘rini ko‘rdiyu ko‘zlari olayib divanga yonboshi bilan yiqildi. Ikki kishi uni suyab tashqariga obchiqib ketishdi.
— Ha, esi yo‘q, — dedi buxgalter. Shu o‘lgirni ostonaga tashlab kirsang ishonmasmidim. Yo tashqarida qolsa tirilib ketarmidi? Moiseevna bola tashlab qo‘ysa, paq eridan baloga qolarding. Opchiqib ket, bu o‘laksani.
— Qo‘y yozib bermaysizmi? — dedi Javlonbek.
— Qo‘y yo‘q. Echki yozib beraman.
Javlonbek devorga yopishtirib qo‘yilgan e’longa ishora qildi. Unga «Kimda-kim bo‘ri ovlab kelsa bittadan uchtagacha qo‘y mukofot oladi» deb yozilgan edi.
— Bunda echki deyilmagan, qo‘y deyilgan. Men sizdan uchta qo‘y so‘rayotganim yo‘q. Bitta bo‘lsa ham yetadi.
Bosh buxgalter bu zakon biladigan ovchiga bas kelolmasligini bilib to‘ng‘illab ferma mudiriga xat yozib berdi.
— Ol buni. Shu xat bilan bo‘rining o‘ligini fermaga topshir, qo‘y beradi.
Javlonbek bo‘rini ko‘tarmay dumidan sudrab tashqariga olib chiqdi. Bir qozoq kelinchak hali o‘ziga kelmagan Dora Moiseevnaga qaynoq choy ichiryapti.
— Ish, istiq-istiq shay ish. Kazir miqtidayin bo‘lasan, aynalayin.
Dora ko‘zini ochdi. Ochdi-yu, bo‘rini ko‘rib yana hushidan ketdi. U bexush yotardiyu jag‘i qimirlardi. Shu yotishida ham jevachka chaynardi.
Javlonbek: «E, nozik bo‘lmay o‘l, qichiq qilishini qaranglar-a» dedi qo‘l siltab ferma tomon ketarkan.
Javlonbek ferma mudirining hay-haylashiga qaramay bir qora qo‘chqori tanlab, shoxidan sudrab chiqdi.
U rayon markaziga g‘olibona — tantanavor bir qiyofada kirib keldi. U go‘yo yo hayot, yo mamot jangida yovni yakson qilgan qahramon kayfiyatida edi. O’tgan ham, ketgan ham eshakka o‘ngarilgan qora qo‘chqorga qarar, «E, qoyil-e, Javlonbek mergan», deyayotganga o‘xshardi. U o‘zimni bir ko‘rsatib qo‘yay, deb atay Mullaqandning do‘koni oldidan o‘tdi. Bunaqa ishlar menga pisand emas, qancha bo‘ri bo‘lsa menga qo‘yib beringlar, shartta-shartta otib tashlayveraman. Bundan buyon sovxozning qo‘ylari meniki, degandek mag‘rur edi.
— Pozdravlyayu s baranom, aka Javlun, — dedi hayratda qolgan Mullaqand. — E malades. Ibi, bo bu eshok bachchaning dumiga nima bo‘ldi?
— Eshakning qo‘lini halolladim. Rabbim chukchi sunnat qilib qo‘ydi.
— Undoq chikin bo‘lsa bu sabilning dumi qayga?
— Dumi xurjinga, — dedi Javlonbek unga hamohang lahjada.
Eshak bechora ikki enlik qolgan cho‘ltoq dumini odati bo‘yincha likillataverganidan tang‘ib qo‘yilgan dastro‘mol yechilib bir chekkasigina qotib qolgan qonga yopishib turar, shamolda qip-qizil bo‘lib hilpirardi.
Mullaqand qah-qah urib kuldi.
— E, aka Javlun, bu eshokni haydab yuboring. Bu eshok Stalin davridan qolgan eski tuzumning eshoki. Ko‘rmaysizmi, qizil bayrog‘ini orqasiga ko‘tarib kelopti.
Javlonbek shu bilan pachakilashib o‘tiramanmi, deb eshagini yo‘rtib ketdi. Ko‘cha boshidagi dorixonadan Rabbim chukchi jenshen degan dori olib chiqayotgandi.
Rabbim chukchi bu atroflarda qo‘li gul sunnat ustasi edi. O’n mingdan ortiq bola uning qo‘lidan o‘tgan, desak xato bo‘lmas.
U sunnat qilgan go‘daklarning oldi ellikka kirib, nevara-chevaralik bo‘lib ketishdi. Uning dilini bir armon o‘rtardi. Xudo menga ham bir nevara bersayu, yurtga osh berib o‘zim sunnat qilsam, deb tong-saharlarda nola qilardi. Ammo uning iltijolari shamolga uchgandek samara bermasdi.
Narigi qishloqda dong taratgan, zamonasining yetuk sartaroshlaridan usta Po‘lat deguvchi kishi bo‘lardi. (Alloh uni rahmat qilgan bo‘lsin). U ham ana shunday armon bilan olamdan ketgandi. Unga soch oldiramiz, deb uzoq-uzoqlardan birov eshakda, birov tuyada, yana birov otda kelardi. Serfarzand kishilar bolalarini aravaga o‘tqazib olib kelishardi. Shu usta Po‘lat qirq yoshga kirganda qo‘chqordek o‘g‘il ko‘rgandi. Usta bir yil kutdi, ikki yil kutdi, qirq yil kutdi, bolaning boshidan soch tugul tuk ham chiqmadi. Bolamning sochini o‘zim olaman deb niyat qilgan usta Po‘lat niyatiga yetolmay o‘tib ketdi.
Usta Rabbim juda sodda, soddaligi yetmagandek, laqmagina odam edi. Kim nima desa, ishonaverardi.
Keyingi paytlarda Chukotkalilarning soddaligi to‘g‘risida yuzlab latifalar paydo bo‘lgan. Qishlokdagi gap-gashtaklarda o‘sha latifalarni aytib miriqib kulishardi.
Usta Rabbimni chukchi deyishardi. Bu laqab uning soddaligiga mos tushishidan tashqari kasbiga ham bir pshora edi.
Rabbim chukchi, e, xudo, usta Po‘latning kunini boshimga solma, deb iltijo qilardi. Uning iltijolari ijobat bo‘lmasdi. O’zing uchun o‘l yetim. Xudoyi taolo «Sendan harakat, mendan barakat» degan. Xarakatimni qilib qolay, deb odamlarning maslahati bilan nomi dori bo‘lsa, bolasiga ichiraverdi. Mashina moydan tortib ko‘rshapalakning yog‘igacha yalatdi. O’rgimchak to‘ridan hap dori yasatib, yuttirdi. To‘qqiz o‘g‘il ko‘rgan xotinning xonasidan bir xokandoz tuproq opkelib bolasining tamasiga surtdi. Nafi bo‘lmadi. Buxorodagi Olot tuz konida cho‘miltirdi. Andijonning Segaza qumiga oborib, bo‘g‘zigacha ko‘mdi. Tabiblarga ko‘rsatdi. Do‘xtirlarga boqtirdi. Folbinga fol ochtirdi. Domlaga o‘qitdi. Ekstrasenslarga qaratdi. Hatto mol do‘xtiriga ham ko‘rsatdi...
Shu topda u Javlonbekka duch keldiyu Xizrga yo‘liqqandek ko‘zlari yashnab ketdi. Eshakka o‘ngarilgan qora ko‘chqordan ko‘zini uzolmay turib qoldi.
Oh, oh, qora qo‘chqor ekan-ku, — dedi Rabbim chukchi. — Xuddi shunaqasini qidirib yurgan edim. To‘rt chorshanbadan beri ko‘y bozorga qo‘chqor kelmaydi. Jon ukam, shuni menga soting, qancha desangiz beray. O’zingiz bilasiz, yolg‘iz o‘g‘lim nimjon bo‘lib qolgan. Uylantirganimga to‘kqiz yil bo‘ldi, farzand yo‘q. Tabiblar, qora qo‘chqorning nozik joyini chala pishirib yediring, foyda qiladi, deyishyapti. Kelinim, onamnikiga ketaman deb harxasha qilgani-qilgan. Shularning totuv yashab ketishiga sababchi bo‘ling, qo‘chqorni menga soting. O’g‘il tug‘sa otini Javlonbek qo‘yay, xo‘p deng.
Javlonbekning unga rahmi keldi. Ammo boya kelinining to‘qayga qochgani esiga tushib, yo‘q, bo‘lmaydi deb eshagiga xala cho‘p bosdi.
Uyiga kelsa xotini Hafizaxon kir yuvib, sinkaga solingan ko‘ylak-ishtonlarni dorga yoyayotgan ekan.
— Xo‘jaqul degan bir oshnangiz miltig‘ingizni tashlab ketdi... — U «miltig‘ingizni» degandayoq Javlonbek tamom bo‘lgandi. Obbo xudo urdi, bo‘lgan voqeani xotinimga aytib ketgan, deb o‘yladi. — ...To‘rtta o‘rdak bilan besh-oltita baliq berib yuborgan ekansiz, oshxonada yotibdi. O’zingiz tozalab, o‘zingiz pishiring. Ko‘rsam allergiyam tutadi.
Javlonbek xayriyat-e, deb o‘zini o‘nglab oldi. Hech narsa demapti. Nima ham derdi u yaramas. O’zining tili qisiq bo‘lib turipti-ku. Men undan emas, u mendan qo‘rqsin.
— Ov zo‘r bo‘ldi, xotin. Sen yemaysan, deb, yigirmata o‘rdak bilan bir qop baliqni yo‘lda odamlarga tarqatdim.
— Aytgancha, esimdan chiqay debdi, — dedi Hafizaxon. — Javlon akam bilan yersizlar, deb Rabbim chukchining kelini Sumbulxon ikkita issiq jizzali non chiqazibdi. Dasturxonga o‘rab qo‘yganman, yeb oling.
Javlonbek uyga kirdi. Xonani dimoqni qitiqlaydigan issiq jizzali non hidi tutib ketgandi. Javlonbek zo‘r ishtaha bilan dasturxonni ochdi. So‘lqillab turgan nonga qo‘l uzatdi. Zum o‘tmay qo‘lini qaytardi. Negadir sapchib o‘rnidan turdi-yu, orqasiga ikki qadam chekindi. Derazadan xotinini chaqirdi.
— Hafiz, ho, Hafiz!
— Ha, nima gap? — deya ichkariga kirdi Hafizaxon.
— Manavu nonlarni hoziroq egasiga qaytarib ber.
— Voy, nega? Sumbulxon atayin chiqazgan-a.
— E, o‘sha Sumbulxoningni... Opchiqib ber. Men harom qo‘l tekkan taomni yemayman. Mendan senga nasihat, sen ham yema!
U shunday deb ko‘chaga chiqib ketdi. Anchagina yurgandan keyin orqasida ship-ship etgan yengil oyoq tovushini npitgandek bo‘ldi. O’girilib qaradi. Ko‘zlari yoshga to‘lgan Sumbulxon unga ergashib kelayotganini ko‘rdi.
—    Bek aka, — dedi u siniq tovushda. — Qandoq qilay, turmushim turmush emas. Umrim o‘tib ketyapti. Ayni o‘ynab-kuladigan paytimda muzdek yostiqni bag‘rimga bosib yotibman. Ketay desam, qaynotam o‘laman sattor, janobingni bermaymiz, deydi. Erim bo‘lsa unaqa... Ayting, nima qilay?
Javlonbek javob qilmadi. Nariroq borib orqasiga yana o‘girildi. Sumbulxon tut tagida mung‘ayib turardi. Javlonbekning unga rahmi keldi. Orqasiga qaytib uni yupatgisi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgisi keldi.
— Bechora, — dedi u. — Senga ham qiyin.
U to Mullaqandning do‘koniga yetguncha o‘zidan-o‘zi qiyin, qiyin juda qiyin, deb javrab borardi...

II


— Bo‘ldi, bo‘ldi-e! — dedi Hafizaxon ko‘rpani yelkasiga tortib. — Bitta gapni hadeb qaytaraverasizmi? Dadangizning g‘orga kirganlarini bir emas, olti marta aytdingiz. Har gal har xil aytasiz Bo‘ldi-da, ov ham o‘lsin...
— Ha, malol keldimi? Yoqmasa, eshitma, — dedi ranjib Javlonbek.
— Eshitmaganga qo‘yasizmi? Dadangiz g‘orga kim bilan kirgani ham ming xil bo‘lib ketdi. Yolg‘on gapni eplagan gapiradi. Avval yaxshilab o‘ylab, keyin yolg‘on gapiring-da.
— Xo‘sh, nimasi yolg‘on ekan?
— Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar bo‘lmay o‘lsin. Ayt, dedingiz, aytganim bo‘lsin. Birinchi marta aytganingiz-da, dadam bir tatar o‘rtoqlari bilan borganlar, unga «ayda, oxotaga borabiz», deganlar. Keyingi aytganingiz-da, bir tojik o‘rtoqlariga «Rafiqjon, ba shikor raftem» deganlar, undan keyingisida bir turkman o‘rtoqlariga «ova gittik, senda borjaq», deganlar, undan keyingisida o‘ris o‘rtoqlariga «na oxotu, poydem», deganlar, undan keyingisida gruzin o‘rtoqlariga, «genotsivala, genotsivala» deganlar, ana endi qirg‘iz o‘rtoqlari bilan borganlar, deyapsiz. Qaysi biri to‘g‘ri?
Javlonbek xotinidan bunaqa gap kutmagan edi. Chakkasini qashlab, iljaydi.
— Obbo, xotin-e, hammasini kallangga joylab yurgan ekansan-da! Dadam rahmatli aytgan gaplari judayam esimda turavermaydi. O’rtoqlarini adashtirib yuborgan bo‘lsam bordir. Bilasan-ku, skelerozman. Ba’zida sening oting ham esimdan chiqib qoladi.
Javlonbek zo‘r bahona topganidan mamnun iljaydi.
— Skelerozmisiz? Xotirangiz bo‘shashib ketibdimi? Unday bo‘lsa, esingizdan chiqmay turib, kechagi olgan ikki ming so‘mni cho‘zib qo‘ying.
— Qachon sendan pul olibman? Unaqa tuhmat qilma, xotin.
— Kecha soat ikkidan o‘n besh minut o‘tganda, tushlik qilib o‘tirganimizda olgandingiz-ku.
— Esing joyidami? Kecha soat ikkida akang bilan taxta iskalatida edik. Tushlik bo‘lib qolib o‘sha yerdagi istalovoyda lag‘mon yedik. Lag‘mon yaxshi ekan, akang bir porsi olib mashinada kennoyingga obordi. Men kosaga garov bo‘lib istalovoyda qimirlamay o‘tirdim. Ishonmasang, kennoyingdan so‘ra, akangdan so‘ra. Istalovoy bosh oshpazidan so‘ra! Garov bo‘lib o‘tirganimda radioda Nasim Hoshim ashula aytayotgan edi. Ikki marta momaqaldiroq bo‘lib chaqmoq chaqdi. Radio bo‘mba portlagandek varanglab ketdi. Ikkidan kirq yetti minut o‘tganda lag‘monxona to‘g‘risidagi do‘konga bir mashina araq tushdi. Hamma yopirildi. Do‘konchi, bugun sotilmaydi, deb odamlarni tarqatib yubordi. Beshta kam ikkida akang kosani olib kelib, meni garovlikdan qutqardi...
Hafizaxon qah-qah urib kuldi.
— E, omon bo‘ling, skeleroz odam shunaqa bo‘ladimi? Bo‘lgan ishni minut-minutigacha bilasiz. Dadangiz rahmatli ham xuddi o‘zingizga o‘xshagan ekanlar. Yolg‘onni qiyib qo‘yarkanlar. Qaynonam rahmatli, qaynotangizning gaplariga ko‘pam ishonavermang, yolg‘onni guvala qilib dumalatib ko‘yadilar, deb aytgan edilar. Nega yolg‘on gapirasiz, deb so‘raganlarida, majburman, yolg‘on gapirmasam, ovchilar soyuzidan o‘chirishadi, degan ekanlar.
— Shunaqa deysan-ku, xotin, dadam zo‘r ovchi bo‘lganlar, agar rahmatli Hindistonda yashaganlarida, kuniga o‘ldim deganda to‘rtta sher, ikkita fil otishlari hech gap emasdi. Tochniy urardilar. Bir gruzin mayor voenkomatimizga boshliq bo‘lgandi. O’zing bilasan, gruzinlar kiyik shoxida vino ichishadi. Dadamga, agar kiyik otib shoxini keltirib bersang, senga «uchastnik voyni», deb isparapka yozib beraman, degan. Dadam qo‘shtig‘ni yelkaga ilib toqqa ravona bo‘ladilar. Qarasalar, bir kiyik baland toshda ikkita bolasi bilan pastga qarab turganmish. Dadam agar otsam, ikki norasta bolasining uvoliga qolaman, debdilar-u, miltiqdan sochma o‘qni olib, o‘rniga prostoy o‘q joylabdilar. Mo‘ljallab turib tepkini bosgan ekanlar, ba farmoni xudo, o‘q kiyikning kallasidan bir millimetr yuqoriga tegib, shoxini cho‘rt uchirib yuboribdi. Kiyik nima gapligini bilolmay yengil bo‘lib qolgan boshini likillatib ko‘rarmish. Kiyik shoxlari toshdan-toshga urilib shundoqqina dadamning oyoqlari oldiga tushibdi. Voenkom nomardlik qilib isparapka bermabdi, «kamarjoba, kamarjoba», deb qo‘ya qopti.
— Xo‘sh, dadangiz yana nima qiptilar? — dedi Hafizaxon atayin, uni kalaka qilib.
— E, ko‘p antiqa ovlar qilganlar. Qaysi birini aytay? Shu desang, dadamni Stalin ham nihoyatda hurmat qilgan. Usmon Yusupov har Moskvaga borganda Stalin undan, ovchi oshnam Tolib Yo‘ldoshevich yaxshi yuribdimi, o‘g‘li Javlonbek ham katta yigit bo‘lib qolgandir, mendan salom aytib qo‘y, deb tayinlar ekan.
— Myunxauzen salom aytmaganmi? — dedi Hafizaxon o‘zini go‘llikka solib.
— Salom aytgan. Albatta salom aytgan bo‘lishi kerak. Aytgancha, u kim o‘zi?
— Dadangizning qadrdon hamkasb oshnalari, — dedi Hafizaxon laqillatayotganini sezdirmay jiddiylik bilan.
— Endi esimga tushdi. Telegramma kelgan, oltmishga kirganlarida.
Hafizaxon piqirlab kulib yubordi.
— Nega kulasan?
— Chap qulog‘ingiz o‘ngiga qaraganda anchagina kichik ekan.
— Endi bildingmi? — dedi Javlonbek to‘ng‘illab.
— Hech e’tibor bermagan ekanman.
—    Nima deyayotgan edim, — dedi Javlonbek kalavaning uchini yo‘qotib.
— Stalin salom aytgan, deyayotgan edingiz, — deb gapni yurishtirdi Hafizaxon.
— Shu desang, xotin, politbyuro a’zolaridan Toshkentga kimki kelsa Chimyongami, Ohangarongami ovga olib chiqishardi. Bironta ov dadamsiz o‘tmasdi. Xrushchev Toshkentga kelganda dadam uni Mirzacho‘lga, tulki oviga olib borgan. Xrushchev yo‘lda: «Tulkini qopqonda ovlash kerak, otsa, terisi teshilib sifati buziladi, afsus qopqoning yo‘q ekan», deydi. Shunda dadamiz xotirjam bo‘l Nikita, terisini buzmay o‘q uzish qanaqa bo‘lishini senga ko‘rsataman, deydilar.
Ular Krupskaya kolxoziga kelishganda tepalikdagi tuynukdan nihoyatda chiroyli bir tulki chiqib atrofni kuzata boshlaydi. Xavf-xatar yo‘qligini bilgandan keyin tosh ustiga yotib o‘zini oftobda toblaydi. Xrushchev ot, otmaysanmi, deb qistalang qiladi. Dadam uni jerkib tashlaydilar. «Jim turasanmi — yo‘qmi? Nikita, sabr qilsang-chi, buncha besabrsan, o‘q teshmagan sifatli teri kerak bo‘lsa, picha kutib turgin-da», — deydilar.
Tulki o‘rnidan turib kerishadi.
Tillo rang mo‘ynasi oftobda yalt-yalt qilib ko‘zni oladi. Keyin u dumini goh ko‘tarib, goh tushirib raqqosalarga o‘xshab aylanib-aylanib o‘ynay boshlaydi. Dadam mo‘ljalga olib turib, tulki dumini ko‘targanda tepkini bosadilar...
Dadam tuynuk oldida yotgan tulkini gijgagidan ko‘tarib u yoq-bu yog‘iga ham qaramay Xrushchevga uzatadilar.
— Mana, terisining biron joyini o‘q yalagan bo‘lsa, meni do‘stlaring ro‘yxatidan o‘chirib qo‘yaver.
Darhaqiqat, teri butun edi. Xrushchev dadamni bag‘riga bosib «Slushay, ti geroy», deydi.
Dadam rahmatli ana geroy bo‘laman, mana geroy bo‘laman, deb ikki yil radioning yonidan ketmadilar. Xrushchev ishdan tushgandan keyin hafsalalari pir bo‘lib, geroylikdan umid uzdilar. Yana ovchilikka sho‘ng‘ib ketdilar. Bir kuni Mullaqandning dadasi bilan ovga chiqib...
— ... Javlonbekning dami ichiga tushib ketdi.
— Nimagayam shu gapni aytdim. Aytay desam, Mullaqandning dadasidan boshqa odam qurib ketganmidi-ya! E, kallam qursin».
— Abram tog‘ani aytyapsizmi? — dedi Hafizaxon hayron bo‘lib, — U kishi ham ovchimidilar? Axir, tovuqni ham birovga so‘ydiradigan odam qandoq ov qiladi?
«Qo‘lga tushdim», deb yana o‘yladi Javlonbek. Bu xotinni aldash qiyin. Shoshma, xotin, sen shoxida yursang, men bargida yuraman. Bitta xotinni aldayolmagan erkak, erkakmi?
— Shu desang, xotin, dadamiz juda shum bo‘lganlar-da! Bir cho‘pon do‘stimnikiga ovchilar bilan to‘yga boramiz, ashula aytib, besh-to‘rt so‘m ishlab olasan, cho‘ponlar artistlarga ko‘p qistirishadi, deb aldab, ovga olib borishgan ekan... Endi bo‘ldi, uxlaylik. Vaqt ham alla-palla bo‘lib qoldi. Ertaga ishlarim ko‘p.
— Yo‘q, bugun uxlamaysiz. Qayoqdagi gaplar bilan uyqumni qochirib, endi o‘zingiz uxlamoqchimisiz? — dedi Hafizaxon zarda bilan.
— Gapimga ishonmasang, nimani aytay?
— Nima bo‘lsa aytavering. Rost bo‘lsa eshitaveraman.
— Bo‘pti, agar ov to‘g‘risida bo‘lsa kechayu kunduz suv ichmay gapiraverganim bo‘lsin.
Javlonbek bir muddat o‘ylanib, gap boshladi.
— Bundan bir hafta oldinmidiykin, telestudiya oldidagi fontan orqasidan o‘tayotsam, oyog‘im tagidan yuztacha bedana pirr etib ko‘tarilsa bo‘ladimi?
— Bo‘lmaydi, — dedi Hafizaxon. — U yerda shuncha bedana nima qiladi?
— Elliktacha desam ishonasanmi?
— Yo‘q, ishonmayman. Buyog‘i metroning «Paxtakor» stantsiyasi, buyog‘i panorama kinosi, sal narida politexnika instituti, odam demaganing qaynab turibdi. Bedanaga balo bormi?
— O’nta desam, ishonasanmi? Beshta desam-chi? Ishonmaysanmi? Rostini aytsam, bitta bedana parillab uchdi.
— E, qanaqa odamsiz, telestudiya oldidagi yuzlab mashinalardan tomgan benzin hidi tutib ketgan joyda bedana nima qiladi?
— Ochig‘ini aytaymi, aytmaymi? Aytsam, oyog‘im tagidan bir nima parr etib uchgandek bo‘lgandi.
— Musicha bo‘lsa kerak, — dedi Hafizaxon. — Musicha juda befahm qush bo‘ladi. Tramvayning iziga ham in qurib, tuxum bosib, jo‘ja ochaveradi. Tramvay aylanib o‘tadi, deb o‘ylaydimi?
— Xotin, bo‘ldi qil, uxlayman.
— Yo‘q, uxlamaysiz. Agar aytadigan gapingiz tamom bo‘lgan bo‘lsa, endi men aytaman.
— Nimani aytasan?
— Eshitganingizda bilasiz! Menga qarang. Onangiz rahmatli, qaynotangiz og‘izlarida ovchilar, aslini olganda ovchilarning miltig‘ini ko‘tarib yuradigan, ov qilgan joyda gulxan yoqib bitta-yarimta o‘rdaknimi, qashqaldoqnimi pishirib beradigan dastyor edilar, deb aytardilar. Siz ham xuddi dadangizlarga o‘xshagan ovchisiz. Nima ko‘p, muxbir oshnangiz ko‘p. Nima ko‘p, yozuvchi o‘rtog‘ingiz ko‘p. Bitta chumchuq otsangiz, uch marta gazetada chiqarishadi.
— Hoy, og‘zingga qarab gapir! Sen bilan ertaga gaplashaman.
— Yo‘q, hozir gaplashasiz. Anavi burni katta yozuvchi oshnangiz nima deb yozdi. Bir kunda ikkita bo‘ri bilan it otdi, deb yozdi-ya? Bunga qaysi ahmoq ishonadi? U ham mayli-ya, buxorolik yozuvchi do‘stingiz, bo‘rining tirnog‘i unga davo, bunga davo, deb yozdi. Kim hozir bunaqa irim-sirimlarga ishonadi? Beshariqlik yozuvchi qadrdoningiz Javlonbek eshakka doyalik qildi, deb yozib chiqdi. Ishxonadagi dugonalarim oldida sharmandayi sharmisor bo‘ldim. Xo‘tikchagina sog‘lom o‘sayaptilarmi, deb so‘rashadi. O’lmay o‘lgir. Ledi-ku yuzimizni yerga qaratib ketdi. Uni to‘y kuni qurbon bo‘lgan kelinchak, deb ermak qilishadi. E, medaliyam qursin, diplomiyam ordona qolsin!
Javlonbekning dami ichiga tushib ketdi. Ko‘rpaga burkanib oldi. U qancha uxlaganini bilmaydi. Ko‘zini ochsa, tong otib, boshiga oftob kelib qopti. Xotini ko‘zi yumuq, mudragancha hali ham gapirardi.
— O’g‘lingiz ham o‘zlaringga o‘xshagan chiqdi. Jug‘rofiya o‘qituvchisi arz qilib keldi. U bolalarga, dadam bilan ikkovimiz Sirdaryodan hatlab o‘tganmiz, deb maqtanibdi.
— Yana nima depti? — dedi Javlonbek oftobdan ko‘zi qamashib.
— Hayvonot bog‘idagi bitta fil bilan ikkita sherni dadam ikkovimiz tutib kelganmiz, depti.
— Voh, ahmog‘-e, juda oshirvoribdi-ku. Bitta sher demaysanmi, durak. Yovvoyi fil-ku mayli, tutish oson. Ammo sher...
Hafizaxon, boring-e deb yuzini burdi.
Javlonbek karasa, hali-beri xotinining jag‘i tinadigan emas. Apil-tapil kiyinib, ko‘chaga chiqib ketdi. Orqasidan xotini javragancha qoldi.
Mullaqand allaqachon do‘konini ochib bo‘lgan ekan. Uni ko‘rib har galgidek so‘radi.
— Sutro kujo rafte ako Javlun?
— Gapni ko‘y, choy-poying bormi?
— Ayni moment, ako. Hozir qaynoq choy taxlayman. Dunyoga nima gap?
— Nima gapligini sendan so‘raymiz. Aytgancha, jiyaning eri bilan Amerikaga ketib qolibdimi? Eri cho‘rt snim. Ammo-lekin o‘zi zo‘r qo‘shiqchi bo‘lgandi. Og‘izga tushib, radiolarni obod qilayotgandi. Xalq artisti bo‘lgandi-ya? Nima jin urdi uni?
— E, siz so‘ramang, men aytmay, aka Javlun. Aytsam, zabonim kuyadi. Menga kasaysasi bo‘lmasa ham aytay. Buxorodan chiqqan bulbul endi Amerikaga sayraydi, ay, jalka.
— Ishqilib, o‘zing Isroyilga ketib qolmaysanmi? — dedi Javlonbek uning jig‘iga tegish uchun.
— Ketadiganlar ketaversin. Men ketmayman. Shu yerga tug‘ildim, shu yerda o‘laman. O’zbekning liposhkasini men yegan, qarzimni uzay.
Shu payt osmoni falakdan yovvoyi o‘rdaklarning g‘aq-g‘aq tovushlari eshitildi.
Javlonbek to‘dasidan ajralgan majruh o‘rdakdek ko‘kka ma’yus qarab turardi. Mullaqandning gapi xayolni bo‘ldi.
— Sizdi gazitga yoziptimi? Tamojniyning itini otkan, deptimi-e, melisani tulki o‘g‘risi qilgan, deptimi-e, mocha eshakka akusher bo‘lgan deptimi-e... Ishqilib, odamlar og‘zi to‘la gap. Sizga maslahat, advokat oling. Aytgancha, Ro‘zimat mergan itiga tilla tish qo‘ydirgan emish... Eshitdingizmi?
Bir paytlar Toshkentning ikkita mashhur joyi bo‘lardi. Biri Chorsu bilan Xadra oralig‘idagi Asqar polvonning samovari bo‘lsa, ikkinchisi Kallaxona mahallasiga kiraverishdagi Tog‘a chegachining do‘koni edi.
Asqar polvonning samovariga otarchi-artistlar to‘planishib, to‘y-ma’raka qiladiganlar bilan shu yerda shartnoma tuzishardi. Tog‘aning do‘koni esa buyog‘i Farg‘ona-Andijonu, u yog‘i Chimkent, yana buyog‘i Xo‘jand askiyachilarining diydor ko‘rishadigan ko‘p fayzli joyi edi.
Bugungi kunga kelib shahrimizning eng gavjum joylaridan biri Mullaqandning do‘koni bo‘lib qoldi. Mullaqand o‘n-o‘n beshta yig‘ma kursi yasab do‘konning ichkarisiga taxlab ko‘ygan. Ayniqsa juma kunlari Toshkentdek shahri azimda qanchayiki ovchi bo‘lsa, erta azondan shu yerga to‘planadi. Mullaqandning elektr plitasi bir dam bo‘lsin o‘chmaydi. Tepasidagi tunuka choynak vaqirlab qaynagani-qaynagan.
Ovchilar juma kuni to‘planishlari bejiz emasdi. Musulmonchilikda juma kuni to peshin namozigacha ov qilish bexosiyat hisoblanadi. Yelkasida miltiqlilar, qarmoq ko‘targanlar, matrab sudraganlarning bari Mullaqandning do‘konida dunyo yangiliklaridan gaplashib, juma namozining tugashini kutishadi. Qaysi jonivor «Qizil kitob»ga kirdi, qaysi biri chiqdi, qaysi jonivorni otishga ruxsat bo‘ldi, qaysi biri ta’qiqlandi, shu srda bilinardi.
Gapning ochig‘ini aytsam, ovchidek ahil xalqni umrimda ko‘rmaganman. Ov mavsumida tobi qochib qolgan merganlarga ovga borganlari nasiba olib kelishni shart qilib qo‘yilgan. O’rdakmi, qirg‘ovulmi, to‘rttagina bedanami, baliqmi, ishqilib, bir ulush olib kelib yo‘qlab qo‘yish shart. Bu qoidani buzganlar «ovjo‘ra»likdan chiqariladi.
Bugun salkam bir oydirki, Mullaqandning do‘koni huvillab qolgan. Har juma do‘konga fayz kiritadigan ovchilardan darak yo‘q.
Oralaridan qil o‘tmaydigan ovchilar o‘rtasidan qora mushuk o‘tdi. Bir-biriga raqib, bir-biriga yov. Biri ov qilgan joyga boshqasi bormaydi. Biri mo‘ljalga olgan quyonni boshqasi hurkitadi. Oralarida qandaydir ko‘zga ko‘rinmaydigan taranglik anchadan beri bor edi. Bu taranglik tortilib-tortilib po‘lat zanjirni ham uzish darajasiga yetdi. Oxiri bu zanjir Javlon ovchining yubileyi kuni uzildi. Ota-bobolaridan boshlangan ahillik bir kundayoq barbod bo‘ldi. Zanjirning bir tomoni Ovchilar uyushmasi bo‘lib, Mullaqandning do‘konida qoldi, bir uchi merganlar ittifoqi bo‘lib o‘ziga makon qidirib ketdi. Ularni birlashtirish uchun kimlar o‘rtaga tushmadi deysiz? Tog‘dan ovchilar tushib murosayi-madoraga keltirmoqchi bo‘lishdi. Cho‘ldan merganlar kelib «bxay-bxay» bo‘linglar deyishdi. Bo‘lmadi. Faqat o‘zini o‘ylaydiganlar uyushmasiga qo‘shilmaymiz, deb bular aytdi. Janjalkashlar ittifoqiga o‘lsak ham qo‘shilmaymiz, deb ular aytdi.
Xullas, ovdan g‘ov chiqib Hasan-Husanlar «pom» bo‘lib ketishdi.
Toshkentda To‘xli mergan degan bir tabarruk otaxon bo‘lardilar. Uylarida ikki burgutlari, bittadan miqqiy lochinlari bo‘lardi. Hovlilari ko‘chaga tushib, «dom»dan uy berishganda turolmay, Ohangaronda yashaydigan o‘g‘illarnikiga ko‘chib ketgan edilar. Yoshlari to‘qsondan oshib ovga yaramay qolgan, faqat xonaki burgutlari bilan gaplashib, tog‘u toshlarda o‘tgan shamoldek yugurik yillarini eslab o‘tirardilar.
Otaxon Toshkent ovchilari o‘rtasiga ola aralashibdi, deb «Jiguli»ning orqa o‘rindig‘ida ikki burgutni ikki yonlariga olib, shu bahonada juma namozini Xasti Imomda o‘qiyman, deb Toshkent qaydasan, degancha yo‘lga tushibdilar.
Bu xabar ham odatdagidek birinchi bo‘lib Mullaqandning qulog‘iga yetdi. Shuning uchun ham bugun hammadan oldin turib, do‘kon atrofini yog‘ tushsa yalagudek qilib tozalab qo‘ydi.
Javlonbekning bu gaplardan xabari yo‘q edi. Xotirjam o‘tirib Mullaqand damlab bergan choyni xo‘rillatib ichardi.
— Eshitdingizmi, mulla Javlun, pir kelayotganmishlar.
— Yo‘g‘-e, — dedi Javlonbek hayron bo‘lib. — Tinchlikmi? Qari odam yo‘lda urinib qolmasmikinlar?
— Sizlarning noahilliklaringiz shundoq otaxonni ham bespokoysa qilopti. Nimani talashasizlar? Ota-bobolaringdan qolgan xazinani talashyapsizlarmi?
Javlonbek o‘ylanib qoldi. Ko‘ngli bir narsani sezgandek bo‘ldi. Otaxon bo‘ladiganini bo‘ladi, bo‘lmaydiganini bo‘lmaydi, deb cho‘rt kesib ketadilar. U kishiga gap qaytarib bo‘lmaydi.
— Mahmud mo‘ylovga aytaymi, palov taxlasin, — dedi Mullaqand.
— U kishiga osh botmaydi. Hazmi osonroq ovqat qilish kerak.
— E, omon bo‘ling, aka Javlun. O’zingiz musulmon bo‘lsangiz ham, taomilni bilmaysiz. Axir ro‘za-ku! Iftorga u-bu taxlab qo‘yish kerak.
Javlonbek hijolat ko‘zini qayoqqa yashirishni bilmay qoldi.
Bu xabar merganlar ittifoqiga ham yetgandi. To‘rt-besh mergan to‘planib, pir nima desalar, shu bo‘ladi, degan qarorga kelib qo‘yishgan edi.
Mullaqandga, ikki tomondan o‘n besh kishidan Mahmud mo‘ylovning oshxonasiga to‘planishsin, otaxon shu yerga keladilar, deb bitilgan xat keldi.
Oshxonada o‘n beshtasi u tomonga, o‘n beshtasi bu tomonga qarab, bir-biriga orqa o‘girib, otaxonni kutardi.
«Jiguli» keldi. Unda ikki burgutni ikki yonlariga olib otaxon o‘tirardilar. U kishi mashinadan tushmadilar. Bir-biriga teskari o‘tirgan shogirdlariga derazadan qarab bitta gap aytdilar.
— Ahmoqlar!
Hech kimdan sado chiqmadi.
— Bilib qo‘yinglar, duoiband qilsam, u dunyo-bu dunyo ovlaring o‘ng kelmaydi. Qani, o‘rnilaringdan turlaring!
Mo‘ylovli, mo‘ylovsiz, pakana, novcha ovchilar gurr etib o‘rnilaridan turdilar.
— Bundan buyon sen ovchi, men mergan, degan gap yo‘q. Ikkoving ham birsan. Tamom, Allohu akbar!
Otaxon boshqa gap aytmadilar. Shofyor bolaga, hayda dedilar-u, jo‘nab ketdilar...
O’rta Osiyo va Qozog‘istonda, yangicha qilib aytganda, Markaziy Osiyoda otaxonning bir gapini ikki qiladigan mard topilarmikan?
Javlonbek ikki kun o‘tib aptekadan xotiniga paxta olishga chiqqan edi. Mullaqandning do‘konida boshqa odam o‘tirganini ko‘rdi. Undan Mullaqand qani, deb so‘ragan edi, do‘stingiz Izroilga juftakni rostladilar, deb javob qildi.
Javlonbek, voy liposhka teshib chiqqur-e, deb kulib qo‘ydi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.