OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Bosh og’rig’i (hajviya)

Iskandarov boshqarmadan eshitadiganini eshitdi. Olib kelgan hujjatida yana xato. Ikki yuz o‘ttiz ming o‘rniga ikki yuz o‘ttiz yozilibdi, Hujjatga qo‘l qo‘yayotganda yaxshi qaramagan ekan. Mana, boshqarma plan bo‘limida uni rosa qizartirishdi.
Hozir Iskandarov mashinada o‘zidan o‘zi ming‘illab sekretar qizning go‘riga gisht qalab kelyapti. Undoq qilaman, bundoq qilaman, bunaqa sekretarning boridan yo‘g‘i. Bo‘shataman...
U tajang bir qiyofada idoraga kirdi. Mashinka shiqillatib o‘tirgan sekretar qizning betiga ham qaramay, kiring, deb o‘tib ketdi.
O’zini kresloga tashlab, stolni chertib, asabini bosmoqchi bo‘lib turganda lablari qip-qizil, beli supurgining boylangan joyidek ingichka, ikki qulog‘iga oftobni uzib olib qo‘ygandek yaltiroq zirak taqqan, jo‘xori popugidek mayin sochli bir qiz kirdi. U sekretar edi. Iskandarov unga xo‘mrayib qaradi. Sekretar qiz ko‘zlarini suzib, bir-ikki marta kiprik qoqdi. Tavba. Iskandarovning shu paytgacha razm solmagaiini qarang-a, kiprik ham shunaqa uzun bo‘ladimi? Har kiprik qoqqanda ikki yuzini berkitib qo‘yadi-ya.
Iskandarov bir necha daqiqa unga mahliyo bo‘lib turdi-da, o‘zini bosib oldi. Boyagi jahli yana taniga qaytib keldi. Endi qizning betiga emas, polga qarab gapirishga chog‘landi. Nima balo bo‘ldi-yu, ko‘zi chalg‘ib sekretar qizning ignadek poshnasiga, undan keyyn ilon po‘stiga o‘xshash noskisiga ko‘zi tushdi. Yana jahli o‘lgur allaqayoqqa qochib ketib, yuziga bilinar-bilinmas tabassum yugura boshladi, Iskandarov bir seskanib, yana hushini yigib oldi. Endi u deraza tarafga qarab gapga chog‘landi.
Deraza oynasidan yana qizning chehrasi namoyon bo‘ldi. Beixtiyor dilidan «beli, yelkalari deraza oynasidan shundoq ko‘rinsa, to‘g‘ri qaraganda qandoq bo‘ldi ekan» degan fikr o‘tdi.
Ochiq derazadan kirgan mayin shamol qizning prichyoskaga so‘z bermagan ikki tola sochini bo‘yniga, tomog‘ining tagiga, yarim dekolte ko‘kragiga tekkizib o‘ynardi.
Iskandarov bir necha minut tabiatning bu mo‘‘jizasiga lol qarab qoldi. Gapiray desa, tildan qolganga o‘xshaydi, xo‘mrayib qaray desa, yuzidagi tabassumni yig‘ishtirib bo‘lmaydi.
Erkak odam ancha irodali bo‘ladi. Iskandarov ham bor kuchini yig‘ib, o‘rnidan turdi. Zarda qilib, burchakka bordi-da, ikki qo‘lini orqasiga qilib o‘girilib oldi.
U shu turishicha qancha turganini aniq bilmaydi. Qiz yo‘taldi. Bay bay uning ovozi. Bu ovoz uni yana seskantirdi. Nazarida qiz sekin kelib ikki ko‘zini berkitib oladigan, oynami, taroq deydiganga o‘xshab shoshib o‘girilib oldi.
Shu alfozda yarim soatdan ortiq Iskandarov goh seskanib, goh qaltirab, goh g‘azabu, goh tabassum bilan mushuk-sichqon bo‘ldi.
Oxiri sekretar qiz boshliqni yengganiga ishonch hosil qildi.
–  Iskandarov aka, nimaga chaqirgan edingiz? –  dedi.
Iskandarov nima deyishini bilmay, ozroq chaynaldi:
– Kecha boshim og‘riyapti degan edingiz, qalay, endi durustmisiz?
– Haliyam jindek og‘rib turibdi, Iskandarov aka.
Birdan Iskandarovning mehribonchiligi tutib ketdi.
– Siz g‘alati odam ekansiz-ku, sog‘liqni ehtiyot qilish kerak. Bunaqada dardga chalinib qolasiz. Boring, uyga borib dam oling. Bosh og‘rig‘ingiz bosilmasa, bir-ikki kun ishga chiqmasangiz ham mayli. Sog‘liq kerak, sog‘liq.
Qiz minnatdorchilik bildirib chiqib ketdi.
Ertasiga Iskandarov ogohlantirish oldi. Sekretar qiz otchyotni ko‘chirganda, «boshqarma» o‘rniga «moshqarma» deb yozibdi.
Iskandarov yana g‘azabga keldi.
Bunaqa g‘azablarning ko‘pini ko‘rganmiz...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.