OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Cho'l burguti (hikoya)

I


Cho‘l burgutini izlab Oltiariqdan Yozyovonga otda jo‘nadim. Hali quyosh botmagan, uning kechki qizg‘ish nurlari barglari sarg‘aygan o‘riklarni, terak uchlarini lovillab yondirayotgandek. Osmon ko‘m-ko‘m, ufqda xuddi atayin bo‘yab qo‘ygandek, qip-qizil bulut parchasi sudralib yuribdi.
Kanal ko‘prigidan oshib, cho‘l tomonga jilovni burdim. Ot negadir tixirlik qilib, yurmay turib oldi. Jonivor bir-ikki qamchidan keyin ham oldinga jilish o‘rniga orqasiga tisarilib, taysallardi. Jahl ustida qamchi bosmoqchi bo‘lib qo‘l ko‘targan ham edimki, kimdir qichqirdi:
— O‘g‘lim, jonivorni sug‘oring. Ko‘rmayapsizmi, suvga intilyapti.
O‘girilib qaradim. Suv labida belbog‘iga yuz-ko‘zini artayotgan oltmish yoshlardagi qariyaga ko‘zim tushdi. U shundoq yuvosh otni besabab qamchilaganimga achingandek, ildam yurib kelib jilovdan oldi. Pastga tushdim. U ot jilovidan ushlab, qirg‘oqqa yetakladi. Ot oldingi oyoqlarini loyga botirib, tumshug‘ini suvga tiqdi. U har zamon-har zamonda bosh ko‘tarib, menga qarab qo‘yadi-da, yana suvga intiladi. Uning bu harakati chanqaganimni bilmading-a, deb ta’na qilayotgandek tuyuldi. Jahl ustida qamchi bosganimda eti dirillab ketganini eslab, ko‘nglim ranjidi.
— Yo‘l bo‘lsin, safaringiz qay tomonga? — dedi chol otni qaytarib chiqqach.
— «Paxtakor»ning «G‘alaba» uchastkasiga.
— Undoq bo‘lsa, yo‘lni o‘ng tomonga soling.
Cholga minnatdorchilik bildirib, yo‘lga tushdim. Atrof biy dala. Quyosh botib, poyonsiz cho‘l birdan huvillab qoldi. Ufqdagi boyagi qizil bulut asta kengayib, birpasda butun osmonni egallab oldi-da, taqir cho‘lni qizg‘imtir xira parda orasiga o‘rab qo‘ygandek bo‘ldi. Kimsasiz cho‘lda Cho‘l burguti bilan uchrashuv haqida o‘ylab ketmoqdaman. Nazarimda, Cho‘l burguti deb atalgan kishi yuzlarini shamollar qoraytirgan, yaqinida turgan odamga ham xuddi olisdan qarayotgandek ko‘zlarini qisib, bo‘ynini bir tomonga egib boqadigan, birov bilan ko‘rishgani qo‘l uzatganda shamolga qarshi uchishga hozirlanib, qanotini yozib, oldinga intilib turgan burgutga o‘xshash bahaybat bir kishi bo‘lib ko‘rinardi. Mening bu fikrimni tasdiqlayotgandek, ot boshini silkitib qo‘yadi.
Kissamdan papiros olib, harchand gugurt chaqaman desam ham, eplay olmadim. Ot dupurini eshitib, jilovni tortdim. Yuz qadamlar chamasi orqada otliq kelardi.
— Gugurtni hovuchingizning orasiga olib chaqing, yigit. Cho‘l shamoli o‘jar bo‘ladi.
Cholni tanidim. U boyagi yo‘l ko‘rsatgan kishi. Otlarimiz baravarlashganda, jilovni bo‘sh qo‘yib yubordim.
— Xizmat, o‘g‘lim? Sizni Yozyovonga qaysi shamol uchirdi?
— Cho‘l burgutini ko‘rgani kelyapman.
— Ha! Ko‘rsa arziydigan yigit. Burgut deganicha bor.
— Taniysizmi uni?
— Bu atrofda uni tanimaydigan odam yo‘q. Bu cho‘llarda u yonboshlamagan tepa, otining tuyog‘i tegmagan soy qolmagan. Olov bola. Cho‘lda ot choptirib kelayotganini ko‘rsangiz to‘nining ikki bari shamolda hilpirab, xuddi burgut qanot qoqib uchib kelayotgandek. G‘ayratini aytmaysizmi, qoni tomiridan toshib chiqib ketayotgandek. Nimaga qo‘l ursa, gullatadi. Qo‘li gul deb shuni aytsa bo‘ladi. Kanalning berigi tomonidagi yerlarga ko‘zingiz tushdimi? Ha, balli. Burgut obod qilgan. Hozir o‘sha yerga klub qurilyapti. Juda gashtli yer bo‘lgan-da. Burgutning yigitlari shu atrofdan ellik gektar yer ochib, mevazor qilishdi. Uch yil bo‘ldi. Ha, uch yil bo‘ldi, cho‘lning qoq o‘rtasidan yer ochgani bola-chaqasi bilan chiqib ketganiga.
— Burgut asli shu yerlik yigitmi, yo ko‘chirmami? Chol ancha vaqtgacha jim qoldi. Tuyoq tovushiga quloq solib bir muddat yo‘l yurganimizdan keyin savolimga javob qaytardi.
— Burgut shu yerning bolasi. Yoshligida ham o‘t-olov edi. Frontga ketmasidan oldin qishlokdagi Oynisa degan bir qiz bilan don olishib yurgan edi. Ikkovi ahdu paymon qilishib, gapni bir joyga qo‘yishgan yili urush boshlanib, Burgut frontga ketdi. Shu ketgancha undan xat-xabar bo‘lmay qo‘ydi. Qiz kutib-kutib, oxiri o‘zimizning qishloqlik Nu’monjon degan bolaga tegdi. Oradan sal o‘tmay urush tugab, Burgut qaytib keldi. Qarasa, qiz erga tekkan. U chamadonini samovarda qoldirib, to‘ppa-to‘g‘ri Nu’monjonning uyiga bostirib bordi. Er-xotin hovlidagi so‘rida choy ichib o‘tirishgan ekan. Burgut, he yo‘q, be yo‘q, qizning qo‘lidan ushlab ko‘chaga yetaklab qolsa bo‘ladimi, ko‘chaga yig‘ildi odam, yig‘ildi odam! Qariyalar nasihat qilishdi, qani endi unga gap uqtirib bo‘lsa, yo‘q. O‘jarligi tutib, tavba, ikki yarim oylik kelinchakni o‘z uyiga yetaklab ketsa bo‘ladimi! Shu, desangiz, qiz ham jon deb turgan ekan, oldiga tushib, pildirab ketaverdi. Bir haftagacha Nu’monjon Burgutning uyi atrofida o‘ralashib yurdi. Eplolmadi. Rayonga borib, u yoq-bu yoqqa arz qilmoqchi bo‘ldi, bo‘lmadi. Zo‘rlikni qarang-a! Qishloqchilik emasmi, Nu’monjon soddalik qilib, kelin bilan hali ZAGSdan o‘tmagan ekan. Uning gapiga hech kim quloq solmadi. Tavba!
O‘sha kezlari Burgut bosar-tusarini bilmay, medallarini jaranglatib, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olib yurdi. Yo‘q, sal fursatda insofga kelib, ishga sho‘ng‘ib ketdi. Ammo lekin, dimog‘ baland. Birov buyurgan ishni qilmaydilar. Brigadirni pisand qilmay, bir chekkada o‘ziga yer ajratib olib, ketmon chopib yurdi. Ketmoni qanaqa deng, temirchining miyasini achitib, tepasida turib barkashdek qilib yasatib olgan. Raisimiz esli bola. Aldab-suldab Burgutni yo‘lga soldi. O‘zi ham yaxshi gap bilan ilonni inidan chiqazadigan xilidan. Kolxoz qizlari bir kuni qiziqchilikka ketmonining sopiga isiriq bog‘lab ketishibdi, degan bir gap ham bo‘lgan edi chog‘imda. O‘sha yiliyoq Burgut kolxozda nom chiqarib, Ikromjonning o‘rniga brigada boshlig‘i bo‘ldi. Kelasi yil, orden olib, qurultoyga ham borib keldi. Yopiray, qurultoydan keldi-yu, boshqa odam bo‘ldi-qo‘ydi. Cho‘lga ot solgani solgan. O‘ziga o‘xshagan yigitlarni ham cho‘lga boshladi. Rabbimsan, deb chunonam ketmon chopishdiki, hash-pash deguncha allaqancha yerni cho‘ldan yulib olishdi. Shu, nazarimda, Burgutning yuragi tanasiga sig‘mayotganga o‘xshaydi. Cho‘lni siqsam, tanobini tortsam, deydi. G‘ayratingga balli-e, azamat!
O‘tgan yili gektaridan qirq ikki yarim tsentnerdan paxta bergan brigadalar Burgut yer ochgan o‘sha cho‘ldan obro‘ topishdi-da.
— Nu’monjon nima bo‘ldi, keyin uylandimi?
— Ha, Burgut o‘g‘il bolalik qildi. To‘yiga ikki bo‘rdoqi yetaklab bordi. Kuyovnavkarda ham Nu’monjonning yonida o‘tirib, rosa qiziqchilik qilib, odamlarni kuldirdi. Hozir Nu’monjon Burgutning brigadasida.
— Xotinini undan qizg‘anmaydimi?
— Avvallari qizg‘anardi. Hozir bir o‘g‘li, bir qizi bor. Nu’monjonga quda bo‘lamiz, deb tegishgani-tegishgan.
Cho‘l o‘rtasidagi yo‘l ikkiga bo‘linib, chol otining jilovini tortdi.
Cholning jilov tutgan o‘ng qo‘lining ikkita barmog‘i qo‘shaloq bitib qolganini ko‘rib qoldim.
— O‘g‘lim, men bu yoqqa ketaman. Endi yo‘lni otning o‘zi topib ketaveradi. Xayr, o‘g‘lim. Burgutga mendan duo deb qo‘ying.
Chol bilan xayrlashdik. To‘ppa-to‘g‘rimdan oy ko‘tarildi. Boyagi qizil bulutlar endi sarg‘imtil tusga kirib, ko‘z oldimda rangini o‘zgartiraverdi-da, birdan sinkaga solgandek zangori rangga bo‘yaldi. Oy juda tez balandlab, hamma yoqni havoyi bir tusga g‘arq qildi. Yerga ursa ko‘kka sachraydigan ajoyib tabiatli Cho‘l burguti bilan uchrashishga oshiqdim. Bechora ot yana bir marta qamchi yedi-yu, haloskori choldan ajraganiga afsuslangandek boshini sarak-sarak qilib, ildam yurib ketdi. Shu oy nuriga g‘arq bo‘lgan cho‘llarda Burgut parvoz qilib yurgandek, oy ham uning qadami tekkan yerlarni ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgandek, yanada ravshanlashayotganga o‘xshardi.
Burgut haqida kitob yozib, uning butun qiliqlari, nuqson va fazilatlarini tasvirlab, mana shu bepoyon cho‘lning peshonasidagi asriy sho‘rni yuvib, zo‘r hosil olishiga o‘quvchini ishontirib bo‘larmikin?
Shunday xayollar bilan «G‘alaba»ga yetganimni bilmay qoldim. Hali atrofga devor olinmagan yangi uyda yoshi o‘ttiz beshlarga borgan, nihoyatda ko‘hlik bir juvon meni kutib oldi. Bu Burgutning xotini edi.
— Punktdalar, paxta jo‘natyaptilar, halizamon kelib qoladilar.
— Yaxshi uy bo‘pti, atrofga devor olsanglar juda shinam hovli bo‘ladi, — dedim.
Juvon kuldi.
— Rahimjon akangiz shundoq katta cho‘lga sig‘maydila-ru, hovliga devor olarmidilar.
Dahlizdan oyoq tovushi keldi. Birpasdan keyin past bo‘yli, ozg‘in, ko‘rimsizgina bir yigit kirdi. Bu yigit Burgutni yo‘qlab kelgan gumon qilib, yo‘l yurib charchaganimdan, u bilan bosh irg‘ab yengilgina salomlashib qo‘ya qoldim.
Juvon gap qotdi:
— Rahimjon aka, mehmon sizni yo‘qlab keptilar.
Gapning ochig‘ini aytsam, juda ham hafsalam pir bo‘ldi. Yo‘l bo‘yi ming xil xayollarga borib, afsonaviy pahlavonlarga o‘xshatib zavqlanib, havas qilib kelgan Burgutim har kuni ko‘rib yurgan oddiy kishilarday, jussasi ham, yuzi ham, ko‘zi ham, qarashlari ham oddiy, pachaqqina bir yigit bo‘lib chiqdi.
Burgut mening kayfiyatimni sezib turgan ekan shekilli, qo‘l berib ko‘rishayotganda panjalarimni shunday siqdiki, burgut changaliga tushgan jo‘jadek chiyillab yuborishimga oz qoldi.
— Juda soz bo‘pdi-da kelganingiz, gaplashib yotamiz. Buguncha ish bitdi. Endi otamlashsak bo‘ladi.
Osh ustida gapga solsam, o‘zi haqida uncha-muncha gapirib berar deb o‘ylagan edim. Yo‘q, u juda kamgap odam ekan. Uzi haqida bir og‘iz ham gapirmadi. Faqat «Daydi» kinofilmining ikkinchi seriyasini ko‘rmagani, u yog‘ida nima bo‘lishini bilmay qolganini afsuslanib aytdi.
— Cho‘lga qachon kelganingizni, qanday qilib cho‘lni obod qilganingizni aytib bersangiz?
U kuldi. Oriq panjalari bilan peshonasini uqalab, ko‘z qiri bilan menga qarab qo‘ydi.
— Qandoq desam bo‘larkin? Shundoq cho‘lga chiqdigu, bir tomondan traktor solib, ko‘pchilik bo‘lib ketmonni chopib ketaverdik. Shu!
Uning bu gapidan kamtarlik qilyapti, deb o‘yladim-da, yana so‘radim:
— Axir, shu ishlar osongina bo‘lmagandir?
— Mehmon degan unaqa sergap bo‘lmaydi, — dedi u ayyorcha kulib. — Ertaga o‘zingiz ko‘rasiz. Bolalar aytib berishadi. Charchagandirsiz, yoting.
Undan o‘zi haqida tayinli bir gap olish qiyin ekanligiga ishonganimdan keyin, yostiqqa yonboshladim. Cho‘l burguti chiroqni pasaytirib, narigi uyga chiqib ketdi.
Nazarimda, u uydan chiqdi-yu, qanot qoqib, oy nurida yashnab yotgan cho‘l osmoniga uchib ketgandek bo‘ldi.
Uyqum qochdi, fikr-xayolim Cho‘l burgutida. Nahotki, oddiy kichkinagina jussada burgut qalbi, burgut parvozi bo‘lsa? Nahot, u burgut yetolmagan fazolarda ucha olsa?
Shu kecha cho‘l tongi yorishib kelayotgan subhisodiqda, ulug‘ niyatlar insonni ulug‘ istiqbol sari qanotlantirishiga, Cho‘l burgutiga ham qanot bergan mana shu niyatlar ekaniga iqror bo‘ldim.

II


Ertalab nonushta vaqtida Nu’monjon kelib qoldi.
— Ha, To‘pponcha, nima qilib ivirsib yuribsan?
— Mashina qaysi uchastkaga borsin? Shuni so‘ragani kelgandim.
Burgut uning qo‘liga bir piyola choy tutqazdi.
— Hali tayinlagan edim-ku!
— Hojimuqon hali yo‘l ochmagan ekan, mexanik bormayman deyapti.
Ularning suhbatidan hech narsa tushunolmadim. Faqat Burgut to nonushtagacha cho‘lni shamoldek gir aylanib kelganini sezdim, xolos. Nu’monjon ketdi. Biz Burgut bilan tashqari chiqdik. Kecha qorong‘ida kelib cho‘lning nimaligini bilmagan ekanman. O‘n uchta yangi oq imorat. Nariroqda tepasi shiyponli idora, uylar oldidagi qator ekilgan yosh teraklarning bargi qahrabodek sap-sariq. Artezian qudug‘idan chiqarilgan suv bo‘y baravar balandlikdagi quvurdan shaldirab oqib yotibdi. Undan narida tepasi tol bilan omonatgina yopilgan saroy ichiga selitra to‘kib qo‘yilgan, ikki-uch bochka kerosin, qoplangan tsement, g‘isht, taxta, xodalar uyib tashlangan. Shiypon oldida Markaziy Farg‘ona steptorgining avtolavkasi turibdi. Uning bir g‘ildiragi o‘rniga g‘isht taxlanib, o‘qiga tirgovich qilib qo‘yilgan. Oq xalat kiygan sotuvchi vag‘illab turgan primus ustida bug‘ purkayotgan mis choynakka choy damlayapti.
Burgut lavkaga bosh suqib qaradi. Polkalarda son-sanoqsiz aroq, vinolar, pachka-pachka mayda tuz terib qo‘yilgan. Qizlarning sochiga taqiladigan har xil lenta, ustiga zar qoplangan sigara, yelpig‘ich, upa, fotouvelichitel kabi mollar to‘lib-toshib yotardi.
Sotuvchi nimadir demoqchi edi, Burgut qo‘l siltadi.
— Do‘konni bekiting. Tuz cho‘lda ham ko‘p. Upa qo‘yishga xotinlarning hozir qo‘li tegmaydi. Yelpig‘ichsiz ham shabada bo‘lib turibdi. Aroqni bo‘lsa kechqurun maydalasharmiz.
Burgut idora tomondan kelayotgan Nu’monjonni imlab chaqirdi:
— Bu kishini ola ket. Do‘konni kechqurun ochadi. Bir gramm tersa ham harna-da!
Burgut xijolat bo‘lgandek qoshini kerib menga qaradi.
— Mehmon, ishimiz qiziq bo‘ldi-ku. Sal bemavridroq kelib qoldingiz-da. Uyimiz betta bo‘lgani bilan, paxtamiz olti kilometr narida. Shu turgan yerimiz kelasi yilga borib cho‘lning tsentri bo‘ladi. Men bilan yursangiz, charchab qolasiz. Yaxshisi, To‘pponcha polvon bilan ketavering. Hojimuqonning yerida uchrashamiz.
Burgut otga minib qaygadir ketdi. Biz Nu’monjon bilan yo‘lga chiqdik.
Ot-arava, mashina shibbalab yuborgan tekis yo‘ldan sal yurganimizdan keyin orqamizdan sotuvchi yigit halloslab yetib keldi. To u kelguncha gapimiz qovushmay turgan edi. Gapni nima va kimdan boshlashimni bilmay jimgina borardim. Tanish-bilish yo‘q. Burgutdan gap aylantiray desam, Nu’monjonning ko‘ngliga qattiq botmasmikan, deb xijolatda edim. Toleimga sotuvchi sergapgina yigit ekan. Yo‘l bo‘yi og‘zi tinmay steptorgning inspektoridan shikoyat qilib bordi.
— Nafsi buzuq odam. Jindek cho‘zib qo‘ymasang, molning yaxshisini ololmaysan. Aka, o‘zingiz o‘ylang, kichkina do‘kon bo‘lsa, xaridorning soni yigirmadan oshmasa, bozor yaqin bo‘lmasa, axir, bola-chaqali odammiz.
Nu’monjon yumshoq ko‘ngil, qizdekkina yigit ekan. Uning qaddi-basti, xatti-harakatlari dehqondan ko‘ra sartaroshga ko‘proq o‘xshab ketardi.
Oyoq tovushlari yengil, gapi ham muloyim, qalin qora qoshlari ostidagi sarg‘imtil qo‘yko‘zi hamisha kishiga kulib turgandek. Uning shu topda yonimda pildirab borishi cho‘lda ketayotgan ojiz chumoliga o‘xshab, sira manzilga yetolmaydigandek ko‘rinadi. Buning nimasi to‘pponchaga o‘xshaydi, tavba.
Uzoqdan tutun burqsidi. Bu tutun bir zumda tarqab, uning o‘rnida yonboshlab qolgan terim mashinasi ko‘rindi.
— Bir balo bo‘pti, — dedi Nu’monjon besaranjom bo‘lib. — Burgutdan baloga qolamiz, qani, yuguringlar!
Uning muloyim qo‘yko‘zlari dumaloqlashib, bo‘rining ko‘ziga o‘xshab, ko‘kimtir tusga kirgandek bo‘ldi. U cho‘l o‘rtasida shamoldek oldinga yugurib ketdi, boya chumolidek uvoq ko‘ringan qizdek yigit, endi kiyikdek yel quvib oldinda uchib borardi.
Biz halloslab yarim yo‘lda qolib ketdik. Kechasi ko‘p chekkanimdan bo‘lsa kerak, yuragim gupillab urib, tilim og‘zimga sig‘may qoldi.
— To‘pponchaning o‘qiga o‘xshaydi-ya! — deya oldim entikib. — To‘pponcha polvon deganicha bor ekan.
— Bu Burgutning qo‘liga tushgan quyon — sher, chumoli - fil bo‘lib ketadi.
Mashina to‘xtagan yerga yetib keldik. Yomg‘ir suvi halqob bo‘lib qolgan chuqurlikda mashinaning bir g‘ildiragi botib qolibdi. Mexanik-haydovchi yarim soatdan beri chiqazolmay, motorni guvillataverib, yonilg‘ini tugatayozgan ekan. Nu’monjon sotuvchini orqaga qaytardi.
— Aravada yonilg‘i olib kel!
Yigit ensasi qotganidan gardanini qashib, kamhafsalalik bilan orqaga qaytdi. Nu’monjon esa etigini shaloplatib botqoqqa tushdi-da, xijolat bo‘lgandek menga qaradi.
— Mehmon, kemaga tushganning joni bir. Qani, potinkani yeching. Bir ha-halashib yuboraylik.
Tizzadan loy kechib uning yoniga bordim. Nu’monjon ingichka oyoqlarini yerga qadab, yelkasini mashina qanotiga tiradi.
— Qani, hayda!
Motor gurillab, mashina oldinga intildi. Intildi-yu, keyingi chap g‘ildiragi turgan joyida pildirab aylanib, aft-basharamga loy purkab yubordi. Nu’monjon bo‘g‘iq ovoz bilan yana bir marta «hayda» deb mashinaning chap qanotini ozod ko‘tardi. Mashina orqasiga tutun qaytarib, oldinga lapanglab siljidi.
Bu yigitda shuncha kuch borligiga hayron qoldim. Axir, u shuncha og‘ir mashinani yelkasi bilan itarib, yo‘lga chiqarib qo‘yganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib tursam ham bunga sira-sira ishongim kelmasdi. Nahot, shu uvoqqina jussada shunchalar katta, ishonib bo‘lmas pahlavon kuch yashirinib yotgan bo‘lsa. Buni «To‘pponcha polvon» deb bekorga aytmagan ekanlar.
Nu’monjon to‘nining bari bilan yuz-ko‘ziga sachragan loylarni artib bo‘lib, menga iljayib qaradi.
Uning ko‘zlari biram muloyim, biram yoqimli. Har qanday tosh yurakni ham eritadigan ajoyib ko‘zlar edi!
Bu yigit men tasavvur qilgan cho‘l yigitlariga sira o‘xshamasdi. Nozik barmoqlari faqat dutor chertishga, sabza urgan mo‘ylovlari ostida kulishga hozirlanib turgan lablari faqat jonon qizlarning yuzidan bo‘sa olishga yaratilgandek ko‘rinardi. Kishining tashqi qiyofasi ba’zan intilishlariga, fikr-o‘ylariga qanchalik qarama-qarshi bo‘lishiga endi ishondim.
Mashina ortidan ergashib, tayin qilingan yerga keldik. Oppoq ochilib yotgan g‘o‘zalar orasidan «Alif-Laylo»dagi ko‘zachadan chiqqan Ahraman devdek baland, har yag‘riniga bittadan odam minsa bo‘ladigan o‘ttiz besh yoshlardagi norg‘ul yigit mashinaga qarab kelardi. Uning uzun chakmoni daraxtga sholcha yopib qo‘yganga o‘xshardi.
Qosh va kipriklari sariq, ammo o‘ziga juda ham yarashib tushgan mo‘ylovi, negadir, lokdek qop-qora edi. Mo‘ylovini bo‘yasa kerak, deb dilimdan o‘tkazdim.
— Hojimuqon shu bo‘ladi.
Hojimuqon ildam yurib kelib, xuddi yosh bolani ko‘tarishga chog‘langandek, engashib, ikki bukilib Nu’monjon bilan ko‘rishdi. Uning oldida Nu’monjon xuddi dadasiga talpingan yosh bolaga o‘xshab ko‘rinardi.
— Ha, To‘pponcha, muncha hayallab qolding?
Uning ovozi qulog‘imga momaqaldiroqqa o‘xshab eshitildi.
— Mashina loyga tiqilib qolgan ekan, chiqazguncha sal to‘xtalib qoldik.
Mashina yangi ochilgan yerdan egatga kirib ketdi. Hojimuqon devqadam bilan uning orqasidan ergashdi. Atrofga qaradim. Bu yerlar qaerdan suv icharkin, deb hayron bo‘lib Nu’monjondan so‘radim.
— Farg‘ona kanalidan olamiz. Suv masalasidan nolimasak ham bo‘ladi. Ariq qaziydigan yangi mashina chiqqan. Ovozini eshityapsizmi?
Nu’monjon kunbotar tomonga qarab quloq soldi.
— Kelasi yili huv o‘sha tomondan qirq gektar yer ochamiz. Shunda yerimiz Qo‘shoq otaning yeri bilan tutashadi.
Kecha otimni sug‘orib bergan cholning ikki barmog‘i qo‘shaloqligi, ayrilishga kelganda chol o‘sha tomonga burilganini eslab, Qo‘shoq ota degani shu kishi bo‘lsa kerak, deb gumon qildim.
Terim mashinasi egatning boshiga yetib, yangi ariqdan qaytdi. Brezent palatkadan chiqqan o‘rta yashar bir xotin sochini boshiga turmab, mashina ketida kelayotgan Hojimuqonga qo‘l siltadi. Keyin o‘sha tomonga g‘o‘za oralab, yugurib ketdi.
— Hojimuqonning xotini. Juda ham gapga bichganda. Qofiyali qilib gapiradi. Ammo Hojimuqon shu gavdasiga xotinidan o‘lgudek qo‘rqadi.
O‘sha palatkadan yoshi yigirma beshlardagi suluvgina bir ayol chiqdi-da, Nu’monjonga qaradi.
— Choy ichib olinglar!
Keyin u fartugini bo‘yniga ilib, boyagi xotinning orqasidan yugurdi.
— Bu kishi bizning «malikai dilozor» bo‘ladilar, — dedi Nu’monjon kulib.
— Siz ham xotiningizdan qo‘rqasizmi? Nu’monjon gardanini qashidi:
— Dunyoda xotinidan qo‘rqmaydigan odam ham bor ekanmi?
Palatkaga kirib, endi bir piyoladan choy xo‘plagan ham edikki, ot choptirib Burgut kelib qoldi. Vajohatidan hozirgina birov bilan urishib kelganga o‘xshardi.
— Ha, Burgut, turq-tarovating boshqacha, bir gap bo‘ldimi? — deb so‘radi unga piyola uzatarkan, Nu’monjon.
— Kartinkangdan o‘rgildim! Kechadan beri sarson qiladi-ya. — Uning gapiga tushunolmay bir-birimizga qarashib oldik.
— Sochiga taroq tegmagan, ikkita kalta shimlik olifta bir mashina ashqol-dashqol bilan kepti. Kartinkaga olaman deb, u yoqqa qarasam ham durbinini to‘g‘rilaydi, bu yoqqa qarasam ham durbinini to‘g‘rilaydi.
Kecha raykom binosi oldida kinoxronikaning mashinasini ko‘rganimni esladim.
— Tavba, oftob chiqayotgan tomonga qarab, chakkamga paxta qistirib, o‘ng qo‘limni ko‘tarib turganimni kartinka qilarmish. Kartinka qilsang, artisingni ola kelmaysanmi! Mehmon, siz bilan Yog‘och polvonning yerida uchrashamiz.
U choydan bo‘shagan piyolani pildiratib bir irg‘itib ilib oldi-da, xayr, deb chiqib ketdi. Bir ozdan keyin cho‘lning ufq bilan tutashgan yerida ot o‘ynatib ketayotganini arang ko‘zim ilg‘ab qoldi. Nu’monjon ham bo‘yniga fartuk ilib, mashina ololmay qolgan paxtalarni tera boshladi.
Paykal boshida yolg‘iz qolib, ko‘z ilg‘amas paxtazorda javlon urib yurgan terim mashinasini tamosha qilib turdim. Shamol qulog‘imga allaqaerda shudgor ag‘darayotgan traktorning ovozini o‘xtin-o‘xtin uchirib keladi. Ariq qaziyotgan mashinaning bo‘ri uliganidek o‘kirishini bir dam olib keladi-da, yana qayoqlargadir surib ketadi.
Ot solib o‘tgan fotihlarning, qo‘ng‘iroq chalib o‘tgan karvonlarning suroni uyg‘otolmagan asriy mudroq cho‘lni yangi odam jilovlagan po‘lat motorlarning zabardast turtkisi uyg‘otgan edi.
Sotuvchi yigit aravada bir bochka kerosin olib keldi. Ikkovlashib bochkaga rezinka ichak solib, baklarni to‘ldirib oldik.
— Mehmon, Burgut sizni Yog‘och polvonning yeriga olib bor, deb tayinladi.
Aravaga chiqayotganimda mexanik yigit bunkerni bo‘shatib, yonilg‘i olgani paykal chetiga chiqayotgan edi.
Egarga qiyshiq o‘tirib olgan yigit, yo‘l-yo‘lakay Burgutning yigitlarini ta’riflab ketdi.
— Burgutning yigitlari hali kurashda yelkasi yer ko‘rmagan polvonlar. Hozir bu polvonlarga Farg‘ona tomonda tarafkash yo‘q. Yog‘och polvon deb nom chiqargan Miraziz o‘tgan yili parkentlik polvondan yiqilib qoldi. Burgut shundan keyin Yog‘och polvonni brigadadan haydab yubordi. O‘sha polvonni yiqitib kelmaguningcha, ko‘zimga ko‘rinma, deydi. Yo‘q, bultur kuzdagi paxta bayramida Farg‘onada kurash bo‘lib, Yog‘och polvon o‘sha polvonni charxpalak qilib yerga urdi-yu, yuzi yorug‘ bo‘ldi.
— Burgut uni brigadaga qaytarib oldimi?
— Oldi. Lekin bitta shart bilan oldi. Ketmon ishlatmay, paxtani mashinada ekib, mashinada terish sharti bilan. Hali borganda ko‘rasiz. Har g‘o‘zalarki, bir tupidan bir ko‘rpalik terib olaverasiz. O‘zi ham antiqa odam. Hozir aytsam qizig‘i qolmaydi.
So‘nggi marta xirillab nafas olayotgan bemordek shikoyatomuz g‘iyqillab borayotgan arava ustida tevaragi ufqqa tutashgan cho‘lni tamosha qilib boraman. Bu uyqusi qochgan ko‘hna pahlavon cho‘l bilan bellashayotgan, xuddi shu cho‘ldek bag‘ri keng, ammo navqiron, har qaysisi alohida kitobga qahramon bo‘lsa arziydigan, biri biriga o‘xshamagan tabiatli yigitlarni ko‘rayotganimga, ular bilan hamsuhbat bo‘layotganimga ich-ichimdan sevinaman.
Bu uchrashuvlarda ularning qiliqlarini, bo‘y-bastlaridan tortib, ko‘z qarashlarigacha yodda saqlab qolmoq uchun tikilib-tikilib qarayman.
Cho‘l o‘rtasini devordek to‘sib o‘tgan do‘ngni oshib o‘tganimizdan keyin yo‘l gavjum bo‘lib qoldi. Har qadamda qurilish materiallari ortgan yuk mashinalari, ustiga bochka yuklangan brichkalar uzun yo‘ldan ketma-ket o‘tib turardi. Ora-sira mototsikl patillab o‘tib qoladi-da, cho‘l bag‘riga o‘kdek sanchilib, bir zumda yo‘q bo‘lib ketadi. Boya Hojimuqonning yerida eshitilgan gurillagan tovush shu tomondan kelayotgan ekan. Ekskavator halqumini cho‘zib, quyqa bosib qolgan zovurdan loy chiqazayotibdi. Cho‘lning qoq o‘rtasida yonboshiga tuproq purkab kanavokopatel ariq qazimoqda. Uning tovushi go‘yo bahaybat bir mushuk muttasil oyna timdalayotgandek qiyqillaydi. Onda-sonda kurib qolgan o‘tlarni chimdib yurgan poda uchrab qoladi. Yo‘l yoqasidan artezian suvi shildirab oqib yotibdi. Undan tushgan shaffof suv tsement hovuzchadan toshib, yo‘l chetida ko‘lmak hosil qilgan. Suv atrofida o‘sgan giyohlar hali ko‘m-ko‘k. Ko‘lcha yuzida ko‘y va echkilarning qumaloqlari suzib yuribdi.
Kolxoz podasi shu yerdan suv ichsa kerak deb o‘yladim.
— Cho‘l qishloqqa shu tomondan tutashadi, — dedi hamrohim, qamchi dastasi bilan uzoqda sarg‘imtil tusga kirgan daraxtlarni ko‘rsatib.
Rayon markazidan yo‘lga chiqqanimda, cho‘lga kolxoz yeridan o‘tib borsak kerak, deb o‘ylagan edim. Bu o‘yim yanglish chiqdi. Hamrohim egarga yana qiyshiq o‘tirib oldi.
— Cho‘l asli shu tomondan siqib kelinyapti. Boya siz ko‘rgan Hojimuqonning yeri kolxoz ochadigan qo‘riqning oxirgi nuqtasi. Undan u yog‘i boshqa kolxozning zimmasiga tushgan.
Birdaniga cho‘lning havosi o‘zgardi, erta kuz bo‘lishiga qaramay, esib turgan ilimiliq shabada o‘rniga qandaydir dimoqqa xush yoqadigan, bog‘lardan esadigan yoqimli shamol kela boshladi. Hozir biz bir tomoni hali bezrayib yotgan cho‘l, bir tomoni esa obod bo‘lgan yerning hududida turardik.
Etagi olislarga cho‘zilib ketgan cho‘l to‘quvchi dastgohidagi tandaga, yangi obod bo‘lgan joylar esa shu tandaning asta-sekin to‘qilib kelayotgan sergul matosiga o‘xshardi.
Shag‘al yotqizilgan yo‘lning ikki chetida hali usti yopilmagan bir qavatli binolar, xom g‘isht devoriga tol tashlab, ustidan tosh bostirib qo‘yilgan chala uylar, ba’zan shaxmat katagiga o‘xshagan tsement poydevorlar uchrab turardi. Bu yerlarda hali odam yashamay turib, yosh terak va qayrag‘ochlar allaqachon yerga parcha-parcha soya tashlab ulgurgan edi.
— Yog‘och polvonning yeriga yetib qoldik, — dedi hamrohim, ot jilovini o‘ng tomonga burib.
Biz yo‘l olgan so‘qmoqning boshi usti shox-shabba bilan yopilgan chaylaga borib qadalar edi. Chayla oldidagi xirmonda Burgut oftobga paxta yoymoqda. Taxminan o‘n besh gektar keladigan paxtazorning ikki tomonida ikki terim mashinasi gurillab yurib turibdi. To biz chaylaga yetib borgunimizcha yonimizdan o‘tib ketgan kul rang «Volga» mashinasi ustimizga chang yopirib, chaylaga yetmay to‘xtadi. Shamol changni bir zumda yerga yonboshlatib ketdi.
Mashinadan o‘rta yoshlardagi sal qorin qo‘ygan, qalin qoshlari ko‘zlarini tutib ketgan bir kishi tushdi. Orqa eshik ochilib, mo‘ylovli, ayolga o‘xshash bir yigit ko‘rindi. Uning sochi orqasidan taralib peshonasiga kelganda yana tepaga qaytarib yuborilgan edi. Uning bu qiyofasi menga popishakni eslatdi. Og‘zida mushtuk; egnida pochasi tor, kalta chiyduxoba shim. U fotoapparat tasmasini uzuk taqilgan barmog‘iga o‘rab olgan edi.
— Mana, o‘zingiz ayting, o‘rtoq partkom, sira u kishini ko‘ndirolmayapmiz, — der edi u qora qosh partkom yigitga.
— Xo‘sh, nima gap? — dedi partkom qanorga paxta joylayotgan Burgutning yaqiniga borib.
— Parvo qilmang, Mirjalil aka, mendan artist chiqmaydi.
— Yaxshi emas, atayin Toshkentdan kelishipti. Tez bo‘l, u yoq-bu yog‘ingni paratka qil. Qani, yanga, boyagi narsani bering!
Chayla orqasidagi bak ostiga o‘t qalayotgan Oynisa uning gapini yaxshi eshitmadi shekilli, o‘rnidan turib savol nazari bilan qaradi.
— Boyagi tugun qani?
Oynisa chayla tirgovichiga ilib qo‘yilgan kamzulining cho‘ntagidan shohi dastro‘molga tugilgan narsani olib, partkomning qo‘liga berdi.
Burgut to‘niga ilashgan paxta tolalarini kafti bilan sidirib bo‘lgach, do‘ppisini tizzasiga urib qoqdi. Uning bu harakatlarini kuzatib turgan baland bo‘yli, ozg‘in, qop-qora yigit gap qotdi:
— Qoshingga o‘sma qo‘yib qo‘yaymi? Yanga, upangizdan bering!
Bu gapdan Burgutning ensasi qotib, yer ostidan xo‘mrayib qaradi.
Partkom tugunchadan orden va medallarni olib Burgutning ko‘kragiga taqa boshladi. To Burgutning «pardozi» bitguncha, kalta shimli yigit «Volga»dan kino apparatini olib chiqib, ularning yoniga keldi.
— Shu kishi nima desa g‘iring demay bajarasan. Xarish otga o‘xshab taysallamay, hap tursang-chi!
Burgut bilan operator paxtazorga kirib ketishdi. Operator yo‘lda qo‘shaloq ochilgan paxtadan uzib olib uning chakkasiga taqib qo‘ydi. Butun kolxoz yigitlariga so‘z bermay cho‘lda javlon urib yurgan burgutsimon bu odam ayni zamonda operator qo‘lida ming ohangga tushar edi. Goh o‘ng qo‘lini ko‘tarib terim mashinasini boshqarayotgan mexanikka nimalardir deb qichqirar, goh kunchiqar tomonga burgutga o‘xshab tolpinib qo‘yardi.
Oxiri u «artist»likdan zerikdi shekilli, qo‘l siltab, jahl bilan paykalga qaytib keldi. Uning ketidan ergashib kelayotgan operator norozi ohangda nimadir dedi. Burgut yana qo‘l siltadi.
— Ikki kundan beri shu kishining ketida ovoraman. Yana jinday qolgan edi-ya!
— Burgutni bir kunda ovlab bo‘lmaydi. Ketidan ikki-uch kun cho‘l kezish kerak, yaxshi yigit, — dedi boyagi tarashadek qotma novcha yigit.
— Shuni aytmaysanmi, Yog‘och polvon.
Yog‘och polvonni darrov tanidim. Uning suratini o‘tgan yili fizkulturachilar gazetasida ko‘rgan edim. Respublika musobaqasida parkentlik polvonni yiqitib, O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Asad polvon Ibrohimov shu kishi edi.
Partkom terim mashinasining mexanigiga «birpas to‘xta» degandek ishora qilib, paykalga chaqirdi. Boshqalarni ham chayla oldida to‘pladi.
— Qo‘shoq otaning qirqmasi rosa bo‘lib beribdi. Mashinaga ikkita tashlab qo‘ygan edi, birga baham ko‘ramiz.
Shofyor har biri ko‘ydek keladigan ikkita cho‘l qovunini inqillab ko‘tarib keldi-da, tizzalab sholchaga dumalatib yubordi.
Dasturxon ustida Yog‘och polvonning ta’rifi boshlandi.
— Yog‘och — odam! — dedi jiddiy turib Burgut. — Lavzli odam u. O‘n sakkiz gektar yerni ketmon tegizmay mashinada qoyil qilib yubordi. Ko‘ryapsiz-ku, ikki mashinalab ham terib tamom qilib bo‘lmayapti.
Men ham gapga aralashdim:
— Bu kishi ham xotinlaridan qo‘rqadilarmi?
— Be, — dedi Yog‘och polvon qo‘l siltab, — gunoh qilgan yigit xotinidan qo‘rqadi-da! Biz hali gunoh qilganimizcha yo‘q. Nima deysan, Burgut?
Burgut boshini sarak-sarak qilib kuldi.
— Uch-to‘rt ulfat bir bo‘lib, gapdan gap chiqib, «kim xotinidan qo‘rqsa, o‘rnidan tursin» degan taklif tushibdi. Shunda hamma o‘rnidan turibdi-yu, bir polvon yigit joyidan qo‘zg‘almapti. Undan, nega turmading, 1 xotiningdan qo‘rqmaysanmi, deb so‘rashibdi. Polvon yigit nima depti, deng, xotinimning nomini eshitishim bilanoq ikki oyog‘im shol bo‘lib, o‘rnimdan turolmay qoldim, depti.
Qotib-qotib kuldik.
— Bizning Yog‘och polvon ham shunaqa polvonlardan, — dedi Burgut uning biqiniga turtib. — Ha, do‘st! Qoma-tingga qoyilman!
Yog‘och polvon qizarib ketdi.
— Hech-da, ichadigan vaqtimda, rost gapi jindakkina qo‘rqardim. O‘shanda ham hadeb mashmasha qilavergandan keyin yolg‘ondakasi qo‘rqqanga o‘xshab turardim.
Qovundan keyin bir piyoladan choy ichib, hamma o‘z ishiga tarqadi.
— Burgut, ertaga mashinaning birini Qo‘shoqvoy otaga yubor. Yog‘och polvonning paxtasi endi siyraklashib qolibdi. Mashina bekor turmasin. O‘n uchinchidan ko‘rak uzadiganini yuboraman.
Yog‘och polvon yerga bir ko‘z yugurtirib chiqdi-da, shundoq qilsak ham bo‘lar ekan deb partkomning so‘ziga rozi bo‘ldi.
Partkom ham, kinooperator ham ketdi. Burgut mashina orqasidan qarab turdi-da, iljayib qo‘ydi.
— Mehmon, biz chiqqan kartinkani Toshkentda ko‘radigan bo‘ldingiz. Biz tomonlarda ham ko‘rsatar, deyman. Qo‘shoqboy otani olganda juda intrsniy chiqardi.
Xirmonda shamollatilgan paxtalar qanorlanguncha shu yerda bo‘ldim. Qishloqdan paxta ortib ketgani mashina keldi. Yog‘och polvon qanorlarni xuddi yastuqdek yengil ko‘tarib mashinaga irg‘itar, Burgut esa ularni epchillik bilan tortib olib, g‘isht taxlagandek kuzovga joylar edi. Qanorlar bir-biriga minib lapanglab qolguncha taxlandi. Burgut yerga sakrab tushib, shofyorga darrov qaytishini buyurdi-da, ko‘kragida jaranglab turgan ordenlarni chiqazib, boyagi shohi ro‘molchaga tugib, xotiniga uzatdi.
— Olib qo‘y, plan to‘lgan kuni taqamiz endi.
— Endi menga javob bersangiz, Burgut, shu mashinada qishloqqa yetib olay, — dedim unga.
— Ie, biron kun qolmaysizmi? Ertaga Yog‘och polvonning to‘yini qilamiz. Oshini yeb ketasiz-da!
— Shu bachkanaliging qolmadi-qolmadi-da. Yog‘och polvon zarda bilan nari ketdi.
— Yog‘och paxta punktidagi laborant qiz bilan nari-beri bo‘lib yurar ekan. Xotini bilib qolib, uyiga kiritmay qo‘ygan edi. Rosa yigirma kundan beri cho‘lning qoq o‘rtasida majnun bo‘lib, ko‘ylak-po‘ylagini ham o‘zi yuvib yurgan edi. O‘tgan kuni qazili osh qilib berishni bo‘yniga qo‘yib, yarashtirib qo‘ygan edik! Nasibangiz qo‘shilmagan ekan.
— Bo‘lmagan gap, ishonmang bu gapga, mehmon. Sirtqi texnikumda o‘qiyman-da! Imtihonga yaqin qolganda laborant qiz, agrotexnikadan o‘zim o‘rgatib qo‘yaman, degan edi. Manovi bema’ni qayoqdagi gaplarni xotinimga aytib, urishtirib qo‘ysa bo‘ladimi. Ahmoq bo‘lib, yana o‘zi yarashtirib qo‘ydi.
— Qo‘y-e, — dedi Burgut menga ko‘z qisib qo‘yib, — bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur. Ha, do‘st! Pismiqsan, Yog‘och! Pismiqsan! — Burgut shu gapni aytib, tizzasiga urib, qotib-qotib kuldi.
— Mehmon, tag‘in shu gaplarni ham kitobga tirkab qo‘ymang.
Ular bilan samimiy xayrlashib mashinaga chiqayotganimda Burgut, papiros chekmang, mehmon, yo‘lda pojarniy shtraf qiladi, deb tayinladi.
Mashina havoni kesib, bir tekis yelib cho‘l o‘rtasida borar, men esa uchrashuvlardan olgan taassurotlarimni qay tartibda qog‘ozga tushirishni o‘ylab ketardim.
Mashina kecha Qo‘shoq ota bilan ajrashgan joyga kelganda quyosh etagiga botib, osmonning yarmi anor suvi sachragandek qip-qizil tusga kirgandi. Atrofda traktorlar, ekskavatorlar shovqin soladi. Ularning guldiraganini shamol cho‘l bo‘ylab aylantirib ketadi.
Xuddi tepamda bir cho‘l burguti bahaybat qanotini yozib, gir aylanib uchib yuribdi. Shovqinga to‘lgan cho‘lda makonini yo‘qotgan bu sahro sultoni, qo‘nalg‘a topolmay, osmonda charx urib kezardi. Cho‘lning asriy uyqusiny buzgan yer burgutlari endi uning ko‘hna maskanini egallagan edilar.
Burgut qizg‘imtir ko‘kda uzoq aylanib yurdi-da, oxiri bir-ikki marta umidsiz qanot silkib, quyosh botayotgan ufqqa qarab suzib ketdi.

1958 yil.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.