OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Chuchvara (hajviya)

Majlisda unga:
— Sen bola, chuchvarani xom sanab yuribsan. Shoshma hali, jo‘jani kuzda sanaymiz. Bu qanaqasi, sirkang suv ko‘tarmaydigan bo‘lib qopti, — deyishdi.
Xoliqning tepa sochi tik bo‘lib ketdi. U uch yildan beri paxta brigadasida boshliq. Brigadaga o‘tishdan avval parranda fermasida, undan keyin uzumchilik zvenosida edi. Paxtaga o‘tib hech kimga gap bermay qo‘ygan. Chopiq ham, sug‘orish ham rasvo. Ana shuning uchun uni bugun taxtaga tortib, rosa tanqid qilishdi. Ammo umrida tuzukkina tanqid yemagan Xoliq bu gaplarni shaxsiyatdan deb tushunib, o‘rnidan turib ketdi.
— Endi menga navbat! Mening sha’nimga juda ko‘p nojo‘ya gaplarni aytdinglar. Hammasiga javob tayyor: chunonchi, sirkasi suv ko‘tarmaydi, dedinglar. Nimaga shama qilyapganlaringni bilaman. Uzumchilik zvenosida ishlaganimda sirka solganman. Lekin, men uni chug‘urchiq cho‘qigan g‘ujumlardan solganman. U suv ko‘taradimi, yo‘qmi — o‘zim bilaman. Ikkinchi masalaga o‘taylik: jo‘jani kuzda sanaymiz, dedinglar. Bundan ikki yil oldin parranda fermasini uchma-uch qilib topshirganman. Jo‘jasi ham, xo‘rozi ham to‘ppa-to‘g‘ri chiqqan. Endi uchinchi masala: chuchvarani xom sanadi, deysizlar. Mana shu gap menga og‘ir botdi. Qani aytinglar-chi, mening chuchvara sanayotganimni kim ko‘ripti? Kimning uyiga kirib chuchvaraga qo‘l tegizibman? Voobshe, men chuchvara yemayman.
Xoliq asosiy masalani chetga surib, gapni chuchvara tarafga buradi.
Uning ezmaligi me’dasiga tekkan agronom dung‘illadi:
— E, chuchvarang qursin, paxtadan gapir!
— Yo‘q, — dedi Xoliq qat’iy, — men chuchvara masalasini biryog‘lik qilmasdan boshqa gapga o‘tmayman!
O‘tirganlar baravardan uh tortib yuborishdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.