OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Egar bozori (hajviya)

Butun respublikadagi jamiki magazinlarni aylanib chiqsangiz, prilavkada chang bosib yotgan egar, arqon, arava mixini ko‘rasiz. Bu mollar o‘n-o‘n besh yillardan beri sotilmay yotadi. Ammo shaharning qoq o‘rtasidagi xo‘jalik mollari do‘konida bu mollarning urug‘i ham topilmaydi. Har haftada bazaga shu do‘kondan zayavka keladi.
«...Bizga ellikta egar, ikki yuz kilo arava mixi, ikki ming metr jun arqon yuboring».
Shu do‘konning shikoyat daftarini o‘qisangiz, yana shu gap:
«Do‘kon mudiri kelgan arqonlarni, egar va arava mixlarni o‘z oshna-og‘aynilariga sotyapti...»
Boshqa do‘konlarda yildan-yilga surilib yotgan arqonu egarlarni shu do‘konga yubora boshlashdi. Baribir yetishmaydi. Zayavka ustiga zayavka. Yaqin olti oy ichida respublikamizning hamma do‘konlaridan egarlar qaytarib olib kelindi. Shu do‘konga yuborildi.
Oradan sal kun o‘tmay, yana zayavka. Egar, arqon, arava mixi...
Endi fabrikaga zakaz bera boshlashdi. Fabrika egar chiqarib ulgurolmay qoldi. Pesh chiqqani pesh shu do‘konga jo‘natilib turdi. Shahar savdo bo‘limining boshlig‘i har kuni ertalab mashinada shu do‘kon oldidan o‘tayotganda navbat kutib turgan kishilarni ko‘radi. Kechqurun qaytishda egar ko‘targan, arqon qo‘ltiqlagan kishilarni uchratadi.
Bugun savdo bo‘limining xodimlari bu do‘konda egar, arava mixiga bunchalik talab kattaligining sirini bilish uchun to‘rt-besh kishi bo‘lib do‘konga borishmoqchi bo‘lishdi.
Shunday qilishdi.
Olti kishi do‘konga borishdi.
Do‘konda odam ko‘p. Yaqin borib bo‘lmaydi. Do‘konning orqa tarafidan kirishdi. Tashqarida to‘polon bo‘lib ketdi.
— Navbatsiz kirganlar chiqarib yuborilsin!
— Orqa tarafdan kirganlar chiqib ketsin!
Savdo bo‘limi xodimlari qaytib chiqishga majbur bo‘lishdi. Tushlik bo‘lguncha ko‘chada kutib turishdi. Hay, tushlik ham bo‘ldi. Do‘kon mudiri ularni ichkariga boshlab kirdi.
Bir mahal kirishsa, egaru arqon sotadigan bo‘limda bir qiz ishlayapti. Husn demagan oyning o‘zi. Kulganda, hammayoq, devorlar ham qo‘shilib kulayotganga o‘xshaydi. Gapirsa, tanbur bilan g‘ijjakni baravar chalayotgandek. Nafas olishi marvarid shodasining shildirashiga o‘xshaydi. Savdo bo‘limining rahbarlari angraygancha qolishdi.
Do‘kon mudiri murojaat qildi:
— Xizmat? Reviziya qilmoqchisizlarmi?
— Yo‘q, yo‘q, — dedi savdo bo‘limining mudiri. — O’zimiz shunday. Bir-ikki egar bilan besh-olti metrdan arqon kerak edi.
Xullasi, shahar savdo bo‘limidan kelgan kazo-kazolar do‘konni tekshirish o‘rniga, hammasi bittadan egar, o‘n metrdan arqon ko‘tarib chiqib ketishdi.
Ular chiqib ketishayotganda: «Arava mixi uchun ertaga yana kelamiz, tamom qilib qo‘ymang», deb tayinlashdi.
Bu chiroyli sotuvchi jonon qiz qurmagur shahardagi hamma bo‘ydoqlarni mixlab, arqonlab, egarlab tashladi.

Xotima

Savdo bo‘limi mana shu voqeadan keyin shunday xulosaga keldi:
1926 yildan beri baza omborining bir chetida chang bosib yotgan ikkita omoch bor edi. Bu omochlar qirq yildan beri balansdan balansga o‘tib, hujjatlarni xira qilib kelardi. Savdo bo‘limi boshliqlari o‘sha omochlarni ham shu do‘konga yuborishga ahd qilishdi. Shunday ham bo‘ldi.
Har ikkala omoch yarim soatda sotilib ketdi. Ertasiga zudlik bilan yana ellikta omoch yuboringlar, degan zayavka keldi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.