OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Hech kim va hech narsa unutilmaydi (hajviya)

(Yodgorlik)


Turdivoyni do‘stlari orqavarotdan Turdi Ilimiliq deb atashardi. Bunday deyishlariga sabab, gap-gashtaklarda uning bor-yo‘qligi bilinmasligida edi. Hech qachon, hech qaerda, palon so‘zni Turdivoy aytgan, degan gap bo‘lgan emas. O’zi to‘nggina, gapi sovuqqina edi. Jo‘ralari jononlardan gaplashayotganlarida bir chekkada, o‘likdekkina bo‘lib o‘tirardi. O’zi nozikkina, do‘ppi bilan ursang yiqilgulik holi bor edi.
Ammo u o‘rtoqlardan yolchigan edi. Hammasi har xil. Biri qop-qora, biri sap-sariq, biri bug‘doyrang...
Shu bechora Ilimiliq yurib-yurib o‘n yetti yil deganda farzand ko‘rdi. Sevinganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay tug‘uruqxonaga yugurdi. Chaqaloqni ko‘rsa sap-sariq bola bo‘pti.
— Xotin, — dedi Ilimiliq. — Avlodimizda bunaqa sariq odam o‘tmagandi-ku. Hayronman...
— O’ling, — dedi xotini erkalanib. — O’sha paytda xudo berdi, deb ertoyi-kech qovoq somsa yedingiz, endi bas, desam ham mendan bekitib yedingiz. Mana, nima bo‘ldi. Bolangiz sap-sariq bo‘ldi!
Sodda Ilimiliq, gaping rost, xotin, deb chippa-chin ishondi.
Yil oralatib xotini yana bitta qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib berdi. Ilimiliq qarasa, bunisi qop-qora.
— Iya, xotin. Urug‘imizda qora odam bo‘lmagan edi, buyog‘i qandoq bo‘ldi?..
Uning gapi og‘zida qoldi.
— Qora ikra o‘lgirni ko‘p yeyavermang, desam quloq solmadingiz. Odamlar choy qoshiqda olib nonga surtsa, siz osh qoshiqda oldingiz. Bolaning qoraligi o‘shaning asorati.
Ilimiliq, xotinim har baloni biladi, deb g‘ururlandi.
Ikki yil oralatib xotini bug‘doyrang qiz tug‘di.
— Iya, iya, — dedi Ilimiliq. — Bunisi g‘alati bo‘pti-ku...
— Navro‘zga ruxsat berilib, sumalakdan bo‘kib-bo‘kib yeganingiz esdan chiqdimi? Qizingizning bug‘doy rangligi ana shu sumalakdan-da.
Yillar o‘tdi. Turdi Ilimiliq ham qaridi. Do‘stlari birin-ketin bu yorug‘ olamni tark qilib ketishdi. Ammo nimjon, qiltiriq Ilimiliq hamon yashab yuripti.
U sap-sariq, qop-qora, bug‘doyrang farzandlariga har qaraganda marhum do‘stlarini aniq ko‘rgandek bo‘ladi. Tahorat olib, ularning arvohiga bag‘ishlab tilovat qiladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.