OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Iqror (hajviya)

Rahmonali ko‘ngli poshsho bo‘lib kelardi. Bugun ham xotinini dog‘da qoldirib, o‘sha joyga bordi. Maishat kechagidan ham zo‘r bo‘ldi. Bugun xotiniga nima bahona qilsa ekan? U uyga yaqinlashgan sari bahona topishga shoshardi. Shunga ham bahonami? Kechagi majlisning davomi bo‘ldi, deb qo‘yaqoladi-da!
Taksi ularning eshigi oldiga kelib to‘xtashi bilan orqama-orqa yana bir taksi keldi. Undan ro‘molga o‘ralgan bir ayol tushdi. Rahmonalining yuragi orqasiga tortib ketdi. Bu uning xotini Zarofat edi. Obbo, poylab borganga o‘xshaydi. Bilgan, qaerdaligini, kimning uyidaligini bilgan. Ikkala taksi ham qorong‘u ko‘chani yoritib orqaga qaytishdi. Rahmonali yuragi betlamay bo‘shashib so‘radi:
— Zarofmisan?
Zarofat javob o‘rniga ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Rahmonalining badaniga titroq kirdi. Oyogi qaltiradi. Endi nima qilsaykin? Tonsinmi? Ko‘zini baqraytirib turib-a?
Zarofat piq-piq yig‘laganicha uning yonidan o‘tib eshikka kalit solib ochdi. Er-xotin oldinma-ketin hovliga kirishdi. Rahmonalining kallasi mokiday ishlardi-yu, befoyda edi. Nima desaykin? Tonib bo‘lmaydi. Boshqa bahonaning iloji yo‘q. Hammasini ko‘rgan. Bilgan. Qiyomat qiladi. Har holda hovlida gap boshlasa, to‘polon bo‘lib, qo‘ni-qo‘shnilar eshitishi mumkin. Nima bo‘lsa ham uyga kirib gaplashish kerak. Uning ko‘nglini olish kerak. Xotinlarni yaxshi gap bilan yo‘lga solsa bo‘ladi. Qani, bir urinib ko‘rsin.
Rahmonali shu o‘ylar bilan ichkariga kirdi. Xotini stolga boshini qo‘yib hamok piqillab yig‘lardi.
Bu ahvolda uni hech narsaga ko‘ndirib bo‘lmaydi, deb dilidan o‘tkazdi Rahmonali. To‘g‘risini aytib, tavba qilish kerak. Bundan boshqa yo‘l yo‘q! Rahmonali jur’atsizlik bilan xotinining tepasiga keldi.
— Xotin, nima desamikin? Nima bo‘lganini o‘zing bilib turibsan. Ahmoqlik qildim. Nima qilay, egilgan boshni qilich kesmaydi.
Zarofat yalt etib unga qaradi. Rahmonalining yuragi jig‘ etib ketdi. Muz parchasini yutvorgandek ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay entikib turib qoldi.
— Bunaqa qarama-da, aybimni bo‘ynimga olyapman-ku, tag‘in nima deysan. Shu ikki bolaning hurmati, endi bunday qilmayman. Kechagi majlis ham yolg‘on edi. Kecha ham hali o‘zing ko‘rgan joyga borgan edim. Uning qosh-ko‘zlariga uchibman. Shirin so‘zlariga uchibman. Ayb o‘zimda, bola-chaqalik kap-katta odam begona xotinga aylanishib yuribman...
Zarofat yana unga qaradi. Endi uning ko‘zlaridan o‘t chaqnardi. Rahmonali bu qarashlarga tob berolmadi. Butun vujudi karaxt bo‘lib qotib turardi. U ko‘zlarini chirt yumganicha, yana gapirdi.
— Istasang, ikkinchi bunday qilmaslikka raspiska beraman. Ko‘r ekanman, qadringni bilmagan ekanman. Mayli, ur, uraqol meni, tep, orqamga tep, roziman, mendaqa yaramas erning jazosi shu.
Zarofat uning gaplariga chidolmay narigi uyga chiqib ketdi. Orqasidan Rahmonali ergashib kirdi.
— Endi qo‘ygin, jon xotin, erkak boshimni xam qilib to‘g‘risini aytyapman. Nahotki kechirmasang. Endi u xotinning basharasiga ham qaramayman. Tamom. Poy-lab boribsanda-a, hammasini ko‘ribsanda-a, shunchaki, ko‘ngli uchun bordim. Turgan-bitgani bo‘yoq.
— Nari turing, yaqin kelmang! Essiz odamgarchilik.
Rahmonali tiz cho‘kdi:
— Oyog‘imdan o‘p desang o‘paman. Orqamdan emaklab yur desang emaklab yuraman, meni kechirsang bo‘lgani. Endi ishdan bir sekund ham kechikmay uyga kelaman. Ko‘rasan, bundan buyon moyanamga ham baraka kiradi. Aytdi dersan. U yaramas xotinga endi hech narsa olib bermayman.
Zarofat o‘girilib qaragan edi, Rahmonali orqasida, oyog‘ining tagida tiz cho‘kib, ko‘zlarini pir-piratib turibdi. Zarofatning rahmi kelib ketdi. Bir zumda kallasidan: qilmishiga pushaymon bo‘lib turibdi-ku, hammasini aytib beryapti-ku, mayli bu galcha kechira qolay, degan o‘y o‘tdi.
— Turing o‘rningizdan. Uyat kerak. Bu galcha kechirdim, ikkinchi shunaqa ish qilsangiz, ostonaga qadam qo‘ymay o‘sha yoqdan daf bo‘ling.
Rahmonaliga jon kirdi. Xotinining oyog‘idan, bilaklaridan, yelkalaridan yig‘lab-yig‘lab o‘pdi.
— Muni qara-ya, boribsan-a, ko‘ribsan-a.
Zarofat piqillab kulib yubordi:
— Hech qayoqqa borganim yo‘q. Sizni kutib o‘tirib uxlab qopman. Tush ko‘rsam, siz o‘lib qopsiz. Idorangizdagilar qabristonda miting qilib ko‘mib qo‘yishdi. Uyg‘onib ketib biram ko‘nglim g‘ash bo‘ldiki, yotib yotolmadim, o‘tirib o‘tirolmadim. Xayolimda sizga bir nima bo‘lgandek, yo avtobus, yo tramvay urib ketgandek bo‘laverdi. Idorangizga bormoqchi bo‘lib taksiga chiqayotsam, o‘zingiz kelib qoldingiz. Men bu yoqda qandoq tashvishlar qilib yuribman-u, siz bo‘lsangiz...
— Bo‘ldi, bo‘ldi, bu yog‘ini gapirma. Gapni tamom qildik-ku. Aylantirma.
Rahmonali yechina turib, e ahmoq deb, peshonasiga bitta urdi.
Bu hangoma er-xotinning orasida qolib ketdi. Ammo Rahmonali ertalab ishga ketayotganida xotinining qo‘lidan o‘pib, ishdan kelganida peshonasidan o‘pishini eshitganlar nima gapligini bilolmay hayron.
Bordi-yu, olgan maoshining tiyin-tiyinigacha sanab xotinining qo‘liga berishini eshitsalar, nima deyisharkin?
Har qalay, uydagi gapning ko‘chaga chiqmagani durust bo‘ldi. Rahmonali bu sirni mendan boshqa kishiga aytmagan. Men ham haligacha sir saqlab yuribman.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.