OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Karnaychining to‘yida (hajviya)

Maxsum karnaychi ancha tabarruk bo‘lib qolgan odam.
U ko‘p odamlarning to‘yida xizmat qilgan, yurtning duosini olgan kishi.
Har to‘kisda bir ayb degandek, Maxsum karnaychining ham dilida bitta armoni bor edi. U esini tanibdiki, to‘ylarda karnay chaladi. Ammo unga xudo bittagina o‘g‘il bermadi. Qani men ham o‘g‘il ko‘rsamu, yurtni yig‘ib osh bersam, deb ertayu kech ovqat ustida ham, karnayni yuvayotganda ham tilak tilaydi.
Bundan to‘rt yil oldin Maxsum karnaychining tonglarda tilagan tilagi ijobat bo‘lib, xudo unga qo‘chqordek o‘g‘il berdi. Bola yo‘lga kirdi, dadasining karnayiga minib, ot qilib o‘ynaydigan bo‘ldi.
Maxsum karnaychi endi yurtdan yegan oshlarini uzish niyatida to‘y taraddudiga kirishdi. Tashqari hovliga tandir qurdirdi. Ko‘rpa qavitdi. Xullas, to‘y yaqin qoldi.
Duradgorning to‘yida duradgor, qassobning to‘yida qassob degandek, albatta karnaychining to‘yida karnaychi xizmat qiladi.
Maxsum karnaychi yor-birodarlariga xat jo‘natdi. O’zbekistonning hamma oblastlaridagi karnaychi birodarlariga taklifnoma yubordi. Tojikiston, Qirg‘iziston taraflarda anchagina shogirdlari bor edi. Ular ustozning to‘y qilishini to‘rt ko‘z bo‘lib kutib turishgan ekan. Xat borishi bilan yo‘lga chiqishdi.
Katta hovliga odam sig‘may ketdi. Sozandalarga alohida joy, karnaychilarga qilingan ikki so‘ri torlik qilib qoldi. Ellik to‘rt karnaychi karnaylarini kelin tushgan uyning samovaridek tish poroshok bilan yaltiratib kelishipti.
Qassobnikiga borgan go‘sht yeydi. Bog‘bonnikiga borgan olma, uzum yeydi. Novvoynikiga borgan non yeydi. Karnaychinikiga kelgan karnay eshitadi ekan.
To‘y qizib ketdi. Sozandalarga arang bir marta gal keldi. Shogirdlari hunarlarini astoydil namoyish qila ketishdi. Ellik to‘rt karnaychining har biri yarim soat chalganda ham yigirma yetti soat tinmay karnay chalinishi kerak. Bir sutka-yu uch soat vat-vat.
To‘y boshqarayotgan kishi ancha tadbirli ekan, o‘n ikki soatdan keyin boshqa karnaychilar armonda qolmasin, deb o‘ttiz karnaychini to‘plab, umumiy marsh taklif qildi.
O’ttiz karnay, nog‘ora, surnay bir chalish kildiki, shahar momaqaldiroq ichida qolgandek bo‘ldi.
To‘y kuni men Andijonda yo‘q edim. Ammo karnay tovushini Toshkentda bemalol eshitib turdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.