OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Luqmon (hajviya)

Luqmonbek mahallada otning qashqasi. Ertalab bozorga ketayotganida ikki qo‘li ko‘ksida, hammaga tavoze bilan salom beradi. Qaytishda kayfi taraq bo‘lib, ertalab sa-lomiga alik olganlarni turtib o‘tadi. U ilgarilari odamlarnikida binoyidek g‘isht quyib, tom suvab, tirikchiligini o‘tkazib yurardi. Nima balo bo‘ldi-yu, bozorga aylanishib katta-kichikning farqiga bormay qo‘ydi. Cho‘ntagi pul ko‘rdi. Tili biyron, qo‘li paxsa bo‘ldi. Mahallaning qariyalari, Luqmon pul unadigan bo‘lsa, eski mahsini shimishdan ham toymaydi, deyishadi. Bu gap rost.
U birgina stadionning orqasidan binoyidek uchastkali ham bo‘lib oldi. Bilmagan odam albatta bu gapga ishonmaydi. Toshkentdagi «Paxtakor»ga ellik ming odam sig‘ishiga hamma ishonadi. Futbol ishqibozlarining yarmi limonad ichganda ham o‘yindan keyin yigirma besh ming dona shisha qoladi. Luqmonbek umrida futbolga ishqiboz bo‘lmagan. U o‘yindan keyin shisha yiqqani boradi. Yoniga jiyanini olib, qo‘sh qop bilan shishalarni bir chekkaga uyaveradi. Qarabsizki, yarim soatga qolmay, yuz-yuzlab shisha yig‘ilib qolibdi. U o‘sha kunning o‘zidayoq «bu boyliklarni» do‘konga topshirib, ikki cho‘ntagini qappaytirib oladi. Bunaqa ish uchun uni hech kim «ispikulan» demaydi. Luqmonbek bir sezon shunday qildi-yu, keyin undan boshqa ham shisha shinavandalari ko‘payib, unga non qolmadi. Stadiondan nasibasi qirqilgan Luqmonbek o‘ylab-o‘ylab o‘zi qaltisroq bo‘lsa ham daromadi yaxshi bir ish topdi.
Qo‘liga hassa ushlab, boshiga nari-beri salla chulg‘ab, chekka-chekka mahallalarga borib, xonadonlar eshigini qoqadi, falon qabristonning remonti uchun buncha so‘mdan fuqaroga soliq tushdi, deydi. Bunaqa nozik narsalardan xalq pul ayamaydi. Albatta, axiyri bir kun boradigan joyim deb, belgilangan «soliqni» uning qo‘liga beradi. Luqmonbek uchastkasining tomini shu tariqa mozor puli bilan yopib oldi. Luqmonbekning bir andishasi ham bor edi: qilib yurgan ishlarim mahalla fuqarolarining qulog‘iga yetmaganmikin? Shu «ig‘vogar» chollarning og‘ziga bir nima bilan urib qo‘yish kerak. U shunday qildi ham. Mahallaning tobuti eskib qolgani sababli savob uchun yangi tobut yasatib berdi. Endi militsiyadan odam kelib, Luqmon qanaqa odam, deganda, albatta, ko‘p himmatli bola deyishlari aniq.
Bu tomonidan xotirjam bo‘lgan Luqmonbek ishni katta qilib yubordi. Kechalari sanqib, avtomat telefonlarning qulog‘ini silkitib, u yoq-bu yog‘ini kovlashtirib, tangalarni do‘ppisiga to‘kib oladi. Avtobuslarda old tomondan biletga uzatilgan pulni tiqilinchda yoniga solib qo‘yadi. Oshxonalarda-ku, nuqul tushligini tekin qiladi. Aytishlariga qaraganda, gugurt qutichani to‘ldirib olgan pashshadan bittasini kosaga tashlab, shovqin ko‘tararmish:
— Bu qanaqa bemazagarchilik! Oshdan pashsha chiqdi. To‘polonga odam yig‘iladi, direktor ham paydo bo‘ladi. Oxiri uni yupatib, o‘tgan ishga salavot, deb ovqatga ham pul olmay, yana undan uzr so‘rab eshikkacha izzat bilan kuzatib qo‘yishadi. Ertasiga boshqa oshxonaning taomidan xuddi shunaqa pashsha chiqadi...
Luqmonbekning bu tariqa qilmishlarini mahalla qariyalari bilib yurishgan ekan. Chollarning gapini Luqmonbek avvalo elamadi, keyin uning kirdikorlarini birma-bir aytib, taxtaga tortishgach, nafasi ichiga tushib, g‘iring deyolmay qoldi.
— Hali yoshsan. Biror hunarning boshini ushlab ol. Bo‘lmasa bir kunmas bir kun xor bo‘lasan. Elning nazaridan qolishga qolding. Hali ham bo‘lsa esing borida etagingni yopib ol. Harom ish tez qaritadi odamni.
Luqmonbekning rangiga qon yugurgandek bo‘ldi.
— Hali men haromxo‘r bo‘ldimmi? Ho, topganimiz haromu sadaqamiz halol bo‘pti-da.
Luqmonbek bu bilan mahallaga yasatib bergan tobutini aytmoqchi edi. Buni qariyalar uning og‘zidan chiqmay turiboq payqashgan edi.
— Uka, tobuting o‘zingga buyursin. Unga hali o‘lik solganimiz yo‘q. Yuvilgan o‘likni qandoq qilib haromdan kelgan tobutga solib bo‘ladi? Kirib ola qol, tobutxonaning bir chekkasida yotibdi.
Luqmonning tiliga kaltak kelganidanmi, yo shoshib turganidanmi, bir nima deb javob qaytara olmadi. Tez-tez soatiga qarab, o‘rnidan turdi. To el uxlaguncha eshigining oldida papiros chekib u yoqdan-bu yoqqa yuraverdi. Oxiri muyulishdan yuk mashinasining chirog‘i ko‘rinishi bilan shoshib darvozasini ocha boshladi. Mashina ichkariga kirishi bilanoq yashil darvozaning ikki qanoti bekildi. To tong yorishguncha tunuka tovushi eshitilib turdi.
Ertalab ishga ketayotganlar uning darvozasi oldida tobut ko‘rib hayron bo‘lishdi. «Bechora kecha choyxonada suhbatning guli bo‘lib o‘tirgan edi-ya, odamzodning umri shu-da! Ertaga nima bo‘lishingni bilmaysan». Birpasda tumonat yig‘ildi. Har kim o‘zi bilgancha marhumni ta’rifladi.
— Bechora, durust bola edi.
— Xudo urgan rasvo desangiz-chi.
— Unaqa demang, o‘lganning orqasidan yomonlab bo‘lmaydi.
— To‘g‘risini aytish kerak-da!
Shu gaplarning ustiga uchastkovoy kelib qoldi. U kechasi shu uyga arteldan o‘g‘irlangan tunuka tushirilganini eshitgan, mol bilan qo‘lga tushirish uchun ataylab saharlab kelgan edi. U eshik oldida tobut ko‘rib hayron bo‘ldi.
— Nima gap?
— Luqmonbekdan ayrilib qoldik, o‘rtoq nachaylik, — dedi bir mo‘ysafid ko‘ziga yosh olib.
Militsioner uyga kirishini ham, kirmasligini ham bilmay, turib qoldi. Shunday bir baxtsizlik yuz bergan joyga nima deb kiradi? O’g‘risan, deb o‘likni ushlaydi-mi? Darhaqiqat, militsionerning boshi qotgan edi. U o‘ylab-o‘ylab, boshini qashiganicha orqasiga qaytdi.
U ketishi bilan ko‘zlarini ishqalab Luqmonbekning o‘zi chiqib qoldi. Nima bo‘ldi? O’lik tirildimi? Yo Luqmonbekning arvohimi?! Yuragi yomonroqlar to‘dadan sug‘urilib jo‘nab qoldi. Qani birovdan sado chiqsa-chi! Luqmonbekning o‘zi tilga kirdi:
— O’zi nima gap?
— O’lmaganmiding?!
Sir ochildi. Ma’lum bo‘lishicha, kecha Luqmonbek mahallaga yasatib bergan tobutini pisanda qilgani uchun achchig‘i kelgan mahalla qariyalari tobutni azonda Luq-monbekning eshigi tagiga tashlab ketgan ekan.
Birov kulib, birov so‘kinib el tarqadi. Luqmonbek tobutning bir chekkasiga o‘tirib papiros tutatar ekan, taksi haydab ketayotgan shofyor yigit kabinadan bosh chiqarib gap qotdi:
— Bek aka, o‘rnashibroq o‘tiring, yo‘lda tushib qolib odamlarni ovora qilib yurmang!
Jahli chiqib ketgan Luqmonbek ichkariga qarab qichqirdi:
— Hoy, tirikmisanlar, boltani olib chiqlaring! Boyaga taksi yo‘lovchini tashlab kelayotganida Luqmonbek tobutni tilka-pora qilib bo‘lgan edi. Shofyor bola yana gap otdi:
— Kichikroq kelib qoldimi? Usta razmeringizni bilmas ekan-da!
Luqmonbek unga qo‘lidagi boltani otmoqchi bo‘lib turgan edi, muyulishdan militsioner ko‘rindi. Qandoq qilib darvozaga kirib ketganini o‘zi ham bilmay qoldi.

1960 yil.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.