OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Nomi yo’q to’y (hajviya)

Asadullo Maxsumning o‘rtancha o‘g‘li Sayfullo kecha qamoqdan keldi.
Ishdan kelsam ko‘cha muyulishida besh-olti qo‘shnim to‘planishib turishipti.
– Qayoqda yuribsiz, qo‘shni, darrov u-bularingizni tashlab chiqing. Maxsum akadan ko‘ngil so‘rab qo‘yamiz.
Hayron bo‘ldim, nima deb ko‘ngil so‘raymiz? O’g‘li armiyadan, yo biron xayrli joydan kelmagan bo‘lsa, nimasini so‘raymiz?
– E, bo‘ling, birrov kiramizu chiqamiz.
Mahallachilik, eldan qolib bo‘lmaydi. Kirdik. Hovlidagi so‘rilarga joy qilingan. Ichkari uyda qariyalar. Ayvonda Maxsumning yor-birodarlari. Bitta so‘ri bo‘sh. Nazarimda artistlar ham aytilgan bo‘lishi kerak.
Oldiga sholcha tutilgan burchakdan Isa oshpazning boshi ko‘rindi. Behi shoxiga yangigina bo‘g‘izlangan qo‘y orqa oyog‘idan osib qo‘yilibdi. Maxsumning qamoqdan kelgan o‘g‘li boshiga yangi surma rang do‘ppi kiyib, kelgan-ketganlarga qo‘l qovushtirib yuripti.
Buni qarang-a, to‘rt yil ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketibdi. Maxsumning shu o‘g‘li istirohat bog‘ida mast bo‘lib, bir shofyor bolani pichoqlab qo‘ygan edi. Maxsum u yoqqa yugurib, bu yoqqa yugurib, pichoq yegan bolaning tanishini topdi, ota-onasiga odam yubortirdi. Xullas, bolasi tirik qolganidan shukur qilgan ota, da’vo qilmaysan, deb o‘g‘liga qasam ichirdi. Baribir da’vogar kechsa ham hukumat kechmas ekan. Sayfullo to‘rt yilga kesildi. Mana, shu to‘rt yil bir piyola choy ichguncha o‘tdi-ketdi.
Tinmay odam kelib turipti. Quyuq-suyuq ovqatlar tortilyapti.
Dasturxonga shisha oralab qoldi. Kontsertini tugatib, kech bo‘lsa ham artistlar yetib kelishdi. Keksalar o‘tirgan joyda stol tagidan piyola uzatila boshlandi. Yoshlar jiringlatib «jabrdiyda», «chaquvdan qamalgan» bolaning salomatligiga icha boshladilar.
Ashula avjga chiqdi. Uncha-muncha kayf qilganlarning ovozi ko‘tarila boshladi. «Chaquvdan qamalib kelgan» bolaning o‘zi o‘yinga tushdi.
Keyingi paytlarda to‘ymi, azami, baribir nutq so‘zlaydigan odamlar paydo bo‘lib qolgan. Bu yig‘in ham shunday bo‘ldi.
Soch o‘stirgan bir yigit ryumka ko‘tarib, o‘rtaga tushdi. Hayron bo‘ldim, u nima deyishi mumkin? To‘y bo‘lsa, kuyov bilan kelinni tabriklardi, imenina bo‘lsa to‘y egasini tug‘ilgan kuni bilan tabriklardy. Chaqaloq to‘yi bo‘lsa, unga umr tilardi. Birovni pichoqlab, qamalib kelganning yig‘inida nima deyishi mumkin?
– Hurmatli birodarlar, mana shu tabarruk uyning tabarruk dasturxoni ustida o‘tiribmiz. O’zingizga ma’lum, Toshkentda kuchli zilzila bo‘ldi. Bizning bozorkomimizga qarashli tochkalar ham ancha shikastlandi. Shu bilan demoqchimanki, aziz birodarimiz Maxsum akaning zurriyoti bo‘lmish Sayfullo bozorkomning vayron bo‘lgan tochkalarini tiklashga o‘z hissasini qo‘shadi, deb umid qilamiz. Shu qadahni Sayfulloning salomatligiga ko‘tarishlaringizni so‘rab qolaman.
Ichadiganlar jarang-jurung qilib urishtirdi. Ichishdi. Har qaysi to‘da Sayfulloni yoniga chaqirib, alohida-alohida qadah tutishdi. Sayfullo tushmagur sog‘ingan ekan, yo‘q deyish esidan chiqib, uzatganni olib yutaverdi. To osh tortilguncha Sayfullo qamoqqa ketishdan oldingi holiga keldi qo‘ydi.
– Vey, vey, qamoqqa yigitning guli tushadi. Ish bilgan odam har yerda ham nonini topib ketaveradi. Istalovoyga zavidish bo‘ldim. Ha, o‘shatdayam tortib turdik. Ha, do‘st!
U dovdirab, aljirab hovlida charx urib yurardi. Birdan mahalla komitetining raisiga ko‘zi tushib qoldi. Tepasiga kelib, ikki qo‘lini biqiniga tirab turib oldi. Xabarim bor, militsiya idorasi Sayfulloning axloqi to‘g‘risida xarakteristika so‘raganda, u to‘g‘risini yozib bergan edi. Sayfulloning esidan chiqmagan ekan.
– Vey, qo‘lingdan hemiri kelmadi-ku.
Mahalla yigitlari Sayfulloning tirsagidan olib, eshikka opchiqib ketishdi. Biz qo‘shnilar ham sekin o‘rnimizdan turdik. Chiqib kelayotganimizda Sayfulloni yo‘qlab kelgan, o‘ziga o‘xshagan oshnalariga gap ma’qullardi:
– Vey, men, men istalavoyda zavidish...
Mana, shu voqeaga ham bir oydan oshdi. Sayfullosi tushmagur «sho‘x» bola emasmi, yozlik kinoning yonida bir juvonga erining oldida tegishipti. To‘rtta odam guvoh bo‘lib, o‘sha zahotiyoq militsiyaga olib ketishipti.
Shunda uning gaplari esimga tushib, ham achinish, ham istehzo bilan dedim:
– Yangi farmon chiqqan, endi istalavoyga zavidish bo‘lmaydigan qilib olib ketishdi. Esonlik bo‘lsa, yana besh yildan keyin uchrashamiz-da!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.