OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Oftobga chiqqan mushuk (hajviya)

Idora boshlig‘i ertalab ishga mushugini ham olib keladigan odat chiqardi. Tizzasiga mushukni o‘tqazib, bir qo‘lida uni silab, bir qo‘lida hujjatlarga imzo chekadigan bo‘ldi.
Yig‘in paytida ham kollektiv oldida u mushugini silab turib nutq so‘zladi.
Shunda xodimlardan birining g‘ashi kelib:
— Xo‘jayin, tashqarida havo yaxshi, oftob charaqlab turibdi. Mushukni qo‘yib yuboring, oftobda bir yayrasin, — dedi.
Xo‘jayin shunaqa gapni bir haftadan beri kutardi. U salmoqlanib dedi:
— Bu mushuk tekinga oftobga chiqmaydi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, idora xodimlari oyiga ikki martadan mushukni oftobga olib chiqib o‘ynatib keladigan bo‘lishdi. Mushukning oftobga chiqishi unchalik qimmat emas. Bir kishiga ellik so‘mdan, xolos.
Xo‘jayin bir yilga qolmay mushuk pulidan o‘g‘liga «Jiguli» olib berdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.