OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Qaytib bermasang ham mayli (hajviya)

Tuyg‘un Yozuvchilar uyushmasida partkom sekretari edi. O’sha kezlari yozuvchilar paydar-pay qamalib turgan payt.
Sobir Abdullani «Alpomish» pesasi uchun nari oborib, beri opkelib turgan edilar. Sobir aka ana olib ketadi, mana olib ketadi, deb kechasi kiyimini yechmay, tayyor bo‘lib, tiq etsa eshikka quloq solib yotardi.
Soyuzdan sekretar o‘ris xotin telefon qilib ertalab soat o‘nga zudlik bilan o‘rtoq Tuyg‘un Shukurjonovga uchrashing, deb xabar kildi.
Sobir aka Saodat opa bilan, bola-chaqalari bilan, ko‘risholmay qolsak xayr endi, deb halloslagancha uyush-maga yetib keldi. Qabulxonada bir soat o‘tirdi, ikki soat o‘tirdi, uch soat o‘tirdi. Tuyg‘un u yoqqa o‘tadi, indamaydi, bu yoqqa o‘tadi, indamaydi. Oxiri, toqati toq bo‘lgan Sobir Abdulla eshikni ochib qo‘rqa-pisa ichkariga mo‘raladi. Tuyg‘un:
— Kiraver, Sobir. Bu yerda nima qilib yuribsan? — deb so‘radi undan.
— Soat o‘nga chaqirgan ekansan. Nima gap, tinchlikmi? Ochig‘ini aytaver, hammasiga tayyorman.
Tuyg‘un uning gaplariga tushunmay xayron edi.
— Aytaver, aytaver, nima gap?
Tuyg‘un uzoq o‘ylangandan keyin gapi yodiga tushdi:
— Ha, endi esimga tushdi. Ro‘zg‘orga pul qolmayapti. 50 so‘m qarz so‘ramoqchi edim. Shunga chaqirdim. Oylik chiqqanda qaytarib beraman.
Sobir aka sevinib ketdi. Yonidan bir dasta pul olib stolga tashladi.
— Shu ikki yuz so‘mning hammasi senga. Qaytib bermasang ham mayli.
U shunday dedi-yu, tezroq uyga borib, bola-chaqalarini tinchitish uchun xonadan o‘kdek otilib chiqib ketdi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.