OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Sarob (hikoya)

«Ota qargishi misoli o‘q — u oxiratda emas,
 shu dunyoning o‘zida nishonga tegadi». (Buxorolik 100 yil yashagan temirchi Usto Amin boboning o‘gitlaridan)


Bugun lagerimizga yangi mahbuslarni olib kelishdi. Ko‘rinishidan ularni yangi deb bo‘lmasdi. Egnilaridagi kiyimlariga, slka va tizzalaridagi raqamlarga qaraganda, ko‘p yillardan beri lagerdan-lagerga ko‘chib yurgan daydi mahbuslar ekanini darrov payqash mumkin edi.
Odatda, yangi kelgan mahbuslarning oyog‘ida yangi etik, yangi botinka, egnida ohori to‘kilmagan kostyum yo gimnastyorka bo‘lardi. Lagerimizning blatnoy-zo‘ravonlari ularning egnidagi kiyimlarni ko‘rishlari bilanoq o‘zaro taqsimlab olardilar. Oradan biron hafta o‘tib, o‘sha kiyimlarni blatnoylarning egnida ko‘rardik.
Bu galgi etapda kelganlar zo‘ravonlarimizga yoqmadi. Har biri o‘n-o‘n besh yillab SSSRning jamiki lagerlarida yashab, qirriq bo‘lib ketgan, nainki birovga o‘z kiyimini beradigan, aksincha, birovlarnikini qiyqirtirib yechib oladigan, beti qattiq mahbuslar edi.
Soldatlar, lager nazoratchilari ularni bitta-bittalab sanab, yuvilaverib rangi unniqib ketgan kulrang kurtkalaridagi, shimlaridagi raqamlarni tekshirib o‘tkaza boshladilar. Shunda mahbuslardan bittasi menga juda tanish tuyuldi. Uning g‘amgin va lekin loqayd ko‘zlari... Qaerda ko‘rganman uni? Tanish, juda tanish!
Oldi tikanli sim bilan to‘silgan barakda yangilarni bir necha kun karantinda saqlaydilar. Hozircha ularni boshqa mahbuslarga qo‘shmaydilar. Ovqatni ham paqirda oborib beradilar.
Bahorning iliq-issiq kunlari edi. Yangilar yalang‘och bo‘lib barak oldidagi maydonchada chalqancha yotib, badanlarini oftobga toblardilar. Ular Shimol lagerlarida oylab oftob ko‘rmay, ranglari siniqqan kishilar edi. Ularni bir-ikki oygina yoz bo‘ladigan, oftob esa tuman orasidan xuddi doka orqasiga yoqilgan shamdek xira ko‘rinadigan, bizda bahor oftobi charaqlab turgan shu kezlarda ham qish bo‘ronlari uvillab turgan joylardan olib kelishgan. Bu mahbuslar uchun Jezqozg‘on eng yaxshi kurortlardan ham afzal edi. Yalang‘och yotganlarning badanida igna sanchib yozilgan so‘zlar, turli sharmsiz suvratlar, birida «tuqqan onamni unutmayman» degan yozuv bo‘lsa, boshqasining ko‘kragida karta, ayol kishining rasmi bilan bir shisha aroq tasvirlangan. Tagida: «Mana shular bizni xarob qildi», degan yozuv bor. Deyarli ko‘pchiligining ko‘ksida yalang‘och ayollarning turli holatdagi suvratlari bor edi. Bu manzara qamoqxonadagi «rassom»larning asarlari namoyish qilinayotgan ko‘rgazmaga o‘xshardi.
Menga tanish tuyulgan maxbus esa negadir yechinmay, kiyim-boshi bilan oftobda yotardi.
Kim u? Ko‘zimga juda issiq ko‘rinyapti. Borib o‘zidan so‘rasammikan? Buning imkoni yo‘q. Soqchilar, nazoratchilar ularga yaqin yo‘latmaydi.
Mendan sal narida yoshi yetmishlardan oshgan, umrining o‘n besh yildan ortig‘ini lagerlarda o‘tkazayotgan Olimjon domla ham ularga ma’yus qarab turibdi.
Domla g‘alati odam edi. U hech kim bilan sirlashmasdi. Birovga na dardini aytardi, na quvonchini. Ko‘pchilik uni orqavorotdan «indamas domla» deb atardi. U yaxshilikka ham, yomonlikka xam birdek loqayd edi. Ammo uning hozirgi holati boshqacha. Oftobda yalang‘och yotganlarga qarab ichi yonib, kuyib, o‘rtanib ketayotgani shundoqqina bilinib turardi. Zimdan unga ko‘z tashlayman. Uni hech qachon bunday alpozda ko‘rmagandim. U yig‘lardi. Ko‘zlaridan oqqan yosh soqollariga tomardi. Domla qimirlamas, har kiprik qoqqanda mijjalarida to‘planib qolgan yosh duv to‘kilardi.
Nazoratchi kelib sim to‘siqning beriyog‘ida to‘planib qolgan tomoshabin mahbuslarga, ketinglar, deb buyurdi.
Maxbuslar nari ketishdi. Domla ham yoshli ko‘zlarini kaftiga artib, boshini egganicha ketdi.
Men lagerda rassom edim. Bir vaqtlar rassomlik maktabida o‘qiganim yashash, ishlash qiyin bo‘lgan bu joylarda asqotdi. Vazifam — mahbuslarning kiyimlariga raqam yozish, jez konida ishlab qaytgan brigadalarning qancha ruda qazib chiqarganini katta-katta plakatlarda aks ettirish va ularni lagerning ko‘rinarli joyiga ilib qo‘yish edi.
Tushlikdan keyin ustaxonamga bosh nazoratchi bir qop kiyim olib keldi-da, shularga to kechki ovqatgacha raqam yozib, tayyor qilib qo‘yishimni buyurdi.
Bu yangi kelganlarga beriladigan kiyimlar edi. Shimlarning chap tizzasidan yuqorisi, kurtkalarning yelkasidan pasti sovun qutisicha keladigan joyidan qaychida qiyib olingan. Ustidan oq latta tikib qo‘yilgan edi. Agar mahbus raqam yozilgan lattani olib tashlab qochib ketsa, qidiruvchilar kiyimidagi qiyib olingan joyidan bilib oladilar. Shu lattalarga mahbuslarning raqamini yozishim kerak. Raqam oftobda ham, qor-yomg‘irda ham o‘chmaydigan qora lak bilan («Kuzbas lak» bilan) yoziladi. Lak sovuqda toshdek qotib qoladi. Novvoyxonadan toshko‘mir cho‘g‘ini kurakchada olib kelib, lak solingan bankani uning ustiga qo‘ydim. Lak erigandan keyin boya nazoratchi berib ketgan ro‘yxatga qarab, raqamlarni yozishga kirishdim. Raqam yoniga mahbusning ism-familiyasi qayd etib qo‘yilgan edi. O’n yettinchi kurtkaga raqam yozmoqchi bo‘lib ro‘yxatga qaradimu hayratdan yoqamni ushladim. «YeYe3781» raqami yoniga «Kimsanboy Yolqinov» deb yozib qo‘yilgan edi. Ertalabdan beri xayolimdan ketmayotgan «kim u» degan jumboq yechilgan edi.
Olisda qolgan beozor, sho‘x, yerga ursa osmonga sak-raydigan tizginsiz bolaligim, tezroq katta bo‘lib, aziz va jonajon Vatanga xizmat qilish, «xalqlar dohiysi, ulug‘ va mehribon otamiz Stalinga sodiq bo‘lish» orzusi yurak-yuraklarimizda jo‘sh urgan qaynoq yoshligimiz ko‘z o‘ngimdan chaqmoqdek bir yalt etib o‘tdi.
Kimsanboy! U bizning bolalardan chiqqan qahramonimiz edi. Uttizinchi yillarda uning suvrati gazetalardan tushmasdi. Maktablarda, pioner uylarida, istirohat bog‘larida, yoshlar lagerlarida odam bo‘yi qilib chizilgan suvratlari bir qarashda ko‘zga tashlanadigan joylarga ilib qo‘yilardi. Va suvrat tagiga: «Pioner! Kahramon Kimsanboy Olimjonovga salyut berib o‘tishni unutma!» deb yozib qo‘yilardi. Butun O’zbekiston bolalari undan ibrat olishga, u ado etgan vatanparvarlik jasoratini takrorlashga qasamyod qilishardi.
Uning otasi Olimjon Raxmonov rayon maorif bo‘limining mudiri edi. Tarix bilimdoni bo‘lgan 6u odamni rayondagi jami tarix o‘qituvchilari ustoz deb atardilar. Hatto uyiga ham kelib, undan Turkiston tarixi bo‘yicha bilmaganlarini so‘rab bilib olardilar. Uning uyida kitob ko‘p edi. Alohida bitta uydagi tokchalarga juda noyob kitoblar terib qo‘yilgan edi. Domla bu kitoblarni birovlarga bermasdi. Zarur bo‘lsa, shu yerga kelib o‘qishgagina ruxsat berardi. Amir Temur, Mirzo Bobur, Nargaaxiy, Forobiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Najmid-din Kubro, Al-Beruniy, Xoja Ahror, Ahmad Yassaviy kabi allomalarning o‘tgan asrlarda xattotlar tomonidan ko‘chirilgan noyob qo‘lyozmalarini Domla ko‘z qorachig‘idek asrardi. Kechalari yettinchi lampa yorug‘ida tong otguncha mutolaa qilardi.
Ko‘pincha Domlaning uyiga keksa ziyolilar to‘planib, tarixda o‘tgan o‘zbek mutafakkirlari to‘g‘risida suhbatlar qilishardi. Yig‘ilganlar Olimjon domlaning bilimiga, bilag‘onligiga qoyil qolardilar. Suxbat o‘z-o‘zidan ota-bobolari Shahrisabz barloslaridan bo‘lgan buyuk shoir Mirzo Abdulqodir Bedilga borib taqalardi. Bedilxonlik boshlanardi, ko‘plaishb Bedilning sirru sehrga to‘la g‘azallarining mag‘zini chaqishga kirishib ketardilar. Albatta, Olim domlaning talqinlari hammani lol qoldirardi. O’shanday suhbatlarning birida gap aylanib Fuzuliyning bitta g‘azaliga borib qadaldi. Mehmonlardan birovi Fuzuliy ham o‘zbeklar orasida Navoiy darajasida mashhur ekanini, uning ko‘p g‘azallari o‘zbek hofizlari tomonidan qo‘shiq qilib aytilishini gapirib qoldi.
— Domla, Fuzuliyning bir g‘azali bor, mag‘zini sira chaqolmadim. Ko‘p bilimdonlardan so‘raganimda tayinli bir javob berolmadilar. Shu to‘g‘rida sizning fikringizni bilmoqchi edim.
Olimjon domla narigi xonadan Fuzuliyning devo-nini olib chiqdi. Ko‘zoynak taqib, do‘stining tishi o‘tmagan o‘sha g‘azalni topdi. Chiroqqa solib, ikki-uch marta o‘kidi.
— Xo‘sh, qaysi joyiga tushunmadingiz? — deb so‘radi do‘stidan.
— Fuzuliy shunday deb yozadi: «G’amlarim shuncha KO‘PKI, tuyaning ustiga ortsam, zindonga tashlangan kofirlar ozod bo‘ladi». Xo‘sh, nima uchun ozod bo‘ladi? 
— Tushunmadim.
Domla o‘ylanib qoldi. Darhaqiqat, tuyaning ustiga g‘am yukini ortsa, nega kofirlar ozod bo‘ladi? Domla ko‘p o‘yladi. Keyin boshini ko‘tarib mehmonlarga qaradi.
— Gap bundoq. Bu sirning ma’nisiga yetish uchun Fuzuliy yashagan davrga murojaat qilish kerak. O’sha davrdagi rivoyatlarni, maqolu matallarni, hatto qo‘shiqlarni xam bilmoq kerak. Bir rivoyatda odamlar Allohdan, ey tangrim, zindonda yotgan kofirlar qachon ozod qilinadi, deb so‘rabdilar. Allox, tuya ignaning teshigidan utgandagina kofirlar ozod qilinadi, deb javob qilgan ekan. Fuzuliy ana shu rivoyatni g‘azaliga asos qilib olgan. Ya’ni: «Mening g‘amlarim shunchalik ko‘pki, tuyaning ustiga ortsam, ko‘tarolmay, ozib, ipdek bo‘lib qoladi». Ipdek ozib qolgan tuya ignaning teshigidan bemalol o‘tishi mumkin. Demak, kofirlar zindondan ozod qilinadi.
Domlaning bu qadar bilimdonligiga qoyil qolishdi, taxsinlar o‘qishdi.
Domlaning bo‘yiga yetib qolgan egizak qizlari bor edi. Shu egizaklardan keyin ko‘rgan bolalari turmadi. Bir yoshga to‘lar-to‘lmas vafot etaverdilar. U har gal oy-kuni yaqin qolgan xotinining do‘ppayib qolgan qorniga qarab: «Kimsan, o‘g‘ilmisan, qizmisan?» deb kulardi. «Agar qiz bo‘lsang, otingni Kimsanoy qo‘yaman, o‘g‘il bo‘lsang, Kimsanboy ko‘yaman», derdi shirin bir entikib. Xayriyat, o‘g‘il tug‘ildi. Oti Kimsanboy bo‘ldi. Shu bola o‘n ikki yoshga kirdi. Beshinchi sinfda o‘kiydi. Domla kitob titish bilan ovora. Tong otguncha o‘tirib, nimalarnidir yozadi. Yozgan maqolalari «Maorif va o‘qituvchi», «Madaniy inqilob» gazetalarida bot-bot bosilib turadi.
Kimsanboy maktabda faol pionerlardan. U Lenin, Stalin to‘g‘risida yozilgan she’rlarni ajib bir mahorat bilan deklamatsiya qiladi. Uni rayon, hatto viloyat miqyosida o‘tadigan tantanali yig‘inlarga, slyotlarga, o‘qituvchilarning konferentsiyalariga chaqirib, she’rlar o‘qitishadi. Olimjon domla unga, bolam, bunaqa havoyi ishlarga juda xam berilib ketma, yo artist bo‘lmoqchimisan? Yaxshisi, darsingni tayyorla. Jamoat ishlari darsdan keyin bo‘lsin, deb nasihat qilardi. Bir xonada domla qalam qitirlatadi, Kimsanboy boshqa xonada har xil harakatlar qilib, baland ovoz bilan she’r deklamatsiya qiladi.
Bir kuni maktab direktori uni dars paytida idora-ga chaqirtirdi.
Direktorning kabinetida notanish odam o‘tirardi.
— Bu o‘rtoq sen bilan gaplashgani kelganlar. Sizlarni xoli qoldiraman, gaplashib olinglar, — deb direktor chiqib ketdi.
Notanish odam gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas unga tikilib o‘tirdi. Keyin portfelidan gazeta olib uning oldiga qo‘ydi. Bu Moskvada chiqadigan «Pionerskaya pravda» gazetasi edi.
— Ikkinchi sahifadagi maqolani yaxshilab o‘qib chiq, — dedi u, — suvratga ham yaxshilab qara. Qaxramon pioner Pavlik Morozov shu bo‘ladi.
Kimsanboy o‘rischani durust bilmasdi.
Pavlik Morozovni xalq dushmanlari vahshiylarcha o‘ldirishgan. U vatanga sodiq, Lenin-Stalin ishiga hayotini bag‘ishlagan zamondoshimiz. Uning otasi xalq dushmani, Sho‘ro tuzumini ag‘darib tashlashni niyat qilgan. Pavlik o‘sha dushmanning sirini fosh etadi. Hozir Sho‘rolar jumhuriyatining hamma joyida Morozovchilik harakati boshlanib ketdi. Yosh vatanparvarlar ichki dushmanlarni fosh qilish uchun qasamyod qilmokdalar. Sen ham shu harakatga qo‘shilishing kerak. Bu sening muqaddas burching. Biz aytgan ishlarni bajarsang, seni Butunittifoq pionerlarining «Artek» nomli lageriga yuboramiz. Faol pionerlarning Moskvada bo‘ladigan slyotida ham qatnashasan. O’sha yerda buyuk ustozimiz, dohiymiz Stalinni ko‘rasan.
Kimsanboyning ko‘zlari yashnab ketdi. «Mukaddas poytaxtimiz ulug‘ Moskvani, tirik dohiyni ko‘rish, Qora dengiz sohilidagi jahon bolalari dam oladigan lagerda shohsupaga ko‘tarilib she’r o‘qib bersa bormi!..» Kimsanboy shoshib qoldi.
— Men nima ish qilishim kerak?
— Avvalo, o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan bu suhbatni birovga aytmaslikka so‘z berasan. Bundan keyingi suhbatlarimizni ham sir saqlaysan. — U shunday deya turib, portfelidan bir varaq qog‘oz olib unga uzatdi. — Bunga imzo chekib ber. Avval o‘qi, keyin imzo chek.
Qog‘ozga shundoq so‘zlar yozilgan edi: «TILXAT. Menkim, Kimsanboy Olimjon o‘g‘li GPU xodimi M. Mansurov bilan bo‘lgan suhbatimizni birovga aytmayman. Otam Olimjon Rahmonovning xatti-harakatlarini kuzatishga so‘z beraman. Uyga keladigan mehmonlar bilan nimalar to‘g‘risida gaplashganini yozib beraman. Agar bo‘lib o‘tgan gaplarni, otam xaqida to‘plangan ma’lumotlarni birovga aytsam, jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jazolanaman».
— O’qib bo‘ldingmi? Endi imzo chek!
Kimsanboy o‘ylab o‘tirmay tilxat ostiga imzo chekdi.
— Tilingga ehtiyot bo‘l. Otang haqida yozib qo‘ygan xatlarni xar haftaning dushanba kunlari o‘zim kelib, shu yerdan olib ketaman. Agar birovga aytsang, yo otangga bildirsang, xuddi Pavlik Morozovdek halok bo‘lasan. Yanagi kelishimda, agar aytganlarimni uddalasang, viloyat pioner tashkiloti seni qo‘l soat bilan mukofotlaydi, bildingmi?
GPU xodimi Mansurov har dushanba kuni maktabga kelar, Kimsanboy yozib qo‘ygan ma’lumotlarni o‘qib ko‘rgach, boshqatdan yozdirardi.
— Kerakli gaplarni yozish kerak. Faktlarga siyosiy tus berishni o‘rgan! Bobokalon dohiymiz Karl Marks: «Din xalq uchun afyundir», degan. Uyimizga kelgan mexmonlar Axmad Yassaviy degan reaktsion dindor shoirni ko‘klarga ko‘tarib maqtashdi. Xalqni asoratga soluvchi she’rlarini o‘qishdi, deb yozish kerak. Alisher Navoiy «Xamsa»ni, «Chor devon»ni yozganda Pushkinning xabash bobosi O’rta Yer dengizining janubiy qirg‘oqlarida chig‘anoq terib yurardi. Mirzo Ulug‘bek Samarqandda Rasadxona barpo etgan paytlarda o‘rislar xoxollarning malayi edi, chipta kovush kiyib yurishardi, degan gaplarni aytishdi, deb yozgin!
— Bunaqa gaplarni endi sizdan eshitib turibman... Qandoq qilib yolg‘onni yozaman?!
Birdan Mansurovning jahli chiqib ketdi.
— Yozavermaysanmi, tirrancha! Aytmagan bo‘lishsa, endi aytishadi! Xalq dushmanlari hamma gaplarni birdan aytib qo‘ya qolishmaydi. Ular nihoyatda pixini yorgan, niqoblangan yovlarimiz.
Kimsanboy bir hafta mobaynida jonini jabborga berib to‘plangan ma’lumotlarni qaytadan Mansurov aytgandek qilib yozdi. Tagiga imzo chekdi.
— Ha, balli! Mana shunaqa qilib yozish kerak. Menga qara, viloyat pioner tashkiloti seni qo‘l soati bilan mukofotladi. Ma, taqib ol! Eh-he, seni hali qancha mukofotlar kutyapti!
GPUning pioner tashkiloti nomidan bergan soatini Mansurov Kimsanboyning bilagiga taqib ko‘ydi.
Kimsanboy o‘zida yo‘k shod edi. Ertaga bolalarning ko‘zini o‘ynatib taqpb yuraman. deb quvonchini ichiga sig‘dira olmay, Mansurovga minnatdorchilik bildirib, u bilan xayrlashdi. Mansurov ketar chog‘ida: «Qanaqa yozishni bilib olding-a?» deb eslatib qo‘ydi.
Bu xil ma’lumot yozishlar uch oydan ortik davom etdi. Bu orada «pioner tashkiloti» Kimsanboyni velosiped bilan ham mukofotladi. O’sha oyning oxirlariga borib Kimsanboy Butunittifoq pionerlari slyotida katnashish uchun Moskvaga ketdi.O’zbekistondan Kimsanboyga o‘xshagan «Morozovchi»lardan yana o‘n bir bola bor edi. Slyot qatnashchilaridan o‘n yetti nafar bola «Hurmat belgisi» ordeni bilan mukofotlandi. O’lar orasida Kimsanboy Olimjonov ham bor edi. Kimsanboy Ittifoq oqsoqoli Kalinin ko‘lidan orden olar ekan, prezidiumda qarsak chalayotganlar orasida «bukj dohiy, xalqlar otasi Sta-lin»ga ko‘zi tushdi. O’zini tutolmay ho‘ngrab yubordi.
U Moskvadan qaytib kelganda dadasi yo‘k Edi. Olimjon domla bilan yana yetti o‘qituvchi qamoqqa olingan ekan.
Ular nima gunoh qilgan ekanlar, dsb hayron bo‘lgan odamlar gazetada bosilgan «Maorifga uya kurgan quzg‘unlar» nomli makrlani o‘qiganlaridan keyin nima gapligini bildilar. Birov: «Buni karanglar-a, domla tuppa-tuzuk odam edi, odamning olasi ichida, deganlari bejiz emas ekan», desa, yana birovi: «Puxta niqoblangan, ayyor odam ekan», deydi. «Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin xam chikadi, hushyor bo‘lish kerak, bunaqalardan hali oramizda ko‘p bo‘lishi mumkin», deydiganlar ham bo‘ldi. Dunyoning ishlari xo‘p qiziq-da, ota — sotqin, bolasi — chin vatanparvar!
Kimsanboyni ikki marta tergovga chaqirib, otasi bilan yuzlashtirdilar. Olimjon domla bu ishlarda o‘g‘lining ham ko‘li borligini bilmasdi. Yuzma-yuz paytida Kimsanboy aytgan gaplarni eshitib, yoqasini ushladi. Tergovchining: «Shu gaplar rostmi? Tasdiqlaysizmi?» degan so‘rog‘iga javob bermadi. Peshonasiga shapillatib urib: «E-e, attang, attang! — deya o‘g‘lining betiga qarab: — Iloyo, juvonmarg bo‘l! Umring xor-zorlikda o‘tsin! — deb yuziga fotiha tortdi.
Moskvadan «Troyka» Olimjon domlani o‘n besh yil-ga hukm kilgani to‘g‘risida qog‘oz keldi.
Oradan sakkiz yil o‘tdi. Kimsanboy yigirma yoshga to‘ldi. 1942 yili armiya safiga chaqirildi. Qishloqlardan frontga ketayotganlarni tantanali kuzatish marosimiga yuzdan ortik komsomol a’zolari to‘plandi. Bo‘la-jak jangchilar nomidan «Hurmat belgisi» ordeni ni-shondori Kimsanboy Olimjonovga so‘z berildi.
— Men hayot-mamot jangiga ketyapman. Xalq dushma-nining o‘g‘li bo‘lib emas, asl vatanparvar, dohiy Stalin farzandi bo‘lib urushga kiraman. Bugundan boshlab familiyam Olimjonov emas, Yolqinov bo‘ldi. Ko‘ksimda buyuk Stalin bilan jangga kiraman! — U shunday deb ko‘ylagi yoqasini yechib yubordi. O’ning ko‘ksida igna sanchib ishlangan Stalinning suvrati bor edi. — Ulug‘ dohiy jangda menga madadkor bo‘ladi, — deb so‘zini tugatdi Kimsanboy.
Qarsaklar yangradi. Olqishlardan mast bo‘lgan Kimsanboy ko‘ksini ochgancha tantanavor iljayib turardi...
Shu tobda qamoqxonaning kulrang kurtkasiga «YeYe3781» raqamini yozar ekanman, ko‘zlarimga ishonmay, rakam yonidagi familiyaga yana bir marta qaradim. Adash-mabman. Unga «Kimsanboy Yolqinov» deb yozilgan edi.
Boya oftobda yotgan mahbuslarga qarab yum-yum yig‘layotgan Olimjon domla — Kimsanboyniyg otasi. Kiyimini yechmay yotgan, boshi bir tomonga qiyshaygan mahbus — sobiq kahramog‘g piog‘g‘er Kimsanboy Olimjonov edi.
Olimjon domla o‘g‘lini tanidi. Ammo Kimsanboy otasini tanimadi.
Oradan besh-o‘n kun o‘tib yangi mahbuslar karantindan chikdi. Ularni uchta-to‘rttadan qilib baraklarga joylashtirishdi. Ochiq konda portlatilgan ruda xarsanglarini vagonchalarga ortadigan brigadalarga qo‘shib yubo-rishdi.
Kimsanboy lagerning o‘zida — «zona»da qoldirildi. Chunki ug‘g‘ing o‘ng ko‘li sinib, qiyshiq bitib qolgan. Yurganda boshi u yoq-bu yoqqa og‘ib ketaveradi. Ko‘zi ham xiralashgan. Oldida turgan odam tuman orasidan ko‘rinayotganga o‘xshayveradi. Lekin eshitish qobiliyati juda kuchli.
Yangilar kelgandan keyin lagerdagi mahbuslar hayoti birdan o‘zgarib ketgandek bo‘ldi. Hayot hayot ekanda. Mahbuslar har qanday azob-uqubatlar ichida ham, ertaga ularni dahshatli fojia kutayotganini sezganda ham yashash tarzini o‘zgartirmaydi. Og‘ir, juda og‘ir mehnatdan toliqib kelib, to‘rt qoshiqqina suli bo‘tqani yeb olib, barakda o‘ringa yechinmay yotib orom oladi. Nazoratchi maxbuslarni sanab, barakni ustidan qulflab qo‘ygandan keyin bir damgina asil insonlikka qaytgandek bo‘ladilar. Bu barak ularning daxlsiz vatani, uyi, hovlisi bo‘lib tuyuladi. Bunda uyat, juda uyat latifalar aytiladi. Barak derazalari kulgidan zirillab ketadi. Bunda mahbuslar xayollariga erk beradilar. Boshlaridan o‘tgan voqealarni so‘zlab beradilar. Aytayotgan sarguzashtlari, albatta, yolg‘on gaplar. Hech kim yolg‘on aytyapsan, demaydi. Yolg‘on bo‘lsa ham qiziq bo‘lsa bas.
Biri professorning o‘g‘liman, deb Bolshoy teatrning yosh bir raqqosasini yo‘ldan urganini, juda ozg‘in ekansan, deb ertalab uyidan haydab yuborganini xuddi rost gapdek hayajon bilan aytib beradi.
— Shu desangiz, — deb gap boshlaydi yana biri, — SIBLAGdalik paytimda juda badtarin, johil bir nachalnigimiz bo‘lardi. Bir ko‘zi shishadan edi. Jahl bilan stolni mushtlaganda shisha ko‘zi otilib chiqib stolga, undan sakrab yerga tushardi. Shisha ko‘zni ko‘pchilik bo‘lib izlab tuprokdan topib, yuvib berardik. Bir kuni ko‘zi otilib yerga tushganda bildirmay bir tepgan edim, ruda olib ketayotgan transportyor lentasiga borib tushdi. Ruda bilan vagonga to‘kildi. Buni hech kim sezmadi. O’sha kuni kechgacha ellik kishi ko‘zni qidirshdi. Topilmadi. Nachalnik yangi ko‘z buyurtma qilish uchun Moskvaga ketdi. Bir oy yo‘q bo‘lib ketdiyu yangi ko‘z bilan kelguncha otpuskaga chiqqandek yayraganmiz, — deya g‘urur bilan g‘irt yolg‘on hikoyasini kula-kula tugatadi.
Yana biri «Ogonyok» jurnalida bosilgan chiroyli bir yigitning suvratini qiyib olib, mashhur kinoaktrisaga o‘ldim-kuydim deb yozgan xatiga qo‘shib jo‘natganini, aktrisadan «ikkinchi bunaqa ahmoqlik qilmang, bu o‘z erimning suvrati-ku» degan javob olganini aytganda barak ichi, bomba portlagandek, kulgidan larzaga tushgandi.
Yangilar kelgandan keyin bu kulgilar, bu xil quvnoq suhbatlar barham topgandi. Bunga sabab — yangilar asosan «seksotlar», «stukachlar» edi («seksotlar», «stukachlar» mahbuslar to‘g‘risida boshliqlarga yashirincha ma’lumot berib turadiganlar).
Yangi kelganlar ichidagi zo‘ravonlar «mahalliy» zo‘ravonlarning ko‘zini ochirmay qo‘ydi. Ular oshxonaga borib, ko‘ichilik bilan ovqatlangani or qiladilar. Bizning zo‘ravonlarimiz ularga ovqat tashib, qo‘lini artishga sochiq tutib turadilar. Qarindoshlaridan posilka olganlar quruk qo‘l bilan qolaveradilar. Tuqqan onasi pishirib yuborgan tansiq shirinliklar ham o‘sha zo‘ravonlarning nasibasi bo‘lib qolgandi.
Seksotlarni, stukachlarni bir lagerda uzoq ushlab turmasdilar. Ularning ayg‘oqchiligi ochilib qolishi bilan boshqa lagerga jo‘natardilar. Agar jo‘natmasalar, mahbuslar ularni albatta o‘ldirib yuborardilar.
Kimsanboy ham faol seksotlardan edi. Vorkuta lagerida mahbuslar uni urib, ma’lumot yozadigan o‘ng qo‘lini tirsagidan sindirishgan edi. Balxash lagerida orqa miyasining pastiga, qoq ensasiga belkurakning sopi bilan urib, chuqurga tashlab ketishgan. Soqchilar uning dodlagan ovozini eshitib, chuqurdan chiqarib olishgan. Ana shundan keyin uning o‘ng qo‘li tirsagidan qotib, boshi goh o‘ngga, goh chapga o‘zidan-o‘zi burilib qoladigan, sog‘ qo‘li bilan to‘g‘rilab, oldinga qaratib qo‘ysa, boshi musichaning kallasidek old-orqasiga siltanib, borib-kelaveradigan bo‘lib qolgandi.
Iyul oyining oxirlariga borib havo nihoyatda isib ketdi. Daraxtsiz, giyohsiz, tuprog‘iga mis kukuni aralashgan yer qizdirilgan tovadek bo‘lib, kirza botinkaning tag charmidan o‘tib, oyoqni kuydirardi. Mahbuslar baraklarning soya tomonlarida jon saqlashardi. Terdan shalabbo bo‘lgan kurtkalarini toshlarga, qizigan tuproqqa yozib quritishardi. Ko‘pchilikning kurtkasi yuvilaverib, raqamlari o‘chib ketgandi. Shunday paytlarda menga ish ko‘payardi. Kiyimida raqami o‘chgan mahbuslarni soqchilar darvozadan chiqarishmas, menga yuborishardi.
Olimjon domla oldimga kelib, orqa o‘girib tizzaladi-da, yelkasini tutdi. Yangilar kelgandan beri domla ozib ketdi. Yana besh-olti yosh qarigandek edi.
— Domla, yaxshi yuribsizmi? — dedim yelkasiga raqam yozarkanman.
— Xudoga shukur, o‘lmagan qul yashayverarkan.
— Shu deyman, domla, yoshingiz ham bir joyga borib qoldi. Kattalarda insof yo‘q-da. Sizni ishga chiqarmasalar ham bo‘lardi.
Domla sergaklandi. Uning ko‘nglidan, nega bunday deyapti, seksot emasmikan, degan xayol o‘tdiyov!
— Juda unchalik qari emasman. Bergan nonini oqlab yuribman.
Sut ichib og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi, degandek, domlaning ham ko‘p marta og‘zi kuygan ko‘rinadi.
Qamoqxonalarning «telegrafi» juda anik ishlaydi. Kaysi lagerda qandok voqea yuz bergani uch kunga qolmay xamma lagerlarga yetib boradi. Kaysi shaxar turmasida kimlar yotgani, ular kaysi modda bilan ayblanayotganlari, ular orasida seksotlar bor-yo‘qligini aniq biladilar. Yangilarning ko‘pchiligi seksot ekani to‘g‘risidagi xabar o‘sha kuniyoq kelgan edi. Olimjon domla uzok yillardan beri qamoqda yashab lager xayotining ming bir chiyrig‘idan o‘tib, pishib ketgan odam edi. Shuning uchun ham u birov bilan dardlashmas, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yuraverardi.
Mahbuslarni konvoylar ishga xaydab ketgandan keyin uch ming kishilik lager bo‘shab qoldi. Mening ertalabki xizmatim ham shu bilan tugadi.
Endi barakka ketmoqchi bo‘lib turganimda, kallasini likillatib Kimsanboy keldi.
— Birodar, shu ortib kolgan lakni menga bersangiz.
— Lakni nima qilasiz? — dedim.
— Kerak, yo‘q demang.
— Mayli, oling, — dedim lak solingan tunuka bankani unga uzatib.
— Rahmat, — deya orkasiga burilar ekan, sog‘ ko‘li bilan kallasini barak tomonga to‘g‘rilab qo‘ydida, asta keta boshladi.
Ajab, Kimsanboy tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketibdi. Navqiron yoshida yuzlarini ajin qoplabdi. Ko‘z kosalari chukurlashgan, sochlari to‘kilib, boshi yalang‘ochlanib qolgandi. Ammo ko‘zlari, ovozi o‘sha-o‘sha, bolaligidagidek edi. Kunlar chidab bo‘lmas darajada isib ketgan bo‘lishiga karamay, u hamon tomog‘igacha tugmalari kadalgan kurtkasini terdan bijg‘ib ketgan bo‘lsa xam yechmasdi. U xar kuni ertalab qora lak olgani oldimga keladigan bo‘ldi. Shunday kunlarning birida uning kimligini o‘ziga aytdim.
— Otangiz sizga xo‘p bilib ot qo‘ygan ekan. Qarang, kimligingizni o‘zingiz ham bilmaysiz.
Uning ko‘zlari olazarak bo‘lib qoldi. Ko‘liga tira-lib o‘rnidan turmoqchi bo‘lgandi, chap qo‘li kuchsizlik qilib yana o‘tirib qoldi.
— Kimsanboy, mendan yashirmay qo‘ya qoling, — dedim bosiqlik bilan. — Ikkovimiz bitta qishloqning bolasimiz. Kimligingiz kaftimning chizig‘idek ayon. Siz Pavlik Morozovning sadoqatli izdoshisiz. O’z otangizni GPUga sotganingiz uchun «Hurmat belgisi» ordeni bilan mukofotlangan Kimsanboy Olimjonovsiz. Sizlarni frontga kuzatish marosimida qishloq komsomollariga: «Men ko‘ksimda buyuk Stalin bilan jangga kiraman». deb ko‘kragingizdagi Stalttn suvratini minbarda turib ko‘rsatganingizda men ham bor edim. Sizga qora lak nima uchun kerakligini bilaman. Stalinning suratini chaplash uchun kerak. Bunaqa qilishning endi foydasi yo‘q. Saraton issig‘ida terlagan badanga bo‘yoq yopishmaydi. Ko‘chib ketaveradi. Bundan tashqari... — deb zimdan unga nazar tashladim. Bopga o‘ng tomonga burilib qolgandi. — Ko‘ksingizda Stalin borligini zeklar allaqachon bilib olishgan. Yakshanba kuni sizni yechintirib, ko‘kragingizdagi qora lakni kerosin bilan, solyarka bilan, benzin bilan Stalinning suvrati ko‘ringuncha ishqalamoqchilar. Ko‘ksingizdagi Stalinni ming-minglab mahbuslarga ko‘rsatishmoqchi. Sizga maslahat, xo‘jayiningizga ayting, sizni yo vaqtincha qamab qo‘ysin, yo boshqa lagerga jo‘natib yuborsin.
Xoinni ogohlantirib to‘g‘ri ish qildimmi, bilmadim. Harholda bir qishloqdan bo‘lganimiz uchun shunday qildimmi, bilmayman, bilmayman.
Kimsanboyning kallasi chapdan o‘ngga, o‘ngdan chapga muttasil borib kelaverdi. Xuddi tutqanoq tutayotganga o‘xntardi. U mashakkat bilan o‘rnidan turib, boshini barak tomonga to‘g‘rilab qo‘ydi. Baribir boshi yon tomonga silkinaverganidan yo‘lni ko‘rolmay gandiraklay boshladi. Ikki marta yiqildi. Yana turdi. Ko‘r odamday tusmollab yura boshladi. Unga ham rahmim keldi, ham updan jirkanib ketdim.
Ertasiga u qora lak olgani kelmadi. Tushlikka yaqin uchinchi barakda nimadir bo‘ldi. O’sha tomonga sanitar yugurib o‘tdi. Lager kasalxonasining jarrohi — katorjpik Shtokman va zambil ko‘targan ikki sanitar izma-iz o‘sha yoqqa yugurib ketishdi. Bir ozdan keyin zambilda konga belangan Kimsanboyni kasalxonaga olib o‘tishdi.
— Ko‘ksiga pichoq sanchibdi, — dedi barak navbatchisi. — Battar bo‘lsin! Itga it o‘limi. Mahbuslar baribir uni tirik ko‘yishmasdi.
Kechqurun ishdan qaytgan Olimjon domla kasalxona baragi oldida u yokdan-bu yoqqa asabiy borib-kelib turibdi. Eshik oldida maxorka chekib turgan sanitardan:
— Ahvoli qalay? — deb so‘radim.
— Bilmadim, hozircha bir nima deyish qiyin. Pichoq yuragiga bir santimetrcha kirgan.
Ertalab sanitar oldimga kelib:
— Bemor Yolqinov sizni so‘rayapti, — dedi.
Kimsanboy ko‘kka boqib yotibdi. Ora-sira ojizgina ingrab ko‘yadi. Tepasiga borib, axvolini so‘radim. Uning xushi joyida edi. Faqat ko‘p qon ketganidan juda holsiz, bemajol.
— Hamqishloq, yaqinda muddatingiz tugab uyga ketasiz, — dedi u past tovushda. — Iltimos, dadam qamoqdan qaytib kelgan bo‘lsa, mening uzrimni yetkazing. Gunohini qoni bilan yuvdi, deb ayting.
U charchadimi, hartugul, ancha paytgacha indamay yotdi. Navbatchi sanitar, kerakli gapini ayta olmayapti, deb o‘ylab bizni xoli qoldirib chiqib ketdi.
— Bu dunyoning azoblaridan kutulishimga sanoqli soatlar qolgan. Sizdan o‘tinib so‘rayman, Shtokmanga ayting, jonim uzilishi bilan tanam sovumay, jasadim qotmay turib ko‘ksimdagi Stalin suvratini terim bilan shilib olsin. Fashistlarning kontslagerida o‘liklarning terisini shilishda Shtokman assistentlik qilgan. Qandoq shilishni yaxshi biladi. U dunyoga ham Stalin bilan ketmay. U bilan bitta qabrda yotgulik qilmasin.
Uning bu gaplari iltimos emas, vasiyat edi.
— Xotirjam bo‘ling, albatta unga aytaman, — deb va’da berdim.
Fashistlarning kontslagerida Kimsanboy Yolqinov o‘likxonaga qorovul bo‘lgan deb eshitgan edim. O’lgan asirlarni tikanli sim bilan o‘ralgan joyga sarjinga o‘xshatib taxlab qo‘yganlar. Qish chillasida o‘liklar toshdek qotib, muzlab qoladi. Ularning og‘izlaridagi tilla tishlarini olg‘irlar qoqib ketmasin, deb qo‘riqlashardi. Badanida yara-chaqasi yo‘q o‘liklarni ichkariga, issiqxonaga olib kirganlarida muz erib, murdalarning badani yumshab qoladi. Shundan keyin terisini shilish oson bo‘ladi. Bu terilardan tannoz xonimlarga sumkachalar, tanga-chaqa soladigan hamyonchalar, qayishlar yasashardi. Ba’zan yorilgan barabanlarga ham qoplashar edi.
Kimsanboyning oldidan chiqib, jarrox Shtokmanning xonasiga kirdim. Yolqinovning vasiyatini unga aytdim. Shtokman bosh chayqadi.
— Buni hatto xayolingizga keltirmang. Umrimda bunaqa ish qilmaganman. Ammo qilmagan ishimni zo‘rlab bo‘ynimga qo‘yib, otuvga hukm qilishgandi. Keyin otuv hukmini yigirma yillik katorgaga almashtirishdi. Kechirasiz, yana boshqatdan otuvga hukm etilishni istamayman!
Shu bilan Shtokman gapni kisqa qildiyu meni xonasidan chiqarib yubordi. Ertalab borganimda sanitar Yolqinovning sahar paytida joi berganini aytdi. Ichkariga kirib murdani ko‘rmoqchi bo‘ldim. Ikki sanitar uning ustidagi choyshabni ochib, Stalinning suvratini tomosha qilishayotgan ekan. Pichoq Stalinning chap ko‘zidan sal pastrog‘iga sanchilgan edi. «Dohiy»ning suvrati shu qadar mahorat bilan ishlangan ediki, xuddi tirikka o‘xshab ko‘rinardi. Ajab, o‘lik tanada tirik Stalinning suvrati.
Mendan oldin Olimjon domla kelib, murdaga uzoq tikilib o‘tirganini, o‘pkasini bosolmay o‘kirib yig‘laganini aytib berishdi. Qaytib chiqqanimda domla eshik kesakisiga boshini tirab, holsiz bir alpozda turardi.
— Domla, bir musulmonning bolasi olamdan o‘tdi, —dedim. — Shunga janoza o‘qitsak bo‘larmidi?
Domla indamadi. Uzoq sukutdan so‘ng:
— Unga janoza lozim emas, — dedi. — Ko‘kragida kofirning suvrati bor. Endi u bejanoza, bekafan ko‘miladi.
U shunday dediyu gandiraklab-gandiraklab, barak orqasiga o‘tib ketdi.
«Dohiy» Stalinning jasadi tuproqqa ko‘milmadi. Uni ichiga poxol tiqib, mavzoleyga, ustozi Lenin yoniga yotqizib qo‘ydilar.
Bu yerda esa u bir xoinning badaniga yopishib, atigi bitta murda arang sig‘adigan go‘riga sherik bo‘lib yotibdi.
Shu bilan ichimizdan chiqqan xoinning jirkanch umri yakun topdi.

1999 yil, 17 iyun.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.