OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Suvlar oqib ketdi (hikoya)

Onasi Murodjonning tushiga kiribdi.
Texnikum yotog‘ida bolasining karavotiga o‘tirib tugun yechayotganmish. Tog‘oradan qora chillaki olib, tumbochka ustiga qo‘yib dermish:
— Ol, bolam, atayin senga ilinib olib keldim... Og‘zing tegib qolsin, dedim. Chumchuq o‘lgur qo‘ymayapti.
Poshshaqiz yonboshiga ag‘darildi. Murodjon uyg‘onib ketdi.
U shiftga boqqanicha o‘y o‘ylab yotaverdi. Qorong‘i kecha qa’riga tikilib, ko‘rgan kunlarini, bolaligini qidirardi. Qaerdadir qo‘l soatning zaif chiqillashi, koridor devoridagi elektr schyotchigining bemor ingrashidek nolasi, divanda kulcha bo‘lib yotgan mushukning yoqimsiz g‘urillashi eshitilib turibdi.
Murodjon uzilgan tushini ulash niyatida yana ko‘zini yumdi. Uyqu ham kelmadi, tush ham ko‘rmadi. Ko‘pdan yo‘qotgan onasi bir on paydo bo‘lganicha abadiyat qa’ridan qayta yuz ko‘rsatmadi. Murodjon onasini poylab uzoq yotdi. Oxiri ko‘zini ochib, yonboshiga qaradi. Xotinining yelkasidan ko‘rpa tushib ketgan. Ich kiyimlarining qavat-qavat kapron tasmalari oppoq yelkasidan bilagiga tushib qolgan, kuragidagi kecha banka qo‘ydirganda qolgan jigar rang izlar bemalol ko‘rinib turibdi. Marvarid o‘ramidagi sariq ipak tugunchasiga bir dona dur ilinib qolibdi.
Murodjonning xotini Poshshaqiz nihoyatda chiroyli edi. Zulukdek qora qoshlar, ilondek to‘lg‘angan taqim o‘par sochlar, tikilgan joyni kuydiradigandek ko‘zlar Murodjonning bolaligiga, osoyishiga o‘t qo‘ygan edi.
Murodjon yotaverib qon bo‘lib ketdi. Asta ko‘rpadan sug‘urilib, qorong‘ida timirskilanib shippagini topdiyu narigi uyga oyoq uchida chiqib ketdi.
Aksiga olgandek, qandildagi lampochka ko‘kimtir chaqindek bir yilt etdiyu kuyib qoldi. Ko‘zi qorong‘iga o‘rganib, asta-sekin ko‘radigan bo‘ldi, nazarida, uy yorishganga o‘xshab, jihozlar g‘ira-shira ko‘rina boshladi.
U uy ichida kezarkan, onasining tirik qiyofasini xotirida tiklamoqchi, unga yana bir to‘yib olmoqchi edi. Ammo ona hadeganda uning ko‘zi o‘ngiga kelavermadi.
Murodjon deraza oldiga kelib, hovliga qaradi. Ayvon shiftidagi lampochka hovlini oydindek yoritib turardi. To‘p etib yerga shaftoli tushdi. Qaydandir paydo bo‘lgan mushuk borib uni hidladi-yu, hafsalasi pir bo‘lib, orqasiga qaytdi. Tok so‘ri tepasidan musicha tuxumi tushib, chilchil sindi. Yana boyagi mushuk paydo bo‘ldi, tuxum singan yerni yalab oldi, keyin maza qilib kerishdi-da, tandir tepasiga koptokdek sakrab chiqib ketdi. Sal o‘tmay devordan sho‘r tuproq to‘kildi.
Shunda birdan Murodjonning ko‘ziga onasi ko‘rindi.
Onasi tandir oldida qo‘liga yengcha kiyib, loladek qip-qizil kulcha betiga suv sepyapti. Tandirdan chiqayotgan yallig‘ uning ham betlarini qizartirib yuborgan. U, sochlarim kuymasin, deb peshonabog‘ini qoshlari aralash tang‘igan, uzun satin ko‘ylagining etagini lippa urib olgan.
— Bolam, anchadan beri yopgan non yemagandirsan, beri kel, issiqqina yeb ol.
Ona shunday dediyu qorong‘ilikka singib ketdi.
Murodjon seskandi. Ichidan allaqanday o‘t kelib tomog‘iga qadaldi.
Issiq qo‘l yelkasiga tekkandagina o‘ziga keldi. Orqasida yelkasida xalat tashlagan Poshshoqiz turardi.
— Sizga nima bo‘ldi? Qaysi yashshamagur jononingiz esingizga tushib ketdi?
Murodjon unga shunday bir qaradiki, Poshshoqiz xuddi begona erkak oldida turgandek, to‘zg‘ib ketgan sochlari bilan ko‘kraklarini berkitdi.
— Obbo, bu qanaqasi, qoq yarim kechasi xo‘rsinib yurish...
Murodjon indamay nari ketdi. Maykachan hovliga tushib, uyoqdan-buyoqqa yura boshladi. U go‘yo mana shu hovlidan, yerdan, qorong‘ilik ichidan bolaligini, beozor, anduhsiz go‘dakligini qidirayotgandek edi. Poshshaqiz deraza oldida unga ancha qarab turdi-da, kaftining orqasini og‘ziga tutib ikki marta yaxshilab esnab, yotog‘iga kirib ketdi.
Tinch, jonli-jonsiz farahli uyquga ketgan sokin kechada kezarkan, Murodjon birdan bolaligiga ro‘para keldi.
Eshiklari oldida o‘sgan kattakon, tanlari bujmayib ketgan tut tagidagi tegirmon toshiga onasi har kuni ertalab ikki ko‘zadan suv olib chiqib quyardi. Yo‘lovchilar shu suvdan ichib, bolang katta bo‘lsin, umridan baraka topsin, deb onasini duo qilishardi.
Go‘dakligidan esida qolgani shu. Keyin bo‘yi cho‘zilib qolganda onasi taxi buzilmagan baxmal ko‘rpani buzib, unga to‘n tikib bergani, kiydirib maktabga yuborgani ham esida. O‘shanda onasi maktab ostonasiga yetmay, yo‘l o‘rtasida qarab qolgandi.
Murodjon ishga yaragudek bo‘lguncha ona yer chopdi, tom shuvadi, devor urdi, qor kuradi, birovlarning ko‘rpasini qavidi, tinim nimaligini bilmadi, ammo bolasini zoriqtirmadi.
U umrini shu bolasiga bag‘ishladi. Er qilmay o‘tdi.
Bolam odam bo‘lsin, kamolini ko‘ray, yurtga qo‘shay, to‘ylarida charchay, keyin bolalarini boqay, dedi.
Nihoyat, u o‘g‘lini Toshkentga, texnikumga yetaklab keldi. O‘qishga joylab qaytib ketdi. Ona har oyda bir kelishni tark qilmas, topgan-tutganini bolasining qo‘liga tutqazib, yana piyoda Parkentga qarab ketardi. Murodjon o‘qirdi. Zehni o‘tkir bola muallimlariga yoqib qoldi. Yillar o‘tdi. Institut, urush qiyinchiliklari boshlandi. Ammo ona oyda bir kelishni tark qilmasdi. Har kelganida bolasining betiga soatlab tikilib o‘tirardi. Ozib qolganini, rangi so‘lganini ko‘rib, ich-ichidan kuyib ketardi.
Aspirantura yillari boshlandi. Murodjon ancha o‘zini tutib olgan. Onasining uzoq yil bosib kelishini xohlamasdi. O‘zi borib kelardi.
Dissertatsiya yoqlaydigan kuni onasi bir savat non yopib keldi. Murodjon ming xijolat bilan onasi qarshisida turardi. Ona uning ham quvonch, ham xijolat to‘la ko‘zlariga tikilib, o‘g‘lining ko‘nglida nima gaplar borligini darrov fahmladi.
— Qani, bir ko‘ray, — dedi ona.
Murod pillapoya oldida turgan nihoyatda chiroyli qizni chaqirdi. Bu Poshshaqiz edi. Ona bo‘lg‘usi kelinining peshonasidan o‘pib yig‘ladi.
Dissertatsiya himoyasidan keyin onani ziyofatga olib ketishdi. Uni to‘rga o‘tqazib qo‘yib, ko‘p chiroyli, ko‘p ma’noli gaplar aytishdi. Onasiga rahmat, deyishdi. Bu onaning butun chekkan aziyatlariga to‘langan haq, berilgan mukofot edi. Bu onaning eng baxtli kuni edi.
U qishlog‘iga yurib emas, uchib ketdi.
Shundan keyin ona o‘g‘lining to‘yiga keldi. To‘y kelinnikida bo‘layotgan edi. Katta hovli yasatilgan. Dasturxonda odamning jonidan boshqa hamma narsa bor. Ammo onaga hech kim parvo qilmadi. U shu paytda o‘rdak tuxumini ochgan tovuqqa o‘xshardi. To‘y oxirlab qolganda asta o‘rnidan turdiyu o‘g‘lining oldiga borib, peshonasidan o‘pdi. Cho‘ntagidan bir poy tilla bilaguzugini olib kelinining bilagiga soldi.
— Taqib yuring, qanonam rahmatlikdan qolgan. Shunday deb Poshshaqizning ham peshonasidan o‘pdiyu ko‘zyoshini ichiga yutib, to‘ydan chiqib ketdi.
Murodjon bir haftadan keyin borib, «olib ketay» deb yalindi, ona ko‘nmadi.
— Nima qilasan, bolam. Tinch bo‘lsang bo‘lgani. Shu kunlaringni ko‘ray, deb niyat qilgan edim, ko‘rdim.
Murodjon baribir uni qo‘yarda-qo‘ymay olib keldi. O‘n kun ham turolmadi ona.
Murodjon ishdan kelsa, onasi kiyimlarini tugib, ayvon dahanida o‘tiribdi.
— Ha, oyijon, nima bo‘ldi? — dedi hayron bo‘lib.
— Ketay, bolam, shaharlaringda turolmayapman. Qishloqqa o‘rganib qolganman.
Poshshaqiz gapga aralashmadi. «Qoling» ham demadi, «keting» ham demadi. Murodjon qaynona bilan kelin orasida biron gap o‘tganini darrov bildi.
Onaning butunlay kelgani Poshshaqizga yoqmagandi. Qaynonasiga koridordagi divanga joy qilib berganda, Murodjonning yurak-bag‘ri ezilib ketgandi. Lekin og‘iz yorib biron gap aytolmadi. Vaqtida aytilmagan kerakli gap ertasiga jo‘n gapga aylanadi. Shundoq bo‘ldi. Onasining koridorda, oyoq ostida yotishi bora-bora oddiy narsaga aylanganini Murodjon sezmadi.
Ona o‘g‘linikiga qaytib kelmadi. Murodjon borib turdi. Ro‘zg‘orini qilib berdi. Otasidan qolgan uy nurab tamom bo‘lay deb qolgan ekan, boshqatdan tiklab berdi. Ammo ona «xotining undoq, xotining bundoq» deb og‘iz ochmadi. «Ha, endi qo‘shaqaringlar, o‘zlaringdan ko‘payinglar» deb duo qildi.
Poshshaqiz hamma gapni ichiga tashlab yurgan ekan, bir kun kelib yorildi.
— Qanaqa erkaksan? Uylanganingdan keyin ro‘zg‘orga qaragin-da, topganingni onangga tashiyverasanmi?!
Bu Poshshaqizning o‘z erini birinchi senlashi edi. Murodjon nima qilishini, nima deyishini bilmay qoldi. Tiliga biron og‘iz bo‘lsa ham gap kelmadi. Turib-turib uyga kirib ketdi.
Shu kundan boshlab ularning turmushi darz ketdi. Dam olish kunlari Poshshaqiz ataylab unga ish topib qo‘yadi, ko‘chaga chiqarmasdi. Murodjon esa, bugun dam olish kuni, onam ko‘chaga qarab o‘tirgandir, deb bezovtalanardi.
Murodjon ikki oycha onasining oldiga borolmadi. Bir dam olish kuni jahl bilan chiqib ketdiyu qishloqqa jo‘nadi. Xotini cho‘ntagini qoqlab qo‘ygan ekan, quruqdan-quruq kirib bordi. Shundoq kelganiga boshqa bahona aytgan edi, kampir ko‘zyosh qildi.
— Bolam, qo‘lingga emas, diydoringga qarayman. O‘zingni ko‘rsam bo‘ldi. Mayli, bolam, ro‘zg‘oring achchiq bo‘lmasin. Sen kelolmasang ham, ishxonangga borib, uzoqdan o‘zingni ko‘rib turibman. Qandoq qilay, peshonamda bittaginamsan.
Murodjonning vujudini titroq bosdi. Lablarigacha ko‘kardi. Ona uning holatini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
— Tur, bolam, tur. Xotining kutib o‘tirganini bilasanmi?
Ona uni katta yo‘lgacha kuzatib qo‘ydi.
Oradan bir oycha o‘tib ketdi. Murodjon ishdan qaytib, achchiqqina choyga mahtal bo‘lib turgan edi. Poshshaqiz yoniga kelib o‘tirdi. Yelkasini uning yelkasiga ishqab dedi:
— Jon Murod aka, jo-on Murod aka, aspirant qizlaringizga ayting, kelib derazalarimni yuvib bersin.
Murodjon sapchib o‘rnidan turdi.
— Bu qanaqa gap! Aspirantlar konsultatsiya olgani keladi, sizga dastyorlik qilishga emas. Kelgan aspirant bolalarga devor urdiribsiz, qizlarga kir yuvdiribsiz. Uyat emasmi? Ertaga institutda qandoq bosh ko‘tarib yuraman?
Poshshaqiz ensasi qotib, indamay ketayotgan edi, Murodjon dedi:
— Bitta choy damlab bering, yuragim kuyib ketdi. Poshshaqiz orqasiga qaramay, javob qildi:
— Ana gaz, ana choynak, o‘zingiz damlab ichavering! Murodjon jahl bilan o‘rnidan turdi. Stoldagi choynakni olayotgan edi, yaltiroq stol dog‘ bo‘lmasin, deb choynak tagiga buklab qo‘yilgan qog‘ozga ko‘zi tushdi. Beixtiyor olib ochdi. Telegramma ekan, o‘qidi:
«Murodjon uka, oyingning mazasi yo‘q. G‘animatga o‘xshaydi. Tez yetib kel. Dilingda armon bo‘lib qolmasin».
Murodjonning vujudini qaltiroq bosdi. Ko‘z oldida kattakon doira paydo bo‘lib, gir-gir aylanaverdi:
— Qachon keldi bu telegramma?
Murodjon o‘zining ovozini uzokdan eshitayotganga o‘xshardi.
— O‘tgan kuni kelgan edi.
— Nega menga aytmadingiz?
— Esimdan chiqib qopti, — dedi Poshshaqiz. Murodjon nima qilganini bilmaydi. Qo‘lidagi choynakni xotiniga otdi. Poshshaqiz chap berib qolgan edi, choynak burchakdagi televizorga borib tegdi. Devorlarga shama sachradi.
U uydan o‘kdek otilib chiqdi. Shu chiqib ketganicha ikki oydan keyin ozib, ranglari sarg‘ayib, sochlarida ikki-uch oq tola bilan kirib keldi. U uyga, o‘z xonasiga kirib ketganicha ertasiga ham chiqmadi. Poshshaqiz derazadan qaradi, Murodjon goh peshonasiga shapillatib urar, goh divanda ko‘zlarini yumib qimirlamay yotardi. Poshshaqizning onasi, eringning oldiga kir, degan edi, ranglari oqarib ketdi.
— Voy, o‘likdan qo‘rqaman...
Qaynona kuyovining oldiga kirdi. Ahvolini ko‘rib, nima bo‘lganini darrov payqadi. Betahorat bo‘lsa ham, qudasining arvohiga Qur’on o‘qigandek bo‘ldi.
Poshshaqiz kirdi. Erining peshonasidan silab yupatmoqchi bo‘ldi. Ammo Murodjon uning qo‘lini olib tashladi. Ingradi:
— Yetolmadim, yetolmadim, borgunimcha begonalar onamni ko‘mib qo‘yishgan ekan.
Oradan besh yil o‘tdi.
Murodjon fan doktori bo‘ldi. Onasi niyat qilgan kunlar keldi. U baxtli edi-yu, ammo bu baxtning bir cheti kemtik edi.
Murodjon doktorlik himoyasidan uch kun oldin onasining qabriga marmar tosh olib bordi. Qaynoq qalb so‘zlari bitilgan marmar lavha g‘aribgina qabr tepasida qoldi.
Yoshlik — sho‘rlik yillari suvdek qirg‘oqlarga sapchib oqib ketdi. Hamisha omonat bo‘lgan onalarimiz o‘zlari to‘ymagan bu yorug‘ dunyoni bizga tashlab ketishdi.
Birov ona duosini olib qoldi. Birov dog‘i-hasratda...
Bugun Murodjonning tushiga onasi kiribdi. Yotoqxonada bolasining karavotiga omonatgina o‘tirib, tugun yechayotganmish...

1970 yil, aprel.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.