OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. To'lqinlar (hikoya)

Qishloq yo‘liga burilganimda adir orqasidan qovun tilimidek oppoq oy ko‘tarildi. Gullab yotgan o‘riklar xira pardaga burkandi. Yo‘l chetidan yangi nish urgan sarimsoq hidi keldi. Kovakni tark etgan ko‘klam elchisi qurilladi. To‘nkarilib qolgan tilla qo‘ng‘iz juda yaqinda dizillab-dizillab jim bo‘ldi.
Ko‘klam nafasi gurkirab turgan mana shu yo‘llardan yurmaganimga o‘n sakkiz yil bo‘lgan. Bu orada qancha suvlar oqib ketdi... Qancha voqealar bo‘lib o‘tdi...
Yigitlar frontda jon olib, jon berayotgan og‘ir kunlar edi. Dala ishlari ayollarga qolib ketgan, hammasi tajang, hammasi asabiy edi. Ularning intizor ko‘zlari front yo‘lida, qo‘llari mehnatda, frontchilarni zoriqtirmaslik, dushmanni tezroq yakson qilish uchun tinimsiz ishlar edilar. Stalingrad ostonalaridagi janglarda dushmanning uchta tankini yondirgan qahramon O‘sarboy Omonboev oilasi haqida ocherk yozish uchun xuddi shu yo‘ldan yurib qishloqqa kelgan edim.
Qishloq ancha fayzsiz bo‘lib qolgan, yo‘llar o‘ydim-chuqur, ish hayvonlarining tinkasi qurigan, yemga yolchimagan sigirlar sutdan qolgan edi. Ayollar durustgina kiyinishmas, pardoz-andoz ko‘ngillariga sig‘masdi. Kimning qanaqaligi bilinib qolgan o‘sha paytlarda urushga chap berib bormay qolgan erkak zoti ko‘zlariga balo bo‘lib ko‘rinardi.
O‘sarboyning xotini Jo‘raxon eri frontga ketgan ayollardan brigada tuzib, yuqori hosil olishda butun oblastga ovoza bo‘lgan yigirma besh yoshlardagi qora qosh, lo‘ppi yuz, ko‘krakdor, polvon ayol edi. O‘sarboy qahramon unvoni olgan kunning ertasigayoq kelganimda bir voqeaning ustidan chiqqan edim. Jo‘raxonning brigadasi ishlayotgan katta yo‘l chetidagi terakka qizil etik kiygan xotinchalish bir yigit belidan hali kudungi buzilmagan sakkiztepki atlas bilan bog‘lab qo‘yilgan edi. Uning atrofini o‘rab olgan xotinlar goh xiring-hiring kulishar, goh uni qarg‘ashardi. Birov yigitning yuziga upa suradi, birov qoshiga o‘sma qo‘yadi.
Jo‘raxon ikki qo‘lini beliga qo‘yib unga do‘q urardi.
— Shunaqami? Urug‘likka qolganmisiz? Bu xotinlarning erlari frontda o‘q tagida yuribdi-ya, shularga ko‘z olaytirdingmi? Ha, nomard! Hoy, Zebi, labiga qizil surt! Ishdan qaytishda shu ahvolda guzarga olib chiqamiz. Xaloyiq ko‘rsin. Basharasiga tupursin. Qani, ish-ishingga jo‘na hammang!
Xotinlar yigitni shu ahvolda qoldirib, chopiqqa tushib ketishdi.
Shiyponga chiqayotganimizda Jo‘raxondan bu yigitning gunohini surishtirdim.
— Zebiga aylanishib qopti. Shunday suqsurday eri borki, ko‘rganning ko‘zi tegadi. Tirnog‘iga arzimaydi bu hebbim. Tushlikda Norin bo‘yiga kel, sakkiztepki atlas sovg‘a qilaman debdi. Ushlab oldik.
Jo‘raxon bu gaplarni shunday g‘azab bilan aytardiki, ko‘zlari chaqnab, peshonalari, tirishib ketardi.
— O‘ziniyam shundog‘ do‘pposladikki, qo‘yib bersam xotinlar o‘ldirib qo‘yishadigan, zo‘rg‘a ajratib oldim. Eri omon-eson qaytib kelguncha birontasining ham sha’niga yomon gap yuqtirmayman. Issiqmi, sovuqmi hammamiz birga baham ko‘ramiz, qaysi birining eridan xat-xabar uzoqsa, baravariga yupatamiz. Birga yig‘laymiz, birga kulamiz. Shuning uchun ham ishning og‘irligi uncha bilinmay ketadi. Axir bu bechoralarga ham qiyin, avji o‘ynab-kuladigan payti...
To kolxoz mehmonxonasiga yetib borgunimcha mana shu voqea esimga tushdi. Hozir Jo‘raxon ancha qarib qolgandir? O‘sarboy urushdan eson-omon qaytib keldimikin?
Mehmonxona qorovuli hali suv quyilmagan hovuz oldida samovarga tarasha solayotgan edi. U yoshi yetmishlarga borib qolgan dilkash chol ekan, alla-pallagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik. Gap orasida O‘sarboyni surishtirdim.
— Omon-eson keldi. Hozir partkomimiz shu. Juda rejali, yaxshi bola. Bechora ish bilan ovunadi. Bo‘lmasa allaqachon g‘am yeb qo‘yar edi uni. Shu vaqtgacha uylanmadi. Qandoq qilib ham uylanadi...
Cholning gaplariga tushunolmadim. U nima degani? Yo Jo‘raxon uning kelishini kutmay, turmush qilib ketganmi, shundoq yigitning yuziga oyoq tirab-a?! Nahotki butun kolxoz ayollarini ko‘z qorachig‘idek asragan dono xotin unga bevafolik qilgan bo‘lsa? Ishonmayman!
— Nima bo‘ldi? Jo‘raxon...
Nima deyishimni bilmay g‘o‘ldiradim. Chol boshini sarak-sarak qilib uh tortdi:
— Boyoqish Jo‘raxon O‘sarboy kelmasdan olti oy burun qazo qilgan edi...
Ikkovimiz ancha vaqtgacha jimib qoldik. Gullab yotgan shaftoli shoxiga osilgan elektr lampasiga o‘zini urayotgan yorqanotlar dasturxon ustiga to‘kiladi. Hovuz chetidan aylanib o‘tgan tsement ariqda to‘lib oqayotgan bo‘tana suv qirg‘oqqa shaloplab uriladi. Chol choynakni etagiga o‘rab, bag‘riga bosganicha hamon jim edi. Ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. Jo‘raxon haqida undan boshqa gap so‘ramadim. So‘rashga jur’at qilolmadim ham.
— Shunaqa, o‘g‘lim. Jo‘raxon tenggi yo‘q asl xotin edi. Xotin kishining qo‘lidan shuncha ish kelishiga ana o‘shanda ishonganmiz. Jamoa bamisoli bir xonadon-u, Jo‘raxon uning onaxoni bo‘ldi-qo‘ydi. Qani, biron kishi uning yo‘rig‘idan chiqsa-chi. Kuni bilan dala kezadi, kechalari uyma-uy yurib, a’zolarning tirikchiligidan xabar oladi. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, deganlari rost ekan. Takasaltanglik qiladiganlarga ham qattiq gapirmadi. O‘zi o‘sha paytda hamma ham bir og‘iz yaxshi gapning gadosi edi-da. Birini qizim dedi, birini singlim dedi. Ishqilib, hammani shirin so‘z bilan ishga soldi. O‘sarboydan surunkasiga yetti oy xat kelmay qo‘ydi. Jo‘raxonning yuzi kuladi-yu, ichi yig‘laydi. Umri qisqa ekan, xatini ham, o‘zini ham ko‘rmay o‘lib ketdi, boyoqish. Odamzodni ish ovutadi, bo‘lmasa g‘am yeb qo‘yadi. O‘sarboyga qarab turib ichim achishadi.
Urushni qarg‘ayman. Nima qilsin, iloji qancha!
Chol gapini tugatib, ichkari kirib ketdi. So‘rida gilam ustiga tanga-tanga bo‘lib to‘kilgan shaftoli gullariga qarab xayol suraman. Meni bu yerga boshlab kelgan narsa Jo‘raxon haqida kitob yozish niyati edi. Urush yillari frontga madadkor bo‘lgan ayollar haqida kitob yozmoqchi bo‘lganimda, dastavval xotiramga Jo‘raxon kelgan edi. Bu asl xotin haqida bironta kitob yozilmay turiboq, uning ajoyib hayoti dostonga aylanib ketganini ko‘rdim. Uning jonli, hech qachon o‘lmaydigan barhayot umri ko‘z oldimdan hayajonli roman sahifalaridek birma-bir o‘tardi.
— Mehmon, endi yoting, charchab kelgansiz, xo‘roz ham ikkini chaqirdi.
Bari bir yotib uxlayolmadim. Ochiq derazadan oyning yarim o‘rog‘i mo‘ralab, terakzor orqasiga botib ketdi. Kech shabadasi uy ichiga dimoqqa xush keladigan allaqanday giyohlarning isini olib keladi. Shaftolizorda sa’vaning goh fig‘onli nolasi, goh shiddatkor chaqchaqi tinmaydi. Juda uzokda, sokin kechaning tinchini buzib daryo shovillaydi.
Ertalab qorovul chol uyg‘otganda kun yoyilib qolgan edi. Uzoq-yaqindan traktor shovqini eshitiladi. Qushlarning chug‘ur-chug‘uri avjda. Chol dasturxon qoqqan joyda musichalar ushoq talashib patillashadi. Tiniq osmonda bu qaynoq, farog‘atli maskanni qo‘riqlayotgandek laylak aylanadi. Uning oppoq qanotlari quyosh tig‘ida dam qilichdek yaltirab, dam oq ipakdek tovlanadi.
— Hozir Usarboy kelib qoladi. Ertalab shu yerda nonushta qilib, keyin dala aylanadi, — dedi chol yelib-yugurib choy damlarkan.
Sal fursat o‘tmay ikki kishi keldi. Ulardan qaysi biri O‘sarboy ekanini darrov payqab oldim.
U hali yoshi ellikka bormay yuzini ajin bosgan, jikkakkina bir kishi edi. O‘ng qo‘lining bosh barmog‘i sarg‘ayganidan maxorka chekishini bilib olish qiyin emasdi. Nonushta paytida Jo‘raxon haqida kitob yozmoqchiligimni aytdim. Jo‘raxon nomini tilga olishim bilanoq O‘sarboy yangilangan dardini yashirishga urinib, cholning qo‘lidan choynakni olib, o‘zi quya boshladi. Ko‘zini yashirish, nima bilandir alahsish uchun shunday qilayotgani sezilib turardi.
— Mayli, — dedi u oftobda jo‘jalarini qanoti ostiga olib, xurpayib yotgan tovuqqa tikilib, — juda xursand bo‘lamiz.
— Avval Jo‘raxon opaning qabrlarini bir ziyorat qilsam degan edim...
O‘sarboy g‘alati holga tushdi. Uning bu holati, ko‘z qarashlari, rangining goh bo‘zarib, goh oqarishi Toshkentda bo‘lgan bir voqeani eslatib qo‘ydi. Tramvayda besh yoshlardagi bir bola yonimga o‘tirib qolib, undan qayoqqa ketyapsan, deb so‘raganimda, uydan detdomga ketyapman, degan edi. Ota-onang yo‘qmi, deb so‘radim. Bor, deb javob berdi bola. Bo‘lmasa, dadang ham, onang ham seni yomon ko‘rishar ekan-da, detdomga berishibdi, dedim. O‘shanda bolaning ko‘zi olazarak bo‘lib qolgan, xuddi O‘sarboyning holiga tushib, qiynalgan edi. Keyin u qiynala-qiynala past ovoz bilan «dadamlarning ham, oyimlarning ham ko‘zlari ko‘r» degan edi. Juda hijolat chekkan edim, shu murg‘ak bola qalbini tirnab yotgan alamli faryodini tiliga chiqarishga majbur qilganim uchun hali-hali o‘zimni kechirolmasdim. Yana nima qilib qo‘ydim? Nahotki O‘sarboyning ham ichida shunga o‘xshash tilga chiqsa, tilni, dilda qolsa dilni kuydiradigan faryodi bo‘lsa?! Nima qilib qo‘ydim?..
O‘rtaga juda ham sovuq jimlik cho‘kdi. Chol bir yutinib oldi. O‘sarboy o‘rnidan turib, hovuz bo‘yiga borib maxorka o‘radi. Cholning yupqa labi titrab, zo‘rg‘a: «Jo‘raxonning qabri yo‘q. U suvga cho‘kib ketgan...» deya oldi.
Tushga yaqin choy bilan ikkovlon piyoda daryo tomon ketdik. Yo‘lda u Jo‘raxonning halokatini aytib bordi.
— O‘shanda adirdan sel kelgan edi. Chorvalar hali toqqa jo‘natilmagan, shu daryo chetidagi sayxonda o‘tlab yurgan edi. Sel juda xunuk keldi. Ko‘p daraxtni, uylarni nobud qildi. Qo‘y-qo‘zilarni oqizib keta boshladi. Suvda mol bilan echki durust suzar ekan. Qo‘y jonivor dumbasidan cho‘kib, o‘zini eplolmay qolarkan. Hamma oyoqqa turdi. Jo‘raxon jon olib, jon berib o‘zini suvga otar, hali qo‘y, hali qo‘zini oyog‘idan sudrab chiqardi. Kechasi, birov-birovni ko‘rmaydi. Yomg‘ir savalab turibdi. Birdan cho‘pon ota suvning o‘rtasida goh ko‘rinib, goh cho‘kib, qo‘l silkita boshladi. Jo‘raxon o‘sha tomonga suzib ketdi. Chaqmoq nurida daryo o‘rtasida uning ko‘ylagini bir ko‘rib qolganimni bilaman, xolos. Yana chaqmoq chaqqanda daryo betida hech narsa ko‘rinmay qoldi. To‘lqin cho‘pon otani narigi qirg‘oqqa irg‘itib tashlabdi. Bir haftagacha qayiq bilan Jo‘raxonning jasadini qidirdik. Topilmadi... Hammamizni dog‘i-hasratda qoldirib ketdi.
Adir oshishimiz bilanoq daryo shamoli esdi. Qirg‘oqqa yaqin kelganimizda xarsang ustida maxorka chekib o‘tirgan O‘sarboyni ko‘rdim. Uning gavdasi kichrayib, yuzidagi ajinlari ko‘payib ketganga o‘xshadi.
Hech birimizdan sado chiqmasdi.
Daryo juda sokin. Jo‘raxon azim daryoga aylangan-u, mehnati singgan, peshona teri to‘kilgan dalalar atrofida javlon urib aylanardi. U yuzlab irmoqlardan qon tomiridek oqib, kishilarga, maysa-giyohlarga hayot suvi olib kelardi.
Adirdan terib kelgan lolalarni to‘lqinlar ustiga sochdim.
Daryo shovullar, tiniq, beg‘ubor ko‘kda qushlar javlon urib uchishardi.

1960 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.